Naim Karimov. Xudoybergan Devonov

http://n.ziyouz.com/images/devonov.jpg

O‘rta Osiyoga fotografiyaning kirib kelishi

Bundan bir necha yil muqaddam O‘zbekiston tarixi davlat muzeyida Sharq-ni Yevropa uchun kashf etish ishtiyoqida O‘rta Osiyoga fotoapparat bilan kelgan frantsuz sayyohi va fotografi Pol Nadarning ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tgan edi. Rostini aytsam, bu ko‘rgazmadan ko‘p narsani kutmagan edim. Ammo frantsuz fotografining XIX asr oxirlarida O‘rta Osiyoga kelib, ota yurtimiz manzaralarini tasvirga tushirgani meni behad darajada hayajonga soldi. Negaki, Pol Nadar tasviridagi shahar va qishloq ko‘rinishlari, oradan bir necha asrlar o‘tgan bo‘lsa hamki, qariyb o‘zgarmagandi. Balki Navoiy Samarqandga tahsil olish uchun kelganida Pol Nadar tasvirga tushirgan maydon va ko‘chalarda yurgandir. (Bunga shaxsan men zarracha shubha qilmayman.) Faqat shahar va qishloqlar emas, balki shu shahar va qishloqlardagi qaynoq hayot manzaralari ham, odamlarning o‘sha vaqtdagi o‘ziga xos qiyofalari ham uning fotosuratlarida muhrlangan edi. Frantsuz fotografining olis tariximizni shu tarzda bizga bir umrga muhrlab qoldirgani men uchun unutilmas voqea bo‘lgan edi, o‘shanda.

Inson tafakkurining qudrati bilan vujudga kelgan fotografiyaning O‘rta Osiyoga, xususan, o‘zbek diyoriga kirib kelganiga 130 yil bo‘ldi.

Tarixiy hujjatlarning shahodat berishicha, O‘rta Osiyo, xususan, hozirgi O‘zbekiston bilan tanishish, uning tabiati, tarixi va madaniyatini o‘rganish maqsadida ilk bor fotoapparat bilan Turonzaminga kelgan kishilar yevropalik sayyoh va o‘lkashunoslardir. Ulardan keyin esa hunarmandlar va tadbirkorlar qadam ranjida qilishgan. Shulardan biri Anton Murenko (1837-1875) bo‘lib, u 1858 yilda polkovnik N.Ignatevning harbiy-diplomatik safari vaqtida “ochiq muzeylar shahri” – Xiva ko‘rinishlarini suratga olgan. Uning izdoshlaridan biri Stanislav Nikolayev 1837 yilda Toshkentda ilk fotografiya atelesiga tamal toshini qo‘ygan. Olim va fotograf Nikolay Veselovskiy (1848-1918) va S.Dudin (1863-1929) XIX asr oxirlarida Samarqanddagi mashhur madrasa va maqbaralardagi naqshlar chamanzorini ilm-fan uchun muhrlab qoldirishgan. Nihoyat, bizga tanish bo‘lgan parijlik foto ustasi Pol Nadar 1890 yilda O‘rta Osiyoga sayohatga kelib, yuqorida tilga olganimiz Orol dengizidan Pomir tog‘lariga qadar cho‘zilgan qadrdon yurt manzaralarini suratga tushirgan.

XIX asrning ikkinchi yarmida O‘rta Osiyo, xususan, Turkiston fotograflar uchun serqatnov chorrahalardan biri bo‘lib qoldi. Ular uchun, ayniqsa, Samarqand muqaddas ziyoratgoh manzilga aylandi. Yevropalik va rossiyalik foto ustalari olis asrlarning aks-sadosi va yodgorligi – Samarqandning mahobatli me’moriy majmualarini suratga olish uchun fotografik ekspeditsiyalarni qayta-qayta uyushtirdilar. Bu foto ustalari orasida yangi san’at turining eng mashhur namoyandalari oz bo‘lmagan. Masalan, o‘tgan asrning 30-yillaridagi poligrafiya va fotografiyaning so‘nggi yutuqlarini o‘zida mujassamlantirgan “O‘zbekiston 10 yilligi” fotoalbomining bosh fotografi Aleksandr Rodchenko (1891-1956) shunday kishilardan biri edi.

Moskvadan maxsus taklif etilgan bu foto ustasi Toshkentga kelib, Boris Kudoyarov (1898-1974) va Georgiy Zelma (1906-1984) singari taniqli mahalliy fotograflarga ustozlik qildi. Ular garchand 20-yillarda Moskvaga ko‘chib ketgan va o‘sha yerda yashab, ishlagan bo‘lsalar-da, O‘zbekiston bir umrga ular ijodining markaziy mavzularidan biri bo‘lib qoldi. Ularning mamlakatimizda yaratgan asarlari, Maks Albert, A.Shayxet, I.Panov va boshqa taniqli fotograflarning O‘zbekiston mavzuiga bag‘ishlangan ishlari singari, foto san’atining oltin fondidan munosib joy olgan.

Afsuski, tabiiy ofatlardan tashqari, turli-tuman bema’ni urush va janjallar ham xalq me’moriy dahosining mevasi – muhtasham obidalarining shikastlanishi va nurab borishiga sabab bo‘ladi. XIX asr o‘rtalarida boshlangan rus istilosi paytida nafaqat aholisi qarshilik ko‘rsatgan shahar va qishloqlar, balki masjid va madrasalar ham to‘pga tutildi. Chor hokimiyatidan keyin tarix sahnasiga chiqib, yer yuzining oltidan bir qismini idora qilgan bolsheviklar esa shu vahshiylikni o‘zlariga xos izchillik bilan davom ettirib, me’moriy hamda diniy-ma’rifiy obidalarni vayronaga aylantirdilar. Xuddi shu mudhish kelajakni oldindan ko‘rgandek, yevropalik va rossiyalik ma’rifatparvar fotograflar Samarqand obidalari va osori-atiqalarini suratga olishda davom etdilar. 1872 yilda A.Kun (1840-1888) tomonidan tuzilib, nashrga tayyorlangan to‘rt jildlik “Turkestanskiy albom”dagi 1262 suratning aksari Samarqandda olingan.

Sharq me’morchiligining yildan-yilga nurab borayotgan shoh asarlarini muhrlab qoldirish uchun XIX asr oxirlarida Samarqandga bir necha maxsus ekspeditsiyalar tashkil qilindi. Rossiyalik I.Vvedenskiy, I.Chistyakov va S.Dudin o‘zlaridan shunday boy fotomaterial qoldirdilarki, bu material keyinchalik Samarqand obidalarini qayta ta’mirlashda, ayniqsa, asqotdi. Ilmiy manbalarda aytilishicha, so‘nggi nafasiga qadar Sankt-Peterburgdagi Etnografiya muzeyida O‘rta Osiyo madaniy-me’moriy boyliklarining muhofizi bo‘lib xizmat qilgan S.Dudinning ijodiy fotomerosi 2500 negativdan iborat. Bu negativlarning biz uchun qimmatli tomoni shundaki, ularning barchasi Samarqandda olingan.

Amir Temur saltanatining poytaxtiga kelib, butun dunyoga mashhur obidalarni suratga olgan fotograflar orasida G.Mozer (1844-1923), G.Kraft (1853-1935) va F.Orde singari yevropalik foto ustalari ham bo‘lishgan. Ularning XIX asr oxirlarida olgan suratlari G‘arbda katta o‘lchamdagi hashamatli albomlar shaklida chop etilib, O‘rta Osiyo tarixi va madaniyatiga qiziqishning yanada avj olishiga sabab bo‘lgan.

Zokirjon Xolmuhammad o‘g‘li Furqat 1890 yili Toshkentga tashrif buyurganida, Yangi shahardagi gimnaziya, teatr singari rus madaniyati o‘choqlari bilan yaqindan tanishgan. Turkistonning madaniy va maishiy hayotiga kirib kela boshlagan Yevropa madaniyati va texnikasi yangiliklari shoir qalbida o‘chmas taassurot qoldirgan. U mazkur safari chog‘ida Toshkentning eng mashhur fotografi Dmitriy Nazarov bilan ham uchrashgan. Toshkent gimnaziyasida rasm mashg‘ulotini olib borgan D.Nazarov Sankt-Peterburgdagi Stroganov badiiy-sanoat bilim yurtini tugatgach, Turkistonga kelib, hozir Amir Temur nomi bilan atalgan ko‘chaning Temuriylar davlat muzeyi yaqinida o‘z atelesini ochgan edi (Furqatning bizga ma’lum fotosurati shu yerda olingan.).

Evropalik va rossiyalik mashhur fotograflarning O‘rta Osiyoga, xususan, Turkistonga tez-tez kelishlari shu yerda foto san’ati ixlosmandlarining ko‘payishiga turtki berdi. Hatto XIX asr oxirlarida Toshkentda shunday kishilar tashabbusi bilan Turkiston fotografiya va nafis san’at havaskorlari jamiyati tashkil topdi. 1899 yilda esa Turkiston tarixida birinchi marta Toshkentda fotoko‘rgazma tashkil etildi. Ko‘rgazmani tayyorlash va o‘tkazish bo‘yicha tuzilgan komissiya, manbalarda aytilishicha, ikki yarim mingdan ziyod badiiy fotosuratlarni tomoshabinlar e’tiboriga havola qilgan va bu suratlar 12 ta bo‘limda namoyish qilingan. Shu ko‘rgazmada mahalliy foto ustalari va havaskorlari bilan bir qatorda taniqli xorijlik fotograflar ham o‘z asarlari bilan ishtirok etishgan.

Shunday qilib, 1910 yilda birgina Toshkentning o‘zida 20 ta fotografiya atelelari mavjud edi. Shu atelelarda tayyorlangan bir qator fotoasarlar Yevropa va Amerika Qo‘shma Shtatlarida o‘tkazilgan fotoko‘rgazmalarda namo-yish etilib, sovrinlarni olishga muvaffaq bo‘ldi. Masalan, 1908 yili Frantsiyaning Marsel shahrida o‘tkazilgan Butunjahon fotoko‘rgazmasida bizga tanish bo‘lgan D.Nazarovning suratlari oliy sovrin – “Gran-pri”ga munosib deb topildi.

Yuqorida tilga olingan 20 ta fotoateledan biri “Ilhomjon Inog‘omovning musulmon fotografiyasi” edi. U, manbalarda qayd etilishicha, 1902 yil 14 aprelda Shayxontohur dahasining Hovuzbog‘ mahallasida ochilgan.

Ilk o‘zbek fotografining dunyoga kelishi

Bo‘lajak birinchi o‘zbek fotografi 1878 yili Xiva shahrida Nurmuhammad devon (mirza) oilasida dunyo yuzini ko‘rdi. Uning otasi, ayrim manbalarda aytilishicha, xon saroyida munshiy (kotib) va tabib bo‘lib xizmat qilgan. Boshqa bir manbada Nurmuhammad otaning Xo‘jayli tumanida hokim bo‘lganligi aytiladi. Xudoybergan Devonovning jiyani Abdulla Yusupov esa tog‘asi haqidagi xotiralarida yozishicha, Nurmuhammad Xo‘jayli tumanidagi yer-suvning boshqaruvchisi bo‘lgan. X.Devonovning o‘zi NKVD tergovchilariga bergan ko‘rsatmasida Xiva tumanidagi Badirxon qishlog‘ida otasining 6 gektar yeri bo‘lgani va u shu yerlarni tevarak-atrofdagi dehqonlarga bo‘lib berganini hamda shu yerlardan daromad olganini aytgan.

Ana shu tergov materialida Xudoybergan Devonov otasiga qarashli yer-suv to‘g‘risida so‘zlab: “Mening o‘zim dastlab baqqollik do‘konini ochib, savdo bilan shug‘ullandim, ammo savdo bilan o‘ralashib qolmay, soatsozlik qilib, hunarmandlik bilan mashg‘ul bo‘ldim. Otam 1918 yili vafot etdi. Men otamdan qolgan yerni dehqonlarga ijaraga berib, ulardan daromad olib turdim. 1927 yilda esa barcha yer-suvu mol-mulkimni sho‘ro hokimiyati foydasiga topshirdim”, deb yozgan.

Ushbu satrlar muallifi qo‘lida mavjud bo‘lgan hujjatlar X.Devonov hayotining “qorong‘i” sahifalariga ma’lum darajada oydinlik kiritadi. Shu materiallardan biri X.Devonovning 1935 yil 9 dekabrda Urganchda yozilib, lotin yozuvli mashinkada ko‘chirilgan va yuqorida tilga olingan tarjimai holidir. Mazkur hujjatga qaraganda, “Xudoybergan” nafaqat bo‘lajak fotografning, balki otasining ham ismi bo‘lgan. Ya’ni ism-sharifi Xudoybergan Nurmuhamedov bo‘lmish ota to‘ng‘ich farzandi dunyoga kelganida azbaroyi xursand bo‘lganidan va bu bevafo dunyodan yolg‘iz o‘tmay, iz qoldirib ketajagiga ishonganidan Ollohga shukronalar aytib, farzandini ham Xudoybergan deb atagan.

Yana shu narsani aytish joizki, tarixning biz tilga olgan davrlarida jangari urug‘larga mansub kimsalar yaqin shahar va o‘lkalarga borib, qul va cho‘ri sifatida xizmat qilishi va “yaxshi” pulga sotilishi mumkin bo‘lgan kishilarni o‘g‘irlab kelib, qul bozorlarida sotishgan. Keyinchalik “Xudoybergan” yoki “Ollobergan” ismini olganlarning aksari qul bozorlarida sotilib, mardona mehnatlari bilan o‘z taqdirlarini yaratgan kishilardir.

X.Devonovning tarjimai holini o‘qishda davom etamiz:

“…1889 yilda meni soatsoz ustaga shogird qilib berdilar. Bir yil davomida bu ishni o‘rganish uchun ustozim bo‘lmish Adam ismli bir rus ustaga 300 so‘m to‘ladim. Uch yil bu ish bilan shug‘ullandim.

Shul vaqtlarda foto ishlarini o‘rganishga menda katta havas paydo bo‘ldi. 1903 yil bir miqdor pul anjom qilganim holda Polvon hoji bilan birlik-la Maskovga ketdim…”

Xudoybergan Devonov tarjimai holini yozgan kezlarida, chamasi, nemis millatiga mansub kishilar bilan hamkorlik qilganligi, chunonchi, Oq masjidga kelib o‘rnashgan nemislardan biri Vilgelm Pennerdan fotografiyani o‘rganganligini aytish xavfli bo‘lgan ko‘rinadi. Shuning uchun ham u Adamning rus millatiga mansubligini aytgani holda asosiy ustozi Vilgelm Penner nomini umuman tilga olmagan. Holbuki, unda foto san’atiga qiziqishning uyg‘onishi va uning ilk o‘zbek fotografi bo‘lib shakllanishi shu Vilgelm Pennerning nomi bilan bevosita bog‘liq.

Yangi kasbni egallash yo‘lida

Qatag‘on davri qurbonlari nomini tilga olish mumkin bo‘lgan 60-70-yillardan boshlab Xudoybergan Devonov to‘g‘risida o‘nlab maqola va ocherklar e’lon qilindi. Bu xayrli ishni boshlab bergan, birinchi o‘zbek fotografi va kinooperatori haqida bir necha maqolalar yozgan va hujjatli filmlarni yaratgan taniqli kinoshunos olim, filologiya fanlari doktori Hamidulla Akbarov, xorazmlik fidoyi yozuvchi va jurnalistlar Erkin Madrahimov, Salimjon Hasanov, Komil Nurjonov, Ro‘zimboy Hasan va boshqalar Xudoybergan Devonovning hayoti va ijodiy faoliyatini o‘rganish ishiga muhim hissa qo‘shdilar. O‘zbek fotografiyasining dunyoga kelganiga 125 yil to‘lishi munosabati bilan bu ulug‘ ishga O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Tursunali Qo‘ziyev, Toshkent Fotografiya uyi direktori Shahnoza Karimboboyeva va boshqalar bel bog‘lab kirishdilar, buyuk yurtdoshimiz merosining yangi tarixiy-madaniy davrda o‘rganilishi va ommalashishida tashabbuskor bo‘ldilar.

Shunday qilib, soatsozlik bilan shug‘ullangan va ehtimol, yoshlik yillarini shu hunarga bag‘ishlamoqchi bo‘lgan 22 yashar yigitning Vilgelm Penner bilan uchrashuvi uning taqdirini ag‘dar-to‘ntar qilib yubordi. Kishilar va tabiat manzaralarining bir lahzadagi holatini fotosuratda muhrlab qoldirish chindan-da mo‘jiza edi. Uning baxtiga, Vilgelm Penner ham o‘z hunarini – tirikchilik manbalaridan birini yashirishga urinmaydigan, raqobat orttirishdan cho‘chimaydigan mard va oliyjanob inson edi. Aksincha, u Xudoyberganda foto san’atiga qiziqish uyg‘otib, unga surat olish va oynaga tushirilgan tasvirni qorong‘i xonada fotodorilar yordamida yuzaga chiqarishning murakkab jarayonini qunt bilan o‘rgatdi. Hatto unga “Zot” rusumli fotoapparatini sovg‘a qildi. Xudoybergan uning daldasi bilan shu fotoapparatda surat olishga quvona-quvona kirishdi.

Yosh musulmon yigitchaning surat olayotgani xabari bir zumda tarqaldi. Agar Xudoyberganning tengdosh va qurdoshlari bu ishini havas bilan kuzatgan va uning orqasidan chuvalashib ergashib yurgan bo‘lsalar, mutaassib kishilar shariat qonun va qoidalarini pesh qilib, “gunohga botayotgan” yigitni bu hunarni tashlashga da’vat qildilar, hatto: “Sen suratga olgan odamlar qiyomat-qoyim bo‘lganda tirilib kelib, jonimni qaytarib ber, deb sendan talab qilishadi. O‘zing ham o‘lganingda do‘zaxga tushib, shariat oldidagi gunohlaring uchun jahannam azobini tortib yotasan”, deb qo‘rqitdilar. Mutaassiblar guruhi tepasida kimsan Salimxon oxund ismli qozikalon turardi. Uning do‘qu po‘pisalari, Xudoyberganni hatto kofir deb e’lon qilishi katta yoshdagi kishilarning ham undan yuz o‘gira boshlashlariga sabab bo‘ldi. Lekin Xudoybergan hech narsaga qaramay, o‘z ahdida qat’iy turdi. Agar shu yillarda Xiva xoni taxtini Muhammad Rahimxon II Feruz emas, balki ma’rifatdan yiroq boshqa bir xon egallab turganida Xudoyberganning ham, “uning jilovini o‘z qo‘liga ololmagan” otasining ham hayoti, aminmanki, o‘zgacha kechgan bo‘lardi.

Ma’lumki, 1898 yili Peterburgda rus saltanatiga kelgan yangi imperator Nikolay II ga toj kiydirish marosimi bo‘lib o‘tgan. Mazkur tantanali marosimga Xiva xoni ham faxriy mehmonlar qatorida taklif etilgan. Muhammad Rahimxon shu voqea munosabati bilan Peterburgga borib, rus jamiyati hayotiga fotografiya va ovozsiz kino san’atlarining kirib kelayotganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi va ilmiy-texnik taraqqiyotning bu buyuk samarasidan qattiq hayratga tushdi. U Xorazm vohasiga kelgan xorijiy fotograflar bilan uchrashgan, ular olgan suratlarni tomosha qilgan, texnikaning bu yangi mo‘jizasini ko‘rib yoqasini ushlab qolgan edi. Peterburgga borganida esa u kino san’ati bilan ham tanishdi. Peterburg shahridagi va shahar atrofidagi muhtasham saroylarni, xushhavo bog‘u rog‘larni, ularda osmon baravar otilib turgan favvoralarni borib ko‘rdi. Xiva bilan Peterburgdagi kishilar, shaharlar, bog‘lar o‘rtasidagi farq uni o‘ylantirib qo‘ydi. U Xiva xonligiga ham texnik va madaniy taraqqiyot shabadalarining kirib kelishi lozimligini dil-dilidan sezdi.

1907 yilning so‘nggi oylarida taqdir Xudoyberganga Moskva va Peterburg-ga borish imkonini berdi. Bu safar u nufuzli delegatsiya a’zosi sifatida Rossiyaning markaziy shaharlariga borib, rus imperatori saroyida bo‘ldi, Moskva va Peterburgning diqqatga sazovor joylarini o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi.

X.Devonov o‘z tarjimai holida mazkur safar natijalari to‘g‘risida bunday ma’lumot beradi: “1908 yilda,– deb yozgan u, – yana Maskovga borib, Petr Yahum degan boydan kinoapparati sotib oldim. Bir oy uning xususiy laboratoriyasida pul berib o‘rgandim. Kino o‘ynataturgan apparat va materiallarni sotib olib, Xivaga keltirdim”.

Ko‘ramizki, X.Devonov Rossiyaga qilgan safaridan go‘yo olib kelgan teles-kop, grammafon, stereoskop va boshqa narsalarni umuman tilga olmagan, aksincha, u bir oy mobaynida kinoapparatda suratga olish va kinolentadagi tasvirni ro‘yobga chiqarish texnikasini o‘rganganini aytgan. U garchand tarjimai holida qayd etmagan bo‘lsa-da, yuqorida zikr etilgan anjomlarni Xivaga olib kelib, xonga ko‘rsatgan va xasta xon ularni tomosha qilgan, hatto “Nurmuhammad Devon o‘g‘li Xudoybergan suratkashga zarur shart-sharoit yaratish” borasida ko‘rsatma bergan bo‘lishi mumkin. Ammo hamma gap shundaki, 1910 yil 7 avgustda Muhammad Rahimxon II vafot etgach, Xiva taxtini uning o‘g‘li Asfandiyorxon egallaydi va u otasining vasiyatini ijro etish o‘rniga, aksincha, Xudoybergan Devonovni siquvga olib, uning fotograflik va kinooperatorlik faoliyatining keng qanot yozishiga imkon bermaydi.

“Biroq, – deb davom etadi X.Devonov, – buni o‘ynatib, xalqqa ko‘rsatishimga yo‘l berilmas edi. Foto va qo‘limdagi apparatimni Asfandiyorxon Sobir mahram degan kishini yuborib, zo‘rlab olib, Bog‘dan Ochildov degan xususiy fotografchisi va o‘zining savdo bo‘limi boshlig‘iga topshirdi”.

X.Devonovning bu so‘zlari, bizningcha, Asfandiyorxonning 1910-1912 yillardan keyingi davriga oid bo‘lib chiqadi. Negaki, agar shu yillarda xon saroyida boshqa fotograf xizmat qilgan bo‘lsa, u (Asfandiyorxon) 1912 yili Rossiyaning Peterburg va boshqa shaharlariga qilgan safariga X.Devonovni olib ketmagan bo‘lardi.

X.Devonov hayotini arxiv hujjatlari va zamondoshlarning xotiralari asosida puxta o‘rgangan Erkin Madrahimovning “Chaqmoq” asarida bunday ma’lumot mavjud. “Islomxo‘ja yangi xon – Asfandiyorni oq poshsho Nikolay II bilan tanishtirgani 1910 yilning oxirlarida Peterburgga boshlab borgan”. E.Madrahimovning yozishicha, X.Devonov mazkur safar chog‘ida Asfandiyorxonga hamrohlik qilgan.

U yozadi:

“1912 yilda (Asfandiyorxon) Peterburgga safar qilmoqchi bo‘lib, oq podsho va ministrlarga hadyalar ola boshladi. Ham o‘zi birlan olib ketaturgan sipohiylarni nomzod qilib qo‘ydi. Bosh vazir Islomxo‘ja, Husinbek Devonbegi, Muhammad, karvonboshi Hojiboy… va boshqa shularga yaqin odamlar birlan Peterburgga safar qildi… Moskvada ham turmasdan, to‘g‘ri Peterburgga borib, oq podshoning Qishki saroyiga tushdi”1.

Polvon hoji Yusupovning kitobidagi Asfandiyorxonga hamrohlik qilgan kishilar ro‘yxatida nima uchundir X.Devonovning nomi uchramaydi. Ammo E.Madrahimov uning shu safar ishtirokchisi bo‘lganligini va safar chog‘ida o‘ziga kerakli asbob-anjomlarni xarid qilganini aytib, bunday yozgan: “Xudoybergan ertalabdan yangi fotoapparat, surat qog‘ozlari, kinolentalar xarid qilish rejalarini belgilab, asosiy ishni moskvalik kinochilar bilan uchrashishdan boshlashga qaror qildi”. Agar E.Madrahimovning bu so‘zlari haqiqatga zid bo‘lmasa, birinchi o‘zbek fotografi va kinooperatori Asfandiyorxonga hamrohlik qilib, uning Rossiyaga qilgan safarini fotosuratlar va kinolentalar shaklida muhrlash bilan mashg‘ul bo‘lgan.

Asfandiyorxon o‘z mahramlari bilan dastlab Peterburgga borib, shahzoda Alekseyning aqiqa oqshomida ishtirok etgan, rus imperatoriga sadoqati evaziga generallik unvoni bilan taqdirlangan. So‘ngra Kavkazga borib, jahonning jannatmonand joylarini ko‘rgan. Nihoyat, Moskvaga borib, birmuncha muddat turganidan so‘ng Xivaga qaytib kelgan. Agar shu safar Asfandiyorxon uchun rus imperatori va Rossiyaning mashhur shahar va oromgohlari bilan tanishish safari bo‘lgan bo‘lsa, Xudoybergan Devonov uchun avvalo ijodiy safar edi. Taxmin qilish mumkinki, u mazkur safardan «bir qop» fotosurat va kinotasmalar bilan qaytgan. Bu fotosurat va kinotasmalar oddiy surat va kadrlar emas, balki o‘zgarib borayotgan davr va mamlakat tarixining noyob kinohujjatlari edi.

Tarixiy davr foto va kino ko‘zgusida

1908 yilda Xudoybergan Devonov Xivada O‘rta Osiyodagi birinchi foto-kinolaboratoriyani tashkil etadi. U shu vaqtdan boshlab foto va kino ishlari bilan muntazam shug‘ullanadi. Uning «Xalq sayillari» deb nomlangan birinchi kinolavhasi ham taxminan shu yillarda suratga olingan. Ushbu kinolavhada asr boshlarida Xorazm xonligi hududlarida yashagan o‘zbek, turkman, qoraqalpoq, qozoq millatlariga mansub kishilarning madaniy va maishiy-etnografik hayoti manzaralari tasvir etilgan. Bu kinolavha bilan tanishar ekanmiz, o‘tmishdoshlarimizning o‘tgan asr boshlaridagi qiyofalari, kiyim-kechaklari, fayton aravalari, kurash tushishlari, dorbozlik, xo‘roz va it urishtirish singari milliy o‘yin va tomoshalari to‘g‘risida tasavvur hosil qilamiz. O‘z san’atiga oshifta bo‘lgan kinoperator shu yillarda Urganch, Xiva, Toshsoqa, Toshhovuz, Xo‘jayli, To‘rtko‘l singari shahar va tumanlarni kezib, shu manzillarning diqqatga sazovor joylarini, aholining dehqonchilik ishlarini kinotasmalarda muhrlashga intilgan. “Qo‘lbola kinoteatrlar”da namoyish etilgan bu kinolavhalar tomoshabinlarda zo‘r taassurot qoldirib, ularda yangi san’at – kinematografiyaga katta qiziqish uyg‘otgan.

X.Devonovning fotograf va kinooperator sifatida shakllanishi XX asrning 10-yillari arafasida boshlanib, 10-yillar avvalida muayyan samaralarini bergan. X.Devonovning 1913 yilda ilk bor Turkiston shaharlari bo‘ylab ijodiy safarga chiqishi tasodifiy emas.

Agar Xorazm xonligining X.Devonov yashagan davriga – XIX asr oxiri – XX asr boshlariga nazar tashlasak, ikki muhim narsa diqqat-e’tiborimizni o‘ziga jalb etadi.

Shuni iftixor bilan aytish kerakki, Xorazm xonligi poytaxti Xiva – o‘zbek xalqining me’moriy dahosi to‘la mujassamlangan uch buyuk shahardan biri. XYIII asrning ikkinchi yarmi – XIX asrning birinchi yarmida Xiva O‘rta Osiyoning eng go‘zal va betakror shaharlaridan biriga aylangan ediki, uning go‘zalligi avvalo shu yerda barpo qilingan mahobatli me’moriy inshootlar bilan belgilanadi. Ikki qismdan iborat shaharning bir qismidagi Ichan (ichkari), ikkinchi qismidagi Dishan (tashqari) qal’alar, shahar markazidagi Juma masjidi, bundan tashqari, Sherg‘ozixon, Qutlug‘ Murod Inoq, Olloqulixon va Muhammad Aminxon madrasalari, Pahlavon Mahmud maqbarasi va Tosh hovli saroyidan tashkil topgan bu muzey-shahar o‘sha davrlardan boshlaboq xorijiy sayyohlar, fotograflar va rassomlarni maftun etib keldi. Shu muhtasham me’moriy ansambllar bir asrdan beri mahalliy aholidan fotograf va rassomlarning yetishib chiqishini kutayotgan edi. X.Devonov o‘z zimmasiga tushgan shu tarixiy vazifani ilk ijodiy qadamlaridan boshlab bajarishga astoydil kirishdi. O‘tgan asrning 10-yillarida Xiva shahrining me’moriy obidalari, xalq sayillari, dorvozlar va masxarabozlarning tomoshalari X.Devonov ijodining bosh mavzularidan biri bo‘ldi.

Afsuski, X.Devonovning ijodiy merosi hanuzga qadar turli mamlakat va shaharlardagi davlat fondlari hamda xususiy arxivlarda sochilib yotibdi. Shuning uchun ham biz uning na o‘tgan asrning 10-yillarida, na 20-30-yillarida olgan suratlari, kinolavhalari va hujjatli filmlari to‘g‘risida asosli va tahliliy fikr yuritish, qaysi surati qachon va qayerda olinganligi haqida aniq-tayin ma’lumot berish imkoniga ega emasmiz. “O‘zbek fotografiyasi. 125 yil” fotoalbomining tuzuvchilari ham xuddi shu qiyinchilik tufayli mazkur albomdan o‘rin olgan Xorazm manzaralarini aks ettiruvchi suratlarning kimga mansub ekanligini qayd eta olmaganlar. Bu suratlar orasida o‘tgan asrlarda Xorazmga kelgan boshqa fotograflar tomonidan suratga olingan fotoasarlar ham bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Biroq X.Devonovning muallifligi aniq bo‘lgan suratlarni o‘rganish uning nafaqat o‘ziga xos mavzu doirasi, balki tasvirlash uslubi ham mavjud bo‘lganidan shahodat beradi. Masalan, zikr etilgan albomdan o‘rin olgan Islomxo‘ja portreti bilan X.Devonov suratga olgan portretlarni o‘zaro qiyoslab ko‘raylik. Agar tilga olingan portretda bosh vazir Islomxo‘janing fotografga mutlaqo yot kishi ekanligi ayon bo‘lib tursa, X.Devonov suratlarida muhrlangan kishining fotograf uchun begona emasligi yaqqol sezilib turadi. Ana shu ruhiy holat – fotografning tasvir etilayotgan hodisa yoki kishiga loqayd emasligi X.Devonovning Xorazm manzaralari va kishilari tasvirlangan suratlarida aniq sezilib turadi. Hatto aytish mumkinki, X.Devonov suratga olinayotgan joyda hozir bo‘lgandek yoki surat olinayotgan kishining yonida turgandek bo‘ladi.

X.Devonovning bizga ma’lum asarlari orasida Xiva me’moriy obidalari tasvirlangan suratlar ko‘p emas. Chunonchi, biz uning Xivadagi Jome masjidi muhrlangan suratini ham ko‘rish imkoniga ega bo‘lmadik. Ammo biz shuni yaxshi bilamizki, u Jome masjidini turli rakursdan bir necha marotaba suratga tushirgan. U bu bilan kifoyalanib qolmay, masjid minorasiga ko‘tarilib, bizga Xivaning XYIII asrdagi ko‘rinishini ham muhrlab qoldirgan. Bu suratga nazar tashlagan kishi loydan qad ko‘targan, bir qavatli uylar panoramasini ko‘radi. Xivani faqat me’moriy inshootlar shahri sifatida tasavvur etuvchi kishilar uchun bu suratda “oyning qorong‘i tomoni” aks etgan, desak xato bo‘lmaydi.

Xudoybergan Devonov hayotining dastlabki yillari Muhammad Rahimxon II Feruzning xonlik davrida kechgan. Shu davrda yashagan Hasan Murod qori Muhammadamin o‘g‘li Laffasiyning “Xiva shoirlari va adabiyotchilarining tarjimai hollari” tazkirasidan ma’lum bo‘lishicha, ma’rifatparvar xon saroyida 54 ta shoir bo‘lgan. Ular orasida Ogahiy, Tabibiy, Chokar, Avaz O‘tar o‘g‘li, Komiljon Devoniy singari mashhur shoirlar, bundan tashqari, Muhammad Yusuf Bayoniy singari tarixchilar, olimlar, xattotlar bo‘lib, ular shu davrda madaniyat va ma’rifat ishlarining ravnaq topishiga katta hissa qo‘shganlar. Feruzdan tashqari, Islomxo‘ja singari ma’rifatparvar davlat arboblari bo‘lishgan. X.Devonov shunday mashhur va nomashhur zamondoshlarining suratlarini tarix uchun olib qoldirishni o‘zining muqaddas burchi deb bildi.

X.Devonov ijodiy merosining katta qismini shunday zamondoshlarining suratlari tashkil etadi. Agar u xon va uning a’yonlari suratini saroyning hashamatli joylari fonida, aksar holda butun bo‘y-basti bilan olgan va shu yo‘l bilan ular suratiga tantanavorlik ruhini bag‘ishlagan bo‘lsa (masalan, Muhammad Rahimxon II, Islomxo‘janing o‘g‘li Abdusalomxo‘ja, Muhammad Vafo Karvonboshining suratlariga e’tibor bering), oddiy kishilar qiyofasini muhrlashda turli-tuman usullardan istifoda qilgan. Chunonchi, u Xiva go‘zallarining suratlarini olishda yirik rejadan foydalanib, ular liboslari va taqinchoqlarining ham diqqat markazida bo‘lishiga erishgan (“Xorazmlik ayol”, “Ayol portreti”, “Temur G‘ozi to‘raning enagasi Saodat” suratlari). Turli kasb egalari qiyofasini tasvirlashda esa suratkash ularni yaqindan suratga olib, ish jarayonida aks ettirishga alohida e’tibor qaratadi. Bunday suratlarning ”qahramon”lari aksar holda biror joyda o‘tirgan bo‘lishadi (“Ip yigiruvchilar”,”Yog‘ sotuvchilar”, “Sahroda yer o‘choq” suratlari). Hatto “Xon ovchisi” asari “qahramon”i ham ot ustida o‘tirib, ikki qushni ushlagan holda tasvirlangan. Bu hol X.Devonovning, umuman, zamondoshlarining suratlarini olishni emas, balki ularning muayyan sohaga mansub kishilar sifatida obrazini yaratishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yganidan dalolat beradi.

Ijodiy faoliyat maydonlari

Xorazm sho‘ro respublikasi O‘zbekiston Respublikasi tarkibiga okrug maqomida qo‘shilganidan so‘ng, 1925 yil iyun oyida O‘zbek Davlat kinosining Xorazm okrug bo‘limi tashkil etiladi. Bu hol Xudoybergan Devonov qalbidagi kinoga muhabbat gullarining qayta chaman bo‘lib ochilishiga sabab bo‘ldi. U O‘zbek Davlat kinosi bilan mustahkam aloqa o‘rnatish bilan birga 1926 yildan boshlab “Sovkino” – Butunittifoq fotokinematografiya tashkiloti bilan ham hamkorlik qildi, Moskvada chiqib turgan “Soyuzkinojurnal” uchun O‘zbekiston hayotidan olingan kinolavhalarni tez-tez yuborib turdi.

“O‘zbek davlat kinosi”ning foto-kino korxonasi va uning Xorazm bo‘limi o‘sha yillarda Toshkent shahrining Abdulla To‘qay ko‘chasidagi 3-uyda (hozir O‘zbekiston ko‘chasidan Vazirlar Mahkamasiga kiraverishdagi xiyobonning so‘l tarafida) joylashgan edi. Ushbu bo‘lim vakili Chimikov tomonidan 1928 yil 15 mayda berilgan quyidagi shahodatnoma X.Devonovning taxminan shu yillardan boshlab O‘zbek Davlat kinosi buyurtmasi bilan hujjatli filmlar va kinolavhalar olganidan darak beradi:

“ShAHODATNOMA

Ushbuni ko‘rsatuvchi o‘rtoq Xudoybergan Devonov haqiqatdan O‘zbek Goskinoning Xorazm sho‘basida osori atiqalar va Xorazm okrugida har xil manzaralarni kartinaga oluvchi fotorassom – “operator” vazifasida turadir.

Shahodatnoma muhr va imzolar bilan tasdiq etiladir.

Xorazmdagi vakili (Chimikov)

Ish boshqaruvchi (imzo)

Asliga to‘g‘ri (imzo).

Agar biz Chimikovning 1926 yil 7 dekabrdan boshlab X.Devonovga yo‘llagan xatlariga nazar tashlasak, kinooperatorning shu yillarda O‘zbek Davlat kinosi uchun Xorazmda bo‘lib o‘tgan kasaba soyuz tashkiloti qurultoyining ish jarayonini, Xalqaro yoshlar kuni va 1-May bayramining nishonlashini, Xiva shahrining umumiy ko‘rinishlarini, dalani shudgorlash va sug‘orish ishlarini, yakka tartibda pilla ishlab chiqarish-u, qo‘l tegirmonlar ishi va boshqa narsalarni suratga olganidan xabar topamiz. Chimikov va undan keyin “Xorazm vakili” lavozimiga tayinlangan A.N. Olgin X.Devonovga qaysi syujet uchun necha metr plyonkani sarf etish mumkinligigacha belgilab berganlar.

X.Devonov 20-yillar oxiri – 30-yillar avvalida nafaqat O‘zbek davlat kinosi, balki “Soyuzkinojurnal”ning ijodiy buyurtmasi bilan ham Xorazm hayotiga oid bir qator syujetlarni suratga oldi. Kinojurnal rahbariyati tomonidan 1929 yil 16 oktyabrda berilgan 260-raqamli guvohnomadan ma’lum bo‘lishicha, X.Devonov 1930 yilning 1 oktyabriga qadar jurnal topshirig‘i bo‘yicha ham, shuningdek, unga berilgan yo‘riqnoma asosida ham suratga olishi mumkin edi. X.Devonov shu imkoniyatlardan foydalanib, “Soyuzkinojurnal” uchun 1929 yilning o‘zida “Ishchi ayollar”, “Sho‘rko‘l”, “Ko‘za”, “Chig‘ir”, “Tuzkon”, “Degish ofati”, “Xorazm dalalarida”, “Paxta karvoni” singari hujjatli film va syujetlarni suratga olib yubordi.

Shunday hujjatli kino namunalaridan biri “Sho‘rko‘l” filmi Xorazmdagi shifobaxsh suvi bilan mashhur bo‘lgan maskanga bag‘ishlangan. Bu hujjatli film Xorazm vohasining turli joylaridan shifotalab kishilarning piyoda yoki aravalarda kelishlari tasviri bilan boshlangan. Tabiat yaratgan shu ajoyib maskanga xasta bo‘lib kelgan yuzlab kishilarning shu yerda davo topib, uylariga sihat-salomatliklarini tiklab ketishlari tasvirlangan film tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otdi. X.Devonov shu filmi bilan nafaqat muhim hayotiy materialni tanlash, balki shu materialni tomoshabinga yuksak badiiy shaklda yetkazish san’atini ham egallaganini namoyish etdi. “Bu filmda, – deb yozgan edi “O‘zbekiston madaniyati” gazetasi, – X.Devonovning kinooperatorlik san’atini to‘la-to‘kis o‘zlashtirib olganligi yaqqol sezilib turibdi. Mana shu jajji film X.Devonovning mahorati oshib borayotganligini, u murakkab texnik vositalardan, masalan, panoramali s’yomkani, yirik plandan foydalanishni, shuningdek, harakatda bo‘lgan ishlarni suratga olishni o‘rgana boshlaganidan darak beradi”.

Sobiq ittifoqning barcha kinoteatrlarida badiiy filmlardan avval namoyish etilgan shunday hujjatli film va syujetlar o‘sha yillardagi Xorazmning ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy va maishiy hayoti to‘g‘risida muayyan tasavvur bergan. Hatto “Soyuzkinojurnal” rahbarlaridan X.Devonovga kelgan xatdan ma’lum bo‘lishicha, uning “Ishchi ayollar” va “Sho‘rko‘l” filmlari moskvalik kinotanqidchilar tomonidan yuqori baholangan.

Afsuski, “Soyuzkinojurnal” buyurtmasi bilan suratga olingan X.Devonovning bu film va syujetlari Moskvaning Krasnogorsk shaharchasidagi kinoarxivda saqlanayotganligi sababli ularni respublika kinoteatrlari va televideniyesi ekranlarida ko‘rish imkoniyatiga ega emasmiz. Shuning uchun bu asarlar haqida tahliliy fikrlarni bayon qilishni istiqlol yillarida tug‘ilayotgan kinoshunoslarga qoldiramiz. Ammo bizga shu narsa ma’lumki, mazkur arxivda 1926-1938 yillarda olingan O‘zbekiston hayotiga oid talaygina syujetlar mavjud. Masalan, shunday syujetlardan biri haqida marhum kinoshunos olim Boriy Hasanov bunday ma’lumot bergan edi: “Soyuzkinojurnal”ning 1929 yil 30 (218)-sonida ham respublika hayotidan olingan syujetni uchratish mumkin. (Buni ham X.Devonov yuborgan bo‘lsa ajabmas.) Bu syujetda agronomlar va dehqonlarning tabiiy ofatga qarshi keskin kurashlari tasvirlanadi, kurash yo‘llari va usullari bayon etiladi”1 .

H.Akbarov va B. Hasanov singari kinoshunos olimlardan tashqari, X.Devonovning jiyani Abdulla Yusupov ham tog‘asining ijodiy merosini to‘plash va o‘rganish bo‘yicha muhim ishlarni olib borgan. U bundan bir necha yil ilgari Krasnogorsk shahridagi Markaziy davlat kino-foto-fonomateriallar arxivida ishlab, Xorazm hayotiga oid, binobarin, X.Devonovning muallifligi taxmin qilingan kinolavhalarni qunt bilan o‘rgangan. Chunonchi, u mazkur arxivda 1936 yilda suratga olingan “Moskva – Qoraqum – Moskva” hujjatli filmini ko‘rgan. Bu filmda Moskvadan Qoraqum orqali Xorazmga yetib kelgan bir ekspeditsiya tarixi tasvir etilgan bo‘lib, unda, Abdulla Yusupovning aytishiga qaraganda, X.Devonov tomonidan suratga olingan kadrlar ham bo‘lgan. Afsuski, biz bu fikrning to‘g‘riligini tasdiqlash yoki noto‘g‘riligini asoslash imkoniyatiga ega emasmiz. Har holda shu narsa ayonki, X.Devonov ijodiy merosiga oid fotosurat va kinotasmalarni kelajakda Moskva va boshqa shaharlardagi arxivlardan topish istiqboli yo‘q emas.

Ozodlikning so‘nggi kunlari

Mehnat va mashaqqat og‘ushida o‘tgan umrining so‘nggi yillarida Xudoybergan Devonovga davlat miqyosidagi nafaqaning tayinlanishi uning – o‘zbek xalqi tarixida fotografiya va kinematografiya tamal toshini qo‘ygan, mashhur kishining el-yurt o‘rtasida qadrlana boshlaganining mujdasi edi. Taxmin qilish mumkinki, u avvalo xuddi shu narsadan g‘oyat mamnun, uni alqagan davlatdan esa behad minnatdor bo‘lib, yanada zavq bilan, yangi-yangi ijodiy rejalarini ro‘yobga chiqarish uchun yangi kuch va yangi ilhom bilan ishlashga kirishdi.

U hayotining turli pallalarida nafaqat xonlar va ularning aqru xeshlari, balki Ogahiy, Komil Xorazmiy, Avaz O‘tar singari shoirlar bilan ham muloqotda bo‘lgan va muloqotlari ta’sirida, kitobsevarligi natijasida uncha-muncha g‘azal ham mashq qilgan. Zamondoshlar uning xotin-qizlar ozodligi mavzuida bitilgan:

Keldi qizlar bayrami, chimmatdin ozod ayladi,
Inqilob nuri ular ko‘ngillarin shod ayladi –

bayti bilan boshlangan g‘azalini hali ham aytib yurishadi. Kim biladi, balki u hayotining o‘sha xushnud kunlarida yana ko‘ngil rozlarini shunday g‘azallar orqali ifodalagandir…

Ammo uning xursandchiligi uzoqqa bormadi. U hali 300 so‘mlik nafaqa gashtini tuyib ulgurmay, 37-yilning qonli etiklari qariyb har bir xonadonga bostirib kirdi.

Mudhish yilning qora bulutlari birinchi o‘zbek fotografining boshi uzra ham to‘planayotgan edi. Bo‘ron kuchga kirishi bilan, 30 iyun kuni, yarim kechada, NKVD xodimlari Xiva shahrining 4-mahalla 4-elatidagi Xudoybergan Devonov yashagan 18-uyga bostirib keldilar. X.Devonovni hibsga olish haqidagi qarorda uning xon noziri oilasidan ekanligi, o‘zining devon (mirza) lik bilan shug‘ullanganligi, Asfandiyorxon bilan Muhammad Rahimxonning fotografi bo‘lganligi, inqilobdan so‘ng Xorazm Xalq Respublikasida moliya noziri bo‘lib xizmat qilganligi, shu kecha-kunduzda esa Urganch shahrida suratkashlik kasbi bilan mashg‘ulligi aytilgan edi..

Shu kuni yuqorida tilga olingan manzilda tintuv o‘tkazilib, X.Devonovning 90 varaqdan iborat yozishmasi, 230 dona fotosurati va qo‘shotar ov miltig‘i olib ketildi.

Ayni paytda ayblanuvchining kuyovi Hasan Chitkarovning Yangi Urganch shahridagi 18-uyida ham tintuv o‘tkazilib, chamodanda saqlangan 20 varaqdan iborat yozishmasi, 17 varaqdan iborat hujjatlari va 59 dona fotosurati musodara qilindi.

Shubhasiz, X.Devonov bilan bir vaqtda xorazmlik ko‘plab kishilar ham hibsga olingan. Shahar qamoqxonasi mahbuslar bilan to‘lib-toshib ketgan. Shu va boshqa sabablarga ko‘ra, NKVD xodimlari mahbus fotografni 8 sentyabrga qadar tergovga chaqirishmagan. 8 sentyabr kuni esa u tergovchi bilan yuzma-yuz uchrashib, uning savollariga javob bergan.

O‘sha yillarda NKVD tizimida joriy etilgan tartib-qoidaga ko‘ra, tergovchi siyosiy masalalarda ayblangan mahbusdan shu ayblarning tasdiqlanishiga xizmat qiluvchi ma’lumotlarni olishga harakat qilgan. Uni mahbusning aybsiz ekanligi, unga qo‘yilgan ayblarning tuhmatdan boshqa narsa emasligi masalasi mutlaqo qiziqtirmagan. Tergovchilar “qaysar” mahbuslardan kerakli ma’lumotni olish uchun qiynoqning har qanday dahshatli usullaridan istaganlaricha foydalanganlar. Shuning uchun ham tergov materiallarida bayon qilingan ma’lumotlarni haqiqat deb qabul qilish to‘g‘ri emas.

Xullas, Xudoybergan Devonovning taqdiri hal qilingan edi.

1937 yil 1 dekabrda tuzilgan qarorda aytilishicha, X.Devonov 1934 yildan boshlab aksilinqilobchi tashkilot rahbarlari Fayzulla Xo‘jayev va Davlat Rizayevning topshirig‘i asosida Angliya razvedkasi foydasiga josuslik ishlarini faol olib borganlikda hamda shu tashkilot topshirig‘i bilan Xorazmda bosmachilik harakatini tashkil qilganlikda va ingliz josusi, bosmachilik tashkilotchisi Junaidxon bilan shaxsan aloqada bo‘lganlikda ayblangan edi. Bu tuhmatdan iborat qaror keyinchalik yangi ayblar bilan “boyigan” bo‘lsa boyidiki, aslo kamaymadi.

Oradan 11 oy o‘tgach, Toshkentda, 1938 yil 5 sentyabrda 37-yil qurbonlari ustidan sud boshlandi. Shu kuni soat 10 dan 35 daqiqa o‘tganda boshlangan sud bor-yo‘g‘i 15-20 daqiqa davom etdi, xolos. Ammo shu qisqa fursatda sud X.Devonovni 1920 yildan “Milliy ittihod” aksilinqilobiy millatchilik tashkiloti a’zosi bo‘lib, Xorazmda bosmachilik harakatini tashkil etishda faol ishtirok etganlik va ingliz razvedkasi agenti – Turkmanistondagi bosmachilik harakati rahbari Junaidxon bilan aloqa o‘rnatganlik haqidagi “eski” ayblardan tashqari, uning gardaniga yana bir qator “yangi” ayblarni qo‘yishga erishdi. Bu ayblarga qaraganda, mahbus o‘z oldiga O‘zbekiston SSRni SSSRdan ajratib olib, burjua davlatni barpo etish maqsadini qo‘ygan aksilinqilobiy, millatchilik, qo‘zg‘olonchilik, terrorchilik va diversiya-zararkunandachilik tashkiloti bilan aloqa o‘rnatgan va shu tashkilot rahbari Fayzulla Xo‘jayevning topshirig‘i bilan O‘zbekiston bo‘ylab tumanma-tuman kezib, ingliz ravedkasi uchun josuslik ma’lumotlarini to‘plagan edi.

Mahbus bu o‘ta bema’ni ayblarning birortasini tan olmadi. Ammo shunga qaramay, sud uni otish va shaxsan unga tegishli bo‘lgan mol-mulkni musodara qilish haqida hukm chiqardi.

Hukm o‘sha kuniyoq yarim kechada, Toshkentning Yunusobod tumanidagi qatlgohda ijro etildi.

Ammo bu mudhish hukm va uning ijrosi X.Devonov oilasidan uzoq vaqtgacha yashirib kelindi.

X.Devonov ishini qayta ko‘rish masalasi hatto Stalin vafotidan keyin ham bir necha yil cho‘zildi. Nihoyat, SSSR Oliy Sudining Harbiy kollegiyasi 1959 yil 25 iyunda 1938 yil 5 oktyabrda chiqarilgan hukmni bekor qilib, X.Devonovni oqlash haqida bir bitimga keldi.

* * *

Taqdir kishilarni, hatto xalqlarni ham qanday dahshatli sinov va imtihonlardan olib o‘tmaydi. Agar tabiat ofatlari shaytoniy kuch bilan hamla qilgudek bo‘lsa, ulkan tog‘lar ham nuray boshlashi mumkin. Inson esa tarix ummonida va shu ummonning asovsiz g‘alayonlarida ojiz bargdek bir soniyada ummon qa’riga kirib ketadi.

Ammo shu narsa dahshatliki, insonni tabiat ofatlari emas, balki uning o‘zining ichidan chiqqan kuchlar majaqlab tashlaydi. Xudoybergan Devonov sho‘rolar davrida yo‘q qilib yuborilgan 20 millionli jabrdiydalar karvonidagi bir kishigina, xolos.

Uni va unga o‘xshash kishilarni mahv etish bilan mustabid davlat nimaga erishdi? Qudratli bo‘ldimi? Yo‘q! Aksincha, minglab iste’dodli kishilarni qirib tashlashi bilan davlat o‘zining tagiga o‘zi suv quydi. O‘zi zaiflashdi. O‘zini-o‘zi butun dunyo oldida sharmandai sharmisor qildi. Shoyad qatag‘on degan, 1937 yil degan mudhish voqealar tarix sahifalarida qolgan bo‘lsa-yu, qayta takrorlanmasa. Shoyad bir Xudoybergan Devonovning, bir Cho‘lponning, bir Ubaydulla Xo‘jayevning o‘rniga o‘nlab yoshlar “Men Xudoybergan Devonovman “Men Cho‘lponman!”, “Men Ubaydulla Xo‘jayevman!” deb maydonga otilib chiqsalar-da, ular bajarib ulgurmagan ishlarni ulardan ham a’lo darajada bajarishsa. Shoyad avlodlar bu jabrdiyda ulug‘ ajdodlarini unutmay, ularni yod etish, ular xotirasiga hurmat bildirish yo‘li bilan poklanib, barkamollashib borsalar. Shoyad o‘zbek xalqining kelajagi, ular orzu qilganlaridek, biz orzu qilayotganimizdek, munavvar bo‘lsa!..

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2010 yil, 9-son.