Qosimjon Sodiqov. Bilga To‘nyuquq bitigi

http://n.ziyouz.com/images/tonyuquq.jpgYozning qoq chillasi, eskilar so‘zi bilan – o‘roq oyi. Shunday esa-da, dala-tuz yam-yashil. Mo‘g‘uliston o‘rtalig‘idagi tuzu qirlar ila o‘rmon, qurama tog‘lar tutashib ketgan Bayn So‘kto‘ o‘lkasi ana shunday manzarali, bahavo joy. Bu tuproqda qutlug‘ bir ziyoratjoy bor. U Ikkinchi turk xoqonlig‘i davrida davlat arbobi, qo‘mondon va donishmand o‘tgan To‘nyuquq mangutoshidir. Chet ellik musofirlar, olimlar ziyorat uchun bu yerga tez-tez kelib turadi. Qadimda, Chingizxon davlat qurguniga dovur bu yerlar turk xoqonliqlari va ellariga qarashli edi.

Topib borish yo‘li shunday: ulovda Ulan-bator(o‘zbekchasi O‘g‘lon botir)dan chiqib Janubi-Sharqqa yo‘l olasiz. Sakson chaqirimlarcha narida so‘lim bir go‘sha bor. U yerni Milliy bog‘ atashadi.

Mo‘g‘uliston yerlari o‘ziga yarasha. Bizdagi singari qishloq va kentlar bir-biriga ulanib ketgan emas, ora-chora cho‘pon va yilqiboqarlarning o‘tovlari ko‘rinib qoladi. Yaylovlarida har qadamda yilqi uyuri, qo‘y va echki suruvi, uy-qoramol podasi, o‘rkachli tuyalar. Yilqi va sigirlarining tanasi yaltiraydi(havosining tozaligi va o‘t-o‘lanning mo‘lligidan bo‘lsa kerak). Qo‘rg‘onlarida daraxt yo‘q hisobi, eshik va ko‘ylarga daraxt ekish odat emas. Lekin soy yoqalari, quzg‘ay yerlarda o‘sgan yovvoyi yig‘ochlarga ko‘zingiz tushadi. Ekinligi oz. Qishloqisining tirikchiligi asosan chorvadan. Kishisi sodda va samimiy. O‘tovidan chiqib yumush bilan kuymalanayotgan onasining yonida yap-yalang‘och o‘ynayotgan jo‘juqqa ko‘zingiz tushib qoladi orada. Dala-tuzda hatto qo‘lga o‘rgatilgan lochin yo qirg‘iyni tutib turgan qushchisini ham ko‘rasiz. Yaylovdagi oddiy mo‘g‘ulning bundayin hayot tarzini tomosha qilishning o‘z gashti bor.

Boshkentdan uzoqlashganingiz sari yaylovlar tugab, tog‘lar, archalar bilan qoplangan o‘rmonlar boshlanadi. Bexos qadimgi bitiglarda ta’rif etilgan manzaralarni eslaysan kishi; o‘sha chog‘lar bunday o‘rmonli tog‘lar yish deb atalgan. Yo‘l yoqasidagi qoyalarni ko‘rib, hayratlanasan: qayusi ulkan bir toshbaqa ko‘rinishiga kelib qolgan, qayusi tangriga topinib turgan odam boshini eslatadi. Ko‘k turklar bu tuproqlarni ona-yurt tutgani, bilga To‘nyuquq o‘z tirikligining so‘nggi yillarini shu yerlarda o‘tkazganini endi tushunib yetdim.

To‘nyuquq yodgorlik majmuasiga ham ana shu yo‘ldan boriladi. Milliy boqqa yetmay turib, so‘lga – tekis yaylov tomon burilib ketiladi. Asfalt yo‘q, mashinalar kirib-chiqaverib, o‘ziga yo‘l ochgan. Ancha ichkari kirilgach, ziyorat yeri keladi.

Darvoqe, ushbu majmua xoqonliklar zamonidan qolgan boshqa yodgorliklardan ancha chetda. Kul tigin va Bilga xoqon bitiglari tiklangan joy bilan bu yerning orasi 360 chaqirim. Sarkarda qarigan chog‘da davlat ishlaridan chetroq, tinch bir manzilni tanlagan bo‘lsa ajabmas.

To‘nyuquq asli Tabg‘ach(Xitoy)da tug‘ilib, tarbiya topgan. Tabg‘achning ish yo‘rig‘iga ko‘ra, turk o‘g‘lonlari bu yerda tarbiyalanib o‘z yurtiga jo‘natilar edi. Yosh To‘nyuquqqa ham shunday yo‘l tutildi. Lekin u otalar yurtiga kelib, tabg‘achga xizmat qilish o‘rniga milliy-ozodlik harakatlariga qo‘shilib ketdi. U uch xoqon – Eltarish, Bo‘gu, Bilga xoqon yurtni boshqarganda ularning kengashchisi va qo‘mondoni bo‘lgan. “O‘shanda kengashchi ham mening o‘zim edim, urushuvchisi ham men edim”, deya xotirlaydi bu to‘g‘rida muallif. Ayniqsa, Eltarish va Bilga xoqon davrida uning obro‘si va mavqei yuqori edi. To‘nyuquq yurt tinchligi, mamlakat kuch-qudratini oshirish yo‘lida ko‘p yaxshi ishlarning boshida turdi, xoqonliqning tiklanishi va el chegaralarining kengayishiga munosib ulushini qo‘shdi. U yirik arbob bo‘lishi bilan birga, tarixchi, qadimgi turkiy adabiyotning yirik namoyandasi, zamonasining atoqli faylasuflaridan edi. Otiga qo‘shilayotgan bilga so‘zi uning unvoni bo‘lib, “bilimdon, alloma” degan ma’noni bildiradi. Ulug‘ donishmand, xoqon kengashchisi bo‘lgani uchun u shunday unvonga erishgan. Xitoy manbalarida u tang sulolasi davrida o‘tgan atoqli arboblar, ulug‘ donishmand va sarkardalar qatoriga qo‘yiladi.

Endi yodgorlikning ta’rifiga o‘tsak. Ulkan majmua: o‘rtada ikki bitigtosh; tevaragida ko‘hna maqbara vayronalari, usti nuragan haykal va balballar, turli bezaklar ishlangan palaxsa-palaxsa toshlar, ustunlarning tagliklari yotibdi. Vayronaning bir yog‘ida, kun chiqarga bir oz yurilsa, yaqin ikki yuz qadam chamasi qatorasiga yerdan chiqib qolgan turli ko‘rinishdagi toshlarga, balbal va ustunlarga ko‘zingiz tushadi. Maqbaraga kirish yo‘lagi shu yoqdan bo‘lgan ko‘rinadi.

Bitigning yozilgan va maqbaraning tiklangan sanasi aniq emas. Ba’zi olimlar u 712 – 716 yillar orasida yozilgan, ayrimlar – 720, boshqa birlari 725 – 726 yillari bitilgan, deya taxmin qiladilar. Hatto ushbu yozuv Kul tigin bitigiga javob tariqasida bitilgan, degan qarashlar ham bor. Nima bo‘lganda ham, uning tarixi Bilga xoqon zamoniga boradi. Bu to‘g‘rida bitigning yakunida: “(Ushbu bitigni) turk Bilga xoqon elida yozdirdim men bilga To‘nyuquq”, deya qayd etilgan.

Bitig muallifi To‘nyuquqning o‘zidir. Matn uning tilidan berilgan. U 62 satrli bo‘lib, bir-biriga qaratib tiklangan ikki to‘rt qirrali toshga yozilgan: yarmi birinchi bitigga bitilib, qolgani ikkinchisida davom etadi. Matn yuqoridan quyiga qarab o‘qib tushiladi. Xatini ko‘k turk bitiglari ichida eng chiroyli va tartiblisi desa bo‘ladi.

Bitigda To‘nyuquq o‘zining o‘sib-ulg‘ayishidan boshlab, Eltarish boshliq ulus ozodligi harakatlariga qo‘shilib, mamlakatni bosqinchilar zulmidan qutqarishi, o‘z qahramonliklari, mamlakat chegaralarini kengaytirish, yurt erki, ulus tinchligi va farovonligi yo‘lida olib borgan kurashlarini, ezgu ishlarini hikoya qiladi. Unda xoqonliq tarixi yaxshi yoritilgan.

Muµimi shundaki, tarix bayoni oddiy emas: muallif kґrgan-kechirganlarini, o‘zi qatnashgan buyuk ishlarni ta’rif etmaklik uchun xalq maqollari, turli badiiy vositalardan unumli foydalangan. Uslub balog‘at darajasida, niµoyatda go‘zal. Bu belgilari matnning badiiyligini ta’minlaydi. Bunday uslubning tanlanishiga sabab, asarni o‘qishli qilish, uning badiiy-estetik ta’sirini oshirish edi. Shuning uchun bitigni tarixiy-badiiy asar sifatida o‘rganish o‘rinlidir.

Umuman olganda, ushbu bitigning epigrafika san’ati, tarixnavislik hamda turkiy yozma adabiyotning yuzaga kelishi va uning ravnaqidagi ahamiyati katta.

Hayotdagi To‘nyuquq bitigda adabiy personaj, asar qahramoniga aylanadi. Matnning ta’sir kuchi badiiyligidadir. Asarda aks etgan tarixiy voqealar, badiiy tasvir vositalari, ajoyib til – hamma-hammasi bir maqsad yo‘lida birlashadi: donishmand To‘nyuquqni ulug‘lashga, uning xoqonliq yuksaluvidagi o‘rni, yurtsevarligiyu milliy qahramon sifatidagi ishlarini yoritib berishga xizmat qiladi. Yurt erki uchun, qutlug‘ yer-suv­(iduq yer-sub) uchun kurash, mamlakatni tashqi yovlardan saqlash bitigning bosh g‘oyasidir.

Bitig Bilga To‘nyuquq-ben (“(Men) bilga To‘nyuquq-man”) jumlasi bilan boshlangan. Bu jumla matnning boshlamasi bo‘lib, uni uch komponentga ajratish mumkin: birinchisi — muallifning unvoni (bilga); ikkinchi komponent — oti (To‘nyuquq), unga qo‘shilayotgan -ben — uchinchi komponent — shaxs-son qo‘shimchasi bo‘lib, kesimlikni ta’minlaydi. Ushbu boshlama quyida berilgan matn To‘nyuquqning so‘zlari ekanligiga ishora. Shundan so‘ng o‘zum Tabg‘ach elinga qilintim (“o‘zim Tabg‘ach elida voyaga yetdim”) jumlasi bilan asosiy qismga ko‘chiladi.

Hozirgi nashrlarda matnning boshlanishini Bilga To‘nyuquq, ben o‘zum Tabg‘ach elinga qilintim deb o‘qib, mazmunini “Bilga To‘nyuquq, men o‘zim Tabg‘ach mamlakatida voyaga yetdim”, deya talqin etadilar. Bunda bitigning rasmiy mavqei susayadi; go‘yo u oddiy tarjimai holday bo‘lib qoladi.

Shu o‘rinda muhim bir masalaga e’tibor qaratamiz. Odatda, xoqonlarning yorliqlari, bitiglari ularning unvoni bilan boshlangan. Masalan, o‘sha zamonda yurtga egalik qilgan Bilga xoqon o‘z yorliqlarini Tangri-teg tangri yaratmish turk Bilga qag‘an sabim(“Ko‘kday ulug‘ tangri yaratgan jasur Bilga xoqon so‘zim”) unvoni bilan boshlagan. To‘nyuquq xoqon emas, qolaversa, uning bitigi yorliq yo yurt egasining bitigi ham emas. Lekin, ta’kidlash kerak, bitig To‘nyuquqning kim o‘tgani, xalq erki yo‘lida xoqonlar bilan yelkama-elka turib kurashgan milliy qahramonning ulug‘ xizmatlarini xoqonliq oldida, kelajak avlodga yana bir bor ta’kidlab qo‘yish uchun yozilgan bayonotidir. Ushbu nuqtai nazardan bitig rasmiy tus oladi. Shuning uchun boshlamani Bilga To‘nyuquq-ben (“(Men) bilga To‘nyuquq-man”) deb berilgani to‘g‘ri. Bu narsa bitigning rasmiy maqomini ham ta’minlaydi, muallifning maqsadiga ham mos tushadi. Matnni bu ko‘rinishda boshlash epigrafika tarixida keng tarqalgan. Yenisey tevaragidan topilgan bitiglarni bunga misol qilib ko‘rsatish mumkin. Masalan, Yoruq tigin bitigi: Er atim Yaruq tegin-ben­(“Er otim Yoruq tegindirman”); El To‘g‘on bitigi: Atim El To‘g‘an tutuq-ben­(“Otim El To‘g‘an Tutuqmen”); O‘ga Tirig bitigi: Beg tarqan O‘ga Tirig-ben(“Men) Beg Tarqan O‘ga Tirigmen”) deb boshlangan. Buning singari misollar talay. Bari epigrafik matn tuzishda adib va tarixchi To‘nyuquq ishlab chiqqan an’anaga ergashadi.

Bitigda mamlakat qo‘shinining kuch-qudrati, salohiyati to‘g‘risida so‘z borganda “xoqoni alp ekan, maslahatchisi bilga ekan”(qag‘ani alp ermish, ayg‘uchisi bilga ermish), deya ta’riflanadi. Buning bilan yurtni pahlavonlar, dono kishilar boshqarib turgani, uning qo‘shinidan ehtiyot bo‘lmoqlik kerakligiga ishora qilingan.

To‘nyuquq yovning ona tuproqqa hujum qilishga tayyorlanayotganidan bezovtalanadi, kecha-kunduz yurtni saqlab qolish yo‘llarini izlaydi. “O‘sha xabarni eshitib tunlari uyqum kelmadi, kunduzlari o‘tirgim kelmadi” (O‘l sabig‘ eshidip tun udisiqim kelmadi, kuntuz o‘lursiqim kelmadi), deya bayon qilinadi uning kechinmalari bitigda. Qadimgi adabiyotda buning singari qolipga tushgan jumlalar qahramonlar ta’rifini berishda qo‘l kelgan. Masalan, Kul tigin bitigida ham muallif Bilga xoqonning fidoiyligini bayon etishda ana shunday jumladan foydalangan: Turk bo‘dun uchun tun udimadim, kuntuz o‘lurmadim(“Turk xalqi uchun tunlari uxlamadim, kunduzlari tinch o‘tirmadim”).

Bitigda turk qo‘shinining zafarli yurishlari bayonida shunday jumlani o‘qiymiz: O‘l sub qudi bardimiz, sanag‘ali tushurtimiz, atig‘ iqa bayur ertimiz. Kun yema, tun yema yelu bardimiz. Qirqizig‘ uqa basdimiz.

Birinchi jumladagi sub – “suv, daryo”; qudi bardimiz – so‘zma-so‘z olganda “quyi bordik”, shu turishida qadimgi turkiy til uchun norma sanalgan, ma’no anglatgan, lekin hozirgi o‘zbek tilida bunday deyilmaydi: “O‘sha suv yoqalab quyi bordik” yoki “O‘sha suvning quyi tomoniga bordik”, deyiladi. Matnni hozirgi tilga o‘girishda ham ana shunga tayanamiz.

Keyingi sanag‘ali tushurtimiz deyilganda “qo‘shin” ko‘zda tutilgan: “qo‘shinni tekshirib olish uchun otlardan tushirilganlik” ma’nosi bor. Navbatdagi jumladagi i – “o‘t, o‘simlik”, bu o‘rinda “buta” deb olinsa to‘g‘ri bo‘ladi. Shunda “otlar butalarga bog‘langanligi” anglashiladi(atig‘ iqa bayur ertimiz). Kun yema, tun yemadagi ema – ta’kid yuklamasi bo‘lib, hozir qo‘llayotganimiz “ham”ga to‘g‘ri keladi. Buni so‘zma-so‘z “kunduzi ham, tunda ham” deyish mumkin, lekin “kunu tun” deb o‘girilsa, silliq chiqadi: “Kunu tun yelib bordik” bo‘ladi.

So‘nggi jumlada kelgan uqani mavjud nashrlarda “uyquda” deb beradilar: uqa basdimiz“uyquda bosdik”. Qizig‘i shundaki, boshqa bitiglarda ham bu jumla jang bayonida tez-tez uchrab turadi. Masalan, Kul tigin bitigida Bilga xoqon qo‘shinining qirqizlar va turgeshlar bilan bo‘lgan jang tasvirida uda basdim birikmasi bor(Qirqiz bo‘dunug‘ uda basdim). Buni tarjimalarda “qirqiz xalqini uyquda bosdik”, deya talqin etadilar. Bizningcha, bu birikmaga yangicha bir yondashuv kerak. O‘zbek “uyqu – g‘aflat” deydi. Bitiglarda uda basdim yoki uqa basdimiz deyilganda “g‘aflat chog‘ida bosib olish; qo‘qqisdan bosish” ko‘zda tutilgan chamasi. Shunga ko‘ra uqani “uyqu” deb emas, ravish (“qo‘qqisdan, to‘satdan”) sifatida o‘girsa ham bo‘ladi. Shunday bo‘lganda jumla “Qirqizni uyquda bosdik” deb emas, “Qirqizni g‘aflat chog‘ida bosdik” yoki “Qirqizni qo‘qqisdan bosdik”, degan ma’noni anglatadi.

Yuqoridagilar asosida matnni quyidagicha o‘giramiz: “O‘sha suvning quyi tomoniga bordik, (qo‘shinni) sanagali (otlardan) tushirdik, ot(lar)ni (esa) butalarga boylar edik. Kunu tun yelib bordik. Qirqizni (g‘aflat chog‘ida) qo‘qqisdan bosdik”.

Bitigda To‘nyuquq qo‘rqmas bahodir, ulug‘ yo‘lboshchi sifatida gavdalanadi. Bitig oxirlagan sayin yozuvchining ko‘zlagan maqsadi ochiq-oydin ko‘zga tashlana boradi; xoqonliq tarixidagi yutuqlarning boshida xoqon bilan bir safda To‘nyuquq ham turganiga alohida e’tibor qaratiladi. Bitigda aytiluvicha, Eltarish xoqon allomasi bilan bo‘lgani uchun, bahodiri bilan bo‘lgani uchun(Eltaris qag‘an bilgasin uchun, alpin uchun) qo‘shni ellarga cherig tortib, mamlakatni kengaytirdi, zafar qozondi. “Eltarish xoqonga, turk Bo‘gu xoqonga, turk Bilga xoqonga tun uxlamayin, kunduz o‘tirmayin, qizil qonimni tugatib, qora terim yugurtib, mehnatimni, kuchimni berdim” (qizil qanim tukati, qara terim yugurti, isig kuchug bertim), deya ta’kidlaydi muallif.

Asar qahramonining alplarcha kurashi: “Bosadigan yovni poymol qilg‘uchi edim”, deya ta’riflanadi. Boshqa bir o‘rinda u yurt jonkuyari ekanligini ta’kidlab: “Bu turk xalqiga yaroqli yovni keltirmadim, (uning) yalovli otini yugurtirmadim”, deydi.

“Qay yerdagi xoqonli xalqning mening singari alpi bor ersa, uning ne qayg‘usi bo‘lardi”, deya yakunlanadi eposlarga xos bayon.

Alohida ta’kidlanuvicha, Eltarish xoqon va To‘nyuquq yelkama-elka turib zafar quchmaganlarida saltanat oyoqqa turmagan bo‘lardi. “Eltarish xoqon zafar qozonmaganida, uning bilan mening o‘zim zafar qozonmaganimda, yurt ham, xalq ham yo‘q bo‘lar edi. (Xoqon) zafar qozongani uchun, mening hushyorligim, zafar qozonganim uchun, el ham el bo‘ldi, xalq ham xalq bo‘ldi”, deyiladi bitigda.

Bitiglarga, umuman, yozma adabiyotga vatan, ona-yurt erkinligi, uni yovdan saqlash, xalіni, uning tinchligi yo‘lida kurash g‘oyasining kiritiluvi adabiyotimiz tarixidagi katta voqeadir.

Bitigga tikilib turib xayol olis o‘tmishga parvoz qiladi. Bir zamonlar bu yer xoqonlikning gavjum maskanlaridan edi. Unga uzun yo‘lakdan kirib kelingan. Yo‘lakning bir yonida haykal va balballar. Yo‘lakdan o‘tib tabg‘ach xoqonning bedizchisi(arxitektori) bor iste’dodini ishlatib qurgan ulkan maqbaraga kiriladi. To‘rda qabr va unga tiklangan ikki bitigtosh. Olis yurtlardan ot-ulovda yo‘l bosib kelgan ziyoratchilar mangutoshlarga o‘yib bitilgan bitigni qunt bilan o‘qib, undan saboq olgan; milliy qahramoniga, ulug‘ donishmandga hurmatini bildirgan.

Qosimjon Sodiqov, professor

Toshkent – Ulan-bator, 2010 yilning yoz chillasi.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 2-son