Pirmat Shermuhamedov. Chingizxonni ulug‘lashdan maqsad nima?

So‘nggi paytlari Chingizxon shaxsiga nisbatan bo‘lgan qiziqish yana kuchaydi. Uning hayoti va ijtimoiy faoliyatini aks ettiruvchi ilmiy, tarixiy va badiiy asarlar yozilib, kinofilmlar ishlandi. Qator ilmiy-amaliy anjumanlar o‘tkazilib, juda ko‘p kitoblar nashr etildi. Ayrim mamlakatlarda kafelar, restoranlar, korxonalar, jamoatchilik markazlari uning nomi bilan atala boshlandi. Qozog‘iston respublikasida “Chingizxon” nomli sigaretani ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Ushbu sigaretaning old va yon tomonlariga mana bunday so‘zlar bitilgan: “Eti unikalnыe sigaretы vыsshego kachestva, obladayuщiye prevosxodnыm vkusom, sdelanы iz elitnыx sortov tabaka dlya svobodnыx i gordыx lyudey, jivuщix v Kazaxstane — potomkov Velikoy imperii Chingisxana, prostiravsheysya ot Chernogo morya do Tixogo okeana”.
Tijoratni siyosatga aylantiruvchi bunday urinishlar xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik g‘oyalariga zarar keltiradi va umuman yaxshilikka olib bormaydi.
Mo‘g‘uliston respublikasi poytaxti Ulan Batorda umumiy qiymati o‘n to‘qqiz million dollarni tashkil etuvchi haykalni tiklash ishlari boshlanib ketgan. Shu bilan birga, Mo‘g‘ulistonda va Markaziy Osiyodagi ayrim mamlakatlarda Chingizxonning sun’iy qabrlari tiklanib, hashamatli maqbaralar qurilmoqda. Maqbaralar peshtoqiga “Chingizxon — turkiy xalqlar rahnamosi” degan shiorlar yozib qo‘yilmoqda.
To‘g‘ri, tarixiy shaxslar hayoti, ularning tarix sahnasida tutgan o‘rni, mavqei haqida ilmiy maqolalar bitilishi, badiiy asarlar yozilishi, filmlar ishlanishi isbot talab etilmaydigan haqiqat. Demoqchimizki, o‘tmish haqiqatlarini buzish, uni soxta, g‘ayriilmiy tushunchalar bilan bo‘yab-bejab talqin etish tarixni soxtalashtirishga olib keladi.
Bu yerda gap Chingizxon shaxsini asossiz ravishda maqtash, uni ko‘klarga ko‘tarish, ideallashtirish xususida bormoqda.
Tarixiy shaxslar haqida bir tomonlama qarashlar, noilmiy, soxta fikr yuritishlar oddiy havaskor tarixchilar tomonidan aytilsa, bu haqda maxsus so‘z yuritib o‘tirishning hojati bo‘lmas edi. Afsuski, Chingizxon shaxsini har qanday kamchiliklardan xoli sarkarda, ideal davlat arbobi, turkiy xalqlarning rahnamosi, milliy-ozodlik harakatlarining yo‘lboshchisi sifatida maqtayotganlar orasida taniqli davlat va jamoat hamda fan arboblarini ham uchratamiz.
“Qirg‘iz davlatchiligi va xalq eposi “Manas” kitobida Chingizxonning ijtimoiy-siyosiy faoliyati to‘g‘risida batafsil so‘z yuritiladi. Muallifning fikricha, “Chingizxon bosqini” degan iborani o‘ylab ishlatish kerak, negaki, “uning bosqinchiligi xususida to‘qilgan romantik qarashlar shunchaki bir mifdir”.
Qozoq olimi Qalibek Doniyorovning “Chingizxon tarixi” kitobida quyidagi satrlar bilan tanishamiz. “Chingizxon, — deb yozadi u, — kelib chiqishi jihatidan nainki turkiy, balki qozoq hamdir, to‘g‘rirog‘i, u qozoq davlatining asoschisidir”.
Shunga o‘xshash g‘ayriilmiy fikrlarni Kereyxon Amonjo‘lovning “Turkiy xalqlarning tarixi” kitobida ham uchratish mumkin.
Endi taniqli qozoq yozuvchisi, “Yulduz” jurnalining bosh muharriri Muxtor Mag‘aunning “Chingizxonning sharofati” nomli maqolasi xususida to‘xtalib o‘taylik. Maqola boshdan-oyoq Chingizxon shaxsini ulug‘lash, maqtash, ko‘klarga ko‘tarish ruhi bilan sug‘orilgan. “Qozoq xalqining asl xalq sifatida saqlanib qolishi, — deb yozadi muallif, — Chingizxonning sa’y-harakatlari tufayli ro‘y bergan. Agar Chingizxon qo‘shinlari Xorazmshoh qo‘shinlarini tor-mor qilib, majaqlab tashlamaganida, qozoq xalqi bir umr qullik zanjirida qolib ketar edi”.
Ushbu satrlar bilan tanishgan o‘quvchining hayratdan yoqa ushlamasligi ilojsiz. Negaki, muallif Chingizxon navkarlarining O‘tror singari shahar va qishloqlarni yondirib, tep-tekis qilgani, begunoh ayollar, bolalar, qariyalarni qirib bitirganini bilib-bilmaslikka oladi.
Holbuki, Chingizxon yetakchiligidagi shafqatsiz qo‘shinlar Eron va O‘rta Osiyodagi mingyillik muhtasham, obod shaharlarni vayron qilib, kultepalarga aylantirgan. Amudaryoga to‘g‘on qurib, go‘zal Urganch shahrini suvga bostirgan. Bir hafta davomida daryoda chaqaloqlar yig‘layotgan beshiklar, go‘dak bolalar, chollar, kampirlar, majruh kasallar oqib turgan. Marv shahrini Chingizxon qo‘shinlari ishg‘ol qilganlarida jangda o‘ldirilganlarni o‘n uch kun davomida yig‘ib olganlar.
Shu munosabat bilan aytib o‘tish lozimki, tarixiy manbalarda Chingizxon xalq ozodlik harakatining rahnamosi emasligi, aksincha, u asoratga solgan xalqlar unga qarshi milliy-ozodlik harakatlarini olib borganliklari ham qayd etilgan. Bu haqda Mirzo Ulug‘bek, Shahobiddin Nasaviy, Ibn al-Asir, Ibn Batuta asarlarida keng va mufassal ma’lumotlar berilgan.
Akademik A.T.Fomenko va tarixchi L.Gumilev ham Chingizxonning ijobiy ishlari xususida fikr yurita turib, uning oliy irqqa mansubligi, buyuk sarkarda, bag‘rikeng inson ekanligi va slavyanlar bilan chatishib, qon-qarindosh bo‘lib ketganligini faxr bilan tilga oladilar.
Savol tug‘iladi: xo‘sh, Chingizxonning ijobiy ishlari nimalardan iborat? Nega ayrim mualliflar nuqul uning kamchiliklarini xaspo‘shlash bilan shug‘ullanadilar. Bu shunchaki shaxsiy qarashmi yoki tor milliy manfaatlar nuqtai nazaridan aytilgan yengil-elpi fikrlarmi?
Chingizxonni ulug‘lovchi mualliflar uni “xalq ozodlik harakatining rahnamosi” sifatida ham ta’rif qilar ekanlar, o‘z fikrlari, qarashlarini “Chingizxonning hayot yo‘li”, “Oltin shajara”, “Yaso” kitoblari asosida isbot qilishga urinadilar. Lekin ularning hech biri bu kitoblarning mualliflari kimlar bo‘lgan, kimlarning manfaatlariga moslab yozilganligi haqida churq ham etmaydilar. Aksincha, Chingizxon va uning avlodlari Temur Malik, Jaloliddin, Mahmud Torobiy yetakchiligidagi milliy-ozodlik harakatlarini shafqatsizlarcha qonga botirgan.
Chingizxon istilosi haqida yozilgan Rashididdinning “Jome ut-tavorix”, Ibn al-Asirning “Tarix al-komil”, Mirzo Ulug‘bekning “To‘rt ulus tarixi”, Abulg‘ozining “Shajarai turk”, Yevgeniy Kichanovning “Jizn Timuchjina, dumayuщego pokorit mir” asarlarida va boshqa ko‘pgina kitoblarda mo‘g‘ullar bosqini, vayron bo‘lgan son-sanoqsiz ellar, yurtlar hayoti haqqoniy tasvirlangan.
Mirzo Ulug‘bekning “To‘rt ulus tarixi” asarida yozilishicha, “Rabiyulavval oyi oxirlari sana 607, muvofiqi yilon yili ul uch nafar nahs yulduzli kofir o‘ttiz ming qiyomatasar lashkar bilan qaysi shaharga duchor bo‘lmasinlar, o‘sha shahar xalqini qahr-g‘azab bilan dahr tuprog‘iga barobar qildilar. Jayhun daryosidan o‘tib, Balxga yaqinlashganlaridan keyin, Xurosonning ba’zi viloyatlarini, Iroq, Ozarboyjon va Shirvonning aksar shaharlarini azob-uqubatlarga giriftor qildilar”. “Ular hech kimni ayamas edilar, — deb hikoya qiladi o‘sha qonli voqealarning guvohi bo‘lgan arab sayyohi va tarixchisi Ibn al-Asir, — ayollarni, qariyalarni, bolalarni qatl etdilar. Orqada biron shaharni qoldirmay, yer bilan tekislab o‘tar edilar”.
Tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, Chingizxon qo‘shinlarining hujumi tufayli yer yuzidagi bir mingdan ortiq shahar aholisi qirilib, yer bilan yakson qilingan, sug‘orish tarmoqlari izdan chiqarilgan, madaniyat o‘choqlari butunlay yo‘q qilingan.
So‘nggi paytlari tarixchilar Chingizxon bosqinining keng ilmiy jamoatchilikka ma’lum bo‘lmagan ayrim qirralarini ochishga muvaffaq bo‘lmoqdalar.
Shu jihatdan R.Rahmonaliyevning “Turklar saltanati” deb nomlangan ilmiy-tadqiqoti ibratlidir. Ushbu asarda ko‘pgina arxiv materiallari qatori general-leytenant, professor M.I.Ivaninning 1842 yili Rusiya armiya bosh shtabida “O voyennom iskusstve i zavoyevaniyax mongolo-tatar i sredneaziatskix narodov pri Chingizxane” deb nomlangan dokladi tilga olingan. Ma’lumki, bu doklad matni uzoq yillar mobaynida maxfiy saqlab kelingan. Dokladda tilga olinishicha, Chingizxonning O‘trorga yuborgan savdogarlari qal’a hokimi Qayrxon odamlari tomonidan emas, balki, ataylab urush chiqarish uchun mo‘g‘ul ayg‘oqchilari tomonidan o‘ldirilganligi bir qancha dalillar asosida isbot etilgan. Ammo bu hali uzil-kesil tarixiy haqiqat degani emas, albatta.
Xulosa sifatida shuni aytmoqchimizki, tarix o‘tmish va kelajak ko‘zgusi, binobarin, uni shaxsiy qarashlar yoki tor milliy manfaatlar nuqtai nazaridan talqin etish tarix ilmini soxtalashtirishga olib keladi.

Pirmat Shermuhamedov,
Professor
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2004 yil 28-sonidan olindi.