Hamza Hakimzoda Niyoziy (1889-1929)

Hamza XX asr o‘zbek adabiyotiga tamal toshini qo‘yganlardan biri. XIX asr oxiri XX asr boshidagi o‘zbek madaniyatining eng yirik namoyandalaridan, faol ma’rifatparvar shoir, o‘qituvchi, jamoat arbobi. U she’riyatni hayotga va xalqqa yaqinlashtirish, hozirgi zamon nasrini o‘zbek adabiyotida qaror topdirish, ayniqsa drama, komediya, tragediya yaratish bobida va teatr san’atini rivojlantirishda ulkan izlanishlar va kashfiyotlar qilgan san’atkordir. Hamza kompozitor, rejissyor, jurnalist, pedagog va darsliklar muallifi sifatida ham keng ma’lumdir.

Hamzaning “Milliy ashulalar uchun milliy she’rlar majmuasi” (1915—1917), “Zaharli hayot” (1916), “Paranji sirlaridan bir lavha yoki yallachilar ishi” (1927), “Maysaraning ishi” (1926) kabi dramatik asarlari o‘zbek adabiyotida yangi hodisadir.

Hamza 1889 yilda Qo‘qonda tabib oilasida tug‘ildi. Otasi ma’rifatli, ilg‘or ziyoli edi. Hamza eski maktabda, rus-tuzem maktabida va madrasada o‘qidi, fors, arab va rus tillarini o‘rgandi. Shu bilan birga Fuzuliy, Navoiy, Hofiz kabi mashhur Sharq shoirlari, Furqat, Muqimiy asarlari ustida mustaqil mutolaa qildi, ulardan o‘rgandi, ilhomlandi va ular ta’sirida 1905 yildan boshlab “Nihon” taxallusi bilan she’rlar yoza boshladi va 25 yoshdayoq “Devon” tuzdi. Ularda Sharq she’riyatiga xos muhabbat, diniy tematika bilan birga ma’rifatga chaqirish muhim o‘rin egallaydi. Hamza o‘zining pedagogik faoliyatini 1910 yilda Toshkentda Qashqar mahallasida, 1911 yilda Ko‘qonda, 1914 yilda Marg‘ilonda va yana Qo‘qonda maktablar ochib, bolalarni o‘qitishdan boshladi. Hamza bu maktablarda dars beribgina qolmasdan, ayni choqda “Engil adabiyot”, “O‘qish kitobi”, “Qiroat kitobi” (1914—1915) kabi darsliklar ham yozdi. U bir shaharda usuli savtiya maktabini ochib quvg‘in qilinsa, ikkinchi shaharda yana shunday jadid maktabini tashkil qildi, ko‘proq kambag‘al bolalarni va kambag‘allarni o‘qitishga intildi. Hamzaning maorif-o‘qitish ishlaridagi yutug‘i shunda bo‘ldiki, islomni usuli savtiya bilan bog‘lay oldi — Qur’on va Xadislarni faol yordamta tortib, xalqni ilm-ma’rifatga, yangilikka da’vat etdi.

1913—1914-yillarda Hamza chet ellarda Afg‘oniston, Hindiston, Suriya, Turkiya mamlakatlarida, Makkada sayohatda bo‘ldi, u mamlakatlar hayotida ro‘y berayotgan o‘zgarishlar bilan tanishdi. 1915— 1917-yillar davomidaHamza qator asarlar yaratib, unda xalq hayoti, uning orzu-intilishlarini ifodaladi, o‘zining insonparvarlik g‘oyalarini xalq tili bilan sodda va ravon uslubda bayon etdi, ommani ilm-ma’rifatgachaqirdi, bid’atni qoraladi. Uning “Yangi saodat” povesti, “Gul” turkumidagi to‘plamlari (“Milliy ashulalar uchun milliy she’rlar majmuasi”) shu davrlarda yozilgandir. U ma’rifatparvarlik g‘oyalarini ommalashtirishda teatrdan ham unumli foydalandi. 1915—1916-yillarda “Feruzaxonim”, “Ilm hidoyati”, “Loshman fojiasi” kabi qator drama va komediyalar yozib, ba’zilarini o‘zi tuzgan “Havaskor truppa”sida sahnalashtirdi.

Hamzaning 1917 yilga qadar bo‘lgan faoliyati va ijodi o‘z davri madaniy-ma’naviy hayoti, ma’rifatchilik va jadidchilik ta’sirida shakllanib, uning faol ishtirokchisi bo‘lganligi, mustamlaka zulmiga qarshi xalq orasida ma’rifat tarqatish yo‘lida tinimsiz kurash olib borganligini ko‘rsatadi. U jadidlarga ergashdi va jadidchilikning ilg‘or vakillaridan biriga aylandi. Jadidlar otasi Ismoil G‘aspirali vafot etganda Hamza marsiya yozib, “Dod qil davri falaqdin, botdi xurshidi jahon”, deb yozdi. Munavvar qorini “muhtaram ustozi oliy”, “ma’naviy ota”, deb atadi. Hamza bir maqolasida bunday deb yozdi: “Agar bu ahvolda yashayversak, bir muddatdan so‘ng bu bid’atlar orasida bir millat tug‘ulub butun islom faqat ismi bor, jismi yo‘q bir holg‘a kelib qolur. O‘zimizning bida’tlarg‘a mubtalo bo‘lg‘onimiz yetar, o‘zimizdan keyingi avlodlarimizning xurshid saodatlarin zavolga yetkurmaylik va hozirdan bu dardlarning davosiga kirishub, chorasini izlayluk… Buning kabi bid’at va majusiyat odatlarini yo‘q qilmak uchun yolg‘iz ikki kalima so‘zni yaxshi tushunmak lozim: o‘qimoq va o‘qimoq”. Yana boshqa bir maqolasida u “o‘quv-o‘qituv usullarini zamonga muvofiq tahsil qilmoq choralarini axtarmoq lozim”ligini uqtiradi. Hamza darsliklar yozib, yangi uslubdagi maktab ochib, jurnallar chiqarib jadidchilikni targ‘ib qilish bilan cheklanmadi, balki ayni chokda o‘zining badiiy asarlarida jadidchilik ruhini keng, dadil va teran targ‘ib etdi. Ma’lumki, jadidchilikka rus mustamlakachilari ham, boylar va mutaassib ruhoniylar ham qarshi turgan. Shuning uchun Hamza o‘z asarlarida ana shularga qarshi kurash olib bordi. “Zaharli hayot” dramasida Maryamxon “Shariatda jabr harom!”, “Shariatda adolat bor”, “Islomiyat o‘lmaydi”, deydi. Hamza “pora olib, dindan kechib” xalkni aldaganlarni “millat hisi yo‘q ekan” deb ta’kidlaydi.

1917 yil fevral voqeasi munosabati bilan yozgan maqolasida Hamza bunday deydi: “Mana bu kun haqiqatan, hurriyat vositasi bilan eski xoin va zolim, mustabid hukumati 50 yildan beri bo‘yin, qo‘l va oyog‘imizga sezimsiz solub kelgan umrlik og‘ir zanjirlarni qo‘lga ko‘rsatub yechdi, xolos qildi. Bu haqiqat, musovot vositasi bila, bir taraf, zolim amaldorlar, ikkinchi tarafdan, rahmsiz, shafqatsiz talonchilar temir tirnog‘i ostida po‘stlari butun sidirilub, yuraklari ezilub, cho‘kub xonimonlaridan ajrob kelub turgan mazlum, nohaq faqiru bechora, yetim, g‘ariblarning burgutlarning panjai margidan raho qildi… Bu kun Ostroumov, Ilminskiy kabilarning tarbiyasida yashagan va aning maslakiga xizmat etuvchi, vatandagi o‘z oramizdan chiqqan din xoinlarini xiyonatlarin haqiqat maydoniga otur. Nohaqlarni sharmanda va marnigun qilur”.

Hamza o‘z asarlarida hurriyat, baxt-saodatga birlashish, o‘qish-o‘rganish, mehnat va kurash orqali erishish mumkinligini ta’kidlab: “Birlashsun emdi boshimiz, maslakda karshi yoshimiz”, “Birlashing, Turkiston!”, “Qo‘l ushlashing, birlashing emdi, Turkiston!”, “Haq yo‘lida jon bersak, bo‘lsak millat qurboni”, deydi. 1917 yili o‘rtalarida yozgan “Uyon Vatan” she’rida Hamza “Ey Islom eli! Bu kun millatga o‘lsun harna himmatimiz!”, “Bitdi istibdod! Yetsun hurriyat! Bitsun nazorat, qullik, asorat!” deb hayqirdi. “Turkiston muxtoriyatina” she’rida “To‘rt yuz yillik Romanov bitgach davlati ko‘tarildi asorat, xo‘rlik illati”, “Bir sanjoqda to‘plansin islom davlati” deb kuylaydi.

Hamza she’riyati, xususan, uning “Milliy ashulalar uchun milliy she’rlar majmuasi” uning ijodidagina emas, balki umuman XIX asr oxiri XX asr boshidagi o‘zbek she’riyatida olg‘a tashlangan katta bir qadamdir. Hamza bu realistik turkumda Turkiston xalqining haqqoniy ahvolini, o‘z so‘zi bilan aytganda “Turkiston qissasini” ko‘rsatib beradi. To‘plamdagi she’rlarni sodda tilda va xalq qo‘shiqlari pardasida, yo‘sini, yo‘li va ohangida yozadi, har bir she’r boshida xalq orasida mashhur bo‘lgan biror ashulani ko‘rsatib, undan parcha keltirib o‘tadi. Uning “Yangi saodat” povesti ham yangicha proza asarlari yaratish sohasida qo‘yilgan muhim qadamdir. Unda ham ma’rifat, erkin-baxtli hayotga intilish ruhi yetakchilik qiladi. Asarning so‘ngida shunday so‘zlarni o‘qiymiz: “Xudo zolim emas, birovga berub, birovga bermay qo‘ymas. Xudoyi taborak va taolo saodat ilmda, razolat jahlda, har bir ish bandaning o‘z harakatiga muvofiq, deb kalomida takror xabar bergani bor”.

Hamza dramalari o‘zbek adabiyotiga yangilik bo‘lib kirdi. “Zaharli hayot yoxud ishq qurbonlari” asari rosmana fojia, ya’ni tragediyadir. U “Istibdod qurbonlari” (“Loshmon fojialari” trilogiyasining uchinchi qismi, qolganlari topilganicha yo‘q) asarida istibdod to‘g‘risida so‘zlab, rus chinovniklarini qahr-g‘azab bilan fosh etadi va aytish mumkinki, bu davr o‘zbek adabiyotida rus chorizmini Hamzadek fosh qilgan yozuvchi bo‘lmasa kerak.

O‘zbek adabiyotida haqiqiy ma’nodagi komediya janrining tug‘ilishi va rivoji ham Hamza nomi bilan bog‘liq. Hamza “Maysaraning ishi” (“Burungi qozilar yoki Maysaraning ishi”) asari bilan o‘zbek adabiyotida komediya janriga asos soldi. Hamza komediyalari, eng avvalo, o‘zbek xalq ijodi — xalq qo‘g‘irchoq teatri, askiyachilik va Nasriddin Afandi latifalari, shuningdek, xalqning hazil-hajviy ertaklari zaminida tug‘ildi. Shuning uchun komediyalarida xalq ijodi an’analarining salmog‘i katta.

Hamza o‘z davrida maktab-maorif sohasida ishladi, dram truppalar tuzdi. U to‘g‘ri so‘zligi, haqiqatgo‘yligi va murosasizliga tufayli biror yerda muqim ishlay olmadi. Buxoroda, Toshkentda, Farg‘ona, Xo‘jaylida, Avval qishlog‘ida — yurt bo‘ylab ko‘chib yurdi. 1929 yili 18 martda Shohimardonda fojiali o‘lim uni hayotdan olib ketdi.

Hamzaning ma’rifatchilik faoliyati Turkistonda XX asrning boshidagi umumiy ma’naviy o‘zgarishlar, ilg‘or pedagogik va ijtimoiy-falsafiy fikrlar, jadidchilik harakati rivojiga muhim ta’sir ko‘rsatdi. U o‘z ijodi bilan o‘zbek milliy adabiyotining taraqqiysi, undagi realistik yo‘nalishning borgan sari rivoj topib borishida katta ahamiyatga ega bo‘ldi. O‘z xalqi, vatanining farovonligi, ma’naviy rivoji yo‘lida charchamay, nihoyatda foydali ishlarni amalga oshirdi.

O‘zR FA muxbir a’zosi S. Mamajonov
«Ma’naviyat yulduzlari» kitobidan.

Maqolalar

Ulug‘bek Dolimov. Hamza Hakimzoda Niyoziy (1889-1929)
O‘zbek ziyolilari: Hamza Hakimzoda Niyoziy (1889-1929)
Suvon Meliyev. “Boy ila xizmatchi” yoki tiklangan nusxa muammosi (1989)
Gulandom Tog‘ayeva. Uyg‘oqlikka da’vatkor ijod (2009)
O‘zbek she’riyatidan: Hamza Hakimzoda Niyoziy (1889-1929)
Biografiya: Xamza Xakimzada Niyazi (na russkom yazыke)
Lirika: Xamza Xakimzada Niyazi (na russkom yazыke)
Biograhy: Hamza Hakimzoda Niyozi (in English)

Hamza Hakimzoda Niyoziy kitoblari

Hamza Hakimzoda Niyoziy. To‘la asarlar to‘plami. 5 jildlik. 1-jild: Devon. Toshkent, “Fan”, 1988
Hamza Hakimzoda Niyoziy. To‘la asarlar to‘plami. 5 jildlik. 2-jild: She’rlar, pedagogik risolalar, nasriy asarlar. Toshkent, “Fan”, 1988
Hamza Hakimzoda Niyoziy. To‘la asarlar to‘plami. 5 jildlik. 4-jild: Dramalar (1921-1928), maqolalar. Toshkent, “Fan”, 1989
Hamza Hakimzoda Niyoziy. To‘la asarlar to‘plami. 5 jildlik. 5-jild: Xatlar, adabiyo-tarixiy lavhalar. Toshkent, “Fan”, 1989