Muhammad Ali. Bunyodkorning tolei

Sohibqiron har yerdakim, imoratqa qobil yer ko‘rsa erdi, ul yerda, albatta, bir imorat solur erdi.
Sharafiddin Ali YaZDIY

Sohibqiron Amir Temur tavalludiga olti yuz yetmish ikki yil to‘lmoqda. Oradan shuncha yillar o‘tishiga qaramay ulug‘ bobomiz davriga, shaxsiga, hayoti va faoliyatiga bo‘lgan qiziqish, nafaqat bizda, balki butun jahonda tobora ortib borayotganini ko‘rib g‘ururlanasan kishi. Aytish mumkinki, nasli-nasabi-yu millatidan qat’iy nazar, Yer yuzida Sohibqiron taqdiriga befarq qaraydigan odam kam… Bu ulug‘ zot faoliyatining insoniyatni qoyil qoldirib kelayotgan jihatlaridan biri, Buyuk Shaxsligini yaqqol ko‘rsatib turadigan fazilati, shubhasiz, uning bunyodkorlikka bo‘lgan mehri va shijoatidir, muxtasar aytganda, tom ma’nodagi bunyodkorligidir. Darvoqe, Amir Temurning ibratli fazilatlaridan biri — u har ishgaki kirishsa qattiq kirishar edi. Sharafiddin Ali Yazdiyning yozishicha, ”Hazrat Sohibqironning biyik himmati — har ishni oxirigacha yetkurmaguncha o‘lturmas erdi…”.

* * *

Hali oddiy amirlardan biri maqomida, qaysar va izzattalab amirlar boshini goh qovushtirishga erishib, goh qovushtira olmay Turkiston cho‘llarida ot choptirib yurgan pallalar… Sohibqiron umrida birinchi va oxirgi marta boy bergan ma’shum “loy jangi”dan (1365 yil bahori) keyin ham Amir Husaynga o‘xshab jonimni saqlay deb, yurtni tashlab ketmadi, balki 1365 — 1366-yillar qishida — Sohibqiron vaqtni bekor o‘tkazishni yoqtirmasdi — Qarshi qal’asini qurishga kirishdi va poyoniga yetkazdi. Temurbek bu paytda yigirma to‘qqiz yoshda edi. Uning bu harakatlari katta maqsad yo‘lida zinhor ikkilanib o‘ltirmaganini, yosh amirning o‘shandayoq ko‘nglidan ulug‘ umidlar joy olganini, uzoq maqsadlarni ko‘zlaganini, garchi o‘sha payt oddiy bir amir bo‘lgan esa-da, o‘zini butun mamlakat uchun mas’ul sezganini ko‘rsatadi.
Ma’lumki, Samarqand mustahkam devorlar bilan o‘ralmagan edi. Shahar saltanat markazi qilib belgilangandan keyin, Amir Temur unga poytaxt ko‘rku salobatini berish, obod maskanga aylantirish yo‘lida katta harakat boshladi. Bu harakat Sohibqironning butun umri davomida to‘xtagani yo‘q, desak mubolag‘a bo‘lmas. Dastavval ko‘chalar orasta qilindi, Ko‘ksaroy bunyod etildi. “Samarqand arkida Temurbek ulug‘ bir ko‘shk solibdur, to‘rt oshyonliq, — deb yozadi Bobur Mirzo. — Ko‘ksaroyga mavsum va mashhur va oliy imoratdur”. Milodiy 1371 yilda olti darvoza tiklandi, shaharsozlik rivojlanib ketdi, shahar mustahkam qa’la devorlari bilan o‘rab olindi. Sohibqiron Samarqandni dunyoning eng oldi shahariga aylantirmoqchi edi, bunga erishdi ham. Hatto buni ta’kidlash uchun, shahar atrofida Damashq, Bag‘dod, Misr, Sheroz, Sultoniya kabi mashhur shaharlar nomlari bilan atalgan, bog‘-rog‘larga burkangan katta-katta qishloqlar barpo qildirdi.

* * *

Samarqandi firdavsmonand atrofida bunyod etilgan Bog‘i Naqshi Jahon, Bog‘i Chinor, Bog‘i Bihisht, Bog‘i Dilkusho, Bog‘i Baland va boshqa bog‘lar poytaxt ko‘rkiga ko‘rk bo‘lib qo‘shildi. Ularning har birida muhtasham saroy, ko‘shk va naqshinkor ayvonlar qurildi. Bu bog‘lar haqida ispan elchisi Rui Gonsales de Klavixo o‘z kundaliklarida zavq-shavq bilan qalam tebratgan. Chunonchi, ispan elchisi Sohibqironning suyukli xotini Tuman oqaga atab bunyod etilgan Bog‘i Bihisht haqida shunday yozgandi: “Bu bog‘ning g‘ishtin va naqshin, lojuvard va oltin bilan bezatilgan baland va go‘zal darvozasi bor. Bog‘ nihoyatda katta. Unda mevali va sersoya daraxtlar ko‘p. Yog‘och panjaralar bilan ihotalangan shinam xiyobon va yo‘laklardan odamlar o‘tib turadi…”.
Bog‘i Nav haqida esa quyidagilarni o‘qiymiz: “Bog‘ning to‘rt tarafi baland devorlar bilan o‘ralgan, har bir burchagida g‘o‘lasifat burj-minora bo‘y cho‘zgan. Bog‘ o‘rtasida — oldida sarhovuzi bor katta chortoq uy…”.
Umuman, bog‘ yaratish, barpo qilishni Amir Temur juda yaxshi ko‘rardi, ta’bir joiz bo‘lsa, bog‘lar yaratish uning sevgan mashg‘ulotiga aylangandi, yashnagan bog‘ni ko‘rib bahri dili ochilardi.
1397 yil martda Amir Temur Samarqandning shimolida Bog‘i Dilkushoni barpo etish uchun “Konigilning bir yonida bog‘i tarh solsunlar!..”, deb buyruq beradi. Kichik malika, sohibjamol To‘kalxonimga atab oliy bir ko‘shk, ulug‘vor ayvon bunyod etadilar. “Ko‘shkning toqu ravoqlari naqshinkor va sirkor g‘ishtlar bilan pardoz topdi, — deb yozadi Yazdiy. — Bog‘ning to‘rt burchagida… serhasham shiyponlar qurildi…” “(Temurbek) Samarqand sharqida ikki bog‘ solibdur, …yovuqrog‘i Bog‘i Dilkushodir, — deyiladi “Boburnoma”da. — Andin Feruza darvozasig‘acha xiyobon qilib, ikki tarafda terak yig‘ochlari ekturubtur. Dilkushoda ham ulug‘ ko‘shk soldurubtur, ul ko‘shkta Temurbekning Hindiston urushini tasvir qilibturlar…”
Muarrixlar so‘zlariga qaraganda, bog‘ jannatday oromijon, Eram bog‘idek dilkusho ekan. “Amir sohibqiron u bog‘ va saroylarning qurilishi bilan bir oyni o‘tkazdi…”, deydi Nizomiddin Shomiy. Hayratga soladigan joyi shundaki, saltanat yumushlari bilan nihoyatda band bo‘lgan Amir Temurday davlat arbobi bitta bog‘ barpo etishga bir oy vaqtini bergan, shunga fursat topa ola bilgan. Xuddi o‘sha yili Bog‘i Shimol qurilishida ham “Sohibqiron bir oy-yarim o‘zi turib jahd etar edilar”(Yazdiyning e’tirofi).
Milodiy 1399 yilda boshlangan Jome’ masjidi qurilishida ham u shunday sobitqadamlikni namoyon etgan edi. Yana Shomiy deydi: “…Dorulmulk Samarqandda bir Jome’ masjidi qurib, bu xayrli ish bilan qudrat egasi (Olloh)ga yaqinlikka erishish niyatini qat’iylashtirdi… Oliy hazrat ishtiyoqining zo‘rligidan shaxsan o‘zi imorat tepasida hozir bo‘lar, uning tez bitishiga butun himmatini sarflar edi…”. Sohibqiron kelganda, masjid poydevori o‘rnini qazishayotgan bahodir quruvchi yigitlarga dalda berib, ularning ko‘ngillarini ko‘tarar, rag‘batlantirar ekan. Yazdiy ham “Zafarnoma” asarida Jome’ masjidi qurilishiga to‘xtalib shunday yozadi: “Sohibqiron g‘oyat ihtimomidinkim (e’tibor berganidan, diqqat qilganidan), masjid ishida taallul (bahona, sustlashish) bo‘lmag‘ay (deb), o‘zi har kun kelib ishlagonlar boshig‘a turib, ihtimom qilur erdi. Va so‘rar erdi… Masjidi juma’da to‘rt yuz sakson ustun toshdin yasab… saqfini (shifti, gumbaz) toshdin yasadilar va to‘rt yonida to‘rt minora yasadilar. Masjid tugagandan so‘ng Dilkusho bog‘iga borib to‘ylar berdi. Ustakorlarga to‘nlar kiydurub, otlar mindurdi…”.
Demak, bog‘ barpo qilish, masjid yo boshqa bino qurish davlat ahamiyatidagi yumushlardan kam deb hisoblanmagan, balki ayni saltanat yumushi sanalgani aniq. Ikkinchidan, Sohibqiron bog‘ni ham, masjidni yoki o‘sha barpo etilayotgan inshootni ham o‘zining ko‘z oldida qurishlarini, ishning bequsuru benuqson chiqishini qattiq istagan.
Yana bir jihat. Bu bog‘larda boy-u kambag‘al, xosu omning barobar emin-erkin sayr qilishlari o‘sha zamonlarda kam uchraydigan diqqatga sazovor hodisalardandir. Bog‘larda Ibn Arabshoh, Rui Gonsales de Klavixo singari tarixchilar hayratlanib kezishgan, ko‘rganlarini avlodlarga yozib qoldirishgan. Bunday bog‘larning faqat Samarqandda emas, balki bepoyon saltanatning boshqa mavzelarida ham barpo etilganligi e’tiborni o‘ziga tortadi. Bular, albatta, insonparvarlikning yuksak ko‘rinishlaridandir.
Bunyodkorlik saltanatda urfga aylanib, uning hayotbaxsh ta’siri nafaqat Sohibqiron, balki amirzodalar, malikalar, a’yonlar o‘rtasida ham keng tarqaldi. Bu hayotbaxsh urfdan ruhlangan qutlug‘ Turkon oqa, Bibixonim, Tuman oqa, Gavharshodbegim, Milkat oqa(Shohruh Mirzo xotini) kabi va boshqa malikalarning o‘z mablag‘lari hisobiga bunyod etgan shifoxona-yu hammom, xonaqohu madrasa, masjidu rabotlari haqida tarixiy kitoblarda batafsil yoritilgan.

* * *

Sohibqiron yoshligidan aziz-avliyolarga izzatu ikrom ko‘rgizib kelgan. Uning Shayx Shamsiddin Kulol, Shayx Zayniddin Abu Bakr Toybodiy, Mir Sayyid Baraka singari zotlarga hurmat-e’tibori ma’lum. Tabarruk ziyoratgohlar, qadamjolarni obod qilishdagi sa’y-harakatlari tahsinlarga loyiq. Shahrisabzdagi Dorut-tilovat, Dorus-siyodat, Samarqanddagi Shohizindadagi Qusam ibn Abbos maqbarasi va boshqa maqbarlar, Amir Temur maqbarasi, ko‘plab xonaqohlar, Zangi ota majmui, Buxorodagi Sayfiddin Boxarziy, Chashmai Ayyub maqbaralari binolari Sohibqiron tomonidan qurilgan, tubdan ta’mirlangan. Amir Temur o‘ziga g‘oyibona pir sanagan Shayx Nuriddin Basir(qutbi chahordahum), Sulton Burhoniddin Qilich, Shayx Burhoniddin Sog‘arjiy, Shayx Safiuddin Yoqub Ardabiliy singari siymolarga maqbaralar bino etdirdi. Bunday ehtiromu izzat-ikromlarning oliy namunasi, albatta, Sohibqironning ”Turkiston mulkining shayx ul-mashoyixi, maqomoti oliy va mashhur” (Navoiy) Xoja Ahmad Yassaviy maqbarasi hisoblanadi.
Amir Temur har gal Yassi shahriga kelganida ziyoratni ulug‘ pirning mozoridan boshlardi. Bu yerda dastlab milodiy o‘n ikkinchi asrda qurilgan kichik maqbara mavjud edi. Sohibqiron va uning davri tarixini mukammal yoritgan Sharafiddin Ali Yazdiyning guvohlik berishicha, milodiy 1397 yil kuzida Sohibqiron Toshkent sari ravona bo‘ladi va undan o‘tib Yassi shahriga boradi. Tabarruk qadamjoni tavof etar ekan: “Bu aziz Muhammad hanifa o‘g‘lonlaridin turur, alayhi va ala olihi vassalom”, deydi. “Buyurdikim, — deb yozilgan “Zafarnoma”da. — ul mozori ustig‘a imorati oliy soldilar va bir ulug‘ toq(gumbaz) bog‘ladilarkim, ko‘k bila so‘zlashur erdi… Va farmon bo‘ldikim, tomlarini rangin koshin bilan muzayyan qilsunlar(chiroyli bezasunlar). Va Xojaning qabrini oq tosh bila yasadilar… Ikki yildan so‘ng ul imorat tugandi. Ul imorat tugangandan so‘ng, andag‘i faqiru miskinlarg‘a ko‘b sadaqalar berdilar…”
Xoja Ahmad Yassaviy qadamjosi hamisha Sohibqiron diqqat-markazida bo‘lgan. Maqbaraga maxsus vaqf tayinlangan, ta’minoti uchun davlat tomonidan unumdor yer maydoni, saroy, tegirmon va boshqa zarur mol-mulklar ajratilgan.

* * *

Amir Temur hamisha yerlarni obod qilish yo‘llarini qidirar, ayniqsa, suv chiqarishga katta e’tibor berardi. Uning nazarida, foydalanishi mumkin bo‘lgan bir parcha yer ham bekor, benaf yotmasligi kerak.
V.V.Bartold Amir Temurning saltanatda sug‘orish ishlariga katta ahamiyat berganligi haqida hayratlanib yozadi. Faqat Turkistonda emas, balki Xurosonda, Kobul atroflarida, Qarobog‘, olis Mug‘on cho‘li va boshqa joylarda obodonchilik, suv chiqarish, ariqlar qazish ishlari izchillik bilan olib borilgan. Murg‘ob vodiysida dehqonchilik boshlanishini tarixchilar Amir Temur nomi bilan bog‘laydilar. Sohibqiron Xurosonni fath etganidan keyin, butun arkoni davlat — amiru a’yonlarning har biriga Murg‘obdan bir ariq, soy (kanal, albatta, o‘zlarining hisobidan, deb tushunish kerak) chiqarishni buyuradi, toki bu yerlar obod va orasta bo‘lsin. Hafizi Abro‘ning guvohlik berishicha, shunday yo‘sinda Murg‘ob daryosidan yigirma(!) kanal chiqarilgan, barchasi chiqargan odamning nomi bilan ataladi. Kanallarning ichida Sohibqironning xayriya ishlari bilan mashhur, malikalar ichida bosh-qosh bo‘lgan egachisi Qutlug‘ Turkon oqa nomidagisi ham bor edi… Kanalning nomi “Qutlug‘ Xotun” deb atalardi.
Hindiston safariga otlangan Sohibqiron Hindikush tog‘iga chiqib, Panjhirdin o‘tib, Boron jilg‘asiga tushadi: bu yerdan Kobulgacha besh yag‘och yo‘l ekan. Bir yag‘ochni taxminan olti kilometr deydilar. Ba’zan bir yag‘ochni o‘n ikki ming qarn hisoblaydilar, bir qarn — taxminan bir metrga teng. Bu yerdagi ayqirib oqib yotgan suvni ko‘rib, Amir Temurning ko‘nglida: “Undan kattagina ariq chiqarsa bo‘lar ekan…”, degan ajoyib fikr tug‘iladi. Darhol safar to‘xtatilib(!), cherikka farmon qilinadi va ish boshlanib ketadi. Ish boshida, odatdagidek, Sohibqironning o‘zi turadi. Natijada tezdayoq uzunligi besh yag‘och chiqadigan katta ariq qazib bo‘lindi, otini “Jo‘yi Mohigir” deb atadilar. Ariqdan necha ma’mur va obod kentu qishloqlar paydo bo‘ldi…
Hindiston muhorabasidan yurtiga qaytayotib Sohibqiron Nag‘ar degan qal’ani yangidan qurishlarini buyuradi. Shu yerda, ittifoqo, ajoyib buloq bor bo‘lib, “suyi asru zebo va latif erdi”, faqat qal’adan tashqarida edi. Bu yerdagi xalqqa qulay bo‘lishini, tevarak-atrofga fayz yetishini ko‘ngliga tukkan Sohibqiron: “Qal’ani ulug‘roq qilsunlar, andoqkim, bulog‘ qal’a ichida kirgay!”, deb amr etadi. Yazdiy yozadi: Sohibqiron “… andoq jahd qildikim, beklar o‘zlari xisht(g‘isht) va balchiq tashidilar…”. Amir Temur buloqning suvidan rohatlanib, bahramand bo‘lib qal’ada farog‘atda umr kechirishni shu yerlik xalqqa qoldirib, qurilish bitgan kunning ertasigayoq Samarqandga jo‘nab ketadi…
Yo‘lda yana Arabon mavzeida bir rabot soldiradi…
Nizomiddin Shomiy Tabriz shahrini ta’riflab deydi: “…qubbatul-islom bo‘lmish Tabriz shahri xarob, noobod, ravnaqsiz va kimsasiz qoldi. Lekin Sohibqironning yosoq va adolati barakotidan shahar qaytadan yaxshilanib, Amir (sohibqiron)ning adlu dodxohligi soyasida mazlum xalq yana manzillariga qaytib, hayot kechira boshladi…”.
Muarrixning Sheroz haqidagi so‘zlari ham ajoyib: “Rostini aytganda, Sheroz Amir sohibqironning sharafli qadami barakoti bilan bir necha vaqt amonda bo‘lib, obodonlashdi. Kishilar ayshu farog‘atga yaqin va qiyinchiligu balolardan uzoq yashadilar. Bir qancha mavzelarga xayriya imoratlari, masjidu madrasalar qurildi va shaharning ba’zi mahallalariga oqar suvlar keltirildi…”.
1401 yilda Qorabog‘da yuz bergan voqea ham bag‘oyat ibratli. Sharafiddin Ali Yazdiy hikoyasiga qaraganda, bu yerda avvalgi podshohlardan biri Aras daryosidan katta anhor chiqargan ekan. Shikor qilayotgan Sohibqironning ko‘zi, ittifoqo, o‘sha anhorga tushib qoladi. “Himmati iqtizo (taqozo) qilib”, o‘sha ko‘milib ketgan anhorni qazdirishga buyuradi. Tezda tavachilar yerni o‘lchashib beklarga bo‘lib beradilar. O‘n yag‘och uzunlikdagi kema yursa bo‘ladigan chuqur anhorni bir oyda qazib tayyor qiladilar. Anhorga Sohibqiron ajdodlar hurmatini yod etib “Nahri Barlos”, deb nom qo‘yadi. Anhor tufayli ko‘p bog‘lar yaralib, qishloqlar obod bo‘lib, ekinzorlar kengayadi…
“Sohibqironning bovujud ulkim, doim ishi yurush edi va bir yerda o‘lturmas edi, — deb yozadi Sharafiddin Ali Yazdiy. — Ammo andin ancha imorat va ziroat va baqa’oti xayr(qadamjo, maqbara binolari) har viloyatda yodgor qoldikim, soni yo‘q turur…”
Buyuk tarixchimizning so‘zlari aslo mubolag‘a emas.

* * *

Yana ayrim misollarni aytib o‘taylik.
1380 yilda boshlangan Oqsaroy qurilishi, Klavixoning yozishicha, 1404 yilda ham davom etar edi. 1382 yilda Sirdaryo bo‘yida Shohruhiya shahri qaytadan tiklandi, Shosmon (Mozandaron)da muhtasham saroy qurildi (1392), Xorazm (Gurganj) shahri qaytadan bunyod etildi (1393), Mo‘g‘uliston sarhadida — Ashparada mustahkam qal’a bo‘y ko‘rgizdi (1397), Hindiston muhorabasiga borayotib o‘n to‘rt kun deganda Eryob qal’asini tikladilar, masjidi jome’ obod bo‘ldi (1398), Shomda, u yerdagi tabarruk ikki mazor ustida yigirma besh kunda oq toshdan ikki oliy gunbaz solindi (1400), Qarobog‘da to‘rt bozori, bisyor imoratlari, hammomu karvonsaroyi, maydonu bog‘lari bo‘lgan, ikki tarafida tosh bezaklari berilgan ikki darvoza, to‘rt tomonida hisor burjlari qad ko‘targan Boylaqon shahri barpo etildi, bir yillik ish bir oyda bitirildi (1403), Eronda Gulixandon qal’asini “ganch bila toshdan imorat qildurdi” (1404)…
Ajab hikmatki, qaydadir janglar bo‘lib yotardi, Sohibqiron mamlakatida qurilishlar tinmasdi…
Sohibqiron tabiatan quruvchi edi, uning faoliyati zamirida xalqimizning bunyodkorlik fazilati, “quraman” degan hayotbaxsh va yashovchan falsafasi jobajo edi. Biz buni Sohibqiron haqida yozilgan mo‘tabar asarlarda, bugun ko‘z o‘ngimizda savlat to‘kib turgan muhtasham koshonalarda, imoratlarda ko‘ramiz, his etamiz, faxrlanamiz.
Bugun Prezident Islom Karimov rahbarligida yaratilgan loyihalar asosida bunyod etilgan Imom al-Buxoriy yodgorlik majmui, “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmui, Xasti Imom jom’e masjidi, Mustaqillik maydoni, Temuriylar tarixi davlat muzeyi va yana sanasang sanoq yetmaydigan qancha-qancha koshonalar, madaniy-ma’rifiy maskanlar, muhtasham saroylar, kollejlar, litseylar, aeroport binolari, yo‘llar, temir yo‘llarga boqib nigohlar quvnaydi, dillar farahlarga to‘ladi. Ha, Amir Temur bunyodkorligi bugun ham yuksak sur’atlarda davom etmoqda.
Ertasiga umid bog‘lagan xalqgina qurilishga mehr qo‘yadi, bu an’ana o‘zbekning qon-qoniga singib ketgan, avloddan-avlodga o‘tib kelmoqda va shiddat bilan o‘tib boradi.
Qaydadir olam notinch, janglar kechmoqda, lekin Amir Temur yurti — mustaqil O‘zbekistonda qurilishlar tinmaydi, bunyodkorlik odimlari kuchaygandan kuchayib boradi, qadimiy hayotsevar yurtda ulug‘ an’analar davom etayotganini jahonga ko‘z-ko‘z qiladi.
Amir Temur ana shunday xalqning o‘tyurak farzandi edi.
Bunyodkorning tolei ana shunda.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2008 yil 14-sonidan olindi.