Sheralixon

Sheralixon Hojibek o‘g‘li

(taxm. 1797-1845 yillar)

(1842-1845)

Qo‘qon xoni. 1842 yil Buxoro amiri Nasrullo Qo‘qonni bosib olib Ibrohim Xayolni noib etib tayinlab ketadi. Uning zulmidan norozi boґlgan qo‘qonliklar qo‘zg‘olon koґtaradilar va xon avlodlaridan boґlmish Sheralini Qo‘qon xoni deb e’lon qiladilar. Sheralixon qo‘zg‘olonga rahbarlik qiladi. Qo‘zg‘olonchilar Qo‘qonga kiradilar va Buxoro qo‘shinini tor-mor keltiradilar. Ibrohim Xayol Buxoroga qochgan. Sheralixon Buxoro amiri Qo‘qonga yangi yurish uyushtirishi mumkinligini bilib, qabila va harbiy boshliqlar, aminlar, oqsoqollar va obroґli, nufuzli arboblar kengashini chaqirib, unda shoshilinch ravishda miltiq, qilich, to‘siqlar tayyorlashga qaror qilingan. Qo‘qon atrofida toґsiq va qo‘rg‘onlar barpo qilishga kirishilgan, lekin qurilish nihoyasiga yetmay, Buxoro qo‘shini Qo‘qonga yaqinlashib shaharni qamal qiladi. Buxoro qo‘shinlari tevarak-atrofdagi qishloqlarni vayron etiladi, lekin shaharni egallay olmaydi. Qo‘qon mudofaasida ayollar ham faol ishtirok etadilar. Nasrullo 40 kunlik qamaldan soґng Buxoroga qaytib ketgan.

Sheralixon o‘g‘li Abdurahmonbekni amiri lashkar qilib tayinlab, uni Toshkentni zabt etish uchun yuboradi. Qo‘shinlar Sirdaryodan o‘tib, Quramaga kelganda Xoґjand hokimi Xudoyorboy ahvolni aniqlab, amir Nasrulloga xoinlik qiladi va Sheralixonning oliy hokimiyatini tan oladi. Qo‘qon xoni unga Xo‘jand viloyati hokimligini tortiq qiladi. Qo‘qon va Toshkent qo‘shinlari oґrtasidagi jangdan soґng Toshkent va Dashti Qipchoq zabt etilib, qaytadan Qo‘qon xonligi tarkibiga kiritilgan.

Sheralixon davrida xonning soliq siyosatiga qarshi xalq qo‘zg‘olonlari boґlib turgan. Sheralixonning mustaqil ravishda hokimiyatni boshqarishga intilishi qipchoqlar rahnamosi Musulmonqulning qarshiligiga uchraydi. Musulmonqul isyon ko‘tarib, Isfara hokimi Sotiboldibekni xat bilan sobiq Qo‘qon xoni Olimxonning o‘g‘li Murodbekning oldiga yuboradi va uni Qo‘qon xonligining taxtini egallashga taklif etadi. O‘shda qo‘zg‘olon boshlanganidan xabar topgan Shahrixonning hokimi, Musulmonqulning rejasini bilmagan holda, tezda qo‘shin to‘plab, O‘sh qo‘g‘olonini bostiradi. Ammo Musulmonqul oґz rejasini bajarish uchun O‘shga qo‘shin bilan borib, qo‘zg‘olonda ishtirok etganlarni beshafqat jazolab va qonga botirib, 5-10 ming kishini asirga oladi. Qo‘zg‘olon rahbari Mulla Yusuf ham qo‘lga olinib O‘shda dorga osiladi.

Bu vaqtda esa Murodbek Qo‘qonga kelib, Sheralixon huzuriga kiradi. Sheralixon vaziyatni anglagan holda unga taxtni topshiradi. Musulmonqulning sodiq odamlari tunda Sheralixonni qatl etishadi.