Qutbiddin Muhammad

(? – 1127)

(1097-1127)

Anushteginiylar sulolasidan bo‘lgan Xorazm hukmdori. Anushteginning o‘g‘li. Yoshligida Marvda yaxshi ta’lim olgan, ilmi adab va din ilmlarini o‘rgangan. Otasi vafotidan keyin saljuqiylarning Xurosondagi isyonkor noibi amir Dodbek Habashiy tomonidan Xorazm noibi etib tayinlangan va xorazmshoh unvonini olgan (1097). Anushteginiylar – xorazmshohlar sulolasining tarixi aslida Qutbiddin Muhammaddan boshlanadi.

1100 yil saljuqiylar sultoni Barqiyoruq va ukasi Sanjar Dodbek Habashiy isyonini bostirgan. Sanjar Xurosonni qo‘lga kiritgach, Qutbiddin Muhammadni Xorazm hokimligi mansabida qoldirib tasdiqlagan. Qutbiddin Muhammad sulton Sanjarga sadoqat bilan xizmat qilgan, har yili ikki marotaba shaxsan sulton saroyiga borib turgan, Sanjar olib borgan janglarda o‘z qo‘shini bilan qatnashib, xiroj, o‘lponlarni o‘z vaqtida to‘lab turgan.

Qutbiddin Muhammad olimu fuzalolarga homiylik qilgan adolatli hukmdor bo‘lgan. Jurjoniyning tabobatiga oid “Zahirayi xorazmshohiy” asari Qutbiddin Muhammadga bag‘ishlangan.