Mansurxon Toirov. Shahrizodaning suyukli qahramoni

Horun ar-Rashid 23 yoshida xalifalik taxtiga o‘tirib, 23 yil davomida va shundan 17 yilini barmoqiylar avlodidan iborat vazirlari bilan hamjihatlikda davlatni boshqargan bo‘lsa, keyinchalik, umrining qolgan qismida tanho hukmronlik qiladi. Aynan uning hukmronligi arab xalifaligi uchun iqtisodiy va madaniy jihatdan eng rivojlangan davr hisoblanadi. O‘z davrida u Bag‘dodda katta madrasa va kutubxona barpo qiladi, ilm-fan, she’riyat va musiqa san’atining rivojlanishiga alohida e’tibor qaratadi. Qishloq xo‘jaligi, hunarmandchilik, savdo- sotiq va madaniyat, ayniqsa, adabiyot misli ko‘rilmagan darajada rivojlangan. “Ming bir kecha” turkumidagi ertaklar sharofati bilan Horun ar-Rashid musulmon olamining eng mashhur hukmdori sifatida jahonga taniladi.
Bundan 1251 yil avval, milodiy sana bilan 763 yilning 17 mart kuni Rays shahrida xalifa Muhammad al-Maxdiy oilasida Horun ar-Rashid uchinchi o‘g‘il bo‘lib dunyoga kelgan. Horunning onasi Hayzuranni al-Mahdiy qullikdan ozod etib, o‘ziga xotin qilib olgan edi. Onasi o‘g‘lining taqdirida hal qiluvchi rol o‘ynagan. Barmoqiy avlodi a’zolari islom dinini qabul qilishgach, o‘z qobiliyatlariga munosib ravishda xalifalikda eng martabali o‘rinlarni egallagan, binobarin, Xolid va uning o‘g‘illari al-Fadil va Yahyo amalda davlatni boshqarib borgan. Al-Hayzuran Yahyo bilan birlashib, xalifa al-Mahdiy o‘g‘li Horunni o‘zining birinchi valiaxdi qilib tayinlashiga ko‘ndiradi.
Maxdiyning vasiyatiga binoan, 23 yashar Horunni xalifa ko‘taradilar. Horun ar-Rashid taxtga 170 hijriy yili juma kuni o‘tiradi. Shu kuni uning o‘g‘li Ma’mun olamga keladi. Tarixda bir kechada xalifa o‘lib, boshqa xalifa taxtga o‘tirib va uchinchi xalifaning olamga kelishi bir marotabagina shunda kuzatilgan.
Bu davrda ayni yurt savdogarlari Xitoydan Sharqiy Afrikagacha bo‘lgan o‘lkalarda bemalol savdo-sotiq bilan shug‘ullangan va bu ham xalifaning nomi butun jahon bo‘ylab mashhur bo‘lishidagi bosh omillardan sanaladi. Buyuk Karl va Horun ar-Rashid bir-birlariga sovg‘a-salomlar yuborishgani hamda Karlning savdogarlari uchun Quddusda imtiyozlar berilgani haqida rivoyatlar bor. Xalifa Buyuk Karl bilan maktub yozishib turgan. Xitoy imperatori bilan elchilar almashgan hamda amaldagi rasmiyatchilikda Xitoydan tashqariga endigina chiqa boshlagan qog‘ozdan foydalanishni yo‘lga qo‘ydirgan.
Hijriy 165 yilda (milodiy 781 yil) Bag‘dodda al- Xuld (Azaliy va abadiy) nomli saroyda xalifalik taxti vorisi Horun ar-Rashid hamda malika Umm Ja’far Zubaydaning to‘yi bo‘lib o‘tadi. Kelinchakka olamdagi biror-bir malika olmagan tengsiz tuhfalar qilinadi.
Horun ar-Rashid o‘z hukmronligini boshlagach, 17 yil mobaynida xalifalikni boshqarishni barmoqiylarga topshirib qo‘yadi. Vazir Yahyo o‘z o‘g‘illari al-Fadl va Ja’far bilan birgalikda imperiyaning ichki va tashqi siyosatini yuritishda cheklanmagan huquqlarga ega bo‘lishadi. Ja’far qanday lavozimda bo‘lganligi bizgacha yetib kelgan manbalarda ko‘rsatilmagan. Faqat “Ming bir kecha” ertagi va ba’zi rivoyatlarda Ja’far xalifa Horun ar-Rashidning vaziri tarzida ko‘rsatiladi. Har qalay Ja’far Horun ar-Rashidning doimiy hamrohi sifatida xalifaga ta’siri juda kuchli bo‘lgani haqidagi ma’lumotlar ishonchliroq. Ja’far gapga usta, savodi o‘z davri uchun yuksak darajada bo‘lgan. Qisqasi, hukmdorni o‘zining qiziq- qiziq hikoyalari bilan mahliyo qiladigan, kezi kelganda, o‘rinli maslahatlar bera oladigan, dasturxon atrofida, mashvaratlarda o‘rni seziladigan odam bo‘lgan.
Horun ar-Rashidning onasi al-Hayzuran (789-790) olamdan o‘tgach, barmoqiylarning xalifalikdagi mavqei sekin-asta pasayib borgan. Horun ar-Rashid boshqa maslahatgo‘ylar ta’siriga tusha boshlagan bo‘lsa, ajab emas. U onasi o‘lgach, oradan ko‘p vaqt o‘tmay, Ja’farning qo‘lidagi davlat muhrini olib qo‘yishni buyurgan. Barmoqiylarning ag‘darilishi zamondoshlari o‘ylaganicha bir zumda sodir bo‘lmay, uzoq muddat davomida tayyorlab borilgan, deb hisoblanadi. Horun ar-Rashid onasining vafotidan so‘ng, kimlarningdir maslahati bilanmi yoki o‘zining xohishi bilanmi, hukmronlikni to‘laligicha o‘z qo‘liga jamlashni istab qoladi.
Horun ar-Rashidning siymosi uning davlatida haqiqatda mavjud bo‘lgan holatlardan ko‘ra ko‘proq “Ming bir kecha” ertagi qahramoni siymosida insoniyat tomonidan qabul qilib kelingan,
Horun ar-Rashid siymosiga nisbatan bo‘lgan ushbu zidaiyatli holatni bartaraf qilishga frantsuz sharqshunosi Andre Klo astoydil kirishadi hamda qator asarlarini afsonaviy xalifaning haqiqiy siymosini insoniyatga ochib berish uchun bag‘ishlaydi. Uning ma’lumotlariga qaraganda, Horun ar-Rashid o‘zining Bag‘doddagi saroyida kanizaklar hamda musiqachilar qurshovila hayotdan lazzatlanishni yoqtiruvchi nozik, erka va injiq hukmdor bo‘lmay, aksincha, yoshligidan hayot va xukmdorlik uchun kurashishga majbur bo‘lgan siymodir. Xalifa Muhammad al-Mahdiyning hamda Yaman kanizagining kenja o‘g‘li bo‘lgan Horun akasi hukmronligi davrida bir amallab boshini omon saqpab qoladi. Xalifa bo‘lgach ham, ko‘plab qiyinchiliklarga duch keladi.
Turli millatlar yashayotgan ulkan imperiyani saqlab turish unga oson bo‘lmagan. Lekin qiyinchilik Horun ar-Rashidning matonatiga matonat qo‘shgan. O‘z zamondoshlariga u, avvalambor, Vizantiya imperiyasi ustidan g‘alaba qozonib, jang qilgan hamda qattiqqo‘llik bilan ichki isyonlarni bartaraf qila olgan omadli qo‘mondon sifatida tanilgan. Xalifa Horun tashqi dushmanlarga qarshi kurashni o‘ylash bilan birga, saroy fitnalaridan ham eson-omon saqlanib qolishi lozim bo‘lgan. 17 yil sadoqat bilan xizmat qilgan barmoqiylar oilasini sotqinlikda gumon qilgach, xalifa hech ikkilanmay Ja’farni jallod qo‘liga tutqazadi.
Horun ar-Rashidning san’at va fan homiysi bo‘lgani eslanmasa, xalifaning siymosi to‘la ochilmay qoladi. Ayni shu xalifa Bag‘dodning madaniy rivojiga kuchli turtki bergan, deya hisoblaydi olim. Uning davrida Bag‘dod jahondagi eng aholisi ko‘p shaharga aylanadi. Horun ar-Rashid davrida poytaxt jadal sur’atlarda rivojlanadi, savdogarlar va dengizchilar Bag‘dodni jahonning iqtisodiy markaziga aylantirib, Yevropa va Osiyoning eng yirik bozorlari bilan aloqa o‘rnatadi.
Horun ar-Rashid hukmronlik qilgan davrni jahon xalqlari arab xalifaligining “oltin asri” deya xotirlaydi. U 809 yipi lashkarboshilaridan Rafi ibn Lays tomonidan ko‘tarilgan isyonni bostirish uchun yo‘lga chiqqanida, bexosdan xuruj qilgan og‘ir kasallik tufayli Tus shahrida 46 yoshida vafot etgan.
Horun ar-Rashid qanday inson, qanday shaxs bo‘lmasin, vaqtida o‘z xalifaligini dunyoga tanitgan edi. Zero, u bejiz Shahrizodaning suyukli qahramoni bo‘lmagan. Bu ertaklarni esa sevib o‘qimagan, tinglamagan odam bo‘lmasa kerak.

Mansurxon TOIROV,
fizika-matematika fanlari doktori, professor
“Guliston” jurnali, 2014 yil, 2 son (mart-aprel)