Habibulla Zayniddin. Bitiklarda bordir haqiqat

“… Saltanati davron, ulug‘ haqoni hoziq Shaybekxon (Shayboniyxon)” hazrati oliylari baxtli kunlarning birida men kaminai faqiru haqirg‘a … “O‘zbeklar ulusi” tarixindan avlodlarg‘a yodgorliq bo‘lib qolmoq istaklarinda shundayin bir tarix kitobin yozmoqliqni ishora etub edilar. Va men ham bundayin sharafli ishni bo vujudi shodliq ila bajonidil qabul aylab, oning yozilish yo‘linda ushbu saodatliq onlarning birinchi kunidan boshlab qalamravida ila sa’y harakatg‘a astoydil bel bog‘ladim…”

Bu so‘zlar “Mehmonnomai Buxoro” nomli yirik solnoma asarining muallifi Ibn Ro‘zbexon qalamiga mansubdir.

Ibn Ro‘zbexon (uning ismi sharifi Afzaliddin Fazlulloh ibn Jamoliddin Ro‘zbexon Fazlulloh ibn Muhammad Hunjiydir.) 1457 yili Eronning Lo‘ristoniga qarashli Xunja shahrida isfaxonlik yirik mulkdor oilasida dunyoga kelgan. Uning otasi Jamoliddin Ro‘zbexon ham o‘z davrining ko‘zga ko‘ringan diniy ulamolaridan biri bo‘lgan. Turkmanlarning Oq qo‘yinlilar sulolasidan Uzun Hasan (1453-1479 yil) hukmronligidan so‘ngra mazkur suloladan Yoqubxon (1489-1490 yil) davrida saroyda ulkan obro‘-e’tiborli shaxs bo‘lib xizmat qilib kelgan. Uning ijtimoiy kelib chiqishi ham asosan turkiy qabilaga mansubligi manbalarda qayd etiladi. U Sharqning ko‘p o‘lkalariga sayyohat qilgan. O‘z zamonasining ko‘zga ko‘ringan yetuk ilm kishisiga aylangan. Arab tili, adabiyotini chuqur egallagan. “Muxlislar yo‘li”, “Fanning uyg‘onish davri” nomli asarlar yozgan. Ibn Ro‘zbexon qadimiy Misrga qilgan safaridan shayx Suhravardiyning (1145-1232 yil) “Bog‘larning in’omi” asarini o‘rganadi va unga sharh ham yozadi. U Misr, Xijozda olimlarning dunyoviy ahamiyatga molik bo‘lgan qimmatli ma’ruzalarini tinglagan. Bu hol uning so‘zsiz aqliy va naqliy ilmlarda zamonasining ko‘zga ko‘ringan zabardast olimiga aylnishida asosiy turtki, ijodiy burilish bo‘lgan deb aytishimiz mumkin.

Ibn Ro‘zbexon birgina tarix sohasidagina emas, balki jug‘rofiya, falakiyot, fiqh va boshqa shu kabi ilm-fanning sohalarida ham peshqadamlikni qo‘lga kiritgan ilm fidoiysi, zahmatkash inson bo‘lgan. U badiiy ijodda nasr va nazmda ham o‘zini ko‘rsata olgan.

Taniqli adabiyotshunos olim Jamol Ardistoniy Ro‘zbexon haqida: “… U axloq – adab, xullas, insonda bo‘lishi mumkin jamiki ulug‘vor yaxshi fazilatu sifatlarga ega, dilkash, ilmda ham g‘oyat barkamol, haqiqatgo‘y inson edi”, — deb yozgan ekan. U yana Qohira, Quddus, Xevron, Bag‘dodda bo‘lgan. Uning “Tarixi olamiro‘y Aminiy” (“Aminiyning dunyo tarixini bezovchi kitobi”) nomli eng yirik asari o‘sha vaqtlarda yozilgan. Bu kitobni muarrix oradan ko‘p o‘tmay Mirzo Boysunqurga taqdim etgan ekan. Mazkur asarning bir nusxasi Istanbuldagi Fath kutubxonasida 4431 raqamida, yana boshqa bir nusxasi Parijning milliy kutubxonasida 473 raqamida saqlanadi. 1953 yili mazkur asarning qisqartirilgan nusxasi Londonda ingliz tilida chop ettirilgan. 1504 yil boshlariga kelib, mintaqadagi tarixiy vaziyat butkul salbiy tus ola boshlagan. Buning oqibatida Oq qo‘yinlilar sulolasi inqirozga yuz tutib, zavolga uchraydi. Ibn Ro‘zbexon shiaparastlar yetakchisi – shoh Ismoil Safaviy ta’qibidan qochib, Sharqiy Xurosonning poytaxti Hirotga bosh olib ketishga majbur bo‘lgan va biroz muddat temuriylardan Husayn Boyqaro saroyida ham turgan. 1505 yillari to‘s-to‘polonlar bu tomonlarga ham yetib kelgach, Ismoil Safaviy ta’qiblaridan jon saqlash maqsadida endilikda ko‘pgina ilm-fan, san’at, adabiyot, tarix, jug‘rofiya, xullas madaniyatning yirik namoyandalari ko‘p mashaqqatlar bilan Shayboniyxon davlati tomonga o‘ta boshlaganlar. Shulardan Kamoliddin Binoiy Shayboniyxonning zo‘r iltifotiga sazovor bo‘lib, “Shoirlar podshosi” degan nom ham olgan (Ibn Ro‘zbexon. “Mehmonnomai Buxoro”. 23-b.). Ibn Ro‘zbexon ham Shayboniylar tomoniga o‘tganlardan biri bo‘lgan.

Xususan, Ro‘zbexon ko‘p o‘tmay Shayboniyxonning e’tiborli kishisi va davlatining devoniy munshiysi va solnomachilaridan biriga aylangan. U Movarounnahrga kelgan dastlabki vaqtlardayoq tarix va huquq yo‘nalishida bir necha asar yozgan. 1509 yili esa O‘zbekiston tarixiga oid “Mehmonnomai Buxoro” nomli qimmatli asarini yaratdi. Ro‘zbexon Shayboniyxon saroyida yana podshohning bosh maslahatchisi lavozimida ham faoliyat yuritgan. Shayboniyxondan keyin esa uning o‘rniga kelgan amakivachchasi Ubaydullaxon hukmronligi davrida ham muallif o‘sha lavozimlarda qolganligini va uning eng yaqin, ishonchli kishisiga aylanganligini “Mehmonnomai Buxoro” asari orqali bevosita bilamiz. Xususan, Shayboniyxon davrida podshoh Ibn Ro‘zbexonga ko‘pincha mutlaqo ortga surib bo‘lmaydigan eng dolzarb topshiriqlarini berib turgan. Bu haqda Ibn Ro‘zbexon shunday deb qayd etgan: “Kunlardan bir kuni azbaroyi salomatligim uncha yaxshi bo‘lmay turganiga qaramay, farmoni humoyuni oliy shon bo‘ldiki, men faqiru haqirga, Samarqand shahri qozisi birlan birgalikda buyurilgan vaqf mulklarini hamda madrasa mudarrislari, ilmi toliblarining daromadlari to‘g‘risidagi haqiqiy ahvolni mukammal tekshirib, so‘ng bu boradagi masalani oliy maqom majlisga yetkazilishi topshirildi”.

Muarrix va olim Ibn Ro‘zbexon nomi zikr etilgan mashhur “Mehmonnomai Buxoro” asarida XVI asr boshlaridagi tarixan ahamiyatga molik voqealarni haqqoniy tasvirlaydi: “…O‘zbeklar davlatining muzofoti — deb yozadi Ibn Ro‘zbexon, — bir tomoni okean (Kaspiy dengizi nazarda tutiladi — H.Z.) bilan, boshqa tomoni esa — Turkiston bilan, uchinchi tomoni — Darband, to‘rtinchi tomoni — Xorazm, beshinchi tomoni — Astrabod bilan chegaralandi. Bu yerlarning hammasi ko‘chmanchi o‘zbeklarning doimiy yozgi, ham qishki qarorgohlari hisoblanadi. Bu uchala xonlik qabilalari doimo bir-birlari bilan nizolashib, bir-birlarining payini qirqib keladilar. Urushlarda g‘olib kelganlarning qo‘liga asir tushganlar, hatto o‘zlarining eng yaqin qarindoshlari bo‘lsa ham, ularni ayamay bir-birlariga qul qilib sotganlar yoki bo‘lmasa eng og‘ir mehnatlarda ishlashga majbur etganlar. Jangda qo‘lga kiritilgan mol-dunyo va asirlar shu tarzda o‘lja sanalgan va hech qachon bu odatdan chekinmaydilar…”.

Albatta, solnomani chuqur mutolaa etish davomida doimiy ravishda bo‘lib turadigan qurolli nizolarning asl mohiyati oydinlashib boradi, ya’ni o‘sha davrdagi markazlashgan davlatlarning qaror topishi bilan iste’molchilar sonining ko‘payishi, birinchi galda to‘qimchalikning rivojlangani, gazmol ishlab chiqarilishi va uning yuqori sifatli bo‘lgani, ularga pardoz berish ham xuddi shunday ham uslubiy, ham badiiy jihatdan yuksak darajada turganligi, bu yerlarda to‘qiladigan gazmollardan bir qismi hatto olis xorijlarga ham muntazam chiqarilib turilganligini, ayniqsa, bu mollar ichida karbas (bo‘z) degan gazmolga bo‘lgan talab benihoyat katta bo‘lganligini ko‘rishimiz mumkin.

Ibn Ro‘zbexonning keyingi ma’lumotlari yanada qiziqarli: “Ulug‘ xoqoni xoziq oliymaqom olampanohdan (Shayboniyxonni nazarda tutadi – H.Z.): “Sarhadlardagi qo‘shinlari urushga otlanganliklari bois har bir jangchi o‘zi birlan xonlik borgohi uchun zarur bo‘lgan yemak-ichmakliklar hamda xonlikka tegishli ot va boshqalar uchun ug‘ruqlarga (aravalar) yem-xashaklar ham g‘amlab olib yurmoqliklari darkor. Turkiston bu borada ta’minotning eng asosiy tayanch istehkomi etib belgilansin. Yana shu narsa ham qat’iy etib belgilab qo‘yilsinkim, bu ishlarning ro‘y-rost va bekamu ko‘st amalga oshirilib bajarilmog‘ini nazorat qilish uchun Devondagi aloqador mansabdor shaxslar zudliq birlan Turkistonning janubiy sarhadlaring‘a yetib bormoqliqlari va farmong‘a binoan to‘plangan yuklarni hech bir ziyon-zahmatsiz Sayhun daryosidan o‘tkazib, tegishli yerlarga buyurilgan muddatdin kechiktirilmay o‘z vaqtinda yetkazilib turilmog‘ini kuzatib bormoqliklari shart” degan humoyun farmon bo‘ldi”, — deb keltiradi o‘z asarida.

Ibn Ro‘zbexon Turkistonda o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan shaharlar, tumanlar, ovullar va boshqa joylar to‘g‘risida ham kengroq to‘xtalib o‘tadi, qasr va nodir obidalar, daryolar haqida ham mufassal yozadi. Shuningdek, unda muallif yana o‘zi guvoh bo‘lgan, turli marosimlarda ishtirok etib ko‘rgan g‘aroyib, ajoyib voqelar, xalqlarning urf-odatlari, madaniyati, shaharlarning joylashish o‘rni, tabiiy iqlimi, tarixi va adabiyoti sohasiga oid muhim ma’lumotlar beradiki, bu ham mazkur asarning qimmatli tomonini belgilaydi. Jumladan, Samarqand haqida qalam surganda Ibn Ro‘zbexon Konigilga alohida e’tibor berib shunday yozadi:

“Maftunkor, saxiy tabiatli Samarqand shahri tashqarisida Konigil deb ataluvchi yaylovzorlar bor, bu yer ba’zi olimlardan eshitishimcha, juda sermanzara va dilkusho yerlarning agiri hisoblanarkan. Agir degan turkiy nom ham shundan olingandir. Dunyodagi birorta boshqa o‘lkada Konigildagidek yaylovzorlar yo‘q. Hatto Suriya, Misr, Hirot Qo‘histoni yaylovzorlari ham Samarqandning Konigil yaylovzorlariga yetmaydi. Tabriz, Isfaxon va Sheroz shahriga kelsak, ularning agirlari (adirlari) ham shak-shubhasiz bunga teng kelolmaydi. Shu yerga yaqin Ko‘hak arig‘i yonidagi tepalikda esa uch oshyonalik (uch qavatli – H.Z.) rasadxona qad ko‘tarib turibdi”.

Asarda keltirilgan quyidagi ma’lumotlar ham diqqatga sazovordir. “Turkiston ko‘pgina xalqlar yashaydigan ko‘p ko‘hna, ma’lum va mashhur o‘lka hisoblanishi bilan birga, shubhasiz, yer yuzida kam uchraydigan hamda harqanday kishini o‘ziga ohanrabodek tortadigan joylardan sanaladi. Shu bois bu safoli, cheksiz go‘zallik baxsh etilgan o‘lkaga olimu donishmandlarning kelishlari bir muddat bo‘lsa-da, to‘xtamaydi… Turkiston Sayhun daryosi bo‘yida joylashgan o‘ttizta qal’a – shaharlardan iboratdir… (Bu yerda Yassi, Sayram, Sig‘noq, O‘tror va boshqa shaharlardan tuzilib, o‘sha vaqtlarda umumiy nom bilan “Turkiston” deb atalgan viloyat nazarda tutiladi – H.Z.) Turkiston ayni bahor behisht nishonlik manzilgohga aylanib, sehrli gulu chechaklarga to‘la bamisoli Bog‘i Eram sayilgohini eslatishini ko‘rdim. Badaxshon la’liga o‘xshash hamma yerdagi rang-barang anvoyi gullar bazmi jamshididan jannatosor bog‘-rog‘lar ham go‘yo rashk qilayotganday tuyuladi. Chashma va obizamzam buloq suvlari, latif ruhafzo havosini aytmaysizmi, bularning bari kishi dil qulfini ochib, qalblarga mangu hayot zavqini bag‘ishlaydi…» Bu kabi misollar shubhasiz kishida Turkistonning jannat bog‘lariga zeb bo‘larli fusunkor xushmanzara chiroyini va uning bitmas-tuganmas zumradday yashil boyliklarini tugal tasavvur etishga ko‘mak berardi. Shu bilan birga ko‘z o‘ngimizda gavdalanadigan bu manzara o‘lkamiz tarixi va iqlimini o‘rganuvchilar uchun g‘oyat qimmatli ma’lumot vazifasini ham o‘taydi.

Muallif o‘z kitobida hayot manbai bo‘lgan daryolarga ham alohida bob ajratadi: “Sayhun daryosi qadimdan tarannum etib kelinayotganday dunyoning to‘rt daryolaridan biri hisoblanadi, qaysiki, hadislarda aytilishicha, uning zilol suvlari mangu jannatning muattar tuprog‘idan oqib kelarmish. Bu daryo yerliklar tilida “Xo‘jand daryosi” deb ham ataladi. O‘zbeklar va mo‘g‘ullar uni “Sirdaryo” deb ataydilar. Negaki, bu g‘aroyib daryo o‘z yo‘nalishi manbaini Xo‘janddan boshlab, Shohruhiya shahar qal’asi yonidan oqib o‘tgan ekan…”.

Muallif yana Turkistondagi hayvonot olamiga ham to‘xtalarkan, yozadi: “Turkistonning biydek poyonsiz kengliklari yovvoyi hayvonlarga, barcha turdagi parrandalarga to‘ladir. O‘t-o‘lanlarga serob bo‘lgan bu joylarda sayg‘oqlar shunchalik ko‘pki, ularning kattaligi va asru semizligidan sigirlarga ham bemalol o‘xshatish mumkin. Sayg‘oqlar azbaroyi haddan tashqari semirib ketganligidan hatto tez chopa olmasdilar. Ularni o‘sha viloyat sayyodlari zarur bo‘lib qolganda hech bir ortiqcha mashaqqat tortmay, osonlikcha ushlab olishlari mumkin edi”.

Ibn Ro‘zbexon yana: “Bir vaqtlari erta bahorda men kaminai faqir zarur xizmat yuzasidan Sig‘noqdan Sayramga borar edim. O‘sha vaqtda jismu jondagi og‘riq va holsizlikdan azob chekayotganimga qaramay, qarangki, Turkiston vodiysida ko‘rganlarim mening ko‘zlarimnigina emas, balki og‘rib turgan tan salomatligimni ham go‘yo tiklaganday bo‘ldi. Kuch-quvvatga kirganday quvonganimdan o‘zimni bardam his eta boshladim. Butazorlardagi yulg‘unlar, gulu chechaklar oralab, bamaylixotir emin-erkin o‘tlab yurgan jayronlar uyurlarini ko‘rdim. Ular qayerda mo‘l-ko‘l o‘tloqlar bo‘lsa, o‘sha yerga qarab oqishardi. Men dastlab bu jonivorlarni mutloq farqlay olmay, ehtimol shahar va ovullardagi aholilarning qo‘ylari bo‘lsa kerak deb o‘ylagandim. Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, bu uyurlar yovvoyi hayvonlar bo‘lib, vodiy in’omi bo‘lgan quyuq o‘tloqlarda o‘tlasharkan.”

Muarrix o‘zining mazkur kitobida yana turkiy xalqlarning qadimdan iste’mol qilib kelinayotgan sevimli ichimliklaridan biri hisoblangan qimiz haqida ham alohida to‘xtalib, unga quyidagicha ta’rif beradi: “… Qimiz ot sutidan tayyorlanadigan arabcha “Laban arramaqi”, turkiy tilda “qimiz” deb ataladigan o‘zbeklarning sinalgan sevimli, eng a’lo, juda foydali hamda shifobaxsh xushta’m ichimligi sanaladi. Bu shifobaxsh qimiz go‘yo jannat arig‘idan sut bo‘lib oqqan kavsar suviga o‘xshash ichimlikdirki, uning har bir tomchisidan kishi ko‘ksi orom topadi, dillarni yayratib, tanga rohatu, jonga oziq bo‘lib, umrni uzaytiradi. Ushbu qimiz kishi qon tomirlarini kengaytirib, miya faoliyatiga shunchalar ijobiy ta’sir ko‘rsatgan holda, uni mustahkamlaydi. Salomatlik yo‘lida xizmat qilishda so‘zsiz hech qanday dori-darmon undan (qimizdan) ustunlik qila olmaydi. Ochlik, tashnalik va chanqoqni bosib, bag‘oyat sarxushlik beradi, qalb darvozasini ochib yuborib, oliyhimmatlik, yaxshilikka chorlaydi, shodlik hamda quvonch baxsh etadi. Yurakdagi bezovtalik, hayajon va g‘am-g‘ussalarni haydaydi”.

Shundan keyin, Ibn Ro‘zbexon har qancha ko‘p ichilgani bilan qimiz odamni hech qachon es-hushini yo‘qotadigan darajadagi boshqa o‘tkir ichimliklar kabi mastlikka olib bormasligini, balki kishi dil qulfini ochib, uni faqat xursandchilik, shodlik nuri ila charog‘on etajagini yozadi. Go‘zallik fasli — bahor boshlanishi bilan biyalar bolalab, qimizxo‘rlik vaqti ham yetib kelganda, O‘rta Osiyoda turkiy elatlarning qimiz bilan bog‘liq bo‘lgan juda qadimiy tarixga ega azaliy an’anaviy marosimlaridan birida o‘zi ham ishtirok etib, urf-odatlarni, udumlarini o‘z ko‘zi bilan ko‘rganligidan muallif ular haqida ham badiiy tarzda batafsil bayon qiladiki, bu narsa kitobxon e’tiborini yanada o‘ziga jalb etmay qolmaydi, albatta. Hatto bu haqda u jo‘shib quyidagi ilhombaxsh she’riy misralarni ham bitadi:

Shuurli kishilar uchun samoning
Xumidan to‘kilmas qimiz misli may.
Dunyo kezgan to‘qqizinchi osmon tulpori,
Qimizchalik terni aslo to‘kmagay.
Jannatdagi kavsar havzasi bekor,
Toki bu dunyoda asl qimiz bor.
Go‘yoki hayotiy, ajib tomchilar
Baytal yelinidan tinmay tomchilar.
Meshda turib qolib bir qancha muddat,
Qimiz olguvchidir o‘zgacha lazzat.
Yog‘och kosachaga qo‘yilgan joyda,
Unda xushta’m maza bo‘ladi paydo.
Kosagul uzatsa qimizni bir bor,
To‘rt xumga men o‘zim bo‘lgum xaridor.
Nafis u, dillarga ulashar shodlik,
Xonga xos ichimlik yoqimli, totli.
Qultumdan ulashib u bora-bora,
“Chanqoq bosildi” deb berdi ishora.
To abad yashnasin podshoh davlati,
Xonlar ichimligi – dilning lazzati.

Ibn Ro‘zbexon Yassi shahri haqida ham shunday ilhom bilan qalam suradi. Bu shahar Turkiston viloyatining o‘sha vaqtlardagi markazi hamda buzrukvor Xo‘ja Ahmad Yassaviy vatani bo‘lganligi va uning qabri ustida qad rostlagan g‘oyat baland muhtasham va ulug‘vor maqbara joylashganligini qayd etadi. Insoniyat qo‘li bilan bunyod etilgan mazkur maqbara dunyodagi eng baland binolardan biri bo‘lganligini ko‘rsatar ekan, Yamanga qarashli Sano shahrida qad rostlab turgan Gumdon qasriga o‘xshashligini jo‘shib tasvirlaydi.

Yassi shahri yana o‘sha vaqtlardagi o‘zbeklarning shimoliy qismidagi mulklari va markaziy karvon yo‘li ustidagi obodonlashgan chekka shahri bo‘lganligi va u shahar bilan bog‘liq tarixiy voqealarni ham qoldirmay qalamga oladi. Ibn Ro‘zbexon shaxsan Sayramda bo‘lgan vaqtida piri valiyi nabaviya Xo‘ja Ahmad Yassaviyning avlodlaridan bo‘lgan shayxulislom shayx Shamsiddin ibn Muhammad Mohim bilan uchrashib suhbatda bo‘lganligini ham aynan uning shu nodir asari bo‘lmish “Mehmonnomai Buxoro”dan bilamiz. Shuningdek, yana mazkur asar bilan chuqur tanishib borar ekanmiz, unda muallifning ruhiy olami, dunyoqarashi shunchalik oydinlashib, uning o‘z davrining o‘ta haqiqatgo‘y solnomachisi bo‘lganligini ham yaqqol bilishimiz mumkin. U, barcha davrlarda bo‘lganday saroyning boshqa tarixchilari kabi o‘zining asosiy e’tiborini faqatgina siyosiy voqealarni, xonlarning urushda ko‘rsatgan mardligi, raqiblari ustidan qozongan zafarlarini bo‘rttirib, ko‘klarga ko‘tarib madh etish, saroydagi joriy etilgan an’analarnigina tasvirlash bilan cheklanib qolmaganini, xushomad, madhu sanolardan tamomila mustasno bo‘lganligini ham ko‘ramiz. Ibn Ro‘zbexon asarida xalq ahvolini ham diqqat-e’tibordan chetda qoldirmaydi. Chunonchi, o‘sha davrdagi avj olib ketgan tinimsiz urushlar tufayli mamlakatning xarob bo‘la boshlaganligi, ayniqsa soliqlarning ko‘pligidan xalq ahvolining og‘irlashgani sababli hukmdor Shayboniyxon yer-suv hamda soliq masalalarini ko‘rib chiqib, ularni tartibga solish maqsadida dorulsaltanat Samarqand yaqinidagi Konigil mavzeida qonunshunos olimlarni to‘plab maxsus kengash o‘tkazganligi, kengashda bir tomondan ana shunday soliqlarning ko‘pligidan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, bu boradagi mutasaddi amaldorlarning o‘zboshimchalik bilan qilgan zulm-zo‘ravonligi, haqsizliklaridan bezib, o‘z uy-joylarini tashlab, o‘zga yerlarga bosh olib ketganlarning yerlarini davlat tasarrufiga topshirilgani, qachon bu joylarning o‘z egalari qaytib kelganlarida mulklarini qaytib berish va hatto ular yo‘qligida u yerlardan foydalanib turilgani uchun davlat xazinasidan haq to‘lash to‘g‘risida farmon chiqarishga qaror qilgani, fuqaroga nohaqlik va jabr qilingani uchun tegishli amaldor shaxslarga nisbatan qattiq jazo choralarini ko‘rish haqida batafsil yozadiki, bu hol kitobxonni aslo befarq qoldirmaydi.

Xullas, tanishib chiqqanimizday, moziydan sado beruvchi bunday bitiklar haqiqatni anglashda, tarixiy jarayonlarni o‘rganishda qiziqarli manba bo‘lishi shak-shubhasizdir.

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2005 yil, 12-son