Said Abdullaxon

(?– 1933 yil, Krivoy Rog shahri, Ukraina)

(1918-1920)

Xiva xoni, qo‘ng‘irotlardan. Feruzning o‘g‘li. Ukasi Asfandiyorxon suiqasd natijasida o‘ldirilgach, Junaidxon tomonidan Xivaga xon qilib ko‘tarilgan (1918 yil 3-oktabr). Said Abdullaxon jismoniy jihatdan zaif va irodasiz bo‘lib, Xiva xonligidagi barcha ishlarni amalda yasovulboshi Davlatmurod mahram orqali Junaidxon boshqargan. Junaidxon o‘z kishilari: Choriqboy (Toshhovuz), Safar Depmechi (Ilyali), Qilich Qora (Porsu), Goklan bola (Mang‘it), Anna Geldibek (Taxta), Xalil Maxsum (Urganch), Shixim Sulg‘un (Xiva)larni hokim qilib tayinlagan.

Xiva xonligi qizil askarlar tomonidan bosib olingach, Said Abdullaxon taxtdan voz kechishga majbur bo‘ldi (1920 yil 2-fevral) va iltimosiga ko‘ra, u Xivada qoldirilgan. Biroq, Xivadagi Muhammad Aminxon madrasasida qozikalon Ibrohim Oxun boshchiligida bo‘lgan ulamolarning qizil askarlarga qarshi ko‘targan isyoni (1920 yil 23-iyun)dan keyin, bu isyonga hech qanday aloqasi bo‘lmasa ham Said Abdullaxon va uning harami, yaqin qarindoshlari, 10 to‘ra hamda Hikmatilla Oxun (qoziaskar), Obid Oxun va boshqalar Xorazm Xalq Sovet Respublikasi (XXSR)dan badarg‘a qilingan (1920 yil yozi). Dastlab Moskvadagi Lubyanka – 2; Novospassk, Ivanovo monastirlaridagi qamoqxonalarga tashlangan. 1923 yilda Said Abdullaxon va uning avlodlari Ukrainaning Yekaterinoslav gubernyasiga surgun qilingan. U surgunlikda 10 yil yashagan. So‘ngra kasallanib, vafot etgan. Xorazmlik adib Qo‘zi Davat Said Abdullaxon haqida “Xusumat” (Nukus, 2001) tarixiy romanini yozgan.