Avaz O‘tar (1884-1919)

Avaz O‘tar o‘g‘li 1884 yilning avgust oyida Xiva shahrida, sartarosh oilasida dunyoga keldi. Shoirning otasi Polvonniyoz O‘tar Gadoyniyoz o‘g‘li xalq orasida “usta” nomi bilan mashhur bo‘lib, zamonasining mashhur shoir va san’atkorlaridan Ogahiy, Komil, Bayoniy kabilar bilan qalin do‘st bo‘lgan. U saroyda sartaroshlik qilgan.

Avaz dastlab maktabda, keyin esa Madamin Inoq madrasasida tahsil oladi. Avazning adabiyotga havasi juda erta uyg‘onib, madrasada o‘qib yurgan davridayoq Sharq adabiyoti mumtoz vakillaridan Hofiz Sheroziy, Abdurahmon Jomiy, Lutfiy, Alisher Navoiylarning ijodi bilan yakindan tanishdi va ularga ergashib mashqiy she’rlar yoza boshladi. Avaz tez orada xalq o‘rtasida tanilib, she’rlari sozanda va xonandalar tomonidan kuyga solinib qo‘shiq bo‘lib aytila boshlanadi.

Shoirning ustozlari Bayoniy, Tabibiy, zamondoshi Jumaniyoz Xivaqiy, do‘sti Hasanmurod Qori — Laffasiy va boshqalar uning iste’dodiga yuksak baho berganlar. Yosh shoir Avaz O‘tar haqidagi bu xildagi ma’lumotlar Xiva xoni Muhammad Rahim soniy — Feruz qulog‘iga yetib boradi va Avazni saroyga chaqirtirib, Tabibiyga shogird qilib topshiradi. Tabibiy juda ko‘p ilm ahliga g‘amxo‘rlik qilganidek Avazga ham axloq, ilm va she’riyat bobida ko‘p narsa o‘rgatadi. Shuning uchun shoir turli davrlarda yozilgan she’rlarida Tabibiyni o‘ziga ustoz bilib zo‘r hurmat bilan tilga oladi.

Ne g‘am emdi, Avaz, nazm ilmida bo‘lsang Tabibiydek,
Ki derlar, ko‘rgan el nazmingni ustodishta sallomno[1].

Avaz kamolotga yetgan bir paytda sil kasaliga chalinadi va davolanish uchun Kavkazga (1905—1906) boradi. Avaz O‘tar Kavkazga borayotib Bokuda bir oz muddat to‘xtaydi. Bokuda shoir ozarbayjon demokratlari bilan uchrashib do‘stlashadi va ular bilan keyin ham ijodiy aloqada bo‘ladi. Kavkaz safari Avaz ijodida alohida ahamiyatga ega bo‘ldi. U safar davomida Rusiya va Kavkaz xalqlari hayoti, madaniyati, adabiyoti va boshqalar bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi, ozarbayjon xalqining ilm-fan, madaniyat yangiliklari bilan qiziqdi. U rus, ozarbayjon, tatar tillarida chiqadigan gazetalarni muntazam ravishda kuzatib bordi. Toshkent va Samarqandda chop etilgan matbuot bilan bevosita aloqada bo‘lib, yozgan g‘azallaridan ba’zilarini ularda nashr ham ettirdi.

Shoir ijodi juda ham rang-barang bo‘lib, qamrovi nihoyatda keng edi. U mumtoz adabiyotimizdagi g‘azal, muxammas, mustazod, musamman, murabba’, mulamma’, tarje’band, soqiynoma, ruboiy, qit’a, fard kabi turlarida ijod qildi. Avaz O‘tar nihoyatda qisqa umr ko‘rdi. U 1919 yilda 36 yoshda vafot etdi. Uning bu qisqa umri ham mashaqqatlar, fojealar bilan o‘tdi.

Avaz O‘tardan bizga boy poetik meros qoldi. U hayotlik vaqtidayoq she’rlarini bir joyga jamlab devon tartib qildi va ularni “Saodat ul-iqbol” (“Baxtli iqbol”) deb nomladi. Shoir tuzgan devonlarini 1908 yilda xattot mulla Boltaniyoz Qurbonniyoz o‘g‘liga berib ko‘chirtirgan. Shoirning bu devonlari O‘zR FA Abu Rayhon Beruniy nomli Sharqshunoslik institutining qo‘lyozmalar fondida saqlanmokda. Bundan keyin ham Avazning she’rlari to‘planib, ular devon holiga keltirilgan. Uning g‘azallari Xivada litografiya usulida ham o‘zi hayot vaqtidayoq chop etilgan edi. Avaz ijodidan namunalar Xorazmda ko‘chirilgan turli xil bayoz va tazkiralardan munosib o‘rin oldi. Shoirning asarlari “Oyna”, “Vaqt”, “Mullo Nasriddin” kabi vaqtli matbuot sahifalarida chop etilgan. Inson va hayotni, sevgi va sadoqatni o‘z ijodining asosi qilib olgan Avaz sevgini sadoqatsiz, mehrni oqibatsiz tasavvur qilol-maydi. Bu esapyuir lirikasining yetakchi g‘oyaviy asosini tashkil kiladi. Avaz O‘tarning Fuzuliy, Munis, Ogahiy, Komil, Feruz va boshqa shoirlarning g‘azallariga bog‘langan taxmislari haqida ham shu xildagi fikrlarni aytish mumkin. Shoir ozarbayjon adabiyotining buyuk siymosi Muhammad Fuzuliyning hur muhabbat va shaxs erkinligi masalasiga bag‘ishlangan “Yozmishlar” radifli g‘azaliga go‘zal muxammas bog‘laydi. Muxammasda shoir insonlarning baxtli bo‘lishlari ijtimoiy tuzum bilan ham mustahkam bog‘liq degan xulosaga keladi.

Ma’rifatparvarlik g‘oyalarini keng targ‘ib etish Avaz O‘tar ijodiga xos xususiyatlardan biridir. Bu uning “Til”, “Maktab”, “Xalq”, “Fidoiy xalqim”, “Topar ekan qachon?” degan she’rlarida yaqqol ko‘rinadi:

Har tilni biluv endi bani odama jondur,
Til vositayi robitayi olami yondur.

G‘ayri tilni sa’y qiling bilgali yoshlar,
Kim ilmu hunarlar bilanki ondin ayondur.

Lozim siza har tilni biluv ona tilidek,
Bilmakka oni g‘ayrat eting foydali kondur.

Bu g‘azal bugun yozilgandek, davr kun tartibiga qo‘ygan buyuk ishlar haqida fikr yuritayotgandek bizga xizmat qiladi.

Avaz O‘tarning hajviy asarlarida esa chor chinovniklari va mahalliy amaldorlar, davlat orttirish yo‘lida aldamchilik, riyokorlik kiluvchi boylar, sudxo‘rlar va shularga o‘xshash razil shaxslarning qilmishlari fosh etilgan.

Avaz O‘tar bir qator asarlarida ijtimoiy tengsizlikni va uning keskinlashib borayotganligini haqqoniy tasvirlab, falakni “g‘addor”, zamonani esa “kaj” deb ataydi. Shoir ijtimoiy ruhdagi she’rlarida o‘zining ozodlik, baxtli hayot haqidagi qarashlarini bayon qilgan. “Hurriyat”, “Sipohiylarga”, “Xalq”, “Topar ekan qachon?” “Fidoyi xalqim”, “Ulamolarga” kabi qator asarlarida Avaz O‘tarning kelajak xususidagi fikrlari o‘z aksini topgan.

Avaz O‘tar ijtimoiy she’riyati zamirida zulm va zo‘ravonlik hisobiga to‘plangan boyliklarga nafrat, ikki tomonlama zulm ostida qolgan mehnatkash xalq hayotiga achinish tuyg‘usi yotadi. Shoir o‘sha jamiyatda yashab turgan kishilar o‘rtasidagi tafovutlarni, qarama-qarshiliklarni ro‘y-rost ochib tashlaydi.

Chor Rusiyasining birinchi jahon urushiga qo‘shilishi xorazmliklar boshiga ham yangidan-yangi kulfatlarni yog‘dirdi. Mehnatkash xalq ahvoli battar og‘irlashdi, soliqlarning ko‘pligidan xal-qning tinkasi quridi. Avaz O‘tar och-yalang‘och ahvolga tushib qolgan xalq hayotini qo‘rib qattiq achinadi:

Yo‘q jahon mulkida bizdek ojizu bechora xalq,
Zulm tig‘i birla bo‘lg‘an bag‘ri yuz ming pora xalq…
Ey, Avaz, bo‘lmas shuningdek barho ovvora xalq.

Avaz O‘tar o‘z ijodining dastlabki davrlarida xalqning azob-uqubatda yashaganligini ko‘rib zorlangan va ozodlikka chiqish yo‘llarini tushunib yetmagan bo‘lsa, endi ikki tomonlama zulm va qoloqlikdan qutulish mumkin ekanligini angladi. Uning ijodida ozodlik, erkin-farovon hayot haqidagi fikrlar birinchi o‘ringa chiqdi. Xivada 1917 yil aprel oyida xalq ozodlik uchun chorizm siyosatiga qarshi kurashga otlandi. Avaz O‘tar bu voqealarga bag‘ishlab o‘zining “Hurriyat” she’rini yozdi:

Siyosat mahv bo‘ldi, yashasun olamda hurriyat,
Bori el ittifoq ila jahonni aylasun jannat…

Shoir she’rda hurriyat natijasida xalq boshiga tushgan kulfatni, adolatsizlikni kuyinib kuylaydi. Isfandiyorxon hurriyat natijasida “sodiq fuqarolarima idorai mashrutiya berdim. Olar o‘zlari tilagancha mamlakatni idora qilsun, ham fuqarolarning maslahati bilan saylov qshshb huqumat ishlarini xalq tilagan odil odamlarni tayin qilsunlar” deb farmon chiqaradi. Lekin chorizm bunga qarshi general Mirbadalov qo‘shinlarini Xivaga yubordi va ular Idorai mashrutaga saylangan vakillarni mahv qildilar, qo‘zg‘olon ko‘targan xalqdan qattiq o‘ch oldilar. Bunda Avaz xalq manfaatlarini himoya qilib she’rlar yozdi. Elning orzu-umidlarini hamma narsadan yuqori qo‘ydi. Xalq saodati uchun kurashishni baxt va ezgulik deb bidtsi. Bu ezgu ish uchun jonini qurbon qilishga ham tayyor edi:

Fidoyi xalqim o‘lsun tanda jonim,
Bo‘lub qurbon anga ruhi ravonim,

Gar o‘lsam darbadar mazlumlar uchun,
Buldur maqsadi qalbi notavonim.

Mani solsa fano yo‘liga davron,
Yurur ustimdan avlodi zamonim.

Na yaxshi o‘ylakim ma’qulu manzur,
Avaz, xalqim uchun to‘kulsa qonim.

Avaz O‘tar o‘zining butun ijodiy kuchini xalqiga xizmat qilishga bag‘ishladi. Shoir kishilarga baxt-saodat, ozodlik haqida yonib kuyladi. Shu boisdan bo‘lsa kerak, o‘zining devoniga ramziy ma’noda “Saodat ul-iqbol” deb nom qo‘ydi. U vafotidan sal ilgari yozgan she’rlaridan birida:

Xush ul ko‘nglum, kelar bir qun baxt bog‘idagi ra’no,
Ko‘kargay mavj urub, qirlarda lola bo‘lgusi paydo.

Mani yod etgay avlodim, mozorimni o‘rab guldin,
Ishonchim shundadir bo‘lg‘ay mozarim bir ziyoratgoh.

Qabih onlarda erkin kuyladim, do‘stlar, birodarlar,
Ezilgan elga, bo‘lg‘ay bu zamon iqbol yoruq dargoh.

Avaz, o‘lgan bilan jisming, qolurki o‘chmagay noming,
Va komu istagishta g‘ov bo‘lolmas bo‘lsada Doro!

— deb yozganida tamoman haq gapni aytgan edi. Shoirning bu istagi va yoniq orzulari bizning davrimizda ro‘yobga chiqdi. Uning nomiga maktab, muassasa, jamoa va davlat xo‘jaliklari, ko‘cha va xiyobonlar qo‘yilgan. Shoir yubileylari o‘tkazilib, kitoblari qayta-qayta nashr etilmoqda, g‘azallari sozanda va go‘yandalar tomonidan ashula qilib aytilmoqda, adabiy merosi olimlarimiz tomonidan o‘rganilmoqda, ijodi maktab va oliy o‘quv yurtlarida o‘qitilmoqda.

professor N. Qobulov

[1] O‘zR FA ShI, qo‘lyozma, inv. № 7102, 8-sahifa. 24-K-67Yu 369

Maqola va kitoblar:

O‘zbek ziyolilari: Avaz O‘tar (1884-1919)

O‘zbek mumtoz she’riyati: Avaz O‘tar (1884-1919)

Lirika: Avaz Otar-oglы (na russkom yazыke)

Biografiya: Avaz Otar-oglы (na russkom yazыke)

Avaz O‘tar. Saylanma. Toshkent, G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, 1984.

Avaz Otar. Izbrannыe proizvedeniya. Tashkent, Izdatelstvo Akademii nauk UzSSR, 1951.

Sa’dulla Siyoyev. Avaz (roman). Toshkent, “Yosh gvardiya” nashriyoti, 1987.