Turg‘un Fayziyev. Sohibqironning so‘nggi kunlari

O‘tror… Necha-necha jangu jadallar, dahshatli qirg‘inlarni boshidan kechirgan qadimiy ulkan shahar. Bir vaqtlar xorazmshohlar davlatining eng yirik savdo va madaniy markazlaridan biri bo‘lgan obod va gavjum O‘tror Chingizxon istilosidan so‘ng kultepaga aylangan, go‘yo uning borliq shon-shuhrati xarobalar ostiga abadiy ko‘milgandek. Mana, hijriy 807 (1405-milodiy) yilning qahraton qish fasli. Bu ko‘hna shahar yana bir tarixiy voqeaning tilsiz shohidi bo‘lish arafasida edi.

Sohibqiron Amir Temur ko‘ragon (ko‘ragon — mo‘g‘ulcha «kuyov» ma’nosiii ifodalaydi) o‘zining eng so‘nggi yurishi — Xitoyga qarshi mashhur yurishga taraddudlanib, 23-jumod ul-avval 807 (1404 yil 27 ioyabr)da Samarqanddan chiqib, O‘tror tomon yo‘l oladi. U Oqsulot mavzeiga kelib, 28 kun turadi. Temur o‘z beklari va amirlaridan ko‘pchiligini qishlash uchun Shohruxiya, Toshkent va Sayramga jo‘natgan edi. Hukmdorning qarorgohida faqat amir Shayx Nuriddin, amir Shohmalik va amir Xo‘ja Yusuflargina qolgan edilar. Shuningdek, katta qo‘shinning o‘ng qanoti hisoblangan yirik harbiy bo‘linma hali Toshkent, Shohruxiya va Sayramda qishlamoqda edi. Mazkur harbiy bo‘linmaga Temurning nabiralaridan Xalil Sulton Mirzo (Mironshohning o‘g‘li) va Ahmad Mirzo (Umar Shayx Mirzoning o‘g‘li) boshchilik qilardi. Qo‘shinning chap qanoti (juvong‘ir) Turkiston va Sabron shaharlarida qishlamoqda edi. Bu qo‘shinga Temurning Og‘a begim ismli qizidan tug‘ilgan iabirasi Sulton Husayn Mirzo boshchilik qilardi. Temur rahbarligidagi markaziy qo‘shin esa Oqsulotda turgandi.

21-jumod ul-oxir 807 (1404 yil 25 dekabrda) amir Temur Oqsulotdan yo‘lga chiqib, 12-rajab 807 (1405 yil 14 yanvar) chorshanba kuni O‘trorga kelib to‘xtaydi. Amir Temur O‘trorda 35 kun turadi va shu muddat ichida qandaydir sabablarga ko‘ra 4 sha’bonda (5 fevral) payshanba kuni bundan buyon nard va shaxmat o‘ynamaslikka ont ichadi.

1404—1405 yilning qishi o‘ta sovuq kelib, Amudaryo va Sirdaryo kechiklari muz bilan qoplanadi. Garchi Temur qarib qolgan bo‘lsa-da, yo‘l mashaqqatlariyu sovuqni pisand qilmas, ruhan tetik va jismonan bardam ko‘rinadi. Sharafuddin Ali Yazdiyning ma’lumotiga ko‘ra, Temur O‘trorda Oltin O‘rdaniig sobiq xoni To‘xtamishning elchisini qabul qiladi va unga «Xitoy urushi tugagach, Oltin O‘rdaga qarshi yurnsh qilib, taxtni To‘xtamishxonga qaytarib olib berishni va’da qiladi. Ammo, ko‘p o‘tmay, Temurning mijozida kasallik hurujga kelib, kundan-kunga ahvoli og‘irlashadi. Tib ilmining bilimdoni mavlono Fazlulloh Tabriziy boshchiligida bir necha tabiblar hukmdorning kasaliga xilma-xil muolajalar qilardilar. Ammo xastalik kundan-kunga kuchayib borardi.

Amir Temurning kasallanish sababi haqida «Temurnoma» muallifining bergan ma’lumoti diqqatga sazovordir. «Sohibqiron Amir Temurning huzurlariga chopar kelib, qalmoqlar bosh ko‘taribdilar, deb xabar keltirdi. Hamma jangga otlansin deb buyurdilar. Beklar va amirlar havo sovuqligi tufayli yo‘lga chiqmaslikni maslahat ko‘rdilar. Ul vaqt qishni to‘qsoni erdi. Amir g‘ayratlariga chidolmay o‘rdadan tashqariga chiqdilar. Vaqtikim sha’bon oyining yettisi seshanba kuni o‘rdaning ravoqida sartaroshga sochlarin oldirib o‘ltirib erdilar, o‘shal zamon amirga bir bodi muholif (yoqimsiz shamol) kelib tegdi. Ahvollari o‘zlariga ma’lum bo‘lib, soati o‘tmay rang va tuslari tag‘yir topdi». Mashhur sharqshunos olim, akademik V. Bartold «har holda Temurning kasali va o‘limiga bevosita sabab, sovuqqa qarshi badanni bir oz isitish maqsadida me’yoridan ortiq may tanovul qilganidir», degan fikrni bildiradi. Holbuki, tarixiy manbalarga qaraganda Temur mayxo‘rlikni xush ko‘rmagan va mayxo‘rlikka ruju qilganlarni esa, kim bo‘lishidan qat’i nazar, mansabidan azl qilib, qoralagan. Bizningcha, Temur mayni faqat shifobaxsh dori sifatida qabul qilgan. Zero sharq tabiblari, shu qatorda Ibn Sino ham bir necha tur sharoblarni muolaja uchun qo‘llaganlar.

Amir Temurnnng kasallanish jarayoni ancha ilgaridan davom etib kelgan bo‘lishi ehtimol. 1404 yilning kuzida Temur yetti yillik yurishdan qaytgach, Konigilda katta anjuman o‘tkazadi. Bu anjumanda Ispaniya elchisi Ryui Gonzales de Klavixo ham qatnashadi. Klavixoning ma’lumotiga ko‘ra, Temurning chehrasida ancha horg‘inlik alomatlari zohiran ko‘rinib turgan. Darhaqiqat, yetti yillik yurishdan qaytgan hukmdor aqalli besh oygina ham dam olmay, yana yangi yurish taraddudiga tushib, Xitoy sari yo‘l oladi. Uzluksiz yo‘l mashaqqatlari qartaygan hukmdorga zimdan o‘z ta’sirini o‘tkazgan va nihoyat «Temurnoma» muallifining ma’lumotiga amal qilinsa, boshni shamollatish natijasida kasallik botindan yuzaga chiqqan. «Zafarnoma» muallifi Sharafuddin Ali Yazdiynnng yozishicha, har kuni yangi-yangi kasallik alomatlari zohir bo‘la boshlagan. Naqlga ko‘ra, Temurning yonida faqat Saroymulk xonimgina turishga haqli edi. Hukmdorning qo‘zg‘alishga madori yetmas, binobarin Saroymulk xonim uning ahvolidan kechayu-kunduzi xabar olib turardi. Tunlarning birida toliqqan Saroymulk xonimning uyqusi g‘alaba qilib, pinakka ketadiyu, shu zahoti seskanib uyg‘onadi. Xonim uyg‘ongani hamon hukmdor yotgan tarafga o‘giriladi. Qaysi ko‘z bilan ko‘rsinki, to‘shakda hech kim yo‘q edi. Saroymulk xonim sapchib o‘rnidan turib, tashqaridagi posbondan hukmdorni so‘raydi. Posbon ta’zim nla qorong‘ulik tomonga ishora qiladi. Saroymulk xonim o‘sha tomon yelib borarkan kichikroq tepalik ustida turgan qora bir gavdani ko‘radi. Bu jahongir Temur edi. U yelkasida chopon, chuqur xayolga cho‘mgan holda qorong‘ulikka tikilib turardi. Saroymulk xonim hayajonda: «Bu qanday gap, ulug‘ amir! Qahraton qish, izg‘irinli tunda kasal holingiz bilan bu yerda turishingizda ne hikmat bor!» — der ekan, amirni o‘rdugoh tomon boshlaydi. Temur o‘rdugohga kelib, o‘rniga yotgach, Saroymulk xonim bu g‘ayri tabiiy ahvol sirini yana so‘raydi. Amir Temur xo‘rsinib, oh tortgach, shu kecha ko‘rgan tushini so‘zlaydi: «Har ikki chekkasi baland qamishlar bilan o‘ralgan katta yo‘lda otimni yeldirib ketayotgan edim, to‘satdan yo‘l chetidagi qamishlar shitirlab qoldi, men o‘sha tomonga qaradim. Qaradimu hayratdan jilovni tortib to‘xtadim. Qamishzordan padari buzrukvorimiz shitob ila chiqib kelar edilar. Men hayrat ichida otdan tushib, ota istiqbollariga yurardim. Ammo padari buzrukvor menga iltifot qilmay, oldimdan o‘tib borib, otimning egar-jabduqlarini yechib oldilar va kelgan yo‘llariga qaytib to‘qayda g‘oyib bo‘ldilar… Men katta yo‘l ustida garangsirab, yalang‘och ot yonida turganim holda uyg‘ondim… Hushyor tortgach a’zoyi badanim titrab, qizib ketayotgan edi. Bu xosiyatsiz tush dahshatidan tashqariga chiqqanimni sezmay ham qolibman… Paymona to‘lg‘onga o‘xshaydir…

—  Yaxshi niyat qiling, amirim, dard boshqa ajal boshqa, shukur, salomatligingiz tuzuk — deya tasalli berardi ko‘zlari nam Saroymulk xonim.

—  Yig‘idan ne foyda xonim. Taqdirni tabdil qila bo‘lmas… Shukur, tong ham yorisha boshladi. Posbonga buyuring, amir Shayx Nuriddin, amir Shohmalik va amir Xo‘ja Yusuflar ertalab huzurimga kirsinlar.

Amirlar va beklar soqibqiron qarorgohiga kirganlarida, u to‘shakda behol yotardi. Saroymulk xonim hukmdorga yaqinlashib, amirlar tashrifi haqida sekingina shivirlagach, u nursiz ko‘zini ohista ochib, yaqinroq kelib o‘ltirishlariga ijozat berdi. Amirlar qisqagina hol-ahvol so‘rashishgach, hukmdorning oyoq tomonida — poygohdan joy olib, butun vujudlari quloqqa aylangan holda yerga qarab o‘ltirardilar. Hukmdor ohista ko‘zini ochib, amir va beklarga bir-bir razm solgach, entikib-entikib so‘z boshladi:

—  Ma’lumotingiz bo‘lg‘aykim Jahongir Mirzoning farzandi Pir Muhammad Mirzoni valiahd etib tayinlaydurmen, toki Samarqand taxti va arkoni davlat aning hukmi-farmonida bo‘lg‘ay. Mamlakat va millatning osoyishtaligi, qo‘shin salohiyatining mukammalligi, raiyatning xotirjamligi borasida foydali tadbirlar ko‘rsin. Binobarin, sizlar ham itoat va ehtirom borasida unga bay’at bildirib, saltanatni boshqarishda, el-yurtning tinchligi, musulmonlarning osoyishtaligi uchun hamjihat bo‘lib, ko‘maklashmog‘ingiz lozim. Chunonchi, sizlarning hamjihatlik va ittifoq bilan qilgan ishlaringiz uzoq-yaqindagi do‘st-dushmanlarga ko‘rinib tursin, toki o‘zaro nizolarga o‘rin qolmag‘ay. Bil’aks o‘zaro nizolar vujudga kelib, barham topgay. Inchunin, mening ko‘p yillik sa’y-harakatlarim zo’ega ketgay… Amir Temur qolsizlanib ko‘zini yumadi. Bu uning vasiyati edi.

Amirlar, beklar va yurtning kattalari hamda shu yerda hozir bo‘lgan shahzodalar, malikalar hukmdorning vasiyatini mukammal bajarishga qasamyod qilishgach, amir Shayx Nuriddin ohista so‘z boshlaydi:

—  Agar amri oliy vujudga kelsa Toshkand, Samarqand va Hirotga xabar yuborsak, toki farzandi dilbandlaringiz — shahzodalar zudlik bilan yetib kelib, janobi oliylarining husni tavajjuhlaridan bahramand bo‘lib, gavharfishon nasihatlaringizni ixlos qulog‘i bilan tinglab, itoat bellariga bog‘lasalar foydadan xoli bo‘lmas erdi.

Amir Temur asta ko‘zini ochib, amirlarga mungli nazar solarkan, avval ko‘rsatkich barmog‘ini, keyin o‘rta barmog‘ini qo‘shib ko‘rsatdi-da, qo‘lini tushirib, ko‘zini yumib oladi. Amirlar hukmdorning imo-ishorasiga tushunolmay, sarosimaga tushib, hammalari Saroymulk xonimga savol nazari bilan qaraydilar. Shu asnoda hukmdor amirlarga qarab: — vaqt tang, bir yoki ikki kunlik umr qoldi. Afsus, ularni ko‘rish nasib bo‘lmaydi. Endi diydor ko‘rishmak qiyomatga qoldi, deb ko‘zini yumadi.

Darqaqiqat, ertasi 17-sha’bon (1401 yil 18 fevral) chorshanba kuni shom bilan xufton namozi o‘rtasida jahonga mashhur sarkarda sohibqiron amir Temur ko‘ragon hayotdan abadiy ko‘z yumdi.

Temurning o‘limi hammadan sir tutilib, tunda maxsus bezatilgan aravada amir Xo‘ja Yusuf boshchiligida Samarqandga jo‘natiladi. Shundan so‘ng amir va beklar harbiy kengash o‘tkazib, uzoq-yaqindagi barcha shahzodalarga xabar yuborishga, soqibqironning vafotini vaqtincha sir tutishga, toki saltanat dushmanlari oyoqqa turib, ig‘vo va fasod yo‘liga kirib, isyon ko‘tarmagaylar, degan qarorga keladilar.

Binobarin, Toshkent va Sayramda turgan Xalil Sulton Mirzoga bo‘lgan voqea mufassal bayon qilinib, xabar yuboriladi. Shuningdek, Turkiston va Sabronda turgan Sulton Husayn Mirzoga ham xabar yuboradilar. Sharafuddin Ali Yazdiyning yozishicha, G‘aznada turgan Pir Muqammad Mirzoning huzuriga maktub bilan Hizir qavchinni jo‘natadilar. Maktubda soqibqironning o‘lish oldidan qilgan vasiyatiga ko‘ra, Pir Muhammad Mirzo tezlik bilan Samarqand taxtgoqiga yetib kelib, saltanatni o‘z tasarrufiga kiritmog‘i lozim ekanligi ta’kidlanadi. Shuningdek, Hirotda Shohrux Mirzoga Bag‘dodda Mironshoh Mirzoga, Tabrizda Umar Mirzoga hamda fors va Iroqdagi boshqa shaqzodalarga xabar yuboriladi.

Biroq, Temurning o‘limi qanchalik sir tutilmasin, ertasigayoq shum xabar qanot yozib uzoqlarga parvoz qilgan edi. Qo‘shin orasida parokandalik vujudga keladi. Toshkent va Sayramda qishlovda turgan qo‘shinning boshlig‘i Xalil Sulton Mirzo bobosi vafoti haqida xabar kelgach, o‘z qo‘l ostidagi qo‘shinni olib, Samarqandga qarab yuradi. Turkiston va Sayramda turgan Sulton Husayn Mirzo o‘z qo‘l ostidagi qo‘shindan o‘ziga ishonchli bir ming askarni olib, zudlik bilan taxtni egallash maqsadida Samarqandga qarab yo‘l oladi. Hali Temurning jasadi sovumasdanoq temuriy shahzodalar, harbiy boshliqlar va arkoni davlat orasida parokandalik boshlanib ketadi. Sohibqironning vasiyatlariga sodiq qolishga qasamyod qilgan temuriy shahzodalar, tez kunda vasiyatdan yuz o‘girib, toj-taxt payida bo‘ladilar, harbiy va ma’muriy boshliqlar esa guruhbozlikni avjiga chiqaradilar. Mavrusiy saltanatni boshqarishda temuriy shahzodalar sahroyi chingiziy shahzodalaridek hamjihatlik bilan birlasha olmadilar. Aksincha, o‘zaro qonli nizolar kelib chiqdi va mamlakat janggohga aylandi.

Temurning jasadi Samarqandga jo‘natilgach, bir kundan so‘ng malikalarga ham Samarqandga qaytishga ruxsat beriladi. Sharafuddin Ali Yazdiyning yozishicha, amir Xo‘ja Yusuf Temurning jasadini 22 sha’bon (23 fevral)da Samarqandga yetkazib keladi va o‘sha kechasiyoq marhum Muhammad Sulton Mirzo xonaqohiga dafn qilinadi. Malikalar Samarqandga yetib kelganlarida Temurning o‘limi haqidagi xabar hammayoqqa tarqalib bo‘lgan edi.

Samarqand shahrining hokimi Arg‘unshoh shahar darvozalarini berkitib, to haqiqiy valiahd kelib, taxt masalasi hal bo‘lmaguncha shaharga hech kimni kiritmasligini e’lon qiladi. Faqat davomli muzokaralar so‘ngida Saroymulk xonim boshchiligida ayrim malikalar va yosh shahzodalargagina shaharga kirishga ijozat beriladi. Malikalar, shahzodalar va shahar a’yonlarining xotinlari Muhammad Sulton Mirzo xonaqohiga borib ta’ziya marosimini boshlaydilar. Bu marosimda shahzodalar, shahar ichida bo‘lgan a’yonlar, hatto shayxulislom Abdul Avval va Isomiddinlar ham faol qatnashadilar. Shahardagi barcha rastalar va do‘konlar yopiladi.

Ramazon oyining 16-sida (1403 yil 18 mart) dushanba kuni Xalil Sulton Mirzo hech qanday qarshiliksiz Samarqandga kirib, taxtga o‘tiradi. Sharafuddin Ali Yazdiyning yozishicha, Samarqand shahrining boshliqlari Argunshoh va O‘trordan qaytib kelgan amir Xo‘ja Yusuf Xalil Sulton Mirzo bilan muzokara yuritib, shahar kalitini unga topshirgan edilar. Ikki kun o‘tgach, Xalil Sulton Mirzo Muhammad Sulton Mirzo xonaqohiga borib, motam marosimini yanada ulug‘vorroq va tantanaliroq o‘tkazadi. Marosimda faqat shahzodalar, malikalar va arkoni davlatgina emas, balki butun shahar xalqi ishtirok etadi. Temur ruhiga xatmi Qur’on qilinib, beva-bechoralarga xayr-ehsonlar ulashilib, bir necha kungacha ot, ho‘kiz va qo‘ylar so‘yilib, fuqaroga ob-osh tortiladi.

Marosim oxirida yig‘isi bilan Temurning maxsus jang nog‘orasini o‘rtaga opib kiradilar va bir lahza chaladilar-da, shundan so‘ng «u endi boshqa kishiga xizmat qilmasin uchun», uni tilimlab yorib tashlaydilar. Bu udum motam marosimining tugallanishi edi.

Ibn Arabshohning ma’lumotiga qaraganda, Temurning jasadi Muhammad Sulton madrasasidagi dahmaga dafn etilgan bo‘lib, dahmaning devorlariga Temurning kiyimlari va qurol-aslahalari ilib qo‘yilgan. Mazkur buyumlar qimmatbaho toshlar va oltin bilan bezatilgan bo‘lib, eig kichik bir bo‘lagi bir viloyatning bir yillik hirojiga teng kelgan. Maqbara ichiga katta-katta oltin qandillar o‘rnatilgan bo‘lib, ulardan birining og‘irligi 4000 misqolga teig edi. Maqbara sahniga ipak gilamlar to‘shalgan. Temurning jasadi esa sherozli mohir usta tarafidan yasalgan po‘lat tobutga solinib, dafn etilgan.

Orada to‘rt yil o‘tdi. Hijriy 812 yilning muharram oyi (1409 yil may) Temurning to‘rtinchi o‘g‘li Shohrux Mirzo Xalil Sulton Mirzodan Samarqand taxtini tortib olgach, Muhammad Sulton xonaqohiga kelib, ota qabrini ziyorat qiladi. Musulmonchilikka qattiq rioya qiluvchi Shohrux Mirzo maqbaradagi shariat qonun-qoidalariga zid keladigan Temurning kiyimlari, qurol-aslahalar va barcha qimmatbaho bezaklarni xazinaga qaytaradi. Shuningdek, Temur va Muhammad Sulton Mirzo jasadlarini madrasa xonaqohidan ko‘chirib, po‘lat tobut o‘rniga yog‘och tobutga solib, hozirgi Go‘ri Mir maqbarasiga dafn ettiradi. Jasadlarning po‘lat tobutdan yog‘och tobutga solib dafn etilishi shariat hukmiga muvofiqroq bo‘lsa kerak (Bu taxmin taniqli olim A. Yakubovskiyga tegishli). Biroq Shohruh Mirzoning jasadlarni ko‘chirib qayta dafn ettirishi Samarqand arkoni davlatida ancha shov-shuvlarga sabab bo‘ladi, ayniqsa harbiy boshliqlar orasida norozilik kuchayadi. «Shunigg uchun bo‘lsa kerak, — deb yozadi akademik V. V. Bartold, — Temurning diiiy rahnamosi Sayid Barakaning hoki Andxuydan olib kelinib, Temurning bosh tomoniga dafn etiladi».

Darhaqiqat, 1941 yilda Go‘ri Mir maqbarasida Temur va uning nabirasi Muhammad Sulton Mirzoning qabrlari ochib tekshirilganda, har ikki jasad ham archa yog‘ochidan yasalgan tobutga solib dafn etilganligi ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, mashhur sharqshunos A. A. Semyonov va arxeolog V. A. Shishkinlarning fikricha, har ikkala tobut bir xil yog‘ochdan, ular ichiga to‘shalgan matolar ham bir xil, ya’ni parchaga o‘xshash matodir.

Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, Temur 9 marta uylangan. Sohibqiron vafot qilganda, uning xotinlaridan to‘rttasi — Saroymulk xonim, Tuman og‘o xonim, Tukal xonim va Ruhparvar og‘o xonimlar hali hayot edilar. Shuningdek, Sharafuddin Ali Yazdiy va Fasih Havofiyning bergan ma’lumotlariga ko‘ra, amir Temur vafot qilgan vaqtda undan 2 o‘g‘il 19 nevara va 15 chevara qoldi, jami 36 shahzoda hayot edi. Bulardan tashqari, sohibqironning kichik qizi — Sulton Baxt begim va katta qizi Og‘a begimdan tug‘ilgan o‘g‘il — Sulton Husayn Mirzo nomli nevarasi ham bor edi.

“Fan va turmush” jurnali, 1990 yil, 11-son