Anastasiya Grib. Jahon madaniyati o‘choqlari

MO‘MIN-MUSULMONLAR MAKTABI

Islomda din va ta’lim azal-azaldan bir-biri bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib kelgan. Loaqal Kitobning shunchaki ma’nosidan uncha-muncha boxabar bo‘lmoq uchun ham arab tilini mukammal bilish talab etiladi – zero an’anaga ko‘ra Qur’oni Karimni faqat asliyatda o‘qish shart, aks holda uning mazmuniga putur yetadi. Shu bois barcha musulmon dorilfununlari azal-azaldan masjidlar qoshida yuzaga kelgani taajjublanarli hol emas. Shulardan «asosiy»si – istisno emas. Al-Azhar dorilfununi Qohiraning shu nomdagi masjidida ochilgan edi. Afsonalarga ko‘ra, uning nomi Muhammad (c.a.v.)ning to‘ng‘ich qizlari sohibjamol Fotimaning sifatlaridan biri az-zahro, «charaqlagan» degan so‘zga borib taqaladi. Bugungi kunda musulmon olamida Al-Azhar ulkan ma’muriy-ma’rifiy majmuasining ahamiyati beqiyos. Bu na faqat islom madaniyatining eng muhim markazi, balki jahonda faoliyat ko‘rsatib turgan eng qadimiy oliy o‘quv yurtidir. So‘z avvalidayoq ushbu dorilfununning tuzilishini jurnalxonlarga ma’lum qilib qo‘yish maqsadga muvofiq bo‘lsa kerak. U ikki qismga: erkaklar va ayollar kulliyotlariga bo‘lingan. Erkaklar kulliyotlari quyidagidan iborat: 1. Geologiya. 2. Arab tili. 3. Islom ta’limi. 4. Kimyo. 5. Tish muolajasi. 6. Shariat. 7. Islom va arab tadqiqotlari. 8. Tijorat. 9. Til va tarjima. 10. Tibbiyot. 11. Muhandislik. 12. Qishloq xo‘jaligi. Xotin-qizlar kulliyotlari: 1. Islom va arab tadqiqotlari. 2. Gumanitar fanlar. 3. Tijorat. 4. Tibbiyot. 5.Aniq fanlar.

Qohiradan tashqari yana quyidagi shaharlarda Al-Azhar dorilfununining filial (bo‘lim)lari mavjud: Aleksandriya, Damomxur, Sohag, Asyut, Tanta, Al-Mansura, Al-Manufiya, Az-Zakazik, Shibin al-Qavm. Shulardan Aleksandriya, Sohag va Asyutdagilar xotin-qizlar filiallaridir.

Al-Azhar masjidi 972 yilda Muhammad (s.a.v.)ning qizlari nomidan kelib chiqqan Fotimiylar sulolasi (909–1171) vaqtida ochilgan edi. Bir necha yil o‘tgandan keyin esa uning saroyida birinchi «seminar» bo‘lib o‘tdi: Abulhasan Ali ibn an-Nu’mon al-Qayravoniy hozir bo‘lganlar huzurida «Al-Ixtisor» (fiqh bo‘yicha nutqlar to‘plami)dan parcha o‘qib berdi.

Ko‘p o‘tmay butun musulmon olamida Al-Azhar maktabining ta’siri benihoya katta bo‘ldi. Bir jihatdan – bu Afrikadan Makkaga yo‘l olgan ziyoratchilar yo‘li ustidagi muhim qo‘nalg‘a bo‘lmish Qohiraning jug‘rofiy holatiga bog‘liq bo‘lsa, yana bir jihatdan – uning siyosiy maqomi sabab bo‘lgan edi (X asrda abbosiylar davlati qulagandan keyin shahar Fotimiylar xalifaligining poytaxtiga aylangandi). Avvaliga talabalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri katta masjid hovlisida o‘qitilardi, xorijliklar uchun esa ravoq deb atalmish maxsus turar-joy ajratilardi. Al-Azhar dastlabki kunlardanoq turli mamlakatlarning ko‘plab olim va serzavq yoshlarini o‘ziga tortar edi – unda nimasi bilandir hozirgi «taklif etilgan kasb-hunar» va stipendiyalar tizimini eslatuvchi tizim ancha oldin joriy etilgan edi. Buning ustiga Andalusiya va O‘rta Osiyoda arab ta’sirining susayishi bilan bu o‘quv yurti uzoq vaqtgacha o‘zlarining oldingi istiqomat joylarini tashlab ketishga majbur bo‘lgan olim va mutafakkirlar uchun boshpana bo‘lgan. Boshda Al-Azhar ruhoniylari orasida hur fikrlilikka keng yo‘l ochib berilgan: XIII asrda bu yerga eng yirik shia mazhabi vakillari – ismoiliylar, kech O‘rta asrda esa – sufiylar to‘plandilar… XVIII asrga kelgandagina dorilfunun chinakam sunniylar markaziga aylandi va hozir ham shunday bo‘lib turibdi.

Darvoqe, bugungi kun haqida: hozirgi vaqtda Al-Azharning ta’lim tizimi dorilfununning o‘zi bilan birga yana madrasani va uch bosqichli tayyorlov o‘quv yurtini o‘z ichiga oladi. Yarim asr muqaddam ilohiyot kulliyotlariga dunyoviylari ham qo‘shilgan edi: endi bu yerda tibbiyotni, turli aniq va gumanitar fanlarni o‘rganish mumkin. To‘g‘ri, hatto Al-Azhardagi dunyoviy mutaxassislikni ham talaba faqat asosiy musulmon maktabining barcha bosqichlaridan o‘tgandan keyingina ega bo‘la oladi.

Ayollar mavjud fikrga qarshi o‘laroq yana oliy ta’lim olish huquqiga ham ega. Ular erkak jinsidagi talabalar qanday mutaxassislikka o‘qisalar, Ayollar kollejida xuddi shunday mutaxassislikka o‘qishadi. Albatta, hech qanday axloq erkinligi to‘g‘risida gap bo‘lishi mumkin emas, qizlar yigitlardan alohida o‘qishadi va istiqomat qilishadi.

XXI asrda al-azharliklarning asosiy vazifasi rasman faqat keng ma’nodagi davlatdan iborat bo‘lib qolmoqda. Ya’ni na faqat dinni yoyish (dorilfununda hatto maxsus «mubashshirlik» kulliyoti ham mavjud), balki undan-da kengroq ma’nodagi ish – islom madaniyatini targ‘ib etish avj oldirilgan. Masalan, tusmollarga qaraganda, Al-Azharda oliy darajada mumtoz arab tili o‘rgatilar ekan – dunyo bo‘yicha bu lisonshunoslik maktabi boshqa hech qayerda yo‘q. Misr bilan qo‘shib hisoblaganda ko‘plab musulmon mamlakatlaridagi yalpi ishsizlik holatida obro‘li dorilfunun bitiruvchilari oftobshuvoq joy qidirib, vaqtlarini isrof qilishga majbur bo‘lmaydilar. Ularning ko‘pchiligi adabiyot o‘qituvchilari va din bilimdonlari sifatida ularni quchoq ochib kutib oladigan xorijga yo‘l oladilar. Ammo, o‘z-o‘zidan ma’lumki, musulmon bo‘lmaganlarning va xususan g‘ayridin odamning bu bilim dargohida qiladigan ishi yo‘q. Hattoki arab madaniyati masalalarida toblangan muxbirlarga ham kezi kelganda oson tutib bo‘lmaydi…

OLLOH BERGAN G‘URRA

Biz Al-Azharga oktyabrning o‘rtalarida kirdik. Hamma joyda mashg‘ulotlar davom etar (o‘quv yili birinchi oktyabrdan boshlanadi), shuningdek Ramazonning so‘nggi haftasi yaqinlashib kelardi, bu esa rasmiy uchrashuvlar uchun g‘oyat noqulay vaqt edi. Namoz bilan rasmiy uchrashuvni dorilfununda qo‘shib yuborish mumkin emasdi.

Darvoqe Al-Azhar degan ushbu haramda (so‘zma-so‘z tarjimasi – «taqiqlangan muqaddas joy») barcha tashkiliy masalalar «qo‘ng‘iroq orqali» hal etiladi. Yoki bashartiki ustida «asosiy odam» imzosi bo‘lsa, xat orqali yechiladi. Bizga hamrohlik qiluvchi matbuot xizmati xodimi bunday xatlarni orqasiga ortmoqlab olgan – Ramazon tufayli uyqusi chalaligidan biron joyda esdan chiqarib, qoldirib ketmaslik uchun va shu bilan birga «maxfiylik uchun».

Har bir boshliq ustidan har doim yangisi «o‘sib chiqadi». Amalda esa – hatto undan yuqorisi Al-Azhar nizomi tomonidan o‘ylab topilmagan «boshliqlar boshlig‘i» ustidan muhofaza muassasalari turadi. Silsila tugaydi. Mana, qo‘lingdagi qog‘ozni ko‘rsatasan va barmog‘ing bilan mo‘tabar imzoni nuqiysan, allaqanday «farrosh» esa baribir ham «noqonuniy fotosessiya»ning oldini olishda o‘zini mas’ul deb hisoblaydi. Axir keyin u yot odamni Muqaddas Dargoh – Haramga qo‘yib yubormagani uchun bir umr g‘ururlanib yuradi-da!

Xoh ishoning, xoh ishonmang, nima bo‘lganda ham o‘sha eng Muqaddas Dargoh – bosh masjidga kutilmagan holda oson kirdik. Dorilfunun majmuasidan farqli o‘laroq u yerga hammani: fotosuratchilar, sayyohlar va hatto ayol sayyohlarni qo‘yaveradilar. Al-Azhar Jome masjidi Qohiraning janubida, eski saroy mahallasida joylashgan. Shuni ta’kidlash joizki, namozlar oralig‘idagi vaqtlarda u yerda muhit ancha mo‘tadil bo‘ladi. Ko‘plab talabalar yerda yotib olib, duolar zamzama qilishadi. Hatto pinakka ham ketadilar. Kimdir bir kurs oldinga o‘tib olish ishtiyoqida qunt bilan imtihonlarga tayyorlanadi. Kimdir esa sovuq toshga taqvodorona telbalik ila «manglayini uradi». Darvoqe, manglaydagi g‘urra – qunt va e’tiqod bilan toat qilishning «rasmiy» alomati hisoblanadi va Al-Azhardagi deyarli har bir yigit manglayida bunday g‘urrani ko‘rish mumkin. Ha, aynan yigitlar manglayida: qiz talabalar g‘urra orttirishlari shart emas – ular uchun Qur’oni Karimni bocim mutolaa qilish bilan yuzlariga rangparlik va mahzun ko‘rinish ila zeb berishsa, kifoya. Ularni odatda masjidning o‘ng tomonida joylashgan ayollar bo‘lmasida shunday mashg‘ulot bilan band bo‘lib turganlarini ko‘rish mumkin. To‘g‘ri, hovlida ham Ayollar kolleji talabalari uchrab qoladi: ular bu yerga qoralamalar, bo‘z matolar va buklama kursichalar bilan kelishadi – bezak naqshlaridan nusxa ko‘chirishadi… Bundoq olib qaraganda, bu yerda al-azharliklar kutilganidek unchalik ko‘p emas: bu namozgoh ular uchun asosiy uy bo‘lsa-da, lekin yagona emas. Masjidlar, tabiiyki, har bir o‘quv binosida va hatto yotoqxonada ham mavjud.

Sayyohlarni markaziy eshikni qo‘riqlovchi kalitdorlar va farroshlar jon-jon deb tomosha qildirishadi. Ko‘zlari o‘tkir shunday bir cholni men birinchi marta ko‘rayotganim yo‘q. U o‘zini Sha’bon nomidagi madrasa imomiman1 deb tanishtiradi. Menga chuqur ta’zim qiladi va masjidga kiraverishda yechib qo‘yishimiz kerak bo‘lgan oyoq kiyimimni oladi. So‘ng jiddiy qiyofada, past ovozda hushtak chalib xirgoyi qilgancha, meni eshiklari ochiq hovlidan boshlab ketadi. Ganch suvoqli yerdan uning dag‘al va taqir tovonlarining shipillagan ovozi quloqqa chalinardi. Sha’bon menga barcha maxfiy eshiklarni bir-bir ochib boradi, ichkaridagi muhtasham yog‘och minbarlarni ko‘rsatadi, jum’a namozi kunlari u yerdan turib, imom-xatib jamoaga va’z o‘qiydi. Meni imom-xatib o‘tirgan o‘rindiqqa o‘tirib ko‘rishimni taklif qiladi. U hatto azonni maromiga keltirib qanday chaqirishni ham amalda namoyish etadi.

Lekin bular barchasi uchun baxshish to‘lash kerak bo‘ladi. Kalitdorlarda bu narsa qonun tusiga kirib bo‘lgan. Ular sayyohlarning oyoq kiyimlarini ataylab o‘zlari olib qo‘yadilar va sayr so‘ngida qilgan xizmatini ro‘kach qilib, sizdan albatta haqini undirib oladilar. Sayyoh bilan kiyim egasi o‘rtasidagi «savdo» goho soatlab cho‘zilib ketadi… Nima bo‘lganda ham mening omadim chopgan ekan. Namozi asr vaqti bo‘lib, kun botishiga yaqin qolgan, namozxonlar to‘da-to‘da bo‘lib, masjidga shoshilardi. Ayollar o‘ng tomondagi tanobiyga o‘tishlari talab etiladi. Sha’bon boshini xam qilgancha poyabzalimni menga tutqazadi – «rahmdil va muruvvatli Olloh Taolo o‘zi qo‘llasin».

Har bir dorilfununda shariat kulliyoti eng nufuzlisi hisoblanadi. «Shariatni anglagan odam yuz ilmni bilgan bo‘ladi», deyishlari bejiz emas.

NABIY (S.A.V.)NING DARRALARI

Al-Azharning bir tekisda urib turuvchi yuragi bo‘lmish bosh masjiddan salgina narida dorilfununning uch asosiy kulliyoti – ilohiyot, arab tili va shariat kulliyotlarini o‘z ichiga olgan majmua joylashgan. 11–12 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan bolalar va o‘smirlar uchun o‘ziga xos «maxsus maktab» hisoblanmish madrasa ham shu yerda joylashgan. Bugun mana shu hududda faqat o‘g‘il bolalaru qizaloqlar tahsil oladi.

Madrasada ko‘proq intizomga e’tibor beriladi, dorilfununda esa talabalarga munosabat nisbatan mo‘tadil: masalan, ma’ruzalarda ishtirok etishni hech kim nazorat qilmaydi. Biroq u yoqda ham, bu yoqda ham imtihonlar qattiq olinadi. O‘quvchining necha yoshdaligidan qat’i nazar, ko‘chirib yozish gunohi azim sanaladi: ko‘chirib yozish o‘g‘rilik bilan bir qatorga qo‘yiladi. Qolgan narsalarda dunyoviy oliy o‘quv yurtlardagidan deyarli farq yo‘q. Har bir bino eshigi tagida posbon turadi, u kirayotganlarning yuziga tikilib qaraydi va faqat al-azharliklargagina ijozat beradi. Faqat bolalar maxsus libos kiyadilar – ularning egnida ko‘k ko‘ylak va qora shimni ko‘rish mumkin. Katta yoshdagilar o‘zlari xohlaganday kiyinadilar. Qohira yoshlari ichida ularni soqollari yoki yuzlaridagi jiddiy qiyofadan payqash mumkin. Musulmonlarning an’anaviy «erkaklar ko‘ylagi» degan kiyimni faqat Qora Afrika mamlakatlaridan kelgan talabalar kiyishadi. Erkak o‘qituvchilarning ko‘piga ko‘zingiz tushmaydi, ammo ilohiyot olimlarini ularning sallalaridan darrov payqash mumkin… Al-Azharning bu qismida xotin-qizlar deyarli ko‘zga tashlanmaydi – ularga faqat Ayollar kollejidagi qizlar va yosh bolalarga dars berishga ruxsat etiladi.

Madrasaning o‘qituvchilar tarkibida olti ayol muallima bor. Ular bolalarga eng avvalo savod va to‘g‘ri gapirishni o‘rgatishadi. Tabiiyki, har qanday musulmon ta’limi Qur’oni Karimdan boshlanadi. Shundan xattotlik bilan ham shug‘ullanadilar – Qur’oni Karimning qo‘lyozmasi mumtoz xatlarga namunalar beradi. Ayol muallima rahbarligida majburiy tarzda shulardan uchtasi – ruqqa, nasx va sulsni o‘zlashtiradilar. Umuman, husnixatga bu qadar jiddiy e’tibor beriladigan bu butun Al-Azhardagi yagona joy hisoblanadi – undan yuqorigi bosqichlarda husnixat majburiy fan sanalmaydi. Istovchilar uni qo‘shimcha dars sifatida tanlashlari yoki Qohira masjidlari qoshida xattotlardan xususiy saboq olishlari mumkin.

Ta’lim amaliyotining «a’lochi qizlari» bilan tanishtirish maqsadida bizni maktab binosiga boshlashadi. Jimjitlik, dars ketmoqda. Direktor bo‘m-bo‘sh yo‘lakda oldinda viqor bilan ohista odimlab bormoqda. Uning o‘z muassasasidan faxrlanayotgani va uni chet elliklarga ko‘z-ko‘z qilishi zo‘r huzur bag‘ishlayotgani ko‘rinib turibdi. Mana bu yerda – bu bor, ana u yerda – u bor. Ochiq eshiklardan biri oldida to‘xtab, u qiyomda qotib turgan bir qancha erkak kishilarni ko‘rsatadi. Barchalari kaftlarini lablari oldiga juftlab olgan, ko‘zlari yumuq. Duo eshitiladi.

Bu ichki, uy masjidi. Mashg‘uloti yo‘q muallimlar namoz o‘qishayapti.

Mana bu esa ko‘plab oddiy darsxonalardan bittasi. Direktor unga birinchi bo‘lib kiradi va eshik ortida kutib turishimizni iltimos qiladi, biroq tirqishdan mo‘ralasak, birov bir narsa dermidi?.. U kamaridan darrani oladi-da, o‘qituvchining stoliga qarsillatib uradi. Uning tahdidli ovozi yangraydi: «Partada qanday o‘tirishni o‘rgatishmaganmidi? Bu qanaqa bemazagarchilik? Gavdangizni ham musulmonga o‘xshab tuting-da! Har biringiz Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) dan ibrat olishingiz kerak. Bordi-yu, Payg‘ambarimiz sizlarning bunaqa shalpayib, uyqusirab o‘tirganingizni ko‘rganlarida bormi, Ul zotning qahriga qolar edingiz. Ul zot sizlarni chavaqlab tashlar edilar!» Yana havoda darra hushtak chaladi.

Mana shu shiddatli mo‘taddillikdan so‘ng bizni sinfga kiritadilar. Bolalar qilt etmay o‘tirishardi. Ko‘plarining lablari titraydi, ko‘zlarining paxtasi chiqqan, gavdalari – shamday tik. Muallima saida («xonim») Mo‘na doskaga – Qur’oni Karimdan uzun bir oyatni yozadi, bir bola esa (aftidan ,eng jur’atlisi bo‘lsa kerak), ixtiyoriy ravishda muallimaning aytganlarini takrorlaydi. Keyin Saida uning sarf va nahv bo‘yicha yo‘l qo‘ygan xatolarini va u yoki bu harflarning to‘g‘ri chiqmaganini ko‘rsatadi. Direktor bizga bir necha bor suratga olishimizga ruxsat beradi va darsiga xalaqit berayotgani uchun muallimadan kechirim so‘raydi:

– Keling, ortiq bolalarni bezovta qilmaylik, bo‘ptimi? Yaxshisi, narigi qanotga o‘tamiz. U yerda xohlasangiz muallimaga bir-ikkita savol bilan murojaat qilsangiz ham bo‘ladi. Hozir muallimaning bo‘sh payti.

Kitoblarga to‘la qutilar terib qo‘yilgan xonaga kiramiz. Saida Asma Hasan Zakiy galadan ajralib yolg‘iz qolgan qushga o‘xshardi. Uning ko‘rinishi sinf xonimidek vajohatli emasdi, aksincha, taqvoli, darveshona tusda edi, shunday bo‘lsa-da, judayam ochiqko‘ngil edi. Biroq ajnabiy junalistlar oldida u qimtinadi va qizaradi. Daftaru darsliklarni shosha-pisha titkilagancha o‘quv rejasi qanday tuzilishini hikoya qiladi.

– Men adabiyotdan dars beraman. Arab adabiyotidan, albatta, islomiy adabiyotdan.

– Saida bolalarga adabiyotdan, sarfu nahvdan emas, aynan adabiyotdan dars beradi,– izohlaydi direktor, aftidan, bizlarni bu narsalardan mutlaqo bexabar deb tushungan holda. – Saida, marhamat, davom eting. Nima demoqchi edingiz?

– Bolalar adabiy tilni faqat o‘rta asr mumtoz adabiyoti asosidagina anglab yetishadi, – tortinchoq muallima yana “so‘zga tushadi”. – Ularning fikr yuritish tarzi u yerda ifoda etilgan oliy maqsadlarga monand bo‘lishi kerak. Birinchi galda biz ular bilan, albatta, kelsak…– shu yerda u chaynaladi. So‘ng kutilmaganda qo‘shimcha qiladi – Men bolalarni juda sevaman. Juda. Lekin o‘zim turmushga chiqmaganman. Butun umrimni Al-Azharga bag‘ishlanganman.

– Yo‘q, yo‘q, Asma Hasan Zakiy xonim hali turmush qurmagan,– direktor buni lavozimi obro‘si bilan tasdiqlashni o‘zining burchi deb biladi.

Nachora, yana talay savollar berishni, dorulfununda ayolning o‘rni va ahamiyati to‘g‘risida batafsil surishtirib olishni xohlardim, biroq suhbatdoshlarim imo-ishoralar bilan ularning xizmat majburiyatlariga qaytish vaqtlari yetganini bildirishdi.

KITOBLAR VA JOYNAMOZ

Al-Azhar dorulfununiga Misr fuqarolarini imtihonsiz qabul qilishadi, faqat attestatlaridagi baholar yaxshi bo‘lsa, shuning o‘zi yetarli. Lekin bu maktabda o‘qiganlar va chet elliklar uchun dorilfunun eshiklari yopiq ekan-da, degan gap emas. Bundagi o‘quvchilar uchun maxsus tayyorlov muassasalari ishlab turibdi. Birinchi bosqich – bu Dirasa Xasa (so‘zma-so‘z tarjimasi “maxsus darslar”) bo‘lib, bunda uch yil ichida asosiy diniy ta’limni olish, mahalliy madaniy muhitda ko‘nikish hosil qilish mumkin. Chet eldan kelgach, ko‘pgina talabalar hatto tilni ham chala-chulpa biladilar. Bundaylar uchun ikkinchi yilga olib qolishga ruxsat beradigan yumshoq tizim ko‘zda tutilgan va bu unchalik uyat ish hisoblanmaydi. Ba’zan bir yil ilgariga “sakrab” o‘tishga ham imkon beradi. Dirasa Xasada kirish imtihonlari ham unchalik og‘ir emas, ko‘proq rasmiyatchilik uchun olinadi.

Dirasa Xasa chekka joydagi Abbosiya tumanida joylashgan, u yerga taksida borishimizga to‘g‘ri keldi. Jiddiyroq qilib aytadigan bo‘lsak, Al-Azhar qoshida yagona “dorilfunun shaharchasi”ning o‘zi yo‘q. Garchi o‘quv binolari miqdori barmoq bilan sanarli bo‘lsa-da, ular Qohiraning turli joylariga sochib yuborilgan, har bir dorilfunun mahallasi boshqalaridan alohida yashaydi. U yoki bu kulliyotning qayerdaligini surishtirgudek bo‘lsangiz, hatto al-azharliklarning o‘zlari ham yanglishib qolishadi.

Yangi bir tanish – xushchaqchaq va sergap Sobit bizning adashib qolmasligimizga yordam berdi, uning do‘stlari bilan birgalikda biz Al-Azhar kulliyotlari bo‘ylab sayohatga yo‘l oldik. 28 yashar bu dorilfunun bitiruvchisi asli Toshkentdan. Uning uchun o‘qish muddati tugallangan. Yana bir oydan keyin ona diyori O‘zbekistonga uchib ketishi uchun diplomni poylab o‘tiribdi. Sobit bu yerlarning har bir o‘ydim-chuqurigacha biladi, uzoq yillar davomida arab tilini mukammal egallab olgan bo‘lsa-da, baribir hamon misr lahjasida ma’lum qiyinchiliklarga duch keladi.

– Dirasa Xasada asosan qur’oni Karim va hadislardan iloji boricha xotirani mustahkamlanadi. Keyingi tayyorlov bosqichlari – Ma’had al-adadiy va Ma’had as-sanaviyada asta-sekin tafsirga o‘tiladi. Dorilfunundan farqli o‘laroq o‘quv darslarida kulliyotlar yo‘q, hammada dastur bir xil va fanlar ham bir xilda ataladi: hadisshunoslik, qur’onshunoslik, huquqshunoslik va ilohiyshunoslik (ilohiyot).

– Bu yerda baholar qanday qo‘yiladi? Nazorat ishlari bo‘lib turadimi?

– Tayyorlov o‘quvlarida va umuman butun Al-Azharda Misrning barcha oliy o‘quv yurtlarida bo‘lgani kabi bir xil – 100 ballik. Bu inglizlardan olingan. hamma narsada eskilikka o‘ch bo‘lgan dorilfunun baho qo‘yishda o‘rta asr qoidalarini saqlab qolgani yo‘q. Diplomlarimiz butun dunyoda e’tirof etilishini kim xohlamaydi, deysiz. “Bu yerda, Dirasa Xasada avvaliga hamma narsaga bag‘rikenglik bilan qarashlari butunlay boshqa gap – hech qanaqa imtihon-pimtihon yo‘q, semestrda bir marta olinadigan nazorat ishini hisobga olmaganda. Sababi, kishilarning tevarak-atrofga ko‘nikishiga, odatlanishiga vaqt va imkon berish kerak, vassalom. Biroq dorilfununning o‘zida sessiyalar juda shafqatsiz kechadi. Deyarli barcha fanlardan imtihonlar yozma olinadi. Qur’oni Karim tajvidi bundan mustasno, bunda ifoda va urg‘uni joy-joyiga qo‘yib mutolaa qilish kerak bo‘ladi. Odatda talabalarni sinfga butun kun qamab qo‘yishadi – o‘yla, yoz, boshqa gap yo‘q…

Bu orada biz Sobit bilan sal naridagi buuz – chet ellik yigitlar yotoqxonasiga kirib chiqamiz (oilali talabalar ijara uylariga chiqib ketishadi, qohiraliklarga esa uy berilmaydi, mahalliy va chet ellik talabalar o‘rtasidagi ayirmachilik shu yerda kuchli seziladi).

Bu yerdagi infrastruktura hayratomuz darajada rivojlangan: yotoqxona qoshida o‘z quruvchilari, tabiblari, sotuvchilari, pochtachilaru bog‘bonlari bor. Majmuaning bir qismi, umuman, sharqona usuldagi o‘ziga xos maishiy xizmat uyini eslatadi: dazmolxona yonidagi soyali ayvoncha tagida keniyalik talaba chordona qurib o‘tiribdi va Qur’on mutolaa qilayapti. Qo‘shni korxonada qoq yerda televizor oldida kirchi (erkak kishi) uzala tushib yotibdi. Tokchalarda toza kiyimlar uyumlari – talabalar ularni olishga shoshilishmaydi. Uchinchi xonada tikuv mashinasida yoshi 80 ga borib qolgan tikuvchi chol chaqqon harakatlar bilan kiyim tikmoqda. Shundoq yonginasida devor ortida sartarosh fiqh ilmi talabasining soch-soqoliga oro bermoqda. Undan sal narida – aloqa bo‘limi. Xat-xabarlar har kuni kelib turadi. Ko‘z oldimizda yosh yigit Ramazon munosabati bilan uyiga, Saudiya Arabistoniga tabriknoma jo‘natish uchun markalar sotib olmoqda…

Buuzda va undan tashqarida talabalarning kun tartibini joiz duolar bilan belgilab chiqishadi. Har kuni o‘quvchilar bomdodni o‘qish uchun 4.30 da turishadi. 8.30 da ularning ko‘pchiligi mashg‘ulotlarga yo‘l oladi va taxminan 15.00 da nihoyaga yetkazadi, biroq Ramazonda ular bir soatga qisqartirilgan (odatda dars 45 daqiqa davom etadi, tanaffuslar 5-10 daqiqalardan). Al-Azharda darslarga ishtirok etish majburiy bo‘lmagani bois (biroq amal qilish talaba vijdoniga havola etilgan rasmiy qoidalargina bor) o‘qiyotganlardan kimlardir bundan foydalanib, buuzda qolishadi – kuchlarini ayashadi va muqaddas oyatlarni shu yerda, xurmo va magnoliyalar ostida qiroat qilishadi… Muqaddas Ramazon oyida talabalar oshxonasi vaqtincha yopiladi. Buni ko‘cha savdogarlari bilishadi va to‘g‘ri markaziy xiyobonning o‘zida o‘quvchilarning iftorliklari uchun sotgani o‘z mollari – sabzavotlar, meva-chevalar va ko‘katlarni yoyib tashlaydilar. O‘quvchilar esa tanaffus paytlarida ulardan xarid qiladi. Boshqalar shaharga tushib iftorlik qilishadi.

Ha, boshqa yoqlarga chalg‘ib ketdik. Sobit kelgach, ikki talabanikiga mehmonga jo‘nadik. Oyoq kiyimlarni poygakda qoldiramiz. Eshikka unniqqan, “Bismillohir rahmonir rohiym” deb yozilgan qog‘oz lavhacha yopishtirilgan.

– Uyga kirishdan oldin, albatta, Parvardigorning nomini tilga olish kerak,– nasihatomuz eslatadi boshqirdlardan biri.

Xona bag‘ri yorug‘ va shinam, ortiqcha hech narsa ko‘zga tashlanmaydi.

– Musulmon uchun kitobu joynamozdan boshqa hech narsa kerak emas.

– Sizlarni zo‘rlab itoatda saqlashadimi?

– Bundoq olib qaraganda, har soniya har daqiqada mudom Olloh oldida itoatda bo‘lamiz. Qolgani – har kimning ixtiyori. Deylik, uyni toza tutish kerak, albatta… Badanni ham sog‘lom tutish – shart.

– Nima, sizlar bu yerda sport bilan ham shug‘ullanasizlarmi?

– Bo‘lmasa-chi. Dorilfununda butun jihozu uskunalari bilan sport uyi bor. O‘yingoh ham. Hatto futbol musobaqalari bo‘lib turadi, tag‘in millatlararo musobaqalar bo‘ladi. Har bir xorijlik talabalar guruhi o‘z jamoasini tuzadi. Hamma jon-jon deb qatnashadi… Tag‘in nima qilasizlar deysizmi? Kitob o‘qiymiz, albatta… Faqat ilohiyot kitoblari emas, dunyoviy kitoblar ham o‘qiymiz. Ba’zilar Platonni o‘rganadi, antik adabiyotni o‘rganadi – islom avvalidagi ko‘plab olimlar singari. Mahfuzning “Nil uzra talvasa”ini ham o‘qishlari mumkin…

– Uzoq vaqtgacha Al-Azharda faqat o‘g‘il bolalar o‘qib kelgandi, 1962 yildagina qizlar kulliyoti ochilib, asta-sekin hozirgi kollej darajasigacha o‘sgan. Undagi barcha o‘qituvchilar – ayollardir. “Professor opa”lardagi eng mashhuri tibbiyot kulliyotining ginekologiya kafedrasida dars beradi. Taysir Mandurning noyobligi shundaki, o‘zi misrlik bo‘lgani va uzoq yillar Londonda yashab, u yerda fan doktori unvoni olgani holda u baribir ona yurtiga qaytib kelishdan cho‘chimagan, shu yerda, kulliyotda taqvodor Al-Azhar uchun g‘ayrioddiy hisoblangan fandan dars bera boshlagan – axir moddiyunlik qarashdagi xodimlarni ham kimdir o‘qitishi kerak-ku, zamon bilan hamnafas bo‘lmasa bo‘larkanmi? Aytishlaricha, hozircha uning ishlari yomon ketmayapti ekan.

Afsuski, Al-Azharning xotin-qiz professor va tolibalari huzuriga jurnalistlarni osonlikcha qo‘yishmas ekan, bunga ba’zi maxsus qoidalarni ro‘kach qilishadi: Ramazonning oxirgi kunlarida ularning yot odamlar bilan gaplashishlari to‘g‘ri bo‘lmas ekan. Ayollar kollejidan bir “partizan” qiz o‘zi biz bilan uchrashgani anov-manov joyga emas, naq yotoqxonaning erkaklar bo‘limiga kutilmaganida kirib kelganini ko‘rib, og‘zimiz lang ochilib qoldi. Rossiyalik jurnalistlar tashrifidan darak topgan kiyevlik qiz Katya biz bilan tanishmoqchi bo‘libdi. Uning aytishicha, aslida Ramazonda xotin-qizlar uchun hech qanday alohida taqiq yo‘q. Andrey Semashko bilan ikkimizga esa kollej tolibalari bilan uchrashishga ruxsat berishmadi, bunga birgina sabab shuki, erkak fotosuratchining qizlar hududiga kirishi man etilgan.

Katya tayyorlov kurslarida o‘qiydi. Qohiraga kelguniga dovur uning oliy ma’lumoti bor edi (filologiyadan). Uni bu yerga yetaklab kelgan narsa, uning so‘zlariga qaraganda, “Transtsendentlik (ilohiylik)ni qo‘msov” bo‘lgan. U bolaligida cho‘qintirilgan va pravoslav cherkoviga qatnab yurgan, biroq unga tag‘in nimadir yetishmayotgandek bo‘lavergan. To‘satdan akasi buddaviylikka havas qo‘yib qolganu Angliyaga jo‘navorgan. Katya esa islomga o‘tishga ahd qilgan. U buni o‘z ixtiyori bilan tanlagan, chunki shu yerda u “nihoyat nasroniylikda topishga behuda urinib yurgan narsa – Xudo bilan birikib ketishga muvaffaq bo‘lgan”.

– Ellik yil muqaddam dorilfununda xotin-qizlar kolleji paydo bo‘lganida, undagi barcha kulliyotlar dunyoviy bo‘lgan edi. Yaqindagina ayollar uchun Qur’on fanlarining birinchi Instituti ochildi. Men shu Institutga kirmoqchiman. U dorilfunun kulliyoti hisoblanmaydi: shunday bo‘lsa ham butun o‘qish muddati sakkiz yilga mo‘ljallangan, uning diplomi ko‘proq seminariya yoki maxsus bilim yurti diplomi bilan baravar yuradi. Biroq tanlov katta: musulmon qizlari orasida bu o‘quv yurti juda ommalashib ketgan.

– Xo‘sh, undan keyin-chi? Institutni tugatgach, bitiruvchi qiz “qur’onshunos” degan ixtisosga ega bo‘ladimi? Ular qayerda ishlashadi?

– Al-Azhar bitiruvchilarini ishga joylash g‘amini so‘nggi kurslardanoq yeydilar. Oliygohni tugatgach, Qur’on maktablarida bolalarga dars berishlari mumkin. Xayriyatki, barcha musulmon mamlakatlarida bunday o‘qituvchi doim qo‘lma-qo‘l.

MEGAPOLISDAGI “MEGAPOLIS”

Erkaklar va ayollar uchun dorilfununning o‘zi va tayyorlov o‘quv yurtlari bilan bir qatorda Al-Azhar majmuiga yana bir-biri bilan o‘zaro chambarchas bog‘liq muassasalar ham kiradi. Miya – bu Oliy kengash yoki Olim shayxlar kengashi. Undan sal quyiroqda Islom tadqiqotlari akademiyasi turadi, unda yanada mo‘tabarroq ulamolar majlis qiladilar. Talabalar bilan ayirboshlash, shuningdek Misr va xorijdagi islom madaniyat markazlari qoshidagi vakolatxonalarning hududlarida bo‘lim (filial)larga bosh-qosh bo‘lib turish mas’uliyati Islom madaniyati boshqarmasi zimmasiga yuklatilgan.

Butun majmuaga oliy imom (u dorilfunun rektori ham) rahbarlik qiladi. Uni Misr prezidenti shu lavozimga tayinlaydi. Butun musulmon matbuoti hozirgi oliy imom, shayx Muhammad Said Tantaviy so‘zlari va suratlari bilan to‘lib toshgan. Beixtiyor u bilan buuz stendlarida, kulliyotlarda, ma’muriy binoda, xullas – hamma joyda tanishsiz. Yoarbda Tantaviy eng avvalo tinchlik uchun kurashchi sifatida tez-tez nutqlar irod qilishi, fatvolar chiqarishi, terrorchi – kamikadzelarning xatti-harakatlarini ochiq-oshkora qoralashi, a’mollari tinch aholiga qarshi qaratilganlarni jabrdiydalar deb e’tirof etishdan bosh tortishi bilan tanilgan. Frantsiyada o‘quvchi qizlarning davlat maktablariga yopiq bosh bilan kirishi taqiqlanganda, Tantaviy musulmon farang qizlarini bu qarorga hurmat bilan munosabatda bo‘lishga chaqirgan.

Qohiraga kelgan kunlarimizdan birida bizni oliy imomning bosh muovinlaridan biri shayx Umar ad-Duib bilan uchrashgani shayxlarning yig‘ilish joyi Majahit Al-Azharga taklif qilishdi.

– Sizlarni ko‘rganimdan xursandman! Armiyada xizmat qilganimda, men rus askarlari bilan yeb-ichar edim.

Samimiy kirish so‘zidan keyin Al-Azhar tarixi va uning islom madaniyati shakllanishidagi ahamiyati to‘g‘risidagi hikoya boshlandi. Asrlar davomida dorilfunun tez-tez tarixiy voqealar markazida bo‘lib qolar edi. Masalan, Qohira zaminiga taxtni boshqarish uchun Maxsus kengash tuzgan: unga to‘qqiz shayx kirgan, Kengashga esa o‘sha paytdagi oliy imom rahbarlik qilgan. «Bilasiz, Avl. Yelena orolida quvg‘inda bo‘lib, o‘zining kundalik yozmalarida Napoleon bizning dorilfununni Sorbonna universiteti bilan qiyoslagan». Har qancha g‘alati tuyulmasin, Napoleon yurishlari vaqtida Al-Azhar teskari yo‘nalishda ham muhim rol o‘ynagan: aynan o‘sha yerda frantsuzlar istilosiga qarshi harakat markazi joylashgan edi.

– XV asrning mashhur fizigi Ibn al-Xaysan shu yerda tahsil olgan va saboq bergan, XIII asrda Al-Azharni tabib Abdullatif al-Bag‘dodiy bitirgan. XIV–XV asr muarrixi Ibn Xaldunning faoliyati ham musulmon tafakkurining shu markazi bilan bog‘liq. Vatani Tunisdagi ruhoniylarning adovatli munosabatlari tufayli u Qohiraga qochib ketishga majbur bo‘lgan. Bugungi kunda esa dargohimizdan vazirlar va bosh vazirlar yetishib chiqmoqda!

Al-Azharning mutaxassislar yetishtiradigan ilm maskani ekanini anglash uchun hisob-kitoblarga birrov nazar tashlash kifoya: ruhoniylar, tabiblar, mullalar, qozilar va ulamolar bilan bir qatorda bu ilm maskanidan oliy rutbali amaldorlar (ular orasida – Shri Lanka, Birlashgan Arab Amirliklari, Senegal, Indoneziya) va hatto davlat rahbarlari chiqqan. Masalan, Maldiv respublikasining hozirgi prezidenti Mo‘min Abdul Qayyum o‘z vaqtida shariat kulliyotida o‘qigan. Umar ad-Duibning so‘ziga qaraganda, Al-Azharning asosiy vazifasi – «barcha mamlakatlar musulmonlari o‘rtasidagi aloqani mustahkamlash va ularda islomga bo‘lgan xayrixohlikni kuchaytirish»dir. Shu bilan bir vaqtda dorilfunun an’anaviy tarzda aynan mo‘tadil islomning tayanchi hisoblanadi – u g‘arb olamining musulmonlar olami bilan muloqot olib boradigan joy hisoblanadi. «Tamaddunlar to‘qnashuvi, madaniyatlar urushi – bular hammasi yevropaliklar to‘qib chiqargan uydirmalar. Islom – tinch-totuv yashash tarafdori». Terrorchi qanday qilib mo‘min musulmon bo‘la oladi? Qur’oni Karim unga kunda besh vaqt namoz o‘qishni buyuradi, uning keraksiz xayollarga borgani na vaqti bo‘ladi, na imkoni!» – bizning sayohatimiz davomida al-azharliklarning og‘zidan bunday gapni bot-bot eshitishimizga to‘g‘ri keldi. To‘g‘ri, iymon haqi shuni aytib o‘tish kerakki, ushbu tinchlikparvar dargoh ichidan, baribir, ozmuncha mutaassiblar chiqmagan – XI asrda assasiniylar mazhabi asoschisi Hasan I dan boshlab, Xamas yetakchilaridan biri, yaqinda halok bo‘lgan shayx Ahmad Yasingacha bo‘lgan shaxslarni tilga olish mumkin.

Islom jahon madaniyatidagi ahamiyati bilan Al-Azhar ko‘hna kutubxonadan ilgari ham, hozir ham har qancha faxrlansa arziydi. Kutubxonaning qo‘lyozma jamg‘armasi (42 000 manuskriptdan iborat) noyob o‘rta asr nusxalarining miqdori va sifati bo‘yicha hozirgi Aleksandriya xazinasi bilan bemalol bo‘ylasha oladi. Kutubxona binosi ma’muriy binoga baqamti joylashgan va unga shayx Muhammad Shufiyning deyarli besh avlodi bu faxrli «unvon»ni o‘zlarida sharaf bilan saqlab kelmoqda. Kutubxona direktorlari na faqat kasb tufayli, balki ko‘psonli «oilaviy» aloqalar orqali ham bir-birlariga aymoqlashib ketgan, ularning naslida bir necha avlod olimlari Al-Azharda ishlaganlar, shayxning besh jigari bir vaqtlar bu maktabdan o‘tishgan, hozirgi vaqtda esa bu qutlug‘ maskanda uning bolalari va nevara-chevaralari ilohiyot ilmidan tahsil olmoqdalar.

Kutubxonalarga bizni qo‘yishmaydi, biroq shayx majmuaning, uningcha, eng qiziqarli nusxalarini ko‘rsatishga bajonidil rozi bo‘ldi. Payg‘ambar Muhammad (s.a.v.) hayotlari bilan bog‘liq ulkan qo‘lyozma taxlami va shajaralari bizda alohida taassurot qoldirdi. «Nasab inson hayotini tug‘ilgan paytidan belgilab bersa, taqdir uni so‘nggi daqiqasigacha boshqarib turadi», – donolarcha tushuntiradi shayx. Kutubxonaning 1897 yilda ta’sis etilgan eng boy jamg‘armasi bilan birga direktor «Al-Azhar online qo‘lyozmalar kutubxonasi» nomi ostidagi yangi loyiha bilan ham behad faxrlanadi. Bu loyiha amirlikning voris shahzodasi Dubay va BAA Mudofaa vazirligi homiyligida (loyihaning umumiy qiymati – 5 mln. dollar) yaqinda ishga tushirildi. Endi Qur’on xattotligining ko‘plab namunalari, shuningdek tibbiyot, falakiyot va ilohiyot bo‘yicha noyob o‘rta asr risolalari bilan sayyoramizning Internet bilan foydalanuvchi har qanday ahli tanisha oladi.

ASOSIY VAHIY – «O‘QI!»

– Muqaddas kitobni o‘qiyotganda dindor kishida paydo bo‘lgan barcha savollarga imom javob berishga majbur, bu uning asosiy majburiyati.

Biz shariat kulliyotining 3-bosqichida o‘qiyotgan talaba bilan gaplashamiz. U 23 yoshida imomlikka yetishgan. Muhammad Zokir Husaynning bizga aytishicha, agar har qanday odam muazzinlik qila olsa (uning to‘g‘ri o‘qishi va yaxshi xonish qilishi kifoya), imom muayyan bilim xazinasiga ega bo‘lishi shart. Uning «atigi» butun Qur’oni Karimni yoddan bilishi, fiqh va shariatni yaxshi tahlil qila olishi zarur. Al-Azhar talabalari orasida «donishmandlar»ni talabalar jamoasi tanlaydi. Masjidda imomlikka rasman tasdiqlanishi uchun esa islom ta’limi haqidagi sertifikat ham talab etiladi.

– Bundan tashqari, har qanday musulmon kabi, imom qalbi, badani va turar-joyini pok saqlashi lozim.

Uning tashqi ko‘rinishiga razm solib qarayman: u juda ham orasta kiyingan, ko‘ylagi qizg‘ish, boshida yo‘rma qalpoqcha, o‘zini mag‘rur tutadi. Jiddiyroq ko‘rinish uchun yosh imom dumaloq ko‘zoynagini to‘g‘rilab qo‘yadi. Qo‘lida Qur’oni Karim. O‘n daqiqalik suhbat davomida atrofimizni talabalar qurshab oladi. Ular daraxtlar ostiga o‘tirib olishadi yo ruhoniyning qiroatini diqqat bilan tinglaydilar, galma-galdan bir-birlariga im qoqib, «Gap yo‘q, qiroati zo‘r, qandini ursin», – deya luqma tashlab qo‘yishadi. Suhbatdoshim Shri-Lankadan kelgan bo‘lib, 13 yashar o‘smirligidayoq Qur’oni Majidni yod olgan ekan.

Uning yosh, ammo dono chehrasi menga o‘zgacha ta’sir qiladi va men beixtiyor undagi bunday beg‘uborlik sirlarini bilishga qiziqaman:

– Qalb pokligining mezonlari qanaqa?

– Namoz o‘qiyotganda o‘zing haqingda emas, faqat Xudo haqida o‘ylashdir. Qanday qilib poklikka erishadi odam? Gunoh ishdan tiyilib. Kitobni tinmay o‘qib.

– Talabalar sizga savollar bilan murojaat qilishadimi?

– Har kuni. Hamma, Xudoga qanday yaqin bo‘linadi, deb so‘raydi. Gunohlar haqida ham so‘rashadi.

– Xudo kechirmaydigan gunohlar ham bo‘ladimi?

– Shirkdan boshqa hammasini kechiradi. Bu boshqa ilohlarga ishonish bo‘lib, yakkaxudolikka zid keladi. Bunday gunoh dinsizlik bilan teng turadi.

– Maishiy masalalar qanday hal etiladi? Deylik, talaba diskotekaga borgisi kelib qoldi?

– Bunga o‘lim jazosi bersa ham bo‘ladi… Hazillashayapman, albatta. Ammo, rostini aytganda, juft-juft bo‘lib raqs tushish bizda ma’qul ish emas.

Shu top arab tili kulliyoti talabasi jur’atsizgina suhbatga qo‘shiladi: u bunday cheklovlardan xursand emas: «Unda qanaqa raqs ma’qul hisoblanadi?»

– Masalan, deylik, erkaklar orasida raqs tushishing mumkin.

– Men yigitlar bilan sira ham raqs tushmayman!

– Bo‘lmasa qoida shu – taqiqlangan! Faqat to‘yda, oila ichida qizlar bilan raqs tushishga ruxsat berilgan. Diskotekaga esa o‘zini bilgan musulmon qadam bosmaydi. Yorug‘ dunyoda Olloh odamlar uchun ko‘p narsa yaratib qo‘yibdi. Faqat nima, qachon va qayerda qilish kerakligini bilish kerak. Hayot uchun zarur bo‘lgan oddiy qoidalar bu.

Men ularning bahsini bo‘lmoqchi bo‘laman:

– Bu gaplarni mana bunday tushunsa bo‘ladimi: Al-Azhar shunday joyki, bu yerda har kim o‘zi uchun nima qilish keragu nima qilmaslik kerakligini belgilab oladi, shundaymi?

– Al-Azhar – bu tayyor yo‘l. Bu yerda har bir talaba kun-bakun o‘z ishlarini fikr elagidan o‘tkazadi, hayotiy qadr-qimmatini aql tarozusiga soladi va o‘zidagi kamchiliklardan xulosa chiqaradi. Qalbini to‘g‘ri yo‘lga solib yuruvchi bunday murabbiyni boshqa qayerdan topasiz? Butun mas’uliyatni u tamomila o‘z gardaniga olgan. Dorilfununni tugatgach, talaba, xuddi onadan qayta tug‘ilganday, butunlay boshqa odamga aylanadi. Bu dargohda bajarish lozim bo‘lgan asosiy narsa – shu.

Dorilfununning professor-o‘qituvchilar nufusi 6 000 nafardan ko‘proq. Mamlakatdagi barcha oliy o‘quv yurtlarida, jumladan, Al-Azharda ham o‘qituvchilar Misr o‘lchovi bo‘yicha yaxshigina maosh oladilar – 300 va undan yuqori dollar. Shu sababdan yoshlar orasida oliy ma’lumotli bo‘lishga harakat qiluvchilar ko‘pchilikni tashkil etadi. Misrliklar uchun o‘qish tekin. Xorijlik fuqarolar haq to‘lashga majburlar, biroq ularning xarajatlarini stipendiya bemalol qoplaydi. Stipendiya olish uchun mulla talabaning moddiy ahvoli bayon qilingan ma’lumotnoma yozib beradi. Stipendiya miqdori, berilish sabablari yakkama-yakka suhbatda aniqlab olinadi, ko‘p hollarda qadrdon jamoasining qo‘llab-quvvatlashi talaba joniga ora kiradi. Yaxshi davomat uchun ham stipendiya olish mumkin – bu 100 funtni tashkil etadi.

Ruschadan Amir Fayzulla tarjimasi

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2007 yil, 9-son


Ziyo istagan qalblar Telegram kanaliga marhamat!