O‘tkir Alimov. Samarqandda Ulug‘bekning madrasasi nechta?

http://n.ziyouz.com/images/ulugbek-madrasah.jpg

Bu yil mamlakatimizda buyuk matematik, astronom, shuningdek, tarix, she’riyat, musiqa bobida ham barakali ijod qilgan Mirzo Ulug‘bek tavallud topganining 618 yilligi nishonlanmoqda. O‘tgan yillar mobaynida ulug‘ allomaning bizga qoldirgan boy ma’naviy, madaniy merosi o‘rganilib, respublikamizning barcha hududlarida anjumanlar, davra suhbatlari, ko‘rgazmalar tashkil etib kelinmoqda.

Amir Temurning kenja farzandi Shohruhning birinchi xotini Gavharshodbegim 1394 yil 22 mart kuni o‘g‘il ko‘radi. Unga Muhammad Tarag‘ay deb ism qo‘yishadi. Sohibqiron uning tarbiya­siga alohida e’tibor beradi va eng ziyrak nabirasi sifatida tanilgani uchun uni “Ulug‘ bek” deb e’zozlaydi. Arab va fors tillarini puxta o‘zlashtirgan Ulug‘bek diniy va dunyoviy ilmlarning asosi bilan tanishadi. Bobosining kengashlari va qabul marosimlarida qatnashadi. Ammo urushning dahshatli oqibatlarini ko‘rib nafratlanadi. SHuning uchun ham u o‘zining qirq yillik hukmronlik davrida majbur bo‘lgandagina jang maydonlariga ot surgan, xolos.

Zamondosh tarixchilarning qayd etishicha, bobosi Amir Temur kabi Mirzo Ulug‘bek tarix, tibbiyot, falakiyot kabi sohalar rivojiga e’tibor qaratgan. Haqiqatdan ham X-XI asrlardan shior tusiga kirgan “Ilm olishning avvali achchiq, kelajagi asaldir” deb aytilgan hikmatli o‘gitga amal qilgan Ulug‘bek o‘z faoliyatida amaliy ishlarga ko‘p vaqtini sarfladi: atrofiga turli soha bilimdonlarini to‘plab ulardan saboq oldi, ajdodlardan qolgan ilmiy meros bilan yaxshi tanishdi. O‘zi ham “To‘rt ulus tarixi”, “Ziji Ko‘ragoniy” kabi ko‘plab ilmiy asarlar yaratdi, ilmiy akademiyaga asos soldi. Ulug‘bek davrida savdo-sotiq rivojlandi, keng ko‘lamda qurilish ishlari olib borildi, jamoat inshootlari qurildi. Ayniqsa, yoshlarning ilm olishlarini rivojlantirish maqsadida Movarounnahrning bir necha markaziy shaharlarida turli fanlardan ilm olishga mo‘ljallab ilmiy muassasalar qurdirdi.

Hozirgi kunda Ulug‘bek zamonidan bizgacha yetib kelgan biri biridan go‘zal madrasalar barcha san’at ixlosmandlarini lol qoldirmoqda. Masalan, 1417-1419 yillar oralig‘ida Buxoroda qad ko‘targan madrasa. U ikki qavatli, to‘g‘ri to‘rtburchak (53x41,5 metr) ko‘rinishida bo‘lgan. Samarqandda 1417-1422 yillari qad ko‘targan ikki qavatli madrasa ham hajm jihatdan biroz kattaroq. Bu madrasalar devorlarining sathi o‘z davrida juda nafis rangli parchin va koshinlar, epigrafik Yozuvlar bilan bezatilgan bo‘lib, ularda talabalar uchun darsxonalar, kutubxonalar, dam olish xonalari bor edi. Tarixiy manbalarga ko‘ra, Ulug‘bek davrida yuqorida sanalgan uchtagina madrasa mavjud bo‘lgan.

Keyingi vaqtlarda gazeta sahifalarida va ilmiy adabiyotlarda chop etilgan maqolalarga ko‘z tashlansa, go‘yoki Ulug‘bekning Samarqandda ikkita, Registon va Go‘ri Amir ansambli tarkibida madrasalari bo‘lgan emish. Ulug‘bek zamondoshlarining qo‘l yozmalarida Go‘ri Amir ansamblidagi madrasa Ulug‘bekka emas, balki Amir Temurning katta o‘g‘li Muhammad Jahongir Mirzoning katta o‘g‘li Muhammad Sulton Mirzoga tegishlidir. 1404 yilning iyul oyi­da Amir Temur farmoni bilan madrasa yonida sardoba va bog‘ barpo qilingani haqida tarixchi Sharafiddin Ali Yazdiy va Samarqandga safar qilgan ispaniyalik Klavixo yozib qoldirgan.

Hozirgi ilmiy tadqiqotlarga nazar tashlasak, Go‘ri Amir ansambli tarkibida haqiqatda ham Muhammad Sulton Mirzo qurdirgan inshootlar mavjud. Bu yerda chorsi shaklida hovli bo‘lib, unga shimol tomondan kirilgan. Uning chap tomonida esa madrasa qad ko‘targan. U o‘rta hajm­li, atrofi bir qavatli hujralar, ikkita ayvon va ikkita qubbali zaldan iborat edi. Hovlining o‘ng tomonida esa madrasa bilan bir vaqtda qurilgan xonaqoh bo‘lib, keyinchalik hovlining to‘rida maqbara qad ko‘targan. Unda oldinma-keyin Amir Temurning piri Sayyid Baraka, Amir Temur, uning o‘g‘illari, nabiralari dafn etilgan.

Samarqanddagi ikkinchi madrasa hozirgi Registon ansamblidagi Ulug‘bek madrasasidir. Mirzo Bobur Ulug‘bekning Samarqandda qurdirgan imoratlari haqida “Boburnoma”da bergan ma’lumotida qal’a ichidagi madrasa va uning qarshisidagi xonaqoh, atroflarida masjid, hammom bo‘lganini yozib qoldirgan. Shuningdek, 15 asrning mashhur tarixchisi Abdurazzoq Samarqandiyning fors tilida yozgan “Matlai Sa’dayn va Majmai Bahrayn” (“Ikki sao­datli yulduzning chiqish va ikki dengizning ko‘shilish joyi”) nomli asarida Samar­qandda turgan vaqtlarida o‘z ko‘zi bilan ko‘rganlari haqida “Samarqand shahrining ichida, shaharning o‘rtasi va maydonning markazida Arki oliyga yaqin joylashgan Sarduatiq (sarduanik) deb ataladigan mavzeda Ulug‘bek bir-biriga ro‘baro‘ madrasa va xonaqoh bino qilib, bu ikki maqomni qurib tamomlash borasida bir necha yil davomida sa’y-harakatlar ko‘rsatdi.., u ikki imoratning latofatini Yozuv qalami va bayon raqami bilan tasvirlash mumkin emas.., ko‘p daromadli yerlarni, ekinzorlar va ariqlarni u joyga vaqf qilib ajratti, ulomalarning eng bilimdonlari va fozil kishilarning tajribakorlarini madrasada dars berish va tushuntirish uchun tayinladi…” deb yozgan. Ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, Ulug‘bekning Samarqandda faqat bitta madrasasi bo‘lgan. Lekin “Mirzo Ulug‘bekning Samarqanddagi ikkinchi madrasasi” nomli maqoladagi ma’lumotlarda 1558-1559 yillarda Buxoroda tavallud topib keyinchalik beixtiyor Hindistonga ko‘chgan tarixchi Mutribiy al-Asamning “Tarixi Jahongiriy” asaridan olingan satrlar keltirilgan. Unda Samar­qanddagi Go‘ri Amir maqbarasi tarkibida Ulug‘bek tomonidan qurilgan madrasa bo‘lib, 1625 yil atrofida ham talabalar o‘qishgani aytilgan. Maqolada mazkur asar yozila boshlaganida muallif 68-69 yoshlarda ekani, o‘z kitobida yana bir qator qaydlarni, ya’ni Go‘ri Amir ansambliga boraverishdagi hovlining chap tarafidagi madrasa, o‘ng tarafidagi imorat, hovli peshgohida joylashgan dahma va u bilan bog‘liq boshqa qimmatli manbalar haqida yozgan.

Biz uchun Mutribiy al-Asam ma’lumotlari juda qiziqarlidir. Lekin muallifning madrasani Ulug‘bek bunyod qilgan degan izohi chalkashlik oqibatidir. Sababi ansambldan o‘rin olgan madrasa, xonaqoh, ulardagi minoralar me’moriy yechimi va qurilish uslubiga ko‘ra Ulug‘bek zamoniga mansub emas. Faqat hovli peshgohiga taqab qad rostlagan Go‘ri Amir maqbarasi (XV asr)ning bitmay qolgan qismlari Ulug‘bek davrida bunyod etilgan.

Yozma manbalardagi bunday chalkashliklar bizdan yoshlarni chalg‘itmaslik uchun qadimiy yozma manbalardan kelajakda ehtiyotkorlik bilan foydalanishni taqozo etadi.

O‘tkir Alimov,

Temuriylar tarixi davlat muzeyining yetakchi ilmiy xodim

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2012).