Hakim Sattoriy. Temuriylar qudrati — ularning oilasida edi

http://n.ziyouz.com/images/amir-temur1.jpgMabodo odam bolasi o‘z Yaratuvchisining mezonu taqiqlarini pisand qilmaydigan darajada havolanib ketgan taqdirda ham bir piyola issiq suv yo bir tishlam nonni xotirjam iste’mol qilish istagi orzusidan voz kecha olmaydi. Boqiy qadriyatlarning guvohlik berishicha, ana shunday buyuk farog‘atni kishiga faqat oila muhiti berar ekan.

Gapni bu darajada baland pardada olishimizning boisi bor. Tariximizdagi ulug‘ siymolardan biri Sohibqiron Amir Temurning hali jamoatchilik to‘la tushunib yetmagan va e’tirof etmagan oilasi borasida ayrim jihatlar mavjud. Odmi qilib aytganda, Amir Temur insoniyat chamanzorida qo‘r to‘kib turgan azim daraxt! Bu daraxtning tomiri teran, shoxlari tarvaqaylab ketgan, soyasi uzoq-uzoqlarga to‘shalgan, sumbatini olislardan ko‘rib turishadi, panohiga intilishadi…

Yaqinda nashr etilgan “Sohibqiron abadiyati” kitobida bobomizning o‘g‘illari — Muhammad Jahongir Mirzo (1356-1376), Umarshayx Mirzo (1356-1394), Mironshoh Mirzo (1366-1408), Shohrux Mirzo (1377-1447) avlodlarini xuddi sinf jurnalidagi o‘quvchilar ro‘yxatidek ketma-ket yozib chiqdim. Dunyo tan olganlari 198 nafar. Ularning har biri qaysidir xizmati bilan o‘z davrida nom qozongan. hozir ham eslanadi. Aslida gap bu haqda ham emas. Gap shundaki, kitobning olti sahifasini egallagan bu Yozuvlar zamirida qanchalar sinoatlar yashiringan? Shu haqda o‘ylansa, yurak hapriqadi, vujudni bemisl iftixor hissi chulg‘ab oladi. Ana shu muhtashamlikka daxldorlikdan boshing ko‘kka yetadi.

Agar bunday olamshumul muzaffariyatning sababi nima, degan savol qo‘yiladigan bo‘lsa, javobi aniq: oila. Hech mubolag‘asiz, Sohibqiron ko‘z ochgan, so‘ngra farzandlari dun­yoga kelgan, undan so‘ng nabiralar va boshqa zurriyodlar tug‘ilgan beshik, ya’ni oila chinakamiga muqaddas bo‘lgan.

Ma’lumki, inson aqli ojizlik qilib qolganda “Bu yog‘i Allohdan” degan ibora ishlatiladi, ya’ni o‘zimizdan tashqari tushunchalarni ilohiylikka bog‘lab qabul qilamiz. Sohibqiron tarixini bitgan muarrixlar ham ul zotning dunyoga kelishini ilohiy hodisa, deb sharhlaydilar. Bunday ruh, yondashuv, ayniqsa, xalq kitob­larida juda bo‘rtib turadi. Masalan, Salohiddin Toshkandiy qog‘ozga tushirgan “Temurnoma” (“Cho‘lpon”, 1990) kitobida Buxoro sadr ash-shariasi (ya’ni Ubaydulloh ibn Mahmud al-Mahbubiy) “… dars aytib o‘lturur edilar, bir qalandar keldi. Aydi: “Takina begim Moh degan qizni kuyovga bering, andin bir o‘g‘ul tug‘iladur, ani jahongir va sohib­qiron derlar” tarzida qayd qilinadi. Shundan keyin hali kuyovxonto‘ra kimligi aniq bo‘lmay, to‘y tadorigi boshlanadi. Keshda esa boshqa bir sinoat voqe bo‘lgandi: qo‘y suruvi ichida o‘ralashib qolgan bir ohu sayyodga tutqich bermay, qochaveradi-qochaveradi va Buxoroi sharifga yo‘l boshlaydi. Shunday qilib, ilohiy nikoh tuziladi, oradan oylar o‘tib, saodatli ayyomda baxtli chaqaloq dunyoga keladi. Bu go‘dak atrofidagi qavmi, boringki, insoniyat asrlardan beri kutayotgan xaloskor edi. Qolaversa, uning tug‘ilganini olis Mag‘ribdagi allomalar ham qayd etgandilar (Valiuddin ibn Xaldun bu holni qayd qilib o‘tgan).

Albatta, asil zotning dunyoga kelishi bir shov-shuv bo‘lsa, uning tarbiyasi, kamolga yetishi shundan kam bo‘lmagan voqea. “Zafarnoma” kitobi muallifi Sharafiddin Ali Yazdiy Temurbekning dunyoga kelishi ezgulikning tantanasiga xizmat qilishga amr etilganini sharhlab quyidagicha yozadi: “…hazrat Sohibqiron shunday bir mulk (podshohlik, hukmdorlik) egasidirki, u farishtalarning Allohga murojaat qilib, “Buzuqchilik qiluvchi va qonlar to‘kuvchi kimsani yaratasanmi?” savoliga javoban Parvardigorning “Men yerda bir xalifa (o‘rinbosar, vakil) yarataman” degan inoyatiga karomat qilingan sarvar (etakchi, yo‘lboshchi)dir. Unga o‘zining oldindan bilish va ko‘rish fazilati tufayli bahri barr (suvlik va quruqlik)da egalik qilishga qudrat berilgan”. Sohibqiron tiynati va fitratida yashiringan ana shu olamshumul qudrat hazratning o‘z fao­liyati va avlodlarining sa’y-harakati bilan namoyon bo‘ldi.

Shubhasiz, “Toqqa chiqmasang, do‘lona qayda?” deganlaridek, ato etilgan iste’dod shunga muvofiq ulkan harakat bo‘lmasa, o‘z asrorini namoyon qilmaydi. Zero, “hayotning asosi — harakatdir” (Aflotun). Aslida, pinhon mo‘jizani yuzaga chiqara olishi bilan shaxs o‘zini namoyon etadi. Bu jarayonning qirralari ko‘p, qolaversa, insonshunoslikning jami ilmlari shu muammo ustida bosh qotiradi va hamon oxirgi to‘xtamga kelinmagan.

Sohibqiron Amir Temurdan tarqagan ikki yuz nafarga yaqin shahzoda va malika insoniyat ma’naviy tamaddunida u yoki bu darajada iz qoldirgan ekan, bugun betimsol sharaf hissini yana bir tuyish uchun buyuklikka erishish asrorlarini navbatga qoldirib, o‘sha yorug‘ yulduzlarning o‘zini eslab o‘taylik. Negaki, o‘rta asr­lar mezoni bilan voqelikka baho berib o‘rgangan ma’rifat dunyosi hozirgacha ana shu oddiy tarixiy haqiqatni ham istisno qilib keldi. Faqat bir shaxs, uning amallari haqida so‘z yuritib, zurriyodlar, ularning olamshumul ishlari haqida gapirganda bobokalonni eslatmay yoki eslamay munosabat bildirish tamoyili qaror topgandi. Axir, butoqni tanadan ayirib bo‘lmaganidek, ularning zuvalasiga buyuklik gardini yuqtirgan zotni eslamay, bor haqiqatni to‘liq tushunib bo‘larmidi? Yaqin-yaqinlargacha xat tanigan odamlarning ko‘pi Mirzo Ulug‘bek hazratning nabirasi bo‘lishini yoki Zahiriddin Muhammad Bobur ham Temuriylardan ekanini bilmas edi. Holbuki, Sohibqiron aynan 1394 yil 22 martda tug‘ilgan nabirasiga alohida mehr ko‘rsatgan, uni ardoqlab otasi Muhammad Tarag‘ay ismini nisor etgan edi (suyukli nabiralardan biriga otaning ismini qo‘yish hozir ham taomilimizda bor). Qolaversa, o‘sha paytda janubiy hududlarning bosh shahri bo‘lgan Sultoniyada amirzoda Shohrux Mirzo oilasida dunyoga kelgan zurriyodining xushxabarini baxtiyor bobo o‘zgacha xursandlik bilan kutib olgan, Mordin qal’asi fathida taslim bo‘lgan jami asirlarga emnu omonlik hadya etgandi. Keyinchalik ham hazrat shu nabirasi tarbiyasiga alohida e’tibor qildi. Uni ulug‘ malika — Saroymulkxonim ixtiyoriga berdi, har jihatdan kamolga yetishi uchun otabeklaru sarkardalar, ulamoyu fozillarning eng yetuklarini mas’ul qilib qo‘ydi. Yurishlar davomida o‘ljalar qatorida kitoblar shu farzand uchun alohida saralandi, ular poytaxt Samarqandga jo‘natib turildi. Natijada Mirzo Ulug‘bek uchun dunyodagi eng boy kutubxonalardan biri barpo etildi. Hali to‘rt yoshga to‘lmagan bolakayni bu ajoyib yurt bilan tanishtirish uchun Hindiston safariga olib ketdi. O‘trordagi so‘nggi lahzalarda ham bu dilband yonma-yon edi. Albatta, keyinchalik 40 yil taxtni boshqargan hukmdor, jahondagi sanoqli buyuk olimlardan birining muvaffaqiyatlarida bunday g‘amxo‘rliklarning salmoqli o‘rni bo‘lgani shubhasiz.

Zahiriddin Muhammad Bobur 47 yillik qisqa umri davomida shunchalik sarguzashtlarni boshdan o‘tkazdi, she’riyatda va ilmda shunchalik ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritdiki, dunyo ahli hamon u erishgan yutuqlarning tagiga yeta olmaydi. Katta bir imperiyaga asos solgan (u Hindiston zaminida to‘rt asrga yaqin yashadi), o‘zi yangi alifbo yaratib, hatto Qur’oni karimni unda ko‘chirtirgan, betimsol harbiy islohotchi bo‘lgan zotning vaqt o‘lchovini yaratgani, mevali daraxtlarni mahalliylashtirgani va boshqa amallari bir taraf, “Boburnoma”dek shoh asar yaratgani bir taraf. Ilm ahli hamon bunchalik salohiyatli va samimiy memuarni bilmaydi.

Agar bu ro‘yxatni davom ettiradigan bo‘lsak, shubhasiz, ilm-ma’rifat homiysi, o‘zlari ham olim yoki shoir bo‘lgan buyuk hukmdorlarni eslashga to‘g‘ri keladi. Samarqand va Xuroson taxtini uzluksiz 50 yil boshqargan Shohrux Mirzo har jihatdan ota — Sohibqiron mehrini qozondi (vido ayyomi — O‘trorning qorli tunini eslaylik. Hazrat zurriyodlaridan faqat uni qumsaydi: “Magar farzand Shohruxnikim, bu zamonda uni ko‘rmadim”). Uning davrida Xuroson davlati fan-madaniyat gullab-yashnagan farovon o‘lkaga aylandi, bu davr ko‘plab buyuk zotlarga ona bo‘ldi. Xuddi shuning­dek, Hindiston tarixida yorqin iz qoldirgan Jaloliddin Muhammad Akbarshoh (1542-1605) 51 yillik hukmdorligi davomida bu mamlakatni bir bayroq ostida birlashtirdi, barqaror taraqqiyotni ta’minladi. Uning hukmronligi Boburiylar sulolasi oyining to‘lishgan yillari bo‘ldi.

Temuriylar haqida gap ketganda, jahon tarixida kamyob hodisa — bu sulola vakillaridan oqila, tadbirkor, ilm-fan va san’at homiysi bo‘lgan ko‘plab ulug‘ ayollar yetishib chiqqanini e’tirof etish lozim. Ularning farzand tarbiya­si, oilani boshqarish, hatto davlat ishlaridagi ishtiroki benazir bo‘lgan. Tarjimai hollari aqlni lol qoldiradigan tarzda voqealarga boy. Zebunnisobegim (1639-1702) davrining yetuk allomalaridan ta’lim oldi, shoira, olima, sozanda, xattot bo‘lib yetishdi. Jahonorobegim (1614-1681) taxtni boshqarishda otasi Shohjahonga dono maslahatlari bilan ko‘maklashdi, o‘zi ko‘plab jome’ masjidlari, karvonsaroylar, bog‘lar, ariqlarning barpo etilishida bosh-qosh bo‘ldi, “Risolai sohibiya” kitobini yozdi. Gulbadanbegim (1523-1603) nodir shaxsiyati va “Humoyunnoma” asari bilan tarixda qoldi. Bobur Mirzoning suyukli farzandi har jihatdan kamolga intildi, yetti yil aziyat chekib, haj safarini ado etdi. Yoki Bobur Mirzo va Humoyun podshohning yaqin maslahatchisi bo‘lgan Xonzodabegim, shahzodalar tarbiyasida murabbiya, o‘rni kelganda, saltanat yumushlarida o‘z maslahatlari bilan qatnashgan Saroymulkxonim, shu qatorda turuvchi Tuman oqa, Uljoy Turkon oqa va boshqa malikalarning hayoti saltanat tarixida o‘z izini qoldirgan.

Bular hali hammasi emas. Bir oz oldin ketib, shu haqiqatni qayd etish kerakki, oq soch tarix hali avlodlarning bunaqa oltin zanjirini ko‘rmagan. Eng kamida bir viloyatni boshqargan yoki she’riy devon tuzgan o‘nlab Temuriylar madaniyat tarixida qoldi. Ular bilan bugun har qancha faxrlansak arziydi.

Xullas, Temuriylar qo‘lga kiritgan muvaffaqiyatlar, ularning shon-shavkati bu tilsim ustida o‘ylab ko‘rishga da’vat etadi. Albatta, bunday yuksaklikning bosh sababi inson qobiliyatlarini yuzaga chiqaradigan mo‘tadil muhit yaratilganidadir. Bu yumushning boshida, shubhasiz, o‘z qudrati, talabchanligi, o‘rni kelganda mehri va qahri bilan Sohib­qiron Amir Temur turganidadir. Hazrat tajribasi va salohiyati bilan shunday tutumga asos soldiki, u necha yuz yillar osha tarovatini yo‘qotmay, asil insoniy fazilatlarga doya bo‘ldi, undan bahra olganlar tarixda qoldi. Yana o‘sha jo‘n, biroq jozibali haqiqat yodga tushadi: hamma yaxshiliklar oilada shakllangan edi.

Ehtimol, orzudir yoki amalga oshirgan xayrli ishlarining kelajagiga komil ishonchdir, bobokalon “Temur tuzuklar”ida o‘ktamlik bilan shunday deb qayd etgan ekanlar: “Mamlakatlarni fath etuvchi baxtli farzandlarim va jahonni idora etuvchi qudratli nabiralarimga ma’lum bo‘lsinki, Tangri taolo dargohidan umidim shulki, ko‘plab farzandlarim, avlodu zurriyotim saltanat taxtiga o‘tirib, olam ellarini boshqargay…” Haqi­qatan ham shunday bo‘ldi, bunga tarix guvoh. Demak, Sohibqiron o‘z yo‘lining to‘g‘riligiga avvalboshdanoq ishongan va bu haqiqatni tan olmaslik mumkin emas. Zero, uning isboti uchun o‘nlab buyuklar saf tortib turibdi.

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2012).