Ali Shomil Husayn o‘g‘li. Qatag‘on qurboni

O‘tgan asrning 30-yillarida yuzaga kelgan qatag‘on to‘lqini xalqimizning ne-ne asl farzandlaridan judo qilmadi. Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Elbek, Usmon Nosir… Sanayversa, adog‘i ko‘rinmaydi. Istiqlol tufayli milliy qadriyatlarimiz, qatag‘on yillarida shahid ketgan yurtdoshlarimizning qutlug‘ nomlari qayta tiklandi. Yosh avlod ular yaratib qoldirgan asarlardan bahramand bo‘ldi.

Ammo hali yana qanchadan-qancha ma’rifatparvar ziyolilarimizning nomlari, bebaho asarlari, hayot yo‘li va ijodi biz uchun qorong‘i bo‘lib kelayotir. Asli toshkentlik bo‘lgan ma’rifatparvar ziyoli, iste’dodli olim va tarjimon, chin millat fidoyisi Xolid Said Xo‘jayevning ham nomi uzoq yillar tilga olinmay keldi. Xolid Said nafaqat o‘zbek, ozar, balki butun turkiy xalqlarning tarixi, adabiyotini puxta o‘rgangan yetuk alloma edi. Ushbu maqolada shu haqda so‘z yuritiladi.

Maqola muallifi Ali Shomil Husayn o‘g‘li Ozarbayjondagi taniqli ijodkorlardan biri. U ozar-o‘zbek adabiy aloqalari borasida ham keng qamrovli izlanishlar olib borgan. Ma’rifatparvar yurtdoshimiz Xolid Saidga bag‘ishlab yozgan ushbu maqolasida uning o‘zbek xalqi va ziyolilariga bo‘lgan ehtiromi sezilib turadi.

* * *

Mening talabalik yillarim (1968-1973 yillar) Sho‘rolar ittifoqining ham ichki, ham tashqi siyosatidagi tub burilishlar davriga to‘g‘ri keladi.

O‘tgan asrning 50-yillari o‘rtalarida jamiyatdagi barcha kamchilik va nuqsonlarni bir shaxs — Stalinning nomi bilan bog‘lash odat tusini olgan edi. 1929-1953 yillarda dunyoqarashi, ilmiy va siyosiy maslagi bois qamalgan, surgun etilgan, otilgan yuz minglab odamlar oqlana boshlagandi. Biroq… oz sonli tadqiqotchilargina yopiq arxivlarda ishlashga ijozat olardi. Arxivlardagi hujjatlarning yuzaga chiqishi, maxfiy ma’lumotlarning matbuotda chop etilishi natijasida faqat Stalin emas, butun boshli sovet hukumatining kirdikorlari ochilib qolishi mumkin edi. Shuning uchun ham 60-yillarda arxivlar va matbuot ustidagi nazorat yanada kuchaytirilgan. 20-50-yillar haqidagi haqqoniy faktlarga tayangan kitob va maqolalarning nashr etilishi qiyinlashgan edi.

Lekin vaqt o‘z oqimida davom etardi. Yetishib kelayotgan avlod o‘tmishga imkon qadar teran va xolis ko‘z bilan boqishga urinardi. Ularning dunyoqarashi shakllanishiga hibsdan ozod etilganlarning achchiq xotiralari ham kuchli ta’sir ko‘rsatardi. Shunday xotiralarni tinglashga, 20-30-yillar hodisalarini o‘rganishga o‘ch yoshlardan biri men edim.

Milliy uyg‘onish davrida juda ko‘p ma’rifatparvar ziyolilarning kamolotida 25 yil davomida orada tanaffuslar bilan Tiflis, Tabriz va Bokuda nashr etilgan «Mulla Nasriddin» jurnalining xizmati katta bo‘lgan. Tahsil asnosida men ham «Mulla Nasriddin» jurnali haqida yanada kengroq ma’lumot yig‘arkanman, asli o‘zbek millatiga mansub bo‘lgan Xolid Said Xo‘jayevning 1929 yilda Bokuda nashr etilgan «Yangi alifbo yo‘llarida eski tuyg‘ularim» kitobi qo‘limga tushib qoldi. Muallif menga yangi bir dunyoni ochdi. Bu asar ruhimga allanechuk qadrdon hislarni uyg‘otgandek bo‘ldiki, kutubxonada yagona nusxa hisoblangan bu asarni qayta-qayta o‘qidim. Do‘stlarimga o‘qishni maslahat berdim.

Bu kitob bir ziyolining Qrim, Tatariston va Turkiston bo‘ylab sayohatnomasi edi. Kitob orqali ilk marta butun borlig‘ini Ozarbayjonga baxshida etgan Xolid Said Xo‘jayevning o‘zbeklardan ekanini angladim. 148 sahifali bu kitobga Boku universiteti Sharq fakulteti professori, Qozon tatarlaridan bo‘lgan Aziz Ubaydullin ixcham va o‘ta qiziqarli so‘zboshi yozgan.

Aslida bu kitob Ozarbayjon ziyolilarining ko‘p yillik kurashlari mavzusiga bag‘ishlangan, desak xato bo‘lmas. Ovro‘poning tezkor rivoji sharqliklarni ham harakatga keltirmay qo‘ymasdi. Sharq xalqlari taraqqiyotini kimdir davlat qurilishida, kimdir iqtisodiy munosabatlarda, kimdir esa, diniy ma’rifatda ko‘rardi.

XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlab, Mirzo Fathali Oxund (1812-1878) arab alifbosini isloh qilish maqsadida loyihalar tayyorladi. Orzusini amalga oshirish uchun Eron va Turkiyaga bordi. Biroq biror natijaga erisholmadi. Muhammad og‘a Shohtaxtli va boshqalar ham Oxund boshlagan ishni davom ettirdilar. Hatto Ozarbayjon Xalq Jumhuriyatining parlamenti ham alifboni isloh qilish — arab alifbosini lotinchaga o‘tkazish tashabbusi bilan chiqdi.

Bolsheviklar bu ishga monelik qilsa-da, jamoatchilikning qo‘llab-quvvatlashi natijasida bu g‘oya o‘tgan asrning 20-yillarida amalga oshdi. 1922 yilda Bokuda turkiy xalqlar ziyolilari konferentsiyasi o‘tkazildi. Unda yangi alifbo qo‘mitasi tashkil etildi. Uning maqsadi sobiq ittifoq hududidagi turkiy xalqlarning yagona lotin alifbosiga o‘tishini ta’minlashdan iborat edi. Ana shu maqsad bilan qo‘mita a’zolari poyezdda yo‘lga chiqishdi. Ular orasida Xolid Said ham bor edi.

Xolid Said o‘z sayohatnomasida yo‘lda ko‘rgan-kechirganlarini shunday bayon qiladi: «Stolning bosh tarafida S.Ag‘amali o‘g‘li, o‘ng tomonda «Mulla Nasriddin» jurnalining 25 yillik mudiri Mirza Jalil o‘tirardi.

Suhbat payti hamma savol berar, yangi alifboning qayerda qabul qilinishi bilan qiziqardi. S. Ag‘amali o‘g‘li «qaysi respublikada aqlli odam ko‘p bo‘lsa, o‘sha yerda qabul qilinadi», dedi.

Savol: Qaysi respublikada aqlli odam ko‘p ekan?

S.Ag‘amali o‘g‘li: Buni yangi alifbo borasida chiqarilajak qaror ko‘rsatadi. Keyin mendan «sen o‘zbeklaring haqida qanday fikrdasan?» deb so‘rashdi. Men «bizning o‘zbeklar yangi alifboni shubhasiz qabul qilishadi» dedim. Hamrohlarim kulishdi: — Demak, sizlarda aqlli odam ko‘p ekan!

Men buni nekbinlik uchun aytayotganim yo‘q. Shu o‘rinda 1921 yildagi bir voqeani tilga olishni lozim topdim. Toshkentda Oliy dorilfunun (Oliy pedogogika instituti bo‘lsa kerak — tarj.) mudiri edim. O‘sha paytlarda ham imlo masalasi o‘rtaga chiqqan edi. Maorif komissarligi konferentsiya chaqirdi. Uch xil fikr o‘rtaga tashlandi: 1. Alifboni asl holicha qoldirish. 2. Isloh qilish. 3. Yangi alifbo yaratish».

Islohotchilar ozgina tafovut bilan g‘olib chiqishdi. Uch yil o‘tsa-da, bu biror foyda bergani yo‘q. Xolid Said Bog‘chasaroyda professor Bakir Cho‘ponzoda, Maorif komissarligining ijtimoiy tarbiya mudiri Odabashi, Maorif komissari Hasan Sabriy, Usmon va boshqalarning suhbatlarini, shuningdek, yo‘l-yo‘lakay Tatariston, Orenburg va boshqa shaharlarda olib borilgan ishlarni keng tasvirlagan.

Qo‘mita a’zolari Toshkentga yetib kelishadi. O‘zbekiston hukumati a’zolari o‘sha paytda zarur ishlar bilan Moskvaga ketishgani uchun uchrasha olishmaydi. Toshkentning Eski shahar qismidagi Dasturxonchi madrasasiga borishadi. Shaharda ilk usuli jadid maktabini ochgan Munavvarqori (Abdurashidxonov — tarj.) bilan tanishadilar. Oqshom Munavvarqori ularning vagoniga keladi. Suhbatlashadilar. Ziyolilar va mualliflar bilan uchrashishga kelishib oladilar. Keyin Shahobiddin afandining uyida mehmon bo‘lishadi.

Xullas, bu kitob Xolid Said shaxsiyati va ijodiga qiziqishimni orttirdi. Lekin qo‘shimcha ma’lumot ololmadim. Xolid Said haqida deyarli biror ma’lumot topishning imkoni bo‘lmadi. Eski gazeta va jurnallarni, 20-30-yillarda chop etilgan kitoblarni varaqlay boshladim. Nihoyat, Xolid Saidning ikki kitobini — «Usmonli, o‘zbek, qozoq lahjalarining qiyosiy grammatikasi» (Boku — 1926) va 1933 yilda A.Tag‘izoda bilan birga yozilgan «Muxtasar uslubiyat» asarlarini topib o‘qidim. Yana biror jo‘yali ma’lumot topish umidida Xolid Saidning oila a’zolarini qidirishga kirishdim, ammo topolmadim. Ozarbayjonning adreslar byurosida Xo‘jayev familiyali odamlar juda oz edi. Ularning orasidan ham men qidirgan odamlar topilmadi.

Universitetni bitirganimdan keyin meni Naxichevondagi «Sharg gapisi» gazetasiga ishga yuborishdi. Markazdan uzoqqa ketganim bois, boy kitob fondiga ega kutubxonalarda ishlash imkoni yo‘q edi. O‘shanda ham imkon topdim deguncha Bokuga qaytib, Amin Obid (ozar ma’rifatparvar ziyolilaridan biri— tarj.) hayoti va ijodiga bag‘ishlangan dissertatsiyamni tugatishga oshiqardim.

Bu orada ham bir qancha qiyinchiliklarga duch keldim. Yaxshi odamlar ko‘magida Ozarbayjon Fanlar Akademiyasida ishlagan ko‘pgina xodimlarning shaxsiy «Delo»lari saqlanadigan arxivni qidirib topdim. Kerakli «Ish»ni qo‘lga kiritganimdan keyin, o‘zimni ko‘pdan beri qiziqtirib kelayotgan masalaga o‘tdim. Arxivchi Xolid Saidning «Ish»ini berayotib menga aytdiki, «bu yerda chorak asrdan beri ishlayotgan bo‘lsam, shu vaqt mobaynida Xolid Said bilan qiziqqan ikkinchi odam siz bo‘ldingiz».

Har qalay «birinchi odam» tilshunoslarimizdan yoki ozar-o‘zbek adabiy aloqalarini o‘rganayotgan olimlardan biri bo‘lganini tushundim. Yaqin orada maqolasini o‘qib qolsam, o‘sha odamning kimligini bilaman, deb qo‘ydim. Asosiy e’tiborni Xolid Saidning shaxsiy ishiga qadalgan hujjatlarga qaratdim. Bu yerda Xolid Saidning hayot yo‘lini o‘rganishga yetarli material bor edi. Lekin bu ma’lumotlarni qalb og‘rig‘isiz o‘qishning imkoni yo‘q edi. Shaxsiy ishning birinchi sahifasi Xolid Saidning Qabarda-Bolqor viloyati qo‘mitasi — Kumikovga 1937 yil 1 iyulda yozilgan maktub bilan boshlanadi.

«Sizning 4.III.37. sanada yozgan maktubingizni oldim. Katta qiziqish bilan o‘qib chiqdim. Savollaringizga kechroq javob qaytarayotganim uchun uzr. 1.Mahmud Koshg‘ariy asarining yagona nusxasi Istanbuldadir va o‘sha yerda ko‘paytirilgan. 2. Men bu asarning tarjimasini 1935 yil 1 sentyabrdan boshlab, shu yilning aprel oyida tugalladim. Asarni nashrga tayyorlayapman. Yaqin orada tahrir qilish uchun I.Krachkovskiy va S.Malovning yoniga Leningradga olib boraman».

Maktub tepasiga kichkina bir qayd-grif bitilgan edi: «Xo‘jayev hibsga olingani uchun maktub yuborilmasin va shaxsiy ishga ilova qilinsin». Grif 1937 yilning 9 iyunida qo‘yilgan. Demak, X.Saidning ana shu ikki sana oralig‘ida hibsga olinganini taxmin qilish mumkin edi. Keyinchalik, DHK (KGB) arxivlarida tadqiqotchilarga ishlash uchun ijozat berilgach, Ziyo Bunyodov uning ishi bilan tanishib chiqdi va Xolid Saidning 3 iyunda hibsga olinganini aniqladi.

«Delo»ning 2-7-sahifalari mehnat daftarchasi nusxasi, doimiy ishga o‘tish haqida 1934 yilning 26 aprelida yozilgan arizani va anketa so‘rovnomalarini o‘z ichiga oladi. 10-15-betlarda esa Xolid Said yozgan, chop etilgan va etilmagan asarlar ro‘yxati va ularning umumiy mazmuni haqidagi qisqacha ma’lumotlar. Bundan Xolid Said asarlarining umumiy hajmi 125 bosma toboq bo‘lgani, uning tarjimasida nashrga tayyorlangan Mahmud Koshg‘ariyning «Devonu lug‘otit-turk» asari 70-80 bosma toboqqa teng bo‘lganini anglash mumkin.

Shaxsiy ishning 16-sahifasida professor Cho‘ponzodaning bildirgisi ham kiritilgan. Unda aytilishicha, X.Saidning 12 ta ilmiy asari bo‘lgan. Ular orasidan turkiy tillarining sintaksisiga doir oxirgi asari alohida qimmatga sazovor. Unda muallif sharq va rus tilshunosligining sintaksis nazariyasi sohasidagi barcha fikrlardan foydalanib, turkiy tillarining sintaktik qurilishi haqida qimmatli ma’lumotlar to‘plagan. Shu bois, professor Cho‘ponzoda ilmiy ishni himoya qilmasdan turib, unga fan nomzodi unvoni berishni taklif qilgan.Ana shu yillarda X.Saidning «Yangi alfavit yaratish bo‘yicha xotiralar», «Qisqacha stilistika», «Turkiy maktablar uchun rus tili», «Qiyosiy grammatika» kabi asarlari ham bosilib chiqadi. Olim taniqli turkshunos sifatida keng e’tirof etiladi.

Xolid Said nafaqat ilmiy izlanishlar, balki tarjimonlik bilan ham shug‘ullangan. U rus tilidan tashqari, eski turkiy tildan, hozirgi zamon o‘zbek tilidan ko‘pgina asarlarni ozar tiliga tarjima qilgan. O‘zbekning buyuk adibi Abdulla Qodiriyning «O‘tkan kunlar» romanini asliyatdan o‘girib, 1928-1929 yillarda Bokuda chop ettirgan. «Gyanchlik» nashriyoti bu asarni 1979 yilda Iso Ibrohimovning ruschadan tarjimasi asosida nashr qildi. Xolid Said tarjimasi esa, afsuski, tamomila unutildi.

Turkshunoslikning bugungi nuqtai nazaridan qaraganda, Xolid Saidning xizmatlari unchalik, ko‘zga ko‘rinmasligi mumkin. Ammo 20-yillar sharoitida uning ishlari qanchalik salmoqli va ulkan bo‘lganini tan olish lozim. O‘lka hukumatining asosiy mafkurasi proletarizm va baynalmilalchilik bo‘lgan va turkchilik bilan mashg‘ul bo‘lganlarga panturkist tamg‘asi bosilib, ta’qib ostiga olingan bir paytda Xolid Said «Turk tillari tarixiy grammatikasi», «Turkiston tarixining qisqacha ijmoli», «Turk adabiyoti nazariyasi», «Chig‘atoy adabiyotidan mulohazalar», «Qiyosiy grammatika» va boshqa asarlarni yaratdi. O‘rxun-Enasoy bitiklarini tilimizga o‘girib, unga sharhlar bitdi.

Xolid Saidning shaxsiy ishida, 9-10-sahifalarda uning rus tilidagi tarjimai holi o‘rin olgan. Quyida aynan o‘sha tarjimai holdan iqtibos keltiramiz.

«Men 1888 yilda Toshkent shahridan 25 km. uzoqlikdagi Kashkurchay (aslida Qo‘shqo‘rg‘on bo‘lishi kerak, muallif negadir bu toponimni shu tarzda keltirgan — tarj.) qishlog‘ida tug‘ilganman. Qishloq maktabini bitirganimdan keyin meni Toshkentdagi madrasaga yuborishdi. Chunki u paytlar rus maktabini «kofirning maktabi» deb hisoblashardi. Madrasada besh-olti yil o‘qidim. 1905 yilda inqilob yuz berdi. Shu inqilobdan keyin tug‘ilgan va butun Sharqni qamrab olgan harakat menga ham o‘z ta’sirini o‘tkazdi. Hayotimni yangitdan qurishga bel bog‘ladim. Ammo hali konservativ muhit hukmronligi bois, rus o‘quv muassasalarida o‘qishni davom ettirishning imkoni yo‘q edi. Men boshqa bir chorasini qidirardim. Yon-verimdagi mulla va hojilardan Istanbul haqida shundayin shirin va afsonaviy suhbatlarni ko‘p eshitganim bois, shu shaharni ko‘rish ishtiyoqiga tushdim. Lekin orzuimga yetish uchun moddiy imkoniyatim yetarli emasdi. Otam menga juda kam yordamlashar, menga nisbatan biroz ziqnaroq edi.

Najot yo‘li kutilmaganda topildi. Yaqin oradagi qishloqlarning birida belgilangan soliqlarning umumiy hisobiga uyg‘un ravishda bo‘linishi lozim bo‘lgan yerlarni o‘lchash kerak edi. Madrasada o‘qib yurganimda arabcha kitoblardan yer o‘lchash texnikasini yetarlicha o‘rgangan edim. Shu tariqa o‘z xizmatim evaziga besh-olti oyga yetarli pul ishlab oldim.

Pul topganimdan keyin yana bir to‘siqqa duch keldim. U paytlar General-gubernator tomonidan turkistonliklarga xorijiy pasport berish taqiqlangan edi. Shunda bir tanishimning maslahati bilan uch-to‘rt so‘m evaziga yangi, na Xitoy pasportini sotib oldim. Har qalay, shu pasport bilan men Istanbulga keldim. Bu yerdan keyin Misr va Suriyaga ham sayohat qilish niyatim bor edi. Lekin tasodifan gazetadan Istanbul universiteti qoshida ikki yillik tayyorlov kurslari ochilgani haqida e’lon o‘qidim. Shunda qarorim o‘zgarib, shu kursda tahsil olish fikriga tushdim.

Imtihonga kiritilgan 1750 nafar kishining ichida men ham bor edim. Shu tariqa olti-etti yil Istanbulda qolib, tahsilni tugatdim.

1918 yilda Turkistonga qaytish niyatida Ozarbayjonga keldim. Ammo aloqa yo‘llari yopilgani bois, shu yerda qolishga majbur bo‘ldim va Ganja gimnaziyasida muallimlik qila boshladim. 1922 yilda Turkistonga qaytishga muvaffaq bo‘ldim, ammo nomutanosib iqlim sharoiti meni 1922 yilda yana Ozarbayjonga qaytishga majbur qildi. O‘shandan beri o‘rta va oliy maktablarda muallimlik qilib kelyapman.

Boku, 1934 yil, 26 aprel».

Muallifning 1918 yildan keyingi tarjimai holi biz uchun shubhali tuyuldi. Chunki xotiralarda 1918-1920 yillarda yuzlab kishilar Ozarbayjondan O‘zbekistonga, u yerdan esa, bu yoqqa qaytishganini bilardik. Unda nega Xolid Said Toshkentga ketolmadi ekan?

Qo‘limizda hujjatlar bo‘lmasa-da, o‘sha davrning tarixiy hodisalari bizni boshqacha fikrlashga majbur etadi. Birinchi jahon urushida mag‘lub bo‘lgan Rossiya o‘z mustamlakalarini osonlikcha qo‘ldan chiqarishni istamasdi. U o‘zini o‘nglab olguncha, istilo ostidagi yurtlarning bir-biri bilan urushib turishini istardi.

Shu niyatda XIX asrda Turkiyadan va Erondan keltirilib, Qorabog‘ va Erivan xonligi hududida joylashtirilgan armanlarni qurollantirib urushga jalb etgandi. Frontdan qaytgan rus qo‘shinlari bilan birlashgan bu jangarilar. Kavkazda musulmonlarni ommaviy qatliom qilishga kirishib ketgan edi.

Yangi tashkil etilgan Ozarbayjon Xalq Respublikasining muntazam armiyasi va politsiya tuzilmalari bo‘lmagani uchun tinch aholini himoyalay olmasdi. Tahlikaga tushib qolgan xalq yagona umid bilan Usmonli davlatiga murojaat qildi. Usmoniylar hukumati Ikkinchi jahon urushida katta talafotlar ko‘rgan esa-da, qisqa muddatda Nuri Posho rahbarligi ostida Kavkaz islom armiyasini tuzdi va Ozarbayjonga yubordi. Usmonli askar va zobitlar hamda ko‘ngillilardan iborat Kavkaz islom armiyasi Ganjada joylashtirildi. Armiya faqat harbiylardangina iborat emasdi. Uning rahbarlari orasida Ahmad Bey Og‘ao‘g‘li singari ma’rifatparvarlar ham bor edi. Kavkaz islom armiyasi o‘z oldidagi vazifalarni katta sharaf bilan ado etdi. Kuchli bir hamla bilan bosqinchilarni tor-mor keltirib, 1918 yilning 15 oktyabrida Bokuni jangarilardan ozod etdi. Ozarbayjon hukumati Ganjadan Bokuga ko‘chdi.

Lekin Mudros sulhi Olmoniyaning ittifoqchisi bo‘lgan Turkiyani Kavkazdan uzoqlashtirish talabi bilan Usmonli davlatini qiyin vaziyatga solib qo‘ydi. Kavkaz islom armiyasi ortga qaytishga majbur bo‘ldi.

KGB arxivida 1937 yillarda hibsga olinganlar va otilganlarning tergov materiallari bilan tanishish asnosida Xolid Saidning quyidagi iqrorini o‘qish mumkin: «1918 yilda men Istanbul universitetining bir guruh talabalari bilan birga Nuri Poshoning Turk armiyasida (Kavkaz islom armiyasi demoqchi — A.Sh.) Ozarbayjonga yuborildim. Biz armiyaning maxsus bo‘limiga olingan edik».

Xolid Said 1918-1920 yillarda Ganjadagi muallimlar seminariyasida va o‘g‘il bolalar gimnaziyasida dars berganini yozadi. Qo‘limizda materiallar bo‘lmagani uchun qat’iy bir fikr aytmasak-da, Xolid Said kabi millatsevar bir kishining ikki yil faqat muallimlik bilan kifoyalanishi ishonarli emasdir. Uning Ganjadan Toshkentga qaytishi Ozarbayjonning ishg‘ol etilishidan keyinroq Ganjada yuz bergan qo‘zg‘olon (28 may) bilan bir vaqtga to‘g‘ri keladi.

Ganja qo‘zg‘oloni tufayli hibsga olinganlarning to‘liq ro‘yxati qo‘limizda yo‘q. Bu isyonga aloqasi bo‘lmagan taniqli olim va pedagog Firudin bey Ko‘charlini shafqatsizlarcha otib tashlagan bolsheviklar u bilan yaqin tanish bo‘lgan va millatparvarligi bilan tanilgan Xolid Saidni omon qo‘yisharmidi? 1937 yildagi tergov paytida KGB tergovchisining «Ozarbayjondan, Turk armiyasi chiqarib yuborilgach, sizning turk razvedkasi bilan bog‘lanib turganingiz haqida bizda yetarlicha ma’lumotlar bor degani fikrimizni yana bir karra isbotlaydi. Taniqli olimga «turk josusi» yorlig‘ini yopishtirish uchun xavfsizlik xizmati xodimlari katta xizmat qilgani ochiq-oydin ko‘rinib turibdi.

Bu hozircha to‘la tadqiq etilmagan mavzu bo‘lib qolayotir. 1920 yilning sentyabridan Toshkentdagi Oliy pedagogika maktabida muallim, keyin mudir bo‘lib ishlagan Xolid Said 1922 yilning oktyabrida Bokuning Balaxani tuman bo‘limida ishchi fakultetiga ishga kiradi. Xolid Said hujjatlarda Bokuga qaytishining sababini «Toshkent havosining yoqmagani»da deb ko‘rsatadi. Biz Xolid Saidning sovet idoralariga yozgan hujjatlari bilan tanishmiz. Uning aynan shunday yozganini ham tushunish mumkin.

Ammo hushyor tadqiqotchilar Toshkentdan Bokuga qaytishi sabablarini puxta o‘rganishlari zarur. Faqat shuni taxmin etishimiz mumkinki, Xolid Said ta’qibdan qutulish uchun yoxud yangi bir turkiyot markazini shakllantirish uchun Bokuga qaytgan bo‘lsa kerak. Xolid Saidning Bokudan chekka va tog‘li Gusar tumanida tashkil qilingan pedagogik kursda ishlashga ketishi va musovotchilarning ommaviy qamoqqa olinishi bir vaqtga to‘g‘ri keladi. 1924 yilda Xolid Said Bokuga qaytadi. Unga Samarqanddan kelib tahsil olayotgan talabalarga rahbarlik qilish topshiriladi. Biroq, ko‘p o‘tmay, talabalar orasida aksilinqilobiy va millatchilik g‘oyalarini targ‘ib qilgani uchun ishdan chetlatiladi.

Bu tazyiq va ta’qiblarga qaramasdan, Xolid Said O‘zbekiston SSR Maorif ministrligining Ozarbayjonda o‘qiyotgan talabalar bo‘yicha vakili bo‘lgan paytlari ham, Ozarbayjon Oliy pedagogika institutida, Tuproqshunoslik texnikumida, Ozarbayjon Davlat universitetida, Gidromelioratsiya texnikumida ishlagan paytlarida ham talabalarning milliy ongini shakllantirishga jiddiy e’tibor qaratgan.

Ozarbayjon Davlat Siyosiy idorasi (KGB ning ilgarigi nomi) raisi Navro‘z Rizayevning Ozarbayjon Kompartiyasi Markaziy Komitetiga 1929 yil 15 mayda yozgan maxfiy maktubida maktablarni millatchi muallimlardan tozalash uchun komissiya tuzishni va komissiyaga yashirin ravishda ularning ham xodimlarini kiritishni tavsiya etadi. Maktubda yozilishicha, asosan turk adabiyoti, jo‘g‘rofiya, ijtimoiy fanlar muallimlariga qarshi yo‘naltirilgan bu tozalash amaliyoti ommaviy norozilik keltirib chiqarmasligi uchun turli vaqtlarda, boshqa-boshqa maktablarda olib borilishi lozim edi. Xolid Said ham bu amaliyotdan tashqarida qolishi mumkin emasdi. Uning tez-tez ish joyini almashtirilishida KGBning qo‘li borligi tayin edi. Ilmiy-pedagogik faoliyatdan tashqari ijtimoiy ishlarda ham faol ishtirok etgan Xolid Said 1926 yilda Bokuda o‘tkazilgan Birinchi Turkologiya qurultoyiga maxsus taklif qilingan. U qurultoyning kun tartibidagi masalalar muzokarasiga qatnashgan, qurultoyning yuksak saviyada o‘tishi uchun qo‘lidan kelgan mehnatini ayamagan. Albatta, uning ishi sovet maxsus xizmatlarining e’tiboridan chetda qolmagan. 1937 yilda qamoqqa olingan paytida tergovchi va uning orasidagi suhbat hujjatlarda quyidagicha qayd etilgan:

«Tergovchi: — Aksilinqilobiy panturkist tashkilotga qachon a’zo bo‘lgansiz?

Javob: — 1925 yilda mashhur panturkist A.S.Gubaydullin Bokuga kelganidan keyin.

Tergovchi: — Panturkistik tashkilotida sizning amaliy aksilinqilobiy faoliyatingiz nimadan iborat edi?

Javob: — Men talaba yoshlar orasida panturkist targ‘ibot olib borishim, Sovet Ittifoqiga qarshi panturkist kadrlar tayyorlashim kerak edi».

… Xolid Saidning shaxsiy «delo»si bilan tanisharkanman, arxiv xodimining «25 yillik faoliyatim davomida Xolid Said bilan qiziqqan ikkinchi odam siz bo‘ldingiz» degan gaplari xayolimni tez-tez bo‘lib turardi. Diqqat bilan matbuot sahifalarini kuzatib bordim. Xolid Said haqidagi biror-bir maqolaga ko‘zim tushmadi. O‘zimcha o‘ylardim: «Xolid Saidning hayoti va ijodi bilan tanish odamning jim turishi mumkin emas. Unda mendan avvalroq bu hujjatlar bilan tanishib chiqqan odam kim ekan?» Keyingi gal ishlash uchun arxivga kelganimda o‘sha odamning kimligi bilan astoydil qiziqdim. Arxiv xodimi ishi tugaganidan keyin savolimga javob berishini aytdi va va’dasiga amal qildi. U menga bergan kichkina varaqchada shu bitikni o‘qidim: «Mamedova Bayja Xolid Saidovna, chet tillar kafedrasi o‘qituvchisi, adresi: Boku, Xusrav Ruzbeh ko‘chasi, 44-46, blok 2, 31-xonadon».

O‘qishim bilan o‘sha odamning tadqiqotchi emas, Xolidning qizi bo‘lganini angladim. Yo rab, axir men bu ayolni qachondan beri qidiraman! Xolid Saidning shaxsiy «delo»sida ko‘rsatilgan Qosim Ismoilov ko‘chasi 12-uyga necha martalab bordim. U yerdan jiddiy hujjat topolmasligimni yaxshi bilardim. Qatag‘on qurbonlarining ko‘pgina oila a’zolari kabi ular ham meni ko‘z yosh va g‘am-anduh bilan qarshi olishlarini bilardim. Xolid Saidning oila a’zolaridan yoki tanish-bilishlaridan birini topishni qanchalik orzu qilgandim. Afsuski, qo‘shnilar ham o‘zgarib ketgan, bir xabar berguvchi yo‘q edi. Va nihoyat uning qizi yashaydigan manzilni topdim!

Bir dasta gul olishni, ust-boshimni epaqa keltirishni ham unutib taksiga o‘tirdim. O‘n daqiqadan keyin ko‘rsatilgan uy eshigining qo‘ng‘irog‘ini bosib turardim. Hammasi o‘ylaganimdek bo‘lib chiqdi. Ko‘z yoshlari Bayja xonimni gapirgani qo‘ymasdi. Otasi qamalganidan beri oradan qirq yil o‘tgan bo‘lsa-da, hodisani xuddi kechagina yuz bergandek, aniqlik va ishonch bilan gapirib yig‘lardi. Oradagi tanaffuslardan foydalanib, suhbatni o‘zim istagan tarafga burish, hujjatlarda duch kelganim — faktlarni aniqlashtirish uchun savollar bera boshladim. U esa, mening savollarimga birdaniga javob bermas, eslab-eslab gapirardi:

Kichkina emasdim, yo‘q-yo‘q. 12 yoshli qizcha edim. U dahshatli kechani unutib bo‘larmidi? Hozir ham tushimga kirsa, sapchib uyg‘onaman. 1937 yilning 3 iyunida olib ketishdi. O‘zi bilan birga uch chamadon qo‘lyozmalarini yig‘dilar. Faqat otam ularning ko‘zini shamg‘alat qilib bittasini onamga berib: «Buni asrab qo‘ysangiz, qora kuningizga yaraydi, sizlarni boqadi» dedi.

– U qaysi asar edi, Koshg‘ariyning «Devoni» emasmidi?

– Yo‘q, yo‘q, «Devon»ni yaxshi eslayman. Kitobga o‘xshamasdi u. Qalin papkalarga solingan edi. Otam bergan qo‘lyozma esa, kitobga o‘xshatib jildlangan edi.

– Balki «Turk tillarining tarixiy grammatikasi»dir?

– Yo‘q.

– «Uslubiyat nazariyasi» bo‘lishi mumkinmi?

– Yo‘q.

Shu tariqa menga ma’lum bo‘lgan barcha asarlarni nomma-nom sanab chiqsam-da, «yo‘q» javobini oldim.

Onamga bergan kitobni endigina yozib bitirgan edi. Onam qamoqqa olinishi bilan uni ham yo‘qotib qo‘ydik. Otamning ishxonasidagi asarlarning taqdiridan ham bexabar qoldik. Onamni hibsga olish uchun kelishganda, qulog‘imga pichirladi: «Qoch xolangnikiga!» O‘sha yillari ota-onasi qamalganlarni zo‘rlab internatga olib ketishardi. Bolalarni sovet vatanparvarligi ruhida tarbiyalashni istashardi. Qarindoshlarining himoyasida qolgan bolalar antisovet ruhi bilan ulg‘ayishidan qo‘rqishardi.

— Beyja xonim, onangizni nimaga qamadilar?

— Onam Ozarbayjondagi mashhur zargarlar avlodidan edi. 1924 yilda otam bilan turmush qurgan. Otam bilan shunchaki salom-alik qilib yurganlarni qamaganlaridan keyin, u bilan bir tom ostida yashagan jufti halolining qamalishiga ajablanmasa ham bo‘ladi. U paytlarda «Meni nimaga ushlab ketyapsiz?», «Falonchining gunohi nima?» deb so‘rab bo‘larmidi? Onam Sora Rizo qizi savodsiz bo‘lsa-da, zakiy ayol edi. Qamoqda Stalinga yozgan shikoyat maktubidan keyin 1941 yilda uni ozod qilishdi. Qaytganidan keyin ko‘p yashamadi. Ma’naviy jihatdan toliqib bo‘lgandi.

— Beyjaxonim, otangiz universitetni kech tugatgan ekan.

— Ha, buni bilaman. Otamning tibbiyotdan ham xabari bor edi. Oilamizning tabibi edi u. Avval Istanbul universitetining tibbiyot fakultetiga kirgan, keyin fikrini o‘zartirib, tarix-filologiya fakultetiga o‘tgan ekan.

— Toshkentga borib, otangiz tug‘ilib o‘sgan joylarni, ammangiz, amakingiz, qarindosh-urug‘laringizni ko‘rganmisiz?

— Yo‘q, bormaganman. Ammo yaqinlarimiz haqidagi ayrim gaplar yodimda qolgan. Bobomlar Toshkentdagi mashhur xo‘jalar avlodidan ekan. Familiyamiz ham shundan olingan. Otamlar besh aka-uka bo‘lishgan. Kattasining oti esimda qolmagan. Ikkinchisining ismi Solixo‘ja, uchinchisi Xolxo‘ja, to‘rtinchisi Ahmadxo‘ja, beshinchisi Sultonxo‘ja bo‘lgan. Xolxo‘ja otamning ismi edi. Keyinchalik Xolidga aylanib ketgan. Bobomlarning qishlog‘i Qo‘shqo‘rg‘on Chirchiq daryosining bo‘yida, Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan. Mening otim hujjatlarda Bayja (shoir va tarjimon Usmon Qo‘chqorning aytishicha, ayolning ismi Bahija bo‘lgan — tarj.). Otam va uydagilar Beyja deb chaqirishardi.

Bayja xonim afsus bilan davom etadi:

— Uzoq yillar Akademiyada aspirantlarga chet tilidan dars berdim. Turmush o‘rtog‘im ham olim. Boku Oliy partiya maktabida dars beradi. Ammo hali-hanuz otam hibsga olinganidan keyin boshiga ne kunlar tushganini bilmaymiz. Og‘izdan-og‘izga o‘tib yurgan gap-so‘zlarga qaraganda, 1937 yilnig 12 oktyabrida otib tashlangan ekan. Qanchalik to‘g‘riligini bilmayman. SSSR Oliy sudi Harbiy hay’atinig 1957 yil 16 maydagi Qarori bilan otam oqlandi. Bu qanday oqlov bo‘ldi? Otam qamalganidan keyin oradan o‘ttiz yilga yaqin vaqt o‘tsa-da, men uyimizdan olib ketilgan qo‘lyozmalaridan, kitoblaridan xabar topolmasam. Bu qanday oqlov bo‘ldiki, otamning nomini abadiylashtirish haqida gap ham bo‘lmasa.

Beyja xonim gapirarkan, xayolimdan «tug‘ma xotira» degan ibora o‘tadi. Xolasining qaramog‘ida yashagan, ota yurtidan minglab kilometr uzoqlarda tug‘ilib o‘sgan ayol o‘z Vatanidan kechagina ayrilgan odamdek gapiradi.

Shogirdlari, hamkasblari, tanishlari va qarindosh-urug‘lari ham Xolid Saidni ana shunday xotirlab, qalamga olsalar edi, qanday soz bo‘lardi. Xolid Saidning o‘zi oqlansa-da, u ilgari surgan g‘oyalar, milliy mustaqillik mafkurasi hali oqlanmagani bois, uning asarlari to‘planib, na Ozarbayjonda, na O‘zbekistonda chop etilgan edi. Mamlakatlarimiz mustaqillikka erishganidan beri o‘n besh yildan ziyod vaqt o‘tdi. Ammo hali-hanuz istiqlol uchun jonini fido qilgan buyuk millat farzandining hayoti va ijodi munosib qadr topganicha yo‘q.

Beyja xonim bilan uchrashganimizdan so‘ng oradan ikki yil o‘tgach, 1988 yilda Ozarbayjonda miting to‘lqinlari boshlanib ketdi. KGB arxivlaridagi ba’zi hujjatlar bilan tanishish imkoni yuzaga keldi. Og‘izma-og‘iz yurgan xabarlar to‘g‘ri chiqdi. Xolid Said Xo‘jayev 1937 yilning 12 oktyabrida Bokuda otib tashlangan ekan…

Arxiv qopqalarining ochilishi bilan tadqiqotchilar ham bir qancha oydinlik kiritdilar. Filologiya fanlari nomzodi Asqar Quliyevning yozishicha, «Sintaksis» va «Uslubiyat», «Uslubiyat nazariyasi»dan tashqari ham Xolid Saidning chop etilmagan ilmiy asarlari ko‘p ekan. Uning «Turk tillarining tarixiy grammatikasi» nomli o‘n ikki bosma taboq hajmidagi asari bo‘lgan. Bu tadqiqot M.Koshg‘ariyning «Devoni lug‘otit turk» asari asosida umumturk grammatikasiga bag‘ishlangan bo‘lib, SSSR FAning Ozarbayjon filialining maxsus topshirig‘i bilan yozilgan. Ammo bu qimmatli asar ham yo‘qolib ketgan.

A.Quliyev M.Koshg‘ariyning «Devon»i haqidagi fikrlarini quyidagicha umumlashtiradi: «Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, «Devon»ning to‘liq tarjimasi (!) 1939 yilda nihoyasiga yetkazilgan va shu yili S.Malov va A.Kononov tarafidan tahrir qilingan, nashrga berilgan… Lekin 60-yillarda tarjimani mukammallashtirish ishlari (…) olib borilgan (…)».

O‘sha paytlarda ham bu tarjima har zamonda nufuzli «komissiya»lar tomonidan tekshirilib, «mukammallashtirish» asnosida tarjimonlar ro‘yxatiga ko‘plab familiyalar qo‘shib borilgan… Xayriyatki, Xolid Saidning ismi ham saqlanib qolgan. A.Quliyevning Xolid Saidga bag‘ishlangan «Ikki xalq farzandi» maqolasi Usmon Qo‘chqor tomonidan o‘zbekchaga o‘girilib, «Guliston» jurnalida chop etilgan.

Xolid Said va uning maslakdoshlari orzusi kech bo‘lsa-da, amalga oshdi. Aslida tarix oldida g‘oyalarning haqiqatga aylanishi uchun 50-100 yil nima degan gap?

Ozarbayjonchadan Rustam Jabborov tarjimasi

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2008 yil, 1-son