Naim Karimov. Atoqli jurnalist va diplomat

O‘zbek xalqi tabiatida ajabtovur xislatlar oz emas. O‘zbek xalqidek boshqa millatlar bilan elakishib ketadigan, ularning vakillarini o‘z farzandidek ardoqlaydigan xalq oz bo‘lsa kerak, bu yorug‘ olamda.

… 1917 yil Fevral inqilobidan keyin chor hokimiyatining ag‘darilishi va Muvaqqat hukumatning yuzaga kelishi bilan tarix o‘zbek xalqining, ko‘hna Turkistonning mustaqillikka erishishi uchun muayyan sharoit yaratgandek edi. Mustaqillik orzusi bilan yashagan ziyolilar Fevral inqilobining dastlabki kunlaridanoq “Sho‘roi islom” tashkilotini tuzib, xalqning sog‘lom kuchlarini o‘z atrofiga birlashtirishga harakat qildilar. Bolsheviklar inqilobi bilan izma-iz Qo‘qonda O‘lka musulmonlari IV favqulodda qurultoyini chaqirib, Turkiston Muxtoriyat hukumatining tuzilganini e’lon qildilar. Bu, o‘zbek ziyolilari, umuman, o‘zbek xalqi orzu qilgan, mustamlakachilik yillarida so‘lib-sarg‘ayib qolgan umid gullarining qayta nafas olishi, tirilishi edi. Ammo buni qarangki, Muxtoriyat hukumatiga rais etib dastlab qozoq xalqining farzandi Muhammadjon Tinishboyev saylandi; ko‘p o‘tmay, u iste’foga chiqqach, uning boshqa bir millatdoshi Mustafo Cho‘qayev Muxtoriyat hukumatiga rais etib belgilandi. Kimdir o‘sha paytda o‘zbek ziyolilari orasida Mustafo Cho‘qayev yoki Muhammadjon Tinishboyevga teng keladigan davlat arbobi bo‘lmagandir, deb o‘ylashi mumkin. Yo‘q, unday emas. Muxtoriyat hukumatiga qozoq millatiga mansub kishilarning rais etib saylanishi ham, mazkur hukumat tarkibiga turli millat vakillarining kiritilishi ham o‘zbek millatining bag‘ri keng, baynalminal, umumbashariy qadriyatlar negizida shakllangan millat bo‘lganidan shahodat beradi. O‘zbek xalqi 1917 yilga qadar ham, undan keyin ham Turkiston zaminida yashagan boshqa barcha millat va elatlarni chin qalbdan hurmat qilib, ular bilan ahillikda tinch-totuv turmush kechirgan va hozir ham kechirmoqda.

Umuman, jug‘rofiy jihatdan kichik bir hududda, hatto bir mamlakatda yashagan millat va elatlar o‘rtasida nega tenglik, ahillik, o‘zaro hurmat va mehr-muhabbat gullari chaman bo‘lib ochilmasligi lozim?!

* * *

Atoqli jurnalist, diplomat va jamoat arbobi Nazir To‘raqulov 1892 yili Qo‘qonning Boybo‘ta-ko‘prik mahallasida paxta savdosi bilan shug‘ullanuvchi qozoq oilasida tug‘ilgan. Uning otasi To‘raqul aka o‘qimishli va bilimdon kishilardan bo‘lib, rus va mahalliy tillardagi gazeta hamda kitoblarni bemalol o‘qigan. Nazir yoshligida otasi yordamida savod chiqarib, kitobga, ma’rifatga muhabbat ruhida tarbiyalangan. U 1903-1905 yillarda Qo‘qondagi madrasalarning birida, so‘ngra rus-tuzem maktabida tahsil olgach, otasining xohish-irodasi bilan tijorat bilim yurtiga o‘qishga kirgan. Nazir 1913 yili sakkiz sinflik mazkur bilim yurtini tugatishi bilan Moskvaga borib, tijorat institutining iqtisod fakultetida o‘qishni davom ettirgan.

Nazir To‘raqulov 1928 yil 10 iyunda Tashqi ishlar xalq komissarligining mas’ul xodimi sifatida anketa savollariga javob berib, millatini “qozoq”, ona tilisini esa “o‘zbek” deb qayd etgan. Turkiston o‘lka partiya qurultoyi delegatlari uchun tuzilgan anketa savollariga javob berib esa, frantsuz, nemis, arab, fors va turk tillarini bilishligini aytgan. N.To‘raqulov madrasada uch yil davomida saboq chiqargan kezlarida arab va fors tillarini ozmi-ko‘pmi o‘rgangan. Ehtimol, u rus-tuzem maktabi va tijorat bilim yurtida o‘qigan kezlarida frantsuz va nemis tillari bilan ham ozmi-ko‘pmi oshno bo‘lgandir. Ammo N.To‘raqulovning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan maqolalarda aytilishicha, u Moskvadagi talabalik yillarida savdo va tijorat ilmidan tashqari, Sharq va G‘arb tillarini o‘rganishga ham alohida e’tibor bergan.

Birinchi jahon urushi Rossiya hayotini butunlay izdan chiqarib yubordi. Urushda mag‘lubiyatga uchrash va butun dunyo oldida sharmandai sharmisor bo‘lish xavfi “oq podsho”ni 1916 yili nafaqat musulmon o‘lkalaridagi 19 yoshdan 43 yoshgacha bo‘lgan erkaklarni mardikorlikka olishga majbur etdi, balki Markaziy Rossiyadagi oliy o‘quv yurtlarida tahsil ko‘rayotgan musulmon talabalarning ham harbiy xizmatga chaqirilishiga sabab bo‘ldi. 1916 yil iyulida uchinchi kurs talabasi Nazir To‘raqulov ham Minsk bo‘sag‘asidagi g‘arbiy frontga yo‘riqchi sifatida safarbar etildi. O‘rta Osiyodan mardikor sifatida kelgan vatandoshlariga tarjimonlik qilish, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish uning vazifasini tashkil etdi va u bu vazifani safarbarlik bekor qilinguniga qadar sidqidildan bajardi.

N.To‘raqulovning otasi uzoq-yaqin qishloqlardan haqiqat axtarib kelgan beva-bechoralarga ular tilidan shikoyat va arizalar yozib berar, bunday g‘aribu g‘urabolarning arz-dodlarini eshitaverib, jigari xun bo‘lgan Nazir mahalliy boy va amaldorlarning ham, chor ma’muriyatining ham xalqqa zulm o‘tkazib kelayotganini yaxshi bilar edi. G‘arbiy frontdagi mardikor vatandoshlarining ayanchli qismatlarini ko‘rish Nazirdagi chor hokimiyatiga bo‘lgan nafratni alangalatib yubordi. U Turkistonning mazlum aholisiga amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida Minskda “Volnaya step” (“Erkin dala”) degan tashkilotni tuzadi. Inqilobiy kayfiyatdagi o‘qituvchilar va talabalardan iborat bu jamiyat Turkiston xalqlarining milliy-ozodlik harakatlariga yordam berishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yadi. Kim bilsin, agar 1917 yil Fevral inqilobi sodir bo‘lib, chor hokimiyati ag‘darilmagani va mardikorlar o‘z vatanlariga qaytib ketmaganlarida bu jamiyat nima qilgan, qanday ishlarni amalga oshirgan bo‘lardi — bu bizga qorong‘i.

1917 yil Fevral voqealaridan keyin xizmat vazifasidan bo‘shagan N.To‘raqulov o‘qishni davom ettirmay, vatandoshlariga madad berish istagini diliga jo qiladi. U mardikorlik ishlari boshqarmasidagi sobiq xizmatdoshlari bilan birga 1917 yil iyunida Orenburgga, 1-Umumqozoq qurultoyiga delegat bo‘lib boradi. So‘ng qurultoyda qabul qilingan qarorga ko‘ra, o‘sha yilning iyul oyida Butunrossiya milliy markazlar uyushmasi (“zemsoyuz”)ning yo‘riqchisi sifatida To‘rg‘ay viloyatiga yo‘l oladi. Uning bu yerga kelishdan murodi To‘rg‘ay viloyati milliy uyushmasini tashkil etish edi. Uyushma rahbarligiga da’vogarlar orasida N.To‘raqulov ham bo‘lgan, ammo qozoq boylari o‘zaro kelishib, uning nomzodini o‘tkazishmagan. Shunga qaramay, u 1918 yil apreliga qadar shu yerda ishlaydi va “Qozoq mungы” gazetasiga muharrirlik qiladi. Nihoyat, 1918 yil mart oyining oxiri – aprel oyining boshlarida, Turkiston muxtoriyat hukumati a’zolari va tarafdorlari tazyiq ostiga olingan bir zamonda N.To‘raqulov ona shahriga qaytib keladi.

Bir tomondan, bolsheviklarning milliy zulm va zo‘ravonlik siyosatining tayanchi — chor hokimiyatini ag‘darganlarini ko‘rgan, ikkinchi tomondan, ularni Turkistonga Yevropa madaniyatini olib kelayotgan kishilar, deb o‘ylagan N.To‘raqulov o‘lkada kechayotgan hayot-mamot kurashining asl mohiyatini tushunmay turib, “g‘oliblar” safiga kelib qo‘shiladi. Uning bunday qarorga kelishiga To‘rg‘ay cho‘lidagi qozoq boylarining xatti-harakatlari ham sabab bo‘ladi. Xullas, u Qo‘qonga kelishi bilan muxtoriyatchilar emas, balki bolsheviklar tomonini oladi. Shu paytda ularga mahalliy xalqning xuddi Nazir To‘raqulovdek gumroh vakillari suv bilan havodek zarur edi. Ular Nazirni dastlab Qo‘qon shahar deputatlar soveti qoshidagi inqilobiy qo‘mitaga kotib va shu sovetning “Xalq so‘zi” gazetasiga muharrir etib tayinlaydilar (1918 yil, aprel). Oradan to‘rt-besh oy o‘tar-o‘tmas, u Farg‘ona viloyati inqilobiy qo‘mitasiga rais o‘rinbosari, so‘ng rais etib tasdiqlanadi.

Sovet davlati shu vaqtda bolsheviklar va dashnoqlarning Farg‘ona vodiysidagi inson zoti ko‘rmagan xunrezliklarini unuttirish va ularning Turkistonga go‘yo ma’rifatparvarlik missiyasi bilan kelganliklarini ko‘rsatish uchun xalq maorifiga e’tibor bermoqchi bo‘ladi.

Xullas, Nazir To‘raqulov Farg‘ona viloyati xalq maorifi bo‘limiga mudir etib tayinlanadi. N.To‘raqulov bu lavozimda tashkilotchilik qobiliyatini namoyish etib, maktablarga tajribali o‘qituvchilarni jalb etish, yosh avlodning bilimi va madaniyatini oshirish, savodsizlikni tugatish singari xayrli ishlar bilan birga, mahalliy gazetalarda “bosmachilik harakati”ning aksilinqilobiy mohiyati va uni tugatish yo‘llari haqidagi maqolalarini e’lon qiladi.

Xuddi shu vaqtda Turkiston ASSR maorif xalq komissari S.Efendiyev “Rus xalqining yordamisiz xalq maorifini rivojlantiramiz!” degan shior ostida ba’zi bir ishlarni amalga oshirayotgan edi. Sovet davlati S.Efendiyevning bunday qarashlarini panturkizmning dahshatli ko‘rinishi sifatida baholadi va 1920 yil aprelida uning o‘rniga N.To‘raqulovni Turkiston ASSR maorif xalq komissari etib tayinladi. N.To‘raqulov maorif xalq komissari sifatidagi faoliyatini komissarlik ishini butunlay qayta qurishdan boshladi. 1920 yil 26 aprelda N.To‘raqulov raisligida o‘tkazilgan hay’at yig‘ilishida komissarlikning yangi tuzilmasi tasdiqlandi. Bu tuzilmaga ko‘ra, ishlar boshqarmasidan tashqari, komissarlikda moliya, ta’minot, maktab, maktabdan tashqari ta’lim, mayda millatlar, tasviriy san’at, teatr, musiqa, foto-kino, nashriyot, statistika, vaqf bo‘limlari, shu bilan birga arxiv, o‘qituvchilar tayyorlash, maktab-kommunalar, yagona mehnat maktabi, qadimiy yodgorliklarni saqlash, matbuot va ko‘chmanchi aholi o‘rtasida ta’lim masalalarini ishlab chiquvchi komissiyalar tashkil etildi. N.To‘raqulovning sa’y-harakati bilan o‘sha yilning 22 may – 6 iyun kunlarida Toshkentda xalq maorifi bo‘limlari mudirlarining 1-qurultoyi o‘tkazildi. Qurultoy qatnashchilari N.To‘raqulovning Maorif xalq komissarligining vazifalari, uning o‘rinbosari P.N.Lepeshinskiyning esa komissarlikning umumiy siyosati to‘g‘risidagi ma’ruzalarini tingladilar. Shundan keyin “Turkistonda umumiy ta’lim muammosi”, “Komissarlik va uning mahalliy idoralarini tuzishning umumiy tamoyillari”, “Maktab qurilishining umumiy qoidalari va yagona mehnat maktabi asoslarini amalga oshirish tamoyillari”, “Maktabgacha tarbiyaning asosiy qoidalari to‘g‘risida”, “Kasb-hunar ta’limi to‘g‘risida” singari turli mavzularda ma’ruzalar o‘qildi. N.To‘raqulov qurultoyda xalq maorifi ishini kengaytirish emas, balki chuqurlashtirish zarur, degan shiorni o‘rtaga tashladi. U shu lavozimda ishlar ekan, ochlik, iqtisodiy ahvolning yomonligi, mablag‘, bino va o‘qituvchi kadrlarning yetishmasligiga qaramay, nafaqat katta tashkilotchilik qobiliyati, balki puxta bilimga, o‘lkaning iqtisodiy va ijtimoiy ahvoli haqida aniq tasavvurga ega ekanini ham namoyish etdi. N.To‘raqulov maktablarni o‘qituvchi kadrlar bilan ta’minlash muammosini hal etish uchun, bir tomondan, eski maktab o‘qituvchilarini yangi maktablarga taklif etgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, bu maktablar uchun zamonaviy bilimga va pedagogik qobiliyatga ega bo‘lgan kadrlarni tayyorlashga kirishdi. U yangi maktablarda xizmat qilayotgan o‘qituvchilarga maosh to‘lash uchun qo‘shimcha mablag‘lar ajratish va ularni turli-tuman ikkinchi darajali ishlardan ozod qilish choralarini ko‘rdi. N.To‘raqulov xizmatdan bo‘sh soatlarida falsafiy va tarixiy adabiyotni, Sharq shoirlari va olimlarining asarlarini mutolaa qildi.

Moskvada tuzilgan va Sharq xalqlari taqdiri bilan bog‘liq masalalarni hal qilishga o‘zini haqli deb bilgan Turkkomissiya 1920 yil 19 iyulda Turkiston Kompartiyasi o‘lka qo‘mitasini tarqatib yubordi va qurultoy chaqirilguniga qadar faoliyat olib borish uchun Turkiston Kompartiyasi Muvaqqat Markaziy Qo‘mitasini tuzdi. N.To‘raqulov Muvaqqat Markaziy Qo‘mitaning mas’ul kotibi etib saylandi.

N.To‘raqulov davr va lavozim taqozosi bilan yildan-yilga sovetlashib, kommunistlashib bordi. Shunga qaramay, xalq va o‘lka manfaati yo‘lida turli xayrli ishlarni amalga oshirdi. U qayerda xizmat qilmasin, yordam so‘rab, shikoyat qilib kelgan kishilar jarohatiga malham bo‘ldi, va’dasida qat’iy turdi, ular bilan muloqotda sharqona yuksak madaniyat sohibi ekanini ko‘rsatdi, mas’ul kotib sifatida esa yevropacha barcha maktablarda mahalliy tillarni o‘rganishni majburiy qilib qo‘ydi. U xalq va davlat oldida hurmat qozongani uchun sentyabr oyining so‘nggi kunlarida Turkiston Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi hay’atiga rais etib saylandi. N.To‘raqulov paytida Turkiston Markaziy Ijroiya Qo‘mitasida o‘zbek, qozoq va turkman milliy bo‘limlari tashkil etildi. Bu bo‘limlar garchand biror ma’muriy-huquqiy vakolatlarga ega bo‘lmagan esa-da, ular faoliyati tufayli zikr etilgan millatlarning iqtisodi, maishiy turmushi, madaniyati va urf-odatlari o‘rganila boshlandi. Eng muhimi, bu bo‘limlar tufayli mahalliy xalq vakillarining sovet idoralari faoliyatidagi ishtiroki sezilarli tus oldi. Ayni paytda u Turkiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasi raisi vazifasini ham bajardi.

Bu, murakkab davr edi. Bir tomondan, yangi iqtisodiy siyosat (NEP)ning, ikkinchi tomondan, yer-suv islohotining amalga oshirilishi tufayli o‘lkada og‘ir vaziyat yuzaga kelgan edi. N.To‘raqulov shunday mushkul bir davrda respublikaga rahbarlik qilishga majbur bo‘ldi. N.To‘raqulov MIQ raisi va partiya tashkiloti rahbari lavozimlarida olib borgan ishlari bilan Moskvaga ma’qul bo‘lgan bo‘lsa kerakki, 1922 yil iyulida XI Butunrossiya partiya konferentsiyasidan keyin u Moskvada olib qolindi.

* * *

XX asrning 10-yillarida Nazir To‘raqulov bilan tanishgan Zaki Validiy o‘z xotiralarida u haqda quyidagi ma’lumotni bergan: “Turkistonda tanishganim shaxslar orasida Nazir To‘raqulov bilan Abdulhamid Sulaymon (Cho‘lpon) mening, ayniqsa, yaqin do‘stlarim edi. Nazirning otasi To‘raqul Farg‘ona gubernatorining tarjimoni bo‘lgan. U ba’zi qimmatli qo‘lyozma asarlar to‘plagan… Nazir o‘sha paytda vatanparvar turkchi edi. Istanbulda chiqadigan “Turk yurti”ni o‘qirdi. Keyinchalik kommunist bo‘ldi… Turk tili masalalariga bag‘ishlangan maqolalar e’lon qildi, milliy madaniyatga sodiq qoldi, shuning uchun ham sovetlar tarafidan qatl etildi”.

Nazir To‘raqulov bilan 20-yillarda Samarqandda tanishgan professor Siddiq Rajabov esa ustozi atoqli jurnalist va diplomatni eslab, bunday degan: “Bu odam novchadan kelgan, qotma va bikr, oq yuzli, qirg‘izqovoq kishi edi. Juda ko‘p tillarda so‘zlasha oladigan o‘tkir tilshunos edi; arab bilan arab tilida, tojik bilan tojik tilida, ingliz diplomatlari bilan ingliz tilida bemalol muloqot qila olar edi”. Siddiq Rajabov Nazir To‘raqulovning insoniy qiyofasi va ijodiy faoliyati to‘g‘risida ba’zi bir umumiy ma’lumotlarni bergach, yana bunday degan: “Men matbuotda maqola yozish sirlarini shu hurmatli va tashabbuskor jurnalistdan o‘rganganman”.

Zamondoshlarning Nazir To‘raqulov to‘g‘risidagi xotiralari bilan tanishar ekanmiz, Laziz Azizzodaning bir qimmatli xotirasini ham yodga olish joiz. Uning aytishicha, Nazir To‘raqulov 1919 yil kuzida Musbyuroning nashriyot va tahrir bo‘limida mudir, Cho‘lpon esa uning o‘rinbosari bo‘lib ishlagan; shu paytda Musbyuro tomonidan Toshkentda “Sharq” jurnali, Olmaotada “Uchqun”, Ashxobodda esa o‘zbek va turkman tillarida “Safi fuqaro” gazetalari nashr etilgan va bu nashrlarga Nazir To‘raqulov rahbarlik qilgan. L.Azizzodaning bu xotirasi ilmiy adabiyotlarda ham tasdiqlanadi. N.To‘raqulovga bag‘ishlangan ilmiy maqola muallifi F.S.Bakirovning uqdirishicha, 1919 yilning oktyabr oyida Musbyuro o‘lka qo‘mitasi qoshida tarjima va tahrir sifatini nazorat qilib turish uchun N.To‘raqulov raisligida tahrir hay’ati tuzilgan. Shu yillarda N.To‘raqulov tahriri ostida o‘zbek tilida bir qator kitoblar nashr etilgan.

Afsuski, taniqli adabiyotshunos olimlar Sh.Turdiyev va B.Do‘stqorayevning ayrim maqolalarini istisno etganda, N.To‘raqulovning jurnalistik faoliyati yaxshi o‘rganilmagan.

Bizga shu narsa ma’lumki, N.To‘raqulov yuqorida zikr etilganidek, 1918 yil martida To‘rg‘ay viloyatida “Qozoq mungы”, o‘sha yilning dekabrida Qo‘qonda “Xalq so‘zi”, 1919 yili esa “Ishtirokiyun” gazetalariga, 1920 yil may-iyul oylarida “Vestnik prosveщeniya i kommunisticheskoy kulturы” (“Maorif va kommunistik madaniyat xabarlari”), 1922 yil fevral-sentyabr oylarida “Inqilob”, 1923 yil fevralida esa “Temir qoziq” jurnallariga muharrirlik qilgan. U mazkur gazeta va jurnallardan tashqari, “Qizil bayroq”, “El bayrog‘i”, “Turkiston” va boshqa gazetalarda, Moskvada nashr etilgan “Novыy Vostok” (“Yangi Sharq”), “Kommunisticheskaya revolyutsiya” (“Kommunistik inqilob”) jurnallari, “Jizn natsionalnostey” (“Millatlar hayoti”) kabi to‘plamlarda adabiy, publitsistik va ilmiy maqolalari bilan ishtirok etgan.

Agar taqdir N.To‘raqulovni siyosatning kirsa-chiqmas ko‘chalariga olib kirmaganida, u, ehtimol, taniqli shoir, publitsist, adabiyotshunos va tilshunos olim bo‘lib yetishgan bo‘larmidi. Uning 1919 yili “Ishtirokiyun” gazetasida Darvesh taxallusi bilan e’lon qilingan she’rlaridan biri buyuk nemis shoiri va dramaturgi ta’sirida yozilgan bo‘lib, unga “Mavzui Shillerdan” deb izoh-sarlavha qo‘yilgan. Olti satrdan iborat bu she’rda N.To‘raqulov o‘zining o‘sha kezlardagi kayfiyat-kechinmalarini bunday ifodalagan:

Ko‘p qo‘rqinch, ko‘p mudhishdir
Qilsa agar hamla arslon!
Toshsa suv, bossa yurtni,
Yuraklarni etar larzon!
Undan-da mudhish azimdur
Uyg‘onsa tutqundan inson!

Bu satrlarni bugun turlicha talqin etish mumkin. Ammo shoir, bizningcha, arslon-suv-inson obrazlarini mudhish voqealarni keltirib chiqaruvchi mushtarak kuchlar sifatida talqin etgan. Bu she’r yozilgan 1919 yilda oktyabr to‘ntarishi tufayli “uyg‘ongan” yo‘qsillar bolsheviklar rahnamoligida mamlakatni vayronaga aylantirib yuborgan, xalq hayotidan halovat, dasturxonidan esa fayz-baraka ko‘tarilgan edi. N.To‘raqulov, bizningcha, mazkur she’rda ana shu holatni tasvirlab, insondagi tabiat va jamiyatni vayron etuvchi kuchni hamla qilgan arslon-u yurtni bosgan suvga muqoyasa qilgan.

N.To‘raqulov “Ishtirokiyun” va “Qizil bayroq” gazetalari sahifalarida “Jonlar orasidan”, “Faqirga”, “Hisobi muhabbat”, “Shoirga”, “Omon bo‘lsun Farg‘ona!” singari bir necha she’rlar chop etgan. U shu davrdayoq o‘zini siyosat olamining bandasi, deb his qilgan. Shuning uchun ham uning she’riyat maydonidagi izlanishlari darveshona kayfiyat mevasi edi. Ammo N.To‘raqulov samimiy, kamtar va kulgisevar kishilar qavmidan bo‘lgani vajidan lirik she’rlargina emas, hajviyalar ham yozgan va bunday asarlariga “Darvesh”, “Namakob”, “Obnamak”, “Obshur” taxalluslarini bejiz tanlamagan.

Suronli va dolg‘ali davr N.To‘raqulovdan hayotga, voqealarga, kishilarga siyosiy ko‘z bilan qarashni, ijtimoiy muhim va jiddiy mavzularda qalam tebratishni talab etdi. U “Qozoq va muhojir masalasi”, “Qo‘qon muxtoriyati”, “Turk tili” (1920), “No‘noqligimiz”, “Islom va kommunizm” (1921), “Jasorat”, “Qimorxona” (turk-yunon urushi munosabati bilan), “O‘zbek qarindoshlarimizning diqqatlariga” (1922) singari qator maqolalar yozdi. Bu va boshqa maqolalarida o‘sha davrning ijtimoiy, adabiy-badiiy tafakkuriga ta’sir etuvchi muhim masalalarni ko‘tarishga intildi. U 20-yillarning faol publitsistlaridan biri bo‘lgani uchun o‘zbek adabiyoti va tili masalalari bo‘yicha Abdulla Qodiriy, rus adabiyoti va madaniyati muammolari bo‘yicha esa Yusuf Oqchurin va boshqa taniqli yozuvchilar bilan bahs-munozara qildi. Haqiqat bahs jarayonida tug‘iladi, degan hikmatomiz so‘zlar uning shioriga aylandi. U hatto o‘zlarini Turkiston haqida yozishga haqli deb bilgan rus olimlarining Moskva jurnallarida e’lon qilingan g‘ayriilmiy va g‘ayritarixiy maqolalariga qarshi keskin raddiyalar bilan chiqdi. Bu bilangina kifoyalanmay, o‘zi ham Moskva nashrlarida Sharq xalqlari hayoti, dini, tarixi va madaniyatiga oid maqolalarini e’lon qildi.

N.To‘raqulov faqat jurnalistgina emas, balki davlat va jamoat arbobi ham edi. U arbob sifatida respublika, mintaqa va sobiq ittifoq miqyosidagi turli anjumanlar, kengash va qurultoylarda o‘qigan nutq va ma’ruzalarida ham Turkiston xalqlari hayoti uchun muhim bo‘lgan masalalarni ko‘tardi. N.To‘raqulovning bu nutq va ma’ruzalarida uning publitsistik maqolalarida olg‘a surilgan masalalar o‘z rivojini topgan, desak xato bo‘lmas.

N.To‘raqulov turkologlarning 1926 yil 3 martda Bokuda bo‘lib o‘tgan 1-umumittifoq qurultoyida so‘zga chiqib, boshqa qator dolzarb masalalar bilan birga arab yozuvidan lotin yozuviga o‘tishdagi ayrim nuqson va murakkabliklar to‘g‘risida ham jon kuydirib gapirdi. U notiqlardan birining arab yozuviga o‘tishda mehnatni ilmiy asosda tashkil etish haqidagi fikriga javoban bunday degan edi:

“Men arab alifbosiga nisbatan mehnatni ilmiy asosda tashkil etish qanday bo‘lishini ko‘rsatish uchun quyidagi raqamlarni keltirishni xohlardim. Men bu raqamlarni bosmaxona ishlari bo‘yicha mutaxassis tatarlardan olganman va ular quyidagilardan iborat: rus millatiga mansub harf teruvchi rus tilida, rus alifbosida kun mobaynida 7.500-8.000 ta harf tersa, rus millatiga mansub harf teruvchi xorijiy tillarda lotin harflari bilan o‘sha vaqt mobaynida 5.500-6.000 ta harf teradi. Tatar millatiga mansub harf teruvchi tatar tilida arab harflari bilan kun mobaynida 5.500-6.000 ta harf teradi, ya’ni rus harf teruvchisi xorijiy tillarda lotin harflari bilan qancha harf tersa, u ham shuncha harf teradi. Tatar harf teruvchisi o‘ziga ozmi-ko‘pmi yaqin bo‘lgan qozoq va o‘zbek tillarida kuniga, o‘sha vaqt davomida 4.000 ta harf teradi…” N.To‘raqulov ana shu tarzda turli-tuman raqam va dalillarni keltirgach, bunday fikrni aytgan edi: “Biz bosmaxonadagi faoliyatimizda, madaniy-oqartuv ishlarimizda duch kelayotgan va mehnat mahsulining qiymatiga ta’sir etadigan bu raqamlar u yoki bu alifboning afzalligini belgilashda inobatga olinishi darkor. Modomiki, alifbo inson fikrini ifodalash vositasi ekan, bu masalaga dastavval u yoki bu vosita berishi mumkin bo‘lgan texnik qulayliklar nuqtai nazaridan yondashish lozim…”

N.To‘raqulov shu fikrini davom ettirib, alifboni isloh etishda, masalaga, birinchi navbatda, texnik qulayliklar va mehnat mahsulotining narx-navosi nuqtai nazaridan yondashishni maslahat bergan.

U milliy masala va maktab mavzuidagi ma’ruzalarida ham umumiy va foydasiz gaplardan qochib, masalaga aniq-tayin maqsad asosida yondoshadi, chorizm davridagi g‘ayrimilliy siyosatning ustuvor yo‘nalishlarini ro‘y-rost ko‘rsatib, bu yo‘nalishlar Sovet hokimiyatining milliy siyosatidan o‘rin olmasligiga umid bildiradi. “Chor samoderjaviyesining butun dasturi boshqa millatlarga mansub kishilarni e’tiborga olmaslik, ularni yo jismonan mahv etish, yoki ruslashtirish siyosatini o‘tkazishdan iborat bo‘lgan. Ba’zi bir xalqlar o‘troq holda yashashga majbur qilingan bo‘lsa, boshqalarning, masalan, ukrain, belorus va boshqa bir qator millatlarning ona tilisi bormi, ukrain va beloruslarning esa duonomalari bormi, barcha milliy belgilari taqiqlangan. Uchinchi bir guruh esa mustamlaka tuzumining barcha dahshatlariga mubtalo etilgan. Ularning eng yaxshi yerlari, eng yaxshi yaylovlari tortib olinib, o‘zlari, Kavkaz, Qirg‘iziston, O‘rta Osiyoda bo‘lganidek, yovvoyi daralarga haydab chiqarilgan. Ayonki, bunday sharoitda millatlarning madaniyati to‘g‘risida so‘z ham bo‘lishi mumkin emas…”

N.To‘raqulovning bu so‘zlari aytilgan 20-yillarning boshlarida Sovet davlatining milliy siyosati bilan chor hokimiyatining milliy siyosati o‘rtasida katta farq bo‘lmagan. Shuning uchun ham bu so‘zlarni bo‘lajak diplomatning so‘zlari sifatida, “qizim, senga aytaman, kelinim, sen eshit” qabilida aytilgan so‘zlar tarzida tushunish joiz.

…Sir emas, 20-yillarning boshlarida O‘zbekistonda fan va madaniyatning turli sohalari bo‘yicha mutaxassislar oz bo‘lgan. Shuning uchun ham N.To‘raqulov 1921 yilning kuz oylarida Qozondan Sharif Boychura degan jurnalistning kelganini eshitib, huzuriga taklif etgan.

Sharif Boychura keyinchalik ana shu uchrashuvni eslab, bunday yozgan edi:

“…Qarshimda bo‘yi balandroq, qozoq-mo‘g‘ul kelbatli, qorato‘ridan kelgan, ziyrak ko‘zli, o‘ttiz yoshlar chamasidagi kishi jilmayib turardi. O‘rtoq Nazir To‘raqulov shu ekan. Ko‘rishdik. Meni o‘tirishga taklif qildi.

— Sizni jurnalist deb aytishdi. Men o‘zbek tilida siyosiy, ijtimoiy, adabiy oylik jurnal chiqarishni o‘ylab yuribman. Muharrirlikni o‘z zimmamga olsam kerak. Jurnal partiya Markaziy Qo‘mitasining organi bo‘ladi. Mana shu jurnalni tashkil etib, yo‘lga solib yuborish uchun matbaa ishlari bilan tanish bo‘lgan tajribali jurnalist, ya’ni mas’ul kotiblikka loyiq bir kishi kerak. Shu vazifaga sizni taklif etmoqchiman, — dedi o‘rtoq N.To‘raqulov.

Men unga 1918-1921 yillarda Moskva va Qozonda tatarcha “Ishchi” va “Qizil Armiya” gazetalari tahririyatlarida mas’ul kotib bo‘lib ishlaganimni, inqilobga qadar ham jurnalistika sohasida birmuncha vaqt xizmat qilganimni, lekin bu shaharda vaqtincha mehmon bo‘lib turganimni aytdim. Bu yerda uzoq turib qolish niyatim yo‘q. Bundan tashqari, jurnal o‘zbek tilida chiqar ekan. Men ilgarigi turk tilini bilsam ham, arab, fors va o‘zbek tillari bilan birmuncha tanishligim bo‘lsa-da, hozirgi o‘zbek tilida yozib ko‘rmaganman, dedim.

— Til masalasiga kelganda, — dedi kulib To‘raqulov, — men ham o‘zbek emasman. Millatim qozoq. Turkistonda tug‘ilib, Qo‘qonda o‘sganman. Ya’ni bir- muncha o‘zbeklashgan qozoqman. Har qalay, o‘zbek tilini yomon bilmayman, deb o‘ylayman. Lekin kamchiliklarim bo‘lishi mumkin. Jurnal materiallarini til jihatidan tahrir qilish va korrektura o‘qish uchun kotib yordamchisi qilib yosh o‘zbek yozuvchisi Abdulla Qodiriyni ishga olmoqchiman. U layoqatli yigit ko‘rinadi. Hozir ishni uyushtirib yuborishgina qoldi…

Shunday qilib, 1922-1924 yillarda chiqib turgan o‘zbekcha “Inqilob” jurnalining ishini yo‘lga qo‘yib yubordik. Jurnalning birinchi soni 1922 yilning fevral oyi boshida chiqdi”.

“Inqilob” jurnalining tashkil etilish jarayoniga maxsus to‘xtalganimizning boisi shundaki, N.To‘raqulov mazkur jurnalda qisqa muddat ishlaganiga qaramay, jurnalga A.Qodiriy, S.Ayniy, Cho‘lpon singari mashhur yozuvchilarni taklif etdi. S.Ayniyning “Buxoro jallodlari” qissasi, Cho‘lponning “Oydin kechalarda”, “Ayriliq yo‘li”, “Binafsha”, “Kishan” singari hikoya, ocherk va she’rlarini shu nashr sahifalarida e’lon qildi. A.Qodiriy qalamiga mansub birinchi o‘zbek romani — “O‘tgan kunlar”ning “Inqilob” jurnalida nashr etilishi ham N.To‘raqulov nomi bilan bog‘liq.

* * *

1922 yilning oktyabr oyida Nazir To‘raqulov Moskvaga RKP(b) Markaziy Qo‘mitasi ixtiyoriga chaqirib olinadi va u SSSR xalqlari adabiyoti markaziy nashriyoti boshqaruviga rais etib tasdiqlanadi.

Sharif Boychuraning xotirasida N.To‘raqulov hayoti va faoliyatining ushbu davri to‘g‘risida bunday ma’lumot bor:

“1922 yilning sentyabrida men, oldindan kelishib olganimizdek, oilam bilan birga Toshkentdan Qozonga qaytib keldim…

Biz Toshkentdan ketadigan kunlarda o‘rtoq To‘raqulovning Moskvaga chaqirib olinishi to‘g‘risidagi xabar tarqalgan edi. Bu xabar keyinchalik to‘g‘ri bo‘lib chiqdi. Qozonga kelganimdan keyin Toshkentga, To‘raqulovga xat yozib, javobini Toshkentdan emas, balki Moskvadan oldim. 1922 yil 19 noyabrda yozilgan bu xatda To‘raqulov o‘zining Rahimboyev va Otaboyev o‘rtoqlar bilan birga Moskvaga chaqirib olinganini xabar qilgan edi”.

Sharif Boychuraning bu xotirasiga asoslangan holda aytish mumkinki, N.To‘raqulov bilan bir vaqtda Abdulla Rahimboyev va Qayg‘usiz Otaboyev ham Moskvaga ishga chaqirib olingan. Shu narsa ajablanarliki, bu uchala rahbar 1922 yil 25 sentyabrda RKP(b) Markaziy Qo‘mitasi tashkiliy byurosining qarori bilan biri Turkiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasi kotibi, ikkinchisi TASSR Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi raisi, uchinchisi esa TASSR Xalq Komissarlari Soveti raisi lavozimlaridan “qo‘pol xatolari uchun” ozod etilgan edi. Ammo katta tashkilotchilik iste’dodiga ega bo‘lgan va respublika aholisi o‘rtasida obro‘-e’tibor qozongan bu rahbarlarni siyosat olamidan chetlashtirish respublikada Sovet davlatiga qarshi norozilik kayfiyatini keltirib chiqarishi mumkin edi. Shuning uchun ham, bir tomondan, ana shu xavfning oldini olish, ikkinchi tomondan, ularni Moskvaning doimiy nazoratida ushlab turish va partiyaga sadoqat ruhida tarbiyalash maqsadida ular markazga ishga taklif etilgan edilar. N.To‘raqulovni SSSR xalqlari markaziy nashriyoti rahbarligiga tavsiya etishdan maqsad rusiyzabon proletar yozuvchilarining asarlarini qardosh xalqlar tillariga, qardosh xalqlar adabiyotining shu ruhdagi namunalarini esa rus tilida tarjima va nashr etish, shu yo‘l bilan ko‘p millatli proletar adabiyotini yaratish va marksizm-leninizm g‘oyalarini shu adabiyot yordamida keng xalq ommasiga singdirish edi.

N.To‘raqulov boshqarma raisi lavozimida xizmat qilar ekan, ham tashkilotchilik, ham jurnalistlik iste’dodini to‘la namoyish etdi, bu lavozimdan milliy respublikalardagi aholining ma’rifiy va madaniy saviyasini ko‘tarish yo‘lida foydalandi. Uning rahbarligida milliy tillarda ko‘plab nusxalarda o‘quv qurollari va ko‘rgazmalari nashr etildi. Lotin yozuvidagi turk-tatar tillarida qator darsliklar, o‘quv qo‘llanmalari va ilmiy-ommabop adabiyotning nashr etilishi yangi yozuvning bu xalqlar madaniy hayotiga kirib borishida muhim omil bo‘ldi. Nashriyot besh yil ichida 60 millionga yaqin nusxada kitoblar chop etdi. Qisqa muddatda 50 tildagi davriy nashrlar bilan birga, o‘quv, ilmiy-ommabop, ijtimoiy-siyosiy, badiiy va qishloq xo‘jaligiga oid ko‘plab kitoblarning nashr etilishi misli ko‘rilmagan voqea bo‘ldi va nashriyot kitob mahsuloti bo‘yicha jahonda birinchi o‘ringa chiqib oldi.

U shu yillarda qozoq tilshunos olimi A.Boytursunov bilan hamkorlikda birinchi qozoq alifbosini yaratdi va bu alifbo N.F.Yakovlevning “Alifbo tuzishning matematik formulasi” degan mashhur tadqiqotida yuqori baholandi.

Kezi kelganda aytish joizki, Cho‘lponning bir o‘zi 1927 yilda Yelena Zartning “Devona”, “Ko‘hi malak”, “Mirob”, A.Mordvinkinning “Dehqon bilan bolshevik, burjuvoy bilan general to‘g‘risida hikoya”, P.Oreshinning “Yangi domulla”, A.Serafimovichning “Xotin-xalaj qishlog‘i” va A.Yakovlevning “Oktyabr” hikoyalarini o‘zbek tiliga o‘girib nashr etdi. N.To‘raqulov bugun na badiiy, na ma’rifiy qimmatga ega bo‘lgan bu asarlar tarjimasiga Cho‘lponni bejiz taklif etmagan. U bu sa’y-harakati bilan, bir tomondan, shu yillarda Moskvada nochor ahvolda yashayotgan shoirga moddiy madad bergan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, uning mutarjimlik qalamining charxlanishiga imkoniyat yaratdi.

N.To‘raqulovning markaziy nashriyotdagi faoliyatidan yaxshi xabardor bo‘lgan Sharif Boychura bunday yozadi: “Shunday qilib, u o‘zi yaxshi ko‘rgan matbuot va nashriyot ishlariga qaytadi. Ammo u nashriyotda faqat ma’muriy rahbargina bo‘lib qolmasdan, balki turkiy (o‘zbek, qozoq va boshqa) xalqlar tillarida chiqadigan adabiy asarlarni tahrir qilar, ba’zi bir alohida e’tiborga ega bo‘lgan asarlarga so‘zboshi yozish ishlarini ham boshqarar edi. O‘zbek va tojik tillaridagi adabiy asarlar bilan tanilgan, keyinchalik Tojikiston Fanlar akademiyasining prezidenti bo‘lgan Sadriddin Ayniyning “Buxoro inqilobchilari” degan asariga yozgan katta so‘zboshisi To‘raqulovning ana shunday xizmatlaridan biridir”.

S.Ayniyning Sharif Boychura tilga olgan asari “Buxoro inqilobchilari” emas, balki “Buxoro inqilobi tarixi uchun materiallar” deb nomlangan. Bu va Fitratning “Qiyomat” xayoliy hikoyasi N.To‘raqulovning debocha so‘zi bilan 1926 yili Moskvada nashr qilingan.

* * *

Nazir To‘raqulov markaziy nashriyotda xizmat qilish bilan birga, lotin yozuviga asoslangan yangi turk alifbosi bo‘yicha tuzilgan komissiya ishiga rahbarlik qildi; 1924 yili Orenburgda o‘tkazilgan olimlar qurultoyi, 1926 yil martida Bokuda o‘tkazilgan turkologlar qurultoyida faol ishtirok etdi; 1928 yili lotin yozuviga o‘tish bo‘yicha tuzilgan Markaziy komissiya tarkibiga kirdi. 1928 yil 10 iyunda esa u SSSRning Hijoz va Najd (hozirgi Saudiya Arabistoni)dagi diplomatiya Agenti va Bosh konsuli etib tayinlandi.

Tarixiy adabiyotdan shu narsa ma’lumki, Birinchi jahon urushi tugagach, Ibn Saud Arabistonni birlashtirish maqsadida 1921 yili Shammarni zabt etgach, 1924-1925 yillarda Hijozni Najdga qo‘shib olgan, 1926 yil yanvarida esa o‘zini Hijoz qiroli, Najd va boshqa qo‘shib olingan viloyatlarning sultoni, deb e’lon qilgan. 1926 yil 16 fevralda Sovet davlati yangi arab davlatini birinchi bo‘lib tan olgan va u bilan diplomatiya munosabatlarini o‘rnatgan. 1932 yildan boshlab Hijoz va Najd Saudiya Arabistoni deb atala boshlagan.

Nazir To‘raqulov diplomat sifatidagi faoliyatining dastlabki davrida xalqaro huquq va xalqaro munosabatlar, islom ta’limoti, Yaqin Sharqdagi siyosiy vaziyat, Hijoz hamda Najdning yaqin va uzoq tarixi, o‘sha kezlardagi rahbarlari, ularning SSSRga munosabati singari masalalarni puxta o‘rgandi. O‘sha kezlarda Angliyaning Yaqin Sharqdagi siyosiy o‘yinlari natijasida SSSR – Hijoz munosabatlari hiyla murakkablashgan va bu narsa, ayniqsa, savdo sohasida sezilmoqda, SSSRning bu boradagi mavqei esa tobora zaiflashib bormoqda edi. Shuning oqibatida Tashqi ishlar xalq komissarligi SSSRning Hijoz va Najddagi Agenti va Bosh konsuli Karim Hakimovni chaqirib olib, uning o‘rniga markaziy nashriyotdagi faoliyati bilan e’tibor qozongan N.To‘raqulovni Agent va Bosh konsul etib tayinlashni lozim topgan.

SSSRning Hijozdagi konsulligi tomonidan 1928 yil sentyabr oyining so‘nggi kunlarida tayyorlangan “Matbuot bo‘yicha ma’lumot-hisobot”da mavjud vaziyat bunday tavsiflangan:

“Hijoz-Najddagi holatni belgilovchi asosiy narsa Angliya bilan Ibn Saud qirolligi o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning g‘oyat keskinlashganidir. Angliyaning Najdga qaragan Iroq chegarasini qator brokgauzlar qurish yo‘li bilan mustahkamlashi bu keskinlikning paydo bo‘lishiga sabab bo‘ldi. Angliyaning shu yo‘nalishdagi faolligi Iroqni Yaqin Sharqdagi hujum operatsiyalari uchun baza sifatida mustahkamlash va bir qismi Najd chegarasi yaqinida o‘tajak Xayfa-Bag‘dod temir yo‘lini qurish strategik rejalari bilan bog‘liq. 1927 yil noyabrida Najd beduinlarining bir necha yirik otryadlari Iroq hududlaridan o‘tib, qurilayotgan blokgauzlardan birini vayron qilib tashladi. Inglizlar bunga javoban Najd shaharlariga bir necha marta hujum qilib, Iroqni Najd tomonidan bo‘lajak hujumlardan himoya qilish maqsadida Fors ko‘rfazida anchagina kuchlarni to‘pladi. Shu vaqtdan boshlab Angliya bilan Hijoz-Najd o‘rtasidagi munosabatlarda shu qadar keskinlik vujudga keldiki, natijada urushning kelib chiqishi muqarrar bo‘lib qoldi…

15 mayda o‘rt. Hakimov qirol Ibn Saud bilan uchrashib, unga SSSR hukumatining Hijoz-Najd bilan do‘stona munosabatlarni shartnoma tuzish yo‘li bilan mustahkamlash, shuningdek, vakilimiz maqomini o‘zgartirib, uni elchi qilish haqidagi istagini yetkazdi. Ibn Saud aytdiki, u hozir Angliya bilan qariyb urush holatida, SSSR bilan shartnomaning tuzilishi inglizlarni sergaklashtirishi va ularni Hijoz-Najdga nisbatan shunday tadbirlarni amalga oshirishga turtki berishi mumkin va buning oqibatlarini bashorat qilish maholdir…”

Nazir To‘raqulov Saudiya shahzodasi Faysal va boshqa diplomatlar bilan. Jidda, 1929 yil

Nazir To‘raqulov 1928 yil 10 iyul kuni yo‘lga chiqib, 29 sentyabrda Jiddaga yetib keladi va 3 oktyabr kuni Makkada, do‘stona vaziyatda qirol o‘rinbosari Feysalga ishonch yorliqlarini topshiradi. Shunday qilib, yangi Bosh konsul o‘zining Hijoz qirolligidagi faoliyatini Angliyaning Iroq nefti bilan bog‘liq strategik rejalar tufayli Yaqin Sharqda vujudga kelgan siyosiy tanglik sharoitida boshlaydi. U Hijoz tashqi ishlar vaziri Fuod Hamza, uning yordamchisi Yusuf Yasin singari nufuzli davlat arboblari bilan, keyin esa qirol Ibn Saud bilan uchrashib, suhbat nishabini SSSRning asosiy dardi — savdo munosabatlarini yaxshilash masalasiga buradi. Ammo qirol mavjud siyosiy vaziyatda bu masalaning ko‘tarilishi Hijozning nafaqat Angliya, balki boshqa Sharq mamlakatlari bilan munosabatlariga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini aytadi.

SSSR Tashqi ishlar xalq komissarligi N.To‘raqulovning Bosh konsul sifatidagi faoliyatidan qanoat hissini hosil qilmay, unga quyidagi masalalar bo‘yicha mulohazalari va rasmiy ma’lumotni yuborishni so‘raydi:

“1. Hijozning hamma chegaralari bo‘yicha xalqaro ahvoli, uning Angliya, Yemen bilan o‘zaro munosabatlaridagi so‘nggi ahvol, Iroq va Transordaniya chegaralaridagi sharoitni maxsus yoritish. Shuningdek, fors-Hijoz munosabatlari holatini Hijozdan turib yoritish mumkin bo‘lganligi uchun bizni bu munosabatlarning mufassal holati qiziqtiradi. Horijiy missiyalarning Jiddadagi so‘nggi vaqtdagi faoliyatining muhim nuqtalari.

  1. Hijozning ichki ahvoli hamda hukumat bilan qabilalar o‘rtasidagi asosiy munosabat. Hukumatdagi o‘zgarishlar va ularning siyosiy ahamiyati.
  2. Bizning Hijozdagi vaziyatimiz va ishimiz, xususan, savdo tarmoqlarini kengaytirish uchun yanada kurashimiz istiqbollari.
  3. Bu yilgi haj masalasi.
  4. Agentligimizdagi ish taqsimoti va tashqi olam bilan aloqa ahvoli”.

N.To‘raqulov diplomatik faoliyatining dastlabki davrida ana shunday masalalar bo‘yicha SSSR Tashqi ishlar xalq komissari o‘rinbosari Karaxan va Yaqin Sharq bo‘limi mudiri Pastuxovga muntazam ravishda ma’lumot-hisobot berib turdi; taniqli davlat arboblari va xorijiy muxbirlar bilan uchrashib, bir tomondan, Hijoz atrofidagi, ikkinchi tomondan, mamlakat ichkarisidagi vaziyat bilan chuqur tanishib bordi. Ammo u Karaxanga yo‘llagan xatida yozganidek, sovet-Hijoz munosabatlari shunday bir bosqichga kirgan ediki, bu bosqichda Arabiston va uning tevarak-atrofidagi siyosiy vaziyat yomonlashgan, sovetlarga g‘ayrli munosabatda bo‘lgan kuchlarning Hijozdagi mavqei esa kuchaygan edi. Shunga qaramay, Moskva Bosh konsuldan Sovet-Hijoz muzokaralarining tezroq boshlanishi uchun zamin hozirlashni, Ibn Saud bilan Angliya o‘rtasida boshlangan o‘ta yashirin muzokaralar va boshqa ko‘plab nozik masalalar bo‘yicha shoshilinch ravishda axborot berib turishni talab etadi. Hatto mintaqadagi vaziyatni tezroq o‘z foydasiga o‘zgartirish uchun sobiq Bosh konsul Karim Hakimovni savdo missiyasi bilan Hijozga yuboradi. Hijozdagi vaziyat Sovet davlati tashqi siyosatining muhim bir qismini tashkil etgani va bunda N.To‘raqulovning xizmati katta bo‘lgani uchun 1930 yil fevralida Bosh konsullik Diplomatiya missiyasiga aylantirilib, N.To‘raqulov SSSRning Qirol hazratlari huzuridagi Favqulodda elchisi va muxtor vazir etib tayinlanadi.

N.To‘raqulov faoliyati shu qadar qizg‘in va har tomonlama keng tus oladiki, hatto Ozarbayjon davlat ilmiy-tekshirish institutida tashkil etilgan Xorijiy Sharq byurosi unga murojaat etib, nashr etmoqchi bo‘lgan byulleteniga muxbir a’zo bo‘lishni, akademik I.T.Krachkovskiy esa akademiyaning Etnograf muzeyiga Hijoz aholisining hayotiy darajasi haqida tasavvur beruvchi maishiy turmush buyumlarini sotib olib yuborishni so‘raydi va h.k.

N.To‘raqulovning diplomatik faoliyati O‘zbekistonda mutlaqo o‘rganilmagan. Uning Hijoz va Najddagi faoliyatida, shubhasiz, oshkor qilish mumkin bo‘lgan va mumkin bo‘lmagan jihatlar yo‘q emas. Ammo shu narsa aniqki, u Favqulodda elchi va muxtor vazir sifatida Sovet davlatining Yaqin Sharqdagi tashqi siyosatida e’tiborli ishlarni amalga oshirdi. U sakkiz yil davom etgan diplomatik faoliyati bilan SSSR va Saudiya Arabistoni o‘rtasida do‘stona aloqalarning o‘rnatilishiga muhim hissa qo‘shdi. U 1936 yilda Saudiya Arabistoni qirolligini tark etar ekan, qirol Abdul Aziz Al Saudning shaxsan o‘zi ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshi izga tushirib yuborgani uchun unga chin yurakdan minnatdorchilik izhor etgan.

Nazir To‘raqulov tug‘ilgan kunning 110 yilligi arafasida Moskvada Toir Mansurovning “Elchi Nazir To‘raqulovning Arabistondagi epopeyasi” degan kitobi rus, qozoq, ingliz va arab tillarida nashr etildi. Muallif “Trud” gazetasi muxbirida shu munosabat bilan tug‘ilgan savollarga javob berib, bunday dedi: “O‘ttizinchi yillar davri hozirgi kun bilan uzviy ravishda bog‘liq. Mana, shunday bog‘liqlikka doir bir misol: savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalari bo‘yicha asosiy tashvishlar yuki elchi To‘raqulovning zimmasiga tushgan. U erishgan eng yorqin yutuqlardan biri benzin borasidagi bitimdir. Saudiya Arabistoni qirolining shaxsiy iltimosiga ko‘ra, u SSSRdan o‘sha yerga neft mahsulotlarini yetkazib berishni tashkil etgan. 1931 yili — benzin bo‘yicha bitim tuzilgan vaqtda nafaqat Saudiya qirolligi, balki butun Yaqin Sharqda “avtomobil davri” boshlangan edi. O‘sha davrda dunyodagi eng boy neft qazilmalaridan biri — Saudiya nefti hali topilmagan edi. Shuning uchun ham To‘raqulov tomonidan tashkil etilgan “neft bitimi” nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy ahamiyatga ham molik bo‘lgan. Bu narsa pirovardida g‘arblik an’anaviy neft yetkazib beruvchilar monopoliyasining susayishiga sababchi bo‘lgan”.

Bu so‘zlarga ilova tarzida shuni aytish joizki, shahzoda Feysalning 1932 yili SSSRga qilgan tashrifi ham N.To‘raqulovning diplomatiya sohasida erishgan jiddiy yutuqlaridan biri bo‘lib, tomonlar shu tashrif natijasida o‘zaro savdodagi barcha cheklashlarni bekor qilish haqida bir bitimga kelganlar. Bu, o‘sha vaqtda iqtisodiy tanglik holatini boshdan kechirayotgan SSSR uchun najot yo‘llaridan biri edi.

* * *

Nazir To‘raqulov Munavvar qori Abdurashidxonov, Cho‘lpon singari mashhur jamoat, fan va madaniyat arboblarimiz bilan g‘oyat yaqin edi. Ammo u davlat idoralarida xizmat qilar ekan, istar-istamas ular muhitidan uzoqlasha boshladi. Hatto butun o‘zbek xalqi Cho‘lponning dohiyona tarjimasidagi “Hamlet”ni hurmat va muhabbat bilan qarshi olganida, u “Hamlet”ga tuhmat” degan maqola bilan chiqdi. Munavvar qori uning Sovet davlatiga ortiq darajada ishongani va bir kuni bu ishonchi uchun pand yeyishini bilgan.

Cho‘lponning xotirlashiga ko‘ra, Moskvaga ishga chaqirilgan Nazir To‘raqulov xayrlashish uchun ustozi Munavvar qorining uyiga borgan. Ular shohmot ustida gurunglashar ekanlar, Munavvar qori raqib shohiga mot e’lon qilib: “Nazir, yutqazding!” degan. Uning bu so‘zlari Nazir To‘raqulovning shohmotdagi emas, balki siyosat taxtasidagi o‘yiniga qarab ham aytilgan so‘zlar edi…

1936 yili Nazir To‘raqulov Arabistondan chaqirib olindi va SSSR bilan Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar uzoq muddatga uzildi. Sovet davlati N.To‘raqulovdan Tashqi ishlar xalq komissarligi tizimidagi muassasalarda foydalanishni istamadi. U Moskvadagi Sharq xalqlari tili va yozuvi instituti hamda Leningraddagi SSSR Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida ilmiy xodim bo‘lib xizmat qildi. Taniqli diplomat va sharqshunos olimning bu ilmiy maskanlardagi faoliyati hali biror kitob yoki jiddiy maqola bilan yakunlanmagan ham ediki, qatag‘on daryosining qonli girdobi uni o‘z domiga tortdi. Nazir To‘raqulov 1937 yil 15 iyul kuni qamoqqa olinib, o‘sha yilning 3 oktyabrida Moskvada otib tashlandi.

Nazir To‘raqulov garchand qozoq millatiga mansub bo‘lsa-da, O‘zbekistonni o‘zining vatani, o‘zbek tilini esa ona tili, deb atagan edi. O‘zbekiston ham o‘z farzandi xotirasiga chuqur hurmat bildirib, Toshkent va Qo‘qondagi ko‘chalardan biriga, shuningdek, Toshkentdagi 283-sonli umumta’lim maktabiga uning nomini bergan.

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2005 yil, 2-son