Leonid Volkov. Rus bahori (kitobdan boblar)

O‘tgan asr Rossiyada adolatli ijtimoiy tuzum barpo etish yo‘lidagi qahramonona intilishlar sifatida insoniyat tarixiga muhrlandi. Ammo XXI asrda bu intilishlar barbod bo‘ldi. Darhaqiqat, Sovet Ittifoqi ideal davlat timsolidan yiroq edi. Biroq, bu davlatning nomukammalligi uning o‘zi tayangan tamoyillari bilangina emas, avvalo, hokimiyat tepasida turgan kishilarning layoqatsizligi bilan belgilangan. Qolaversa, aynan ana shu kishilarga xos illatlar — birining aqlsizligi va boshqasining nafs balosiga yo‘liqqani — sotsialistik g‘oyani hayotga chinakamiga tatbiq etish imkoniyatini yo‘qqa chiqardi. Shu tariqa, nomukammal ijtimoiy tuzum o‘rnini adolatsiz (ya’ni, yanada nomukammalroq) tuzum egalladi.

Sovet Ittifoqi parchalanib ketishining umumiy sabablari barchaga ma’lum. Ammo uning ba’zi jihatlari hamda vaziyatlariga hamon oydinlik kiritilgan emas.

* * *

Nima sababdan men o‘n, ehtimol, o‘n besh yildan buyon uzoq tanaffuslar bilan ushbu kitobni yozishga jazm etdim? Vaqt shiddat bilan yelib bormoqda. Endilikda Gorbachyovgina emas, Yeltsin ham, hatto Saxarov ham unutilgan ko‘rinadi. Demokratik bahorning sobiq qahramonlari — Popov, Afanasev, Rumyantsev, Filatov, Stankevich, Ponomarev, Yakuninlar turli qulay yoki noqulay “g‘or”lardan panoh topgan. O‘zim ham qariyb o‘n yildan buyon Germaniyada istiqomat qilaman.

Demokratiyaning chopqir otlari esa endilikda ulkan rus dala va kengliklari bo‘ylab boshini egib, sudralib bormoqda. Sabr kosasi to‘lgan yaqinlarim menga: “Sen fursatni boy berding, bu esdaliklarning hech kimga keragi yo‘q”, deyishadi. Bu voqea-hodisalar haqida ko‘plab zamondoshlarim xotiralar bitganini o‘zim ham yaxshi bilaman. Bundan tashqari, yozib borgan kuzatuvlarim va fikr-mulohazalarim bugungi kunga kelib, jurnalistika va siyosiy elita nazarida, barchaga ma’lum gaplarga aylangandek.

Shu ma’noda, bu kitobga ehtiyoj bormikan, kelgusida yozganlarim kimlargadir kerak bo‘larmikan degan andisha menga tinchlik bermaydi. Ana shu qiyin savolga javob izlashga majbur bo‘lganim sababli kitob ustida ishlash jarayonida uzoq tanaffuslar qilishga to‘g‘ri keldi.

Ehtimol, ana shu voqealarning bevosita ishtirokchisi sifatida ularni haqqoniy tasvirlash orqali o‘sha voqealar buzib ko‘rsatilayotgan yengil-elpi, biryoqlama telefilmlar, haqiqatga da’vo qiladigan intervyulardagi “fakt va dalil”lar hamda turli mamlakatlardagi tor o‘ylaydigan kishilarning safsatasiga to‘sqinlik qilmoqchi bo‘layotgandirman? Darhaqiqat, talay yillar mobaynida ushbu voqealarda shunchaki ishtirokchi emas, huquqshunoslik va siyosatshunoslik sohasida muayyan bilimga ega bo‘lgan kuzatuvchi sifatida qatnashishga muyassar bo‘ldim.

Nima ham derdim, hayotim asta-sekin poyoniga yetmoqda. Men Stalin davrida tug‘ilib voyaga yetdim, stalincha qirg‘inbarot yillarda qatag‘on etilganlar bilan “o‘ldirildim”, o‘spirinlik chog‘imda natsizm bilan urushning guvohi bo‘ldim, Xrushchev epkinlari davrida jonlana boshladim, brejnevcha turg‘unlikdan iztirob chekdim, universitetdagi kursdoshim Gorbachev hokimiyat tepasiga kelganda qaytadan tirilgandek bo‘ldim va nihoyat, so‘nggi bosh kotibning betayinligini ko‘rib, parlamentchilik faoliyatiga sho‘ng‘idim…

Bir so‘z bilan aytganda, ma’lum ma’noda men — davr dinozavriman. Aynan shuning uchun mulohazalarimni bayon etish huquqi men uchun majburiyatga aylandi.

90-yillarning birinchi yarmidagi voqealarni bahor sifatida idrok etganim bois ushbu esdaliklar loyihasini “Insoniy qiyofali sotsializm”ning barpo etilishiga umid bog‘lagan, ammo qo‘yilmagan operaga o‘ziga xos uvertyura sifatida xizmat qilgan 1968 yildagi “Praga bahori”ga qiyoslab, o‘zimcha “Rus bahori” deb atadim. Ammo bu uvertyura sahnaga chiqmagan ko‘plab buyuk operalar singari “osmonni zabt etish”, ya’ni chinakam insoniy erkinlikka erishish yo‘lidagi eng tinch va pokiza intilish timsoli sifatida tarixda qoldi. Uning bahoriy nashidasi, epkinlari va jarangi umrbod xotiramga muhrlandi, mening, ko‘pgina do‘stlarim va maslakdoshlarim qon-qoniga singib ketdi.

Bizning inqilob juvonmardlikning subutsizlikka qarshi isyoni edi. Biz boylikka emas, ezgulikka intilganmiz. Turli bashoratlarga qaramay, bizning saylanishimiz aynan shu bilan izohlanadi. Barcha ezgu g‘oyalarimizning reglamentlarga, qonunlarga, Konstitutsiya loyihasiga osongina kiritilganiga sabab ham shunda. Zero, barchamizning ehtirosga limmo-lim qalbimizni aslzoda xonim — demokratiya to‘liq zabt etgan edi — biz uni, tarixni, Rossiyani ana shunday idrok etganmiz, anglaganmiz. Binobarin, barcha, shu jumladan, ayrim kommunistlar ham uning nigohida xushbichim va jozibali ko‘rinishni istardi. Ta’bir joiz bo‘lsa, biz go‘yo Atos singari zo‘r qilichboz, Aramis singari xushmuomala, D‘Artanyan singari jasur va qashshoq, ba’zi hollarda esa Portos singari demokratik liboslarimizning soxta jilosini zo‘r berib namoyish etishga intilardik…

Shunday qilib, biz — bir hovuch idealistlar (agar chindan ham idealist bo‘lsak) nimaga erishdik? Biz o‘zi aslida ham idealist bo‘lganmizmi? Bu savol hamon menga tinchlik bermaydi. Umuman, idealist bo‘lish shartmi? Hayotni xayoliy loyihalar orqali o‘zgartirish, tuzatishga ehtiyoj bormikan?

Balki, hamma gap bizning siyosiy (va iqtisodiy) saviyamiz bilan izohlanar? Yerning chuqur qatlamlariga kirib ketgan qurt-qumursqaga o‘xshab, hayotning tub-tubiga yetish o‘rniga Yeltsin singari qotib qolgan amaliyotchilar bilan o‘ralashib, bulbulday sayrashimiz, hammaga ma’lum gaplar haqida safsata sotganimiz aslida biz qo‘rqitmoqchi va siyosiy jihatdan yo‘q qilmoqchi bo‘lgan kishilarning hokimiyatga intilishlariga xizmat qilganini tan olish kerak.

Nazarimda, bizga hammasidan ham ko‘proq oddiygina ijtimoiy mas’uliyat tuyg‘usi yetishmagan ko‘rinadi. Ya’ni, so‘z va ishning birligini, amalni esa nafaqat umuminsoniy, balki shunchaki insoniy qadriyat sifatida anglanishini ta’minlaydigan tuyg‘u. Bu o‘rinda demokratik ziyolilar yoki ta’bir joiz bo‘lsa, ziyoli liberallar nazarda tutilmoqda. Zo‘r notiqlarning “Moskva minbari”dan turib so‘zlagan otashin nutqlarini eslasam, Gyugoning “To‘qson uchinchi” yoki Milyukovning o‘tgan asrning boshlarida Davlat Dumasidagi nutqlari ko‘z oldimda namoyon bo‘ladi. Bunday kezlarda Gamletning “oh, so‘zlar, so‘zlar…” deganlari yodga tushadi. Buterbrodlar va kofe-breyklar oralig‘ida bu so‘zlar qanchalar jozibali va kuchli jaranglagan, keyinchalik namoyishlarda aks sado bergan edi. Ammo ishni, kundalik siyosiy amallarni boshqa birov bajarishi, ma’murchilik yukini yana kimdir yelkasiga olishi zarur edi. Yeltsin, Xalq, G‘arb… Bizda (sizda) har doimgidek hammasi so‘zdan boshlangan. Ha-ha, to‘g‘ri ilg‘adingiz, dastlab “so‘z bo‘lgan”. Biroq bizning holatimizda hammasi sal boshqacharoq, ya’ni dastlab so‘zboshi bo‘lgan edi. Xuddi gapni nima bilan tugatishni bilmayotgan notiq so‘zining yoki sho‘rolar boshlagan qurilishning oxiri sira ko‘rinmayotganiga o‘xshab…

Oldindan ogohlantirmoqchiman: muallif nazarida, u shon-shuhrat ketidan quvganlardan emas, uning uchun muhimi — natija. Ammo shon-shuhratga burkangan taqdirda ham, bu chinakam qahramonlikmi yoki Gerostrat shuhratparastligimi — bu yog‘i endi o‘quvchiga havola.

Ammo mutlaqo ishonchim komil bo‘lgan bir jihat bor: SSSRning parchalanishi nafaqat muqarrar edi, balki bu tarixning bizga bergan in’omi hamdir. Shak-shubhasiz, yovuzlik imperiyasi, to‘g‘rog‘i, baxtsizlik, kulfat va zulmat imperiyasi yakson qilinishi shart edi.

* * *

Ilk bor Yeltsinni ko‘rganimda (1977 yilning aprel oyi) shaxsiyatidagi jozibani his etmaslik mumkin emasdi. Uning partiyaviy Xorun ar-Rashid sifatidagi qahramonliklari barchaning og‘zida edi. Bu gal ikki ming moskvalik MQning yangi kotibi bilan uchrashuvga taklif etilgan edi. O‘shanda men ilk bor Siyosiy Byuroning qartaymagan jonli a’zosini ko‘rishga muyassar bo‘lgan edim. Ungacha mavqei anchayin pastroq arboblar bilan uchrashishga to‘g‘ri kelgan. Bularning bari — direktorlar va vazirlardan tortib birinchi va ikkinchi kotiblargacha qiyofasi bir xildek, aniqrog‘i, bir xil niqob kiyib olgandek tuyulardi. Ularning nigohi ham xuddi o‘liknikidek, nutq so‘zlay boshlaganda ham xuddi o‘lik odam tirilib gapirayotgandek tasavvur hosil bo‘lardi. Gaplarida yurak tafti bilan yo‘g‘rilgan jonli fikrdan asar ham yo‘q edi. Bunday kimsalarni sevish mumkinmidi? Nazarimda, ularning ayollari ham o‘zlariga o‘xshardi…

Bugun esa ikki ming kishilik jamoa oldida mutlaqo jonli odam turardi. Qiyofasi va gaplaridan uni, avvalo, o‘zi va qilayotgan ishlari hamda muloqotda bo‘lgan odamlar qiziqtirayotganini sezish qiyin emasdi. Uning xatti-harakatlarida ommaviy o‘yinlar tashkilotchisiga xos nimadir bor edi. Nutqlarida ba’zan Pavel Korchagin davridagi komissarlarning achchiq va keskin ohangi lov etib namoyon bo‘lib qolardi. Ammo tabassumi g‘oyat jozibali edi. Umuman olganda nutqlari ham aqlga zid emasdi. U oyoqda olti soat tik turib, nutq so‘zladi. Barchaning nigohi unga qadalgan. Nutq oxirlashgan sari ayollarning ko‘zlarida hayrat uchqunlari paydo bo‘ldi, erkaklarning yuzlariga esa qizil yugurdi. Ochig‘i, men ham uning sehr-jodusiga berilgan edim. Ammo qalbimni bu insonga nisbatan iliq munosabatdan tashqari allaqanday xavotir ham egalladi.

Tunda muzdek terga botib uyg‘onib ketdim. Bu yoqimtoy mujik aytgan keskin gaplar menga tinchlik bermasdi: “Biz professorlarni peshtaxta ortiga savdo qilishga jo‘natamiz. Borishmasa — dastgoq yoniga qo‘yamiz”. O‘sha paytlarda Moskvada har qanday kamyobmol qatorida sotuvchilar taqchilligi paydo bo‘lgan edi. Ilmiy muassasalar esa keragidan ortiqcha. Shularni o‘ylab, qalbimni qo‘rquv qurshab oldi: mabodo, professorlar dastgoh yoniga ham bormasa-chi, nima, ular otib tashlanadimi?

O‘sha davrdan buyon qancha-qancha suvlar oqib o‘tdi. Yeltsin iflos partokratik oqim va Saxarov muxolifatining pokiza irmoqlaridan o‘tib, shaxs va davlat arbobi sifatida toblandi. Endi u men ilk bor ko‘rgan shunchaki modernizatsiyalashgan Pavel Korchagin emasdi. Shu davr mobaynida u ziyolilar va xalqning, hatto professorlarning mehr-muhabbatini qozondi.

* * *

Shu tariqa, butun S’ezdni oyoqqa turg‘azishga qodir pishangni miyamda “pishita” boshladim. Birdan iztirob olovida yonayotgan miyamda yarq etgan fikr paydo bo‘ldi — “RSFSR davlat suvereniteti to‘g‘risida Deklaratsiya”. O‘sha zahoti yozuv daftarchasidan yulib olingan bir varaq katakchali qog‘ozga “RSFSR davlat suvereniteti to‘g‘risida Deklaratsiya”sining bir necha bandlarini yozdim. U qisqa bo‘lsa-da, unda naqadar ulkan kuch-qudratga ega “portlovchi modda” yashiringanini butun vujudim bilan his etdim.

Birinchidan, nomining o‘zi zo‘r. Bu bolshevistik o‘tmishdan shunchaki nusxa olingan “sho‘rolar” dekreti emas. Bu — ertangi kun deklaratsiyasi. U mavhum sho‘rolarga emas, bevosita Rossiya xalqi va ittifoq hukumatiga qaratilgan.

Ikkinchidan, bu hujjat barcha hamkasblarimizga RSFSR va SSSR aynan bir narsa, Rossiya bugun — davlat emasligini eslashga majbur qilishi shubhasizdir.

Uchinchidan, deklaratsiya g‘oyasi yuraklarga qon yugurtirishidan tashqari, miyaga mantiq ham baxsh etadi: “erkin respublikalarning buzilmas ittifoqida” “Sovet ittifoqi” degan ustqurma emas, aynan bepoyon va jonli Rossiya chinakam davlat maqomiga ega bo‘lishi zarur.

Shubhasiz, Deklaratsiya, avvalo, siyosiy jihatdan yorqin harakat ekanini yaxshi anglardim. Lekin bu shunchaki harakatmikan? U holda yana nima uni shunday yo‘l tutishga undadi? Faqat millatchilik emas. Zero, boshqa respublikalarga hech qanday e’tirozim bo‘lmagan. Masalan, saylovga borayotib, nafaqat Boltiqbo‘yi respublikalariga, balki hatto “avtonom” Tataristonga ham erkinlik berish kerak, deb hisoblardim. Binobarin, “Rossiya faqat ruslar uchun” degan aljirashlardan ko‘nglim ayniydi…

Ammo bugungi kunga kelib, biz chindan ham rus millatchilari bo‘lganimizni tan olaman. Biroq bizning an’anaviy ma’nodagi millatchiligimiz mamlakat xalqini zo‘ravonlik bilan davlatni qo‘lga olganlar, ular “o‘zimizniki” yoki “kelgindi” bo‘lishidan qat’i nazar, zolim qirollar va podsholarga qarshi kurashga safarbar etishni ko‘zlaydi. Shu ma’noda, XX asrda kommunist aqidaparastlar va buyuk davlatchilik “vatanparvar”lari timsolida keng ko‘lamda namoyon bo‘lgan irqchilik, shovinizm, ksenofobiyachilikdan farqli o‘laroq, biz “millatchiliksiz” millatchilar edik. Biz xalqchil demokratlar sifatida KPSS va KGB singari to‘qmoqlarga tayangan buyuk davlatchi “rusofillar”ning imperiyacha millatchiligiga qarshi kurashga otlangan edik.

Shunday qilib, bizning Deklaratsiya o‘ng va so‘ldagi har qanday milliy va siyosiy kayfiyatlarni bir maqsad yo‘lida birlashtirishga imkon berardi…

Yana bir jihat, ya’ni “o‘ng”lar va “so‘llar”ni Gorbachyov hamda uning hukumati qanoatlantirmayotgani ham deputatlarning Deklaratsiya atrofida jipslashuviga xizmat qilardi.

Shu bilan birgalikda, Deklaratsiyada RSFSRning Ittifoqdan chiqishi ochiq qayd etilmagani turli qarashlar va intilishlarni huquqiy asosga yo‘naltirishga imkon berishi mumkin edi. Mazkur hujjatning ikkinchi muhim bandida Rossiya Konstitutsiyasining va qonunchiligining ustuvorligi e’lon qilingan edi. Shu tariqa, muammoning sof siyosat sohasidan huquqiy zaminga ko‘chirilishiga sharoit vujudga kelardi. Ammo milliy qonunchilikning ustuvorligi “buzilmas ittifoq” Konstitutsiyasida ham, amaliyotida ham mavjud bo‘lmagan huquqning ustuvorligini anglatar edi. Bu hol ittifoq ma’muriyatchiligi va g‘ayrihuquqiy tafakkurga qarshi oshkora harakat edi. Deklaratsiyaning qabul qilinishi bilan hokimiyat turli bo‘g‘inlari o‘rtasida o‘zaro munosabatlar konstitutsiyaviy va huquqiy sohaga ko‘chirilib, mavjud muammo va kelishmovchiliklar sudlar orqali hal etilishi lozim bo‘lardi. Ana shu jihatni kafolatlash maqsadida turli vaziyatlarda SSSR yoki Rossiya qonunchiligini qo‘llash masalasi sudlar ishtirokida hal etilishi, shuningdek, loyihada fuqarolar huquqlarining ustuvorligi (ya’ni davlat ustuvorligining bekor qilingani) nazarda tutilgan band ham kiritildi.

Ehtimol, Deklaratsiya loyihasini tayyorlash komissiyasining ba’zi a’zolari uni shunchaki oddiy bir hujjat sifatida qabul qilgan, hatto unga qarshi bo‘lgan va Yeltsinning saylanishiga ishonchi komil bo‘lmagandir. Bizning fikrimizcha esa, Deklaratsiya ulkan siyosiy qadam bo‘libgina qolmay, qo‘g‘irchoq RSFSRdan chinakam demokratik davlatni barpo etishga xizmat qiladigan, ya’ni tub burilish yasay olishga qodir vosita bo‘lishi kerak edi.

Muayyan siyosiy va amaliy tajribaga ega bo‘lgan huquqshunos sifatida Deklaratsiyaga uning matniga mazkur hujjatni hayotga joriy etish amaliy mexanizmini nazarda tutgan qandaydir qoidalarni kiritish lozimligiga imonim komil edi. Shu bois RSFSR va SSSR o‘rtasidagi nizolar sud tartibida hal etilishi haqidagi taklifning Deklaratsiya matnida qolishiga erishish uchun ko‘p harakat qilishga to‘g‘ri keldi. Bu ko‘plar uchun mutlaqo yangi, g‘ayriodatiy va hatto tushunarsiz edi. Biroq aynan ana shu qoida respublikaning, shu jumladan, uning iqtisodiyotining ittifoq amaldorlari ma’muriy nazoratidan xalos bo‘lishiga imkon berardi. Albatta, o‘sha davrlarda bo‘ladigan sud jarayoni qanday kechishi va RSFSR hududida qabul qilingan muayyan nizoli qaror Ittifoq Oliy Sudiga yetib borguncha uning qayta ko‘rib chiqilishiga ma’ni qolmasligi mumkinligini yaxshi tasavvur qilardim. Zero, bu hol aslida vakolatlarning Ittifoqdan respublikaga berilishini anglatgan bo‘lardi. Qolaversa, bu tamoman yangicha munosabatlar an’anaviy ma’muriy yo‘l bilan emas, tabiiy ravishda quyidan, qaynoq hayotning o‘zidan boshlanishini bildirardi. Bu hayot bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan huquqning shakllanishiga, ham demokratiya, ham bozor munosabatlarining quyidan ildiz otib, rivojlanishiga imkoniyat tug‘dirardi. Lekin reja ish bermadi. Kimdir Yeltsinning fikrini o‘zgartirishga erishgan, shekilli, Deklaratsiya loyihasiga boshqa, nisbatan jo‘n, uzoqqa mo‘ljallanmagan qoida kiritiladigan bo‘ldi. Harchand urinmaylik, boshqalarning fikrini o‘zgartira olmadik.

* * *

Shunday qilib, 1990 yilning 16 mayida ochilgan s’ezdda o‘sha kezlarda oddiy deputat maqomiga ega bo‘lgan Boris Yeltsin RSFSR davlat suvereniteti g‘oyasi haqida nutq so‘zladi. U jimib qolgan xalq vakillariga deklaratsiyaning matnidagi “davlat” so‘ziga aloqida urg‘u berib, o‘qib eshittirdi. Bir vaqtlar talabalar teatrida ishtirok etgan Gorbachyov ovoz va imo-ishoralardan shunday ustalik bilan foydalana olarmidi-yo‘qmi, bilmayman. Yeltsinning ovozi esa hamon qulog‘im ostida jaranglab turadi. Boris Nikolayevich asosiy g‘oyani aniq-tiniq ilg‘ab olgandi. Umuman, u yangi g‘oya yoki asosiy fikrni tezda ilg‘ab olish tug‘ma qobiliyatiga ega edi.

* * *

Shu tariqa, deputatlarga tarqatilgan kun tartibida, tabiiyki, Deklaratsiya haqida lom-mim deyilmagan. Shu bilan birga, unda s’ezdning uzoq muddat ishlashiga mo‘ljallangan umumiy band: RSFSRning o‘sha vaqtdagi Vazirlar Kengashi raisi Vlasovning hisoboti hamda RSFSR byudjetini tasdiqlash masalalari kiritilgan edi. Bundan ko‘zlangan maqsad — deputatlarning butun diqqat-e’tiborini byudjet-hisobot masalasiga jalb etib, demokratlar va Yeltsinning suverenitet atrofida boshlamoqchi bo‘lgan “o‘yin”dan chalg‘itishga haratilgan edi. Biroq ayrim “demorosslar” mikrofonlarga yaqinlashib, s’ezd kun tartibiga suverenitet masalasini kiritishni talab qila boshlashdi. Kazakov ularga Rossiya vakolatlarini kengaytirish masalasi Vlasovning hisoboti va byudjetni tasdiqlash jarayonida muhokama etilishini uqtirishga urinardi. Rossiyaning “iqtisodiy” suvereniteti masalasining strategiyasi shu edi. Nihoyat, kun tartibining ushbu bandi bo‘yicha ovoz berish vaqti keldi. Hammasi ana shunda boshlandi…

— Kun tartibi bo‘yicha so‘z berishingizni so‘rayman… RSFSR davlat suvereniteti haqidagi Deklaratsiya masalasini kun tartibining alohida bandi sifatida kiritishni taklif etaman. Masalani ovozga qo‘yishingizni so‘rayman…

— Kun tartibida RSFSR Vazirlar Kengashi Raisining hisoboti va byudjetni tasdiqlash masalasi bor. Ularni muhokama qilish jarayonida…

— Men sizdan kun tartibi bo‘yicha so‘z berishingizni so‘rayapman… RSFSR davlat suvereniteti haqida Deklaratsiya masalasini kun tartibiga kiritishni talab qilaman… Siz shunday qilishga majbursiz..

— Kun tartibiga Vlasovning hisoboti va byudjet masalasi kiritilgan deyapman-ku. Unda…

Xullas, uchinchi, to‘rtinchi, beshinchi… “demorosslar” vakillari birin-ketin mikrofonlarga yopirildi. Kazakov nima qilarini bilmay, angrayib qoldi. Xuddi qizib turgan tovaga solingan baliqdek, o‘zini goh u yoqqa, goh bu yoqqa ura boshladi.

Bunday vaziyatda Kazakov u yoqda tursin, hatto bosh kotibning qo‘lidan ham hech narsa kelmasdi. Xullas, ish bitdi. Butun zal sofitlar, mikrofonlar baqirig‘i va telekameralar vijillashi ostida oyoqqa qalqdi. Balkonda peshonasida mashhur dog‘i bor odam ham ko‘rinmay qoldi. To‘g‘rirog‘i, u hamon joyida o‘tirardi-yu, lekin endi buning hech qanday ahamiyati qolmagan edi. Nazarimda, aynan shu pallada Yeltsin hali g‘olib kelmagan bo‘lsa-da, Mixail Sergeevich “o‘yin”da yutqazib qo‘ygandi. Eng muhimi, bu o‘yinda “demorosslar”ning sa’y-harakati bilan Rossiya, demakki, Yeltsin yutib chiqdi. Masala ovozga qo‘yilganda 1077 deputatdan 1074 tasi Deklaratsiyaning kun tartibiga kiritilishi uchun ovoz berdi. “Qarshi” ovoz berganlardan ikkitasi o‘sha zahoti tugmachani “yanglish” bosib yuborganini e’lon qildi. Bu Gorbachyovga berilgan qaqshatqich zarba edi.

Biz o‘shanda bu hodisa SSR Ittifoqiga chiqarilgan xalq hukmi ekanini anglab yetmagan edik. Nima bo‘lganda ham, bu s’ezd arafasidagi tushkunlik kayfiyatlarda tub burilish yasagan olamshumul voqea bo‘ldi. Hammasi ayon edi: endi Yeltsinning o‘tishiga shubha yo‘q. Demak, tarix g‘ildiragi biz kurashgan, yoqlab chiqqan yo‘nalish bo‘ylab aylanadi.

* * *

Shu tariqa, tarixiy muqorabaning birinchi raundi yutib olindi. Davlat suvereniteti haqidagi Deklaratsiya Yeltsin nomi bilan uzviy bog‘liq bo‘lib qoldi.

23 may kuni deputatlar kun tartibidagi asosiy masala muhokamasiga kirishdilar. Vaqtinchalik rais Kazakov balkonda tosh qotib o‘tirgan Gorbachyovga harchand tikilmasin, allaqachon boshlangan jarayonni to‘xtatishga ham, konstitutsiyaviy raisning saylanishiga ham endi to‘sqinlik qila olmasdi.

Oradan shuncha vaqt o‘tib, tosh qotgan qiyofadagi odamning ko‘nglidan nimalar kechganini tasavvur qilib ko‘rishga hojat bormikan? Kursdoshim “rus imtihoni”ga yaxshi tayyorgarlik ko‘rmagani haqida o‘ylaganmikan? Viktor Sheynis o‘shanda yuqoridagilar nima sababdan Yeltsinga qarshi munosib muqobil nomzodni oldindan tayyorlab qo‘ymaganiga hozirgacha hayron qolib yuradi. Ehtimol, Misha Yeltsinga nisbatan ehtiros, rashk, nafrat o‘tida yongani uchun shu ahvolga tushib qolgandir? Yoki unda davlat arbobiga xos oqilona yondashuv, taqdiri mana shu ko‘rimsiz zalda hal bo‘layotgan, yengiltak avantyurist qo‘liga tushib qolish ehtimoli paydo bo‘lgan ulkan mamlakat uchun chinakam mas’uliyat hissi ustun keldimikan? Sezishimcha, uning qalbi va ongida bularning barchasi aralash-quralash bo‘lib ketgan edi. Biroq daf’atan vujudga kelgan xavf-xatarni anglab yetgani va uni jiddiy qabul qilgani ham aniq.

Eltsinning raqiblari ham, tarafdorlari ham aytadigan gapini aytib bo‘ldi. Gorbachyov go‘yo hech nima bo‘lmagandek, niqobini yechmay o‘tiraverishi, shohona qadr-qimmatini saqlab, kelgusi qadamlarini obdon o‘ylab olishi, “o‘zlaring hal qilaveringlar” deya, s’ezdni tark etishi ham mumkin edi. Ammo bosh kotib, prezident, Yevropaning suyuklisi boshqacha yo‘l tutdi. Qirol chindan ham shohona joydan qo‘zg‘alib, ittifoq cho‘qqisidan pastga — Rossiya hududiga “tushib”, minbarga yaqinlashdi — shunda uning devsifat Yeltsinga nisbatan jussasi qanchalik kichik ekani yaqqol namoyon bo‘ldi. Lekin endi tosh qotgan niqobdan asar yo‘q edi. Uning qiyofasida qandaydir sovuq, yoqimsiz rang paydo bo‘lgani hamon ko‘z oldimda turibdi.

U o‘zining bunday xatti-harakati va nutqini miyasida pishitganmidi yoki bu ehtiros va hissiyotlarining “portlashi”midi, bilmayman. Lekin uning qo‘lida qech qanday qog‘oz-pog‘oz yo‘q edi. Nutqi ham, ittifoq s’ezdidagi chiqishlaridan farqli o‘laroq, nafaqat o‘ta ehtirosli, shu bilan birga, mutlaqo erkin, lo‘nda va aniq edi. Go‘yo s’ezdimizda Sitseronning o‘zi nutq irod etayotgandek bo‘ldi. Albatta, bunday kursdoshim bilan g‘ururlanishim kerak edi. Lekin o‘zimcha o‘ylayman: o‘sha pallada, uning o‘zi uchun o‘ta keskin va noqulay vaziyatda shunday ehtirosli chiqish qilishga haqlimidi? Rossiya tarixining burilish pallasida, Rossiya suvereniteti hayotiy haqiqatga aylanay deb turgan paytda rus xalqi vakillarining erkin xohish-irodasiga dag‘allik bilan aralashish ittifoq prezidentiga mutlaqo yarashmaydigan harakat emasmi?

Ehtimol, ana shunday ehtirosli aralashuv bo‘lmaganda, s’ezddagi vaziyat qay tomonga o‘zgarib ketishi mumkinligini tasavvur qilish amri mahol. Tarix ruhiyati bilan hazillashib bo‘lmaydi. U o‘ta injiq soatlarining murvatini bir tomonga burab yuborsa, qarabsizki — shekspirona fojia, boshqa tomonga burasa — hangomaning xuddi o‘zi. S’ezdda esa ayni paytda ruhiy drama qo‘yilayotgan edi. Yeltsinning buzg‘unchilikka moyil ekani sababli uni saylamaslik zarurligi haqidagi Gorbachyovning ehtirosli chaqiriqlarini ko‘pchilik jazavaga tushish, o‘zini oqlash va himoya qilish, shaxsiy adovat, zaiflik belgisi deb tushundi. O‘shanda, bosh kotibning ana shu nutqi tufayli Yeltsinning hatto eng ashaddiy raqiblari ham o‘zini noqulay his etgan edi.

Saylovlarning birinchi turi Gorbachyovning o‘sha nutqidan keyingi kun bo‘lib o‘tdi. U qarshi chiqqan nomzodga xalq deputatlarining nisbiy ko‘pchiligi — 47 foizi ovoz berdi. Yeltsin asosiy raqibi — Gorbachyovning ergashmasi Polozkovga nisbatan 24 ovoz ko‘p olishga muyassar bo‘ldi. Bu “demorosslar”ning faqat 221 ovozga tayanish mumkinligi haqidagi tushkun hisob-kitoblaridan keyin, shak-shubhasiz, ulkan siyosiy va ruhiy g‘alaba edi. Miqdoriy jihatdan — nisbiy ustunlik, ammo ta’siri jihatidan mutlaq ustunlik. Tarix millari qaysi tomonga og‘ayotgani ko‘pchilikka ayon bo‘lib qoldi. Shunday bo‘lsa-da, unga bir oz turtki berish zarur edi. Chunki ana shu kezlarda mamlakat taqdiri hal bo‘layotgan edi. Qolaversa, tarix soatining hazili haddan tashqari xatarli bo‘lishi mumkin. o‘sha pallada raqiblar uning millarini boshqa tomonga burib yubormasligiga hech kim kafolat bera olmasdi. Darvoqe, ular o‘ta yoqimsiz Polozkovni rossiyalik vazir Vlasovga almashtirib, “soat millari”ni boshqa tomonga burib yuborishga urinib ko‘rishdi. Tarix soatlari tinimsiz chiq-chiqlab, titrab turardi…

Tanaffus paytida Sergey Yushenkov ikkimiz Kreml bufetida uchrashib, uzun stol yoniga o‘tirdik. Ovoz berish natijalari sal oldin e’lon qilingan edi. Seryoja bilan sershovqin bufet zalida ovqatlanayotib, bo‘lib o‘tgan voqealar xususida fikr almashib turganimizda ro‘paramizdagi stulga general-polkovnik kiyimidagi yana bir deputat kelib o‘tirgani bizni hayron qoldirdi. U Seryojaga eski tanishlardek bosh irg‘adi-da, keyin menga yuzlandi.

— Bilasizmi, — dedi u, — men, axir, olim, professor, fan doktori, aloqa bo‘yicha mutaxassisman.

Kulgim qistadi. General meni chindan ham Eynshteynga o‘xshatgan ko‘rinadi.

— General-polkovnik Kobets, Bosh shtab boshlig‘ining o‘rinbosari, — deya Seryoja uni menga tanishtirdi.

— Men Bosh shtab boshlig‘ining aloqa bo‘yicha o‘rinbosariman, — dedi general kulimsirab. — Bu yerda harbiylar va KGB guruhini boshqaraman.

Ha, hazilkash tarix soati millarini bizga, Yeltsinga tomon burayotganga o‘xshardi. Bunday imkoniyatni qo‘ldan boy berib bo‘lmasdi.

— Ayting-chi, general, — dedim men unga qarata, — Yeltsin haqida qanday fikrdasiz? Gorbachyov siz uchun qanchalik qadrli?

— Bilasizmi, — dedi general men tomon o‘girilib, — meni bugun Markaziy qo‘mita instruktori chaqirtirib, rosa miyamni qoqib bergan… hammasi jonga tegib ketdi…

— U holda, ehtimol, ilmiy asosga tayanib, batafsilroq gaplashib olarmiz, — dedim men.

General kulimsirab turgan Yushenkovga qarab dedi:

— Chekadigan joyga o‘tsakmikan…

Shu tariqa, Kremldagi chekish joyida, erkaklar hojatxonasi eshiklari yonginasida maxfiy suhbatimiz, aniqrog‘i, bir tomondan, SSSR oliy generaliteti vakili, harbiylar va KGB parlament guruhining rahbari, ikkinchi tomondan, demokratlar va Yeltsinning mutlaqo norasmiy vakili, deputat “Eynshteyn” o‘rtasida siyosiy muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Ha, tarix g‘ildiragi qaysi tomonga burilishi Yaratgangagina ayon.

Agar xotiram pand bermasa, men o‘shanda Yeltsinning istiqbollari, Rossiya omili, Gorbachyovning zaiflashib qolgani, Polozkov va uning ortida turganlarning aqidaparastligi va bema’niligi haqida gapirgan edim.

O‘sha kezlarda general Kobets va uning hamkasblari bular haqida o‘ylaganmi-yo‘qmi, aniq ayta olmayman. Har holda, bizning demokratik ziyolilarimizdan farqli o‘laroq, o‘ylagan bo‘lishi kerak. Ammo o‘ylash ham turlicha bo‘lishi, harbiylar ham o‘zlari bilganicha yo‘l tutishi mumkin. Deylik, ba’zilari Yeltsinga tayansa, boshqalari o‘sha “polozkovlar”ga ishonch bildirishi, uchinchilari esa, umuman, bu jarayonlardan chetda turib, u nima bilan tugashini kutib o‘tirishi ham mumkin.

Mening gaplarim generalni ishontira oldimi-yo‘qmi, bilmayman, ammo Kobetsning aytganlaridan uning doirasida Yeltsinga nisbatan ma’lum iliq munosabat shakllangan bo‘lsa-da, ba’zi e’tirozlar borligini ham anglash mumkin edi. Ayniqsa, harbiylarni Yeltsinning Kuril orollari bo‘yicha nuqtai nazari g‘oyat tashvishlantirardi. Chunki u katta dasturiy chiqishlarining birida Kuril orollarini Yaponiyaga qaytib berishni va’da qilgan edi.

— Bunga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, — dedi general Kobets. — Gap faqat vatanparvarlik tuyg‘usida emas, bu masala mamlakatning g‘oyat muhim strategik va iqtisodiy manfaatlari bilan bog‘liq.

— Hamkasblaringiz Yeltsin bilan uchrashishni xohlarmidi? — deb so‘radim men generaldan.

— Men ham shu haqda o‘ylab turgandim, ammo ular bilan maslahatlashmasdan, aniq javob bera olmayman.

— Bo‘pti, men ham Boris Nikolayevich bilan gaplashib ko‘raman.

Ertasi kuni xuddi shu joyda uchrashishga kelishib oldik.

Ertalab uchrashganimizda general uning hamkasblari Yeltsin bilan uchrashishgan tayyor ekanini ma’lum qildi. Men zal tomon yugurdim. Prezidium sahnasida suhbatlashib turgan bir necha kishi orasida Yeltsinning bo‘ydor jussasi alohida ajralib turardi. Pastdan unga bilinar-bilinmas ishora qilgan edim, u men tomon yaqinlashdi.

— Muhim ma’lumot bor, Boris Nikolayevich, — deya shivirladim men. — Xoli joyga chiqsak degandim.

Yo‘l-yo‘lakay general bilan suhbatimiz va Bosh shtab generaliteti vakillari u bilan uchrashmoqchi ekanini aytganimda, Boris Nikolayevich darrov rozi bo‘la qoldi. Ularning Kuril orollari masalasiga munosabatini ham xotirjam qarshi oldi. U keyinchalik generalitet vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda bu masalani o‘z dasturidan chiqarib tashlashni va’da berdi hamda va’dasining ustidan chiqdi.

Afsuski, o‘sha uchrashuv qachon bo‘lgani: birinchi turdan keyinmi yoki ikkinchi turdan so‘ngmi, eslay olmayman. Sirasini aytganda, bu unchalik muhim ham emas. Nima bo‘lganda ham, Kobets guruhini Yeltsin uchun ovoz berishga og‘dirish uchun ma’lum vaqt talab etilardi. General Kobets esa uning guruhi asosan bizning nomzodimiz uchun ovoz berishiga bizni ishontirdi. Chindan ham, ikkinchi turdan keyin Yeltsin nomzodi uchun 6 ovoz qo‘shilgan bo‘lsa, Polozkov 15 ovozdan mahrum bo‘ldi, uchinchi turda nomzodimiz yana qo‘shimcha 32 ovoz olishga muyassar bo‘ldi (bu gal endi Vlasovga qarshi).

Shunday qilib, har qanday tushkun bashoratlaru hisob-kitoblarga qaramay, go‘yo jaydari siyosatchi va siyosatshunoslarimiz ustidan kulgandek, Yeltsin S’ezd raisi, Oliy Kengash rahbari hamda davlat suverenitetiga yuz burgan Rossiya Respublikasining yetakchisi etib saylandi.

General Kobets esa o‘sha voqealardan keyin rus harbiy vaziri, 1991 yilning avgustida Oq uy himoyasining rahbari sifatida faoliyat yuritdi. Ammo davrning o‘zgarishi uni hibsxonaga yetaklab keldi. Bunga nima sabab bo‘lgani: uning nafs balosiga giriftor bo‘lganimi yoki 90-yillarning o‘rtalariga kelib keng tarqalgan amaliyot: sobiq hamkasblarning “sotqinligi” uchun undan o‘ch olganimi, aytish qiyin. Axir, o‘sha paytlarda hammaga ma’lum idoralarda bunday ishlarga ustasi farang bo‘lib ketganlar oz emasdi-da.

Eltsin esa Kobetsni o‘z himoyasiga olmadi yoki olishni xohlamadi. Afsus, uning bizga ko‘p xizmati singgan edi.

* * *

O, naqadar zavqli edi avgustning o‘sha kuni! Bir kun oldin yomg‘ir chelaklab quygan bo‘lsa-da, ertasi havo iliq va quyosh charaqlab turardi. Siyosiy ob-havo ham bir oz o‘zgaruvchan edi. Bahordanoq siyosat osmonida Novo-Ogaryovo jarayonining o‘zgaruvchan bulutlari suzib yurardi. Biz Yeltsinni Gorbachyovga nisbatan jur’atsizlikda ayblasak, u o‘z navbatida Gorbachyovning yaqinlarini eslab turardi. Ko‘pchilik isyon yuz berishi ehtimoli haqida gapirardi. Hatto partiyaviy safdoshim Volodya Nirko gazetamizda g‘oyat maroqli to‘ntarish stsenariysi tasvirlangan maqolasini chop ettirdi. Ma’lum ma’noda, u avliyo bo‘lib chiqdi. Shunga qaramay, vaziyat tahlili, aniqrog‘i, siyosiy sezgirlik armiya partiya generallari tarafida turib, Yeltsinga, Rossiya qarshi chiqish ehtimoli kam ekanidan darak berardi. Bizning tasavvurimizcha, armiyaning qo‘llab-quvvatlashisiz hech qanday fitnachilar muvaffaqqiyatga erisha olmasdi. Shu bois oxirlab borayotgan avgust tinch-xotirjam o‘tadigandek tuyulardi.

Aynan shuning uchun ko‘p oylik aqldan ozdiruvchi yugur-yugurdan keyin yeldek uchib borayotgan yoqimli avgust yozining so‘nggi kunlari nashidasini surishni ko‘nglimga tugdim. Ertalab telefon jiringlashidan uyg‘onib ketdim.

Soat 7. Oyna ortida quyosh charaqlab turibdi. Telefon go‘shagida Pavel Kudyukinning tashvishli ovozi eshitildi:

— Bilasizmi, Leonid Borisovich, televideniye orqali g‘alati narsalarni ko‘rsatishyapti. Isyon boshlangan ko‘rinadi.

— Ishonchingiz komilmi? — dedim men. — Ishqilib, Nirkoning stsenariysiga o‘xshagan navbatdagi telepesa yoki tomosha emasmikan?

— Bilmadim, — dedi Pasha.

Televizor murvatini buradim. “Oqqush ko‘li”. Ha, demak, bir gap bo‘lgan. Xuddi shu payt efir orqali GKChP haqida axborot uzatildi. Yelkamga tog‘ ag‘darilgandek bo‘ldi. Nahotki, hamma harakatlarimiz zoye ketgan bo‘lsa? Nahotki, bu yaramaslar chindan ham jur’at etgan bo‘lsa? Ha, ularning jur’at etganiga shubha yo‘q edi. Endi hammasi unga bog‘liq. Yeltsin tirik bo‘lsa — isyon barbod bo‘ladi. Aksi bo‘lsa — unda ishlar chatoq. Tezgina kiyim-kechak, ozgina yegulik, hujjatlarni olib, mashinani Oq uy tomon yeldirib ketdim.

Ertalabki quyosh nur sochib turgan ko‘chalarda allaqanday xotirjamlik. Militsiya ham, odamlar ham ko‘rinmaydi. Hamma yoq suv qo‘ygandek.

Yarim soat o‘tar-o‘tmas Oq uy panjaralari yonida edim. Dastlab Andrey Fadin bilan ko‘rishdim. Odam ko‘p emas. Ammo ularning orasida biznikilar — sotsial-demokratlar ko‘pchilikni tashkil etardi.

— Tanklar bostirib kelmoqda, — dedi Andrey.

Turgan joyimdan Kutuzov shohko‘chasi bo‘ylab tanklar kolonnasining yurishiga o‘xshash harakatni ko‘zim ilg‘adi.

— Yeltsin qani, unga nima bo‘ldi? — deb so‘radim men.

Bu savolimga hech kimdan aniq javob ololmadim. Mish-mishlarga ko‘ra, Arxangelskoyedan kelayotib, hibsga olingan emish.

— Andrey, harbiylar bilan aloqalaringiz bormi? Guruh tuzib, Yeltsinni qutqarish kerak. U bo‘lmasa — hammasi tamom bo‘ladi. U bo‘lsa — g‘alaba qilishimiz aniq.

— Bo‘pti, harakat qilib ko‘raman.

Andrey ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.

Shunday keyingi voqealar kinodagi kadrlar singari tez-tez almasha boshladi. Ana shu uzoq uch kechayu uch kunduz bir yil, ehtimol, bir necha o‘n yilliklar va hatto adabiyatga tatigulik kunlar bo‘ldi desam, mubolag‘a bo‘lmasa kerak. Ana shu jarayonda ishtirok etgan odamlarning har biriga alohida-alohida haykal qo‘yish darkor. Andrey bilan xayrlashib, daqiqa sayin ko‘payib borayotgan odamlar orasidan Oq uyga kirish eshigi tomon bir amallab o‘tdim. Yelkasiga avtomat osib olgan tanish arman militsiyachi qo‘riqlayotgan eshik oldida Boris Orlov bilan yuzma-yuz to‘qnashib qoldim. Eski hamkasbim, fan doktori, g‘arb sotsial-demokratiyasi bo‘yicha taniqli mutaxassis va qo‘rqmas jurnalist, partiyamiz hay’ati a’zosi edi.

— Hay’atning ikki a’zosi shu yerda ekan, demak, favqulodda yig‘ilishni boshlash mumkin, — dedim men hazil ohangda, — qani, yuring…

— Faqat deputatlarga ruxsat etilgan, — dedi odatda xushmuomala serjant qo‘llari bilan eshikni to‘sib.

— Boris, u holda partiya qarorgohiga borib, uni yashirin faoliyat yuritishga tayyorlashingiz kerak bo‘ladi, chog‘i. Endi siz partiyaning Oq uy tashqarisidagi yagona yetakchisi bo‘lib qoldingiz.

Qo‘l siqishdik. Boris odamlar orasiga kirib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi, men esa parlament labirintlariga kirib ketdim. Ikkinchi qavatga ko‘tarilib, Prezidium yig‘ilishi ustidan chiqib qoldim. Xasbulatov joyida, Yeltsindan esa darak yo‘q. Hammaning nigohi tashvishli. Bir-biriga zid axborotlar kelishi davom etmoqda. Shu payt xayolimga bir fikr kelib qoldi.

— Yig‘ilishimiz uzluksiz davom etadi deb e’lon qilish kerak, — deya asta shipshidim Lukinning qulog‘iga.

— Kelinglar, yig‘ilishimiz uzluksiz davom etadi deb e’lon qilamiz.

— Bo‘pti, e’lon qila qolaylik, — dedi Xasbulatov menga tomon xo‘mrayib.

Biroq, shu taklifni berishga berdim-u, o‘zim unga amal qilmasdan zaldan tashqariga chiqdim. Shu payt yo‘lak oxiridagi zina oldidagi xona eshigi ochilib, bir guruh odamlar shosha-pisha o‘sha yoqqa kirib ketdi. Uzoqni yaxshi ko‘ra olmaganim sababli — nazarimda, bu odamlar Rutskoy va uning qo‘riqchilariga o‘xshab ketdi. Yaxshiroq razm solsam — bu Yeltsinnning xuddi o‘zginasi edi. Ko‘zi menga tushdi, shekilli, katta-katta qadam tashlab yaqinlashdi-da, kulimsirab qo‘lini uzatdi. Bir og‘iz ham so‘z aytilmadi. Eng muhimi, endi maqsad, umid paydo bo‘lgan edi. Toki u tirik ekan, hech kim bizni yancha olmaydi. Hatto tanklar bilan ham…

Bu vaqtga kelib, tanklar g‘ijir-g‘ijirlab va yoqimsiz hid taratib, oynalarimiz ostiga kelib to‘xtadi. Men pastdan, zina tomondan qattiq qiyqiriqlar eshitilayotgan, ayamay so‘kinib, tanklar kolonnasini to‘xtatib qolgan odamlar tomon yugurdim. Aytishlaricha, isyonchilar tomonidan qo‘lga olingan, Xalq fronti bo‘yicha eski qadrdonim, deputat, podpolkovnik Urajtsevning otasi birinchi bo‘lib o‘zini tank ostiga otgan ekan. Kolonna oldida militsiyaning “Jigulisi”dan kelishgan kapitan chiqib keldi.

— Iltimos, yo‘lni bo‘shatinglar, — dedi u xushmuomalalik bilan.

— Siz ham ular tomondamisiz? Nima uchun ularni bu yerga olib keldingiz? — dedi ayollardan biri.

— Nima ham qilardim. Shaxsan men Yeltsin tarafidaman, ammo buyruq olganman…

— Har qanday bo‘lmag‘ur buyruqni bajaraverasizmi? — dedim men gapga aralashib.

Shu payt Oq uy zinalari tomonidan ulkan odamlar oqimi tushib kela boshladi. Ular orasida Yeltsinning oppoq boshi alohida ajralib turardi. Daqiqa o‘tar-o‘tmas, u tanklar yoniga keldi. Afti-angori vajohatli. Nihoyat, Yeltsin tank ustiga chiqib oldi. Armiya, kutganimizdek, bunga qarshilik qilgani yo‘q. Prezidentning nutqi bugun barchaga ma’lum. O‘sha damlarda esa tankdan bir qadam berida turib, diqqat bilan tinglardim va o‘y surardim. Mana shu tank, mana shu zinalari keng oq uy, mana shu bir parcha yer — endilikda bizning Rossiya davlatimiz. Bu davlat yetakchisining mikrofoni ham, televideniyesi ham, radiosi ham, matbuoti ham, bir necha qo‘riqchilarni hisobga olmasa, armiyasi ham yo‘q. Xuddi shu yerda u bir necha o‘n kishi oldida hayratlanarli nutq so‘zladi, mamlakatga (shu jumladan, armiyaga) o‘z farmoyishlarini e’lon qildi. U o‘zini butun mamlakatning xaloskori, SSSRning qonuniy prezidenti va uning davrida erishilgan qonuniy erkinliklarning himoyachisi deya e’lon qildi.

Eltsindan keyin tank ustiga general Kobets chiqdi. Endilikda u bizning armiyasiz harbiy vazirimiz edi. U tank ustiga chiqishi bilan “Eltsin, Yeltsin!” deya qichqirayotgan odamlar bir ovozdan:

— Yo‘qolsin, generallar! — deya xitob qila boshladi.

— Bu bizning general! — deya baqirdim. Konstantin Ivanovich soldatlarga murojaat etdi:

— Siz demokratiyaga qarshi bormasligingiz kerak, armiya xalq oldidagi burchini bajarishi lozim!

Nima uchun bugungi kunga kelib, o‘sha “avgust” shunchaki qandaydir o‘yin bo‘lgani haqida yozilayotgan va gapirilayotgan, Yeltsin nomi bilan “chepistlar”ga[1] qarshi chiqqan moskvaliklar unutilgan paytda ana shu voqealarni yana bir bor jonlantirishga harakat qilayapman. Ehtimol, ba’zilar uchun, sezishimcha, Gorbachyov uchun — bu chindan ham o‘yin bo‘lgandir. Atrofdagilarni ana shunday harakatlarga gij-gijlab, “mensiz bir nima qilishmoqchi bo‘lsa, oqibati qanday bo‘lishini” ko‘rsatib qo‘yish bu — bosh kotibga xos uslub. Biroq, sirasini aytganda, isyon g‘oyat jiddiy maqsadlarni ko‘zlagan edi. Gorbachyov yoki boshqa stsenariychi nimalarni mo‘ljallaganidan qat’i nazar, bu odamlarning barchasi — Kryuchkov, Yanayev, keyinchalik joniga qasd qilgan Pugo shunchaki o‘yinchoq soldatchalarni o‘ynab, so‘ng qutichasiga joylab qo‘ymoqchi bo‘lganiga ishonish qiyin. Ularning rejasi sovetchasiga o‘ta sodda va shu bilan birga anchayin ishonarli edi. Avvalo, tanklar yordamida Moskvani mamlakatdan ajratib qo‘yish. Xalq quyushqondan tushmaguncha Yeltsinni Oq uyda ushlab turish. Direktorlar korpusiga tayanib, Moskvaga moyil viloyatlarni bo‘ysundirish. Nihoyat, Gorbachyovni ixtiyoriy asirlikdan ozod qilish. Xullas, 1993 yilning sentyabrida biz qo‘llamoqchi bo‘lgan taktikaga juda-juda o‘xshab ketadi.

Ammo bu chindan ham shunchaki spektakl bo‘lgan deylik. Qo‘rquvga o‘rganib qolgan xalqning ko‘ngliga g‘ulg‘ula solish. Ko‘p qon to‘kmay, Yeltsin va uning tarafdorlarini biryoqli qilish, rejalashtirgan “o‘yin”iga o‘ynashga majbur etish. Agarda u chindan ham spektakl bo‘lsa, uning rejissyorlari osonlik bilan, qarshiliksiz, xunrezlikka yo‘l qo‘ymasdan maqsadga erishamiz deb o‘ylagan ko‘rinadi. Albatta, hibsga olishlarni istisno qilmaslik kerak.

Aslida, bu voqealarda gekachepistlarning maqsadlari ham, ularning qay darajada qon to‘kishga tashnaligi ham ahamiyatsizdir, zero, eng muhimi, siyosiy jihatdan e’tiqodli “demokratlar” emas, aynan moskvaliklar, poytaxtning ko‘p millionli fuqarolari namoyon etgan erkinlik sari intilish, demokratiya uchun yuksak parvoz edi. Ular bu “spektakl”dan, qadrdon shahrida paydo bo‘lgan tanklardan, hatto Stalin davrida ham aqlga sig‘maydigan poytaxtliklar ustidan o‘tkazilgan zo‘ravonlikdan g‘azab otiga mingan edi. Bundan tashqari, bu “spektakl”ni ular go‘yo o‘zga sayyoraliklarning Rossiyaga hamlasi sifatida baholayotganini “putchist”lar[2] tushunib yetmadi. Zero, bu davrga kelib, o‘sha guruh timsolidagi ittifoq hokimiyati shunchaki xayoliy bir narsaga aylanib qolgan paytda, Rossiyada chinakam davlat bo‘y ko‘rsatgan edi. Yeltsinning ishonch-e’tiqodi ham, uning dadil chiqishlari va yutuqlarining boisi ham shunda.

Nima bo‘lganda ham, “chepist”lar umumxalq saylovida suveren Rossiya prezidenti etib saylangan Yeltsinga nisbatan qandaydir chora ko‘rishi kerak edi. O‘ldirishmi? Hibsga olishmi? Qochishga yoki “shartlar”ni qabul qilishga majbur qilishmi? Bugun ham biz bu savollarga aniq javob bera olmaymiz. Nazarimda, “chepist”lar orasida bu choralarning har birining tarafdorlari bo‘lgan. Ularning uzoq vaqt ikkilanib turishining boisi ham shunda bo‘lsa ajab emas (1993 yilning sentyabrida Yeltsinning tarafdorlari ham xuddi shunday ahvolga tushib qolgan edi). Ana shunda Yeltsin nomi bilan “sahna”ga xalq chiqib keldi. Qiziq, Yeltsinsiz ham ham u shunday yo‘l tutarmidi? Ehtimol. har holda, Yeltsin halok bo‘lganda, ularga bo‘ysunganda yoki sarosimaga tushib qolganda vaziyat qanday tus olishi mumkinligini tasavvur qila olmayman. Bilasizmi, Rossiya hukumatini Yekaterinburgga ko‘chirish va o‘sha yerdan qarshilik ko‘rsatish faoliyatini tashkil etish masalasi jiddiy muhokama etilgani ham vaziyat naqadar tahlikali bo‘lganidan dalolat beradi. Men qech qachon ashaddiy yeltsinchi bo‘lmaganman. Har xil vaziyatlarda u bilan bahslashganman, fikrini inkor etganman, “bizning” Yeltsinni “ularning” Yeltsinidan himoya qilishga intilganman. Ko‘p bor undan ko‘nglim qolgan, hafsalam pir bo‘lgan, hatto undan nafratlangan paytlarim ham bo‘lgan. Lekin Xudo shohid — ushbu kitobda unga xolisona, munosib baho berishga harakat qildim. Zero, uni bugun ko‘klarga ko‘tarib, ertasiga nafratlanish mumkin emas. U haqda yaxlit haqiqatni aytish kerak.

1991 yilning 19 avgustidagi haqiqat bu — Yeltsinning halok bo‘lmagani, dushmanga bo‘ysunmagani va asir tushmagani edi. Aksincha, u faqat olg‘a harakat qilishga intildi. Bu ishda unga ko‘maklashish kerak edi. Birinchisi — axborot. “Chepist”lar gazeta, radio va televideniyeni qo‘lga olishga harakat qildi. 19 chi kuni ertalab ular yo sukut saqlagan yoki “Oqqush ko‘li”ni namoyish etardi. Xullas, tanklar bilan ajratib qo‘yish rejasi axborotni cheklash bilan to‘ldirildi. Har tarafdan zavod va korxonalarda direktorlarning intizomni saqlash va GKChP dekretlariga itoat etish zarurligi haqidagi farmoyishlari bosilayotgan yozuv mashinkalarining “chiq-chiq”igina eshitilib turardi. Butun dunyo ham sarosimaga tushib, qotib qolgan edi. Har holda bizga shunday tuyulardi. Nima bo‘lganda ham, “chepist”larning maqsadi ayon edi. Ular xalqni o‘ziga xos axborot bo‘shlig‘iga solib, uni tashabbuskorlikdan mahrum etishni ko‘zlagani aniq. Lekin ular faqat bir narsani — Moskva ko‘chalaridagi tanklar ham aslida jiddiy axborot ekanini e’tiborga olmagan edi. Demak, Yeltsinning tirikligi, Rossiyaning kurashayotgani, demokratiyaning asirga tushmasligi haqida xalqqa ma’lumot yetkazish, tushuntirish, murojaat etish zarur.

Buni anglashimiz bilan ishga kirishdik.

— Yigitlar bu yerda turgandan foyda yo‘q, — dedim men partiyadoshlarimga. — Yaxshisi, shaharga, bizning partiya tashkilotlarimizga boraylik! Kishilarni Oq uyga kelishga da’vat etaylik! Bu yerda qancha ko‘p odam yig‘ilsa, shuncha yaxshi. Odamlarga “Eltsinning shu yerdaligini, u farmon chiqarib, “chepist” xatti-harakatlarini noqonuniy deb e’lon qilgani”ni yetkazaylik!

Biroq gaplarim unchalik ta’sir qilmadi, shekilli, birorta ham odam o‘rnidan qo‘zg‘almadi. Shunda ichki partiyaviy demokratiya uchun tinimsiz kurashib kelgan Galya Rakitskaya yordamga keldi:

— Hozir favqulodda vaziyat vujudga kelgani sababli partiyaviy intizom talablariga qat’iy rioya qilishimiz zarur.

Chindan ham safdoshlarimiz birin-ketin shaharga yo‘l oldi, oradan bir oz vaqt o‘tgach, odamlar Oq uy tomon oqib kela boshladi.

Varaqalar qo‘lda, kompyuterlarda yozilib, Oq uydagi bir necha kserokslarda ko‘paytirilib, derazalardan pastga — Oliy Kengash binosi oldida to‘planganlarga tashlana boshlandi…

Bu vaqtga kelib, tanklarga qarshi — g‘ildiragining havosi chiqarilgan deputatlar mashinalaridan dastlabki to‘siqlar barpo etila boshlandi. O‘rtada mening har qanday yengil mashina jinnisining orzusi — yap-yangi yashil rangli “Jiguli”yim. Birinchi mashinam. Lekin men bundan xafa emasman. Mayli, u ham demokratiyani himoya qilsin. Bizdan sal nariroqda gursillagan g‘alati tovushlar eshitildi. Bir necha yigit binoning yuqori qismidan tosh, beton bo‘laklari, temir parchalarini pastga uloqtirardi. Ishqilib, birovga ziyon yetkazishmasa bo‘lgani. Lekin vaqt ziq, shoshilmasak ham bo‘lmaydi.

— Qaranglar, tomlarda merganlar paydo bo‘ldi, — dedi biz tomon kelayotgan Sergey Yushenkov.

Binoning old qismida deputatlar to‘plana boshladi. Sheynis, Kovalyov, Shabad, Yushenkov va boshqalar ikkitadan bo‘lib deputatlar “Volga”lariga o‘tirib, harbiylar bilan gaplashish uchun jo‘nab ketayapti. Ular qaytib keladimi-yo‘qmi, hech kim bilmaydi. Zero, ularni hibsga olishlari, kaltaklashlari, hatto otib tashlashlari ham ehtimoldan xoli emas. Kim biladi, balki ularni musiqa va gullar bilan tantanavor kutib olishar. G‘oyat asabiy o‘tgan ikki, uch, to‘rt soat. Nihoyat, ular birin-ketin kela boshladi. Charchagan, yuzlari so‘lg‘in, kayfiyati haminqadar, lekin, eng muhimi, sog‘-omon qaytishdi.

– Xo‘sh, qanday bo‘ldi? — deb so‘radim Sheynisdan.

— Har joyda har xil. Bizni umuman yaqinlashtirishmadi, xushmuomalalik bilan: ketaveringlar, biz o‘zimiz masalani hal qilamiz, deyishdi. Ba’zi qismlarda esa zobitlar, hatto askarlar bilan ham gaplashishibdi.

Nima bo‘lganda ham, umumiy tasavvvur shundayki, harbiylarda GKChP uchun jangga kirishga aslo xohish yo‘q edi. Hatto ba’zi harbiylar Yeltsin haqida so‘rab-surishtirishibdi. Deputatlarning bu sa’y-harakatlari jiddiy natija bermagan bo‘lsa-da, har holda harbiylar xalq vakillarining GKChPga bo‘ysunmasligiga ishonch hosil qilgani muhim.

Kech tushganda Oq uy oldidagi makon go‘yoki jang oldidagi Borodino maydoniga o‘xshab ketdi. Chindan ham Borodin ko‘prigining ortida to‘planib turgan qo‘shin g‘ira-shirada qorayib ko‘rinib turardi. Uning ro‘parasida esa ko‘ndalangiga qo‘yilgan trolleybuslardan barpo etilgan to‘siq. Shunday bo‘lsa-da, nazarimda, vaziyat bir oz yumshagandek. Bunga ishonch hosil qilish uchun “Eltsin davlati” chegarasidan chiqishga qaror qildim. Ko‘prik ustidagi dastlabki uchrashuv — Stanislav Shatalin rafiqasi bilan qo‘l ushlashib, sayr qilib yurgan ekan. Qo‘l siqishib, xayrlashdik. Endi biz u bilan go‘yo qondosh-qarindoshdek edik. Ko‘prik ortida esa odamlarning achchiq-chuchuk gaplariga tishini g‘ijirlatayotgan tankchilar astoydil joylashib olayotgan edi. Vaqti-vaqti bilan ularning oldiga ayollar kelib: naqotki, sizdek navqiron yigitlar o‘q otishga jazm etsangiz, deya joni holiga qo‘yishmasdi… Ortimga qaytdim.

Oq uyda radio tinimsiz ishlayotgan edi. Moskvaning barcha taniqli insonlari shu yerda. Oq uy radiosi “vid”chilar, “vzglyad”chilar, Xazanov timsolida efir orqali tinimsiz axborot tarqatardi. Har qanday radiostantsiya bu eshittirishlarning saviyasiga qoyil qolmay iloji yo‘q edi. Karnaylari tashqariga chiqarilgan ana shu ajoyib radio orqali berilayotgan eshittirishlarni tevarak-atrofdagi aholi ham, askarlar ham eshitish imkoniyatiga ega edi.

Hammayoq zulmatga cho‘mdi. Birdan yana qiyqiriqlar eshitildi. Ketishga chog‘langan tanklar yana ortiga qaytayotgan edi. Ammo radioning xabar berishicha — bu tanklar Oq uyni himoya qilish uchun kelayotgan ekan. Darhaqiqat, ular bashnyasini Moskva daryosi tomon burib, bino oldida tizildi…

Tungi soat ikki. Yomg‘ir. Kunduzgi ko‘pming kishilik avomdan to‘rt yuzga yaqin odam qolgan. Uxlash hech kimning xayoliga kelmaydi. Kutayapmiz. GKChP hujum boshlab qolishi mumkin. Uxlab yotganda o‘ldirishlarini kim ham xohlardi deysiz. Yaxshiyamki, telefon tinimsiz jiringlab turibdi. Qo‘ng‘iroq bo‘layotgani ayni muddao. Tirikligimizni, harakat qilayotganimizni ular bilsin…

O‘shanda — 1991 yilning 20-avgustida demokratiya g‘alaba qilgandek tuyulgan edi. U Yeltsinning farmoni, atigi bir chaqirimga eshitiladigan Oq uyning butunrossiya radiosi, tanklarning bostirib kelishidan oyoqqa turgan moskvaliklarning sa’y-harakatlari tufayli bir kechayu kunduz turib berdi. O‘shanda “chepist”larning bosiqligi ajratib qo‘yish taktikasining bir qismi ekani xayolimizga ham kelgani yo‘q. Bu narsa ertasi kuni soat 12 larga Oq uy oldidagi maydonga to‘plangan yuz minglab odamlarning ham xayolida bo‘lmagan.

Kunning ikkinchi yarmida vaziyat tubdan o‘zgardi. Moskva ko‘chalarida yangi harbiy qismlar paydo bo‘lgani haqidagi ma’lumotlar birin-ketin kela boshladi. Taman diviziyasi yo‘lga chiqqan. Uch soatlarda yetib kelishi kerak. qandaydir yirik harbiy qism Kolomna (Moskva yaqinidagi shahar. — Tarj.) ostonasiga kelib qolgan. Havo desanti tayyorlanayapti. Shohko‘cha tomonda ko‘plab to‘siqlar barpo etila boshlandi. Bu ishlarga himoyachilarni bo‘limlar, vzvodlar va rotalarga bo‘lib, afg‘on urushi qatnashchilari boshchilik qilmoqda.

Ichki radio esa tinimsiz ishlab turibdi. Stankevich Gorbachyovning Forosda ajratib qo‘yilgani, Vorontsov Lukyanov bilan uchrashgani haqida so‘zlab berishdi. Rastropovich ham radio orqali odamlarga murojaat etdi. Undan keyin “cheryomuxa” va “psixotron” haqida xabar eshittirildi. Shum xabar. Men “cheryomuxa”ning naqadar daqshatli ekanini Tbilisidagi voqealardan yaxshi bilaman. Yana Stankevichning ovozi eshitiladi:

— Tez orada hujum boshlanishi mumkin. Ayollar va xodimlar Oq uyni zudlik bilan tark etishlarini so‘raymiz!

Shu kezlarda ko‘z o‘ngimda bir qo‘lida avtomat, ikkinchisida mikrofon ushlab olgan prezident Alende namoyon bo‘ldi.

Soat kechki olti. Ko‘pchilik binoni tark etmagan bo‘lsa-da, yo‘laklarda odam ko‘rinmaydi. Shu payt nimqorong‘i yo‘lakda Filatov paydo bo‘ladi:

— Bu yerda nima qilib o‘tiribsizlar? Bu yer xatarli joy. O‘q otish haqida buyruq bor. Desantchilar yerosti yo‘lidan chiqib kelishi mumkin. Hozirgina meni avtomatchi sal bo‘lmasa otib tashlagandi. Uyga boringlar!

— Yo‘q, Sergey Aleksandrovich! Uyda o‘tirib, otib tashlashlarini kutib o‘tira olmayman. Men Konstitutsiyaviy komissiyaga boraman.

Shu payt radiodan “deputatlarni Millatlar Kengashi zalida to‘planishlarini so‘raymiz” degan xabar eshittirildi.

Jami ikki yuzga yaqin deputat to‘plandi. Minbarda esa Kobets:

— Shtab barcha choralarni ko‘rib qo‘ydi. Himoya oqilona tashkil etildi. Mustahkam to‘siqlar barpo qilindi. Biroq asosiy kuch bu — deputatlar. Ular hujum qilayotganlar oldiga chiqib, nufuzi va obro‘-e’tibori bilan ularni to‘xtatmog‘i zarur. Bu — bizning asosiy qurolimiz.

— Bizga ko‘rsatilgan ishonchdan boshimiz osmonga yetdi, — dedi deputatlardan biri.

Shu tariqa, deputatlar guruhlarga bo‘lindi. Oramizdagi eng navqiron, sochi jingalak, kutilmagan yetakchi — Nemtsov boshchilikni qo‘lga oldi. Protivogazlar tarqatilgach, barchamiz o‘z joyimizga borib, chiqishimizni kuta boshladik. Bizga-ku protivogazlar berildi, lekin tashqaridagilar nima bo‘ladi? Ular “cheryomuxa” bilan nafas oladimi? Shu payt telefon qo‘ng‘irog‘i chalinib qoldi. Kimdir olti ming protivogaz, ularni olib ketish uchun mashina va qo‘riqchilar berishni so‘radi. Filatovga telefon qilsam, u mashinam ham, qo‘riqchilar ham yo‘q, deb javob berdi. Qurol-yarog‘ va boshqa narsalar saqlanayotgan yerto‘laga yugurib tushdim. Navbatchilik qilayotgan polkovnikka bor gapni tushuntirgandim, mashina ham, qo‘riqchilar ham topila qoldi. Har holda, endi himoyachilar xavfsizligi uchun ko‘ngil bir oz xotirjam bo‘ldi.

Shu payt Nemtsov qo‘ng‘iroq qilib, chiqish navbati bizga kelganini ma’lum qildi.

— Oq uy tomon maxsus tank bo‘linmasi va KGBning alohida otryadi harakatlanmoqda, — deya tushuntirish berdi Kobets. — Sizning vazifangiz — SEVning binosi oldiga borib, ularni ko‘chada to‘xtatib qolish.

Tungi o‘n ikki. Birinchi chiqish joyi mustahkam tanbalangan. Ikkinchisida ikki militsiya mayori qo‘riqchilik qilib turibdi:

– Mumkin emas! — dedi ulardan biri yo‘limizni to‘sib.

Tushuntirishdan ma’ni yo‘q. Ofitserni chetga surib, tashqariga otildik.

Ha, himoyachilar rosa ter to‘kkan ko‘rinadi. Piyodalarning bu yerdan o‘ta olmasligi aniq. Hamma yoqda temir, beton, g‘isht uyumlari.

Bir amallab to‘siqlardan o‘tib, ko‘ndalang qo‘yilgan, ag‘darilgan va yondirilgan trolleybuslar yonidan o‘tamiz. Shu yaqin atrofda otishma ovozi eshitildi. Tevarak-atrofga razm solamiz. Ular qay tomondan kelib qolishi mumkin? Mana bu tor ko‘chadanmi yoki anavi muyulishdanmi? Aniqlashtirsak, hech qanday maxsus bo‘linmadan darak yo‘q, bir necha BTR Smolensk ko‘chasidagi yerosti yo‘lida tiqilib qolgani ma’lum bo‘ldi. Oq uyga qaytishga qaror qildik. Ammo bu ham oson bo‘lmadi. “Afg‘on”lar hech kimni ichkariga kiritmayapti. Deputatlik guvohnomasining ham kuchi yetmayapti. Bir amallab ichkariga kirishga muvaffaq bo‘ldik. Binoning old tomonidagi barcha eshiklar yopiq. “Afg‘on”lardan biri orqa tomondan o‘tishni maslaqat berdi.

Shu paytda binoning o‘ng tomonidan qandaydir odamlar sharpasi, keyin esa ikki general ko‘rindi. Bu general Kobets va militsiya generali, deputat Aslaxanov ekan. Kobets to‘planganlarga murojaat etib, vaziyat g‘oyat keskin ekani, xohlovchilar uyiga ketishi mumkinligini tushuntirdi. Ammo hatto g‘ira-shirada ham barcha himoyachilarning taranglashgan, jiddiy va qahramonona qiyofasida “o‘lsak — o‘lamiz, lekin bu yerdan bir qadam jilmaymiz” degan ma’no mujassam bo‘lganini anglash qiyin emasdi. Nahotki, ularga chindan ham o‘q otishsa, tanklar bilan ezg‘ilashsa, kimyoviy moddalar bilan zaharlashsa? Nahotki, ular katta qon to‘kishga jazm etsa?

Kobets bilan bino ichkarisiga kiramiz. Tungi soat ikki. Radiodan xabar eshittiriladi: “Yaqin orada desant tashlanishi kutilmoqda. Barcha deputatlar aylana zalga to‘plansin”. Endi oramizda o‘ttizga yaqin odam qolgan.

Tungi soat uch. O‘tiribmiz. Shu paytda Mlinarjning bir vaqtlar o‘qigan esdaliklari yodimga tushadi. Go‘yo xuddi o‘shandagidek, niqob qiygan qandaydir kimsalar xonaga bostirib kirib, qo‘llarimizni bog‘lab, eseschilar singari barchamizni asfalasofinga jo‘natadigandek…

Soat to‘rt. Xuddi botqoqlikka tushib qolgandekmiz. Birdaniga uyqu bosdi.

Soat besh. Derazalardan yorug‘lik tusha boshladi. Lukin soatiga qarab dedi:

— Nima uchun ularning to‘xtab qolganini bilmadim-u, ammo, sezishimcha, hujum bo‘lmaydigan ko‘rinadi.

Kun yorishishi bilan barchamiz xavf-xatar chekinganini his etdik. Aslida, keskinlik bir oz yumshagan, himoyachilar charchagan paytda desant tashlash ayni muddao-da. Ammo hayot davom etadi va deputatlar birin-ketin o‘z xonalariga ravona bo‘ldi. Men ham hammasiga tupurdim, borib bir uxlamasam bo‘lmaydi, degan to‘xtamga keldim. Shu payt telefon jiringlab qoldi. Mayli, oxirgi marta olsam olibman-da. Go‘shakda tanish ovoz:

– Dada?

– Qayerdasan? Dala hovlidan qo‘ng‘iroq qilayapsanmi?

— Yo‘q, men shu yerda, Oq uy oldidaman. Sizni qutqarish uchun keldim.

– Obbo! Shu yetmay turgandi o‘zi. Azizim, iltimos, uyga bor. Bitta Volkov ham bu yerda yetib ortadi.

Jahlim chiqqan bo‘lsa-da, allaqanday iliq tuyg‘u qalbimni qurshab oldi. Keyin aniqlashimcha, o‘sha kuni Vitalik Moskvadan yuz ellik chaqirim naridagi dala hovlidan hech kimga bildirmay jo‘nagan va o‘sha dahshatli tunni voqealarning qoq markazi – Smrlensk ko‘chkasidagi yerosti tunnelida o‘tkazgan ekan.

Uyqu qochdi. Kiyim-kechaklarimni almashtirib, tashqariga chiqdim — shundoqqina eshik yonidan shahdam qadamlar bilan Rastropovich o‘tib borardi. U to‘satdan yurishdan to‘xtab, yuzimga razm soldi-da, kulimsirab bag‘riga bosdi.

Soat o‘n birda sessiya. Forosga delegatsiya tayyorlanmoqda. Men uning tarkibiga xorijiy davlatlar elchilarini kiritishni taklif etdim. Shunday qilsak, ishonchliroq bo‘ladi. Chunki u yerda deputatlarimizni qanday qarshi olishlari noma’lum edi. Taklif qabul qilinsa-da, amalga oshirilmadi. Aeroportda elchilarga xushmuomalalik bilan qolishlari aytildi. Shaxnazarov paydo bo‘lib, g‘alati gaplari bilan hammani hayron qoldirdi. “Albatta, — dedi u, — “chepist”lar qonunni buzgani aniq. Ammo favqulodda vaziyat e’lon qilinishi zarur edi. Mixail Sergeevich ham bu haqda ko‘p bosh qotirgan”.

Oradan bir necha soat o‘tdi. Rutskoy delegatsiya bilan qaytib keldi. GKChPning ayrim namoyandalari hibsga olindi. Gorbachyovni Moskvaga olib kelishdi. Ekranda bosh kotib, unga yaqin VPKning (harbiy-sanoat kompleksi) odamlari — Vladislavlev, Volskiylarning g‘alati-g‘alati gap-so‘zlari. Aynan mana shu odamlarga eski SSSR kerak edi. Chunki uning ulkan imkoniyatlarisiz ularning harbiy sanoati barbod bo‘lardi, to‘quvchi, molboqar, g‘allakor va nonpazlar mehnati evaziga erishgan shaxsiy farovonligi yo‘qqa chiqardi, o‘zini va mamlakatni ado-yu tamom qilgan iqtisodiyot tanazzulga yuz tutardi. Men ularni ana shunday tasavvur etaman.

Bir qarashda, g‘alabaga erishgandekmiz. Ammo Moskva tomon yangi qo‘shinlar harakatlanayotgani haqidagi tashvishli xabarlar hamon kelib turibdi. Bayram qilishga hali erta ekanini tushunardik. Yana bir kechani bedor o‘tkazishga to‘g‘ri keldi. Kim biladi, balki qo‘lga qurol ham olish kerakdir. Rumyantsev bilan shtabga, Burbulis huzuriga yo‘l oldik.

Ertasi kuni g‘alaba qilganimiz aniq bo‘ldi. Deputatlar sessiyaga to‘planishmoqda. Bu gal to‘liq tarkibda.

Kunning ikkinchi yarmida Yeltsin sessiyaga qandaydir g‘ujanak bo‘lib qolgan Gorbachyovni olib keldi va unga o‘sha mashhur ilmoqli savollarini berdi. Gorbachyovni dag‘al muomala, baqir-chaqirlari bilan hammadan ko‘p tahqirlagan, uning ustidan oshkora kulgan aynan kommunistlar bo‘ldi. Ha-ha, 1990 yilning 23 mayida ularga murojaat etib, Yeltsinni to‘xtashga da’vat qilgan o‘sha kommunistlar…

Xo‘sh, nima sababdan o‘sha mash’um isyon barbod bo‘ldi? “GKChP loyihasi”ning amalga oshmaganining boisi nimada? Hamma gap shundaki, umuman olganda, hech qanday “loyiha”ning o‘zi bo‘lmagan. Bu inqilobchilarning ham, g‘ayriinqilobchilarning ham emas, shunchaki funktsionerlarning “o‘yin”i edi. Qog‘ozlarni imzolash va telefon orqali buyruq berishga ko‘nikib qolgan bu kimsalar erkin xalq bilan muloqot yuritish ilmidan mutlaqo bexabar bo‘lgan ko‘rinadi. Bir necha kunga ularning izmida bo‘lgan, poydevori yemirilgan mamlakatni qayoqqa yetaklashni bilishlariga ishonish qiyin. Ularga begona bo‘lib qolgan Gorbachyov va tobora kuch-qudratga to‘lib borayotgan Yeltsin o‘rtasiga tushib qolgan bu odamlar chinakam Maqsadga ham, G‘oyaga ham ega bo‘lmagani bois ma’naviy salohiyati o‘ta zaif edi. Ularning aholiga hammaning joniga tegib ketgan harbiy intizomdan boshqa taklif etadigan g‘oyasi yo‘q edi. Ular hatto armiyani ham qo‘lga olishni uddalay olmadi. Moskvaliklarning bir yoqadan bosh chiqarib, keskin qarshilik ko‘rsatishi isyonning batamom barbod bo‘lishiga olib keldi. O‘ylaymanki, o‘sha kezlarda Yeltsin chinakam jasorat namunasini ko‘rsatmagan taqdirda ham, bunday jasoratni xalq uning nomidan ko‘rsatgan va isyon baribir shunday yakun topgan bo‘lardi. Shunday ekan, ana shu voqealarni bugun esga olayotganimning boisi nimada? Tag‘in, o‘sha avgustni shunchaki “o‘yin”, yengilgina harbiy “sayohat” va hatto Yeltsin o‘zi uyushtirgan spektakl, deya talqin etish urf bo‘lib borayotganda-ya! Avvalo, bir narsani bilganim uchun, ya’ni o‘sha avgust kunlarida vaziyat g‘oyat jiddiy tus olganiga shohid bo‘lgan odam sifatida eslayapman. Bu isyonni Yeltsinning o‘zi uyushtirgan, degan safsatalarga ham ishonmayman. O‘shanda bu hech kimning hatto xayoliga ham kelishi mumkin emasdi. Biroq, asl haqiqat shundaki, o‘sha kunlarda ming-minglab odamlarning asabi qaqshadi, yuragiga g‘ulg‘ula tushdi, ruhiyati bezovta bo‘ldi. Har ikki tomondan ming-minglab kishilar, biri majburan, boshqasi ixtiyoriy ravishda — jonini berishga tayyor edi. Ming-minglab odamlar qahramon va qo‘rqoq, erksevar va ashaddiy aqidaparast qiyofasini, o‘zidagi ezgulik va yovuzlik kuchini namoyon etdi. Shak-shubhasiz, ular uchun bu voqealar aslo “o‘yin” bo‘lmagan. Siyosiy maddohlarning bugungi kundagi safsatabozligi emas, aynan ana shu haqiqatgina chinakam tarixiy ma’no-mazmun kasb etadi.

Qolaversa, “rus bahori”ning ahamiyati shundaki, u xalqimizning ong-shuuri, dunyoqarashining o‘zgarishiga, o‘zligini anglashiga har qanday islohotlardan-da ko‘proq ta’sir etgani ayni haqiqat. U rus xalqi ijodiy kuchlarining tiklanishi va rivojiga xizmat qildi. U sho‘rolar hokimiyati va imperiya poydevorining mustahkamligiga o‘rganib qolgan va ishongan bu xalqning ko‘nglida shubha uyg‘otib, uni erkinlik, yangi istiqbol sari yetakladi.

Ruschadan Bahodir Zokir tarjimasi

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2008 yil, 7-son

* * *

Leonid Volkov — 1990-1993 yillarda Rossiya Federatsiyasi xalq deputati. Konstitutsiyaviy komissiya va parlamentning xalqaro aloqalar bo‘yicha qo‘mitasi a’zosi. Yurist. Siyosatshunos. 1990 yilgacha SSSR FA Ijtimoiy fanlar bo‘yicha ilmiy axborot institutining katta ilmiy xodimi, 1986-1998 yillarda Rossiya sotsial-demokratik partiyasining asoschi va ham raislaridan biri bo‘lgan.

Leonid Volkovning “Rus bahori” deb atalgan esdaliklarida (qarang: “Drujba narodov”, 2008 yil, 1-2-sonlar) aks ettirilgan voqea-hodisalar ro‘y berganiga yigirma yildan oshdi. O‘tgan davr mobaynida ular ko‘plab maqolalar, kitoblar va filmlarda aks ettirildi. Shunday ekan, mazkur mavzuga qaytishning boisi nimada?

Gap shundaki, L.Volkov Oliy Kengash deputati va “DemRossiya”ning yetakchi mafkurachilaridan biri sifatida (harxolda, esdaliklar muallifi o‘ziga shunday baho beradi), vaziyat taqozosi bilan, Rossiya davlati va rus xalqining taqdirini hal qilgan o‘ta muhim qarorlar qabul qilish jarayonining bevosita ishtirokchisi bo‘lgan. 90-yillar boshlarida tobora kuch-qudratga to‘lib borayotgan Yeltsinning zaiflashayotgan Gorbachyov bilan, Rossiya Federatsiyasining SSSR bilan kurashiga oid ayrim tafsilotlarni e’lon qiladi. Albatta, muallifning qarashlari, u tilga olgan voqea-hodisalar talqiniga tanqidiy yondashmoq joiz. Biroq, muallifning davlat mustaqilligi rus xalqiga shunchaki tuhfa sifatida berilmagani, unga erishish uchun g‘oyat murakkab va tahlikali yo‘lni bosib o‘tishga to‘g‘ri kelgani va ana shunday keskin muhoraba jarayonida qo‘lga kiritilgan mustaqillikkina Rossiya va rus xalqining ijodiy kuchlarining tiklanishiga, demokratik taraqqiyot yo‘liga yetaklagan bosh omil sifatida xizmat qilgani haqidagi mulohazalari diqqatga sazovordir. Bu har bir oqilona fikrlaydigan odamni Vatan taqdiriga befarq bo‘lmaslik, qanchalar mashaqqatlar evaziga erishilgan bebaho boylik — mustaqillikning qadriga yetish, uni asrab-avaylash va mustaqkamlash ishiga bor kuch-salohiyatini safarbar etishga undaydi. Esdaliklarning tarixiy va ma’rifiy ahamiyati ham shunda.

——————-

[1] Chepistlar – favqulodda vaziyat» tashkilotchilari.

[2] Putchistlar – isyonchilar.