Xonzoda begim

Xonzoda begim Umar Shayx Mirzoning (1456—1494) qizi, Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzoning opasi. U 1478 yilda Andijonda tug‘ilgan. Uning onasi—Qutlug‘ Nigor xonim Toshkent xoni Yunusxonning qizi edi.

Tarixiy manbalarning shohidlik berishicha, Xonzoda begim did-farosatli, o‘tkir zehnli va aql-zakovat sohibasi bo‘lgan. Xonzoda begim ayni balog‘at yoshiga yetganda otasi Umar Shayx Mirzo tasodifan jardan yiqilib, olamdan o‘tadi. Ota taxtiga o‘tirgan 12 yoshli Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzoning qismatida darbadarlik davri boshlanadi. Yosh Bobur Mirzoda bobokaloni Amir Temur taxtini egallash havasi uyg‘onib, Samarqandga bir necha harbiy yurishlar qiladi. Nihoyat, 1501 yili Samarqandni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ladi. Ammo ko‘p o‘tmay Shayboniyxon qo‘shin tortib kelib, Samarqandni qamal qiladi. Qamal ko‘pga cho‘zilib, shaharda dahshatli ocharchilik va o‘lim avjiga chiqadi. Bobur Mirzoning ko‘pgina odamlari shaharni tashlab qochadilar. Bobur Mirzo nihoyat darajada kuchsizlanib, hatto qamalni yorib chiqib ketish imkoniyatiga qodir bo‘lmay qoladi. Ana shunday og‘ir vaziyatda Shayboniyxon Bobur Mirzoga sulh taklif qiladi. Keyinchalik ana shu voqeani Bobur Mirzo o‘zining mashhur «Voqeanoma» («Boburnoma») asarida quyidagicha tasvirlaydi: «Bu mahalda Shayboniyxon sulh so‘zini aroga soldi. Agar bir tarafdin umidvorlik bo‘lsa edi, yo zahira bo‘lsa, sulh so‘ziga kim quloq solar edi. Zarurat bo‘ldi, sulhgina qilib, kechadin ikki pahr bo‘la yovushib edikim, Shayxzoda darvozasidan chiqildi. Volidam xonimni olib chiqdim. Yana ikki xotin kishi chiqdi: biri Bichka xalifa edi, biri Minglik ko‘galtosh edi. Mening egachim Xonzoda begim ushbu chiqqanda Shayboniyxonning ilkiga tushdi».

Ammo bu voqea aslida boshqacharoq bo‘lgan. Shayboniyxon Bobur Mirzoga sulh taklif qilishi bilan birga, Xonzoda begimni o‘ziga xotinlikka so‘ragan. Agar Bobur Mirzo shunga rozilik bersa, u holda o‘z haramini Samarqanddan salomat olib chiqib ketishiga imkoniyat yaratib berajagini ayttan.

Bu voqeani Bobur Mirzoning qizi — Gulbadan begim, o‘zining «Humoyunnoma» nomli asarida quyidagicha taszirlaydi: «Ana shunday vaqtda Shohibek (Shayboniyxon)xon «agar o‘z egachingiz Xoizoda begimni menga xotinlikka bersangiz, oramizda sulh tuziladi va hamjihatlik aloqalari o‘rnatiladi»,— deb aytgizib yubordi. Oxir Xonzoda begimni o‘sha xonga berib, o‘zlarining qaytishlarn zarur bo‘ldi». Gulbadan begimning bu fikrini «Tarixi Rashidiy» asarining muallifi— Haydar Mirzo ham tasdiqlab, «uning qarshilik ko‘rsatishga hech chorasi qolmay, Shayboniyxon bilan sulh tuzib, o‘z egachisi Xonzoda begimni unga xotinlikka berdi»,— deb yozadi.

Shunday qilib, Xonzoda begim Shayboniyxon nikohiga kiradi va undan bir o‘g‘il ko‘radi. Ismini Xurrambek deb ataydilar,

Shayboniyxon qatlidan so‘ng Xonzoda begim ukasi Zahiriddin Muhammad Boburshohning saroyi — Kobulga qaytib keladi. Ko‘p o‘tmay o‘g‘li Xurrambek ham vafot etadi. Xonzoda begim o‘zining aql-idrokligi va tadbirkorligi natijasi o‘laroq, saroy malikalari orasida yuksak e’tiborga ega bo‘ladi. Xonzoda begim Boburshoh va uning taxt vorisi Humoyun shoh saroyida maslahatchi vazifasini bajargan.

1544 yili Xonzoda begim Kobulhaq degan joyda olamdan o‘tadi. Oradan uch oy o‘tgach, uning xokini Kobulga keltirib, Boburshoh maqbarasiga dafn qiladilar.

Turg‘un Fayziyevning “Temuriy malikalar” kitobidan olindi.