Mansurxon Toirov. Dukchi eshon va Nikolay II

Tarixiy xotirasi bor inson – irodali inson. Takror aytaman, irodali insondir. Kim bo‘lishidan qat’i nazar, jamiyatning har bir a’zosi o‘z o‘tmishini yaxshi bilsa, bunday odamlarni yo‘ldan urish, har xil aqidalar ta’siriga olish mumkin emas. Tarix saboqlari insonni hushyorlikka o‘rgatadi, irodasini mustahkamlaydi. Islom Karimov

Roviylarning aytishicha, shoh avval qaroqchilik qilgan-u, so‘ngra bu yo‘ldan qaytgan, qiziq-qiziq hikoyat va latifalar aytib dillarni ovlashga mohir bir kishini musohiblari safiga qo‘shgan ekan. Bir ziyofatda oshpazlar dasturxonga qirg‘ovul go‘shti tortayotganini ko‘rib, sobiq qaroqchi miyig‘ida kulib qo‘yibdi. Bunga ittifoqo ko‘zi tushgan shoh undan nima sababdan kulganini so‘rabdi. Qaroqchi to‘g‘ri javobdan bo‘yin tovlay olmay bunday debdi: “Shohim, qaroqchilik qilgan kezlarim qay kun dashtda bir kishining yo‘lini to‘sdim. U hech bir qarshiliksiz hamyonidagi bor aqchasini qo‘limga tutqazdi. Lekin men bu voqeani keyin gullab qo‘ymasin, degan hadikda uni o‘ldirmoqchi bo‘ldim. Shunda, u “Birodar, jonimga qasd etmay meni qo‘yib yubor. Ollohga qasam, senga hech bir da’voyim yo‘q. Oilam yoniga omon qaytsam, shuning o‘zi kifoya…” deya yalina boshladi. Men bu iltijoga parvo qilmay, qilichni dast ko‘tardim. Shu choq u talvasa-la yon-atrofga alangladi-da ko‘kda uchib borayotgan bir gala qirg‘ovulga qarata “Ey qirg‘ovullar, sizlar shohid, meni nohaq o‘ldirayotir”, deb baqirdi. U shu so‘zlarni aytishga ulgurdiyu qilich zarbidan jon berdi. Umrim bino bo‘lib bunday nodonni uchratmagan edim, shohim. Axir, hech zamonda qirg‘ovul ham guvohlikka o‘tadimi?! O‘sha nodonning gapi yodimga tushib, miyig‘imda kulib qo‘ygan edim”. Sobiq qaroqchi ana shu so‘zlarni aytib shohga boqsa, hukmdorning avzoyi buzilgan, ziyofat ahli esa ko‘zini yerga qadab sukutga cho‘mganmish. Shunda shoh “Qirg‘ovul shohidlik berdi! Jallod, olib chiq buni!” degan ekan…
Oq podsho hukumatining mustamlakachilik siyosati oqibatida milliy kamsitilishning chuqurlashib borishi, soliq yuki va ijtimoiy zulm haddan ziyod ortishi, ayniqsa, Rusiyadan ko‘chirib kelingan “mujik”larga katta yer maydonlari taqsimlab berilib, ularning xavfsizligini ta’minlash uchun politsiya tashkil etilishi mahalliy aholining xo‘jalik yuritishini qiyinlashtirish barobarida izzat-nafsiga ham og‘ir botdi. Ana shu sabablarga ko‘ra, Kattaqo‘rg‘on, Samarqand va Toshkentda ko‘tarilgan qo‘zg‘olonlar shafqatsizlarcha bostirilganiga qaramay, 1898 yili Andijonning yerli aholisi ham chor Rusiyasi hukumatiga qarshi Dukchi eshon boshchiligida oyoqqa qalqdi.
Dukchi eshon naqshbandiya tariqatining mintaqadagi boobro‘ shayxlaridan bo‘lib, asl ism-sharifi Muhammad Ali xalfa edi. Uni Shayxi duktarosh yoki Dukchi eshon deb atashlariga sabab, urchuq – duk va belanchak yasab, “Diling Ollohda-yu, qo‘ling ishda bo‘lsin” (”Dil ba yoru dast ba kor”) aqidasi bo‘yicha tirikchilik qilganidir.
Tarixchi olima D.Alimova internet saytlaridan biridagi “Istoriya i vremya” (“Tarix va zamon”) nomli maqolasida Dukchi eshon qo‘zg‘oloniga mana bunday baho bergan (maqola rus tilida yozilgan bo‘lib, iqtibosni asliyatda keltirmoqdamiz): “Privedu lish odin tolko primer – kasatelno istorii izvestnogo Dukchi Ishana, vozglavivshego vыstupleniye naseleniya Andijana v 1898 g. protiv tsarskoy administratsii. Konechno je, eto bыlo natsionalno-osvoboditelnoye dvijeniye. Odnako vozvedeniye Ishana v istoricheskoy publitsistike v natsionalnogo geroya ne pravomerno. Ved zdes neobxodimo uglublennoye izucheniye yego vzglyadov i pozitsiy. Issledovaniye proizvedeniya samogo Dukchi Ishana “Ibrat al-Gofilin” pokazыvayet yego uzkoye mirovozzreniye i skudost intellekta, vыyavlyayet raznoxarakternost tseley uchastnikov vosstaniya i yego predvoditelya. Ambitsii Dukchi Ishana, realizovannыe posredstvom religii i ekonomicheskix trebovaniy uchastnikov vosstaniya, ustavshix ot bespredela kolonialnыx vlastey, vыnudili yego vozglavit vыstupleniye, a ne otnyud vыsokiye motivы osvobojdeniya Rodinы. Sam on mechtal o sozdanii vneetnicheskogo suverennogo islamskogo gosudarstva, vozrojdenii istinnogo islama i prizыval k gazavatu. K schastyu, seychas v etom voprose postavlenы tochki nad i publikatsiyey B.Babadjanova (B.Babadjanov. “Andijanskoye vosstaniye 1898 goda: Dervishskiy gazavat ili antikolonialnoye vыstup­leniye?”) // “O‘zbekiston tarixi”, 2001, №2.)”
Men ushbu parchani diqqat-la o‘qib chiqqach, “i” ustiga nega nuqta qo‘yildi ekan, olima bu bilan nima demoqchi bo‘ladi, deya mushohadaga toldim. Bu Dukchi eshon tarixini tadqiq etish nihoya topdi deganimi yoki Muhammad Ali xalfani milliy qahramon atashga chek qo‘ydik deganimi? Vaholanki, ona-Vatanimiz o‘tmishiga – uning dukchi eshonlari tarixiga bot-bot qaytmog‘imiz zarur va, demakki, bu masalaga na D.Alimova, na B.Bobojonov nuqta qo‘ya oladi. Darvoqe, bir zamonlar ancha-muncha “ajnabiy”lar shunday nuqta qo‘ymoqqa chog‘langan va ba’zi masalalarda ozmi-ko‘pmi niyatiga yetgan ham edi. D.Alimova tarixchi sifatida bunga bizdan-da ko‘proq misol keltira olishiga shubha yo‘q. Ushbu achchiq tajriba ham da’vat etadiki, tariximizni anglashga darrov nuqta qo‘ya qolmaganimiz ma’qul. Zero, xalqimiz kechmishini haqqoniy o‘rganish fursati endi keldi! O‘tmishimiz qanday bo‘lmasin o‘zimizniki va uni ro‘y-rost xalqqa yetkazish tarixchilarimiz burchidir. Kurrai arzda shaxsiy ambitsiyasi – izzat-nafsini deb lak-lak odamlarni oyoqqa qalqtirgan ne-ne tarixiy shaxslar o‘tgan va bundan keyin ham albatta o‘tadi. Tarix fani ambitsiyasi – izzat-nafsi bo‘lmagan shaxslar bilangina shug‘ullanmog‘i zarur degan gapni hech yerda eshitgan ham, o‘qigan ham emasman…
Haqiqatan ham, Dukchi eshon qo‘zg‘olon rahbari sifatida ba’zi xatolarga yo‘l qo‘ygan va buni isbotlovchi aniq dalillar bisyor. Ammo menimcha, uning eng katta nuqsoni o‘zi boshqargan qo‘zg‘olonda mag‘lub bo‘lganidir. Dukchi eshon g‘olib kelganida, uning ambitsiyasi – izzat-nafsiga ham o‘zgacha baho berilarmidi?! Spartak Rim qullarini ozodlik sari kurashga boshlaganida, avvalambor, o‘z erkiyu izzat-nafsini ko‘zlagandir?! Yoki faqat o‘zgalar hurligini maqsad qilib olganmikan? Yemelyan Pugachev-chi? Stepan Razin-chi? Nima, ularda izzat-nafs bo‘lmaganmi? Nega ular haqidagi hukm Dukchi eshonnikidan boshqacha? Tarix, jillaqursa, so‘nggi nuqtasini qo‘yishu sahifasidan nomini o‘chirishga shoshmayapti-ku!
“Dukchi eshon qo‘zg‘oloni ishtirokchilaridan 777 nafari hibsga olinib, tergov qilinadi. Ko‘plari kaltaklash va boshqa qiynoqlarga chidolmay qamoqxonalarda jon beradi. Tergovdan so‘ng 415 kishi sud qilinadi, ulardan 32 nafari aybsiz deb topilib oqlanadi, 380 nafari esa aybdor deb topilib o‘lim jazosiga hukm etiladi. Bir kishiga umrbod qamoq jazosi, uch kishiga axloq tuzatish lagerida muddatni o‘tash bilan bog‘liq jazo belgilanadi. Biroq imperator avfi bilan yuqorida zikr etilgan 380 kishidan faqat 18 nafari (boshqa bir ma’lumotga ko‘ra, 21 nafari) osib o‘ldiriladi. Qolgan 362 nafariga tayinlangan jazo yengiliga almashtiriladi: 3 kishi – umrbod surgunga, 147 kishi – 20 yilga, 41 kishi – 15 yilga, 1 kishi – 13 yilga, 1 kishi – 8 yilga, 47 kishi – 7 yilga, 4 kishi – 4 yilga, 15 kishi – Sibir surguniga va 3 nafar voyaga yetmaganlar axloq koloniyasiga hukm etiladi.” (“Russkiy invalid”, 1898, №127). Bunday fojiaga, bir tomondan, Dukchi eshon yarim yalong‘och, och-nahor, ketmon va panshaha bilan “qurollangan” qo‘zg‘olonchilarni sust boshqargani, ikkinchi tomondan, Rusiya imperatori Nikolay Ikkinchining Turkiston o‘lkasidagi g‘ayriinsoniy tartiblari sabab bo‘lgan.
“Eshonni dorning tagiga olib kelib, oyog‘idagi temir kishanni ochamiz deb urindilar, iloj bo‘lmadi, shekilli, bolg‘a bilan urib sindirdilar va boshqa rafiqlarning kishanlari ham urub sindirildi… Dorni tikar vaqtida dorning tegiga odam bo‘yidan pastroq chuqurlar qazilib, ustiga bo‘yra yopib qo‘yilgan ekan. Bir to‘p soldatlar kelib, qo‘llaridagi shoflari bilan arg‘amchilarni kesib yubordilar. Hammalari yerga cho‘zulub tushdilar. Keyin bir arava ohak keltirib, olti kishini ikki chuqurga tashlab, ustidan ohak tashladilar. Har tarafdan tuproqlarni tortib, biror gaz tuproq tushgandan yana ohak solib, hosili tuproqni ohak bilan aralash qilib, qattiq tepib ko‘mdilar…”(Fozilbek Otabek o‘g‘li. Dukchi eshon voqeasi. T., “Cho‘lpon”, 1992, 52, 54-55 betlar).
Dukchi eshon va uning yaqin safdoshlarini dorga osgach, hatto suyagi ham qolmasin deya jasadlar ustidan ohak sochgan hamda qabrlar izini yo‘q qilishga uringan vahshiy tuzum Muhammad Ali xalfaning “dunyoqarashi tor va aql-idroki nochorligini, qo‘zg‘olon ishtirokchilari va ular rahnamosining maqsadi turlicha bo‘lganini ko‘rsatadi”gan “Ibratul g‘ofiliyn” kitobi saqlanib qolishiga nechuk yo‘l qo‘ydi ekan?! Avvalambor, tarixchilarning “Ibratul g‘ofiliyn” asari aynan Dukchi eshonga tegishli ekaniga qanchalar ishonchi komil? Qolaversa, mazkur asar haqida B.Bobojonovga zidma-zid, ijobiy fikrlar bayon etgan mualliflar ham bor. Chunonchi, adib S.Siyoyev “Ibratul g‘ofiliyn” asari “dinu diyonat nuriga oshufta ko‘ngillarga ajib bir ziyo eltib, dillarni ilohiy bir tuyg‘u ila to‘ldirishiga” imoni komil ekanini ta’kidlaydi. (“Yulduz – Andijon osmonida”. Kitobga so‘zboshi // Fozilbek Otabek o‘g‘li. Dukchi eshon voqeasi…, 4-bet). Men Muhammad Ali xalfa va uning shaxsiga D.Alimova bergan salbiy baho haqida o‘ylaganimda, quyidagi shubhakor xayollarga boraman. Ko‘p asrlik tariximizni obdon soxtalashtirib, bizni manqurt qilmoqchi bo‘lgan o‘sha imperiya asoratlari hali ham ong-tafakkurimizni chalg‘itishda davom etmayaptimi?! Shu imperiya Dukchi eshon jasadi uzra ohak aralash tuproqdan uygan qabr toshiga shoshma-shosharlik bilan mazkur shaxs faqat izzat-nafsinigina ko‘zlagan, degan xulosamizni yozib qo‘ymayapmizmi? Mustaqillik yo‘lida Abdulla Qodiriy, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho‘lpon o‘zi bilganicha, Dukchi eshon ham o‘zi bilganicha kurash olib borgan-ku?! Vatan ozodligi uchun kurashlar tarixida g‘alabaga eltuvchi zarur fazilatlarga ega bo‘lmagan yo‘lboshchi birgina Dukchi eshonmi? Axir serfazilat odamlar ko‘pincha pana-panada biqinib yurgan va hokimiyat bilan hatto murosa ham qilib ketavergan-ku! D.Alimova talabiga javob berishi mumkin bo‘lgan Qodirqul mingboshiga o‘xshash yurtdoshlarimiz, afsuski, chor Rusiyasi qo‘lida Turkiston erkini paymol etuvchi qurolga aylangan. Bunday kimsalar “vatan” deganda bir burda non ivitilgan yuvindiyu it g‘ajigan bir bo‘lak suyak tutuvchi qo‘lni tushungan. Balki kimgadir Dukchi eshon din peshvosi bo‘lgani holda bunday qo‘zg‘olonga boshchilik qilgani yoqmas? Biroq ayni tabaqaga mansub shaxslar vatan va xalq ozodligi yo‘lida kurashga boshchilik qilgani tarixda ko‘p uchraydi. Bunga misol sifatida Xorazm xalqini Chingizxon bosqiniga qarshi oyoqqa turg‘azgan shayx Najmiddin Kubro, bu yil tavalludining 600 yilligi nishonlanayotgan, Frantsiya ozodligi uchun kurash alangasida toblangan dindor bokira qiz Janna d’ Ark, Amerikaning qora tanli aholisi haq-huquqlari yo‘lida jon fido qilgan ruhoniy Marten Lyuter Kinglar nomini tilga olish kifoya qilar?!
Dukchi eshon va uning safdoshlari shafqatsizlarcha jazolangandan so‘ng, bir necha yil o‘tib Rusiya imperatori Nikolay Ikkinchi undan-da ayanchliroq o‘lim topganiga nima deysiz?
Nikolay Ikkinchi 1894-1917 yillar mobaynida Rusiya imperatori bo‘lgan. U 1917 yilgi Fevral inqilobidan so‘ng taxtdan voz kechishga majbur etiladi. So‘nggi Romanov boshqaruvni muvaqqat hukumatga topshirgach, Rusiyada fuqarolar urushi alanga olib ketadi. Uy qamog‘ida saqlanayotgan podshohni avval muvaqqat hukumat Sibirga, so‘ngra bolsheviklar Uralga jo‘natadi. Undan ham keyin Nikolay Ikkinchi Yekaterinburg shahrida oila a’zolari bilan birga qatl ettiriladi. Rusiyaning so‘nggi taxt sohibini zamondoshlari va muarrixlar turlicha tavsiflagan. Ko‘pchilik uning salohiyati Rusiyani qamragan siyosiy inqirozni daf etish qadar yuksak bo‘lmagan degan qarashni bildiradi.
…Shoh aqlli, o‘qimishli, bilimdon odam edi. U ayniqsa kishilarning ismi-sharifini yodda uzoq saqlab qolar va nihoyatda dilkash suhbatdosh edi. Shoh tarixni yaxshi bilar va shu sohaga oid jiddiy tadqiqotlarni yoqtirardi. U jismoniy mehnatni xush ko‘rar, busiz yashay olmasdi…
…Podshohning xulq-atvoridagi asosiy xususiyat yumshoq tabiatlilik edi…
…Imperatorning Rusiyaga muhabbati masalasiga kelsak, u vatanini shu qadar sevardiki, so‘z bilan ta’riflash qiyin. Rusiya unga nasroniylik dini qadar aziz edi; u dinidan voz kecha olmaganidek, vatanini ham tark eta olmadi…
…Shoh na salobati, na so‘zi bilan askarlar qalbini zabt etolgan, ularning ruhini ko‘tarish va maftun etishga muyassar bo‘lolgan. U qo‘lidan kelgan barcha ishni qilgan va shu jihatga ko‘ra uni aybdor deb sanash qiyin, biroq u xalqni yuksak marralarga chorlay olmagan (A. A. Brusilov).
U haqda kasalmand, ahmoq, johil… deya nohaq so‘zlashadi. U oddiy gvardiya ofitseri edi (A.P.Chexov).
Nikolay Ikkinchi hayotidagi asosiy voqealar quyidagilardan iborat. Bo‘lg‘usi pod­shohga sohibsaltanat Aleksandr Uchinchi buyrug‘iga ko‘ra, diniy asosda ta’lim-tarbiya beriladi. Nikolay 13 yil davomida maxsus dastur asosida o‘qiydi. Ta’limning dastlabki 8 yili chuqurlashtirilgan gimnaziya dasturi asosida olib borilib, siyosiy tarix, rus adabiyoti, ingliz, nemis va frantsuz tili darslariga alohida e’tibor qaratiladi. So‘nggi besh yil ichida esa u davlatni boshqarishda asqatadigan harbiy san’at, huquq va iqtisod fanlarini o‘rganadi. Ma’ruzalarni dunyoga mashhur rus olimlari N.Beketov, N.Obruchev, S.Kyui, M.Dragomirov, N.Bunge, K.Pobedonostsev va boshqalar o‘qiydi. Presviter I.Yanishchev valiahdga huquq asoslarini ilohiyot va din tarixiga bog‘lab tushuntiradi.
1894 yili Nikolay Ikkinchi nemis malikasi Alisa Gessenskayaga uylanadi. Ana shundan so‘ng poshsho xonim Aleksandra Fedorovna nomini oladi. Ular avval to‘rt – Olga (1895), Tatyana (1897), Mariya (1899) va Anastasiya (1901) degan qiz farzand ko‘radi. 1904 yili Petergofda beshinchi farzand, yolg‘iz o‘g‘il – shahzoda Aleksey Nikolayevich tug‘iladi.
Imperiyaning iqbol quyoshi yildan-yil so‘nib, 1917 yil 25 fevralda Nikolay Ikkinchi manifesti bilan Davlat Dumasi faoliyati to‘xtatiladi. Bunday qaror Rusiyadagi tang siyosiy vaziyatni battar chigallashtiradi. Nikolay Ikkinchi alaloqibat 1917 yil 2 martda taxtdan voz kechishga majbur bo‘ladi. Tojsiz shoh 1917 yil 9 martdan 14 avgustgacha oilasi bilan Sarskoye Selodagi Aleksandrovsk saroyida uy qamog‘ida yashaydi. 1917 yil 14 avgustda esa yana oilasi bilan 7 nafar ofitser va 337 nafar soldat qo‘rig‘ida Tyumenga jo‘natiladi.
Davlat tepasiga bolsheviklar kelgach, imperator oilasi Tyumendan Yekaterinburgga ko‘chiriladi. Ular tog‘ muhandisi N.Ipatov uyiga joylashtiriladi. Imperator oilasi bilan birga ularga xizmat etuvchi yana besh kishi – shifokor Ye.Botkin (sariq kasalini kashf qilgan olim), kamerlakey A.Trupp, Aleksandra Fedorovnaning oqsochi A.Demidova, oshpaz I.Xaritonov va oshpaz yordamchisi L.Sednyov ham shu yerda istiqomat etgan. Shoh oilasi ushbu manzilda hayotining so‘nggi 78 kunini o‘tkazgan.
1918 yil 12 iyulda imperator va uning oila a’zolarini qatl etish haqida qaror qabul qilinadi. Ushbu qarorni kim, qayerda, nega qabul qilinganiyu asl nusxasi qayerda saqlangani hanuz sir bo‘lib turibdi. Shoh va uning oilasi Ural ishchi-dehqon va soldatlar kengashi qaroriga ko‘ra qatl etilgan degan yasama hujjat keyinroq “paydo bo‘lgan”. Rusiya imperatori, uning rafiqasi va farzandlari, doktor Botkin hamda shoh oilasi xizmatidagi kishilar (oshpaz yordamchisi L.Sednyovdan tashqari, bu gumashta sotqin shekilli, fojiadan bir-ikki kun avval ishdan chetlatilib, uydan haydalgan) “Maxsus vakolatli uy” – Yekaterinburgdagi N.Ipatov uyida 16 iyuldan 17 iyulga o‘tar kechasi qatl etiladi. Shoh oilasiga tegishli barcha shaxsiy buyum va boyliklar qatldan so‘ng talon-taroj qilinadi. (Nikolay Ikkinchining rafiqasi va qizlari liboslari ichiga oltin zanjirlar, boshqa qimmatbaho taqinchoq va toshlarni yashirib olgan edi.)
Qatl kuni Nikolay Ikkinchining oila a’zo­lari va barcha xizmatchilari, odatdagidek, soat 22 dan 30 daqiqa o‘tganda uxlashga yotadi. Oradan roppa-rosa bir soat o‘tganda bu yerga ikki kishi maxsus topshiriq bilan keladi. Ular qorovullar boshlig‘i P.Ermakov va uy komendanti Ya.Yurovskiyga qatl haqidagi qarorni topshirib, hukmni zudlik bilan ijro etish talabini qo‘yadi. Uyqudan uyg‘otilgan shohning oila a’zolari va barcha xizmatchilariga Oq armiya askarlari shaharga bostirib kelayotgani, to‘qnashuv chog‘ida uy o‘qqa tutilishi mumkinligi, shu sabab darhol uyning yerto‘lasiga tushish zarurligi aytiladi. Yerto‘laga tushilgach, hukm e’lon qilinadi va qatl ijrosiga kirishiladi. Ushbu mash’um “tadbir” kechasi soat birda tugaydi. (Mazkur satrlarni qalbda iztirob va ko‘zda yosh bilan yozdim – M.T.)
Ya.Yurovskiy qo‘lidagi ro‘yxat bo‘yicha qatlni ijro etgan barcha askarlar venger o‘qchilari bo‘lgan. Bu askarlar rus tilini mutlaqo bilmagan, ular Ya.Yurovskiy bilan nemis tilida gaplashishgan.
Oqlar harakati Rusiyaning Oliy hukmdori deb e’lon qilgan admiral A.Kolchak izquvar N.Sokolovga Nikolay Ikkinchi va uning oila a’zolari qatli yuzasidan qidiruv olib borishni topshiradi. Ammo Kolchak otib o‘ldirilgani, Sovet hokimiyati o‘rnatilgani va N.Sokolov Parijda vafot etgani sabab ushbu qidiruv oxiriga yetmay qoladi. 1991 yili N.Sokolov ma’lumotlariga asoslanib, imperator oilasi jasadlarining qoldig‘i topiladi (ushbu jasadlar MVD xodimi G.Ryabov tamonidan 1979 yili topilib, qaytadan ko‘mib tashlangan edi). 2007 yil yozida yana Eski Koptyakov yo‘lida qidiruv ishlari yo‘lga qo‘yiladi. Bu gal shoh oilasining 1991 yili topilmagan ikki a’zosi (shahzoda Aleksey va malika Mariya) jasadi qoldiqlari izlanadi. Nihoyat imperator ko‘milgan joy yaqinidan 10-13 yoshlardagi o‘g‘il va 18-23 yoshlardagi qiz jasadi qoldiqlari topiladi. Yekaterinburg arxeologlari va ekspertlari xulosasiga ko‘ra, ushbu qoldiqlar shahzoda Aleksey va malika Mariya jasadiga tegishli ekani tasdiqlanadi. Nikolay Ikkinchining farzandlari chopib tashlanganidan dalolat beruvchi iz ularning yelka qismida aniqlangan. Bundan tashqari kalla suyagida o‘q hosil qilgan teshiklar ham bor. Nikolay Ikkinchi, uning oilasi va xizmatchilari jasadi eltib tashlangan lahadga tuproq aralash ohak va kislota sepilgan.
Ommaning vaxshiyona qatlga munosabatini o‘sha davrda yashagan V.Kokovtsov quyidagicha ifodalaydi: “Ayanchli xabar e’lon qilingan kuni men ikki bor ko‘chaga chiqdim, tramvayda shahar kezdim, ammo biror yerda ozgina bo‘lsin rahm-shafqat, achinish-qayg‘urish alomati ko‘rmadim. Axborot baland ovozda, kesatiq va mazax ohangida o‘qilardi… Ma’nisiz bir toshbag‘irlik, qonsiragan bir manmanlik ruhi hukm surardi. Tevarak-atrofdan “Allaqachon shunday bo‘lishi kerak edi”, “Qani yana bir shohlik qilib ko‘r-chi endi”, “Nikolashkaga – krishka”, “Ey, birodar Romanov, o‘ynab bo‘psan-da”, degan jirkanch so‘zlar eshitilardi…”
Imperator va uning oilasi jasadi qoldiqlari 1998 yil 17 iyulda Sankt-Peterburg shahridagi Petropavlovsk xilxonasiga olib kelib dafn etildi. Nikolay Ikkinchi azob-uqubat chekkan mo‘tabar zot deya e’lon qilindi. Uning xotirasini abadiylashtirish uchun Yekaterinburgdagi Ipatev uyi o‘rnida muhtasham ibodatxona barpo etildi.
Evoh, bir davr va bir davlatda yashagan ikki inson fojiasi naqadar mushtarakligi kishi etini junjuktirib yuboradi. Naqshbandiya sulukining piri ma­qomiga erishgan va dukchilik hunari ortidan kun kechirgan Muhammad Ali xalfa ittifoqo Xudoyorxon kabi umrguzaronlik etishga havas qilib, shaxsiy izzat-nafsi yo‘lida xalq boshiga falokat yog‘dirgan deya xulosa chiqarsak, nohaq bo‘lamiz chog‘i. Uning qamoqxonada jabr-zulmga mardona chidagani va qo‘zg‘olon ahlidan birortasini sotmagani, ayniqsa, chor Rusiyasi hukumati oldida tavba-tazarru qilmagani bu zotni asl matonatli shaxs, chin vatanparvar inson deya olishimizga asos beradi, bizningcha. Hamid Ziyoyev “Turkistonda Rossiya tajovuzi va hukmronligiga qarshi kurash” kitobida (Toshkent, “Sharq”, 1998 yil) Fozilbek Otabek o‘g‘li lafzidan ushbularni bayon etadi: “Arslonbob tarafiga izlab yurguvchi Ya’qub qo‘rboshi bilan Qodirqul mingboshiga odamlar eshonni shu tarafda ko‘rganlarini aytganlari uchun Arslonbobga yaqin Toshko‘prik degan tor yo‘lni to‘sib turganlarida, Eshon o‘sha yo‘ldan borib, Toshko‘prik ustida uchrab qolg‘on. Darhol Ya’qub qo‘rboshi: “Ey, taqsir! Man sizni kutib turibman, yordam qilmoq uchun” deb, otdan o‘zini tashlab ko‘rishmoqchi bo‘lib yugurgan, eshon ham otdan tushib, yig‘lab quchoqlashib ko‘rishgan vaqtda, eshonni ko‘tarib, tagiga bosib olgan va odamlarni chaqirib, bog‘lab olganlar. Orqasidan uch odamni ham tutib, to‘rtovlarini bog‘lab qo‘yganlar. Qodirqul mingboshi darhol yetib kelib, eshonni ko‘rishi bilan: “Xotintaloq! Hammani xonavayron qilding-ku!” degan. Eshon bularga: “Ikkoving o‘lar vaqtda jinni bo‘lib o‘lgin! Bizni rusga tutib bergan qo‘llaring bilan o‘zingni urib, so‘kkan og‘zing bilan o‘zingni tishlab o‘lgin!” demakdan boshqa hech gap aytmagan…” (o‘sha asar, 32-bet). Ayni shu muallif duoiba’d etilgan ikki xoinning biri – Qodirqul mingboshi taqdiri haqida keyinroq mana bunday ma’lumot beradi: “…Shaharning katta oqsoqoli Qodirqul mingboshining zarbi va siyosati nihoyat qattiq va berahm bo‘lg‘oni shahar fuqarolariga ma’ruf va mashhur edi… Oqsoqol yurtga siyosat o‘tkazish uchun “ur” dardiga giriftor bo‘lg‘on va kim bo‘lsa bo‘lsun, ro‘bara kelsa urdirmay qo‘ymas edi. Oxirida, bu “ur, ur” dardining kasofati bilan bir do‘kondor armanining boyini urub qo‘ydi, bu armani boy nafsoniyat qilib, sarmoyalar tarafdori bo‘lg‘on hokim gubernatorlarg‘a arz qilib, sudga berib, oxiri istibdod uchun qilg‘on shuncha xizmati mukofotiga, nihoyat, xorliq bilan o‘rnidan bekor bo‘ldi va Qo‘qon qishloqqa borib, amal hasratidan betob bo‘lub, oxiri Majnundek bo‘lub, o‘zini o‘zi jarohat qilib o‘ldi. Mustabid hukumati bizga eshon hodisasida ko‘b xizmat qilg‘on edi, deb rioya qilmadi. Sarmoyador boy armanining kapital quvvati uni yiqitib qo‘ydi” (o‘sha asar,48-49-betlar).
Biz bu ibratli hikoyatga tayanib, Qodirqul mingboshi Dukchi eshon qarg‘ishiga duchor bo‘ldi, desak ehtimol kulgiga qolarmiz. Ammo Nikolay Ikkinchidek imperator boshiga tushgan fojia, uning jasadi ustiga ham Dukchi eshonnikidek ohagu kislota to‘kilgani taajjub va tavba etgulik bir hol, albatta. Ayniqsa, bizning diyor farzandlari bo‘lgan va taqdir taqozosi-la Yevropaga borib qolgan “vengerlar” deb atalmish xalqning besh-olti farzandi shohni qatl etishi kishini chuqur o‘yga toldiradi.
Rus xalqi o‘z farzandi va imperatori Nikolay Ikkinchini azob-uqubat chekkan mo‘tabar zot deb e’lon qilib, qatl etilgan joyida muhtasham ibodatxona tikladi. Rusiyaning so‘nggi imperatori qoldiqlarini Romanovlar xilxonasiga ko‘chirib, unga hurmat va ehtirom bajo keltirdi.
Biz ham Mingtepa qishlog‘idan chiqqan oddiy xalq chor Rusiyasi hukumati zulmiga qarshi Dukchi eshon boshchiligida qo‘zg‘olon ko‘targani va bu bilan chinakam jasorat, mardlik ko‘r­satganini xolis e’tirof etib, ularning nomini abadiylashtirish chora-tadbirlarini ko‘rsak, ayni muddao bo‘larmidi…

«Tafakkur» jurnalidan olindi.