Bahodir Ermatov, Adhambek Alimbekov. Marsel Brion: Haqiqat va uydirma

Marsel Brion 1895 yil 21 noyabrda Frantsiyaning janubidagi Marsel shahrida advokat oilasida tug‘ilgan.

1908 yildan 1912 yilgacha Marsel Shveytsariyaning Lozanna shahrida Shanpitte kollejida ta’lim oldi. So‘ng o‘qishni Marseldagi Tiyer litse­yida falsafa yo‘nalishida davom ettiradi. Keyin Eks-an-Provans universitetining huquqshunoslik fakultetiga kiradi. Biroq, universitetni bitira olmaydi. Birinchi jahon urushi boshlanib, Marsel ko‘ngillilar qatori frontga jo‘naydi. Dardanella bo‘g‘ozida xizmat qiladi. Sog‘ligi yomonlashganligi sababli armiyadan qaytadi. Tugallanmay qolgan o‘qishini tamomlaydi.

Brion 1920 yilda Marsel shahar sudida advokat bo‘lib ish boshlaydi. So‘ng bu xizmatdan voz kechib, o‘zini adabiyot va san’atga bag‘ishlaydi. 1924 yildan boshlab jurnallarda ilk mashqlari bosilib turadi. U maslakdoshlari bilan “Les Cahiers du Sud” (Janubiy yozmalar) jurnaliga asos soldi. Bu jurnal nafaqat Frantsiyada, balki jahon miqyosida ham obro‘li nashrlardan hisoblanadi. Jurnal tahririyati Frantsiya janubidagi qadimiy Arl shahrida joylashgan. Marsel Brion mazkur jurnal bilan o‘ttiz yil hamkorlik qildi.

Ikkinchi jahon urushi yillarida Brion Marsel shahri radiosida vatanparvarlik ruhidagi maxsus rukn ochgan va uni boshqargan. Frantsuz qo‘g‘irchoq hukumati bilan hamkorlik qilishdan bosh tortgani uchun asarlarini chop etish ta’qiqlangan.

Brion yigirma yil davomida “Ikki dunyo” va “Adabiyot yangiliklari” jurnallari bilan hamkorlik qildi, yana yigirma yil “Le Monde” gazetasida “Chet el adabiyoti” ruknini boshqardi. 1964 yil Frantsiya fanlar akademiyasi haqiqiy a’zoligiga saylandi.

Marsel Brion 1984 yil 23 oktyabrda, Parijda, sakson to‘qqiz yoshida olamdan o‘tdi.

Vatani oldidagi xizmatlari inobatga olinib, Marsel Brion “Faxriy Legion”, “1914-1918 yillar urushidagi jasorati uchun”, “Adabiyot va san’atni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” va “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari bilan taqdirlangan.

Ko‘p qirrali iqtidor egasi Brion 1920 yildan boshlab har yili bittadan kitob yozgan. Olim qator romanlar, pesalar, adabiy-tanqidiy asarlar ham bitgan. Uning ijodini uch yo‘nalishga bo‘lish mumkin: badiiy asarlar; adabiy-tanqidiy asarlar; tarixiy asarlar. Olim yana Titsian, Mikelanjelo, Rembrandt, Makiavelli, Leonardo da Vinchi, Motsart kabi taniqli shaxslar haqida tarixiy biografik asarlar bitgan.

Brion asarlari dunyoning ko‘p tillariga, tarjima qilingan.

Marsel Brionning “Amir Temur” (Tamerlan) nomli kitobi 1942 yilda e’lon qilingan. Bu asar 1963 yili to‘ldirilgan holda “Asrlar solnomasi” turkumida “XIV asr. Tarixni yaratgan kishilar” ruknida nashr etilgan. Kitobning “Kirish” qismini akademik Jerar Valter yozgan. Rukndan, asosan, Brionning “Amir Temur portreti” (84x 108 1/32 formatdagi 78 sahifa) nomli asari joy olgan bo‘lib, unga “Amir Temur g‘anim ko‘zi bilan: Ibn Arabshohning “Temur tarixida taqdir ajoyibotlari” asari (211-236-betlar), hamda “Amir Temur tuzuklari” (237-274-betlar), “Amir Temur Marshal Busiko nigohi bilan” (275-278-betlar), “Amir Temur va uning saroyi Sultoniya arxiyepiskopi nazarida” (279-302-betlar), “Amir Temur va uning saroyi ispan elchisi Rui Gonsales de Klavixo tasvirida” (303-356-betlar) kabi bo‘limlari ilova sifatida kiritilgan. Ilovalar asliyatidan frantsuz tiliga tarjima qilingan.

2011 yil “Yangi asr avlodi” nashriyoti tomonidan Marsel Brionning “Menkim, Sohibqiron – jahongir Temur” nomli asari o‘zbek tilida chop etildi. Bu “yangi” asarni Farhod Ro‘ziyev va Fozil Tilovatov o‘zbekchalashtirgan.

O‘tgan davr ichida to‘rt marotaba nashr etilgan bu asarning qaysi tildan tarjima qilinganligi ko‘rsatilmagan. Ma’lum bo‘lishicha, u rus tilidan o‘girilgan ekan. Ruscha varianti Erondagi “Mastoufi” nashriyoti tomonidan chop etilgan bo‘lib, nashr etish huquqini go‘yoki “Marsel Brion merosxo‘rlaridan sotib olgan”.

Mazkur kitob tuzilishi jihatidan sharqona “nomalarni” yodga soladi. Go‘yo uni yetmish yoshga to‘lgan Sohibqiron Amir Temur o‘z qo‘li bilan bitgan emish. Asar Amir Temurning bolalik yillaridan boshlanib, Xitoyga yurishi arafasida yakunlanadi.

Asarning o‘zbekcha nashriga yozilgan so‘zboshi va tarjimada qator ang­lashilmovchiliklar bor. Jumladan, “Ulug‘lashga loyiq inson, sarkarda va davlat arbobi haqida asar” nomli so‘zboshida (tarix fanlari doktori, professor Shodmon Vohidov, iqtisod fanlari nomzodi Farhod Ro‘ziyev) “Tamerlan” asarining birinchi tahririni Marsel Brion 1942 yili, to‘ldirilgan va qayta ishlangan ushbu romanini 1963 yili Parijdagi Albin Mishelga qarashli “Wraitten in French” bosmaxonasida chop ettirgan” deb o‘tiladi.

Birinchidan, Marsel Brion “Tamerlan”i roman emas, balki ocherk va solnomalardan olingan parchalardan iborat to‘plamdir.

Ikkinchidan, o‘zbekcha tarjima so‘zboshi mualliflari ta’kidlaganlaridek, asarning 1963 yildagi nashri Parijdagi Albin Mishelga qarashli “Wraitten in French” bosmaxonasida emas, balki “Albin Michel” nomli nash­riyotda chop etilgan. “Wraitten in French” esa bosmaxona nomi emas – balki kitoblar oxiriga qo‘yiladigan eslatma bo‘lib, “Frantsuz tilida yozilgan” degan ma’noni bildiradi.

Asarning “Bolalik yillarim va shayx Shamsiddindan saboq olgan davr­larim” deb nomlangan birinchi bobining oxiri quyidagicha yakunlanadi:

“Otamdan iltimos qilib, shu masalani bir-ikki yil to‘xtatib turishlarini so‘radim. Chunki uylanish yigitning kuchini kesib, uni zaif qilib qo‘yadi, deb hisoblar edim. Biroq keyinchalik Sultoniya shahrining nasroniy yepiskopi bilan qilgan suhbatim asnosida bildimki, o‘z vaqtida uylanish yigitning jismoniy quvvatini kamaytirmas ekan”.[1]

Yulduzcha belgisi ostida tarjimonlar quyidagicha izoh beradi: “Sultoniya shahrining nasroniy yepiskopi Amir Temur Ko‘ragon bilan qilgan qizg‘in suhbatlari ta’sirida juda qimmatli esdalik yozdirib qoldirgan. Biz ayni shu joyda mazkur memuarni e’tiboringizga havola etamiz va u Marsel Brion tomonidan Frantsiya Milliy kutubxonasidan topilganini va o‘zbek tilida ilk bor o‘quvchilar etiboriga (?) havola etilayotganini eslatib o‘tmoqchimiz”.

Aslida esa Sultoniya shahrining arxiyepiskopi Ioann Amir Temur tomonidan Frantsiya qiroli Karl VI huzuriga elchi sifatida yuborilgan va unga Sohibqironning maktubini yetkazgan. Ruhoniy Ioann 1403 yil may oyining boshida Parijda paydo bo‘ladi. U Amir Temurning tamg‘asi bosilib, zarhal harflar bilan bitilgan ishonch yorlig‘ini Frantsiya qiroli Karl VIga topshiradi. Arxiyepiskop qirol saroyida Karl VI, Berri, Burgundiya, Orlean, Burbon, Britaniya gertsoglari, yana ko‘plab boshqa yuqori mansabli shaxslar huzurida nutq so‘zlab, tashrifining ikki sababini bayon qiladi: birinchisi, Amir Temurning Boyazid ustidan qozongan g‘alabasini ma’lum qilish, ikkinchisi, Frantsiya qirolini o‘z ko‘zi bilan ko‘rish va u haqida Amir Temurga so‘zlab berish. Arxiyepiskop, Karl VIning topshirig‘iga binoan “Amir Temur va uning saroyi haqida xotiralar” kitobini yozgan.

“Xotiralar” Frantsiya Milliy kutubxonasining frantsuz fondida 5624 (fol.63 Ve) va 12201 (fol.84 Ie) raqamlari ostida saqlanadi. Ikkita qo‘lyozmasini 1894 yil frantsuz sharqshunosi Xenri de Moranvile topgan va bu haqida Frantsiya akademiyasida ma’ruza qilgan.[2] Xenri de Moranvilening guvohlik berishicha, arxiyepiskop o‘zining “Amir Temur va uning saroyi haqida xotiralar”ini frantsuz tilida bitib, sof frantsuz tilida ma’ruza qilgan.

Ko‘rinib turibdiki, o‘zbek tarjimonlari bu dalillarni noto‘g‘ri sharhlab, kitobxonni chalg‘itishadi. Qolaversa, kitob mutarjimlarining Sultoniya arxiyepiskopi Ioan “Xotiralari” ancha ilgari o‘zbek tiliga eski frantsuz tilidan bevosita tarjima qilinib, respublikamizda uch bora e’lon qilinganligidan xabarlari yo‘qqa o‘xshaydi. Zero “Xotiralar” ilk bora “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” haftaligida (Amir Temur va uning saroyi. 13 may, 2005), so‘ng “Jahon adabiyoti” jurnalida (Amir Temur va uning saroyi haqida xotiralar // Jahon adabiyoti, 2007 y. №4, 125-140 b.) va to‘ldirilgan varianti G‘afur G‘ulom nomidagi NMIU (Amir Temur va uning saroyi haqida xotiralar// “Amir Temur Yevropa elchilari nigohida” kitobida, 2007 y. 169-195 b.) tomonidan nashr etilgan.

Bundan tashqari, asarning birinchi bobi so‘nggida “Sultoniya yepiskopining esdaligi” keltirilib, unda shunday deyiladi: “Samarqandda Ispaniya elchisi Klavixoni hurmat ehtirom bilan qabul qilib, undan: “Bizning sevimli o‘g‘limiz Kastiliya qirolining ahvoli qanday?” – deb so‘raganini o‘zim eshitdim”.[3] Birinchidan, “Sultoniya arxiyepiskopi Ioanning Amir Temur haqidagi esdaliklari” asarining ruscha variantida Amir Temur so‘zi so‘nggidagi “…deb so‘raganini o‘zim eshitdim” jumlasi yo‘q. Ikkinchidan, Ioann hech qachon Samarqandda bo‘lmagan va shu sababli Sohibqiron bilan Klavixo o‘rtasidagi suhbatni “o‘zi eshitishi” mumkin emas. Uchinchidan, esdalikning na ruschasi va na o‘zbekchasi asliyatiga mos emas. Bunga ishonch hosil qilish uchun Xenri de Moranvilening yuqorida keltirilgan asariga hamda arxiyepiskop xotiralarining o‘zbek tilida e’lon qilingan nashrlariga murojaat qilish kifoya.

Eng asosiysi, Marsel Brion “Menkim, Sohibqiron – jahongir Temur” nomli kitobni yozgan ham, “tuzgan” ham emas. Agar tuzganda ham unga ruscha matnning so‘nggida keltirilgan bo‘hton gaplarni kiritmagan bo‘lardi. Zero, yuqorida eslatib o‘tganimizdek, Brionning 1963 yilda e’lon qilgan kitobida, boshqa asarlar parchalari kabi, arxiyepiskop xotiralari ham keltirilgan. Brion Amir Temurni chuqur hurmat qilgan (buni uning “Amir Temur” kitobini o‘qigan odam biladi). Bundan tashqari, yepiskop Amir Temurning Yevropadagi elchisi bo‘lgan. Qaysi bir elchi o‘z davlati rahbari haqida bo‘hton gaplarni aytishi yoki ularga chidab turishi mumkin?!

“Menkim, Sohibqiron – jahongir Temur” noshiri Zabihulla Mansuriy frantsuz adibi Marsel Brion nomidan ustalik bilan foydalangan. Asarning ruscha matniga so‘zboshi bitgan Abd ul-Jalil Abd ul-Rashid va noma’lum tarjimon esa unga “Marsel Brion bilmagan ayrim faktlarni kiritib, to‘ldirganlar”.

Bizning shu mavzudagi maqolamiz “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” haftaligida bosilganidan so‘ng buyuk ajdodimiz hayoti va faoliyati haqidagi gaplarga befarq bo‘lmagan professorlar, iqtisodchilar, temurshunoslar, hatto talabalardan kelgan aks-sadolar respublikamiz gazeta-jurnallarida chop etildi. Ular ham “kitobni tayyorlashda fors tarjimonlari Amir Temur hayotiga doir har xil oldi-qochdi, “qo‘liga ilingan manbalardan foydalanishgan”ini to‘g‘ri qayd etganlar.[4] Haqiqatan ham kitobning qator boblari “Temur tuzuklari”ni yodga soladi. Mazkur bob­larda, hatto “Tuzuklar”ning uslubi ham saqlangan. Masalan, oltinchi bob: “Aziz farzandlarim! So‘zlarimni yaxshilab qulog‘ingizga quyib oling, mendan so‘ng mamlakatni boshqarish sizning zimmangizga tushadi, shuning uchun men o‘rnatgan tartib-qoidalarga amal qiling, uning (?) (ularning) boshqalar tomonidan ham bajarilishi (?) (bajarilishini) qat’iy nazorat qilib boring…”[5]

Kitobda tarixiy haqiqatga zid qator voqealar, jumlalar keltirilgan. Jumladan, Samarqandga, Amir Temur huzuriga Shomdan ikki “mashhur sayyohlar, taniqli olimlar” tashrif buyurishadi. Kitobda yozilishicha “Keyinroq ma’lum bo‘ldiki, mehmonlarning biri – halab fuqarosi, ikkinchisi esa damashqlik ekan. Inson taqdirida ko‘p ajib sir-sinoatlar borkim, ularni anglashdan ojizmiz. Xususan, o‘sha kuni Samarqandda ko‘rishganim ikki sayyohning avlodidan ikkita olim chiqib, ikkisi ham men haqimda kitob yozishi xayolimga ham kelgan emas… Sayyohlardan biri shomlik Kamoliddin xonadonida ulg‘aygan Nizomiddin Shomiy men haqimda “Zafarnoma” kitobini yozdi. Damashqlik Arabshoh xonadonida dunyoga kelgan farzand, hozirda Ibn Arabshoh nomi bilan mashhur olim esa men haqimda kitob boshlab, hali yozib tugatgani yo‘q. Men bu kitobni ko‘rganim yo‘q, ammo uning o‘zi bu kitobni “Ajoyib ul-maqdur fi tarixi Taymur” (“Temur tarixida taqdir ajoyibotlari”) deb nomlamoqchi ekanini aytdi”.[6]

Amir Temur nomidan aytilgan bu “to‘qima” gaplardan tashqari kitobda qator tarixiy shaxslar va joy nomlari ham buzib talqin qilinadi. Masalan, Kaspiy dengizining nomi goh Xazar, goh Abeskun dengizi deb beriladi.

Eng achinarli jihati, Sohibqironning farzandi Umarshayx ismining buzilishidir. U kitobda har doim “Shayx Umar” deb ko‘rsatiladi. Temurshunoslarning barchasi ismini Umarshayx deb ataganlari holda tarjimonlar bu ismga quyidagicha izoh beradi: “Ayrim tarixchilar o‘z asarlarida Amir Temur o‘g‘li Shayx Umarni Umar Shayx deb ataydilar”. Bu bilan Umarshayxni din arbobi Shayx Umarga aylantirib qo‘yadilar.

Kitobda yozilishicha, Amir Temur – shafqatsiz hukmdor, berahm ota. U hatto o‘z farzandlariga ham shafqat qilmaydi. Janggohlarda amirzodalar Umarshayx, Jahongir va Mironshohlarni hech ikkilanmay aniq o‘limga yo‘llaydi. Nishopur uchun jangda Jahongirga shunday deydi: “Har qancha dovyurak, epchil bo‘lmagin, qamal qilingan qal’ani ishg‘ol qilish chog‘i o‘zing oldingi safda borma! Bem’ani o‘lim topasan…” Biroq, shu yerning o‘zidayoq: “…harbiy bo‘linma boshliqlarim, jangchilarim jangda men hatto o‘g‘limni ham qurbon qilishga tayyor ekanimni ko‘rishlari, oddiy jangchi bilan mening o‘g‘lim o‘rtasida farq yo‘qligini anglashlarini istayman”[7] deydi. Forsda Shoh Mansur bilan jangga otlangan Mironshohga Sohibqiron quyidagicha o‘git qiladi: “O‘g‘lim bo‘lishingga qaramay, sening jang maydonida o‘lishing men uchun bir jangchimning o‘limi bilan teng”. Shu zahotiyoq uning o‘limi haqida Samarqandga xabar berishga shaylanadi: “Men o‘sha ondan e’tiboran, uning onasiga o‘g‘lining o‘limi haqida maktub jo‘natishga tayyorlana boshladim”.[8]

Kitobda Amir Temurning Sa’ad Vaqqos ismli o‘g‘li bo‘lganligi haqida so‘z yuritiladi. “Kech tushgan payt o‘g‘lim Sa’ad Vaqqosni huzurimga chorladim. U mening o‘g‘illarim orasida eng kichigi – endi 18 yoshga to‘ldi”[9] “Sa’­ad Vaqqos javob qildi: “Ey, Amirim! Xotirjam bo‘ling, men hamma ishni Temurning o‘g‘li degan unvonga munosib tarzda amalga oshiraman!”[10] Bu soxta o‘g‘ilning yana shunday ayanchli qismati ham to‘qib chiqarilganki, bundan maqsad Amir Temur siymosini xiralashtirish ekanligi sezilib turadi.

Kitobdagi chalkashliklarni yana davom ettirish mumkin. 1376 yilda xas­talik tufayli olamdan o‘tgan Jahongir oradan o‘n bir yil o‘tib, 1387 yilda Isfahonda jang qilib yuradi. Turklar Sohibqironga turkcha murojaat etsa, u forscha javob beradi. Eng qizig‘i, Jaloliddin Rumiyning “Masnaviy ma’naviy” kitobidan nafratlanadi. Arab tilini bilmagan musulmonlarni besh vaqt namozni kanda qilmasalar-da, g‘ayridinlikda ayblaydi.[11]

Kitobda Amir Temur qonxo‘r inson, umrini faqat jangu jadalda o‘tkazishni xohlovchi sarkarda sifatida tasvirlangan. Bunga asardan joy olgan yigirma olti bobning yigirma beshtasi misol bo‘la oladi. Ular mos ravishda “Buxoro shahrining zabt etilishi”, “Choch uchun jang”, “Firdavsiy yurtiga safar va Nishopur uchun jang”, “Janubiy Xurosonga yurish”, “Isfahon uchun jang”, “Mo‘g‘ul hukmdori bilan jang”, “Qipchoqlar mamlakatidagi jang” va hokazolar. Xullas, Sohibqiron janglarsiz yasholmaydi.

Choch uchun jangdan so‘ng Sohibqiron yetti yil davomida Movarounnahrda obodonchilik va qurilish ishlari bilan mashg‘ul bo‘ladi. “Ammo u yoshi yetmishni qoralagan payt, o‘sha etti yillik umri behuda ketganiga achinadi. Zero, bu muddat mening eng gullab yashnagan, vujudim rosa kuchga to‘lgan davrimda o‘ttiz uch va qirq bir yosh oralig‘ida kechganidan taassufdaman”. So‘ng tarjimonlar asarning ruscha variantida bo‘lmagan quyidagi jumlani qo‘shimcha qiladilar: “Axir o‘zingiz o‘ylang, mana shu davrni jangu jadallar bilan kechirsam saltanatim sarhadlarini yana qanchalar kengaytirishim mumkin edi”.[12]

Anqara jangida Boyazidning movarounnahrliklarga qarshi muhorobada jang aravalaridan foydalanganligi esa haqiqatdan mutlaqo yiroq. “Old qismida o‘rnatilgan o‘roqsimon katta metallning o‘tkir tig‘lari yo‘lida yo‘liqqan hamma narsani o‘rib, yakson qilishga qodir”.[13] Bunday jang aravalar qadimgi tarixda makedoniyalik Aleksandr tomonidan qo‘llanilgan bo‘lib, Anqara jangi haqidagi manbalarda esa bu to‘g‘rida hech bir eslatma yo‘q.

Bu soxta asarni ruschadan o‘zbekchaga o‘girishda ham qator kamchiliklarni uchratish mumkin.

Xususan, “Xurosonga ikkinchi safarim va Sabzavorga yurishim” nomli sakkizinchi bobda Umarshayx qirq ming suvoriydan iborat lashkar bilan Sabzavor yaqinida joylashgan Mazinanga kirishi lozim edi. Biroq undan darak bo‘lmagach Sohibqiron Umarshayxdan xabar olish uchun Jahongirni qirq ming kishilik suvoriy bilan Mazinanga jo‘natadi. Asarning o‘zbekcha tarjimasida Jahongirning qirq ming kishilik lashkari to‘rt mingga aylanib qolgan.[14]

Aynan shu bobdan olingan quyidagi boshqa bir misol ham tarjimonlarning matematikadan olgan bilimlari u darajada yuqori emasligidan darak beradi. Ruscha matn:

“Ya skazal glashatayu: “To, chto ya skaju seychas Muxammadu, povtori gromko dlya svedeniya emira Sabzevara.”, zatem ya izlojil sleduyuщee povestvovaniye: “Moy predok Alp-Arslan trista pyatdesyat let tomu nazad voyeval s pravitelem Vizantii Diogenom IV i pobedil i plenil yego”.[15]

O‘zbekcha matn: “Jarchiga so‘zlarimni takrorlab turishni tayinlab, bir voqeani so‘zladim. Jangchi uni baland ovozda takrorlab turdi: “Muhammad! (Sabzavor amirining akasi – izoh bizniki) Mening ajdodim Alp Arslon bundan ellik yil muqaddam Vizantiya qiroli Diogen IV bilan jang qilib, uni engan (?) (enggan) va asir olgan ekan”.[16]

Bizningcha bu yerda izohga hojat yo‘q.

Tarjimonlar ba’zi so‘z va iboralarni rus tilida berib yuborganlar.

Ruscha matn: “Burya dlilas tselыy den i tseluyu noch…” [17]

O‘zbekcha matn: “Bo‘ron bir sutka ko‘zni ochirgani qo‘ymadi, – dedi u”.[18]

“Ya’juj va Ma’juj devorini borib ko‘rdim: uning balandligi o‘n zar’ va eni uch zar’ bo‘lib katta xarsangtoshlardan ko‘tarilgan ekan. Toshlar bir-biriga eritilgan svinets qorishmasi bilan biriktirilgan. Men borib ko‘rgan payt devorning ayrim qismlari buzilgan, ammo uni hali ham oshib o‘tish mushkul, prozli zaryad bilan portlatibgina bu maqsadga erishish mumkin edi”.[19]

O‘zbekcha tarjimadagi imlo xatolari haqida gapirmasa ham bo‘ladi.

Yaqinda “Yoshlar” telekanalidagi “Yoshlik navolari” dasturida yosh xonanda Bahriddin Zuhriddinovning bir qo‘shig‘i berildi. Saviyasi haminqadar bu qo‘shiqqa ishlangan klipda qizning izidan qolmay yurgan yigit, yetib olgach qizning qo‘lidagi kitobni so‘raydi. Qizning qo‘lida esa “Menkim, Sohibqiron – jahongir Temur” kitobi turibdi. Bu qanday reklama bo‘ldi? Keyingi paytda, mazkur soxta kitobning targ‘iboti shu darajadaki, hatto “Marsel Brion” degan qo‘shiqlar ham paydo bo‘ldi. Yosh tadqiqotchi T.Mo‘minov esa “Adolat saltanati” maqolasida shunday yozadi: “Frantsiya­lik temurshunoslar yozgan asarlar ichida professor Marsel Brion kitoblari alohida o‘rin tutadi. Uning asarlarida Sohibqiron Amir Temur bobomiz shaxsi, hayotiy faoliyati, siyosiy va harbiy sohalarda tutgan yo‘liga oid ma’lumotlar o‘rin olgan. Bunday mufassal ma’lumotlar boshqa nasriy manbalarda kam uchraydi. Voqealar Amir Temur nomidan hikoya qilinib, ommabop uslubda yozilgan”.[20] Marsel Brionning qaysi kitob­lari, asarlari nazarda tutilayotir? “Mufassal ma’lumotlar…” deya urg‘ulashning o‘zi munozarali. Umuman, maqolada Marsel Brion kitobiga ilmiy manbadek qaralgan, vaholanki, bunday yondashish xatoligi kitobning kirish qismida aytilgan.

Ushbu kitobning qanchalik hayotiy ekanligi ilgari ham taniqli adib va olimlarimiz tomonidan shubha ostiga olingan. Asar “Menkim, fotih Temur” nomi bilan qisqartirilgan holda 1995 yil “Sharq yulduzi” jurnalining 1-2-sonlarida bosilgan. Unga o‘z fikrini bildirgan adib Muhammad Ali shunday yozadi: “Temurning Ibn Arabshoh kitob yozgani haqida gapirish noo‘rin, chunki 1436 yilda yozilgan kitob haqida Amir Temurning ma’lumot berishi anaxronizmdan boshqa narsa emas. Xulosa shulki, ushbu asar Amir Temur tomonidan emas, balki anonim avtor tomonidan yozilgan degan fikrga boradi kishi. Bunga asarning kelish yo‘li – turkiysi topilmagach, inglizchadan frantsuzchaga, undan forschaga, undan o‘zbekchaga tarjima qilinishi – dalolatday tuyuladi”.[21]

Hakim Sattoriyning fikricha ham ushbu kitob “…Sohibqironning haqiqiy hayotidan chala xabardor kishi tomonidan yozilganga o‘xshaydi”.[22]

Pirimqul Qodirov “Menkim, Sohibqiron – jahongir Temur”ning 1971 yil Tehronda nashr etilgan forscha – “Manam Temuri Jahonkusho” matnini o‘qigan. U kishining ta’kidlashicha “…M.Brionning mazkur kitobida haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan xayoliy uydirmalar ko‘p uchraydi”.[23]

Eng so‘nggisi, Marsel Brionning hech qachon “Menkim, Sohibqiron – jahongir Temur” nomli kitobni tuzmaganligini “Marsel Brion kutubxonasi” nomli Jamg‘arma ham tasdiqlaydi. “Marsel Brion asarlari ro‘yxati”da “Menkim, Sohibqiron – jahongir Temur” nomli kitob yo‘q. Buni Jamg‘arma mutasaddilari bilan bog‘lanib, aniqlash qiyin emas.

“Marsel Brion kutubxonasi” Jamg‘armasining raisi janob Andre Vays kotibi Doris Yakubek. Jamg‘arma telefon raqami: 021 721 05 53.

Amur Temur shaxsiyatiga yuksak baho bergan Marsel Brion “Menkim, Sohibqiron – jahongir Temur” asarida tasvirlangandek mantiqqa to‘g‘ri kelmaydigan jihatlarni yozmaganligi aniq.

Bu fikrlarni inobatga olib, ushbu asar mutarjimlari kitob tarjimasiga kirishdan oldin temurshunos olimlaru adiblar va shu soha mutaxassislari bilan maslahatlashib ish ko‘rishganida, foydadan xoli bo‘lmas edi.

* * *

Yuqoridagi mulohazalardan kelib chiqib Marsel Brion o‘z qo‘li bilan yozgan Amir Temur haqidagi ocherkni jurnalxonlar e’tiboriga havola etmoqdamiz.

 

XIV ASR. TARIXNI YaRATGAN KIShILAR AMIR TEMUR[24]

Kirish: Asr taqdirini hal qilgan inson[25]

XIV asr taqdiri Sharqda hal bo‘lardi. G‘arbda insonlar oxiri ko‘rinmas sulolaviy janglarning qonli botqog‘iga botib yurgan bir paytda, sharqliklar eski saltanatlarni qilich va olov bilan buzib, yangilarini tiklamoqda edilar. Ana shu paytda Osiyoning markazidan otilib chiqqan Amir Temur o‘zining tarixiy vazifasini muvafaqqiyatli o‘tadi.

Amir Temur bilan Boyazid o‘rtasidagi kelishmovchiliklar tarixi uzoqdan boshlanadi. Tarixdan yaxshi ma’lumki, XIV asr oxirida Usmonli turk sultonlari Yevropaga ko‘z tikdi. 1396 yili hozirgi Bolgariya hududida joylashgan Nikopol shahri yaqinida Yevropa qirollarining birlashgan qo‘shinlari bilan turk lashkarlari o‘rtasida shafqatsiz jang bo‘lib o‘tdi. Bu muhorabada turk qo‘shinlari zafar quchdi. Shundan so‘ng ular Sharqiy Rim imperiyasining poytaxti Konstantinopol (hozirgi Istambul) shahrini qo‘lga kiritish uchun yurish boshladi. Shahar qamal qilindi.

Konstantinopol qamal qilingach, vizantiya imperatori Manuel Paleolog yordam so‘rab, Yevropa poytaxtlari tomon yo‘l oldi. U dastlab Venetsiyaga, so‘ng Parijga keladi. Bu paytda Frantsiya qiroli Karl VI uzoq muddat betob bo‘lib qoladi. Manuel qirol bilan uchrasha olmaydi. Uzoq kutish naf bermaydi.

Parijda vaqtini bekorga o‘tkazayotganini anglagan Manuel Angliya qiroliga murojaat etishga qaror qiladi. Genri IV uni qabul qilishga rozilik beradi.

Ingliz qiroli va’dalarni katta qildi. Askarlar, kemalar va mablag‘ berajagini bildirdi. Biroq, Genri IV o‘z va’dalarini bajarishga shoshilmadi. To‘g‘ri, qirollik xazinasidan Manuelga katta miqdorda pul ajratildi. Askarlarga kelganda, Manuelga qirol va’da qilgan harbiy yordam qachon yuborilishi hozircha noma’lum ekanligini, bu haqida unga kerakli vaqtda xabar berilajagini ma’lum qilishdi.

Manuel tushkunlikka tushgani yo‘q. U qirolning va’dasiga ishonar va buning uchun faqat kutish kerak, deb bilardi. Kutish uchun esa Parijdan yaxshi joy yo‘q edi.

Uzoq davom etgan xastalikdan qutulgan Karl VI bu xabarni eshitib xursand bo‘ldi va Konstantinopolga jo‘natilajak ingliz qo‘shiniga rahbarlik qilishni Marshal Busikoga topshirishga qaror qildi. Shu munosabat bilan Manuel Vizantiyada qolgan do‘sti va sirdoshi Krisolorasga Parijdan quyidagi mazmunda maktub yo‘lladi: “Hamma ishlar joyida. Ushbu noma qo‘lingga tekkach, ko‘p o‘tmay biz ham yetib boramiz”.

Biroq vaqt o‘tar, va’da qilingan ingliz yordamidan esa darak yo‘q edi. Shu orada Manuel Londondan xat oldi: “Qirol hazrati oliylarining o‘zlari ham ko‘p sonli raqiblarga qarshi kurashishga majbur bo‘lganliklari sababli sizga va’da qilingan harbiy yordamni bera olmasliklari uchun uzr so‘raydilar”.

Umidlar puchga chiqqan edi.

Manuel yana Venetsiyaga murojaat qildi. Uning qayg‘usiga hamdard bo‘lsalar ajab emas! Respublika Senati unga chuqur hamdardlik bildirib, Venetsiya harbiy kemalari (atigi ikki dona…) Konstantinopol himoyasida ishtirok etayotganini eslatdi, xolos. Manuel murojaat etgan Florentsiya kommunasi ham ta’sirli hamdardlik bildirdi: “Uyat! Qanday zamonlarga qoldik! Iso Masihning nomi bulg‘anmoqda, forslar va troyaliklarni yenggan qudratli va shavkatli Ellada jon berish arafasida turibdi! Florentsiya xalqi butun vujudi ila siz bilan birga. Iloji bo‘lganda edi u sizga bor imkoniyati doirasida yordam berardi. Biroq uning o‘ziga ham butun Italiyani o‘z zulmi ostiga birlashtirmoqchi bo‘lgan boshqa bir “Boyazid” tahdid solmoqda”.[26]

Manuelning yagona umidi esa Frantsiyadan edi. Biroq kuzning boshida Karl VIning yana telbalik kasali qo‘zg‘ab qoldi, Konstantinopolni xalos etish haqida endi gap ham bo‘lishi mumkin emasdi.

Qish ham kirdi. Barcha urinishlari besamar ketgan Manuel Parijda qolib ketdi.

Bu orada Konstantinopol qamali davom etar, Boyazid shaharni ocharchilikka mahkum etgan edi. Marshal Busiko qoldirgan “lashkarlari” atigi ikki yuz kishidan iborat bo‘lib, haqiqiy askarlarning soni yuztadan ort­masdi. “Bu lashkarning boshlig‘i Shatomoran ismli shaxs katta imkoniyatlarga ega bo‘lib, (yordam qidirib ketayotgan Manuel Paleolog marshal Busikoning tavsiyasiga binoan unga genuyaliklarning Peradagi banklaridan katta miqdorda kredit olish huquqini bergan edi), undan faqat o‘z shaxsiy boyligini orttirish yo‘lida foydalandi hamda amakisining o‘rniga vaqtinchalik imperator bo‘lib qolgan Jan (Ioan) Paleologni o‘z holiga tashlab, juftakni rostlab qoldi. Ilojsiz qolgan Jan shahar darvozalarini turklarga ochib berish arafasida edi. So‘nggi daqiqalarda u o‘z fik­ridan qaytdi.

Dunyo buyuk ahamiyatga ega bo‘lgan tarixiy voqea, ikki gigant – Amir Temur va Boyazid to‘qnashuvi arafasida turardi.

Marsel Brionning qo‘lingizdagi asarida bu haqida hikoya qilinadi.

Quyida biz shu voqea tahliliga oid ayrim mulohazalarimizni bayon qilamiz.

Qudratli fotih (Amir Temur – B.E. izohi) hal qiluvchi jangga har taraflama va ehtiyotkorlik bilan tayyorgarlik ko‘rish lozimligini juda yaxshi bilardi. Qanchadan-qancha zafarlarni qo‘lga kiritib, qator xalqlar va davlatlarni zabt etgan jahongir bu jangga yengil-elpi kira olmasdi. U usmonli turklar davlatining har bir qadamini diqqat bilan kuzatib borardi. Boyazidning muvaffaqiyatlaridan, ayniqsa uning Nikopolda quchgan zafaridan u “Murodning o‘g‘li” (Temur raqibini shunday atashni odat qilgan edi) o‘zi shu paytgacha zabt etgan Osiyo davlatlariga qaraganda jangovar, jasur, yaxshi qurollangan va tajribali qo‘shinga ega ekanligini bilardi.

“Anqara inqirozi”ning boshida Amir Temur Boyazidga qarshi kurashishni shaxsan xohlamagan ko‘rinadi, zero uning fikri-yodini ko‘pdan beri Xitoyga yurish band etgan edi.

Sharafiddin Ali Yazdiy tufayli Amir Temurning zamonaviy mashhur solnomachilari u bilan Boyazid o‘rtasidagi to‘qnashuvning asosiy sababi sultonning Sohibqiron himoyasida bo‘lgan saljuqiy xonlarga nisbatan yomon munosabatida, deb ko‘rsatishadi.

Amir Temurning Jan (Ioan) Paleologga yo‘llagan va zamonaviy muarrixlar e’tiboridan chetda qolgan maktubi bu to‘qnashuvga o‘zgacha nigoh tashlashga imkon yaratadi.[27] Avvalo inqirozning yuzaga kelishida Vizantiya­da joylashgan genuyaliklar koloniyalari rahbarlari o‘ynagan rolga e’tibor bermoq kerak. Mixail Paleolog Konstantinopolni qo‘lga kiritgach, Rim imperiyasi parchalanib ketdi, venetsiyaliklarning Vizantiya bozorlaridagi yakka hokimligiga barham berilib, genuyaliklar o‘zlarining eski raqiblariga nisbatan katta qulaylik va yengilliklardan foydalana boshladilar. Konstantinopolning turklar qo‘liga o‘tishi esa genuyaliklarning tijoraviy faoliyatiga butunlay chek qo‘yar va venetsiyaliklarning bu yerlarga qaytishiga qulay imkoniyat yaratardi.

Shuning uchun ham Jan (Ioan) Paleolog Konstantinopolni usmonli turklar qo‘liga topshirishga ahd qilganidan xabar topgan genuyaliklar uni bu yo‘ldan qaytardilar va Amir Temur bilan aloqa o‘rnatishga undadilar. Vizantiya shu paytgacha Boyazidga to‘lab kelayotgan xirojni Amir Temurga to‘lab, uning himoyasiga o‘tsa nima qilibdi? Vizantiyaga hech qachon ko‘z olaytirmagan Amir Temur uni o‘z holiga qo‘yar, Boyazid esa, aksincha, shaharga kirar-kirmas Ioandan uni tark etishni talab qilgan bo‘lardi. Ioan Paleologga bu taklif ma’qul tushdi va u saroyda egallagan mavqei bizga noma’lum Franchesko ismli ruhoniyni Amir Temur huzuriga yo‘lladi. Birodar Francheskoga Sohibqiron bilan shartnoma tuzish uchun “sharoitni o‘rganib chiqish” topshirildi.

Dengiz orqali Trabzonga yetib kelgan ruhoniy safarini davom ettirishda qator qiyinchiliklarga uchragan. U bu haqida Amir Temurga so‘zlab bergan. Sohibqiron Francheskoni iliq kutib olgan. Ruhoniy Konstantinopolga qaytib kelgan va oradan ko‘p o‘tmay Jan (Ioan) Paleologning rasmiy maktubi bilan Amir Temur huzuriga qaytib borgan. Maktubda imperator Vizantiya va Peradagi genuyaliklar shu paytgacha Boyazidga to‘lab kelgan xirojni bundan buyon Amir Temurga to‘lashga so‘z bergan edi.

Amir Temur “imperator Manuelning leytenanti”ga uning taklifiga umuman rozi ekanligini, biroq hali ham Boyazid bilan til topishishga urinib ko‘rish lozimligini bildiradi. “Agar, – deb yozgan edi Sohibqiron o‘z maktubida, – sulton Konstantinopol qamalini ko‘tarib, lashkarlari egallagan shahar va qal’alarni qaytarib, Vizantiyaga yetkazilgan zararlarni qoplasa, gap tamom, mening u bilan ishim bo‘lmaydi”.

Shu ma’noda Boyazidga elchilar ham yo‘llandi. Biroq sulton bu taklifga qat’iy rad javob qildi. Endi urush ochishdan boshqa chora qolmagandi.

Boyazidga qarshi urush ochishga tayyorgarlik ko‘rayotgan Amir Temur dengizda ham kurash olib borishga to‘g‘ri kelishini yaxshi bilardi. Buning uchun kuchli harbiy kemalarga muhtoj edi.

Shu ma’noda u Peradagi genuyaliklarga chopar yo‘llab, ulardan to‘liq qurollangan yigirmata kema berishni talab qilgan. Shunday talabnoma Trabzon imperatoriga ham jo‘natilgan.

Amir Temur o‘ziga shu paytgacha mutlaqo yetishmay turgan bu harbiy dengiz kemalarini turk qo‘shinlariga qarshi Ovrupadan Osiyoga o‘tish yo‘lini to‘sish uchun qo‘llamoqchi bo‘lgan, u aynan shu yerdan zarba berishni mo‘ljallagan edi.

Ko‘rinib turibdiki, Amir Temur Boyazid qo‘shinlariga Bosfor bo‘g‘ozida – Yevropadan Osiyoga o‘tish yo‘lida hujum qilmoqchi bo‘lgan. Shu sababli Amir Temur Vizantiyaning muvaqqat imperatori Jan (Ioan) Paleologga maktub yo‘llagan. Maktubda shunday deyilgan:

“Imperator Manuelning leytenantiga.

Sen yo‘llagan ruhoniy Franchesko huzurimizga keldi va sening maktub­laringni bizga yetkazdi. Biz alarni o‘qib chiqdik va haqiqiyligiga ishonch hosil qildik. Ushbu orqali senga shuni ma’lum qilurmizki, maktubingni o‘qib chiqqach, bizning umuminsoniy manfaatlar xususidagi qiziqishimiz bisyor ortdi. Bizdagi bu qiziqish ruhoniy Francheskoning ilk tashrifidan so‘ng ancha kuchaygan edi. Trabzon imperatori unga ko‘p to‘siqlar qo‘yibdi, biz bundan qattiq ranjidik. Biz unga chopar yo‘llab, yaxshi qurollangan yigirmata kema berishni amr qildik. Amrimiz ijobat etilib, elchilarimiz Trabzondan qaytib keldilar va endi Yildirim ustiga yurish qilishga tayyormiz. Vakillaring huzurimizga tashrif buyurgach, kelgusi amallarni alar bilan kelishib olurmiz. Ushbu maktubni senga ruhoniy Franchesko emas, o‘zga bir kishi yetkazishidan ajablanma. Men uni (Francheskoni – B.E.) elchilarim bilan birga Yildirim Boyazidning huzuriga jo‘natdim. U tez orada elchilar bilan qaytadi, aniq ma’lumotlar olib keladi. Ruhoniy ul elchilarga sening nomingdan shunday debdi: “Konstantinopol va Pera tomonidan Boyazidga to‘lab kelingan xiroj bundan buyon buyuk hukmdor Temurga to‘lanadi”.

Biz bunga o‘z roziligimizni bildirdik, zero Boyazidning mushkuli oson bo‘lg‘ay. Boyazid senga kun bermayotgan ekan, men unga qarshi urush ochmoqchiman. Biroq u senga barcha shaharlar va istehkomlarni qaytarib bersa, senga yetkazgan barcha talofatlarini qoplasa, mening u bilan ishim bo‘lmaydi. U sening mol-mulkingni qaytargani haqida menga xabar ber. Ochig‘ini yoz. Zero mening odamlarimga Trabzonda ko‘rsatilgan qarshilikdan so‘ng, bu shahar boshlig‘ini o‘zimga itoat qildirdim, toki sen kemalarni bizga jo‘natishda zarracha ham aziyat chekmagin. Menga yozadigan maktubing aniq-ravshan bo‘lsin, zero Trabzon imperatori ham o‘z lashkarlari bilan biz tarafga o‘tadi. Shunday ekan, o‘zaro kelishuvimiz kuchga kirishi mumkin. Ushbu maktubni yetkazuvchi Isoq (Isaak) senga aytur va maktubda bitilganidek, sen ham bizga yigirmata kema berishing va ul kemalar bilan Trabzonga kelishing lozim. Biz esa to‘la ishonch va qat’iyat ila oydin yo‘lga qadam qo‘yamiz. Muhrimiz bosildi va jo‘natildi (1401 yil 15 may)”.[28]

Bu maktub ilk bora Marino Sanudoning Vite dei dogi (Rerum italicarum scriptores, t. XXII)da keltirilgan.

Pera shahridagi genuyaliklar bu taklifga rozi bo‘lganlar va shaharcha devorlari uzra Amir Temurning tug‘ini ko‘targanlar. Trabzonliklar ham rozi bo‘ldilar, zero o‘zini mustaqil deb hisoblagan Trabzon imperatori yuzaga kelayotgan qarama-qarshilikda betaraf qolishni istar, Vizantiya bilan Amir Temur o‘rtasidagi muzokaralarga vositachilik qilib, Boyazidning qahriga uchrashdan cho‘chirdi.[29]

Ali Yazdiy bergan ma’lumotlarga ko‘ra Amir Temur lashkarining umumiy soni 800.000 kishiga teng bo‘lgan. “Sohaning ajoyib bilimdoni” frantsuz turkshunosi Lyusen Buva bu raqamni to‘g‘ri deb ko‘rsatadi. Olmon muarrixi Roloff, aksincha, bu raqamni “haqiqatdan mutlaqo yiroq va telbalarcha mubolag‘alashtirilgan”, deb hisoblaydi. Roloffning taxminiga ko‘ra Amir Temurning lashkari atigi 15.000-20.000 askardan iborat bo‘lgan.[30] Zotan, uning fikricha, moddiy jihatdan 800.000 kishilik qo‘shinni Dajla daryosi yoqalaridan Anqaragacha bo‘lgan ming kilometrlik masofaga ikki oy ichida olib o‘tishning aslo iloji yo‘q. Olmon olimiga quyidagicha javob berish mumkin:

“– Sezar, Aleksandr va Amir Temur kabi shaxslar haqida gap ketganda “iloji yo‘q” degan tushuncha o‘ta nisbiy ma’no kasb etadi”.

Osiyolik buyuk fotihlar harakatga keltirgan ko‘plab odamlar oqimi butunlay jangchilardan iborat bo‘lgan emas: askarlar ularning bir qismini tashkil etgan. Amir Temurning zamondoshlari uning lashkari bir necha yuz ming askardan tashkil topgan, degan xulosaga kelgan bo‘lishsa ajabmas. Armanistonlik ruhoniy Tomas de Mezdopning fikricha, Amir Temur Damashqni ishg‘ol qilgan paytda uning qo‘shini 750.000 askardan iborat bo‘lgan.

Bizningcha, Boyazid lashkarlarining soni 110.000 kishidan iborat bo‘lgan, zero u Nikopol jangida ham shu miqdordagi qo‘shin bilan qatnashgan edi. Biroq shuni nazarda tutish kerakki, Bosfor va Profontid bo‘g‘ozida turgan Vizantiya va Trabzon harbiy kemalari sabab turklar Ovrupa qit’asidagi lashkarlarini tutib turishga majbur edi. Shu sababli ham Boyazid qo‘shini o‘z raqibiga nisbatan kam sonli bo‘lib qolgan.

Yunon muarrixi Kalkondilosning guvohlik berishicha, hal qiluvchi jang arafasida Boyazid askarlari orasida sultonga nisbatan norozilik hukm surgan, buning asosiy sababi qo‘shinda o‘rnatilgan qattiq tartib va askarlarning maoshlarini o‘z vaqtida to‘lanmasligi bo‘lgan. Yunon muarrixining fikricha, Boyazidning vazirlaridan biri Ali Poshsho agar sulton Amir Temurga qarshi jangda g‘olib chiqishni istasa, askarlaridan o‘z qarzini uzishi kerakligini maslahat bergan, biroq buning foydasi bo‘lmagan, ya’ni Boyazid qarzini uzmagan.

Shu muarrixning guvohlik berishicha, Boyazid sarkardalaridan biri, sultonning tangalari Amir Temur qo‘l ostidagi o‘lkalarda zarb etilmoqda, shuning uchun ham sulton ularni o‘z askarlariga ko‘rsatishga jur’at eta olmayapti, deb hazil ham qilgan.

Boyazidning bandi etilishi xususida esa turli rivoyatlar mavjud. Bu rivoyatlarga qo‘shimcha qilib vizantiyalik Dukasning ko‘pchilikka ma’lum bo‘lmagan hikoyasini keltirish mumkin:

“Movarounnahrlik jangchilar qichqirisha boshlashdi: “Sulton Boyazid, otingdan tush-da, seni kutayotgan Amir Temur huzuriga bor”. Shunda sulton o‘zining qimmatbaho arabi otidan tushib, movarounnahrliklar uni o‘z hukmdorlari huzuriga olib borish uchun tayyorlab qo‘ygan past bo‘yli otga o‘tirdi.

Boyazid qo‘lga olinganidan xabar topgan Amir Temur sarpardasini tikishni buyurdi va o‘g‘li bilan forsiylar shatranj, rimliklar shaxmat deb atovchi o‘yinga kirishdi. Bu bilan u Boyazidni bandi qilish uni qiziqtirmasligini va o‘zining ko‘p sonli lashkarlari sultonni xuddi qafasga solingan qushdek qo‘lga tushirishlarini namoyish etmoqchi edi…

Ulug‘ amirning odamlari Boyazidni Sohibqiron chodiri oldiga olib keldilar va uni olqishlab murojaat qildilar:

“Taslim bo‘lgan va qo‘l-oyog‘iga kishan urilgan turk Sultoni amringga muntazir!”. Amir Temur o‘zini o‘yinga qattiq berilgan qilib ko‘rsatar, askarlar esa Boyazidni olib kelganliklari haqida qattiqroq qichqirar edilar. Shunda Amir Temur o‘rnidan turdi va o‘g‘liga qarab dedi: “Shoh va mot!”

Amir Temur portreti (ruhiyati)8[31]

Buyuk fotih ruhiyati hanuz bahstalab muammolardan biri bo‘lib, bu borada aniq bir gap aytish qiyin.

Evropalik yoxud osiyolik muarrixlarning solnomalarini o‘rganar ekanmiz, ko‘z o‘ngimizda Temurning boshqa fotihlar va saltanat asoschilaridan ancha murakkab, ziddiyatlarga to‘la qiyofasi namoyon bo‘ladi. U o‘z yurishlarining ayrim lahzalarida kuch ham ishlatadi, rahm-shafqat ham ko‘rsatadi. U Aleksandr Makedonskiy kabi o‘zi zabt etgan o‘lkalar fani, madaniyati va san’ati shaydosi edi.

Uning janggohlarda ko‘rsatgan sarkardalik mahorati bor butunicha va turfaligicha o‘rganilsa katta kitob bo‘ladi.

Amir Temur o‘ta mohirona yuritgan tashqi siyosat qat’iy talablar va makr-hiylalarga shunchalar boyki, bu siyosatning bosh yo‘nalishi va asosiy omillarini ajratib olish juda mushkul. Yashindek zarba berishga qodir bu qiziqqon inson sabr-bardoshli ham bo‘lib, biror nodon raqibni chalg‘itish uchun, kezi kelganda, o‘zini ko‘r va kar ham qilib ko‘rsata olardi.

Amir Temur eng og‘ir holatlardan chiqishning oqilona yo‘llarini topa bilgan. U o‘z faoliyatining boshida Osiyoni zabt etishga shaylanganida – Yevropa keyingi yurishlar uchun mo‘ljallangan edi – uning yonida atigi bir siqim, tom ma’noda bir hovuch, uning uchun jonini ham berishga tayyor hamrohlari bor edi, xolos. Keyinchalik Osiyoning barcha xalqlari vakillaridan tashkil topgan behisob lashkarlari ham uni sevib-ardoqlab, ortidan ergashib yurishdi. Bu lashkarlarni yagona vatanparvarlik ruhi birlashtira olmas, Amir Temur ularni o‘z shaxsiy avtoriteti bilan birlashtirib va ushlab turardi. Harbiy tartibning metindek mustahkamligi, Markaziy Osiyo cho‘llarida, Kavkazning muz qoplagan tog‘larida, Himolay cho‘qqilarida Sohibqiron o‘z askarlari bilan barcha qiyinchiliklarni birga baham ko‘rishi butun qo‘shinni bir jonu bir tan qilib jipslashtirgan edi. Bu omillarga Amir Temur taxtga o‘tirgan birinchi kunidan to umrining oxirigacha, ya’ni Xitoyga yurish chog‘ida olamdan o‘tgunicha Sohibqiron va askarlar o‘rtasida hukm surgan yakdillikni qo‘shish lozim.

Amir Temurning lashkarlari o‘ta harakatchan edilar, suvoriylar juda qisqa muddatgagina – u ham bo‘lsa dam olish paytlarida – tulporlarining egarlarini yechishar, yil bo‘yi – yozni yoz, qishni qish demay, jazirama issig‘u qahraton sovuqda, kechasiyu kunduz, har on, har soniyada jangovar do‘mbiralarning birinchi zarbidanoq jangga kirishga shay turardilar. Zero Amir Temurning dushmanlari ko‘p edi va baxtga qarshi ular Fors ko‘rfazidan Sibir dashtlarigacha, Qora dengizdan Tinch okeanigacha yoyilib ketgandi.

Amir Temur qurgan saltanatning huquqiy asoslari samaradorligini Napoleon joriy qilgan Kodeks tamoyillari keltirgan nafga taqqoslash mumkin.

Amir Temur omadli askar, tom ma’nodagi tavakkalchi edi.

“Temur” – “temir odam” degani.

O‘rni kelganda shuni ham ta’kidlash kerakki, Atilladan (xunlar tilida Etzel – Etzel – temir degani) Stalingacha buyuk fotihlar va xalqlar dohiylarining ismlari va taxalluslarida metallar muhim ahamiyat kasb etgan.

Amir Temur 1388 yilda, ellik uch yoshga kirib ulkan saltanatning hukmdori bo‘lganida, xuddi Lorentso de Medichini “Muzaffar” deb ataganlaridek, “Ko‘ragon”, ya’ni “Munavvar” degan oddiygina unvonga ega edi.

Saltanatda diniy huquq hukmron edi. Amir Temur shu qadar dono ish yuritar ediki, o‘zini islomga sodiqligini ko‘rsatar va shu bilan birga g‘ayridinlarga yaxshi munosabatda bo‘lardi. Davlat dini, tabiiyki, Muhammad alayhissalom dini, uni tarbiyalagan, faol qo‘llab-quvvatlab turgan ulamolar dini edi. Chingizxon atrofidagi shamanlar qanday obro‘-e’tiborga ega bo‘lsa, uning saroyida musulmon shayxlar ham xuddi shunday katta ta’sirga ega edi. Garchi ba’zi mualliflar barcha yirik muhorabalarda Amir Temurning musulmoncha rahm-shafqatni unutib qo‘yishini ta’kidlasalar-da, uning diniy e’tiqodini shubha ostiga olishga hech qanday asos yo‘q. U shunday zukko inson ediki, din bilan davlatning yelkama-elka hamkorlik qilishi zarurligini juda yaxshi anglardi hamda o‘ziga nisbatan qattiqqo‘l, boshqalarga bag‘rikeng bo‘lib, el-yurt orasidagi hurmatini dadil mustahkamlab borardi.

Aynan ulamolar Amir Temur bilan islom dini o‘rtasidagi munosabatlarni belgilab turishdi, u esa o‘zining Forsga yurishi uchun sunniylar va shialari o‘rtasidagi nifoqni bahona qildi – barcha fotihlar o‘z xatti-harakatlarini oqlash uchun bahonalarga muhtoj bo‘lishgan… Movarounnahr hukmdorini Isfaxon, Bag‘dod va Dehli o‘ziga maftun etar, Pekin va Kons­tantinopol diqqatini tortardi, va, agar Olloh uning umrini uzoq qilganida, ehtimol, Rimga ham yetib kelardi.

Amir Temur zabt etgan musulmon davlatlardagi ayrim fitnachi ulamolar uni ikkiyuzlamachilikda ayblashar va ma’jusiy Chingizxon yasoqi o‘rniga shariat qoidalarini o‘rnatmaganligini bunga dalil qilib ko‘rsati­shardi. Aslini olganda esa yasoq qo‘shinda ko‘chmanchi xalqlar vakillaridan yig‘ilgan askarlar orasida tartib saqlash uchun zarur edi. Ulamolar uni haqiqiy dindorlar orasida birdamlikni buzishda va musulmon xalqlarga qarshi jang qilishda ayblashardi. Bu ta’nalarga Amir Temur uyg‘ur va Ili bo‘yilik chig‘atoyliklarga yoxud Dehli sultonlariga hujum qilar ekan, buni sunniy mazhabiga chuqur hurmati tufayli qilishini, shialar esa ma’jusiylardan ko‘ra ko‘proq gunohga botganligini sabab qilib ko‘rsatardi.

Biroq ulamolar yuksak madaniyatli bu sarkardani chuqur hurmat qilardilar. U musulmon edi, musulmon bo‘lganda ham chin musulmon edi.

Amir Temur yuksak irodali inson edi. Uning siymosida ruhiy qudrat va jismoniy kuch uyg‘unlashib, zafarlariga zamin yaratardi.

O‘z fuqarolari va dushmanlari ko‘z o‘ngida har bir harakati uchun ishonch­li dalillar topa bilishi, Chingizxon kabi faqat jismoniy kuchga ishonmasligini, aksincha, raqiblari unga ongli ravishda bo‘ysunishlarini xohlashini ko‘rsatadi. Unga “Siz Ollohning yerdagi soyasisiz” degan iltifot xush yoqardi. “Zafarnoma”da quyidagi jumlani o‘qish mumkin: “Olloh Amir Temurga va uning avlodlariga Osiyo hukmdorligini topshirdi, zero uning tinch-osuda hukmronligi ostida xalqlar rohat-farog‘atda hayot kechirishlari lozim edi”.[32]

XIV asr so‘nggida va XV asr boshida qudratli saltanat tuzgan Amir Temur tinch-osuda hukmronlik qila olmasdi. U zabt etgan o‘lkalarni o‘ta hushyorlik, isyonkorlarni qattiq jazolash evazigagina itoatda ushlab turish mumkin edi. Zabt etilgan o‘lkalarda qo‘rquv, vahima urug‘ini sepibgina isyonlarning va ezilgan xalqlarda milliy tuyg‘u uyg‘onishining oldini olish mumkin bo‘lardi. Ispan elchisi Klavixoni va arab muarrixlarini hayratga solgan aloqa hamda ayg‘oqchilik xizmatlari saltanatda yo‘lga qo‘yilgan edi. Biroq Osiyoning bir burchagidan ikkinchisiga tinmay ot qo‘yib yurgan hukmdor kuch-qudrati agar barcha fuqarolari o‘zlarini doimiy nazorat ostida sezsalar va biror norozilik belgisini namoyish etishlari bilan u yashinday qaytib kelishini his qilib tursalargina samarali bo‘lardi.

Amir Temurdan oldin o‘tgan birorta ham mo‘g‘ul yoki turk fotihi u kabi dono va madaniyatli bo‘lgan emas. Atilla va Aleksandr Makedonskiyda alohida-alohida mavjud bo‘lgan qarama-qarshi xislatlar Amir Temur shaxsida g‘alati bir uyg‘unlik hosil qilgani kishini hayratga soladi. Chingizxon kabi muhorabani yaxshi ko‘rib, janggohlarda lashkarlari bilan yonma-yon turib kurashsa-da, bunyodkorlikda Lyudovik XIVdan yuqori edi. Agar biz tarozining bir pallasiga u vayron etgan shaharlarni, ikkinchisiga qurgan Samarqand mo‘jizalarini qo‘ysak, bu yodgorliklar san’at va madaniyatga yetkazgan zararlari o‘rnini oshig‘i bilan qoplaydi. Yo‘qsa, uning adabiyot, me’morchilik va musiqaga muhabbatini, fors shoir­lariga, Mesopotamiya san’atkorlariga ko‘rsatgan hurmat-ehtiromini qanday izohlash mumkin?

Amir Temur o‘zi aytib yozdirgan voqealardan, solnomachilarining hikoyalaridan uning ruhiyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘liq deb bo‘lmaydi. Zamondoshlarida va kelgusi avlodlarda dahshatli taassurot qoldirishni istagan Atilla va Chingizxondan farqli o‘laroq, Amir Temur odamlar uni oqil, sovuqqon, ochiqko‘ngil, adolatli, saxovatli bo‘lgani uchun hurmat qilishlarini istardi.

Mohir diplomat va adolatli hukmdor Amir Temur o‘z nutqlarida, arab muarrixlariyu ajnabiy elchilar bilan qurgan suhbatlarida hamda Yevropa hukmdorlari bilan yozishmalarida o‘ziga xos donoligu fikr va tuyg‘ularining saraligini namoyish etardi. U o‘n olti yoshidayoq “dunyo ilon va chayonlar to‘la oltin sandiqdan iborat”ligini yaxshi bilardi.

Janglar, siyosat va diplomatiya unga quyidagi oddiy haqiqatni o‘rgatgan edi: “Nodon do‘stdan dono dushman afzal”, “O‘n ming kishi bilan uzoqda yurgandan ko‘ra, o‘n kishi bilan zarur joyda bo‘lgan ma’qul”. O‘z muhriga “Kuch – adolatda” deb yozdirganida u haq edi. Tavakkal qilib va faqat bugunni o‘ylab ish ko‘rgan barcha tavakkalchilar kabi paragmatik fotih ba’zan yashindek tez bir qarorga kelar, ba’zan uzoq o‘ylanardi. U o‘z farzandlariga davlatni boshqarish haqida quyidagi o‘gitlarni bergan edi: “Saltanat ishlarining bir qismi sabru toqat bilan, yana bir qismi esa bilib-bilmaslikka, ko‘rib-ko‘rmaslikka solish ila o‘lur”.

Amir Temur o‘g‘li Mironshohga Xalokuxon uluslarini topshirar ekan shunday nasihat qilgan: “Sen o‘z nomingni abadiylashtirish zaruriyatini ko‘rmog‘ing va bu foniy dunyo voqea-hodisalaridan yiroq turmoq chorasini topmog‘ing lozim”.

Amir Temurning tabiati va amalga oshirgan ishlari haqida sharqlik muarrixlar yozib qoldirgan barcha ma’lumotlarni ham jiddiy deb hisoblab bo‘lmaydi, ularning ko‘pchiligi buyuk fotihni qoralab tasvirlashgan, jumladan Ibn Arabshoh shunday yo‘l tutgan.

Hasadgo‘y muarrixlar Amir Temur qurbonlari sonini bo‘rttirib ko‘rsatgan, deb ishonging keladi, biroq raqamlar ushbu vazifa uchun maxsus tayinlangan amaldorlar tomonidan belgilanib, aniqlashtirilganidek taassurot tug‘diradi.

Amir Temur raqibi To‘xtamishxon bilan ittifoq tuzgan Moskva knyazi Vasiliy I Dimitriyevichni jazolamoqchi bo‘lgan va shu maqsadda Volga bo‘yida joylashgan, Saroy va Ashtarxon shaharlariga kuchli zarba bergan.

Ayrimlar Sohibqironning nafaqat Rossiyaga, balki boshqa o‘lkalarga qilgan yurishlari chog‘ida ham ko‘plab qurbonlar bo‘lgan degan fikrlarni bildiradilar.

Amir Temurning beparvoligi tufayli amalga oshirilgan talonchilik­lar natijasida asosan o‘sha davrdagi Osiyoning eng madaniyatli va eng rivojlangan uchta shahri qattiq aziyat chekkan. Bular – Isfaxon, Damashq va Bag‘dod. Bu shaharlarda Amir Temur olimlar, ulamolar, shoirlar va san’atkorlarni o‘z himoyasiga oladi, ularga g‘amxo‘rlik qildi. Uning bu harakati ma’lum maqsadga yo‘naltirilgan bo‘lib, unga ilm va san’at ahli posboni, yuksak darajada madaniyatli hukmdor degan shuhrat keltirdi.

Bolaligida shayxlar tarbiyasini olgan va ulg‘aygach harbiy yurishlari chog‘ida turfa mamlakatlarning eng bilimdon insonlari bilan muloqotda bo‘lgan bu kishi, shubhasiz, madaniyatni cheksiz hurmat qilgan, ilm-fan muammolariga chuqur yondashgan. U dunyoga kelgan barlos urug‘i kambag‘allashib qolganiga qaramay, chuqur fikr yurituvchi va halol kun ko‘ruvchi insonlardan tashkil topgan edi.

Amir Temurning poytaxti va saroylarining hashamati ajnabiy hukmdorlar va elchilarni maftun etgan. Sohibqiron ularni kiyim-boshi, qurol-yarog‘i, serma’no nutqi bilan lol qoldirardi. U oqsuvsar mo‘ynasidan tikilgan, javohirlar bilan bezatilgan telpak kiyib yurar, salla o‘ramagan edi.

Amir Temurni Chingizxonga qiyoslash jiddiy xato, chunki u mo‘g‘ul emas turk bo‘lib, u tug‘ilgan jamiyat qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanar, ona zaminga qattiq bog‘lanib qolgan edi.

Inson ruhiyatining bu zukko bilimdoni na biror raqibini afv etishda va na biror do‘stidan shubha qilishda hech qachon adashmagan. Vaqt uning uchun xizmat qilgan, ya’ni u kuta bilgan, hal qiluvchi zarba berish uchun qulay muddatni hatto yillab kutgan va, aksincha, payti kelganda to‘satdan harakat qilgan. Faqatgina makon uning rejalari to‘liq amalga oshishiga to‘sqinlik qilgan, harakatini cheklagan. Saltanati kengaygani sari, qudrati susaygan, ya’ni chegaralar kengaygani sari boshqaruv qiyinlashgan. Biroq, qulay paytda birinchi bo‘lib hujum qilishga majbur bo‘lgan, yo‘qsa o‘zgalar uning o‘ziga noqulay paytda hujum qilishlari mumkin edi.

Aleksandr Makedonskiydan boshlab barcha fotihlar har doim o‘z zafarlariga ishongan holda jangga kirgan desak, xato qilgan bo‘lamiz. Atilla va Napoleon kabi buyuk sarkardalar hayotida shunday daqiqalar kelganki, ular bo‘lajak muhorabada halokatga uchrashlarini to‘liq anglagan holda jangga kirishga majbur bo‘lganlar, zero ularning boshqacha yo‘l tutishga ilojlari qolmagan. Biroq, ulardan farqli o‘laroq, Amir Temur qayerda va kim bilan jang qilmasin eng qudratli saltanatlarda – mamluklarga qarshi, usmonli turklarga qarshi, eroniylarga qarshi – har safar omad unga yor bo‘lgan. Aminmizki, uning Xitoyga qarshi boshlagan yurishi, agar u bevaqt olamdan o‘tmaganida, albatta, zafar bilan tugardi. Zero, u agar o‘zi birinchi bo‘lib raqibiga zarba bermasa, tavakkal qilmasa, bir kunmas bir kun raqibi unga hujum qilishi mumkinligini ham, ana shunda jang vaqti va maskanini o‘zi tanlay olmasligini ham juda yaxshi bilardi. Uning Oltin O‘rda va To‘xtamishni mahv etishni paysalga solib yurishiga asosiy sabab ham oqibati nima bilan tugashi noma’lum muhorabadan voz kechish va ixtilofni tinch yo‘l bilan hal qilish istagidir.

Amir Temur uchun urush eng so‘nggi chora bo‘lgan. Yoshligida, darbadar yurganlarida birorta ham muvaffaqiyatsizlik uni tushkunlikka tushira olmagan, biroq u omad har doim ham o‘ziga yor bo‘lishiga ishongan emas. Ammo taxtga o‘tirgach, saltanatini donolik va ehtiyotkorlik bilan boshqargan. Buyuk sarkardaning siyosatga bo‘ysunmay iloji yo‘q edi. U naqadar jasur jangchi, mohir lashkarboshi bo‘lishiga qaramay urush uning uchun eng so‘nggi chora edi va urushni rahm-shafqat urushi, muqaddas urush deb bilardi.

Uning Qipchoq xoni To‘xtamishga nisbatan beparvoligi xavfli qo‘shniga nisbatan ojizlik alomatidek ko‘rinadi, biroq bu befarqlik aslida nozik siyosat belgisi edi. Amir Temur bu nonko‘rni jazolashga ahd qilganidan keyin bu ishga o‘n bir yil (1387-1398) sarflagani ham buni yaqqol ko‘rsatib turibdi.

Amir Temurning boshqa raqiblaridan farqli o‘laroq, To‘xtamish uning saxovatiga muyassar bo‘ldi, undan ustalik bilan foydalandi va oxiri xiyonat qildi. Amir Temur taxtga o‘tirgach, uni o‘z himoyasiga olgan, Oq O‘rda xoni Urusga qarshi kurashida qo‘llab-quvvatlagan, zero ulug‘ amirning pirovard maqsadi Movarounnahr bilan Qipchoq xonligi o‘rtasida To‘xtamish boshchiligidagi bufer davlat tuzish edi.

Amir Temur To‘xtamishni juda ko‘p kechirgan. Fikrimizning dalili sifatida bunga quyidagi bir misolni keltiramiz:

1386 yil Ozarbayjonda eski do‘stlarning lashkarlari ilk bora to‘qnashadi. Amir Temur qo‘shini To‘xtamish askarlarini asir olganda g‘aroyib tomosha ro‘y beradi. G‘olib asirlarni g‘ayritabiiy mehribonlik bilan qarshiladi, ularni ozod etib, o‘z hukmdorlari huzuriga qaytarib yubordi. Ular orqali noshukr mo‘g‘ulga, go‘yo o‘g‘li yo‘l qo‘ygan xatoga ko‘z yumishga tayyor otadek gina-kuduratli maktub yo‘lladi. To‘xtamish bu muruvvatga Movarounnahrga to‘satdan hujum qilish bilan javob berdi. Amir Temur yonboshida To‘xtamishdek urishqoq raqibi bo‘la turib, Eronga qarshi yurishni davom ettirishi xavfli edi. Shuning uchun, To‘xtamishni bir yoqli qilish kerak edi. Biroq Ulug‘ amir O‘rdaning hujumlarini istar-istamas qaytaraverib charchadi, buning ustiga To‘xtamish buyuk ajdodi qo‘llagan usulni ishga solib, hal qiluvchi to‘qnashuvlarga ozgina qolganida dashtlarga qochib ketardi. Og‘ir iqlim, hosilsiz tuproq, sovuq, ochlik raqibiga aniq otilgan kamon o‘qidek natija berardi.

1387-1398 yillarda Amir Temur qo‘lga kiritgan zafarlardan ajablanmay ilojimiz yo‘q, zero aynan shu yillarda qo‘shinining katta qismi shimolda O‘rdaga qarshi jang qilish bilan ovora bo‘lib, goho mo‘g‘ullar ortidan besamar quvib yurar, goho To‘xtamish bilan yuzma-yuz jangga kirardi. Biroq Amir Temur To‘xtamishni yengish uchun emas, uning hamlalarini qaytarish uchun o‘n bir yil sarflagan. Bu bir tomondan, Oq O‘rda va Oltin O‘rdaning qudrati balandligi bilan bog‘liq bo‘lsa, ikkinchi tomondan, o‘sha zamon hukmdorlarining Chingizxon avlodlariga, ayniqsa, boshqa beg‘am xonlardan farqli o‘laroq, buyuk bobosiga o‘xshash xislatlarni namoyish etgan To‘xtamishga bo‘lgan deyarli ilohiy hurmati bilan bog‘liqdir. Eski do‘stlik hurmati uchun emas, aynan shu sababli, Amir Temur o‘ch olishni orqaga surib yurardi. Har safar Chingizxon avlodidan chiqqan bu shahzodani asir olishga yoki muqaddas qoni to‘kilishiga yo‘l qo‘yish mumkin bo‘lgan qulay paytda unga chekinish va sog‘-omon qutilish uchun imkon yaratardi.

Har qanday ishga mardona kiruvchi, uzoqni ko‘ra bilib, o‘z oldiga qo‘ygan maqsadini ikir-chikirigacha, albatta, amalga oshiruvchi va har qanday xatarli tavakkalchiliklari ham zafarga eltuvchi bu inson chindan ham Xudoning tanlagan bandasi edi. Din ahli buni juda tez anglagan va dilbar dorussaltanat – Samarqand ostonalariga dushman yaqin kelib qolganida, qo‘liga qurol olib, uni himoya qilgandi.

Qachonlardir Chingizxon urushlari keltirgan kulfatlarni unutmagan Yevropa qirollari osiyolik yangi fotihning yurishlarini tashvish ila kuzatib borishar, u ham bir kuni kelib, butun yer yuziga hokimlikni da’vo qilishidan cho‘chishardi. Biroq, g‘arb qirollari bir narsaga umid qilishardi, yer yuzida hokimi mutlaqlikka da’vogar bu ikki kuch to‘qnashsa, bundan nasroniylar faqat naf ko‘rishardi. Shunday bo‘lmay iloji yo‘q edi, zero Osiyo bu ikki qudratli fotihga torlik qilib qolgan edi. Turk sultoni Boyazid 1396 yil Nikopolis shahri yaqinida yevropaliklarning birlashgan qo‘shinini mahv etgach, uning saltanati Yevropada Trakiya,[33] Makedoniya, Bolgariya, Serbiyani o‘z ichiga olgan, Osiyoda esa Amir Temur saltanati sarhadlarigacha borib qolgandi. Ikki yirik saltanat o‘rtasidagi chegaradosh davlatlar – Arzrum va Arzinjon amirliklari, oxir-oqibat Yildirim va Ko‘ragon o‘rtasida nifoq chiqishiga sabab bo‘ldi.

Amir Temurning Boyazid bilan jangga kirish uchun tayyorgarligi yuqori tahsinga loyiq. Jumladan, turk sultoniga qarshi kurashdan oldin Suriyani olishi to‘g‘ri tanlangan harbiy usul edi.

Amir Temur shunday buyuk zakovatga ega ediki, bir paytning o‘zida bir necha g‘anim bilan kurashish lozim bo‘lsa, birin-ketin eng kuchsizlarini mahv etib, so‘ng kuchli raqibga qarshi kurashardi.

Boyazidning qo‘shini safida nasroniy vassallardan tuzilgan yordamchi qismlarda serblar, bolgarlar va yunonlar xizmat qilishardi. Sulton lashkarlari hammasi bo‘lib, yarim millionga yaqin jangchidan iborat edi. Amir Temur esa sakkiz yuz ming kishini saf torttira olardi. Sharafiddin Ali Yazdiy keltirgan ushbu raqamni janob Lyusen Buva ham tasdiqlaydi. Buning ustiga Amir Temur qo‘shini tarkibi deyarli bir xil bo‘lib, asosan turk va mo‘g‘ullardan tashkil topgan edi. Boyazid birlashtirgan nasroniy qismlar eng og‘ir sinovlarda pishgan sahroyi suvoriylardek jangda shijoat, jasorat va matonat ko‘rsata olishlari ehtimoldan yiroq edi. Amir Temur Hindistondan keltirilgan jangovar fillarga ham katta umid bog‘lardi, zero bu jonivorlar Boyazid askarlariga dahshat solishga qodir edi.

Raqib qo‘shinlar 1402 yil 20 iyulda erta tongda Anqara yonidagi Chibukobodda to‘qnashdi. Ushbu sana Ali Yazdiy tomonidan keltirilgan, vizantiyalik muarrix Jorj Sfrantes esa jang iyul oyining 28-sida sodir bo‘lgan deydi. Marino Sanido ham o‘zining Vite dei duchy de Venezia asarida ushbu sanani keltiradi. Zamonaviy muarrixlar ham asosan so‘nggi sanani ma’qullaydi.[34]

Bandi qilingan Boyazidni Amir Temur huzuriga keltirganlarida u shaxmat o‘ynayotgan edi. Ulug‘ amir pinagini buzmay quyidagi jumlani aytadi:

“– Voajab, nahotki Olloh bu dunyoda barcha kuchni bir cho‘log‘u bir ko‘rga bergan bo‘lsa”.

Bu bilan u o‘zining nogironligiga va Boyazidning o‘zi bilan to‘qnashishga olib kelgan siyosiy ojizligiga ishora qilgan edi. Mag‘lub bo‘lgan sultonning hurmatini joyiga qo‘yish bahonasida, aslida esa mag‘lubiyat alami va uyatni yanada chuqurroq his qildirish uchun Amir Temur uni o‘z g‘alabasi sharafiga uyushtirilgan barcha tantanalarda qatnashishga majbur etdi. Bu marosimlarda sulton nishonlarini taqib, tojini kiyib yurishi lozim edi. Yana qochib ketmasligi uchun panjaralangan taxtiravonga o‘tqazib qo‘ydilar, bu esa uni vahshiy hayvondek qafasga solib ko‘ydilar degan afsonaning tug‘ilishiga sabab bo‘ldi.

Bu afsonaning tug‘ilishiga usmonli tarixchi Urij ibn Odilning asarini avstriyalik muarrix Frants Babinger nashr ettirgani sabab bo‘lgan. Asardan keltirilgan parchada aytilishicha bu “afsona” real faktlarga asoslangan emish. Bu haqidagi ma’lumotlar N.Martinovichning “Journal asiatique”da e’lon qilingan maqolasida keltirilgan.[35]

Boyazid tor-mor etildi va Amir Temur o‘z navbatida nasroniylarning vahimasiga aylandi. Anqara g‘alabasidan so‘ng evropalik qirollar unga yo‘llagan tabriklarida Konstantinopol taslim bo‘lishi arafasida usmonli turklar tahdididan qutulganliklaridan shodliklarini izhor etgan edilar. Biroq Amir Temur bunday olqishu maqtovlarga berilgan odam emasdi.

Amir Temur bergan qaqshatqich zarbadan keyin usmonlilar imperiyasi yo‘q bo‘lib ketishi lozim edi. Lekin buning aksi bo‘lib chiqdi. Oradan o‘n yil o‘tar-o‘tmas turk hukmdorlarining yangi avlodi yetishib chiqdi va qirq yildan so‘ng vizantiya imperiyasiga yakun yasadi.

Amir Temur barpo etgan saltanatni patchworkga – turli-tuman va rang-barang matolar qiyqimlaridan tikilgan dasturxonga taqqoslash mumkin.

Ular (zabt etilgan saltanat tarkibiga kirgan o‘lkalar – B.E.) turli sifatli va turfa rangli matolardan tikilgan ko‘rpaga o‘xshardi, uning o‘zi bu laxtaklarni bir-biriga sabr-toqat va matonat bilan tikib chiqqan bo‘lib, ko‘rpaning naqadar nozikligini juda yaxshi bilardi.

U hindlar, usmonli turklar va mamluklarning davlati kabi rivojlangan mamlakatlarga madaniyat olib kirishga da’vo qilmasdi. Zabt etilgan o‘lkalarning davlat qurilishiga behad qiziqishi, g‘arb san’atidan tashqari mahalliy xalqlarning me’morchiligi, hunarmandchiligi va she’riyatiga ixlos qo‘ygandi.

Biroq shu bilan birga Amir Temurda Otilaxonga (Attilaga) xos xudbinlik, o‘troq insonni yomon ko‘ruvchi va hatto unga xasad qiluvchi ko‘chmanchiga xos ashaddiy vahshiylik yo‘q edi.

O‘troq insonni yomon ko‘ruvchi va hatto, hasad qiluvchi ko‘chmanchi deganimizda biz Chingizxonni nazarda tutmoqdamiz.

Shunday qilib, Amir Temur kim bilan muloqotda bo‘layotganiga qarab, turlicha muomala qilgan.

Ko‘hna madaniyatli mamlakatlar orasida Osiyo poytaxtlari ichida eng go‘zal va eng boy shahar Samarqand sultoni, adabiyot va san’atning shaydosi, muarrix va shoirlardan o‘z marhamatini ayamaydigan, saroyidan me’mor va rassomlarga joy bergan hukmdor sifatida namoyon bo‘ladi. Tomirlaridan ko‘chmanchilarning qoni oqib turgan mo‘g‘ullar va turklar nazdida u Chodirlar hukmdori, Ural tog‘laridan Fors bo‘g‘ozigacha, Chin sarhadlaridan Damashq va Trabzongacha betinim kezib yurgan tolmas jahongir edi.

Ko‘hna turk-mo‘g‘ul qo‘shinini o‘troq saltanatlarga boshlab borish va istilo etilgan o‘lkalar xalqlaridan movarounnahrliklarning yuqoriligini tan oldirish, ularni bo‘ysunishga majbur millatlar deb hisoblash, bu – ajdodlarning odatlarini e’zozlash edi. Yo‘qsa, Chingizxon o‘limidan so‘ng to‘laqonli ko‘chmanchi ideali o‘z mohiyatini ancha yo‘qotganligi sababli uning turk va mo‘g‘ullar nima uchun o‘z sultonlari ajdodlaridan o‘zgacha yo‘l tutayotganini tushunolmasdilar. Harbiy yurish chindan ham suvoriyni ikki tomonlama qoniqtirardi: harakatsizlik keltirib chiqaruvchi falokatdan, ruhiy va jismoniy inqirozdan qochib, o‘z maskanini beto‘xtov o‘zgartirib turib, boylik orttirish istaklarini amalga oshirish. Bu tomondan ham Amir Temur fuqarolarining xohish-istaklarini ro‘yobga chiqara oldi.

Garchi Samarqand mo‘jizalari ularni maftun etsa-da, o‘troq hayot qulay­liklari, boyligi, hashamati ko‘pchilikni qoniqtirmas, fikr-yodlarini bir zumlik maskan – tez o‘rnatilib, tez buziladigan, vaqtinchalik holatini saqlab qoladigan chodir yoki o‘tov band etardi.

Amir Temur ko‘chmanchi emasdi, biroq siyosat majbur qilganida yoxud ajdodlarining instinktlari undagi tarbiya va madaniyatdan ustun kelganida, u yana otiga minardi. Hayotining katta qismi chodir ostida o‘tgan bo‘lsa-da, u “Yashil shahar” soyasida dunyoga kelib, shaharlikka aylangan, vujudida o‘troq va ko‘chmanchi inson xislatlari o‘zaro kurash boshlagan edi.

Amir Temurning barcha faoliyati vujudida kechib turgan ana shu “kurash” bilan bog‘liq. Temur yurishlarining asosiy sabablaridan biri ham ana shu “kurash”da.

Biri, mollarini boqish uchun, ikkinchisi, ekin o‘stirish uchun yer talashayotgan cho‘pon hamda dehqon o‘rtasidagi qarama-qarshilik qanchalik eskirgan bo‘lishiga qaramay, XV asr bo‘sag‘asida ham xuddi Chingizxon va Otilaxon zamonasidek Osiyo siyosatini belgilab turardi. Bu kurashda ikki iqtisod, ikki siyosat, ikki mafkura va ikki makon to‘qnashadi. Harakatsizlik va harakat o‘rtasidagi qarama-qarshilik makonni ikki xil qabul qilishga asoslanadi.

Amir Temur so‘nggi, Xitoyga boshlagan yurishining negizida ham mana shu qarama-qarshilik, mana shu kurash yotadi.

Chingiziylardan xalos bo‘lgan Ming sulolasi Chig‘atoy xalqiga nisbatan nozik bir holatda turar, ikkala tomon ham bevaqt muhoraba boshlanib ketishidan cho‘chib, bu holatga ravshanlik kiritishni istamasdi. Biroq, Amir Temur shaxsiyatiga teguvchi bu holat uzoq davom etib turolmasdi, zero To‘xtamish va Boyazidni yengib, Hindiston, Kichik Osiyo va Eronni zabt etganidan so‘ng o‘troq bir xalqning hukmdori unga o‘z vassalidek qarashiga chiday olmasdi.

Amir Temur tabiatidagi bu xislat uning bunyodkorlik faoliyatiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatgan. Temurning bu faoliyati, ayniqsa, Samarqandda amalga oshirgan ishlari yuksak e’tiborga loyiq. Samarqanddagi barcha imoratlar, shahardagi va shahar atrofidagi jannatmonand bog‘lar jug‘rofiy jihatdan qulay holda barpo etilgan. Yangi Samarqand qiyofasini yaratishda Amir Temur o‘zga mamlakatlarning poytaxtlariga ko‘r-ko‘rona taqlid qilishni istamagan, aksincha, ularning eng xarakterli, eng nafis tomonlarini olishga harakat qilgan.

Shu bilan birga poytaxt me’morchiligida Amir Temur tabiati aks etgan. Bu barcha buyuk bunyodkorlarga xos narsa, u shaharni ham hashamatli, ham oddiy, ham dabdabali, ham sodda, ham aqllarni lolu tuyg‘ularni rom etadigan, o‘z tabiatiga mos ko‘rinishda bunyod qildirdi. Bu bilan o‘zining me’morchilik sohasida ham chuqur bilimga ega ekanligini ko‘rsatdi.

Xuddi Lyudovik XIV Versal qurilishini maromiga yetkazishga intilganidek, u ham poytaxt qurilishining barcha ikir-chikirlarigacha qiziqardi. Yurishlar orasida shaharda dam olar ekan, qurilish maydonlariga borar, odamlarga dalda berar, me’morlarning xatolarini to‘g‘rilardi.

Temur bunyod ettirgan binolarning o‘lchamlari aqlni lol qoldiradi, bunda ham biz yuqorida tilga olib o‘tgan Sohibqiron tabiatining ikki qirrasi namoyon bo‘ladi.

Jome masjidining marmar shiftini to‘rt yuz saksonta tosh ustun ko‘tarib turadi. Suza va Persepolisdagi ahamoniylarning behisob ustunli saroylarini yodga soluvchi bu ulkan zallar “kenglik shaydosi”ga xuddi olov kabi cheksizlik, mangulikni his qilish imkonini berardi. Amir Temur kenglik shaydosi sifatida, hayotiga qo‘yiladigan har qanday to‘siqqa, chegaraga chiday olmaydigan bunyodkorligicha qolgan edi.

Ma’lumki, Amir Temur ba’zan me’morlar bunyod etgan, biroq uning ko‘ngliga yoqmagan binolarni buzdirib, qayta qurdirgan. Buning sababini ham uning tabiati bilan, “kengliklarni qo‘msashi” bilan izohlash mumkin.

Shunday qilib, u qurib bitkazilgan saroylarni buzdirib, qayta qurdirishgacha ham borardi, chunki unga bu binolarning o‘lchamlari o‘rtamiyona yoxud nomutanosib ko‘rinardi. Binolarni yanada yaxshiroq qilish bahonasi ostiga yashiringan bu qoniqmaslik hissi, ehtimol, undagi bobolaridan qolgan merosning asoratidir, ehtimol hamon bunyod etilayotgan poytaxtga muhabbatida paydo bo‘lgan xurofiy bir istakning ifodasidir.

Amir Temur o‘z ajdodlari kabi ot ustida yashadi va olamdan o‘tdi. Doimo otda yurish, erkin va ozod hayotni qo‘msash, unga intilish tuyg‘usi nafaqat Amir Temur fuqarolarining, balki uning o‘zining ham fikri yodini tark etmagan.

Amir Temur tabiati o‘limidan oldin aytgan so‘nggi so‘zlarida aniq-ravshan namoyon bo‘lgan:

“Men olamdan o‘tgach ko‘zyosh to‘kib, fig‘onu faryod qilmangiz, zero alarning nafi bo‘lmag‘ay. Shu paytgacha o‘lim na ko‘zyoshi va na faryodlardan chekingan. Kiyim-boshingizni yirtib, aqldan ozgandan, turli taraflarga yugurgandan ko‘ra menga Ollohdan rahmat so‘rang, qiyomat kuni ruhim yengil bo‘lishi uchun duoi fotiha qiling. Tartibsizliklarga yo‘l qo‘ymang”.

Jasur jangchilarni taqdirlashdagi saxovati, bahodirlarga iltifoti, janggohlarda ko‘rsatgan shaxsiy jasoratlari el orasida uning obro‘-e’tiborini oshirib, ismini afsonalarga jo qildi. Uning beqiyosligi haqidagi ko‘plab qo‘shiqlar balki Markaziy Osiyoda bugun ham jaranglayotgandir. U qudratli sarkarda, mohir siyosatchi, buyuk bunyodkor sifatida, barlos urug‘ining oddiy xislatlarini yuksak madaniyat belgilariga mushtarak etgan inson sifatida tarixda qoldi.

Parij: Alben Mishel nashriyoti, 1963.

Frantsuz tilidan Bahodir Ermatov tarjimasi

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016 yil, 1-son

__________________

Bahodir Ermatov 1955 yilda tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetining (hozirgi O‘zMU) roman-german filologiyasi fakultetini tamomlagan. I.Karimovning “O‘zbekiston XXI asr bo‘sag‘asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari” asarini frantsuz tiliga, Lyusen Kerenning “Amir Temur saltanati” tarixiy romanini, “Amir Temur” tragediyasini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.

Adhambek Alimbekov 1954 yilda tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetining (hozirgi O‘zMU) o‘zbek filologiyasi fakultetini tamomlagan. Uning “Yulduzning besh qirrasi”, “Latif she’riyat” monografiyalari, “Turk adabiyoti xrestomatiyasi”, “Turk adabiyoti tarixi” (XIII-XVIII asrlar) o‘quv ko‘llanmalari, “Ishq asiri bo‘lgan jon” risolasi nashr etilgan.

[1] Menkim, Sohibqiron – jahongir Temur, 18-bet.

[2] (H.Moranville. Memoire sur Tamerlan et sac our par un Dominicain en 1403, Bibliotheque de l’Ecole des Chartes. – Paris, 1894).

[3] O‘sha kitob, 22-bet.

[4] Ne’mat Akbarov. Befarq qarab bo‘lmaydi// O‘zbekiston adabiyoti va san’ati, 20 noyabr 2015 yil.

[5] O‘sha kitob, 71-bet.

[6] O‘sha kitob, 64-bet.

[7] O‘sha kitob, 90-91-betlar.

[8] O‘sha kitob, 279-bet.

[9] O‘sha kitob, 424-bet.

[10] O‘sha kitob, 424-bet.

[11] O‘sha kitob, 96-97-betlar.

[12] O‘sha kitob 73-bet.

[13] O‘sha kitob, 525-bet.

[14] Ya – Timur vlastitel vselennoy s.86. Menkim, sohibqiron – jahongir Temur, 112-bet.

[15] Ya – Timur vlastitel vselennoy, S.87.

[16] O‘sha kitob, 113-bet.

[17] Ya – Timur vlastitel vselennoy, S. 109.

[18] O‘sha kitob, 113-bet.

[19] O‘sha kitob, 224-bet.

[20] “Yoshlik” jurnali 2015 yil. 4-son. 34-bet.

[21] Amir Temur chamani, 2006. 128-bet.

[22] Oltin silsilasi, 2006. 37-bet.

[23] Amir Temur siymosi, 2007. 11-bet.

[24] Jurnal varianti.

[25] Walter Gerard. Introduction.// Le Memorial des Siecles. XIV siecle. Les Hommes. Tamerlan. Par Marcel Brion. – Paris: Editions Albin Michel, 1963. – P.39-54. Kirish qismi Jerar Valterga tegishli.

[26] Bu yerda Milan gertsogi Jangalachcho Viskonti nazarda tutilmoqda (tarjimon izohi).

[27] Bu maktub haqida Xeydning “Histoire du commerce du Levant au Moyen Age” (t. p. 265) – “O‘rta asrlar Sharq tijorati tarixi” asarida eslatib o‘tiladiyu biroq tahlil qilinmaydi. (B.E)

[28] Mordin qal’asi va Bag‘dod oralig‘ida yozilgan maktub, zero Amir Temur Mordinni 1401 yil 4 maygacha qamal qilgan. – B.E.

[29]1204 yil Salib yurishlari natijasida Konstantinopol qo‘lga kiritilgach, Komnenlar sulolasidan bo‘lgan so‘nggi imperator, Andronik Komnenning nabirasi o‘z xolasi, Gurjiston malikasi Tamar huzurida boshpana topadi va uning ko‘magi bilan Qora dengizning Osiyo qirg‘og‘ida joylashgan boy dengiz shahri Trabzonni qo‘lga kiritadi. U o‘zini Rim imperatori deb e’lon qiladi va “Buyuk Komnen” degan nom oladi. Mixail Paleolog Konstantinopolni qayta qo‘lga kiritganidan so‘ng (1261), Buyuk Komnenning avlodlari mustaqil Trabzon imperiyasida 1461 yilgacha, ya’ni vizantiya imperiyasi turklar tomonidan tor-mor etilganidan sakkiz yil keyingacha ham hukmronlik qilishgan – B.E.

[30] Roloff. Die Schlacht bei Angora // Historishe Zeitschrift, t. CXVI.

[31] Brion Marcel // Le Memorial des Siecles. XIV siècle. Les Hommes. Tamerlan. Par Marcel Brion. – Paris Editions Albin Michel, 1963. – P.55 -131.

[32] Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma”si nazarda tutilmoqda – B.E.

[33] Trakiya – Yevropaning janubi-sharqidagi qadimiy o‘lka. Yunonlar Bolqon yarim orolining sharqiy qismini egallab Dunaydan Egey dengizigacha borgan butun qismini Trakiya deb atashgan. (B.E.)

[34] Bu o‘rinda hijriy va melodiy yil hisoblari o‘rtasidagi farqni unutmaslik lozim. Ali Yazdiy tabiiy hijriy hisobdagi sanani aytgan. Bu o‘rinda g‘arb tarixchilarini bilimdon qilib ko‘rsatish to‘g‘ri emas.

[35] Journal asiatique, Paris, t. 211. – P. 135-137.