Po‘latxo‘jayev Usmonxo‘ja

(1878 yil, Buxoro – 1968 yil, Turkiya)

Buxorodagi jadidchilik harakatining yirik namoyandasi, taniqli davlat va jamoat arbobi, Buxoro Markaziy Ijroiya komiteti (MIK) raisi (1921 yil sentabr – 1922 yil avgust). Otasi Qori Po‘latxo‘ja buxorolik savdogar bo‘lgan. U dastlabki tahsilni Buxorodagi madrasada oldi va ilk jadid maktablaridan birini ochdi. 1908 yil do‘sti Xamidxo‘ja Mehriy bilan Turkiyada – Istanbulda tahsil oladi. 1913 yil Usmon Xo‘ja Buxoroga qaytadi va yana jaded maktabi ochadi. U 1910 yil tuzilgan “Tarbiyai atfol” maxfiy tashkilotining faol a’zolaridan bo‘ladi.

Usmon Xo‘ja Po‘latxo‘jayev va uning ukasi Otaxo‘ja (1894-1938) yosh buxoroliklar partiyasining yirik namoyandalaridan edi. Kolesovning Buxoroga bosqinidan so‘ng (1918-y, mart) U. Po‘latxo‘jayev sovet Turkistoniga muhojirlikka ketishga majbur bo‘ladi. 1918 yil aprelda u Toshkentda yosh buxoroliklarning so‘l eserlar guruhini tuzdi. 1920 yil fevralda U. Po‘latxo‘jayev inqilobchi yosh buxoroliklar partiyasi Turkiston Markaziy byurosining a’zosi bo‘lib saylanadi.

Usmon Xo‘ja BXSR tuzilgach, moliya noziri (1920), davlat nazorati noziri (1921), BXSR MIKning birinchi raisi kabi lavozimlarda ishladi. U Buxoro Xalq Respublikasidan bosqinchi qizil askar qo‘shinlarini olib ketilishi, Buxoroning haqiqiy mustaqilligi uchun kurashadi. 1921 yil dekabrda U. Po‘latxo‘jayev Sharqiy Buxoroda (Dushanbe atrofida) istiqlolchilar safiga o‘tadi va 1922 yil Afg‘onistonga o‘tib, Buxoro Respublikasining mustaqil milliy armiyasi uchun zamonaviy qurollar sotib olishga harakat qiladi.

Po‘latxo‘jayev muhojirlikda Afg‘oniston, Polsha, Eron va Turkiyada bo‘ladi. U. Po‘latxo‘jayev endi Turkiston mustaqilligi uchun kurashni mafkura maydoniga ko‘chiradi. 1927-1932 yillarda u Istanbulda “Yangi Turkiston” jurnalini nashr qildirdi. U Turkiston tarixiga oid ko‘plab asarlar muallifidir.