Baxtiyor Haydarov. Sohibqironning qilichi

Temuriylar tarixi davlat muzeyining burchagida oyna ostida bir surat bor. Damashqiy qilichning surati. Uning tagida qisqagina izoh yozilgan: “Amir Temurning qilichi”.
Suratda damashqiy qilichning sopi va bir qarichcha qismi aks etgan. Uni ko‘rgan kishida daf’atan shunday fikr tug‘iladi: bu qilich fototasvirga olinganiga qaraganda hozir ham bor ekan-da! Sohibqiron bobomizning qilichi qayerda saqlanmoqda?

Cohibqiron “Tuzuklar”ida shunday yozgan:
“Qilich ko‘tarib jang maydoniga otildim va shu tariqa dunyoda nom chiqardim”.
Naql etilishicha, Sohibqironning padari buzrukvori Amir Tarag‘ayga tushida nuroniy bir zot qilich hadya qilgan ekan. Amir qilichni qo‘liga olib havoda o‘ynatganida qilich yuzidan taralgan nurdan olam yorishib ketibdi. Amir Tarag‘ay tushini piri Amir Kulolga aytganida u bir o‘g‘il tug‘ilajagi va qilich bilan dunyoni fath etib, islomu imon uchun katta ishlarni amalga oshirajagini bashorat qilibdi.
Amir Temur “Tarjimai hol”ida aytishicha, hayoti mobaynida besh narsaga qat’iy e’tiqod qo‘yib, ularga doimo amal qilgan: Olloh, tafakkur, qilich, imon va kitob (bitik)dir.
Sohibqiron yoshligidan qilich kuchi ustuvor bo‘lgan muhitda o‘sib-ulg‘aygan. Ammo islomiy ta’limotni chuqur o‘zlashtirgan Amir Temur Amir Kulol va Abubakr Toyobodiy kabi piri komillarning nasihatlariga amal qilib harbiy qudratni adolatga xizmat qildirdi.
“Qaysi ishni chorayu tadbir bilan bitirishning iloji bo‘lsa, unda qilich ishlatmadim”, — deydi Sohibqiron.
Amir Tarag‘ay o‘g‘lining katta hayot yo‘liga qo‘lda qilich bilan chiqayotgani va umuman, unda bahodirona jangovarlik xususiyatlari ustunligidan nihoyatda sevinadi…
Amir Temur qilich o‘ynatish mahorati tufayli hayotidagi juda qaltis vaziyatlardan sog‘-omon chiqishga muvaffaq bo‘lgan.
1362 yili Amir Temur rafiqasi Uljoy Turkon bilan birga Mohon hokimi Alibek Joniqurboniy navkarlari tomonidan tutqunlikka mahkum etiladi. O‘shanda bo‘lajak jahongir 26 yoshda edi.
“Burgasi ko‘p qorong‘i uy”dagi oltmish ikki kunlik tutqunlik!
O‘sha alamli chog‘larda Amir Temur, agar bu zulmatdan xalos bo‘lsam, hech bir kimsani, avval aybini aniqlab olmasdan qamamayman, deya Olloh taolo nomi bilan qasamyod qiladi.
“Tuzuklar”da keyingi voqealar o‘ziga xos vazminlik bilan shunday hikoya qilinadi:
“Undan qutulish chorasini izlab, o‘z-o‘zim bilan kengashdim va Tangrining inoyati yetib, bahodirligim tutdi. Kuchli va chaqqon bilaklarim ish berib, soqchilardan birining qo‘lidan qilichini tortib oldim-da, ularga hamla qilgan edim, barisi qochib qoldi.
Qilich ko‘targanimcha, to‘g‘ri Alibekning ustiga bostirib kirdim. Meni ko‘rgach, hushi boshidan uchdi. Qilgan nomunosib ishidan pushaymon bo‘lib, mendan uzr so‘radi. Otlarimni, yaroq-jabduqlarimni hozirlatib, menga bir oriq ot va bir qari tuya tortiq qilgan bo‘ldi. Og‘asi Muhammadbek menga atab yuborgan bir qancha sovg‘a-salomlarini esa ochko‘zlik qilib o‘ziga olib qoldi. So‘ng ketishimga ruxsat berdi”.
Oltmish ikki kun nohaq azoblangan bahodir qo‘lida qilich, ko‘zlari yonib sherday vajohat bilan g‘animning qarshisida to‘satdan paydo bo‘lishini tasavvur qiling! Intiqom o‘tida yongan yigit bir zarb bilan zolim hokimni narigi dunyoga jo‘natishi mumkin edi. Ammo u qasos olishga shoshilmaydi. “Tarjimai hol”da yozilishicha, xuddi shu damda Alibek Joniqurboniy og‘asi Muhammadbekdan noma olgan bo‘lib, unda Amir Temurga yordam ko‘rsatish so‘ralgan edi…
“Qilichim o‘tkir bo‘lsa-da, o‘ylab qinidan chiqardim, shirin so‘z aytib, g‘animning imon topmog‘iga yo‘l ochdim”, — deydi u.
Sohibqiron hayotida uning o‘zi bevosita dushmanga yuzma-yuz kelib, bahodirona jang qilgan damlar ham ko‘p bo‘lgan. O‘z hukmdorining jangdagi shaxsiy jasorati lashkarlarga nechog‘liq qudratli ruh bag‘ishlashini tasavvur etish mumkin! Ana shunday janglarda Sohibqiron o‘z qilichini naqadar sharaf va nomus bilan tutganligi haqida juda ko‘p misollar bor:
1379 yili uchinchi marta Xorazmga yurish chog‘ida Xorazm hokimi Yusuf So‘fining boshiga qiziq fikr keladi. U ikki taraf kishilarining qoni to‘kilmasligi uchun o‘zi Amir Temur bilan yakkama-yakka olishmoqni istaydi. Sohibqiron bu taklifga rozi bo‘ladi. Amir Sayfiddin barlos unga o‘zining qimmatli hayotini tahlikaga solmaslikni tavsiya qilsa-da, Amir Temur uning gapiga kirmay, jang maydoniga bir o‘zi yetib kelib, “juda qattiq tovush bilan dushmanini chaqirdi” (Herman Vamberi). Behad tahlikaga tushgan raqib esa o‘z da’vatidan tonib, jang maydoniga chiqmaydi. Tarixchining yozishicha, jang arafasida o‘zini yo‘qotib qo‘ygan Yusuf So‘fi raqibining haqoratlarini unsiz tinglab o‘tirishdan boshqa iloj topolmaydi.
Solnomada ushbu jang bilan bog‘liq yana bir e’tiborli voqea darj etilgan: ko‘p o‘tmay, Amir Temur qarorgohiga Termizdan qovun keltirishadi. Sohibqiron oltin patnisda raqibiga qovun yuboradi. U qovunni suvga uloqtirib, patnisni mulozimlaridan biriga sovg‘a qiladi. Amir Temur Yusuf So‘figa Termizdan keltirilgan qovunni yuborib, unga nomardlik qilib jang maydoniga chiqmaganligi, uning nomaqbul xatti-harakatiga ramziy ishora qiladi. Ma’lumki, azaldan Termizga “Mardlar shahri” degan ta’rif berilgan. Bu ishorada mardlar shahridan kelgan qovunni yeb, senga ham ozgina mardlik yuqsin, ma’nosidagi shama bor edi.
1393 yil mayida Sheroz yaqinidagi jang ayniqsa qaltis kechgan. Bu haqda frantsuz tarixchisi Lyusyen Keren shunday yozadi:
“To‘s-to‘polon orasida asosiy qo‘shindan ajralib qolgan Temur va uning xos mulozimlarini ko‘rgan Shoh Mansur o‘ziga sodiq askarlari bilan ular ustiga otildi.
Shoh Mansur ko‘z ochib-yumguncha Amir Temur qarshisida paydo bo‘ldi. Uni ko‘rgan Temur qo‘riqchisidan nayzasini olmoqchi bo‘lib o‘girildi, biroq yonida hech kim yo‘q edi. Fursatdan foydalanib, Shoh Mansur shamshiri bilan uning boshiga ikki zarba tushirdi.
Dubulg‘aning mustahkamligi va, ayniqsa, ikkala safar ham dubulg‘asining silliq tomonini tutib bergan Temurning sovuqqonligi tufayli shamshir sirg‘alib ketdi.
Biroq Shoh Mansurning ajali yetgan edi… ”
Voqeaning davomi haqida “Temur tuzuklari”da quyidagilarni o‘qiymiz:
“Agar g‘anim bostirib kelib chopovul, shiqovul, barong‘or va javong‘or favjlarini mahv etib, o‘zini lashkarning qo‘l favjiga yetkazsa, u chog‘da sulton shijoat oyog‘ini sabr uzangisiga mahkam tirab, dushmanni daf qilib yo‘qotish uchun oldinga tashlansin. Chunonchi, men Shoh Mansur bilan jangda shunday qildim. U o‘zini menga yetkazdi va u bilan yuzma-yuz to‘qnashdim, toki uni halokat tufrog‘iga qormagunimcha urushdim”.
Dog‘iston, 1395 yil. Terek sohili. Ulug‘ Amir ko‘rnamak To‘xtamishga qarshi uchinchi bor lashkar tortishga majbur bo‘ladi. Shu yilning 15 aprelida Terek daryosi sohilida qudratli Oltin O‘rda davlati taqdirini hal etgan ulkan muhoraba boshlangan. Ko‘psonli, yaxshi qurollangan, tajribali va makkor yov ustidan zafar quchishda sarkardaning buyuk mahorati va jangdagi shaxsiy ibrati asosiy omil bo‘ldi. Jang asnosida dushmanning saralangan guruhi Shoh Mansurning qo‘lidan kelmagan ishni amalga oshirishga, ya’ni Movarounnahr lashkarlarini talvasaga solish uchun Amir Temurni o‘ldirmoqchi bo‘ladilar. Shu maqsadda ular Sohibqironni qo‘riqchilaridan ancha uzoqqa chalg‘itib, tezda bir necha askari bilan qurshab oladilar. Colnomachining yozishicha, “kamonining o‘qlari tugagan, nayzasi singan” Amir Temur “shamshirini tinmay ishlatib” oddiy navkar kabi mardona jang qilgan.
Yuqoridagi kabi ne-ne tarixiy damlarga guvoh bu shamshir! Amir Temur qilichining keyingi taqdiri qanday kechgan?
…1405 yil, 18 fevral. O‘tror hokimi Berdibekning saroyida buyuk lashkarboshi, davlat arbobi Amir Temur ibn Tarag‘ay uch marta “Lo iloho illo Olloh”, deya takrorlab jon berdi. Shunday qilib, Xitoy ustiga yurish rejasi uning vafoti tufayli bekor qilindi va Amir Temur jasadini Samarqandga olib borish Xo‘ja Yusufga topshirildi.
Tarixchi Ibn Arabshohning yozishicha, dastlabki vaqtlarda Amir Temurning qabri ustiga uning qimmatbaho liboslari yopilgan. Xonaning devorlariga esa uning jangovar yaroq-aslahalari osib qo‘yilgan. Bu jihozlarning barchasi qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan bo‘lib, eng arzonining bahosi bir viloyat solig‘ining bahosiga teng kelardi. Gumbazning shiftida esa osmondagi yorqin yulduzlar misoli oltin va kumush qandillar osilib turardi. Maqbaraning ichiga ipak va baxmal gilamlar to‘shab qo‘yilgan.
Maqbara ichini bunday oshiqcha narsalar bilan bezash shariatga to‘g‘ri kelmas edi. Shuning uchun 1409 yilning may oyida Samarqand taxtini egallagan Shohrux Mirzoning buyrug‘i bilan bu yerdagi oshiqcha ashyolar yig‘ishtirilib, qimmatbaholari xazinaga topshirildi. Balki, ularning ichida Sohibqiron shamshiri ham bo‘lgandir? Har holda, maqbara ichidagi qimmatbaho buyumlar 1409 yilgacha turgan bo‘lsa, demak, isrofgar shahzoda Xalil Sultonning hukmdorlik davridan “talofatsiz” chiqqan, deyish mumkin. Sohibqironning “eng arzoni bir viloyat solig‘ining bahosiga teng keladigan” jangovar aslahalari va yaroqlari xazinada qancha vaqt saqlangan ekan? Tarixiy manbalarda Amir Temur qilichi va yarog‘-aslahalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar uning vafotidan so‘ng oradan 300 yildan ziyod vaqt o‘tgach, yana tilga olinadi. Ammo bu gal… Keling, millatimizning eng tushkun va alamli kunlari tarixiga bir nazar solaylik.
Samarqand, 1740 yil…
Ashtarxoniylar sulolasining so‘nggi vakili Abulfayzxon hukmronligining so‘nggi kunlari. Mahalliy to‘ralar va urug‘lar o‘rtasidagi tinimsiz qonli nizolar oqibatida Buxoro xonligi nomigagina davlat sifatida yashayotgan edi. Yurtga yov kelganda, davlatni parokanda qilgan bu amaldorlar yurtning bor-bud boyliklarini yovga peshkash qilishdan o‘zga chora topmadilar…
1740 yili Eron shohi Nodirshohning qo‘shini Samarqandni bosib olganida qo‘lga kiritilgan o‘ljalar qatorida Amir Temurning qilichi, sovuti, Amir Temur jome’ masjididagi yetti xil ma’dan qotishmasidan yasalgan darvozani va hatto qabriga o‘rnatilgan yashm toshini ham to‘p kanorasiga ortilib, Mashhadga olib ketilgan. Bu haqda Nodirshohning saroy muarrixi yozib qoldirgan ekan. Ko‘p o‘tmay yashm toshi o‘z joyiga qaytarilgan, ammo darvoza, sovut va qilichning daragi noma’lum.
…Qilich haqidagi keyingi ma’lumot o‘tgan asrning boshlariga tegishli. Ingliz olimi Jekson 1903 yilda Amir Temur qilichini Tehrondagi saroy muzeyida ko‘rganligini yozib qoldirgan.
“Saltanat to‘nini kiygach, tinchligu sog‘ligim ketdi, o‘z to‘shagimda rohatda uxlash huzur-halovatidan voz kechdim”, – deb yozgan Sohibqiron bobomiz o‘z “Tuzuklar”ida. Afsuski, hukmronlik taxtiga o‘tirgan keyingi sulolalar g‘aflat uyqusiga berilganlar. Vaholanki, Amir Temur o‘gitlari barcha avlodlar uchun birdek dasturamal bo‘lishi lozim edi.
Mabodo Tehronga yo‘lingiz tushsa, jahongir bobokalonimizning qilichi saqlanayotgan muzeyni borib ko‘ring.
Taqdirni qarangki, Turon sultoniga tegishli bu qilich jahongirning vatanidan yiroqda turibdi. Uni keyingi avlodlar saqlay olmadilar, Sohibqiron vasiyat qilganidek, “nomus va sharaf bilan” tuta olmadilar. Bu bebaho merosga munosib egalik qila olmadilar!
Sohibqiron qilichi! U osoyishtalik, omonlik va adolat shamshiri. U qaysi yurtda bo‘lsa, o‘sha yerda qudrat, osoyishtalik, to‘kinlik va adolat ustuvor bo‘ladi!
Orzuga ayb yo‘q. Bu qilich istiqlolga erishgan avlodlarga qaytarilsa, naqadar ulug‘ ish bo‘lar edi. Bu qilich qarshisida mustaqil yurtimiz askar o‘g‘lonlarining “Harbiy qasamyod” marosimlari o‘tkazilsa, naqadar yarashardi!
Buyuk Sohibqiron bobomizning vasiyatini doimo yodda tutaylik:
…Men kibi uzun saltanat surmak istasangiz, qilichingizni yaxshi o‘ylab chekingiz. Bir da’fa chekkandan so‘ngra-da uni ustalik-la qo‘llangiz. Orangizga nifoq tuxumlari ekilmasligi uchun ko‘p diqqat bo‘ling…

Baxtiyor Haydarov
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2002 yil 49-sonidan olindi.