Aziz Boboxonov. Istiqlol tufayli qaror topgan haqiqat

Inqilobdan oldingi davrda noshirlik va bosma mahsulotni tar-qatish ishlari Turkiston o‘lkasida juda qiyinchilik bilan kechganligi hech kimga sir emas. Ayniqsa, chor Rossiyasi XIX asrning ikkinchi yarmida O‘rta Osiyoni bosib olgandan so‘ng, matbaa oddiy xalq ommasidan ko‘ra chorizm zulmkorlariga xizmat qilganligini quyidagi raqam va dalillardan ochiq ko‘rishimiz mumkin. Jumladan, O‘rta Osiyoda 1870–1871 yillarda dastlabki ikki vaqtli matbuot nashr etilgan bo‘lsa, 1885–1886 yillarga kelib ularning soni beshtaga yetdi. Shulardan to‘rttasi rus tilida edi. “Turkestanskiye vedomosti”ga ilova shaklida chop etilgan yagona o‘zbek tilidagi “Turkiston viloyati gazeti”ning bir tomoni o‘zbek, ikkinchi tomoni Turkiston general-gubernatori N.O.Rozenbax buyrug‘iga ko‘ra rus tilida (1884) nashr etila boshlagan. Gazetani uch muharrir: Turkiston gerenal-gubernatorining haqiqiy maslahatchi-tarjimoni Shohimardon Miryosovich Ibrohimov (1870 yil 1 apreldan boshlab), general-gubernatorning kollej maslahatchi-tarjimoni Muhammadhasan Asfandiyorovich Chanishev (1881 yil, 4 dekabr), general-gubernatorlikning harbiy maslahatchisi Nikolay Petrovich Ostroumov (1883 yil 30 yanvar) boshqaradilar. Gazetaning birinchi muharriri 1891 yilda, ikkinchisi 1890 yilda vafot etgandan so‘ng N.P.Ostroumovga N.G.Mallitskiy yordamga keladi. Shunday qilib, o‘zbek tilidagi bir betlik “Turkiston viloyati gazeti”ning taqdiri o‘zbek bo‘lmagan ikki muharrirning qo‘lida qoladi. “Turkestanskiye vedomosti” xalqni hukmdorlarga so‘zsiz itoatgo‘ylikka va buyruqlarni tezkorlik bilan ijro etishga chaqirsa, “Turkiston viloyati gazeti” mahalliy aholini ruslashtirishga undaydi. Uning sahifalarida mahalliy xalq turmushini, madaniy merosini yoritish, ma’naviyatini o‘stirishga emas, Ovro‘po urf-odatlari, nasroniylik bayramlari, rus yozuvchilarining ijodlaridan namunalarni yoritishga, bir so‘z bilan aytganda, rus tarixi, madaniyati, dinini targ‘ib etishga asosiy e’tibor qaratiladi. Ora-chora gazeta sahifasida Muqimiy va Furqat ijodidan namunalar ham o‘rin olib turgan. O‘sha davr vaqtli matbuotini chuqur o‘rgangan Ziyo Said: “Rozenbax Turkiston general-gubernatori bo‘lib belgilangandan ke-yin gazeta (“Turkiston viloyati gazeti” – A.B.) betida “Erliklar uchun rus maktablari kerak” degan mavzuda yozilgan maqola va xabarlar ko‘rina boshlaydi, ya’ni ruslashtirish siyosati va yerli xalqdan chor chinovniklari hozirlash masalasi matbuot maydonida yana keskinroq qo‘yiladi. Bu narsa shuni ko‘rsatadiki, gazetaning bir tomonini ruscha qilib chiqarish, mana shu masala tevaragida qilinayotgan ishlar va belgilanayotgan choralarning mag‘zini chaqib ko‘rishdan iboratdir. Butun sarlavhalarni ruscha qo‘yish (shu yillardan boshlab butun maqola va xabarlarning sarlavhalari ruscha qo‘yila boradi), rus tilini umumlashtirish uchun bo‘lsa kerak”,– deb yozadi.

“Turkiston viloyati gazeti”ning ikki tilda nashr etilishini N.P.Os-troumov quyidagicha izohlaydi: “Turkiston viloyatidagi bu gazetani o‘qiydiganlar ham bir ozgina rusiya xatini taniydigan odamlarga foyda yetkazmoqlik uchun bu gazetani keladigan yilda (ya’ni 1885 yil boshidan – A.B.) Rusiya tilida tarjima qilinib chiqarilsa yaxshiroq bo‘ladi”. Ko‘ramizki, u chorizmning asl maqsadini yashirib, o‘zicha uni oqlamoqchi bo‘ladi. “1900 yilga kelib vaqtli matbuotning nashr soni 21 taga yetganda” ham o‘sha ahvol, ya’ni o‘zbek tilidagi “Turkiston viloyati gazeti”ni o‘zbek va rus tillarida e’lon qilish davom ettiriladi.

1905–1906 yillarga kelib O‘rta Osiyoda vaqtli matbuot nashr soni 43 taga yetadi. Ammo son o‘sgani bilan sifat o‘sha eski ahvolda qolgan. Birorta yangi o‘zbek tilida gazeta nashr etilmagan. Matbaalar soni ham ellikka yaqinlashib qolgan bo‘lsa-da, ularning tepasida general-gubernatorning ro‘yxatidan o‘tmagan uch matbaaadan tashqari: Xiva xoni toshbosmasi (1874 y.) Qo‘qondagi Azim Xo‘ja toshbosmasi (1887 y.) “Buxoro shahar matbaasi” (1891 y.) dan bo‘lak hamma nashrlar rus zodagonlari qo‘lida bo‘lganligi tufayli mahalliy vaqtli matbuot tilida gazeta u yoqda tursin, hatto oddiy varaqa ham deyarli nashr etilmagan. Uch matbaada chop etilgan o‘zbek tilidagi kitoblarning keng miqyosda tarqalishiga yo‘l berilmagan. Jumladan, Xivadagi Rahimxon II saroyida bosilgan toshbosma kitoblar Xorazmdan, “Buxoro shahar matbaasi” chop etgan asarlar Buxoroning o‘zidan chetga chiqmagan. Qo‘qondagi Azim Xo‘ja matbaasi nashr etgan kitoblar gubernator tomonidan musodara qilinib, toshbosma esa yong‘inga uchragan. Bu ma’lumotlarga Ye.K. Betgerning xabarini qo‘shsak, fikrimiz yanada ravshanlashadi. Uning ma’lumoticha: Toshkentda birinchi chop etilgan o‘zbek toshbosma kitobi S.I. Laxtin matbaasida 1883 yili temir bilan savdo-sotiq qiluvchi toshkentlik Esonboy Husaynboyev, mablag‘iga nashr etilgan So‘fi Olloyorning “Sabotul-ojizin” asari bo‘lgan. Esonboy Husaynboyev kasbidan qat’i nazar kitob shaydosi va ilm-ma’rifatga jon-dildan sodiq bo‘lgan. Uning yordami, balki qat’iy talabi orqali S.I.Laxtin toshbosmani uskunalagani aniq. So‘fi Olloyorning asari nihoyatda nafis chiqqan. Toshkentlik xattot Sayid Xo‘ja uni 1883 yili 30 noyabrda ko‘chirib, nashrga topshirgan. Noshir bunchalik muhim ishdan behad xursandligini nishonlash maqsadida yuzta kitobni tekinga tarqatadi. Mashhur o‘zbek sharqshunosi va xattoti Abdulla Nosirov o‘zining qadimiy va nodir kitob-lar qo‘lyozmasida qayd etishicha, Esonboy Husaynboyev 1882 yilda toshbosma uskunalarini Rossiyadan ellik tuyaga ortib olib kelgan. Mana, o‘zbek ma’rifatparvar noshiri fidoyiligining yana bir ko‘rinishi. Ammo E.Husaynboyevga noshirlik yumushi bilan shug‘ullanishga chor amaldorlari ruxsat bermagan. Bunday holat qo‘qonlik noshir Azim Xo‘ja hayotida ham yuz berganligini va toshbosmaxonasi yondirib yuborilganini yuqorida aytib o‘tdik. Qanchadan-qancha mahalliy ziyolilarning oq podsho mahkamalariga mahalliy tilda vaqtli matbuot va matbaa ochishga ruxsat so‘rab yozilgan murojaatnomalari yillab e’tiborsiz qoldirilganligini O‘zbekiston davlat muhofaza hujjatxonasida saqlanayotgan hujjatlardan bilsa bo‘ladi. Podshoning mustamlakachilik siyosati tobora zo‘rayib borgani natijasida o‘lkada ziddiyatlar kelib chiqa boshladi. Mahalliy ziyolilar (bu o‘rinda jadidlar harakati nazarda tutiladi) minbari bo‘la oluvchi nashrlarning o‘lkada butunlay yo‘qligi, madaniy merosimizni nashr etishga noshirlarga ochiq yo‘l berilmasligi ilm ahlining sabr kosasini to‘ldira boshladi. Dehqonlar va shaharlarda kam daromadli ish joylarida ozgina ish haqi olib ishlayotgan omma orasida turli qo‘zg‘olonlar bo‘lib o‘tdi. 1885 yilda Qo‘shtut ko‘mir konida ishchilar ko‘tarildi, 1892 yili Toshkentda “Vabo isyoni”, 1898 yili Qo‘qon yaqinida quruvchi-ishchilarning g‘alayonlari bo‘lib o‘tdi, 1898 yili Andijon qo‘zg‘oloni yuz berdi, u Andijon, Qo‘qon, Namangan va O‘sh shaharlarini qamrab oldi.

Bu qo‘zg‘olonlar O‘rta Osiyoni Rossiya bosib olgandan so‘ng mahalliy xalqlar yo‘qotgan o‘z huquq va imtiyozlarini tiklashga, ijtimoiy va ma’naviy jabr-zulmga qarshi qaratilgandi.

Turkiston general-gubernatori uchun kutilmagan mana shunday noroziliklardan so‘ng mahalliy xalq talablari oz bo‘lsa-da, qondirila boshlandi. O‘sha davrda ilg‘or mahalliy ziyolilar “millat”ning ko‘zini ochmoq uchun (milliy sarmoyaga xodimlar tayyorlamoq uchun) yangi maktablar, dorilfununlar, gazetalar, teatrlar kerak ekanligini anglab yetdilar. Yolg‘iz savdo sarmoyasi uchungina emas, milliy sanoat sarmoyasi uchun ham kurash lozim ekanligini tushundilar.

1905 yilgacha jadidlar tomonidan Samarqand va Toshkentda (Behbudiy va Munavvar qori boshchiligida) yangi maktablar ochildi. 1905 yilgi Toshkent temir yo‘lchilari namoyishining qonga botirilishi va Turkiya, Eron, Hindistonda bo‘lgan inqilobiy harakatlar “yangi maktab uchun kurash” shiorini keskin qo‘yishga turtki beradi. “Tarjimon” (Qrimda Ismoil Gasprali tomonidan chiqarilgan ma’rifatparvarlik g‘oyalarini keng targ‘ib qilgan) gazetasining o‘quvchilari ko‘payishi bilan jadidlarda matbuotga havas kuchayadi. Jadidlar millat oldidagi muhim burchlarini anglagan holda ommaning fikrini o‘z tomonlariga og‘dirish yo‘lida harakat qila boshlaydilar. 1905 yili oktyabr manifestidan keyin bu harakat yangi kuch olib, yarim yashirinlikdan ochiq faoliyatga o‘tadi. Gazeta chiqarish umidi ro‘yobga chiqadi. General-gubernator o‘ziga yaqin bir kishini muharrir qilish sharti bilan jadidlarga gazeta chiqarishga ijozat beradi, 1905 yilgi ma’lum “ozodlik”lardan so‘ng dunyo yuzini ko‘rgan “Taraqqiy” gazetasi “jadid”lar, “islomchi”lar oqimining tilaklari, fikrlari, g‘oyalarini general-gubernatorning ma’lum shartlariga rioya qilgan holda olib, maydonga chiqadi. Gazetada manifest va duma saylovining ahamiyati tushuntiriladi, diniy vaqflardan foydalanish usullarini o‘zgartirish va yangi maktablar ochish zarurligi keng targ‘ib qilinadi. Gazet bir tomondan ulamolarning qozilik hamda vaqf masalalarida xonlar davriga qaytishni talab qilib chiqargan qarorlarini bossa, ikkinchi tomondan, jadidlarning chetdan o‘qituvchilar taklif etib, yangi maktablar ochish to‘g‘risidagi talablarini yoritadi, ayni zamonda “17 oktyabr manifesti podshohimizning adolatlari” deb jar soladi. Xullas, bu gazeta o‘zining qisqa umrini manifest doirasidan, gubernator farmonlaridan tashqari chiqmay tugatadi. Shunga qaramay, bu gazeta jadidlar vaqtli matbuotining boshlanishi edi. Xalqni ma’rifatli qilish va eski tushunchalarga qarshi kurash harakati Ismoil Obidiy tashkil etgan ana shu “Taraqqiy”dan boshlanadi. Gazeta yerli savdo sarmoyadorlarining manfaatlarini himoya qiladi. Ostroumov gazeta orqali qora guruhchi ulamolarning xalq o‘rtasidagi e’tiborini tushirishga harakat qiladi. Gazetada “din”, “millat”, “vatan” nomidan aytilgan so‘zlar milliy ozodlikka chiqish, millat madaniyati uchun kurashni tezlatishdan iborat edi. Shu yo‘lda ibrat ko‘rsatgani uchun muharrir (Ismoil Obidiy) jadidlar tomonidan “Taraqqiy” ismini oldi, – deb yozadi Ziyo Said.

Germaniyaning mashhur Gumbold universiteti professori, Berlindagi zamonaviy sharq ilmiy-tadqiqot markazining rahbari Ingiborg Baldauf xonim jadidchilik harakatiga baho berib: “O‘rta Osiyo va umuman Sharq xalqlari uchun jadidchilik harakatining ahamiyati juda katta bo‘lgan. Ularning progressiv fikrlari, amalga oshirgan ishlari Sharq xalqlarini asriy qullikdan olib chiqishga qaratilgan edi. Jadidlar, ayniqsa, ma’rifat masalalariga urg‘u berishgan. Yoshlarning tarbiyasiga, ularni ma’rifatli etishga alohida e’tibor berishgan.

Ularning xatti-harakatlari o‘sha davrdayoq o‘z samarasini bera boshlagan. Jadidchilik tarixda keskin burilish yasagani yaqqol ko‘zga tashlanadi. Ovro‘po va Sharq xalqlarining rivojlanishini kuzatar ekanman, jadidlarning fikrlari xaqligiga, progressiv ahamiyatga ega ekanligiga ishonch hosil qilib boraman”.

Yana Ziyo Saidga qaytamiz: “1906 yildan boshlab, gazeta chiqarish ishi tag‘in zo‘raya boshlaydi. “Xurshid”, “Shuhrat” va “Osiyo” gazetalari ko‘z ochib, dunyo yuzini ko‘radilar. Bizning “jadid” deganlarimiz bu vaqt-larda endi millat fidoyisi, milliy, diniy ehtiyojlar orqasidan yuruvchi bir kuch bo‘lib o‘zini ko‘rsata olgan edi”. Ana shunday harakatlardan ilhomlangan noshirlar ichida toshkentlik G‘ulom Hasan Orifjonov ham bor edi. U 1898 yil o‘z hovlisida tashkil etgan “Muqovaxona ustaxonasi”ni toshbosmaga aylantirish, shu yo‘l bilan merosimiz namunalarini nashr etib, millat ma’rifati va ma’naviyatini oshirishga kamtarona hissa qo‘shishni anchadan beri orziqib kutib yurgandi.

O‘ZBEK ZIYoLISI TAShKIL ETGAN ShAXSIY MATBAA

Peterburg Matbuot ishlari bo‘yicha boshqarmaga kutubxona, kitob sotish, rasm oluv do‘konlari, bosmaxona, harf quyish kabi muassasalar haqida 1877 yili berilgan ma’lumotlarda Toshkentda uchta fotografiya do‘koni bilan uchta poligrafiya korxonasi mavjud bo‘lganligi aytilgan. Jumladan, 1867 yil 14 iyulda ish boshlagan Turkiston Harbiy okrug shtabi matbaasi, 1872 yil 14 aprelda tashkil etilgan Harbiy okrug shtabi boshqarmasi bosmaxonasi va 1877 yil 29 iyulda Sirdaryo viloyati harbiy gubernatori tavsiyasi bilan ochilgan Laxtin va Postuxov shaxsiy matbaalari faoliyat olib borgan. Keyinchalik 1906 yil avgust oyida Toshkentning Kallaxona mahallasi fuqarosi G‘ulom Hasan Orifjonovning “Toshbosmaxona” ochishga ruxsat so‘rab, Turkiston general-gubernatoriga yozgan iltimosnomasiga ko‘ra, hamda o‘lka gubernatorining rasmiy o‘tinchiga muvofiq Peterburgdagi Matbuot ishlari bo‘yicha boshqarmaning 1907 yil 28 iyulida toshbosma ochishga ijozat bergan rasmiy hujjatga binoan G‘.H.Orifjonov o‘z hovlisida litografiya ochadi. Bu haqda “Turkiston viloyatining gazeti” (1907 yil 25-soni) da shu yili Orifjonov savdogar tog‘asi Qosimboy hoji bilan hamkorlikda alohida matbaa ochish maqsadida Moskvadan (I.Flor firmasi “Markvart” kompaniyasi orqali – A.B.) 700 rublga bir mashina oldirganligi haqida xabar qiladi. Hujjatlarda ko‘rsatilishicha, G‘.H. Orifjonov noshirlik ish ko‘lamini kengaytirish maqsadida Leyptsigdan “Kenig Bauer” va “Karl Krauze” firmalaridan qo‘shimcha bosma uskunalarini sotib olganligi ma’lum.

Turkiston gubernatori tsenzurasining 1909 yil 17 sentyabrdagi tsirkulyarida mahalliy tilda nashr etiluvchi “Osiyo”, “Tujjor” va “Shuhrat” gazetalari yopilmasdan avval 1830 nusxada chop etilganligi, bu davrga kelib Turkistondagi nashrlarning umumiy soni 440 ga yetganligi, poligrafiya sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan matbaalar soni qirqdan ziyod ekanligiga qaramay, mahalliy millat xalqlarining fikrlarini ona tilida izhor etuvchi, madaniy merosini yorituvchi bosmaxonalar soni barmoq bilan sanarli edi. Ana shulardan biri va eng ilg‘ori o‘zbek ziyolisi G‘ulom Hasan Orifjonovning 1907 yili ish boshlagan litografiyasi bo‘lgan

Umrini kitobatchilikka baxshida etgan ziyoli xattot, muqovasoz-noshir G‘ulom Hasan Orifjonov millat madaniyati, ma’rifati, ma’naviyatini yuqori pog‘onaga ko‘tarish yo‘lidagi asosiy qurol bo‘lmish kitobni ko‘paytirishga ishtiyoqi tufayli mustaqil matbaa ochishga ko‘p urinadi. O‘sha davrda mahalliy millat vakillarining noshirlik yumushlariga bo‘lgan intilishlariga, garchand ularning ilm va moliyaviy imkoniyatlari yetarli bo‘lsa-da, chor ma’murlari yo‘l qo‘ymas edi. Shunda – 1898 yilda o‘z uyida G‘.H. Orifjonov “Muqovaxona ustaxonasi”ni tashkil etdi.

G‘ulom Hasan Orifjonov Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvar Qori, Ismoil Obidiyga tarafdor bo‘lgan taraqqiyparvar ziyolilar boshlagan yangilanish, millat ma’naviyatini o‘stirishga ana shu yo‘l bilan o‘z hissasini qo‘shishga qaror qiladi. U, bu harakati bilan o‘sha davrda yangi tashkil etilayotgan maktablarga adabiyotlar zarurligini, ammo bu bilim manbaini yaqin kelajakda mahalliy tilda keng ko‘lamda chop etilishiga chor amaldorlari to‘siq bo‘layotganligini fahmlab, eski, ya’ni qo‘ldan-qo‘lga o‘tib titilib, muqovalari yirtilib ketgan qo‘lyozma hamda bosma kitoblarni ta’mirlab, yana qayta o‘z o‘quvchilariga yetkazib berishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi. O‘sha davrda, tarixiy manbalarda ko‘rsatilishicha, Namanganda, 1888–1899 yillarda 2 ta, Toshkentda 1901 yilda 32 ta, 1904 yilda 37 ta, Qo‘qonda 1904 yilda 31 ta kitob sotuvchi do‘konlar va boshqa O‘rta Osiyo shaharlarida ko‘plab kitob hujralari faoliyat ko‘rsatganligi ma’lum. Bulardan tashqari, G‘.H. Orifjonovning shaxsan o‘zi qanchadan-qancha mahalliy va xorijiy kitobfurushlarni yaqindan bilgan, Toshkentda faoliyat ko‘rsatayotgan o‘ndan ortiq bosmaxona va tipo-litografiyalarning xo‘jayinlari Osip Alekseevich Portsev (1888 yil), Semyon Ivanovich Laxtin (1877 y.), Viktor Fedorovich Postuxov (1876 y.), Vasiliy Mefodiyevich Ilin (1899 y.), Pavel Dementevich Nemtinov (1901 y.), aka-uka F. va G. Kamenskiylar (1893 y.) bilan yaqin aloqada bo‘lgan.

Bularning hammasi o‘sha paytda O‘rta Osiyoda yagona bo‘lgan ushbu “Muqovaxona ustaxonasi” ishini tashkil etish nihoyatda zarur ekanligini G‘ulom Hasan ko‘ra bilgan.

“Men 1898 yili o‘n olti yoshimda Kallaxonadagi Orifjonov o‘g‘li G‘ulom Hasanning shaxsiy hovlisida tashkil topgan “Muqovaxona ustaxonasi”ga ishga yollangandim. O‘sha vaqtda ustaxonaga ajratilgan bir uy to‘la odam eskirib, titilib, yirtilib ketgan kitoblarni yelimlash, tikish, muqovalash bilan shug‘ullanardilar. Men ham ularga qo‘shilib, turli xil adabiyotlarni ta’mirlashga kirishdim”, deb eslaydi keksa muqovasoz usta Abdurahmon ota Saidboyev.

Tasavvur eting, bir uy mutaxassisni ish bilan ta’minlab, ularga maosh to‘lab ishlatishning o‘zi kishini mulohaza yuritishga undaydi. Demak, “Muqovaxona ustaxonasi”ning ishi buyurtmachilarga boy ekanligidan, ustaxona mutaxassislarining sifatli ta’mirlagan kitoblari ko‘pchilik e’tiborini o‘ziga jalb etganidan dalolat beradi. Yana bir fikr, yuqorida nomlari zikr etilgan rus zodagonlarining Toshkentda tinimsiz ishlab turgan bosmaxonalari mahalliy xalq vakillari va diniy madrasa ulamolaridan o‘zbek tilida olingan buyurtma kitoblarni muqovalashgacha bo‘lgan poligraf jarayonini o‘zlarida bajarib, muqovalashni esa G‘.H. Orifjonov ustaxonasiga shartnoma asosida topshirishgan. Bu xizmat evaziga rus zodagonlari muqovaxonani turli xil qog‘oz, yelim, karton va boshqa poligrafiya materiallari bilan ta’minlashgan. Rus matbaachilaridan olingan poligrafiya materiallari shaxsiy buyurtmalar, ya’ni kitobfurushlardan kelgan sovg‘a buyurtma kitoblarni ta’mirlashga ishlatilgan. G‘ulom Hasan Orifjonov “Muqovaxona ustaxonasi”da ishlovchi mutaxassislarning malakasi o‘sha davrda boshqa matbaalarda ishlayotganlardan yuqori bo‘lgan. Chunki ular qo‘lyozma kitoblarni asl holatiga keltirishda ishtirok etgan mohir xattot, lavvoh, har bir kitobga noziklik, nafislik bilan naqshu nigor chizuvchi musavvir yoki hunarmand, muqovasoz, qog‘oz turlari va kitob sahifasi shaklining bilimdonlari, jildsoz, muqova xili, turlarini biluvchilardan iborat bo‘lgan. Bir so‘z bilan aytganda, G‘.H. Orifjonov kadr-larni faqat “Muqovaxona ustaxonasi”ga emas, balki uzoqni ko‘zlab, bo‘lajak toshbosmaxonaga mo‘ljallab ishga yollaganligi ham haqiqatdan yiroq emas.

A.Saidboyevning ta’kidlashicha, G‘ulom Hasan yosh bo‘lishiga qaramay dono, ochiq ko‘ngil, tabiatida sharqona mulozamat doimo jo‘sh urib turgan. U ta’mirlanadigan kitoblarni o‘zi qabul qilib, asarning muallifi, qaysi yilda nashr etilganligi hamda uning mazmuni bilan tanishganidan so‘ng buyurtmachi bilan kitobni oddiy yelimlash, tikish va unga yangi sahifa qo‘yishdan tashqari asarni qo‘shimcha ziynatlash, sovg‘abop etib muqovalash, jildlash, hatto sahifalariga qo‘shimcha bezaklar kiritish borasida ham kelishib olardi. Shu tufayli kitob o‘zining dastlabki holatidan ham bejirim, ko‘zni quvontiradigan darajaga yetkazib ta’mirdan chiqarilardi. Buyurtmachi kitobxon arzon-garovga buyurtmasi bunchalik go‘zal bo‘lganidan ustaxona ishidan rozi, behad xursand bo‘lib ketardi.

Turkiston general-gubernatorligiga qarashli tarixiy hujjatlarda Orifjonovni kitobfurush, ba’zi tadqiqotlarda yetuk xattot bo‘lgan degan ma’lumotlar uchraydi. U Toshkentda faoliyat ko‘rsatayotgan matbaalarning ish tajribalarini chuqur o‘rgangan, tahlil qilgan. Noshirlar kitobni chop etishdan oldin Peterburgdagi Bosh nazoratchi qo‘mitasining ruxsatini olish uchun majburiy nusxalarni yuborish, yo‘llangan kitoblardan biriga Bosh nazoratchining ruxsat raqami va muhri bosilgan nusxa qaytarilgandan so‘ng asar ustida ish boshlash lozimligini ham yaxshi bilishgan. Bunday rasmiy ruxsatnomani hujjatlashtirish uchun kamida bir yarim-ikki yil vaqt sarflanar edi. Podsho ma’murlari toshbosmaxona ochishga ruxsat bergudek bo‘lsa, bu yumushlarni oldindan bajarib qo‘yish maqsadida kitobfurush do‘stlari maslahati va yordamiga tayanib, har bir kitobdan o‘nga yaqin nusxa izlab topib, sotib olib, Peterburgga, Bosh nazoratchi qo‘mitasiga oldindan yo‘llagan bo‘lishi ham ehtimoldan xoli emas. U, bu ishni o‘ta puxtalik, ziyraklik bilan amalga oshirgan. Bosh nazoratchi qo‘mitasiga yo‘llangan nusxalar yo‘qolib qolishi yoki nazoratchi ruxsatiga loyiq topilmasligini ham inobatga olib, qayta nashrga mo‘ljallangan asarlarni ortig‘i bilan jamlab qo‘ygan bo‘lishi ham haqiqatga yaqin.

“Okraina” gazetasining 1896 yil, 73-sonida bosilgan “O‘lib borayotgan ishlab chiqarish” maqolasida Turkistonlik noshirlarning Peterburgdagi Bosh nazoratchi qo‘mitasi orqali nashrlarga ruxsat olishida bir qator qiyinchiliklar yuzaga kelayotganligi, ayniqsa, nashr ruxsatnomasini hujjatlashtirish uchun “ikki yilcha” sarf qilinayotganligi ma’lum qilinib, mahalliy bosmaxonalar xo‘jayinlarini bunday tartib qoniqtirmayotganligi, shuning uchun muallif o‘z maqolasini “o‘lib borayotgan bosmaxonalar ishi” deb nom qo‘yganligi qayd etiladi. Shuning bilan bir qatorda maqola muallifi mahalliy tillarda nashr etiladigan, ya’ni Bosh nazoratchi qo‘mitasi ruxsatidan ilgari o‘tgan asarlarni qayta nashriga ruxsat berishni yoki o‘lkada mustaqil nazoratchi mahkamalarini tashkil etishni taklif qiladi.

O‘lka noshirlarining bu talablari inobatga olinmadi, buning asosiy sababi podshoning joylardagi mahkamalar xo‘jayinlari noshirchilik ishini keng ko‘lamda yo‘lga qo‘yishdan, Turkistonda mahalliy tillarda kitoblar chop etilishidan manfaatdor emasligida edi. Aniqrog‘i, ular mahalliy xalqlarning madaniy-ma’rifati, ma’naviyati, mafkurasining o‘sishi, yuksalishiga tish-tirnog‘i bilan qarshi chiqishdi. Shunga qaramay, Turkiston xalqi, vatani, millatiga fidoyi bo‘lgan noshirlar Bosh nazoratchi ko‘rigidan o‘tkazmasdan kitoblar chop etganlarini quyidagi tarixiy hujjatlardan ko‘ramiz: “1891 yili Turkiston general-gubernatori kantselyariyasi tomonidan Samarqand harbiy gubernatori qoidada bor tartibga ko‘ra “hamma sharq tillaridagi kitoblar Sankt-Peterburgdagi Bosh nazorat qo‘mitasi ko‘rigidan o‘tkazish uchun yuborilishi shart”ligi haqida ogohlantiriladi. Yana bir hujjatda: “1901 yil 30 avgustda Yettisuv viloyati harbiy gubernatorining Farg‘ona viloyati harbiy gubernatoriga yo‘llagan maktubida Yettisuv viloyatida “nazorat qo‘mitasining ruxsatidan o‘tmagan o‘zbek tilidagi kitoblarni” sotayotgan andijonlik Xo‘jayevdan tortib olib ,“Sankt-Peterburg nazorat qo‘mitasi ko‘rigidan o‘tkazish uchun yuborilganligi” haqida bayon etiladi.

XIX asr oxiridan to birinchi rus burjua-demokratik qo‘zg‘oloni (1905–1907 yy.) tugaguncha o‘lkada joylashib olgan podsho hukmdorlari mahalliy tillarda kitob noshirchiligiga butunlay qarshi chiqqan, hatto nashrdan chiqqan o‘zbek va O‘rta Osiyo xalqlari tillaridagi asarlarni nashr etilgan kitoblar ro‘yxatidan to‘la o‘tkazmagan hollar ham bo‘lgan. Olim Almaz Yozberdiyevning tadqiqotida ko‘rsatilishicha, sharq tillarida nashr etilgan kitoblar bibliografiyasi bilan akademik B.A.Dorndan so‘ng, afsuski, o‘n yetti yil (1867–1884) dan ortiq davr mobaynida Rossiyada hech kim shug‘ullanmagan. Va nihoyat, bu ish asr oxirlarida “Rus Imperatori arxeologiya jamiyatining sharq bo‘limi ma’lumotlari”ni bevosita nashr etish (1886–1917 yy). bilan bog‘lab, qayta yo‘lga qo‘yilgan. Uning sahifalarida yangi sharq nashrlari, shu jumladan, Turkiston nashrlari haqida doimiy ravishda turkshunos-sharqshunoslar tomonidan ma’lumotlar berib borilgan. Uning 3,5,8-jildlarida “Rus Imperatori arxeologiya jamiyatining sharq bo‘limi ma’lumotlari”da 1886-1893 yillar mobaynida rus sharqshunos-turkshunosi, professor V.D.Smirnov (1846–1922 y.) tomonidan 1885–1893 yillarda bosmadan chiqqan sharq tilidagi kitoblar ro‘yxati “Rossiyada musulmonlar nashrlari” ko‘rsatkichida berib borilgan. Unda hammasi bo‘lib 684 kitob ro‘yxati ko‘rsatilgan. Qayd qilingan hujjatdagi toshbosma kitoblarning ko‘pchilik qismi Qozon nashriga tegishli bo‘lgan. Turkiston nashrlari bor-yo‘g‘i 28 nomni tashkil etib, ular 1889–1893 yillarda Toshkentda chop etilganligi qayd etilgan. Olimning fikricha, bu ro‘yxatda ham Turkiston nashrlari to‘la ko‘rsatilmagan. Ya’ni, ro‘yxatda Xiva toshbosmaxonasi kitoblari haqida birorta ma’lumot yo‘qligi hamda Toshkent nashrlari ham to‘la qayd etilmaganligi dalillar orqali isbotlab berilgan. Jumladan, Fuzuliyning asarlari 1884–1893 yillarda Toshkent toshbosmaxonalarida o‘n ikki bor nashr etilgan bo‘lsa-da, ko‘rsatkich-ro‘yxatda bir nashr – “Layli va Majnun” (1893 y.) qayd etilgan. O‘rta Osiyo xalqlari merosining chorizm imperiyasi tomonidan bunday kamsitilishi keyingi davrlarda ham davom etganligini ko‘ramiz. 1911 yildagi “Kitoblar yilnomasi”da hammasi bo‘lib, o‘ttiz olti toshbosma kitob ro‘yxatga olingan bo‘lsa, o‘sha yilning sakkiz oyida bosmadan chiqqan kitoblarni ro‘yxatga olgan olim L.A.Ziminning ko‘rsatishicha, bu son qirq uchtaga ko‘tarilgan. Kitob millat boyligini, savodxonligini anglatuvchi mezon ekanini e’tiborga olsak, bu raqamlar O‘rta Osiyo xalqlarini jahon xalqlari nazari oldida ma’naviy kamsitishdan boshqa narsa emasligi ma’lum bo‘ladi. Bu ham yetmagandek, mahalliy xalq vakillariga ziyo maskanlarini, yangi nashr o‘choqlari – matbaalarini, oynoma va gazeta nashrlarini ochishga ijozat so‘rab borilganda muntazam rad javobi berilgan.

G‘ulom Hasan Orifjonov hovlisida tashkil topgan “Muqovaxona ustaxonasida”, 1898 yildan boshlab ishga yollangan Abdurahmon Saidboyev haqida qisqacha biografik ma’lumot berib o‘taylik.

Abdurahmon Saidboyev 1883 yili Toshkentda kambag‘al dehqon oilasida tug‘ilgan. 1898–1932 yillarga qadar, G‘.H. Orifjonov “Muqovaxona”si, “G‘ulomiya”, “Orifjonov” toshbosmaxonasi, “Sovet Sharqi” va “O‘zgosizdat”ning musulmon matbaachilari bosmaxonasi, “Namunali bosmaxona”, “Birinchi bosmaxona”, Akmal Ikromov nomidagi bosmaxona (aslida hammasi bir matbaa)da faol mehnat qilib kelgan, 1932–1941 yillarda 2-matbaachilar hunar-bilim yurtida usta-murabbiylik qilib, yoshlarga muqovasozlik hunarini o‘rgatgan. 1941–1958 yillarda Birinchi bosmaxonada yuqori malakali muqovasoz bo‘lib ishlab, o‘sha yerdan mehnat faxriyligiga kuzatilgan. G‘.H.Orifjonovning shaxsiy matbaasi xususiylashtirilgandan so‘ng (1918 yil, aprel) Abdurahmon Saidboyevga berilgan yozma hujjatda bunday deyilgan: “Shayxontohurning Qo‘rg‘ontegi mahallasida yashovchi Saidboy o‘g‘li Abdurahmon haqiqatan ham 1898 yildan boshlab Kallaxona mahallasi, mening uyimda 1907 yilning oxiriga qadar maxsus ustaxonada muqovalovchi bo‘lib ishladi.

1908 yili litografiya Saqichmon mahallasiga o‘tgandan so‘ng A.Saidboyev 1913 yilning oxirigacha muqovalash bo‘limida muqovalovchi, 1914 yildan bosmaxona milliylashtirilgunga qadar xatni tosh qolipga ko‘chiruvchi vazifasida ishladi.

U ish vaqtida o‘z vazifasini hiyla-nayrangsiz ado etdi, topshirilgan har bir ishni yaxshi va o‘z vaqtida bajarib keldi.

Imzo: Litografiyaning o‘tkinchi shaxsiy mulkchisi Orifjon o‘g‘li Hasan.

1918 yil, 17 may”.

Ushbu hujjat nihoyat G‘ulom Hasan Orifjonovning ko‘p yillik orzusi ushalganligi, ya’ni noshirlikka – litografiya ochishga ruxsat olganligini ko‘rsatadi.

G‘.H.Orifjonov noshirlik kasbini rasman 1907 yil 28 iyulida boshlagan deyish mumkin.

Kitobatchilik va noshirchilik hamda toshbosma asarlar tarixi bilan yaqindan shug‘ullangan Ra’no Mahmudova, M.I.Rustamovlar o‘z tad-qiqotlarida G‘.H.Orifjonovning toshbosmaxonasidan birinchi qaldirg‘och kitoblar 1900 yilning boshlarida nashrdan chiqqanligi ma’lum qilinib, ana shunday kitoblar sirasiga “Shohnomai Firdavsiy”, Alisher Navoiyning “Devon”i, Muqimiyning tanlangan she’rlar to‘plami, Fuzuliyning “G‘azaliyot”i kabi nashrlar ko‘rsatib o‘tiladi. G‘ulom Hasan Orifjonov shunchaki kitob noshiri emas edi. U insoniyat aql mahsuli bo‘lgan kitoblarni o‘z xalqiga tez va soz yetkazuvchi fidoyi, O‘rta Osiyo mutafakkirlari yaratgan asarlar bilan millat ehtiyojini qondirishga bel bog‘lagan, kerak bo‘lsa, bu ishda yuksak majburiyat oldida turganligini yaxshi his qilgan o‘zbek ziyolisi ham edi. Bu u tuzgan nashr rejalari mavzu jihatidan rang-barangligida yaqqol ko‘zga tashlanib turibdi.

Bu kitoblarni ko‘rib, G‘ulom Hasan Orifjonov o‘z nashr rejasini so‘zsiz o‘sha davr jadidchilik harakati namoyandalarining maqsadlariga, xarakatlariga hamohang tuzganligiga, shuningdek, ularning dasturlari yosh noshirga turtki bo‘lganligiga ishonch hosil qilamiz. U o‘lkaning yirik kitobfurushlari bilan yaqin aloqada bo‘lib, aynan ularning buyurtmalari, xarajatlari va yordamlari orqali nashr rejalarini amalga oshirganligi kitoblarning unvon sahifalaridagi yozuvlarda yaqqol ko‘zga tashlanib turibdi.

1910 yilga kelib qayta nashrlarga ruxsatni Sankt-Peterburgdagi Bosh nazorat qo‘mitasi emas, Turkiston general-gubernatorining joylardagi nazorat mahkamalari beradigan bo‘ladi. Bundan unumli foydalangan noshir G‘ulom Hasan she’riyat sultoni Alisher Navoiyning sara asarlarini minglab nusxada besh yil davomida qayta-qayta nashrdan chiqarganligini Aburayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondida saqlanayotgan kitoblar orqali ko‘rishimiz mumkin. Bu XX asr boshlarida ilmga chanqoq Turkiston xalqida Alisher Navoiy asarlariga bo‘lgan ehtiyoj va talab nihoyatda yuqori bo‘lganligidan dalolat beradi.

Bir so‘z bilan aytganda, noshir G‘ulom Hasan Orifjonov O‘rta Osiyo xalqlarining madaniy merosini boyitibgina qolmay, u mahalliy xalq ma’rifatini ko‘tarish, mumtoz adiblarimiz asarlarini Hindiston, Eron, Turkiya va boshqa davlatlarga ham tarqatishga intilganligining shohidi bo‘lamiz. G‘ulom Hasan toshbosmasida 1908–1912 yillarda o‘zbek xalq og‘zaki ijodi namunalari: “Nasriddin Afandi” (1908–1910 yy.), “Yusufbek Ahmadbek va Bo‘z o‘g‘lon” (1909 y.), “Malikai Dilorom” (1912 y.), “Go‘ro‘g‘li Sulton”, “Gulfarah” kabi yigirmaga yaqin nomda kitoblarni nashrdan chiqaradi.

“G‘.H.Orifjonovning toshbosmaxonasi bu davrga kelib, butun O‘rta Osiyoda o‘zbek tilida nashr etuvchi yagona yirik matbaaga aylandi,– deydi Eshonqul ota Qodirov.– 1908 yili toshbosmaxonada o‘n-o‘n ikki mahalliy millat vakillari ishlardi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, toshbosmaga birinchi rus mutaxassislari Danilin bilan Vasilevlar kelishdi. Ular bosma mashinalarga 25, keyinchalik 40 kilovattli neftda ishlovchi motorlar o‘rnatishdi. Shundan so‘ng toshbosma mashinalar elektr-bug‘ yordamida ishlaydigan bo‘ldi. O‘shandan keyin toshbosma mutaxassislarining soni yigirmaga yetib qoldi. Litografiya dovrug‘i, uning dastgohidan chiqqan sifatli toshbosma mahsulotlari butun o‘lkaga yoyildi. O‘sha mahalda bosmaxonada ishlagan shogird bolalarga G‘ulom aka yiliga 40–60, yetuk mutaxassislarga oyiga 60 rublgacha maosh to‘lardi. Besh ti-yinga bir qadoq go‘sht, 35 tiyinga bir pud un yoki guruch olsa bo‘lardi. Oylik maoshini har haftaga bo‘lib chiqqan xo‘jayin G‘ulom aka haftalik ish haqini payshanba kuni berardi, juma kuni dam olinardi” deb eslagandi biz bilan bo‘lgan suhbatda.

1909 yili G‘ulom Hasanning litografiyasi dastgohidan chiqqan Mashrabi Soniyning “Mabdai nur” asarining unvon sahifasida: “Ushbu kitob G‘.H. Orifjonovning elektr-bug‘ yordamida ishlaydigan toshbosmasida 1327 (hijriy) yili chop etildi”, degan yozuv bor. Demak, matbaaning faqat bosma bo‘limi shu yildan boshlab qo‘l mehnatidan ozod qilingan.

O‘lkada kechayotgan og‘ir siyosiy va iqtisodiy davrda noshir G‘ulom Hasan Orifjonov o‘z toshbosmasi ishchilarini chorizm jandarmasi changalidan saqlab qolib, ahvolini yengillashtirishga, yetim-esirlarga yordam qo‘lini cho‘zishga baholi qudrat o‘z yordamini ayamaydi. Bu davrda u Turkiston general-gubernatori mahkamalari nazoratidan chetroqda bo‘lish niyatida bo‘lsa kerak, nashr rejalarida xalq og‘zaki ijodi namunalaridan “Tohir va Zuhra” (1914 y.), “Nasriddin afandi” (1916 y.), “Go‘ro‘g‘li sulton” (1916 y.) kabi asarlarni va o‘quv qo‘llanmalarini qayta-qayta nashrdan chiqargan.

G‘ulom Hasan rus tilidan o‘zbek tiliga ag‘darilgan asarlarni ham nashrdan chiqarganligi ma’lum. Bu haqda M.I.Rustamov va R.Mahmudovalar o‘z tadqiqotlarida ma’lumot beradilar. Jumladan, “1911 yilda “G‘ulomiya” bosmaxonasida “Robinzon hikoyasi” nomli kitob bosilib chiqdi. Bu hikoyani rus tilidan o‘zbek tiliga Muhammad Fozilbek tarjima qilgan”, deyilgan. Yana bir tadqiqotda bu xabar ancha to‘la keltirilgan: “Daniel Defoning “Robinzon Kruzo” romani Muhammad Fozilbek Otabek o‘g‘li tomonidan qisqartirilgan tarzda tarjima qilinib, Mulla Muhammad Qosim Qori Mahmud bilan Mulla Sulton Maxdumlar Orifjonov toshbosmaxonasida “Ro‘mon” nomi bilan 1911 yili nashr ettirgan”. Shuningdek, G‘ulom Hasan Orifjonov toshbosma imkoniyatlarini vaqtli matbuot namunalarida ham sinab ko‘rganligi “Al-izoh”, “Chayon” va “Cho‘l chayon” jurnallari orqali ma’lum bo‘ladi.

1917 yil oktyabr to‘ntarishiga qadar Turkistondagi vaqtli matbuotlarning jami soni 68 ga, matbaalar soni 90 ga, unda ishlovchilarning soni bir yarim mingdan ziyodga yetdi. Shulardan faqat o‘ttizdan ziyodi turli yillarda o‘zbek tilida tashkil topgan gazeta va oynomalar bo‘lib, ularning ikkitasi Toshkentda (“Turkiston viloyati gazeti”, “Dehqonchilik risolasi” – XIX asarning ikkinchi yarmida), qolganlari XX asr boshlaridan Oktyabr inqilobigacha dunyoga kelgan edi.

Bu gazeta va oynomalarning ko‘pchiligida millatimizning fidoyi farzandlari ishlaganlar. Keyinchalik ularning katta bir qismi “jadidlar”, bir qismi “millatchilar”, ba’zilari “xalq dushmanlari” deb ayblangan. Millat ma’rifati, ma’naviyati, madaniy merosini boyitishga jonini ayamagan Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxon o‘g‘li, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon, Elbek, Ibrat, Ismoil Obidiy (Taraqqiy), Abdulla Avloniy, Saidnosir Mirjalilov, Mahmud Hodiyev (Botu), Ubaydullaxo‘ja Asadullaxo‘jayev, Ashurali Zohiriy, Abdulla Qodiriy, Hoji Muin, Abdurahmon Sodiq o‘g‘li va boshqalarning nomini keltirish mumkin. Shuningdek, bular safiga o‘zbek matbaa noshirchiligining ilk namoyandalari: namanganlik Ishoqxon Junaydullayev (taxallusi Ibrat), xorazmlik Otajonbosma Abdalov, toshkentlik G‘ulom Hasan Orifjonov, marg‘ilonlik Obidjon Mahmudov, Azim Xo‘jalarning faoliyatlari jiddiy e’tiborga loyiqdir. Chunki ular milliy uyg‘onish davrini o‘z nashrlari bilan ta’minlagan kuch bo‘ldilar, millat madaniy merosini boyitdilar.

O‘zbek ziyolilari mustamlakachilik siyosati tufayli Turkiston zabun, ya’ni tang ahvolga tushib qolganini, xalq jaholat va nodonlik qo‘ynida, erksizlik jaholati, ikki tomonlama zulm iskanjasi ostida qattiq ezilib qolganligini chuqur angladilar va bunday hayotni o‘zgartirish, yangilash lozimligi haqidagi fikrlarni ilgari surdilar. Ular xalqni ma’rifatli qilishni, ma’naviy saviyasini yuksaltirib, yaxshini yomondan ajrata olishni ma’rifatning birlamchi sharti deb bildilar va shu olijanob maqsadni amalga oshirish uchun fidoyilik bilan og‘ir, ammo sharafli mehnatga bel bog‘lagan millat fidoyilari bo‘ldilar. Ular turli xil ta’qib va tahdidlarga qaramay, moddiy qi-yinchiliklarni yengib, yangi ilm maskanlari, maktablar ochdilar, adabiyot va san’at taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shdilar, o‘quv qo‘llanmalari yaratdilar va nashr ettirdilar.

Mehnat qahramoni Abdurahmon Saidboyev, jumhuriyatning mehnat faxriylari Akbar Maxsum Saidov, Eshonqul Qodirovlar bilan suhbatlardan ma’lum bo‘lishicha, G‘ulom Hasan Orifjonovning toshbosmaxonasi 1918 yili mart oyida yangi hukumat tomonidan musodara qilinganda litografiyada to‘rt toshbosma mashina, uchta nusxa ko‘chiruvchi qurilma, zarhallovchi, qirquv mashinalari bo‘lib, ularda (xattotlardan tash-qari) yigirma mutaxassis matbaachi ishlagan. “G‘ulomiya” litografiyasi Saqichmondan Eski shaharga, Birinchi Toshkent shahar bosmaxonasining rotatsiya bo‘limi o‘rniga ko‘chirib keltirilgan. Shu kundan boshlab shaxsiy toshbosmaxona ishchilar qo‘liga o‘tgan.

Ammo “G‘ulomiya” litografiyasi davlat hisobiga o‘tkazilganda ham G‘.H. Orifjonov toshbosmaning yangi boshqaruvchilaridan biri bo‘lib vaqtinchalik ishda qolganligi ma’lum.

Oktyabr to‘ntarishini G‘ulom Hasan Orifjonov mamnuniyat bilan kutib oldi. U Sho‘ro hukumati kitob nashr ishiga yanada yaxshi sharoitni yaratadi va keng xalq ommasiga yetib borishini ta’minlaydi degan umidda yashadi. Uni bir narsa – o‘z hunarini yangi jamiyatda qo‘llay olarmikanman degan o‘y bezovta qilardi.

Turkiston Poligrafiya bo‘limining 1921 yildagi boshlang‘ich uch oylik hisobotida G‘.H. Orifjonov toshbosmasi faoliyati ko‘rsatilmaydi. Unda moliya komissariatining qo‘l ostidagi 1-litografiya bilan Eski shaharda yangi (“G‘ulomiya” matbaasi negizida – A.B.) tashkil topgan Musulmonlar bosmaxonasi qayd etilgan. Bu hisobotdan ko‘rinib turibdiki, G‘ulom Hasan Orifjonov yetishtirgan yuqori malakali matbaachilar yangi tashkil etilgan Musulmon bosmaxonasiga asos solgan, uning toshbosmaxonasi uskunalari Turkiston Moliya komissariatida eng og‘ir davr – fuqarolar urushi oqibatida yuzaga kelgan pul tanqisligini to‘ldirish borasida millionlab hajmda davlat banknoti – bonni chiqarishda xizmat qiladi.

Tarixiy hujjatlarda bu haqda bunday deyilgan: “1918 yil boshlarida Turkistonda moliyaviy inqiroz yuz berishi munosabati bilan o‘lka xalq Komissariati kengashi 1918 yil 22 fevralda RSFSR Sovnarkomiga darhol o‘lkada mayda kupyura: 1, 3, 5, 10, 25 rubllik, jami 15 millionga yaqin miqdorda davlat bankotini chop etishga majbur bo‘lib, markazdan ruxsat so‘raladi. Shu munosabat bilan zudlik bilan Toshkentda banknotlarni chop etish uchun litografiya tashkil etish zarur deb topiladi. Markaziy Komitet va o‘lka Sovnarkomining buyrug‘iga asosan Poligrafiya bo‘limi katta quvvatga ega bo‘lgan poligrafiya korxonasini tashkil etishga qaror qabul qilib, Turkistondagi barcha matbaa korxonalarini davlat hisobiga o‘tkazish haqidagi masalani ilgari suradi”. Shunday qilib, 1918 yilning martidan boshlab matbaalar davlat hisobiga o‘tkazishga kirishildi. Birinchi navbatda G‘.H.Orifjonov litografiyasi, O.A. Portsev bilan Ilin tipolitografiyalari xalqniki deb e’lon qilinadi. Achinarlisi shundaki, O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgunga qadar ba’zi olimlarning madaniy tariximizga oid yirik ilmiy tadqiqotlarida, jumladan, 1955 yilda Moskvada nashr etilgan “Sovet O‘zbekistonining madaniy tarixiy ocherklari” nomli yirik asarda XIX asr oxiri va Oktyabr to‘ntarishigacha bo‘lgan davrda, o‘zbek tilida nashr etilgan bosma kitobalarning salmog‘i kamsitilgan, Turkistonda millatimiz madaniyatini boyitishda xizmat ko‘rsatgan nashr o‘choqlari, ya’ni ziyo maskanlari soni ham kamaytirib ko‘rsatilgan. Jumladan, G‘.H. Orifjonov tashabbusi bilan tashkil etilgan ziyo maskani, ya’ni Toshkent shahar Birinchi musulmonlar bosmaxonasiga asos solgan noshirxona ham hisobga olinmasdan, Birinchi bosmaxona 1923 yilda tashkil qilindi, deb qayd etilgan.

O‘zbek noshirchiligining ilk qaldirg‘ochlaridan biri bo‘lmish G‘ulom Hasan Orifjonov yetmish uch yoshida (1947 yili) vafot etadi. Ming afsuski, uning 1921–1947 yillardagi hayoti hozirgacha bizga noma’lum. Lekin u chop etgan toshbosma kitoblar o‘zbek madaniyati xazinasiga salmoqli hissa bo‘lib qo‘shildi. Ularni o‘rganib, to‘g‘ri talqin qilish o‘zbek tadqiqotchilarining faxrli burchidir. Birgina “G‘ulomiya”, “Orifjonov” toshbosmaxonasidan oktyabr to‘ntarishigacha chiqqan ikki yuzga yaqin nashrning o‘zi kitobshunos, sharqshunos, bibliograf va boshqa kitob nashri tarixi, umuman o‘zbek millati madaniyati tarixini o‘rganuvchi olimlar uchun katta xazinadir.

Aziz Boboxonov,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, tarix fanlari nomzodi

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2008 yil, 6-son

* * *

Taniqli matbaachi Aziz BOBOXONOV ko‘p yillardan buyon O‘zbekistondagi kitobatchilik, matbaa-noshirlik tarixini, o‘zbek ma’rifatparvar ziyolilari faoliyatini o‘rganish borasida tadqiqot olib bormoqda. U “O‘zbek matbuoti tarixidan” (1979), “Matbaa bayroqdorlari” (1974), “Bir asrga teng matbaa” (1976), “Ustozlar va shogirdlar” (1970), “O‘zbekiston matbuoti” (1986 yil, rus tilida) kitoblari muallifi. Bolalar uchun qissalar yozgan, Italiya yozuvchisi Janni Rodarining qissalari va jahon xalqlari ertaklarini tarjima qilgan.