Bo‘riboy Ahmedov. Iskandarning o‘chini Spitamendan olamizmi? (1993)

Bo‘riboy Ahmedov (1924-2002)

Millatning qadr-qimmati uning o‘tmishi, tarixi bilan o‘lchanadi. Xo‘sh, biz o‘zbeklarning ham o‘tmishimiz, tariximiz bormi, o‘zi? Bor, albatta. O‘rta Osiyo, balki jahondagi boshqa xalqlar, xususan forslar, hindlar, xitoylar singari uzoq-uzun tarixi bor o‘zbekning ham. Arxeolog va antropolog olimlarimizning ko‘p yillik izlanishlari natijasida Xorazm, Surxondaryo, Farg‘ona, qadimiy Shosh viloyatlari o‘ramida hamda Inju O‘kiz (Sirdaryo)ning quyi oqimi tevaragidagi tumanlardan topilgan ashyoviy dalillar (qadimgi odamlarning suyak qoldiqlari, manzilgohlari, ularning mehnat va urush qurollari, uy-ro‘zg‘or buyumlari, zeb-ziynat mollari, shahar va qishloqlar, mahobatli imoratlar va suv hamda mudofaa inshootlarining qoldiqlari)ning guvohlik berishicha, ajdodlarimiz bundan qariyb yarim million yil muqaddam O‘rta Osiyoning ikki azim daryosi — O‘kuz (Amudaryo) va Inju O‘kiz (Sirdaryo) oralig‘i va ularning tevarak-atrofida istiqomat qilishgan ekanlar, besh-olti ming yil burun chorvachilik va sun’iy sug‘orishga asoslangan, dehqonchilik bilan shug‘ullangan ekanlar. Turkiston (unga Sharqiy Turkiston, Tibet, Mo‘g‘ulistonning g‘arbiy-janubiy qismi, Oltoy o‘lkasi ham kiradi) deb atalmish bu ulkan mamlakatda bundan uch yarim-to‘rt ming yil muqaddam bir talay katta-kichik shaharlar paydo bo‘ldi. Samarqand, Buxoro, Marv va Toshkent shaharlarining paydo bo‘lganiga ikki yarim-uch ming yil bo‘ldi. Qadim-qadim zamonlardan Parfiya, Baqtriya, So‘g‘diyona, Qanxqa, Parkona, Kushon, Tohariston, Xaftalar (Eftalitlar), Turk hoqonligi, Somoniylar, Qoraxoniylar, Temuriylar kabi jahonga dovrug‘i ketgan davlatlarimiz bo‘lgan.

Xo‘sh, bularni bilasizmi? Chamasi ko‘pchiligimiz buni bilmaydiganga o‘xshaymiz. Turkiston zamin atalmish ulug‘ yurtimizdan jahonga mashhur ko‘p olimlar, shoirlar va san’atkorlar yetishib chiqqan. Hadis ilmining yirik namoyandalari Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy, Abu Iso Muhammad ibn Iso at-Termiziy, Abu Muhammad Abdulloh ibn Abdurahmon ad-Doramiy; falakiyot (astronomiya) ilmining yirik namoyandalari Ahmad al-Farg‘oniy bilan Mirzo Ulug‘bek; riyoziyot (matematika) fanining asoschilaridan Abu Ja’far Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy; tibb (meditsina) fanining jahondagi yirik namoyandalaridan Abu Ali ibn Sino; qomusiy olimlar Abu Nasr Forobiy bilan Abu Rayhon Beruniy, zabardast tilshunos olim Mahmud Zamaxshariy, tarix ilmining yirik namoyandalaridan Abu Nasr Utbiy, Abubakr Muhammad ibn Ja’far Narshaxiy, Abu Sa’id Abdulkarim ibn Muhammad as-Sam’oniy, Shihobiddin Muhammad Nisoviy, Faxriddin Banokatiy; adabiyotshunoslar Nizomi Aruzi Samarqandiy, Nuriddin Muhammad Avfiy Buxoriy, Davlatshoh Samarnandiy; zabardast shoirlar xoja Ahmad Yassaviy, Atoiy, Am’on Buxoriy, Qatron ibn Mansur Termiziy, Rashididdin Votvot, Adib Sobir Termiziy, Hakim So‘zaniy Samarqandiy, Asiriddin Ahsikatiy, Sayfiddin Isfarangiy, Rukniddin Kuboviy, Sayfiddin Farg‘oniy, Faxriddin Banokatiy, Nosir Buxoriy, Kamol Xo‘jandiy, Xoja Ismatulla Buxoriy, Xorazmiy, Durbek, Sakkokiy, Alisher Navoiy, Huvaydo, Mashrab, Firuz, Amiriy, Muqimiy, Furqatlar shular jumlasidandir.

Xo‘sh, bu ulug‘ zotlarni, ular yozib qoldirgan asarlarni hamma o‘qiganmi? Yo‘q, afsuski, hamma o‘qimagan. Turkiston zamin xalqlari orasidan el-yurtning baxt-saodati deb, uning ozodligi va milliy mustaqilligi deb, jon fido qilgan To‘maris va Shiroq, Spitamen va Muqanna, Mahmud Torobiy va Temur Malik, Jaloliddin Manguberdi va Dukchi Eshon singari ko‘plab milliy qahramonlar, Ismoil Somoniy, Mahmud G‘aznaviy, Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur va Abdullaxon singari yirik sarkarda va davlat arboblari yetishib chiqqan.

Xo‘sh, biz ularni yaxshi bilamizmi? Yo‘q, bilmaymiz. Qizillar ularni bizga qora qilib uqdirishgan: zolim, qonxo‘r, boschinchi deb o‘rgatishgan. Qipchoqlar xoni Kalinni ajdaho

qiyofasida tasvirlab, qipchoqlar bilan kurashgan rus bahodirlari Ilya Muromets, Alyosha Popovich va Dobrina Nikitichni oqil, odil, zabardast, botir, alpkomat, suqsur yigit qiyofasida tasvirlaganlar. Masalan, shunday bir suratni («Bahodirlar» deb ataladi o‘sha surat) mashhur rus rassomi B. M. Vasnetsov (1840-1926) chizgan.

Ota-bobodan qolgan ilmiy merosimiz ham katta va betakror. Jumhuriyatimizning bir o‘zida o‘ndan ortiq kutubxonada juda ko‘p va ilm-fanning barcha muhim sohalariga tegishli qo‘lyozma kitoblar bor. Muzey va arxivlarda tarix va davlat qurilishiga tegishli rasmiy hujjatlar saqlanadi. Bular bizning qariyb ming yillik tariximiz. Lekin ularning yuzdan bir foizini ham o‘rgannb chikqanimizcha yo‘q. Ularning saqlanishi-chi? Bir so‘z bilan aytganda, saqlanishi yomon. Fojia shundaki, kitob va hujjatlar saqlanayotgan binolar qo‘lyozma asarlar va hujjatlarni saqlashga mutlaqo moslashtirilmagan. Shu ahvolda bu bebaho boylik avlodlarga qoladimi-yo‘qmi, buni xudo biladi. Armanlar, ozarlar va tojiklar qo‘lyozma asarlarni saqlash uchun barcha talablarga javob beradigan zamonaviy binolarni allaqachon qurib olishgan. O‘zbekiston bo‘lsa, ulardan ming chandon ortiq iqtisodiy qudratga ega bo‘lgani holda buni hanuzgacha qurolmadi, to‘g‘risi bunga harakat qilmadi. Aytishlaricha, asosan xayriya hisobiga endi qurilar emish. Mayli buni ham kutaylik, lekin asosiy yukni davlat o‘z zimmasiga olmasa, faqat xayriyaga ishonib bunday katta ishii amalga oshirib bo‘larmikin?

Ko‘rib turibsiz, tariximiz bor. Boy tarixiy va madaniy merosga ega xalqmiz. Ajoyib va ko‘plarga ibrat bo‘ladigan an’analarimiz bor. Tarixni, meros va milliy qadriyatlarimizni yaxshi bilmay turib, milliy g‘urur va iftixorni shakllantirib bo‘larmikin? Milliy g‘urur va iftixor bo‘lmasa, millat va Vatanni qadrlab ham bo‘lmaydi, himoya qilib ham bo‘lmaydi.

Xo‘sh, buning uchun nimalar qilishimiz kerak? Birinchi navbatda, farzandlarimizni yaxshi o‘qitishimiz, ularga ajdodlar tarixini o‘rgatishimiz, ular qoldirgan meros bilan oshno qilishimiz kerak. Ularni Vatanga, ulug‘ ajdodlarimizga g‘urur va iftixor ruhida tarbiyalashimiz zarur. Bir umr mehnatdan boshi chiqmay, qulga aylanib qolgan, iftixor qilsa va mag‘rurlansa arzigulik tarixi, madaniyatidan ajralgan xalqimizga o‘zligini anglashida yordam berishimiz zarur.

Bunga shart-sharoit bormi? Bu mushkul, lekin muhim ishning uhdasidan chiqadigan odamlarchi? Ular bormi? Shart-sharoit ham bor, malakali kadrlar ham yetarli. Masalan, poytaxtning bir o‘zida bir emas, uchta sharqshunoslik, tarix, til va adabiyot, falsafa va huquq institutlarimiz bor. Hukumat ularga yaxshi-yaxshi joylarni berib qo‘yibdi. Mablag‘ va moddiy-texnika vositalari bilan ham ta’minlab qo‘yibdi. Mutaxassis kadrlar masalasiga kelsak, bu borada ham deyarli kamchiligimiz yo‘q. Ilmiy tekshirish va pedagogika bilim yurtlarida, dorilfununlar va dorilmualliminlarda, maktab va texnikumlarda chuqur bilimga ega bo‘lgan tajribali tarixchi olimlar va muallimlarimiz bor. Biz hozir ham ko‘p narsaga qodirmiz. Maktabni qayta qurishga ham, tarix va madaniy merosni unumli o‘rganishga ham. Lekin bunday qilolmayotibmiz. Maktab ahvoli hamon yomonligicha qolib kelyapti, tarix va madaniy merosni o‘rganishda oqsab yuribmiz. Shunday bo‘lgach, milliy g‘urur bilan milliy iftixorni o‘qimagan xalq qayerdan olsin?

Hamma narsaga shart-sharoit bo‘laturib, bu qadar orqada qolganimizning sababi nimada? Fikrimcha, buning sababi bitta — intizom, xususan ish intizomi bo‘sh. O‘zimizni, faqat o‘zimizni deb mehnat qilamiz, avlodni o‘ylamaymiz. Va yana ba’zan mehnat o‘ziga yarasha taqdirlanmaydi. Ilgarigi vaqtlarda inson faoliyati uch printsip bilan o‘lchanardi. Mana o‘sha uch printsip: 1) kadrlarni tanlash va o‘z o‘rniga qo‘yish; 2) mehnatga yarasha haq to‘lash; va nihoyat, ijroni tekshirish. E’tibor bilan qarang-a, qanday yaxshi printsiplar. Afsuski, inson faoliyatini o‘lchash uchun birdan-bir halol mezon bo‘lgan bu printsiplar bora-bora yo‘qolib ketyapti.

Ilm-fan jabhasini oladigan bo‘lsak, bu ahvol bizning ijtimoiy fanlar sohasida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Ayrim odamlar uchun fan nomzodi yoki fan doktori bo‘lib oldingmi, marra seniki. Ishlasang ham o‘sha davlat belgilab qo‘ygan maoshni olasan, ishlamay yo‘lini qilib, hisobotni uhdalab yursang ham o‘sha-o‘sha maosh. E’tibor bering-a, hozir kim ko‘p — tarix fanlari nomzodi bilan tarix fanlari doktori ko‘p. 60-yillardan tarix faniga o‘rta hol odamlar ko‘proq kirib kela boshladn. Bir iloj qilib dissertatsiyalarini yoqlab oldilar, epchillari ularni kitob qilib ham chiqarib oldilar. Lekin undan nariga o‘tolmadilar. Ahyon-ahyonda bitta yarimta maqola chop ettirgan bo‘ldilaru vassalom. Ular dissertatsiyasinimi yoki unga yaqinroq, ko‘ngliga o‘ltirgan biron osonroq mavzuni besh yillikka reja qilib oladilaru, besh yil o‘tgach bir papka qog‘oz bilan qisqa qilib hisobot yozib beradilar. Ilmiy kengash bo‘lsa «mavzu bajarilgan hisoblansin», deb qaror chiqarib beradi. Xo‘sh, bu ilmiy ishning nafi bo‘ladimi, yo‘qmi bu bilan hech kimning ishi yo‘q. Bir katta ilmiy xodim besh yilda bitta yaxshi monografiya yoki kamida o‘nta ilmiy maqola chiqarmasa, u qanaqasiga katta ilmiy xodim bo‘lishi mumkin! Lekin dissertatsiyadan boshcha kitob chiqarmaganlar ham bemalol biz katta ilmiy xodimmiz, olimmiz deb, ko‘krak kerib yurishibdi. Yigirma-o‘ttiz yil o‘tsa ham oxiriga yetkazilmagan mavzu va masalalar qanchadan qancha: eskisini bitkazolmay turib, o‘zlarini yangi mavzularga (masalan, bugun Amir Temur va Temuriylar juda rasm bo‘lgan) uradilar. Rahbarlar-chi? O‘sha olim mavzuni uhdalay oladimi, yo‘qmi surishtirmay-netmay, yangi besh yillikka yangisini rejalashtirib beraveradilar. Oqibati-chi? Oqibati ko‘pincha xayrli bulmaydi.

Shu munosabat bilan yaqinda bo‘lgan bir voqeani aytib bermoqchiman. Ilmiy tekshirish institutlaridan birida, ilmiy kengashda katta unvon egasi bo‘lgan bir olim 1993 yildan boshlab falon ilmiy yunalishga rahbarlik qilmoqchiman, deb qoldi. Bu uning yaxshi qarori edi, lekin kechikkan edi u. Yosh bir yerga borganda shunday qarorga kelgani bir qadar ayanchli tuyuldi menga. Mavzu jiddiy, og‘ir va kamida besh-olti yaxshi mutaxassisning bir jamoaga uyushib ishlashini talab qilardi. Shuncha mutaxassisni qayerdan olib bo‘ladi, chunki har bir mutaxassis o‘z ishi bilan band. Yoshlardan jamoa tuzish mumkin, lekin ular jiddiy ilmiy ishga kam deganda o‘n yil tayyorgarlikdan va malaka orttirganlaridan keyin kirishishi mumkin. Aniqki, mavzu yuzasidan ish boshlanadi-yu, lekin yarim yo‘lda qoladi. Men bunga kafillik beraman. Faqat vaqt bilan davlatning katta sarmoyasi behuda ketgani qoladi, xolos.

Kezi kelganda, hisobotlar xususida ham bir-ikki og‘iz gapirib o‘tsam, deyman. Odatda hisobotlarda mazkur yilda qaysi ilmiy mavzular ustida ish olib borildi, qancha bosma taboq ish nashr etildi, qancha odam dissertatsiya yoqladi, kimlar qayerda va qanday konferentsiyalarda qatnashdi kabi masalalar o‘rin oladi. Lekin o‘sha mavzularning qaysi qismi yoki bobi yozilib muhokamadan o‘tgan, ulardan foydalanib bo‘ladimi, o‘sha chop etilgan faloncha bosma taboq ishning qanchasi ilmiy va ilm-fanga hissador, qanchasi shunchaki ilmiy-ommabop maqola, buni surishtirmaydi hech kim. Yoqlanayotgan dissertatsiyalarning institutda olib borilayotgan ilmiy yo‘nalishlarga daxldor-daxldor emasligi bilan qiziqilmaydi. Hisobotlarda yangi ilmiy yo‘nalishlar hachida ham gap boradi. Lekin bu ilmiy muammoni institutning bir o‘zi yecha oladmi, ilmiy kuchi bormi, bu bilan ham hech kimning ishi yo‘q.

Yana bir gap. Odatda hisobotlarga bag‘ishlangan ilmiy kengashlarda, ayniqsa, yuqoridan biror rahbar kelib o‘ltirguday bo‘lsa, so‘zga chiqadigan shtatli notiqlar — to‘tiqushlar bo‘ladi. Ular asosan rahbarlarni ko‘klarga ko‘tarib maqtaydilar, boshqalarga tanbeh bermoqchi bo‘ladilar. Lekin, hech kim «To‘xtang, birodar! Bu ilmiy muassasa, bu yerda ishlaydigan odamlarning qadr-qimmati ilmiy ish bilan — bosilgan kitob bilan o‘lchanadi. Qani ayting-chi, o‘zingiz bu yil qanday ilmiy asar chop ettirdingiz, nechta shogird tayyorladingiz?», deb surishtirmaydi.

Tarixchilarimiz xususida yana bir gapni ham aytib o‘tsam deyman. Ba’zi hamkasblarimiz bir vaqtlar zamonasozlik qilib, biron tarixiy voqeaga birtaraflama yondashgan yoki o‘sha voqeaga noxolis baho bergan bo‘lsa, unga qattiq yopishib olamiz-da, «falon vaqtda sen mana bunday degansan», deb tinmay aybini yuziga solamiz. Vaholanki, u allaqachon xatosini tuzatib, to‘g‘ri yo‘lga tushib olgan. Men bu o‘rinda tarixshunos Shodi Karimovni misol tariqasida tilga olishni lozim topdim. U tarixchilarimiz orasida ancha ko‘p va durust narsalarni yozayotgan olimlarimizdan. Gazeta va jurnallarda ijtimoiy-siyosiy mavzularda va tarix taqdiri haqida bir qator yaxshi maqolalar e’lon qildi. Keyingi yillarda, ayniqsa, Turkistonning chor Rossiyasi tarafidan bosib olinishi va o‘lkaning ana o‘sha yirtqich mustamlakachi imperiya zulmi ostida kechgan ayanchli ahvoli haqida ko‘p yozayotibdi. Yozganda ham kuyinib-kuyinib yozayotibdi. Uning maqolalari va kitoblari faktik materialga boyligi va ko‘p hollarda xulosalarning dadilligi bilan ajralib turadi. Lekin u o‘sha masalaning o‘rganish tarixi xususida gapirganda, fikrimcha, odilona fikr yuritmaydi. Shodi Karimov Rusiyaning bosqinchilik siyosati haqida gapirganda, shu mavzu ustida yozgan olimlarni uch guruhga: 1) O‘rta Osiyo Rusiyaga o‘z ixtiyori bilan qo‘shilgan deguvchilar (I. M. Mo‘minov, H. T. Tursunov, O. Aminov, A. X. Boboxo‘jayev, N. Beknazarov, S. Soatov. K. Ye. Jitov, V. Ya. Nepomnin, R. Abdushukurov, G‘. Ahmadjonov, V. Dubovetskiy), 2) bosib olingan deguvchilar (B. Ahmedov, H. Ziyoyev, H. Bobobekov, A. Ahmedov, H. Sodiqov) va nihoyat unday ham, bunday ham deb aytib bo‘lmaydi deguvchilar (A. Asqarov)ga ajratadi. Shodi Karimov, ayniqsa, tarix fanlari nomzodi, dotsent G‘. Ahmadjonovni, xususan, uning 1989 yilda «Fan» nashriyotida chop etilgan «Sovetskaya istoriografiya prisoyedineniya Sredney Azii k Rossii» va shu mavzudagi doktorlik dissertatsiyasining avtoreferatini ko‘proq tanqid chiladi. Lekin bu 1989 yili bo‘lgan. Biz ham uning o‘sha monografiyasi va avtoreferati bilan tanishib chiqib, doktorlik dissertatsiyasini qaytadan ko‘rib chiqishini tavsiya qilgan edik. G‘. Ahmadjonov o‘shanda mulohaza va takliflarimizni minnatdorchilik bilan kabul qildi va dissertatsiyasini ikki yil qattiq o‘tirib qayta ishladi. U endi «Sovetskaya istoriografiya zavoyevaniya Turkestana i ustanovleniya gospodstva Rossii v Sredney Azii» deb ataladi. Shundan keyin Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qoshidagi ixtisoslashgan ilmiy kengash uni himoya uchun qabul qildi. G‘. Ahmadjonov 1991 yil 27 dekabr kuni shu mavzudagi dissertatsiyasini muvaffaqqiyat bilan yolladi. Ish Oliy Attestatsiya Komissiyasi tarafidan tasdiqlandi. G‘. Ahmadjonov hozir shu mavzu ustida ilmiy izlanishlarini davom ettirayotibdi. Inim, Shodi! Siz G‘ulomjonning o‘sha monografiyasini 1989 yiliyoq taqriz-maqolangizda birinchi bo‘lib tanqid qilgan edingiz. Mazkur tadqiqotni jiddiy tuzatganidan xabaringiz bor. Agar bilsangiz, bu G‘. Ahmadjonovning katta jasorati edi. Lekin shundan keyin ham eski kamchiligini yuziga solib, takror-takror tanqid qilish insofdan bo‘lmasa kerak.

O‘rta Osiyoga nisbatan XIX asrning 60-yillarida Rusiya tutgan siyosat borasida boshqacha fikr aytgan, ya’ni bosib olingan deguvchi olimlar (B. Ahmedov, H. Ziyoyev, H. Bobobekov, A. Ahmedov va b.)ga kelsak, ular, ko‘p hurmatli inim Shodi, bu gapni 80-yil o‘rtalarida, balki undan keyinroq aytishgan. Agar bilsangiz, ilgari bunaqa gapni aytishga hamma cho‘chigan. Men ham qo‘rqqanman. Rusiyani bosqinchi deb aytish u yoqda tursin, hatto «bizlar aroq ichishni o‘risdan o‘rganganmiz» deb aytadigan bo‘lsangiz ham baloga qolar edingiz. Yanglishmasam, o‘zingiz ham Rusiyani bosqinchi deb yaqindan beri aytayotibsiz, shekilli.

Ha, ahvol shunaqa. O‘tgan zamonlarda Akademiya bo‘lmagan. Lekin olimlar bo‘lgan. Bo‘lganda ham biri mingga tatiydigan mashhuri jahon olimlar bo‘lgan. Lekin, ular davlatdan maosh olishmagan. Yozgan asariga (u ma’qul topilgan taqdirda) aqcha olib tirikchilik kechirishgan. Biz bugun ular bilan iftixor qilamiz, ular bilan mag‘rurlanamiz. O‘zingizchi?.. Avlodlar bizdan rozi bo‘lisharmikan?

Yoshlar kelajagimiz. Ularda millat tuyg‘usi, g‘urur va iftixor tuyg‘ularini biz olimlar, yozuvchilar shakllantiramiz. Bunda maktabda o‘qitilayotgan ijtimoiy fanlar, ayninsa, tarix fanining roli benihoyat katta. Lekin, afsuski, tarix o‘qitishning umumiy ahvoli yomon. Buning asosiy sabablaridan biri talabga javob beradigan darslik va qo‘llanmalarning yo‘qligi. To‘g‘ri, urushdan keyingi yillarda ikki jildlik «O‘zbekiston xalqlari tarixi», ikki qismdan iborat «O‘zbekiston SSR tarixi» va nihoyat, to‘rt jildlik «O‘zbekiston SSR tarixi» kitoblari nashr etilgan. Bular O‘zbekiston xalqlari tarixining akademik nashrlari bo‘lib, asosan, ilmiy xodimlar va yuqori malakali tarixchilarga mo‘ljallangan. O‘zbekiston xalqlari tarixi 1958 (mualliflar Ya. G‘ulomov, R. Nabiyev, M. Vahobov) va 1982 (mualliflari H. Tursunov, N. Beknazarov) yillari muxtasar, ya’ni bir jildlik qilib chiqarildi. Lekin bularning birortasi ham maxsus darslik vazifasini o‘tay olmasdi. Ular, ayniqsa, keyingi bir jildliklar shunchaki qo‘llanma bo‘lishi mumkin edi, xolos. Undan tashqari, bu kitoblar bugunga kelib, jiddiy metodologik va faktik xatolari tufayli eskirdi.

1992 yili bir guruh tarixchi olimlarning harakati bilan O‘zbekiston tarixiga oid yana ikkita kitob nashr etildi. Bulardan biri «O‘zbekiston tarixi va madaniyati» (tarix fanlari nomzodi, dotsent Shodi Karimov rahbarligi va tahriri ostida), ikkinchisi «O‘zbekiston xalqlari tarixi» (O‘zFA haqiqiy a’zosi Ahmadali Asqarov tahriri ostida) deb ataladi (baxtga charshi kamina beixtiyor birinchi kitobga taqrizchi, ikkinchisiga esa avtordosh bo‘lib kirib qolganman).

Shodi Karimov rahbarligi ostida yozilgan kitobda O‘zbekiston xalqlarining qadim-qadim zamonlardan to shu kunlargacha bo‘lgan tarixi juda qisqa tarzda, o‘n yetti lavhaga bo‘lib bayon etilgan. Shubhasiz, hajm jihatidan kichik bir kitobda va yana o‘n yetti lavhada, uch yarim-to‘rt ming yillik tarixni to‘kis yoritish qiyin. Shu boisdan bu kitobni men O‘zbekiston tarixidan qisqacha konspekt, deb atagan bo‘lardim. Kitobda ko‘p masalalar ko‘ngildagiday yoritilmagan, balki shunchaki qayd qilib o‘tilgan. xolos. Masalan, Amir Temur va uning davriga hammasi bo‘lib uch varaq ajratilgan. Iqtisodiy masalalar (savdo-sotiq) va madanny aloqalari deyarli yoritilmagan. Bundan tashqari, ayrim noaniqliklar ham bor. Masalan, kitobda yozilganidek Chingizxon davrida Xitoyda Pekin degan shahar bo‘lmagan. O‘sha paytlarda mamlakat poytaxti Djundu, 1153 yildan keyin Dasin bo‘lgan. 1267 yilda Qubilayxon (1260—1394) uning shimoliy-sharqiy tarafida Xonbaliq degan shahar bunyod etdirgan. Shunday qilib, Chingizxon kelgan paytda (1215 y.) Xitoyning poytaxti Pekin emas, Dasin deb atalgan. Yana bir joyda, ya’ni 1365 yili Samarqandda sarbadorlar harakati haqida hikoya qilingan yerda harakat rahbarlaridan faqat Mavlonozoda bilan Abubakr Kalaviylarning nomi tilga olingan, xolos. Vaholanki, ularning orasida Xurdak Buxoriy ham bor edi. Kitobda atoqli va joy nomlarini noto‘g‘ri yozish hollari ham uchraydi. Masalan, Ahamoniylar o‘rniga Ahmoniylar, Salavkiylar — Selevkiylar, Narshaxiy — Norshoxiy, Marokanda — Maroqand yozilgan. Imlo xatolar ham ancha bor.

Ikkinchi kitob, ya’ni tarix fanlari doktori, professor M. A. Boboxo‘jayev rahbarligida bosmadan chiqqan «O‘zbekiston xalqlari tarixi» kitobi shu nomdagi ko‘p jildlik kitobning birinchi qismi bo‘lib, kitob tarix fanining, xususan arxeologiya ilmining keyingi yillarda qo‘lga kiritgan yutuqlarini ma’lum darajada hisobga olgan holda yozilgan. Unda jiddiy ilmiy yoki g‘oyaviy xato yo‘q. Lekin u baribir ayrim juz’iy kamchiliklardan xoli emas. Xususan, bir-ikki joyda tarixiy voqea buzib ko‘rsatilgan. Masalan, Iskandar Zulqarnaynning Spitamen bilan bo‘lgan kurashi hikoya qilingan joyda mana bunday gap bor: «Spitamen esa qamalni (Marokanda qamalini B. A.) bo‘shatib, Buxoro tarafga chekinadi, so‘ngra cho‘lga chiqib oladi. Arrianning yozishicha, Spitamen Politemit (Zarafshon) suvlari sug‘orayotgan barcha hududlarni kezib chiqadi va ortiga qaytgach, minglab xonadonlarni yoqib yuboradi, dala va bog‘larni toptaydi, 120 ming aholini qirib tashlaydi» (tarjimaning g‘alizligini qarang-a, u aslida rus tilida yozilgan). Haqiqatda esa Politemitdan suv ichgan barcha hududlarni kezib chiqqan va orqasiga qaytishda minglab xonadonlarni yoqib, 120 ming aholini qirgan, ekinzoru, bog‘u rog‘larni payhon qilgan Spitamen emas, balki Iskandar Zulqarnaynning o‘zginasidir (K. Arrian. «Aleksandrning yurishlari», IV jild, 5— 6-betlar).

Yana bir misol; Kitobning Amir Temurga bag‘ishlangan bobida «Temur bolaligidan turk va fors tillarini bilgan» deb yozilgan. Tabiiy, o‘z-o‘zidan «xo‘sh, unday bo‘lsa, Temurning ona tili qaysi til?» degan savol tug‘iladi. Menga shunday savolni berishdi ham. Amir Temur aslida turk bo‘lgan. Modomiki shunday ekan, uning ona tili ham turkiy tili bo‘lgan, albatta. Bizga ma’lum tarixiy kitoblarda «Temur o‘z ona tili turkiychadan tashqari fors tilini ham yaxshi bilgan», deb yozilgan. «Temur bolaligidan tojik va turk tillarini bilgan» degan gapni bir paytlar A. Yu. Yakubovskiy aytgan. Aftidan, «O‘zbekiston xalqlari tarixi»ning shu bobini yozgan odam yo A. Yakubovskiyning mana shu so‘zlarni aynan ko‘chirib qo‘yaqolgan, yo bo‘lmasa ibora tarjimada buzilgan.

Tarjimada (kitob, yuqorida aytilganidek, aslida rus tilida yozilgan) ham g‘alizliklar

juda ko‘p, Misollar keltiramiz:

1) «Ibn Sino o‘z bilimini bajarish (?) borasida tinmay ish (?) olib bordi» (104-b.) — «Ibn Sino o‘z bilimini oshirish yo‘lida tinmay mehnat qildi», deyilsa to‘g‘riroq bo‘lardi.

2) «Kitob ash-shifo» asarida bayon etilgan Ibn Sino falsafasi Sharq falsafasi tarixida butun bir davrni tashkil etadi» — «Ibn Sinoning «Kitob ush-shifo»da bayon etilgan falsafiy qarashlari Sharq falsafa ilmida butun bir davrni boshlab berdi», deb tarjima qilinsa durust bo‘lardi.

3) «Beruniyning ayniqsa, «Xronologiya»si paydo bo‘lganidan keyin uning olimlik shon-shuhrati Sharqda keng tarqaladi» — «Osor ul-Boqiya» asari yozilgandan keyin Beruniyning olimlik shuhrati Sharq mamlakatlarida keng tarqaldi», deb tarjima qilish zarur edi.

4) Iqlimiy sharoitlarni hisobga olgan holda O‘rta Osiyo me’morchiligi paxsa, xom va pishiq g‘isht, ganj singari ashyolar (?) asosida rivoj topdi» — «O‘rta Osiyo me’morchiligi iqlimiy sharoitni hisobga olgan holda, paxsa, xom va pishiq g‘isht hamda ganj kabi qurilish materiallarini ishlatish asosida rivoj topdi», deyilishi ma’qulroq edi.

5) «Qoraxoniy tilchi olim Mahmud Koshg‘ariy XI asrda arab tilida «Devoni lug‘at at-turk» («Turkiy so‘zlar lug‘ati»)ni tuzib… » — «Qoraxoniylar davrida o‘tgan tilshunos olim Mahmud Koshg‘ariy XI asrda «Devoni lug‘at at-turk» («Turkiy so‘zlar lug‘ati») asarini yozib…» deb tarjima qilinishi lozim edi.

Shunga o‘xshash misollarni kitobning har bir sahifasidan keltirish mumkin. Ko‘p o‘rinlarda shaxs joy nomlarini buzib yozish hollarini uchratamiz. Masalan, N. V. Pigulevskaya o‘rniga — N. V. Pigulevskiy, Balazuriy — Balozuriy, al-Maodaniy — al-Ma’daniy, ibn Miskavayx— ibn Miskovayx, Foiq — Faiq, Chag‘irbek — Choribek, Jebe nuyon — Juba nuyon, Omul — Amul, Oharun — Axarun, Marvarrud — Marvird, Bolosog‘un — Balosog‘un, Kot — Qiyot, devoni barid — devoni bird bo‘lib ketgan. Imlo xatolar esa haddan ziyod.

Kitobdagi kamchiliklarning ko‘pchiligi uni nashrga tayyorlashga mas’ul bo‘lgan Komil Xolmuhammedov, nashriyot muharrirlari Oqilxon Odilxov va tarjimonlarning ishga mas’ullik bilan yondashmagani oqibatida yuz bergan degan fikrdaman.

Yaqinda O‘rta Osiyo xalqlari tarixi institutiga yumush bilan borgan edim. Institut direktori, tarix fanlari doktori Haydarbek Bobobekov menga Buxorodan kelgan bir xatni ko‘rsatib qoldi. Maktub Buxoro dorulfununining muallimi, tarix fanlari nomzodi Narzulla Yo‘ldoshevdan ekan. U J. Barakayev va I. Haydarov tarafidan 1991 yilda «O‘qituvchi» nashriyotida chop etilgan «Buxoro tarixi» kitobi xususida yozibdi. Kitob qadim zamonlardan to Oktyabr «inqilobi»gacha bo‘lgan voqealarni o‘z ichiga olib, umumiy ta’lim maktablari tarix o‘qituvchilari uchun qo‘llanma ekan. Maktab muallifi, ko‘rinishicha, bu kitobni qunt bilan o‘qib chiqqan, uni O‘zbekiston xalqlari tarixiga oid boshqa kitoblarga, xususan zikr etilgan ikki jildlik «O‘zbekiston tarixi»ga solishtirib ham chiqqan. Shu asosda J. Barakayev va Y. Haydarovlariing mazkur kitobi past ilmiy saviyada yozilganligi, so‘nggi yillarda tarix, xususan arxeologiya fani qo‘lga kiritgan yutuqlar hisobga olinmaganligi, eng yomoni kitobning juda ko‘p joylari o‘sha ikki jildlik «O‘zbekiston SSR tarixi»dan aynan ko‘chirib olinganligini ishonarli dalillar bilan ko‘rsatib bergan.

Tarix fanlari nomzodlari M. Ishoqova va V. Kostetskiylar tarafidan yozilib, 1992 yili ana shu «O‘qituvchi» nashriyotida chop etilgan va o‘rta maktablarning 8-9-sinflariga mo‘ljallangan «O‘zbekiston xalqlari tarixi» xususida ham haqli e’tirozlar bor.

Xullasi kalom, dorilfunun va dorilmualliminlarni, maktab va o‘rta o‘quv yurtlarini, qo‘yingki, million-million yosh avlodni tarixdan zarur darslik va qo‘llanmalarsiz qoldirib kelyapmiz. To‘g‘risini aytganda, loqaydlikning oqibati bo‘ldi, bu. Bundan 3—4 yil- muqaddam Respublika Xalq maorifi va Oliy ta’lim vazirliklarida O‘zbekiston xalqlari tarixi bo‘yicha darslik yaratish masalasiga bag‘ishlangan bir-ikki ,yig‘ilish bo‘lgani esimda. Bir guruh olimlar (kamina, Hamid Ziyoyev va boshqalar) o‘shanda mazkur darslikni yaratish ishini yuqori darajali mutaxassislarga: olimlar, o‘qituvchilar va metodistlardan iborat jamoaga topshirish zarurligini aytgan edik. Nima bo‘lganda ham «chumchuq so‘ysa ham, qassob so‘ygani yaxshi» edi. Lekin vazirliklardagi mas’ul o‘rtoqlar (respublika o‘quv-metodik kengashi xodimlari) gapimizga quloq osgilari kelmadi. «Alternativ tartibda yozishaversin, yaxshisini tanlab olamiz», deyishdi. Shu zaylda bu muhim ish o‘zibo‘larchilikka tashlab qo‘yildi. Oqibat esa hammaga ma’lum. Talab darajasida bo‘lmagan darsliklar har yili chiqib turibdi.

«O‘zbekiston xalqlari tarixi» ga o‘xshab, Amir Temur, Ulug‘bek va Bobur shaxsi bilan qiziquvchilar ham, xudoga shukur, ancha ko‘payib qoldi. Yaqin-yaqinlarda ko‘pchilik ularning nomi quloqqa chalinishi bilan o‘zini chetga olardi. Nima ham derdik, azaldan hayotning o‘zi shunana. Ko‘pchilik nima rasm bo‘lsa, o‘shaning ko‘yiga kiradi. Mana shu kunlarda o‘tmish va mashhur shaxslar tarixi, qo‘pol qilib aytganda, juda bozorgir bo‘lib qoldi. Ayniqsa, Amir Temur va uning avlodi tarixi rasm bo‘lib ketyapti. Shu bois bilgan ham, bilmagan ham o‘zini shu mavzuga uryapti. Lekin bilib yozsa, to‘g‘ri yozsa, nur ustiga nur. Biroq shunday bo‘lmayotibdi. Eng yomoni, Amir Temur faoliyatiga eski andozada yondashib, uni yana bosqinchi, talonchi va buzg‘unchiga chiqarib qo‘yishyapti. Masalan, ist’edodli faylasuf olimlarimizdan Haydar Aliqulov shu yo‘sinda yo‘l tutmoqda. U yaqinda bosmadan chiqqan bnr kitobida Amir Temur faoliyatidagi faqat salbiy tomonlarnn ta’kidlaydi, uni faqat zolim, bosqinchi, qonxo‘r bir shaxs sifatida, shahar va irrigatsiya inshootlarnni vayron qiluvchi shaxs sifatida ta’riflaydi. Uning bunyodkorlik faoliyati, mamlakat obodonchiligi, ilm fan va madaniyat rivojiga qo‘shgan katta hissasi, Rusiya va Bolqon mamlakatlari xalqlari taqdirida tutgan o‘rni xususida esa lom mim demaydi. U, hatto yo‘lto‘sar Uzun Hasanni Temurdan yuqori qo‘yadi. Xuroson Amir Temur davrida go‘yoki inqirozga tutib, Uzun Hasan davrida rivoj topgan emish. Birinchidan, Uzun Hasan (1453-1478) Temur bilan emas, balki Sulton Abu Said, Sulton Husayn va Alisher Navoiy bilan zamondosh. Nima, Husayn va Navoiy davri xarobmidi!? Ikkinchidan, Uzun Hasan va Oq qo‘yunlilar Xurosonda emas, balki Diyorbakr va Sharqiy Anatoliya ustidan hukmronlik qilganlar. Shunday bo‘lgach, Uzun Hasanning Xurosonga nima dahli bor?

Amir Temur va Temuriylar davri tarixini o‘sha zamonlardan qolgan ishonchli manbalarsiz o‘rganib bo‘lmaydi. Shunday manbalar istagancha topiladi. Nizomiddin Shomiy va Sharafiddin Ali Yazdiylarning «Zafarnoma» asari, Hofizi Abro‘ning «Zubdat ut-tavorix», Abdurazzoq Samarqandiyning «Matla’ us sa’dayn va majma ul bahrayn» kitobi, Mu’iniddin Natanziyning «Muntahab ut tavorix», Mirxondning «Ravzat us-safo» va Xondamirning «Habib us siyar» asarlari shular jumlasiga kiradi. Va yana Amir Temur va Temuriylarning Ovrupo va Osiyo mamlakatlari hukmdorlari bilan olib borgan yozishmalari («Maktuboti Temuriya» va b.) bor. Qolaversa, Amir Temur, Mironshoh va boshqa Temuriyzodalarni ko‘rgan, bilgan ovrupolik elchilar (Klavixo) va katolik missionerlar (Franchesko, Isaak va boshqalar)ning esdaliklari bor. Nihoyat, arxiyepiskop Ioanning 1404 yili yozgan «Dunyoni tanish xususida qo‘llanma» va yigirma to‘rt bobdan iborat «Temur haqidagi esdaliklar»i bor.

Xullas, o‘qib o‘rganaman degan odamga kitob va hujjatlar ko‘p. Lekin, so‘nggi ikki yil ichida asl manbalar turib, naql-rivoyatlar asosida yozilgan kitoblardai ikkitasi bosilib chiqdi. Bulardan biri Poyon Ravshanov 1990 yili «Cho‘lpon» nashriyotida chop etdirgan Salohiddin Toshkandiynnng «Temurnoma»si, ikkinchisn, yaqinda «Nur» ijodiy uyushmasi chiqargan «Zafar yo‘li» kitobidir. «Temurnoma» haqida biz o‘z vaqtida fikrimizni bildirganmiz. «Zafar yo‘li»ga kelsak, bu aslida Amir Temurning tarjimayi holiga oid (asli forscha) asar bo‘lib 1835 yili Qo‘qon xoni Muhammad Alixon (1821-1842)ning topshirig‘i bilan Xo‘jand qozisi Nabijon xatib tomonidan eski o‘zbekchaga tarjima qilingan bir asar. Asarning esa o‘zbekchadagi matni Rusiya Fanlar akademiyasi sharqshunoslik institutining Sankt-Peterburg bo‘limi kutubxonasida saqlanayotgan nusxasi (tartib raqami D. 193) asosida 1891 yili «Amir Temur. «Obstoyatelstvo yego jiznы, poxodы, ostanovki, srajeniya i mirы» nomi bilan N. P. Ostroumov tarafidan Toshkentda chop etilgan. Asar shu nashr asosida N. Likoshin tarafidan rus tiliga tarjima qilindi va 1894 yili Toshkentda chop etildi. Asarning B. A. Panov qilgan tarjimasi (Moskva, 1934) ham bor. «Zafar yo‘li» kitobi (nashrga tayyorlovchi Ashraf Ahmedov) mana shu Nabijon xatibning tarjimasiga asoslangan. Bir so‘z bilan aytadigan bo‘lsak, bu asar noshir aytganiday juda ham original asar emas. U aslida «Temur tuzuklari» «Zafarnoma» singari kitoblarga asoslanib yozilgan. Kitobda keltirilgan ma’lumot va faktlar haqiqatga zid emas. Kitob Amir Temurning 39 yoshigacha davr ichida bo‘lgan voqealar haqida umumiy tarzda hikoya kiladi. Lekin «Zafar yo‘li»da birmuncha xatolar mavjud. Asarda Amir Temur kurash olib borgan qandaydir o‘zbeklar haqida so‘z boradi. Aynan shunday gapni biz «Temur tuzuklari»da ham uchratgan edik. «Temur tuzuklari»da ham, «3afar yo‘li»da ham tilga olingan o‘zbeklar etnik o‘zbeklar emas, balki XIII — XIV asrlarda Dashti qipchoqning sharqiy qismi (hozirgi Qozog‘iston)da ko‘chib yurgan turk-mug‘ul qabilalaridir. Turkiston, Eron, Arabiston tarixchilarining asarlarida bu qavmlar «o‘zbeklar», ular ko‘chib yurgan mamlakat esa «O‘zbeklar mamlakati» deb atalgan. XIII asr o‘rtalarida, aniqrog‘i 1251 yildan keyin, «Movarounnahr» ya’ni Chig‘atoy ulusi Oltin o‘rda xonlarining ta’siriga tushib qoldi. Ana o‘sha yillardan boshlab, to Amir Temur zamonigacha Movarounnahr o‘sha Oltin o‘rdalik o‘zbeklarning siyosiy ta’siri ostida bo‘lgan. Buxoro va Movarounnahrning boshqa shaharlarida Oltin O‘rda askarlarn turgan. Dorug‘alarning ko‘pchiligi o‘sha o‘zbeklardan bo‘lgan. Biz bu masalani 1965 yili Moskvada chop etilgan «Gosudarstvo kochevыx uzbekov» degan monografiyamizda batafsil bayon etgan edik. Bu masalaga A. Yu. Yakubovskiy, A. A. Semenov kabi ulkan olimlarning asarlarida ham keng o‘rin berilgan. «3afar yo‘li» kitobining noshiri ham Amir Temur tarjimai holida tilga olingan o‘zbeklar tub Movarounnahr o‘zbeklari emas, balki «dasht o‘zbeklari» ekanligini kitobga ilova qilgan «so‘z boshi»sida ham, kitobning izoh qismida ham tushuntirishga harakat qilgan. Lekin durust tushuntirolmagan. Birinchidan, ularni «dala o‘zbeklari» deb atab chalkashliklar tug‘dirgan. Aslida ular ilm-fanda «ko‘chmanchi o‘zbeklar» deb ataladi. «Ko‘chmanchi o‘zbek»ni esa hamma yaxshi biladi. Va yana agarda u bu masala yirik tarnxshunos olimlar A. Yu. Yakubovskiy, A. A. Semyonov, P. P. Ivanov va b. tarafidan allaqachonlar ijobiy hal qilinganini aytsa, hech bo‘lmasa, bizning yuqorida tilga olingan kitobimnzni eslatganda, mutaxassis bo‘lmagan o‘quvchilar orasida anglashilmovchilik va e’tirozlarga sababchi bo‘lmagan bo‘lur edi.

Kitobda shaxs va joy nomlarnni yozishda ham jiddiy kamchiliklar uchraydi. Masalan, Berkal o‘rniga Bargul, Ijil no‘yon o‘rniga Ajal no‘yon, Kepakxon — Ko‘ppakxon, Inka Temur — Ingi Temur, Joku barlos — Chag‘uy barlos, Arsif — Arsaf, Jeta — Jata va h. k. yozilgan.

Izohlarda Amir Temur bilan Boyazid Yildirim o‘rtasida bo‘lgan muhoraba vaqti 1403 yilning kuzida deb noto‘g‘ri ko‘rsatilgan. Aslida bu voqea 1402 yilning 20 iyun kuni sodir bo‘lgan.

Ayrim jug‘rofiy nomlar va voqealar ham noto‘g‘ri izohlangan. Masalan, Balx daryosi deganda «Balx shahridan o‘tgan shu nomli daryocha» emas, balki Amudaryo anglashilgan. Dashti qipchoq esa noshir aytganday «Irtish daryosidan to Dunay daryosigacha yerlar» emas, balki Balxash ko‘lidan to Volga daryosigacha bo‘lgan yerlar va Janubiy Rus yerlari, to Dneprgacha anglashilgan. Manbalarni nashr etishda bunday xato va chalkashliklarga yo‘l qo‘ymaslikka iloji boricha harakat qilish lozim edi.

1994 yili ulug‘ munajjim va ilm-fan homiysi Mirzo Ulug‘bekning tug‘ilganiga 600 yil, oradan ikki yil o‘tib, 1996 yili kuragi yerga tegmagan ulug‘ sarkarda va yirik davlat arbobi Amir Temurning muborak tavalludiga 660 yil to‘ladi. Har ikkala sana, ham nafaqat o‘zbeklar, balki barcha turkistonlik uchun muborak, sharafli sana hisoblanadi. Shunday ajdodlarimiz borligidan faxrlansak, mag‘rurlansak arziydi. Lekin… G‘urur ham, iftixor ham bor bizda, ammo ko‘proq og‘izda. Mana uch-to‘rt yildan beri Amir Temur kattaning ham, kichikning ham og‘zidan tushmaydi: Temur bobom, Temur bobomiz… Amalda-chi? Maqtanadigan yerimiz yo‘q.

Mana, 1989 yildan beri AQSh, Frantsiyada Amir Temur haqida beshta katta kitob bosilib chiqdi. Bizda hali birorta yirik monografiya yozilgani yo‘q. G‘arbda bu ulug‘ shaxsni haqqoniy baholashayotibdi. Bizda bo‘lsa, eski tos, eski hammom. Mana, Mirzo Ulug‘bekning yubileyiga bir yil chamasi vaqt qoldi. Lekin hali sezilarli bir ish qilganimiz yo‘q. Olimning «Ziji jadidi ko‘ragoniy» va «Tarixi arba’ ulus» asarlarini rus va o‘zbek tillarnga tarjima qilib qo‘yganimizga ikki yil bo‘ldi, lekin nashriyotlar qog‘oz yo‘q bahona bilan ularni chop qilmayotirlar.

Ko‘hna tarixga, ulug‘ ajdodlar xotirasiga bo‘lgan mehr-muhabbatimiz, milliy g‘urur va iftixorni uyg‘otishga bo‘lgan ehtiyojlarimiz bu jabhada mas’ullik bilan ish tutib, yanada jonkuyarroq bo‘lmog‘imizni talab qiladi.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, 1993 yil, 5 fevral soni.