Herman Vamberi. Turkiy xalq

Herman (Arminiy) Vamberi (1832-1913)

«O‘zbek» degan nom xohlasangiz siyosiy, istasangiz ijtimoiy ma’noga egadir, lekin etnik ma’noga ega emas[1]. Mashhur Abulxayrxonning nabirasi Shayboniy Muhammadxon turkiy lashkari bilan pastki Yoqsartdagi uch xonlikni istilo qilib, temuriylar davlatida boshlangan parchalanishni to‘xtatgandan so‘ng, 16-asr boshlarida Markaziy Osiyo yoki, aniqroq aytganda, shu uch xonlikda yashovchi turkiy xalqlar bu nomni qabul qilishgan. Shayboniy lashkarining eng katta qismi avvalo turkiy xalqlardan iborat bo‘lgan va ular Orol dengizi bilan Yoyiq daryosi o‘rtasida ko‘chmanchilik qilib yurishgan hamda Oltin O‘rda tarkibiga kirishgan. Yana shuni aytib o‘taylikki, Oltin O‘rdada «o‘zbek» degan nom ancha oldindan ma’lum bo‘lib, musulmoncha tarbiyalangan degandek tushunilgan[2]. Aslida turkiy xalqlarning kelib chiqishi qisman qoraqalpoq, qisman qirg‘iz-qozoq, qisman Oltin O‘rdadagi turli-tuman ko‘chmanchilarga borib taqaladi. Agar O‘zbekxonni eslasak, «o‘zbek» nomining negizi bizga ancha yaxshi tushunarli bo‘ladi. U 1340 yilgacha Oltin O‘rdada hukmronlik qilgan va islom dinini qabul qilishga g‘oyat kuchli ishtiyoq ko‘rsatganligi bilan e’tiborni tortgan. Abulg‘ozining so‘zlari bilan aytganda, «u fuqarolariga islom dinini qabul qildirishda juda katta g‘ayrat ko‘rsatgan va buning natijasida jo‘ji xalqi, ya’ni Oltin O‘rda turklari «o‘zbek» degan nomni olishgan». Abulg‘ozining bu so‘zlari shu haqdagi boshqa xabarlar bilan, ayniqsa Temurning maddohi Sharafiddin Yazdiyning qishloqlarni «o‘zbeklar» deb ko‘rsatganligi bilan to‘g‘ri keladi. Lekin bizning fikrimizcha, XIV asrda ko‘p joylarda ko‘chmanchilar bo‘lgan davrda G‘iyosiddin O‘zbekning yangi dinga o‘tkazish ishi muvaffaqiyat qozonmagan shekilli, ular musulmonlikni qabul qilishmagan. Islom diniga kirganlar musulmonlar deyilgani kabi chig‘atoylar, no‘g‘aylar, saljuqiylar va usmonlilar o‘z nomi bilan, O‘zbek targ‘ib qilgan dinni qabul qilganlar esa «o‘zbek»lar deb atalgan. Xulosa qilib aytganda XIV—XV asrlarda «o‘zbek» deganda musulmon diniga o‘tgan turklar tushunilgan va shu nom bilan ular boshqa, eski dinga sadoqatli bo‘lib qolgan turklardan farq qilganlar.

O‘zbeklarning eski dinga sadoqatli turklar bilan tabiati va tili bir bo‘lsa-da, lekin ular yangi din bilan birga musulmon madaniyatini ham qabul qilishgan va bu qadamlari bilan turklikdan, ya’ni shafqatsiz odatlardan bosh tortishib, O‘zbekxon muqaddaslashtirgan musulmon-osiyo madaniyatiga yo‘l ochishgan. Oltin O‘rdada O‘zbekxonning bu faoliyati uning obro‘sini ko‘tarishda juda zo‘r ahamiyatga ega bo‘ldi va u o‘zining bu ishlarini O‘rta Osiyoga o‘tkazishda yanada omadi yurishdi. Lekin shuni ham aytib o‘tish kerakki, O‘zbekxon O‘rta Osiyoda barcha madaniy boylikka ega bo‘la olmagani sababli Markaziy Osiyo va Turkiyada Rusiya tomonidan bosib olingan turklarni jamlovchi no‘g‘ay nomi bilan atashgani kabi, u Shayboniyxondan ancha oldin Volga va Yoyiq daryolari bo‘ylab yashab kelgan yurtdoshlari hamda dindoshlarini jamlovchi bir nom bilan atashga majbur bo‘lgan. Nihoyat, «o‘zbek» degan so‘z qaysi ma’noni bildiradi deganda, eng avvalo shuni aytib o‘tish kerakki, bu so‘z «o‘z» va «bek» so‘zlaridan iborat bo‘lib, shulardan birinchisi asl, ajoyib, tagi mustahkam, ikkinchisi esa bek, sardor ma’nosini bildiradi. Demak, bu so‘zning tom ma’nosi «Asl bek»dir. O‘zi aslini olganda «o‘zbek» degan so‘z ancha keyin turkiylashgan va majorlar Ovrupoga kelmasdan oldinroq ham ishlatilgan. XI—XII asrlarda bu so‘z shaxsiy va qabila nomi sifatida ma’lum bo‘lib, buni uchratilgan manbalardan ko‘rish mumkin.

Biz «o‘zbek» so‘zining kelib chiqishi va ma’nosini ma’lum darajada tekshirib ko‘rganimizdan so‘ng, birinchi navbatda Shayboniyxon boshchiligida XV asr oxirlarida Shimoliy Orol va Yoqsartdan yorib o‘tgan va Movarounnahrni istilo qilishga kirishgan o‘zbeklar qaysi turkiy xalqlar yoki qabilalardan iborat bo‘lganini o‘rganib chiqishimiz mumkin. Shu nuqtai nazardan qaraganda, biz mutlaqo aniq ma’lumotga ega bo‘la olmaymiz, lekin qo‘limizda Beryozin tomonidan nashr etilgan va o‘ris tiliga tarjima qilingan «Shayboniynoma» va men oldin aytib o‘tgan «Shayboniynoma» dostoni bor. Unda o‘zbeklar haqida birmuncha ma’lumotlar mavjud. Aytib o‘tilgan asarlarning birinchisida dastlabki janglarda o‘zini ko‘rsatgan qahramonlar va shular o‘rtasida quyidagi shaxsiy ismlar va qabila nomlari eslatib o‘tilgan: Shayx Murod majorlar qabilasidan (major ko‘p marta eslatib o‘tilgan, bu — madyorlarning osiyocha nomi, bu yerda yana qabila nomi — qabilaga taalluqlilik ma’nosida ishlatilgan —H. Vamberi), Ali Mardon uyshun qabilasidan. Mamish tatarlar qabilasidan, Minqay uyg‘urlar qabilasidan, Mishri (Misri) Ali qo‘ng‘irot qabilasidan, Bek Ota salur qozoq qabilasidan (eslatmasi bilan: uzoq Turkistondan — H. Vamberi) va hokazolar. Ayni vaqtda boshqa joylarda yana do‘rmon, yamaliq, otaji, qiyot, nayman kabi qabilalar ham eslatiladi. Bularning hammasi Shayboniy Muhammadxonga qo‘shilishgan va «o‘zbek» degan nomni qabul etishib, xonliklarni istilo qilishda qatnashishgan. Va nihoyat, Shayboniy qo‘shinlari qayerdanligini bilmoqchi bo‘lsak, bu asarlarda ba’zilari cho‘lning uzoq shimolidan ekanligi, ikkinchilari Xataydan (ya’ni Xitoydan), uchinchilari Chimboydan (ya’ni Oqsuv daryosining tarmoqlangan mansabidan, u yerda hozir qoraqalpoqlar yashashadi) ekanligini ko‘ramiz. Bundan Shayboniy Muhammadxon qo‘l ostida turk elining xilma-xil vakillari birlashgan degan xulosa chiqarish mumkin. Lekin ikkinchi manba — «Shayboniynoma»ning Shayboniy Farg‘ona shimolida mo‘g‘ullarga qarshi yurishi haqida gap borayotgan joyida quyidagi qabila nomlarini ko‘rishimiz mumkin: siyiut, qiyot, qo‘ng‘irot, borkut, mang‘it, nayman, do‘rmon, ushun, qushchi, jaloyir, qarluq, sulduz, nukus, tatar — hammasi bir tilda gapirishadi, hammasida bir xil ismlar va bu ismlar bugun qirg‘iz, qoraqalpoq, turkman hamda o‘zbeklarda uchraydi. Biz bu yerda ularning kelib chiqishi turli xil ekanligini ko‘rsatdik. Shu xabarlarga qo‘shimcha tarzda yana alohida eslatib o‘tilgan tushunchalar ham bor, masalan, qozoq elini — bu yerda erkin, hech kimning hukmronligi bilan yengilmagan cho‘l aholisi, qirg‘iz xalqini fors, sargarda va boshi buzuqlarning bir turi deb tushunsa bo‘ladi. Bundan ko‘rinib turibdiqi, Shayboniyxon bilan Janubga chiqqan turklar Movarounnahrning janubida va shimolida joylashgan turkiy elning xilma-xil tabaqalaridan yig‘ib olingan va ularning hammasi jamlovchi «o‘zbek» degan nomni qabul etishgan, chunki bularning o‘rtasidagi yetakchi kuchning siyosiy va ommaviy nomi o‘zbek bo‘lgan.

Bu o‘zbeklar XVI asrning boshlarida o‘z sardorlari bilan Oqsuv daryosi atrofida joylashgan va ularning shu yerda oldindan yashagan turklar bilan aralashishi natijasida Markaziy Osiyoning bugungi o‘zbek xalqi paydo bo‘lgan. Markaziy Osiyoda qisman butunlay o‘troq, qisman yarim o‘troq bo‘lib yashagan turklar esa turk elining qaysi bir vakili ekanligini hozir aytish judayam qiyin, lekin ular bu yerda qadim zamonlardan beri yashab kelayotganligiga hech shubhalanmasa ham bo‘laveradi. Markaziy Osiyoning tub aholisi, darhaqiqat, eroniylar bo‘lgan va bu qadimiy shaharlarning jug‘rofiy nomlaridan ko‘rinib turibdi. Lekin shunisi ham to‘g‘riki, ayrim turk qabilalari tarixdan ilgari davrlardanoq ko‘chmanchilikdan bosh tortib, eroniy xalq o‘rtasida o‘rnashib qolganlar va bu qadim zamondan ma’lum bo‘lgan aholi yashaydigan joy nomlarining turkiy ohangdoshligida ko‘rinib turibdi. Jumladan, Boykand, Talas (Talas degan so‘z qora-qirg‘iz tilida qaroqchilik yurishini, talashni bildiradi — H. V.). Choch (soch, ya’ni boshdagi sochni bildiradi — H. V.), Qo‘qon xonligida turkcha nomlangan Oqcha shahri (so‘zning birinchi qismi Oq ma’nosini bildiradi) va bunday misollar ko‘p.

Albatta, bu yerda turk aholisi tasodifan va kam miqdorda paydo bo‘lgan deb o‘ylash ham mumkin edi, lekin turk aholisining ko‘chib o‘tish yo‘nalishlari shimoli-sharqdan janubi-g‘arbgacha cho‘zilib borgan va ular, birinchi navbatda, pastki va o‘rta Yoqsart yerlarini egallashga, shundan keyingina turkiy aholi Oqsuv daryosining o‘ng qirg‘og‘ini topib yashay boshlagan, degan taxminlar bor. Bu haqdagi birinchi tarixiy xabarni biz arablar orqali oldik. Ular Oqsuvning o‘ng qirg‘og‘i uchun kurash olib borayotganda u yerda turklarga to‘qnashganlar. Lekin qarshi harakat qilmay, bu yerlarning tub aholisining ta’riflab berganlar, xolos. Somoniylar hukmronligi paytida bu aholi asosan eroniylardan iborat bo‘lsa, Kurxon istilosi va ayniqsa Xorazmshohlar hukmronligi davrida bu yer aholisining hokimiyati asosan turkiy qo‘shinlarga suyangan. Bu qo‘shinning ko‘pchiligi o‘troq hayotning qulayligini ko‘rib shu yerda qolgan va yashay boshlagan. Lekin turkiy xalqning Markaziy Osiyoning madaniyatiga birinchi kuchli va ulkan ta’siri mo‘g‘ullar istilosi paytida sezila boshladi va istilodan keyin ham saqlanib qoldi. Shu davrga kelganda, ayniqsa chig‘atoylar hukmronligi paytida dehqonchilik, sanoat va savdo bilan shug‘ullanib, shu orqali kun ko‘rib yurgan eroniy aholi, mubolag‘asiz aytish mumkinki, qattiq zarbaga duchor bo‘ladi. Chunki turklar hamma joyda ustunlikka erisha boshlaganlar va XIV asrning ikkinchi yarmida Temur chig‘atoylarning oxirgisiga qarshi urush qilgandayoq bu kurash Movarounnahrda ustun bo‘lgan turk elining mo‘g‘ullar hukmronligiga qarshi kurashiga aylangan edi. O‘shanda turklar nafaqat Yoqsart, Zarafshon va Oqsuvda, balki Janubiy Keshda ham (Shahrisabz) aksariyat ko‘pchilikni tashkil etardilar.

Endi chig‘atoylar degan nomga kelsak, hamma joyda tarqalgan turklar bu nomni siyosiy va faxrli nom sifatida qabul qilganlar. O‘zbeklar orasida shu bugunga qadar o‘zini chig‘atoylar deb ataydigan qabila bor va ularning obro‘si shunchalik kattaki, yangi xonni taxtga o‘tqazganda, shu qabilaning oqsoqollari xonni oq kigizga solib ko‘tarishadi. «O‘zbek» degan nom shayboniylar davrida qanday ahamiyatga ega bo‘lsa, xuddi shunday mo‘g‘ullar davrida «chig‘atoy» degan siyosiy nom ham katta ahamiyatga ega edi. Chig‘atoylar davrida Markaziy Osiyoda turk eli mavjud bo‘lib, turkiy til eng tushunarli til edi. Bu til hattoki Oqsuv daryosining chap kirg‘og‘iga ham tarqalib ketgan va Temurning katta nevaralaridan birining hukmronligi paytida Xurosonning o‘sha davrdagi poytaxti — Hirotda yashagan turkiy go‘zallik shaydosi Alisher Navoiy bu yerda gullab-yashnayotgan forsiy madaniyatga qarshi o‘laroq ma’naviy kurash boshlashga jur’at etgan.

O‘zbeklar Markaziy Osiyoda paydo bo‘lishganda bu yerda juda ko‘p turkiy aholini uchratganlar. Bu yerlik turklar ham xuddi o‘zbeklar kabi kelib chiqishi jihatidan har xildir va biz tasodifan ular kerakan, boyqaro, qipchoq, do‘rmon, nayman va hokazo qabilalardan ekanligini bildik. O‘z-o‘zidan tushunarliki, ular tub aholi bilan aralashib hamda turmush tarzini o‘zgartirgani sababli quramadirlar. Demak, jismoniy jihatdan ular har xil turkiy hamda mo‘g‘ul qo‘shilmalaridan tashkil topgan o‘zbeklar desak yanglishmaymiz. Lekin asrlar davomida Xuroson hamda Movarounnahrda yashab kelib, fors madaniyati ta’sirida bo‘lgan, shuning uchun ma’naviy jihatdan shimoldan yorib o‘tgan shafqatsiz qondoshlaridan ustun xalq esa, tabiiyki, Shayboniyxonni o‘sha zamon madaniyatini xarob qiluvchi yovuzdek qarshi olgan, chunki u o‘z odamlari bilan johildek hamma narsani vayron qila boshlagan. Albatta, Shayboniy Markaziy Osiyodagi o‘z hukmronligini temuriylarni zabt etib mustahkamladi. Lekin baxt unga kulib boqqanda turkiy xalqlar o‘rtasidagi obro‘si ham ko‘tarilardi. Hali Bobur davrida biz uch millat — mo‘g‘ullar, turklar (xonliklardagi turklar) va o‘zbeklar (Yoqsart shimolidagi turklar) o‘rtasidagi uchratgan to‘siqlar asta-sekin yo‘qola boshladi va oxirgi aytib o‘tilgan nom, ya’ni «o‘zbek» degan nom oldin bir qavmning siyosiy nomi bo‘lib kelgan bo‘lsa-da, bora-bora ko‘payib Shayboniy tarafdorlari tomonidan nafaqat siyosiy, balki etnik nomday qabul qilindi. Misol uchun biz buni shoir, malik Muhammad Solih, ya’ni xivalik turk, Shayboniy temuriylar tashlab ketgan Xivani egallaganidan so‘ng qanday qilib o‘zbekka aylanganligi misolida ko‘rsak bo‘ladi. Muhammad Solih qilgan narsa juda ko‘p marta boshqa viloyatlarda ham takrorlangan. Movarounnahr turklarining eski nomlaridan kechib, bu nomga moslashuvi faqat asta-sekin davom etgan va XVI asrdan yangi vaqtgacha etnik ma’noda faqat u xonlik turklarida saqlanib qolgan, xolos. Ular asta-sekin tojiklar, sartlar va qirg‘izlar qoni bilan aralasha boshlagan bo‘lsa-da, lekin boshqalarga nisbatan hukmronligini saqlab qolganlar. Asl o‘zbeklar keyin juda ko‘p miqdorda Xiva, Maymana va Shahrisabzda uchray boshladilar, kamroq miqdorda esa Buxoroda va juda kam Xo‘qandda uchraydilar. Buxoro xonligida o‘zbeklar janubga qaraganda kamroq uchraydi va hamma joyda ular shaharlardan ko‘ra qishloqlarda ko‘proqdir. Oqsuv daryosining chap qirg‘og‘iga o‘zbeklar ashtarxoniylar hukmronligi paytida kelib qolishgan, lekin afg‘onlar bilan bo‘lgan doimiy to‘qnashuvlari tufayli ularning bu yerdagi soni ancha kamaygan. Fikrimizcha, biz o‘zbeklarning etnologik aloqalarini anchagina aniq bayon etdik.

Shu bugungacha o‘zbek xalqining shajarasi to‘g‘risida turli fikrlar mavjuddir. Masalan, Byorns o‘zbeklarning 32 qabilasi haqida ma’lumot beradi. Taxminan shuncha qabila borligini men ham har xil hududlarda o‘zbeklarning o‘zidan eshitganman. Xanikov Sharqiy manbalardan biriga asoslanib, 9 asosiy shajara va sanoqsiz shoxobchalarni eslatib o‘tadi. Ayni vaqtda Xoroshxin 92 qabila borligi haqida gapiradi. Lekin u yanglishib, «o‘zbek» degan jamlovchi nom bilan hamma turklarni belgilagan, shu jumladan no‘g‘aylarni, qirg‘izlarni, turkman va hokazolarni ham hisobga olgan. Lekin ma’lumotlarning har xilligi o‘zbeklarning urug‘-aymoq munosabatlari naqadar chigalligini va bu urug‘-aymoqlarda bugunga qadar turkiy xalqning hamma qabilaviy, qavmiy nomlari yig‘ib olinganligini ko‘rsatadi.

Eng avvalo turkiy xalqning etnologiyasidagi chigal masalalarni aniqlashimiz lozim. Lekin biz bunday dargumon masalalardan bosh tortib va tarixiy dalillarga asoslanib,  turkiy xalqning ichida haqiqiy o‘zbek deb, Shayboniy istilosi davridan boshlab oxirgi uch asr davomida Buxoro, Xiva va Balx xonliklarida o‘zbeklar sifatida tarixdagi tutgan o‘rnini ham va o‘zbeklar sifatida oldingi siyosiy nomni bugun etnik nomday qabul qilganlarini ham hisobga olishimiz kerak. Shu nuqtai nazardan kelib chiqib, biz o‘zbeklar deb qisman butunlay, qisman yarim o‘troq bo‘lgan Xiva, Buxoro va Oqsuv daryosining chap qirg‘og‘ining turklarini tan olsak bo‘ladi. Shu bilan birga, umuman olganda quyidagi jug‘rofiy bo‘linish eslatib o‘tiladi: Xiva xonligida Oqsuv daryosining chap qirg‘og‘idagi aholisi, turkman va ayrim sartlarni hisobga olmaganda, shaharlarda butunlay hammasi o‘zbeklar, Buxoro xonligida Zarafshon daryosining ikki qirg‘og‘idayam, janubiy va g‘arbiy hududlaridayam o‘zbeklar aksariyati dehqonchilik bilan shug‘ullanayotgan aholi hisoblangan. Shunga o‘xshash ahvolni Buxoroga qarashli Shahrisabzda hamda Afg‘oniston hukmronligi ostida yashaydigan Qunduz, Xudm, Oqcha, Shibirg‘on, Andxo‘y va Maymanadagi o‘zbeklarda ham kuzatsa bo‘ladi. Ayrim qabila-qavmlar goh u yerda, goh bu yerda ko‘proq, ba’zi joylarda kamroq, masalan, qo‘ng‘irot, uyg‘ur, qipchoq, nukus, ochamayli va hokazo qabilalar Xivada ko‘proq, kenagas Shahrisabzda, minglar Maymanada, naymanlar Qarshida ayniqsa juda ko‘pdir. Lekin bu qabilalarning ayrim ajdodlari boshqa joylarda uchrash ehtimoli ham bor.. Bu holda qabilalarning birligi anchadan beri turkman va qirg‘izlarnikiday ahamiyatga ega emas va men xivalik o‘zbek — qo‘ng‘irot O‘rta Yoqsartlik o‘zbek — qo‘ng‘irot bilan yaqin qarindoshligini loqaydlik bilan muhokama qilganligining guvohi bo‘lganman. Lekin bu ham mutlaqo ajablanarli emas. Iqlim, odat, yerga munosabat har xilligi va ayniqsa o‘zbeklarda namoyon bo‘lgan tojik, sart, fors, afg‘on qonlari ularda o‘ziga xos har xil fazilatlar qoldirgan va bu xususiyatlar faqat o‘zbeklarga xos emas. Agarda xivalik o‘zbekni tasvirlay boshlasak, eng avvalo shuni ko‘ramizki, Oqsuv daryosining pastki oqimida yashovchi o‘zbeklar ma’lum darajada o‘zining Zarafshondagi va Oqsuv daryosining chap qirg‘og‘idagi yurtdoshlaridan farq qilishadi. Chunonchi, xivalik o‘zbekning gavdasi o‘rta bichimli, lekin qirg‘izlardan balandroq, jussasi esa turkmandan pishiqroq bo‘lsa-da, qoraqalpoqlarday zuvalasi pishiq emas hamda ularday baland emas. Xivalik o‘zbeklarning boshi cho‘ziqroq, ko‘zlari cho‘zinchoq, burni to‘lishgan bo‘ladi, og‘zi katta, iyagi yumaloq, yonoqlari unchalik turtib chiqmagan, terisining rangi tojiklarnikidan ancha oqroq, tuk qoplamasi turkmanlarnikiday kuchli va jigarrang. Aksincha, buxorolik o‘zbeklar xivalik o‘zbeklarga nisbatan mahalliy eroniylar bilan tez-tez va jadal aralashganligining jonli izlari yaqqol ko‘rinib turibdi. Chunki sochida va terilarida qora rang xivalik o‘zbeklarnikiga nisbatan ancha ko‘proq uchraydi. Shu bilan birga, qo‘qonlik o‘zbeklar u yerda yashaydigan sartlardan deyarli farq qilmaydi.

Eng yangi etnografik tadqiqotlarga asoslanib, o‘zbekni quyidagicha tasvirlasa bo‘ladi: u «o‘rta gavdali, ozg‘in yoki istisno tariqasida juda semiz, terisi silliq, bug‘doy rang, sochi qora, malla va kamdan-kam qizg‘ish-qo‘ng‘ir bo‘ladi, soqoli siyrak va qora, ba’zida kulrang ham bo‘ladi, burni kichkina va to‘g‘ri, burun qanotlari keng, lablari qalin va bo‘rtib chiqqan, tishlari oq va juda sog‘lom, peshonasi to‘g‘ri va do‘ng, qosh usti kam bilinadi, burun va lunji o‘rtasidagi kesim unchalik chuqur bo‘lmaydi, qoshlari yoysimon, lekin juda qalin emas, og‘zi katta, iyagi yirik, yonog‘i chiqib turuvchi, yuzi ko‘proq serqirra, qulog‘i katta va ajralib turadi, oyoq-qo‘li kichkina, gavdasi kuchli emas, balki ko‘proq nozikdir». Bu o‘zbeklarni ilmiy nuqtai nazardan tasvirlashdir, lekin qanchalik ko‘p o‘zbeklar tabiatini umumlashtirmaylik bu savolni baribir ochiq qoldirish lozim. Shaxsan men bu umumiylashtirishni Markaziy Osiyoda yashaydigan o‘zbeklarning har xilligi uchun qabul qila olmayman. Yashash tarzi bo‘yicha o‘zbeklar o‘troq va yarim o‘troq bo‘lishadi. O‘troq o‘zbeklarni ko‘proq xonliklarda uchratish mumkin. Ular deyarli faqat dehqonchilik hisobiga yashashadi va juda kamdan-kamlari savdo yoki sanoat bilan shug‘ullanadi. Dehqonchilik bilan shug‘ullanadigan o‘zbeklar ayniqsa, Zarafshon, Qashqadaryo bo‘ylab, Oqsuvning chap qirg‘og‘i, Xivada ko‘p uchraydi. Bu yerlarda o‘zbeklar qishloq odami sifatida o‘z holatining asl namunasini ko‘rsatadi. U bu yerda yo‘q bo‘lib ketgan eroniy mahalliy aholida, eng muhimi, yerni sug‘orish san’atini astoydil o‘rganib olgan va o‘z kasbiga g‘ayrat va shijoat bilan berilib ishlaydi. Ishida fors qullarini qo‘llasayam, lekin ko‘p hollarda o‘zbek o‘z yerining g‘amini o‘zi yeydi va kimki dalada ibtidoiy omochni tortib yurgan oddiy, ishini halol bajaruvchi qishloq odamini ko‘rsa, bu dehqonni Markaziy Osiyoni zabt etuvchi va haqiqiy xo‘jayini deb tasavvur qilishi qiyin. Va aynan shu odam bizning vaqtgacha Markaziy Osiyoning xo‘jayini bo‘lib keldi. Chunki shu oddiy, omoch tortib yurgan o‘zbek kerak bo‘lgan paytda otga irg‘ib mina oladi va qo‘liga qurol olib o‘zini jang maydonida ko‘rsatadi. Aslzodalar o‘z belgilari bo‘yicha amaldor aslzodalardir, nomlari esa sipoh atalib, ular navkar yollashlari va xon lashkariga yetkazib turishlari lozim. Xususan aynan ana shu dehqon aholisi asrlar davomida o‘troqlik hayotiga qaramay oldingi ko‘chmanchilik hayotining ayrim ijobiy hamda salbiy tomonlarini himoya qilishga tayyor turadi. Ular harbiy xizmatni yaxshi foydalanilmayotgan va qoldirib ketilgan yerlari uchun ijara haqi deb tushunadilar. Shuning uchun ham aslida o‘zbeklar Xiva, Buxoro va Oqsuvning chap qirg‘og‘ida asl harbiy millat bo‘lganlar, deya olamiz, faqat oxirgi hududda o‘zbeklarga, ehtimol, yanada jangari afg‘onlar bilan bo‘lgan kurash juda mashaqqatli kechgan va shuning tufayli ularning qarshiligini oxirigacha yengolmaganlar. Savdoga kelganda, og‘ir-vazmin, sanoatda esa ularning o‘rni unchalik bilinmaydi. Bu o‘zbeklarga hammadan ham ayrim qishloqlarga har tomonlama baland devor bilan qurshab olingan hovlida yengil kigizdan qilingan chodir yoyib yashash yoqadi va aynan shu chodirni u qish paytida ham qishki uydan afzalroq ko‘radi. Albatta, unga hammadan ham cheksiz erkinlik beradigan ko‘chmanchilik yoqadi. Lekin buning uchun tegishli joy (hudud) qayerda, shu bilan birga uning ijtimoiy ahvoli ham bunga yo‘l qo‘ymaydi. Shu sababdan butunlay ko‘chmanchi o‘zbeklar son jihatidan ozdir. Bu ko‘chmanchi o‘zbeklarning bir necha yuztasi Xo‘jand va Jizzax o‘rtasida chodir yoyib ko‘chib yurishadi, yana bir tabaqasi Qarshi va Karki o‘rtasida ko‘chmanchilik qilgan. Ko‘chmanchi o‘zbeklarning eng katta qismini esa, ehtimol, Oqsuvning chap qirg‘og‘ida, bugungi Afg‘oniston Turkistonida uchratsa bo‘lar. Yarim ko‘chmanchilar bundan ancha ko‘proqdir, chunki, hamma o‘zbeklarda shunday hayot tarziga moyillik bo‘lib, ularning har qaysisi butun oilasi bilan ochiq havoda yashashga tayyor. Ularning yetarli yer-joyi, yaylovlari bo‘lsa-da, va agar hosil o‘rish yoki boshqa birorta daladagi ish ushlab qolishini aytmasa, xonliklarda ham (vaqtincha yashab turishibdi) desayam bo‘laveradi.

Albatta, shubhasiz, bu ahvol yangi davrdagi siyosiy o‘zgarishlarni ko‘zda tutganda uzoq vaqt saqlanishi mumkin emas va o‘zbeklar o‘rislar istilosi natijasida o‘z qudrati va ijtimoiy obro‘sini yo‘qotgach, tinchgina fuqaroga aylanadi va xuddi Qozon va Astraxan tatarlariday batamom dehqonchilikka yoki boshqa tinchgina kasblarga berilib ketadi, deb ehtimol qilib ham bo‘lmaydi. Bunday taxmin qilishimizga barcha o‘zbeklarda uchraydigan fe’l-atvor xususiyatining anchagina bir xilligi asos beradi va shunisi taajjubliki, bu xususiyat siyosiy voqealarning har xilligiga va o‘zbeklarning kelib chiqishlari turlicha bo‘lishiga qaramay har doim bilinib turadi.

Bu xalqning ijobiy, ma’naviy tomonlari eng avvalo ularning ochiq ko‘ngilligi, mardligi, jiddiyligi, haqiqiy turkiy himmatga egaligida yaqqol ko‘zga tashlanib turibdi. Bu narsa ular bilan bir xil sharoitlarda yonma-yon yashayotgan boshqa xalqlarda ham ko‘rinadi. Ko‘pincha ma’yuslikkacha kamgap, og‘ir-vazmin o‘zbeklar o‘zlarining tojik va sart qo‘shnilaridan xuddi keksa erkak beg‘am-betashvish yosh yigitdan farq qilganday ajralib turadi. Yuzidagi marmarday sovuqqonlik belgilari ularning tushunchasi bo‘yicha odob-axloq namunasi hisoblanadi. Beso‘naqayligi bilan ruhiy holati muvofiqdir: bir gapni o‘ylab og‘zidan chiqarguncha bir qancha daqiqalar o‘tadi, o‘zbek bir so‘zni aytguncha sart yoki tojik qancha gapni qalashtirib tashlaydi. O‘zbek o‘ylabroq gapirishga moyil. U buni tabiiy deb biladi. Jasur sipoh sadoqatli va dovyurak bo‘lib, to‘g‘ri gapiradigan, to‘g‘ri harakat qiladigan, ko‘zga tik qaraydigan erkakni mukammallik namunasi deb biladi… U biz hamma joyda boshqa turklarda ko‘rgandek, davlat himoyasini o‘z zimmasiga olgan (oriy mahalliy aholi ham bunga hech qachon unchalik istak bildirmagan va bu ishda mahorat ko‘rsatmagan), shuning uchun u doim sipohlik qilib yurgan va san’at, ilm g‘amidan qadimdan bosh tortgan. Boshqa tomondan qarasak, o‘zbeklar buning evaziga ayrim ajoyib qadimiy odatlarni saqlab qolishgan. Masalan, o‘zbeklarning oilaviy munosabatlarini asl namuna deb hisoblasa bo‘ladi. Ko‘p xotinlilik faqat hukmronlarga xos va Xivada Buxoro va Qo‘qonga nisbatan ancha kamroq uchraydi. O‘zbeklarning o‘z xotiniga munosabati tojik va sartlarga nisbatan ancha yaxshiroq, shunisi juda ta’sirliki, o‘rta yoshlarga borib qolgan farzandlar o‘z ota-onalariga juda hurmat va ehtiromli bo‘lishadi. O‘zi 30 yoki 40 yoshlarga borib qolgan o‘g‘il otasining bir qarashidayoq cho‘chib ketadi va hech qachon otasi bor paytda chilim chekmaydi, birinchi o‘tirmaydi va birinchi gapirmaydi. Ayollar bilan bo‘lgan munosabatlarga kelsak, islom tashqi munosabat qoidalarida g‘ayritabiiy qonunlarning ayrim tomonlarini joriy qilib qo‘ygan, lekin shaxsiy hayotda emas, bu esa shuni bildiradiki, shaxsiy hayotda hamisha qadimiy ko‘chmanchilik hayot tarzi hukm surib keladi va beka o‘z bilganicha erkin va cho‘lda yashaganday cheksiz va Konstantinopoldagi xonimday xo‘jayinlik qiladi.

O‘zbeklar eron-musulmon maorifi yordami orqali o‘troqlik hayot tarziga ko‘chganiga asrlar o‘tgan bo‘lsa-da, lekin maorif uning ijtimoiy hayotining ichki qismiga ozgina ta’sir qila olgan. Etnologik masalada ancha ahamiyatli tomoni shundaki, ular bugun asosan turkiy shevada gaplashadilar. Odatda biz bu shevani chig‘atoy yoki o‘zbekcha sheva deb belgilaymiz. Chig‘atoy nomi mo‘g‘ullar ho‘kmronligidan qolgan. Umuman olganda, o‘zbek tili chig‘atoy tiliga payvand qilingandek taassurot qoldiradi. Chunki shimoldan o‘tib kelgan yangi turkiy qabilalar xonliklarda bo‘lgan turkiy xalqlarga yangi til ma’lumoti olib kelishgan. Bu tekshirishlarga asoslanib biz buni bir necha asr oldin bo‘lgan sheva aralashish takrori deb ko‘rsak bo‘ladi, chunki biz oldin eslatib o‘tganimizday, turk tili juda qadimda, tarixni vaqt zabt etmagan davrlarda O‘rta Osiyo shaharlarida tanish bo‘lib, uning negizi shimoldan emas, sharqdan chiqqan hamda bu turk tiliga eng yaqin bo‘lgan til — qirg‘iz tili emas, balki qadimiy uyg‘ur tili bo‘lganligini bildiradi. Shundan keyin qadimda o‘troq bo‘lgan Markaziy Osiyo turklarini sharqdan kelgan deb qo‘rqmasdan taxmin qilish mumkin va keyinchalik shimoli-sharqdan va shimoldan ko‘chib kelgan turklar til va odatlarni shu yerda yashagan turkiy qondoshlaridan o‘rganib olganlar va asta-sekin bugungi turkiy xalqni tashkil etganlar. Markaziy Osiyoning bugungi turk tili bunga eng muhim dalildir…

O‘zbek tilining adabiy boyligi haqida gapirganda, shu narsani tushunish kerakki, uni gullab turgan forsiy adabiyot bo‘stonida ulg‘aygan Navoiy, Bobur va boshqa chig‘atoy adabiyoti bilan tenglashtirib bo‘lmaydi. Men bu haqda asarlarimda to‘liq to‘xtalganim uchun bu yerda faqat qisman o‘zbek, ya’ni O‘rta Osiyoning zamonaviy turk adabiyoti asosini xalq og‘zaki ijodi tashkil etishini ta’kidlab o‘tmoqchiman. Bu ijod Markaziy Osiyoning kuchli fors adabiyoti bilan kuch sinashishni niyat qilmagan ham va qodir ham emas, u faqat ma’lum eng zarur talablarga muvofiqqina vujudga kelgan. Bu adabiyotning katta qismini diniy hikoyalar va harbiy yurishlar to‘g‘risidagi hikoyalar tashkil etadi. Bularning mazmuni qisman musulmon afsonalaridan, qisman ko‘chmanchilar, ayniqsa qirg‘izlar xalq og‘zaki ijodidan olingan va XV asrda xonliklar davrida biroz takomillashtirilgan. Xivada saroy topshirig‘iga binoan yozilgan solnomalardan tashqari fors yoki arabchadan tarjima bo‘lgan tarixiy asarlar faqat kam miqdordagi o‘qimishli o‘zbeklar xonadonlarida uchraydi. Boshqa axloqiy-diniy asarlarda ham shunga o‘xshash mavzu takrorlanadi. Hamma joyda bo‘lgani kabi bu yerda ham ma’naviy hayotning ravnaqi iqtisodiy yuksalishga bog‘liq va buni shu asrdagi adabiyotning ahamiyati hamda bugungi o‘zbek adabiyotining susayib ketganligida yaqqol ko‘rish mumkin.

Endi miqdoriy ma’lumotlar yo‘qligi sababli, biz o‘zbeklarning qanchaligini aniqlab olishimiz kerak. Yakkayu yagona ishonchli ma’lumotni biz o‘rislar hukmronligi ostidagi o‘zbeklar yashaydigan Markaziy Osiyodan oldik va bu xususan oldingi Qo‘qon, Sirdaryo viloyati, Zarafshon va Amudaryo hududlaridir va bu yerda Kostenkoning eng yangi ma’lumotlaricha 201.972 kishi yashashi kerak. Miqdoriy ma’lumotlarga ko‘ra, Zarafshon viloyatiga (hududiga) 140.154 o‘zbek to‘g‘ri kelganini nazarda tutsak; bizning taxminimizcha, bugungacha bo‘lgan 2 milliondan ko‘proq deb baholangan son judayam ko‘p deb bo‘lmaydi. Chunki o‘zbeklar soniga forsiy tilda gapiradigan Qorategin, Roshan, Voxan va Shug‘non kabi tog‘da yashaydigan aholi qo‘shilgani uchun xato qilmasdan Buxoro hukmronligida yashaydigan o‘zbeklar sonini 1.000.000 kishi deb baholashimiz mumkin. Bu songa yana Xiva hukmronligi ostida yashaydigan 700.000 o‘zbekni, Afg‘oniston hukmronligidagi yana 200.000 o‘zbekni qo‘shib, qo‘rqmasdan bu xalqning umumiy soni taxminan 2 mln. kishidir deya olamiz.

O‘zbeklarning odatlariga kelsak, eng avvalo shuni aytib o‘tish kerakki, buning yagona shakli haqida so‘z yuritib bo‘lmaydi. Chunki odamlarda uch xonlikdagi har xil madaniyat ta’siri bor va shu bilan bir vaqtda cho‘ldan olib kelingan urf-odatlar o‘troqlik hayotiga singishi bilan ozmi-ko‘pmi o‘zgargan. Bundan shunday xulosa qilish mumkinki, Oqsuvning pastki qirg‘og‘ida, Shahrisabzda va Oqsuvning chap qirg‘og‘ida yashovchi o‘zbeklar Buxoro, Qo‘qon va Sharqiy Turkistonda yashaydigan qondoshlariga nisbatan eski turk dunyosining ko‘proq odatlarini saqlab qolishgan. O‘zbeklar u urf-odat bo‘yicha yashashiga qaramasdan, bu odatlar birovning kuchli ta’siri ostida bo‘lmagan. Aslida xivalik o‘zbeklar o‘z millatining eng asl vakillaridir. Buni inkor qilib bo‘lmaydi. Qadimiy Xorazmda o‘tmishdagi fors madaniyatidan kelib chiqadigan ayrim udumlarni ham qadrlaydilar. Bu odamlarga taalluqli bo‘lgan kuzatishlar etnografiyada juda katta qiziqish uyg‘otadi va biz oldinroq aytib o‘tganimizdek, eng avvalo shuni ko‘rsatadiki, Oqsuvning pastida, masalan, turklar musulmon dinini qabul qilishdan oldin o‘troq bo‘lishgan va qadimiy oriy dunyoqarashi turklar tomonidan o‘zlashtirilgan. Bunga misol qilib, Navro‘z bayramini, ya’ni bahorgi teng kunlik bayrami nishonlani-shini aytish mumkin. Bu bayram Xiva o‘zbeklarida, Eron forslarida qanday ahamiyatga ega bo‘lsa, xuddi shunday ahamiyatga ega. Lekin Buxoro va Qo‘qonda diniy mutaassiblik kuchli bo‘lgani uchun allaqachon o‘z ahamiyatini yo‘qotgan. Xivalik o‘zbeklar olov ustidan va uning atrofida xuddi Yozd va Karmanadagi gebrlarday sakrashadi, agar yosh qiz birinchi marta o‘z rafiqining uyiga kiradigan bo‘lsa, uyning oldida jinlarni haydash uchun olov yoqiladi va bu gulxanga yosh qiz orqasini ko‘rsatishi mumkin emas, aksincha gulxan oldidan ehtirom bilan o‘tib, yangi uyga kiradi. Yana gulxanga tupurish, axlat tashlash va hokazolar xuddi ko‘chmanchilarnikiday man etiladi. Lekin yorug‘lik beradigan gulxanga, ya’ni quyoshga bugungi kunlarda faqat Xiva o‘zbeklari sig‘inishadi, chunki eski odat bo‘yicha quyosh botganda juda og‘ir kasallar ham turib ketadi deyishadi va odamlar quyosh nurlari muqaddas ruhiy kuchga ega deb ishonch hosil qilganlar. Odamlar olovda ham shunday shifobaxsh kuch bor deb hisoblashadi va ogir kasallarni gulxan atrofida olib yurganlarini ko‘rish ajablanarli emas. Umuman olganda, nafaqat eski olovga sig‘inish odatining izlari, balki boshqa qadimiy eron afsonalari ham Oqsuv daryosining pastidagi turklarda saqlanib qolgan. Masalan, Rudapo ismlik suv parisi, ya’ni oqsuvlik Loreleya juda ko‘p ichakday bir-biri bilan chalkashib ketgan oyoqlari bo‘lgan juda chiroyli ayol, Eron qayiqchilarini ming yillar oldin qanday qiynagan bo‘lsa, bugun xuddi shunday Oqsuv kema va qayiq egalariga jodugarlik qiladi va dahshat soladi. Cho‘lu biyobon, ya’ni cho‘l ajinasi Ust-Yurt cho‘lidagi o‘zbeklar ichida qiladigan jodugarliklari va beboshliklarni u Dashti quvirda ham, ya’ni Isfaxon va Yazd o‘rtasida ham qiladi. Shuningdek, forsiy devning yovuz harakati Oqsuvning bugungi odamlariga eng kamida qadimiy xorazmliklarga qanday ma’lum ko‘ringan bo‘lsa, shunday ko‘rinadi. Bu va yana boshqa Markaziy Osiyodagi islomgacha bo‘lgan dunyoqarashni XVI asr boshlarida Shayboniy orqasidan kelganlar o‘zlaridan ancha oldin pastki Oqsuvda o‘troq bo‘lgan turklardan o‘zlashtirib olgan. Demak, Xorazmda qadim zamonda turkiy aholi bo‘lgan degan taxminimiz ancha asoslidir.

Ko‘chmanchilik hayotidan qolgan odamlar haqida gapirsak, shuni ko‘ramizki, ular qaysi nuqtai nazardan qaramaylik, o‘zgarib va o‘troqlik hayot tarziga moslashishgan. O‘zbeklarning kiyimlari tojiklarnikidan gazlamasining qalin-qattiqligi bilan, tuzilishi esa uncha keng bo‘lmaganligi bilan farq qiladi. Tojik salla o‘raganda, o‘zbekka ko‘proq baland va qattiqroq mo‘yna telpak yoqadi. Bu telpakning ko‘rinishi turkmanlarning telpagidan kattaroq, lekin tepasi sartlarning telpagiday enli emas. O‘zbek ayollarining kiyinishi taxminan turkman ayollarining kiyinishiga o‘xshaydi, faqat odat bo‘yicha yosh ayolning boshiga hurmat yuzasidan bosh kiyimi kiygiziladi, lekin shaharliklar bu odatga rioya qilishmaydigan bo‘lishgan.

O‘zbeklarning ovqati qo‘chmanchi qondoshlarinikidan farq qilmaydi, faqat dehqon bo‘lgani uchun yetarli miqdorda non va xamir ovqat yeydi, taomlariga cho‘l odamlarning go‘shtli va sutli taomlarini qo‘shganda, qirg‘izlar bilan tenglashtirsa bo‘ladi. Sart va tojik taomlarini kamdan-kam yeydi. Ichimliklardan choy, bo‘za, qurtoba (ya’ni suvda eritilgan pishloq) va ayron iste’mol qiladi. Unga, ayniqsa ayron yoqadi. Qimiz umuman uchramaydi desayam bo‘laveradi.

Oilaviy hayotning ayrim tarzlarida ko‘chmanchilik hayotining ko‘p xususiyatlari saqlanib qolgan. Asrlar davomida yetib kelgan musulmon dinining rioyalariga qaramasdan uylanishni ota-onalar tashkil etmaydi. Chunki oldin yoshlar bir-biri bilan tanishishadi va o‘zaro munosabat bog‘lashi mumkin. Sovchi xotin esa faqat odob yuzasidan qatnashadi. Ota-onalar qalin pulini yoki qalin o‘rniga 9 ot, mol, qo‘y, tuya va hokazolarni kelishib olgandan so‘ng unashtirish uchun kelin uyida fotiha bazmi bo‘ladi. To‘y marosimlari bundan keyin tez kunlarda o‘tadi. To‘yning birinchi kunini kuyov yigit o‘n do‘sti, kelin bo‘lsa, o‘n dugonasi o‘rtasida o‘tkazadi va o‘sha kunning o‘zida kechqurun iloji bo‘lsa ochiq havoda ularni nikohlashadi. Ikkinchi kuni bo‘lsa, kelinni tushurish oldidan bazmlar davom etadi. Yoshlarni olib ketayotganda erkaklar otlarda, ayollar aravalarda kuzatib kelishadi va ular olqishlab qo‘shiqlar aytishadi va hokazolar. To‘y mo‘nosabati bilan kurash bo‘yicha musobaqalar o‘tkaziladi, ot choptirish va ko‘pkarilar bo‘ladi, lekin unda faqat yosh yigitlar qatnashishi mumkin. Ayollar esa, ko‘chmanchilar odati bo‘yicha oldin ishtirok etgan bo‘lsa-da, hozir bu musobaqalarda qatnashmaydi. Bola tug‘ilgandan 40 kun o‘tgandan keyin uni yo‘rgakdan (qo‘ndoqdan) beshikka o‘tkazishadi, bir yoshga kirganida u kichkina g‘ildirakli aravachaga (adak-arava, oyoq uchun arava — H. Vamberi) tushadi va qisqa muddatda o‘zi yurishki o‘rganadi. O‘z-o‘zidan tushunarliki, yoshlar cho‘ldagi hayotiga nisbatan maktablarda qunt bilan o‘qishadi. Chunki o‘zbeklar xudojo‘ydir va bolalaridan qunt talab qilishadi. Lekin o‘zbeklar o‘zlarining dindosh birodarlariday mutaassib emas va ayniqsa ularning o‘rtasida mug‘ombirlik (munofiqlik) kamdan-kam uchraydi. Avliyolarga sig‘inish Xiva o‘zbeklarida Buxoro va Qo‘qon o‘zbeklariga nisbatan uncha kuchli emas. Makkaga boruvchilar soni juda kam va o‘zbek hojilariga O‘rta Osiyoning boshqa qismlariga nisbatan uncha e’tibor berishmaydi. Bir so‘z bilan aytganda, o‘zbeklar yaxshi musulmondirlar, lekin dinga berilishlari bo‘yicha buxoroliklarga emas, ko‘proq anatoliyalik turklarga o‘xshaydilar.

Markaziy Osiyo o‘zbeklarining hayotidagi qiziq narsa sartlarga, ya’ni turkiy tilda gapiradigan oriy mahalliy aholiga munosabatidir. Ulardan o‘zbeklar, tili bir xilligiga qaramasdan, ajralib turishni afzal ko‘rishadi va o‘zbek deganda hurmatga sazovor bo‘lgan odamni tasavvur qilib, sart deganda ayyor, ishonchsiz odamni tushunganday, ularga past nazar bilan qarashadi. O‘zbeklar sartlar bilan kamdan-kam qarindosh bo‘ladi. Agarda sart o‘zbek oilasidan xotin olishga muvaffaq bo‘lsa, uning keyingi avlodi o‘zbek deb hisoblanadi…

Sart degan nom 800 yildan beri mavjud. Sartlar boshqa millat sifatida tojiklardan farq qiladi, shuning uchun hech shubhasiz aytish mumkinki, sartlar o‘tgan ming yillardayoq turkiy tilda gapirayotgan va turklar bilan juda aralashgan holda mavjud bo‘lishgan. Aynan sartlar boshqa oriy mahalliy aholisi, ya’ni tojiklar emas, turklar bilan juda aralashib ketishgan va nega turklashish bilan bir mahalda tili uzoq vaqt turklashmaganligi diqqatga sazovor masala bo‘lib qoldi. Tarixda bu savolga hech qanday javob yo‘q, lekin sartlarning jug‘rofiy tarqalishi qadimiy Farg‘ona va O‘rta Yoqsartda zich bo‘lib yashaganidan shunday taxmin qilish mumkinki, ular, ya’ni sartlar, tarix vaqtni zabt etmagan bir davrda oriy xalqining chegarasini tashkil etishgan va turklarning kelish to‘lqinlari doimiy bo‘lganligi sababli tillari asta-sekin turklashgan, lekin ularning tabiatida, shubhasiz, oriy kelib chiqishlarining izlari saqlanib qolgan.

Va, nihoyat, Markaziy Osiyo o‘troq turkiy xalqlari o‘rtasida yana qurama xalqini ham eslatib o‘tish kerak. Ular Chirchiq, Angren sohillarida (bu daryolar Yoqsart irmoqlaridir) yashashadi va ko‘pincha qirg‘izlarning cho‘ldan siqib chiqarilgan va o‘troqlik hayotiga o‘tishga majbur bo‘lgan qavmidan kelib chiqqandirlar. Keyinchalik ular boshqa turklar va sartlar bilan aralashib ketganlar, shu bugunga qadar ularning soni 50.000 ga yetadi. Chala qozoqlarning kelib chiqishi ham taxminan xuddi shundaydir. Ular Toshkent okrugida yashashadi. Ijtimoiy kelib chiqishi quramalarnikiday, son jihatidan kamroq, lekin aniq sonini bilmayman.

Nemis tilidan Turdiboy Shodmonov o‘zbekchalashtirdi.

“O‘zbegim” to‘plamidan (1992) olindi.

[1] H. Vamberi. «Turkiy xalq», 1885 yil. Leyptsig. Shu asarning «O‘zbeklar» deb nomlangan qismidan.

[2] Albatta, bu va bundan keyingi fikrlar H. Vamberining o‘z qarashlaridir. Uni o‘zbeklar haqidagi yagona tarixiy haqiqat deb talqin etishdan yiroqmiz. Shunday bo‘lsa-da, ular bugungi kun o‘quvchisida katta qiziqish uyg‘otadi, deb o‘ylaymiz (Tahririyat).