Feliks Medvedev. Nikolay II tirikmi?

Tarixda yozilishicha va biz shu kunga qadar ishonib kelgan ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyaning eng so‘nggi podshosi Nikolay II va o‘sha davrning saroy malikalari bo‘lmish buyuk knyaginyalar – shohning xotini va qizlari 1918 yilning iyulida bolsheviklar hukumati tomonidan otib tashlangan edi. Ammo buni qarangki, bularning barchasi uydirmaga o‘xshab qoldi.

Ma’lum bo‘lishicha, Rusiyaning so‘nggi hukmdori yaqin yillarga qadar ham Serpuxovo yaqinidagi 17-o‘ta maxfiy ob’ektda yashab kelgan. Bundan tashqari, hukmdorning qizi, ulug‘ knyaginya Olganing o‘limidan so‘ng dafn etilish sirini esa Vatikan uzoq yillar maxfiy saqlagan.

Gap shundaki, Daniya Qirolligidagi Petropavlovsk ibodatxonasidan Aleksandr uchinchining xotini, ya’ni Nikolay II ning onasi bo‘lmish imperatritsa Mariya Fyodorovnaning xoki ko‘chirilib, qayta dafn etiladi.Bu norasmiy marosim 1998 yilda o‘tkazilib, aynan Nikolay II va uning oila a’zolarining qayta dafn etilish vaqtiga to‘g‘ri keladi.Lekin shunga qaramay, hamon ko‘p narsalar mavhumligicha qolib kelmoqda.Ularning eng muhimi esa quyidagicha : haqiqatan ham so‘nggi rus podshosi ilgarigi salafdoshlari bilan aynan shu ulug‘ ibodatxonaga dafn etilganmidi? Matbuotda bu mavzu juda ko‘plab bir-biriga zid bo‘lgan ma’lumotlar berilgani, ilmiy tadqiqotlar o‘tkazilganiga qaramay, hamon bir xulosaga kelinganicha yo‘q.

Ammo bu voqealarga doir «Mir novostey» gazetasiga parijlik fotoreportyor, 70-yillarda SSSRdan muhojir bo‘lib ketgan Vladimir Sichevning bergan intervyusidagi taxmin va gumonlar shundan dalolat beradiki, buyuk knyaginyalardan biri Olga Nikolaevna 1976 yilga qadar Vatikan rahnamoligida yashab kelgan. Bu esa Kolchak topshirig‘iga ko‘ra podsho oilasining a’zolarini bitta qoldirmay qirib tashlash to‘g‘risidagi buyrug‘ining bajarilishi natijalari to‘g‘risida yangicha taxminlarni yuzaga keltiradi.

– 1970 yilning oxirida men taqdir taqozosi bilan Rossiyadan G‘arbga ketib qoldim. Ayni paytda Parijda istiqomat qilaman. SIPA agentligida faoliyat ko‘rsatmoqdaman, – deb o‘zini tanishtirgan Vladimir Sichev quyidagilarni hikoya qilib berdi:

– 1983 yilning noyabrida men Venetsiyaga xizmat safari bilan borgandim. Bu yerda yirik davlatlarning boshliqlari uchrashishi kerak edi. Ushbu sammitda bir italyan jurnalisti bilan tanishib qoldim. Mening o‘ziga hamkasaba ekanligim va ayniqsa rusligimni bilgach, u qo‘limga bir gazeta tutqazdi. Unda Nikolay II ning otib o‘ldirilishdan qanday saqlab qolinishi to‘g‘risida maqola chop etilgandi. Mazkur maqolada Shveytsariyaning xususiy klinikalaridan birida butun katolik dunyosining diniy hamshirasi Paskalinaning vafot etgani, bu rohiba Piya XII (1939-1958y.) papaligi davrida muhim bir vazifada ishlagani va eng asosiy qarorlarni qabul qilishda papaga kuchli ta’sir ko‘rsata olishi bilan mashhur bo‘lgan. Katolik mazhabining markazi bo‘lmish bu yurtda uni «Vatikanning temir xonimi» deb atashardi. Shunday qilib, Paskalina ona o‘limidan oldin yoniga advokat va guvohlarni chaqirtirib, o‘zining umri davomida shohidi bo‘lgan bir sirni qabriga olib ketishni istamasligini bildirgan. U Italiya shimolida joylashgan Markotti qishlog‘i yaqinida dafn qilingan noma’lum ayolning mayiti aslida rus podshosi Nikolayning qizi Olganiki ekanligi va u aslo 1918 yilning 16 chidan 17 iyuliga o‘tar kechasi bolsheviklar tomonidan otib o‘ldirilmagani to‘g‘risida gapirib bergani to‘g‘risida so‘z borardi. Shunda V.Sichev italyan jurnalistidan u bilan birga o‘sha qishloqqa birga borishni, bu qabrning mavjudligini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib ishonch hosil qilishi kerakligini so‘rab, turib oladi. To‘rt soatlik yo‘ldan keyin ular qishloqqa yetib kelishadi. Mahalliy go‘rkov ularni hech qanday ikkilanishsiz bir qabrga boshlab boradi. Darhaqiqat, qabrtoshda «Olga Nikolaevna, rus podshosi Nikolay II Romanovning katta qizi, (1895-1976 yillar)» degan bitik bor edi. Qabrtoshda marhumaning familiyasi qayd etilmagan bo‘lib, bu uning shuncha vaqt boshqa nom ostida yashaganidan dalolat berardi.

– Buning bari men uchun nihoyatda kutilmagan yangilik edi, – hikoyasida davom etadi Vladimir Sichev, – va shu sabab hamon hayajonimni bosolmay, tarjimon yordamida qabriston qorovulidan bu ayol qishloqda qachondan beri yashay boshlaganini suradim.

– U bu yerga 1948 yilda, urushdan keyin ko‘chib kelgandi, – dedi ishonch bilan qorovul.

– Bu yerda yashab yurgan vaqtida u o‘zi to‘g‘risida biror bir ma’lumotlar berganmidi?

– Albatta , Olga kelishi bilan bu yerdagilarga o‘zining so‘nggi rus shohining qizi ekanligini aytgandi.

– Uning bu gaplari matbuotga ham chiqarmidi?

– Ha, chiqardi.

– Bu kutilmagan arzga boshqa Romanovlarning munosabati qanday bo‘ldi?

– Ular ayolni sudga berishdi.

– Va har safar sud jarayonida yutqazarmidi?

– Ha, shunday.

– Unda, – deb ovoz chiqarib mulohaza yurita boshladim men,- bu ayol g‘olib kelgan tarafning advokatlarining xarajatlarini to‘lashi kerak edi-ku. Bunga u pulni qaerdan olardi? U biror joyda ishlarmidi?

– Yo‘q, u hech qaerda ishlamasdi.

– Unda bu xarajatlarni kim to‘lagan?

Qorovul xotirjam , shuni ham bilmaysizmi degandek javob berdi:

– Axir qishloqdagilarning hammasi uning Vatikan homiyligida ekanligidan xabardor edilar.

Parijga qaytgach, V.Sichev marhumaga tegishli bor hujjatlarni titkilashga tushadi. Va maxfiy hujjatlardan haqiqatdan ham shoh oilasini yoppasiga otib tashlash qatli sodir etilmaganini bilib oladi.

«QATL» NOMLI SPEKTAKL

Bizga yetib kelgan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘z topshirig‘ining qay darajada toza bajarilganini aniqlab kelish uchun o‘sha paytlarda admiral Kolchak qandaydir Nametkin degan kimsani shu ishni o‘rganish bo‘yicha izquvarlikka yollaydi. Tergovchi vazifasiga tayinlangan va bu ish bilan uch oy mashg‘ul bo‘lgan Nametkinnnig fikricha, bu ish o‘ta jo‘n bo‘lib, u quyidagi xulosaga keladi: hech qanaqangi qatl otishmasi sodir etilmagan, shunchaki g‘azot instsenirovkasi namoyish etilgan xolos.

Bunday xulosa Kolchakni qanoatlantirmaydi va Nametkinning bergan yozma axborotini tortmaga tashlab qo‘yib, boshqa bir, Sergeev familiyali izquvarni yollaydi. Aynan Sergeev haqiqatni oxirigacha ochishi kerak edi.

Xuddi ana shu yerda biz hozirgi zamon o‘quvchilariga ayrim narsalar yanada oydin bo‘lishi uchun biroz chekinish qilishimizga to‘g‘ri keladi. Inchunun o‘sha davrdagi voqealarga shohid bo‘lgan ruslar 1917 yildagi mazkur voqealar haqidaku yaxshi bilishardi, ammo frantsuzlarning kinoyali ta’kidlariga ko‘ra shohni Lenin qatl ettirgan deb hisoblanib kelingan. Vaholanki, o‘sha paytda Lenin endigina chet eldan, Germaniyadan qaytib kelgan, shohni esa oq respublikachilar g‘orat qilishgandi. Endilikda ularga tirik shohning hecham keragi yo‘q va podshoh to‘g‘risidagi qolgan-qutgan afsonalar esa shunchaki to‘qib-bichib tashlangan edi. Aslida esa hammasi boshqacha bo‘lgan. Ya’ni izquvar Sergeev uch oy mobaynida Kolchakka quyidagilarni ma’lum qilib turadi: «Men professionalman va bu voqealarning hammasini tahlil qilib chiqish uchun menga ko‘p vaqtning keragi ham yo‘q. Shuning uchun ta’kidlaymanki, hech qanaqangi qatl sodir etilmagan va bu «xunrezlik» sahna ko‘rinishi bo‘lgan xolos.» Ammo bu ko‘rsatmalardan ham qanoatlanmagan Kolchak mazkur ishga o‘z odami – yurist Nikolay Sokolovni jalb etadi. Sokolov 1919 yil fevralining oxiridan may oyining so‘ngigacha bu ish bilan shug‘ullanadi. Biroq qidiruv ishlarini yakunlashga ulgurolmay qoladi: sababi qizillar Yekaterinburgni ishg‘ol qilgandilar. Oq armiya bilan birga arxiv hujjatlarini ham o‘zi bilan olgancha chekingan Sokolov Parijga kelib qoladi va nihoyat 30-yilga kelib «Shoh oilasining qatli» nomli kitobcha chop ettiradi.

(Shu yerda aniqlik kiritib o‘tadigan bo‘lsak, Sokolovning mazkur kitobi aslida 1925 yilda chop etilagn bo‘lib,uning muallifi 1924 yilning 23 noyabrida «ma’lum bo‘lmagan sabablarga ko‘ra» vafot etgandi. Bu insonning ko‘rimsizgina qabriga do‘stlari tomonidan o‘rnatilgan lavhga esa quyidagi so‘zlar zikr etilgan: «Sening Haqiqating- Abadiy Haqiqat». Rossiyada bu kitob 1990 yildagina «Sovetskiy pisatel» nashriyoti tomonidan chop etiladi.

Bundan tashqari, shuni ta’kidlashim mumkinki, aynan o‘sha davrga kelib, Parijdagi rus antikvar magazinlarida Sokolov tadqiqotlarining birining nusxasini sotib olishni taklif qilishdi. Mazkur nusxa qadimgi mashinkada terilgan bo‘lib, shohning o‘ldirilgan oila a’zolarining suratlari , Koptyagada yondirib yuborilgan bu murdalarni izlash sxemalari, Sokolov dastxatlari va o‘sha paytda bor-yo‘g‘i bir nechagina nusxada bo‘lgan ashyolardan iborat edi. Magazin xo‘jayini mazkur bebaho hujjatlar uchun besh ming dollar so‘radi. Afsuski, o‘sha paytda Parijda men bu miqdordagi pulni topishning ilojini qilolmadim. Bunday noyob hujjatlarning o‘z bahosiga nisbatan bu qadar arzon bo‘lishining sababi shunda ediki, ashyoviy hujjatlar to‘plami ichida bitta bob yetishmasdi.

– Shunday qilib, har ikkala izquvarning xulosalari, – davom etadi Sichev, – favqulodda kutilmagan bir narsani, ya’ni hech qanday qatli om bo‘lmaganini tasdiqlaydi. Bundan tashqari, shu paytgacha o‘ldirilganlarning tanasi topilmagan, demak murdalar yuq-ki, qatl ham bo‘lmagan. Bundan kelib chiqadiki, butun boshli podshoh oilasi izsiz g‘oyib bo‘lganmi?

Rasmiy taxminlarning mantiqqa to‘g‘ri kelmasligi sababi – oqlar Yekaterinburgga sakkizinchi kuni kirib kelgani ma’lum bo‘ladi. Imperator poezdi vahima va qo‘rquv bilan bu yerdan chiqib ketadi. O‘ldirilganlarning jasadlari yuk mashinasidagi ikkita soldatga topshiriladi.O‘lkashunoslik muzeyidagi ma’lumotlarga ko‘ra, bu haydovchilarning mashina bakida jami 78 litr benzin borligi ma’lum bo‘ladi. Bu yonilg‘i miqdori shu qadar ko‘pki, xas-xashaklar bilan yopilgan murdaning ustiga bir karra uchqun berishning o‘zi butun tanalarning kulini kunpayakun qilishi turgan gap. Bundan tashqari, murdalarni dafn etish – bu ularni o‘ldirganlarning ishi emasmi, bularga taqdirning hukmida noma’lum qoldirilgan ikkita xudobexabar askarning nima aloqasi bor?

Shunday qilib, Nikolay IIni 1998 yilda Romanovlar bilan emas, uning yonidagi qardoshlik qabristoniga qayta dafn etdilar. Mazkur tantanada «Romanovlar – imperatorlar oilasi» degan iboralar jaranglamadi. Bunda faqat ulug‘ azobga giriftor bo‘lganlar, aybsiz qatl etilganlar haqidagina so‘z bordi.

Yaqinda esa Nikolay va uning qavm-qarindoshlarining mayitidan qolgan suyaklarni ekspertiza qilish ishlarida ishtirok etgan yaponiyaliklar bizning o‘tkazgan tekshiruvlarimiz xatoligi, Petropavlovskda dafn etilgan suyaklar boshqa birovlarniki ekanligini ta’kidlashdi. Bunga qo‘shimcha qilib yana shuni aytish mumkinki, dafn etilganlar orasida Anastasiya va Alekseyning suyaklari yo‘qligini hisobga oladigan bo‘lsak, shoh oilasining yoppasiga otib o‘ldirilgani to‘g‘risidagi taxmin hech qanday mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Mutaxassislar ta’kidlashmoqdaki, bunday otishmadan omon qolish umuman mumkin emas.
Bundan kelib chiqadiki, yoxud Ipatevskiy yerto‘lasida o‘tkazilgan qatlda bu baxtiqarolarning hammasi bitta qolmay qirib bitirilgan yoxud umuman bu qatl sodir etilmagan .

Sichev bu voqelarni gapirib berishni yakunlaganda, maxfiy 17-ob’ektdan tortib, Konshin rekvizitlarigacha uning kompyuterida shu mavzuda biror bir ma’lumot topilmasmikin, deb qiziqib qoladi. Buni qarangki, uch minutga qolar-qolmas, kompyuterdan shunday javob olinadi: Ha, Stalin ikki bor Kremlni tark etib, ziyoratga chiqqan. Birinchi bor – chet el yozuvchisi, ya’ni Jon Ridning dachasiga, ikkinchi bor esa Orjonikidzening dachasiga.

– Menimcha esa, – deya shubhalanishda davom etadi Sichev, – Stalinning Moskvadan allaqanday chet ellik yozuvchini ziyorat qilish uchun borishi yoxud Orjonikidzenikiga mehmondorchilikka kirishiga ishonish qiyin. Va shundan kelib chiqadiki, agar shohning katta qizi Olga 1976 yilda vafot etganini hisobga oladigan bo‘lsak, demak Rossiyaning so‘nggi podshosi 30-yillar oxirida vafot etgan va Rossiyaning g‘arbiy hududlarining birlashtirilishi rus imperatorining o‘zi bilan bamaslahat holda amalga oshirilgan bo‘lishi ham mumkindir. Boshqacha qilib aytganda, mazkur qayta ochilgan dalillar qandaydir aql bovar qilmas ma’noga ega. Xo‘sh, Nikolay II aslida kim? Kim o‘zi bu temir niqobli odam?

Hamkasabasi bilan bo‘lgan yangi uchrashuvida Parij reportyori unga Stalinning Konshinoga qilgan tashriflari to‘g‘risida gapirib beradi. Bunga javoban u hayajon bilan quyidagilarni hikoya qiladi: «1983 yilda biz xotinim bilan xuddi ana shu imeniyaga tashrif buyurgandik. Men xuddi banklardagi kabi po‘lat devorlaru burab ochiladigan tutqichli eshiklarni hali -hali eslayman. Nazariy nuqtai nazardan ham, amaliy jihatdan ham bu yerda shu narsa ko‘rinardiki, bunday temir beton devor ortida istalgan odam qo‘riqlanishi mumkin edi. Darvoqe, hozir, bir daqiqa, shoshmay turing, men xotinimga birrov qo‘ng‘iroq qilib boqaychi», dedi u va telefon raqamlarini terdi. U yoqdan go‘shak olingach, so‘radi: «Irina, esingdami, biz 1983 yilda Konshinlarning imeniyasiga borgandik.U yerda hammasidan ham ko‘ra nimalar seni lol qoldirgandi?» Va go‘shakni menga uzatadi. Go‘shakdan ayol kishining «U yerda meni hammasidan ham ko‘ra ko‘proq hayratga solgan narsa bu – Konshinlar qabrining ochib tashlangani bo‘lgandi» degani eshitildi.

– G‘alati, shunday emasmi? – so‘raydi mendan Sichev.

– Buning nimasi ajablanarli. Shunchaki go‘rkovlar ishi yoki biror xazina qidiruvchining o‘zboshimchaligidir-da.

– Hecham bunday emas! Aniq taxmin shundan iboratki, 17-maxfiy ob’ektning qabristoni, boz ustiga Stalinning bu yerga ikki bor sirli tarzda kelib ketganini ham hisobga oladigan bo‘lsak, bu joy polkovnik Romanovning xokini saqlagan, ya’ni uning kimningdir nimadandir nihoyatda xavotirlanishiga sabab bo‘lgan suyaklarini! Va afsuski bu xavotir hali hamon yo‘qolmagan ko‘rinadi.

Dilfuza tarjimasi