Nargiza Sobirova. Ma’rifat qaldirg‘ochlaridan biri

http://n.ziyouz.com/images/jadid.jpg

Mamlakatimizning XIX asr oxiri va XX asr boshlaridagi murakkab tarixini o‘rganish Turkistondagi barcha yirik shaharlarda va Buxoroda aholining milliy ongini uyg‘otish hamda milliy mafkura g‘oyasini tarqatish uchun katta xizmatlar qilgan jadidlar faoliyatini to‘g‘ri yoritish masalalari bilan bevosita bog‘liq. Shu maqsadda mazkur maqolada XX asr boshida O‘zbekistonda xalq ta’limini rivojlantirish tarixiga doir ayrim muammolarga to‘xtalib o‘tamiz.

Ma’lumki, Oktyabr to‘ntarishidan keyin hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallab olgan bolsheviklar ichki va tashqi omillar ta’sirida eski milliy ziyolilarni hamda voyaga yetib kelayotgan yangi avlod vakillarini siyosiy-ijtimoiy-iqtisodiy faoliyatga jalb etishga majbur bo‘ldilar. Sababi, asrlar osha shakllanib kelgan milliy-ma’naviy, diniy qadriyatlarga tayanmasdan turib, tub aholi orasida obro‘-e’tibor qozonish ham, asl maqsadlarini amalga oshirish ham mumkin emas edi. Ana shu maqsadda sovet hokimiyati birinchi navbatda maorif va maktab ta’limini qo‘lga olishga katta e’tibor berdi. Bu borada Turkistonda sovet hukumatining dastlabki yillarida bir qancha jiddiy tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, xalq ta’limining an’anaviy usullarini qisqartirish va Islom ahkomlariga tayangan eski ta’lim tizimini yo‘qotish uchun quyidagai vazifalarni bajarish qattiq talab qilindi:

– Sodda, hammaga tushunarli bo‘lgan arab grafikasi asosidagi o‘zbek alifbosini isloh qilish, arab grafikasidagi ba’zi bir harflarni qishloq va shahar shevalariga moslab soddalashtirish. Bu yangi ta’lim tizimiga xos uslubiyotning asosini tashkil etar edi.

– O‘quvchilarga bilim berish uchun yangi talablarga mos keladigan darslik va qo‘llanmalar yaratish, kattalar uchun ham alifbo qo‘llanmasi tuzish.

– Maktab yoshidagilar va kattalar uchun yangi uslubiy qo‘llanmalar va ko‘rgazmali vositalar ishlab chiqish.

– Qisqa muddatda malakali muallimlar tayyorlash.

– Yangi tipdagi maktablar qurish.

Juda ko‘plab ziyolilar qatori taniqli ma’rifatparvar Shokirjon Rahimiy ham mazkur ishlarga jalb qilindi. Bu mas’uliyatli vazifani bajarish uchun Shokirjon Rahimiy arab alifbosini hozirgi zamonga moslab soddalashtirish, shunga muvofiq harflarning yozilishini ham osonlashtirish, o‘zbek adabiy tilini qishloq va shahar shevalariga moslashtirish lozim degan talabni ilgari surdi.

“Savod chiqarishning kaliti alifbodadir” deb hisoblagan Sh.Rahimiy ana shunday darslik yaratishga kirishdi va tez orada “Sovg‘a” deb atalgan alifbo qo‘lyozmasini yaratdi. Yangi usuldagi bu alifbo haligacha mutaxassis olimlar e’tiboridan tushmay keladi. (Bu borada Sotimxon Xolboyevning ishlari diqqatga sazovor). Shu munosabat bilan quyidagilarni ta’kidlash zarur:

“Sovg‘a” alifbosi arab grafikasi asosidagi birinchi alifbo ham yoki uning ilk varianti ham emas. Bu borada tatar olimlari va jadid ma’rifatparvarlarining, jumladan Munavvar Qorining (1906) darsliklari mavjud edi. “Sovg‘a” alifbosini tuzishda 1907 yilda ochilgan “Rahimiya” maktabi hamda Sh. Rahimiyning shaxsiy pedagogik tajribasi asosiy tayanch vositasi bo‘lib xizmat qildi.

Bolalar uchun birinchi kitobni tuzishda u Munavvar Qori, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Ashurali Zohiriy, Elbek, G‘ozi Olim, Qayum Ramazon, Avloniy, Gasprali va boshqa mashhur jadidlar hamda Yevropa ma’rifatparvarlarining ilmiy-uslubiy asarlaridan foydalandi.

Mazkur darslik 1924 yilda o‘z davrining taniqli olim va pedagoglari tomonidan muhokama qilinib, ma’qullandi. Buxoroda o‘tkazilgan maslahat kengashi qarori asosida u nihoyatda zarur darslik deb e’tirof etildi. O‘sha davrning mashhur ziyolilaridan biri Sulaymon Azim shunday deb yozgan edi:

“Sovet tuzumining birinchi kunlaridan boshlab, to 30-yillarning oxirigacha yoshu qari Shokirjon Rahimiyning darsligi tufayli savodxon bo‘ldi. Bu darslik bir necha marta qayta nashr etildi. “Sovg‘a”da bolalar ruhiyatiga mos kichik maqolalar va hayotiy lavhalar berilgan”.

1919–1936 yillarda ham Shokirjon Rahimiy ko‘plab darsliklar yaratdi, boshlang‘ich maktablarning barcha sinflari uchun til-imloga qo‘llanmalar tuzdi. Bunday kitoblarning soni o‘ntadan ortiq edi.

Shokirjon Rahimiy bolaning milliy ongini uyg‘otish va uni milliy an’analar ruhida tarbiyalashni birinchi sinfdan boshlab amalga oshirish zarur deb hisoblardi.

“Sovg‘a”lar takomil qiladir” maqolasida (“Alanga” jurnali, 1927 yil, 6-son)u shunday yozadi: “Bolalarning ongiga milliy ruh alifbo orqali singdirilishi kerak”.

O‘sha davr bolalarining tayyorgarligi va tasavvurlarini hisobga olgan holda u qishloq va shahar bolalariga alohida-alohida alifbo darsliklari yaratdi. Shuningdek, kattalarning savodxonligini oshirishga qaratilgan maxsus qo‘llanmalar tuzdi. Bu kitoblar “O‘zbekiston Milliy Sho‘rosi kitoblar komissiyasi”ning 1930 yil 23 iyundaagi qaroriga asosan nashr etilgan edi.

Mohir pedagog 1926 yilda “O‘zbek ishchi-dehqonlarining kalendari” taqvimini ham tuzdi. U yangicha ta’limiy asarlar yaratish jarayonida ma’rifatparvarlik g‘oyalarini ilgari surishga, milliy tilni yuksaltirishga, milliy madaniyat va dunyoqarashni, qadimiy an’analarni saqlashga har doim katta ahamiyat bergan edi.

20-yillarning o‘rtalariga kelib, maktablarning 1- va 2-bosqichlari uchun bir qator boshqa darsliklar ham e’lon qilindi. Ularning ko‘pchiligi ruscha darsliklardan so‘zma-so‘z qilingan tarjimalar edi. Avloniy, Fitrat, Elbek, Sh.Rahimiy va boshqa yetuk milliy ziyolilar bu harakatning salbiy jihatlarini tez tushundilar va yangidan yoziladigan darsliklar milliy ruhda bo‘lishi hamda xalqning milliy ongini, madaniyatini yuksaltirishga, milliy tilni rivojlantirishga xizmat qilishi kerak degan fikrni ilgari surdilar.

Sh. Rahimiy maktabdagi ta’lim jarayoni mohiyati haqida shunday yozadi: “Maktab bolalarni faqatgina o‘qitib qolmay, ularning ma’naviy dunyosini va jismoniy quvvatini rivojlantirishi, dunyoqarashini milliy qadriyatlar, tarixiy an’analar ruhida shakllantirishi, o‘z Vatanini yurakdan sevgan faol fuqarolarni tarbiyalab yetishtirishi zarur”.

O‘quvchilar ongida milliy dunyoqarashni shakllantirish uning asosiy g‘oyasi edi. Olimning hayotiy va ilmiy faoliyati mazmunini “Turkiston sho‘rolar jumhuriyatidagi maorifparvar yoshlarga xitob” dasturida ochiq ko‘rish mumkin.

1923 yilda Munavvar Qori rahbarligida “Nashri maorif” jamiyati tashkil etildi. Sh.Rahimiy bu jamiyatning Toshkent viloyati Eski shahar bo‘limini boshqardi va Boku hamda Germaniyaga iqtidorli yoshlarni o‘qishga jo‘natish tashabbuskorlaridan biri bo‘ldi. Eski maktablarni va “Ishoqiya” kutubxonasini ta’mirlashda uning xizmati katta.

Sh.Rahimiy qator ilmiy jamiyatlar va qo‘mitalarning faol a’zosi sifatida ham tanilgan edi. U Turkiston tabiiy yodgorliklari, san’at, tarix, shuningdek, muzey ishlari komissiyasining a’zolaridan biri edi.

Sh.Rahimiy 1918–1924 yillarda eski shahar maorif bo‘limini boshqardi, so‘ng Toshkent viloyati maorif bo‘limiga rahbarlik qildi. U 1920 yilda musulmonlar universitetining tashkil topishida ham faol ishtirok etdi va Munavvar Qoridan keyin bu ilm maskaniga rahbarlik qildi.

Toshkentdagi birinchi Ayollar Pedagogika bilim yurti bevosita uning tashabbusi bilan ochilgan edi. 1922 yilda Xalq ta’limi Respublika qo‘mitasining yo‘llanmasiga muvofiq u Toshkentdagi ishchilar fakultetida direktor lavozimida ham ishlagan. Bu o‘quv dargohi juda ko‘p yoshlarning oliy va malakali ta’lim olishiga yordam bergani ma’lum.

Shokirjon Rahimiy 1928 yilda Maorif institutini ham boshqardi, “O‘zbekiston” nashriyotida bo‘lim boshlig‘i va muharrir lavozimida ishladi, 1930 yilda esa Moskvaga xizmatga jo‘natildi. Xalq ta’limi komissariyatining yo‘llanmasi bilan maorif va teatr guruhining rahbari etib tayinlandi. Bu guruhda taniqli o‘zbek artistlari va madaniyat arboblari Abror Hidoyatov, Mannon Uyg‘ur, Sora Eshonto‘rayeva va boshqa san’at namoyandalari ta’lim olganlar.

Olim Moskvadaligi vaqtida Munavvar Qori boshchiligidagi bir guruh jadidlar qamoqqa olinadi. Sh.Rahimiy Toshkentga qaytgandan keyin uning ustidan ham tergov boshlanadi. Taniqli maorifchi 1938 yil avgust oyida Davlat xavfsizligi qo‘mitasi tomonidan qo‘lga olinadi va 1938 yil 5 oktyabrda SSSR Oliy Sudining 58 (davlat to‘ntarishi), 64 (terroristik akt), 67 (kontrrevolyutsion tashkilotda qatnashgani uchun) moddalariga asosan, jinoiy javobgarlikka tortiladi va otishga hukm etiladi.

Taniqli iqtisodchi Hikmat Sobirov shunday xotirlaydi: “Yanglishmasam, 14 yoshimda 1937 yil 18 iyulda amakimni Taxtapuldagi uyimizdan olib ketishdi. Yana uyimizdagi kitoblar va qog‘ozlarni ham musodara qilishdi. Dadamning safdoshlari, hamfikrlari Abdulla Qodiriy, Elbek, Fitrat, Cho‘lpon, G‘ozi Yunuslarning hammasi bir kunda hibsga olingan. Sh.Rahimiy va uning maslakdoshlariga nisbatan faqat tuhmatdan iborat soxta ayblar qo‘yilgan.

O‘zbek milliy maktabshunosligining asoschilaridan biri, juda ko‘p darsik, qo‘llanmalar muallifi, fidoyi maorifchi Shokirjon Rahimiy nohaq tuzum qurboni bo‘ldi”.

Sh.Rahimiy singari fidoyi shaxslar istiqlol va mustaqillik g‘oyalari yo‘lida kurashgan edilar. Afsuski, ular ezgu maqsadlarini amalga oshira olmadilar.

Hujjatlarning guvohlik berishiga ko‘ra, 1937–1939 yillarda O‘zbekistonda 6920 ta shaxs aybsiz qatl etilgan. Shulardan 1571 kishi adabiyot, maorif va madaniyat sohasining taniqli vakillari edilar.

Zulmat qanchalar qorong‘i bo‘lmasin, yorug‘lik baribir tantana qiladi. Nihoyat, yurtimiz mustaqillikka erishdi, adolatsizliklar barham topdi. Xalqimiz o‘z qadr-qimmatini, ma’naviy qadriyatlarini anglashga va ardoqlashga o‘rgandi.

Milliy ruh bilan sug‘orilgan darslik va qo‘llanmalar yaratib, yosh avlodning ma’naviy dunyosini shakllantirishga, o‘zligini anglatishga, madaniyatimizni yuksaltirishga katta hissa qo‘shgan Shokirjon Rahimiy singari fidoyi insonlarning porloq xotirasi minnatdor avlodlar qalbida barhayot yashaydi.

Nargiza Sobirova, O‘zbekiston Milliy universiteti aspiranti

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2008 yil, 11-son


Ziyo istagan qalblar Telegram kanaliga marhamat!