Qahramon Rajabov. Alp Er To‘nga — Turon xoqoni

Eng qadimgi milliy qahramonlarimiz

Turon tarixining tilsimlari ko‘p. Turkiston tarixida hali o‘z yechimini kutib yotgan sir-sinoatlar talaygina. Hozirgacha O‘zbekistonning eng qadimgi davrlardan to bugungi kungacha bo‘lgan mukammal tarixi yaratilgan emas. O‘zbekiston va o‘zbek xalqi tarixida ko‘plab alp siymolar o‘tgan. Ularning barchasini, ayni paytda, xalqimiz tugul, hatto tarixchi mutaxassislar ham hali yaxshi bilishmaydi. Tarix qatidan, asrlar va ming yillar qa’ridan buyuk bir siymo bugungi kunda barkamol o‘zbek nasliga peshvoz chiqmoqda… Bu – “Eng qadimgi milliy qahramonlarimizdan bo‘lmish Alp Er To‘nga (Afrosiyob)” (Islom Karimov). Alp Er To‘nga yaqin tariximizda unutilishga mahkum qilingan shaxs. Hatto mustaqillikning dastlabki ikki o‘n yilligida ham ko‘pchilik tarixchi, arxeolog va sharqshunos olimlarimiz “Afrosiyob – afsonaviy shaxs” deb takrorlashdan nariga o‘tishmayapti. Muhtaram prezidentimiz I.Karimovning 1997 yil 19 oktyabrda Buxoroda aytgan yuqoridagi fikrlari negadir ularning sovet davrida shakllangan va hozir ham qotib qolgan ayrim qarashlaridan voz kechishga ta’sir qilmayapti. Biroq tarix fani bir joyda to‘xtab qolmaydi. Xayriyatki, bugungi kunda Afrosiyobning ulug‘vor va muhtasham qiyofasi u mansub bo‘lgan xalqqa qaytarilmoqda. O‘zbek millati XXI asrda jahon hamjamiyatida o‘z munosib o‘rnini topish jarayonida tarixiy ildizlari va teran tomirlarini chuqurroq anglashi, turkiy xalqlar va Turon davlatchiligi, demak, ayni paytda, bugungi o‘zbek xalqi va O‘zbekiston davlatchiligi poydevoriga asos solgan buyuk davlat arbobi va mohir sarkarda, sak-iksitlar qavmi dohiysi Alp Er To‘nga (Afrosiyob) siymosiga murojaat qilishi tabiiy hol hamda tarixiy va ilmiy zaruriyatdir. Biz Alp Er To‘nga shaxsiyatiga murojaat qilish orqali, aslida, o‘zligimizga, hali o‘zbek nomi bilan yuritilmay, biroq jahon tarixida tur, turk, sug‘d, sak, massaget va boshqa nomlar bilan atalgan, “Turkning bosh bo‘g‘ini” (Amir Temur) bo‘lgan bugungi o‘zbek xalqining azim va qadim tarixiga murojaat qilgan bo‘lamiz. Alp Er To‘nga nafaqat Turon tarixidan, balki O‘zbekistonning eng yangi tarixidan ham o‘z qonuniy o‘rnini egallashga munosib alp siymo hisoblanadi.

 

Turon, Turk va tur(k)lar

Turk(iy) xalqlarning kelib chiqishi va ilk vatani to‘g‘risida fanda turli qarashlar mavjud bo‘lgan. Bu qarashlarning aksariyati muammoga bir tomonlama yondashgan holatda turk xalqining kelib chiqishini noto‘g‘ri izohlagan. Xususan, yevrotsentrizm va eronotsentrizm nazariyalarining vakillari va ularning tarafdorlari insoniyat tarixida muhim rol o‘ynagan turk(iy) xalqlarni kamsitish bilan shug‘ullangan. Shuningdek, ular o‘z asarlarida eronzabon xalqlar tarixini haddan tashqari ulug‘lab, uni ko‘klarga ko‘tarishgan.

Sovet davri tarix fanida ham turk(iy) xalqlarning ilk vatani – Oltoy, turklar aynan shu o‘lkada paydo bo‘lib, so‘ngra boshqa yurtlarga tarqalgan, degan tasavvur shakl­langan. Bu tasavvurning paydo bo‘lishida turk etnonimi ostida Oltoy hududida ilk o‘rta asrlarda hoqonlikning dastlab tarkib topganligi katta rol o‘ynagan.[1] Akademik Ahmadali Asqarovning yozishicha, XVIII-XIX asrlar davomida Oltoy mintaqasida olib borilgan etnolingvistik tadqiqotlar ham bunday ilmiy farazning asosli ekanligini tasdiqlaydi. Shunday qilib, Oltoy turkiy xalqlarning ilk vatani sifatida tilga olinib, jahon tarixiy tilshunosligida Oltoy tillar oilasi degan atama paydo bo‘ladi. Bu tushunchaning ilmiy asoslanishida etnograf va tilshunoslarning bu sohada olib borgan izlanishlari va turklarning kelib chiqishi haqida to‘plangan turli asotir va rivoyatlar ham xizmat qildi.[2]

Ma’lumki, sovet tarixshunosligida xunnlar (gunnlar) turkiy qabilalar ekanligi ham e’tirof etilgan. Taniqli tarixchi L.N.Gumilyov (1912-1992) “Xunnu” (1960) asarida xunnlar Xitoy tarixida birinchi bor mil.av. 1764 yilda, so‘ngra mil.av. 822 va 304 yillarda tilga olinganini aytadi.[3]

O‘zbekiston Respublikasining mustaqillikka erishganligi tarixchi va etnograf olimlar oldiga o‘zbek xalqining etnogenezi va etnik tarixi masalasini jiddiy o‘rganish vazifasini qo‘ydi. Aynan istiqlol tufayli tarixiy haqiqat ro‘yobga chiqa boshladi. Mustaqillik yillarida qadimgi Xitoy yozma manbalarining ob’ektiv tahlili natijasida bronza davridan boshlab Ural (O‘rol) tog‘ tizmalaridan sharqiy va janubiy hududlar tomon cho‘zilgan katta mintaqa Rus podsholigi tomonidan bosib olingunga qadar bu zamin turk(iy) etnosga tegishli ekanligi isbotlandi. Bu hududda qadimdan yashagan Andronovo madaniyati sohiblari, ya’ni Buyuk turk cho‘lining chorvadorlari bo‘lgan turkiy qabilalar turkiy tilda so‘zlashganlar. Bu mintaqalardan topilgan arxeologik va antropologik komplekslar hamda ularning qadimgi Xitoy yozma manbalari bilan qiyosiy tahlili Ural va Janubiy Sibir aholisi qadimgi va ilk o‘rta asrlar davrida ham turkiy tilda so‘zlashganlar, degan fikrni dadil o‘rtaga tashlashga imkon bermoqda. O‘zbek olimlari, xususan, mashhur arxeolog Ahmadali Asqarov va taniqli xitoyshunos olim Abdulahad Xo‘jayev birinchilardan bo‘lib bu ilmiy fikrni asosladilar.[4]

Professor A.Xo‘jayev o‘z tadqiqotlarida so‘nggi yillarda xitoy va yapon olimlari hamkorlikda qadimgi Xitoyning 24 jildlik tarixi (“24 tarix”) ustida jiddiy tadqiqotlar olib borib, ilmiy izlanishlar jarayonida Turk atamasi Xitoy manbalariga bundan kamida 4000 yil avval kirib kelganini aniqlaganliklarini ta’kidlaydi. Xullas, qadimgi Xitoy yozma manbalariga ko‘ra, Shimoliy Xitoy kichik podsholiklarining shimoliy, shimoli-sharqiy va shimoli-g‘arbiy chegaralarida mil.av. III-II ming yilliklar davomida xu, di, xunn nomlari ostida chorvador qabilalar jamoalari yashagan. Arxeologik tadqiqotlar natijalari aynan mana shu hududlarda bronza davrida Andronovo madaniyati sohiblari yashaganligini tasdiqlaydi. Demak, qadimgi Xitoy yozma manbalarida tilga olingan xu, di, tufang, guyfong, tele, chele, rung, xunn va boshqa sahroyilar qadimgi turkiyda so‘zlashuvchi Andronovo madaniyati sohiblari edi.[5] Ular prototurklar, ya’ni ko‘hna turklar bo‘lgan.

Tarixiy va etnografik adabiyotlarda Yevrosiyo dasht va cho‘llarining, ya’ni Turon mintaqasining ko‘chmanchilari dastlab “varvarlar” deb atalgan. So‘nggi asrlarda “Aves­to” ilmiy asosda o‘rganila boshlangach, ana shu varvarlarning janubga migratsiyasi tufayli Eron tog‘oldi rayonlarida Ariana (Oriylar yurti) tashkil topgani ma’lum bo‘lib, varvar atamasi oriy (ariy) terminiga almashtirildi. Eron – Ariana so‘zining yangi shakli. Aslida, hozirgi Eron hududining bir qismi bu paytda Persida yoki Persua (Fors) deb yuritilgan.

“Avesto”ga ko‘ra, oriylar ijtimoiy hayotda jamoaning erkin, ozod, jangovar mulkdorlar tabaqasi bo‘lib, ular el-yurt boshqaruvchilari, beklari va xo‘jayinlari edi. Mana shu tabaqa va uning a’zolari o‘z urug‘-aymoqlari va boshqa qavmdoshlaridan farqli o‘laroq “Avesto”da ozodlar, ya’ni oriylar, deb yuritilgan. Ular yashagan yurt oriylar vatani, oriylar kengligi, ya’ni Aryanam Vaychah, deb nomlangan. Bu yurt xalqining asosiy boyligi chorva, ya’ni qoramol, ot, tuya, qo‘y-echki va eshaklar hisoblanadi. Oriylarning kundalik turmush tarzi dasht aholisiga xos ko‘chmanchi chorvadorlik asosida qurilgan.[6]

“Avesto”ning “Videvdot” kitobida oriylar yurti haqidagi ma’lumotlarni taniqli sug‘diyshunos olim Mirsodiq Ishoqov o‘zbek tiliga quyidagicha tarjima qilgan:

“1. Axura Mazda Spitaman Zardushtga so‘z ochib deydi:

2.“(Dunyodagi) barcha yerlarni unda yashovchi bandalarim nazarida (o‘zga yerlardan) yaxshiroq qilib men yaratganman. Har bir yerni undagi xalqlar uchun ma’qul qilib yaratmasam edi, barcha yerlardan odamlar Yerlarning eng behisht – jannat misoli etib yaratganim Aryanam-Vaejo‘ (Eranvej)ga qarab oqib kelavergan bo‘lar edi…”[7]

Xullas, Aryanam-Vaejo‘ ezgulik olamini yaratuvchi iloh Axura Mazda yaratgan 16 sarzaminning eng birlamchisi va go‘zalidir. Bunga qarshi o‘laroq, yovuzlik xudosi Ahriman Ajdarho, Qish va Devni yaratadi.

“Avesto” va “Rigveda” kitoblariga ko‘ra, dastlab oriylar Eron va Hindistonga kelganda mahalliy aholiga nisbatan bu nom “begona”, “kelgindi”, “bosqinchi” ma’nolarini anglatgan. Keyinchalik bu nom xo‘jayin, aslzoda ma’nosini kasb etgan. Chorvadorlar dehqonlarga nisbatan tez boyib ketishadi. Aynan shu vaqtda ko‘chmanchi chorvachilikka o‘tishga keng imkoniyatlar yaratildi. Bu – jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy hayotida tub o‘zgarishlar yuz berishiga olib keldi. Ana shu tub o‘zgarishlarning mevasi sifatida ibtidoiy chorvador jamoalari tarkibida badavlat mulk egalari – o‘nlab va yuzlab otarlardan iborat yilqi va mol-qo‘yga ega jamoa sardorlari yetishib chiqqan.[8]

Demak, oriylar Turon mintaqasi chorvador qabilalarining iqtisodiy yuksalishidagi ko‘chmanchilik hayot bosqichining ijtimoiy mahsuli, ularning tashabbuskor va tadbirkor ishbilarmon qatlami, tug‘ilib kelayotgan dastlabki sinfiy jamiyatning aslzodalar tabaqasi edi. Xullas, oriylar turkiy qavm orasidagi oqsuyaklar bo‘lgan.

Mil.av. II ming yillikning o‘rtalarida Yevrosiyo cho‘llarining oriylari, ya’ni Turon pasttekisligining chorvador aholisi o‘z chorvalariga yangi yaylovlar qidirib, janubga tomon, nafaqat O‘rta Osiyoning ichki rayonlariga, hatto Eronning adirlik zonalariga ham kirib boradilar. Ularning O‘rta Osiyo hududida yashaganligi va bu yerdan o‘tib ketganligi bronza davri arxeologik yodgorliklarida yaxshi kuzatiladi. Ular mil.av. II ming yillikning oxirgi choragida mahalliy aholining shahar va qishloqlariga, hatto, “Avesto” ma’lumotlariga ko‘ra, Eron va Shimoliy Hindistongacha kirib boradilar.

Xullas, chorvador turkiy oriylarning Turon mintaqasining shimoliy qismidan kelib Eron adirlarida o‘rnashib qolgan joylar “Avesto”da Ariana nomini olgan. Aslida, qadimgi tarixda bu atama qadimgi eroniy tillar tarqalgan geografik kenglik ma’nosida ham tushunilgan. Shu bois fanda oriylarning Eron hududida qolib ketganlari eroniylar, Hindistonga yo‘l olganlari esa hindu oriylar nomini olgan. Demak, oriy atamasi dastlab ijtimoiy ma’noda qo‘llanilgan, keyinroq esa oriylar mahalliy aholi bilan qorishib ketgach, bu so‘z yangi etnik ma’no va mazmun kasb etdi, oriylardan son jihatidan bir necha marta ko‘p bo‘lgan Eronning mahalliy aholisi til muhiti ta’sirida ular asta-sekin o‘z turk(iy) tillarini yo‘qotib, forslashib va eroniylashib ketadilar.[9]

Yuqorida keltirilgan fikr-mulohazalarni umumlashtirib aytadigan bo‘lsak, turkiy xalqlarning ilk vatani, azaliy yurti Buyuk Turk cho‘li bo‘lgan. Cho‘lning markazida Turon tekisligi (Turon pasttekisligi ham deyiladi) joylashgan. Hozirgi tasavvurlarda bu qadimgi turkiy qabila va elatlarning vatani ilmiy adabiyotlarda Yevrosiyo cho‘llari, deb nomlanadi. Aslida, bu tarixiy va jug‘rofiy Turon mintaqasi hisoblanadi. Uning hududiy doirasi juda keng – G‘arbda Qora dengizning shimoli-sharqiy sohillaridan Sharqda to Janubiy Baykalgacha[10] cho‘zilgan cho‘l va dasht mintaqalaridan iborat. Uning shimoliy chegarasi Ural daryosi va undan ham shimolroqqa, qalin taygaga borib taqaladi. Ural tog‘i qadimdan to so‘nggi o‘rta asrlargacha slavyanlar bilan turkiy qabilalarning hududiy chegarasi bo‘lgan. U janubi-sharqda Shimoliy Xitoy va janubi-g‘arbda Sharqiy Eron hududlari bilan chegaradosh bo‘lgan. Antik davr yunon mualliflari Yaksart (Sirdaryo)ning quyi oqimi sug‘diylar bilan turkiy tilli qabilalarning chegara rayonlari bo‘lganligini alohida ta’kidlashadi.[11]

Shu o‘rinda turlar (turklar) qavmiga ham oydinlik kiritib o‘tish lozim. Ehtimol, turk so‘zining o‘zagi turga borib taqalar. Tur etnonimidan keyinchalik Turon, Turkis­ton atamalari vujudga kelgan. To‘ra so‘zining o‘zagi ham balki turga borib taqalar.

”Avesto”da O‘rta Osiyoning qadimgi aholisi turlar (turonliklar) sifatida qayd etilgan. ”Avesto”da u “Thura” shaklida keltiriladi. Dastlab ”Avesto”da qayd etilgan “Tur” etnonimi keyinchalik Markaziy Osiyoning dasht va tog‘ yerlarida yashovchi chorvador aholi bilan bog‘langan. Olimlarning fikriga ko‘ra, turlar tushunchasi – bu sak-massagetlarning dastlabki nomi bo‘lishi mumkin.

Boshqa bir talqinga ko‘ra, Tur qadimgi eroniylarning peshdodiylar sulolasidan bo‘lgan shohi Faridun (Traetona)ning o‘g‘li. Atoqli fors-tojik shoiri Abulqosim Firdavsiy (taxminan 934-1030) qalamiga mansub “Shohnoma” dostoniga ko‘ra, Tur turkiy xalqlarning bobokaloni, akasi Salm (Silm, Selm) esa somiy xalqlar bobokaloni hisoblangan. Dunyoning taqsimlanishi haqidagi fors an’analariga ko‘ra, Faridun o‘z saltanatini o‘g‘illari Tur, Salm va Eroj o‘rtasida taqsimlagan. Katta o‘g‘il Salm – boylik, o‘rtanchasi Tur – harbiy shon-shavkat, kichik o‘g‘li Eroj – qonun va dinni so‘ragan. Ularning iltimoslariga ko‘ra, podshoh otalari Salmga Rum yerlarini, Turga Turkiston va cho‘lu biyobonni, kenja o‘g‘li Erojga esa Eron taxtini va akalari ustidan oliy hokimiyatni topshirgan.[12]

“Shohnoma” asarida bu an’ana boshqacha variantda saqlangan. Faridun o‘z o‘g‘illarini sinamoqchi bo‘ladi va ajdarhoga aylanib, ularning yo‘lini to‘sadi. Salm qochib qoladi, Tur kurashga bel bog‘laydi, Eroj esa o‘zining aql-zakovati, olijanobligi bilan ajdarhoni tinchlantiradi. Firdavsiyning yana yozishicha, Faridun o‘rtancha o‘g‘liga ho‘kiz (buqa) ma’nosini beruvchi Tur degan nomni beradi. Mamlakatning sharqiy qismi bilan Chin Turga tegadi va bundan so‘ng Turon deb atala boshlaydi.[13]

Xullas, ”Avesto”da dastlab etnonim nomi sifatida keltirilgan Tur Firdavsiyning “Shohnoma” dostonida kurashchan va yovuz qahramonga, ya’ni Turon va Turkiston hukmdoriga aylantiriladi. Firdavsiy Turni jangovar Turon hukmdori sifatida Eron va uning podsholariga qarama-qarshi qo‘yadi. Alp Er To‘nga aynan Turning avlodidan tug‘ilgan Turon hukmdoridir. U ham dostonda Turonning eroniylar nazaridagi yovuz podshosi sifatida ko‘rsatilgan.

O‘z navbatida turkiy xalqlar tarixi va adabiyotida ham Tur(k) nomiga nisbat berilgan turli naqllar va rivoyatlar mavjud. Shu o‘rinda Yofas va uning o‘g‘li Turk xususida qisqacha ma’lumot berib o‘tsak, foydadan xoli bo‘lmaydi.

Qadimgi diniy rivoyatlarga ko‘ra, Nuh alayhissalomning uch farzandi bo‘lgan. Ularning ismi Yofas, Som, Hom edi. Olamni suv bosishi, ya’ni to‘fondan so‘ng omon qolgan Nuh payg‘ambar o‘g‘illariga Yer yuzini bo‘lib bergan. Qur’oni karimning “Nuh” surasi bir necha oyatlarida to‘fon voqeasi Nuh payg‘ambar davrida sodir bo‘lgani qayd etilgan.[14] Bu naqlda mil.av. uchinchi ming yillikning oxirida Mesopotamiyada yuz bergan ulkan suv toshqini aks etgan bo‘lishi mumkin.

Abulg‘oziy Bahodirxonning “Shajarayi turk” asarida keltirilishicha, Nuh payg‘ambar “Hom otli o‘g‘lini Hinduston yurtig‘a yubordi. Som otli o‘g‘lini Eroni zaminga yubordi. Va Yofas otli o‘g‘lini qutbi shimoliy tarafig‘a yubordi… Yofasni ba’zilar payg‘ambar erdi, teb tururlar va ba’zilar payg‘ambar ermas, deb tururlar. Yofas otasining hukmi birlan Judi tog‘idan ketib, Atil (Itil) va Yoyiq suvining yoqosig‘a bordi. Ikki yuz ellik yil anda turdi. Taqi vafot tobdi. Sakkiz o‘g‘li bor edi. Avlodi bisyor ko‘b bo‘lur erdi. O‘g‘lonlarining otlari munlor turur: Turk, Xazar, Saqlab, Rus, Ming, Chin, Kamari, Tarix. Yofas o‘larinda ulug‘ o‘g‘li Turkni o‘rnida o‘lturtub, o‘zga o‘g‘lonlariga aytdikim, Turkni o‘zlaringizga podshoh bilib, aning so‘zidan chiqmang. Turkka Yofas o‘g‘loni teb laqab qo‘ydilar. Bisyor adablik va oqil kishi erdi. Otasindin so‘ng yerlarni yurub ko‘rdi. Taki bir yerni xushlab, anda o‘lturdi. Bu kun ul yerlarni Issig‘ko‘l derlar”.[15]

Xullas, to‘ng‘ich o‘g‘li Turkning nomidan Yofasni Abu Turk – Turkning otasi, deb ham atashgan. Mashhur davlat arbobi va tarixchi olim Mirzo Ulug‘bekning yozishiga qaraganda, “Yofas alayhissalomga Chin Mashriqining boshqa muhitlari, Qomarun tog‘lari va rus yerlari oxirigacha cho‘zilgan oq cho‘qqilar va beshinchi iqlimning qolgan 1/3 qismi to ma’mur yerlarning oxirigacha va Shimolning zulumotigacha yerlar baxsh etilgandi… Aytdilarki, Turonzamin va Turkistonni Yofas alayhissalom o‘ziga asrab qo‘ygandi. Shu sababli uni Abut-turk deyishgan… Hazrati Nuhning to‘ng‘ich o‘g‘li Yofas edi, alayhissalom. Haq taolo uni rasullik tashrifiga musharraf qildi”.[16]

Qadimda va o‘rta asrlarda turkiy o‘lkalarda yomg‘ir yog‘diruvchi Yada toshi yordamida duo o‘qib osmondan yomg‘ir-qor yog‘diruvchi kishilar bo‘lgan. Mana shu yada ilmini Yofasga otasi Nuh alayhissalom o‘rgatgan, degan naql bor. Yofas vafotidan so‘ng Turk otasi o‘rniga o‘tirib yurtni boshqardi. Xalq uni Yofas o‘g‘lon, deb atagan.

Turk ibn Yofas, Yofas o‘g‘lon, Turkxon nomlari bilan mashhur bo‘lgan Turk qadimgi diniy aqidalarga ko‘ra, Yofasning to‘ng‘ich o‘g‘li hisoblangan. U otasi vafotidan so‘ng turkiy o‘lkalarni boshqargan ulug‘ xondir. Turkni ko‘proq o‘z xalqi Yofas o‘g‘lon, deb atagan.

Mirzo Ulug‘bekning yozishicha, Turkxon Kayumarsning zamondoshi bo‘lgan. Kayumars Sharqiy Eronning birinchi hukmdori bo‘lganidek, Turk “Mashriq diyori xoqonlarining birinchi qooni” bo‘lgan. Mirzo Ulug‘bekning “To‘rt ulus tarixi” kitobida “Turk ibn Yofas ibn Nuh alayhissalom sultonligi zikri” deb nomlangan maxsus fasl mavjud.[17]

Turkxon o‘z qavmi o‘rtasida xush rasm-rusumlar, tahsinga loyiq tartiblar o‘rnatgan. Naql qilishlaricha, u bag‘oyat oqil va baodob hukmdor bo‘lgan. “To‘rt ulus tarixi” muallifi Mirzo Ulug‘bekning yozishicha, “Xonlik rasm-rusumi va jahondorlik qoidalarini birinchi bo‘lib Mashriq mamlakatlarida ijro etdi. Aytadilarki, Chin mamlakati sarhadidanki, uni Xonju, deb ataydilar, asosiy yerlar, masalan, Turkiston zamin mamlakati chegararalarigacha uning hukumati qo‘li ostida edi. Xirgoh udumi uning ixtirolaridandir. Jami’i turklar orasida in’om qilish (odatini) o‘rnatdi. Odil va komil, ko‘ngilchan podshoh bo‘lgan, deyishadi. Ra’iyat borasida ko‘p rioyat qilgan… Uning besh o‘g‘li bo‘lgan. Birinchisi Abilcha, ikkinchisi Tung, uchinchisi Chigil, to‘rtinchisi Barsxon, beshinchisi Atloq. Taomga tuz solmoq Turkxon ibn Yofas alayhissalom davrida paydo bo‘ldi… Shuningdek, chorva va vahshiy hayvonlar terisidan libos tikib kiyish ham Turk hukmronligi davrida paydo bo‘ldi”.[18] Turkxon ibn Yofas 240 yil umr ko‘rgan.

Xullas, turlar va turklar Yevrosiyo mintaqasida ko‘p yillar umrguzaronlik qilishgan. Ularda jamiyatning aslzoda qatlami oriylar, deb yuritilgan. Tur(k)lar yashagan ulkan yurt Turon deb atalgan. Bu o‘rinda Turon atamasiga qisqacha to‘xtalib o‘tishni lozim topdik.

Turon turkiy xalqlar yashaydigan ulkan hududni anglatuvchi tarixiy atama, ijtimoiy-siyosiy va madaniy tushuncha bo‘lib, u bundan taxminan 3000 yil muqaddam dastlab tur(k)lar yashovchi yurt – Tur yoki Turkiston shaklida qo‘llanila boshlagan. “Avesto”da ham u shunday ma’noda ishlatilgan. Turon mintaqasi jug‘rofiy jihatdan Tinch okeanidan O‘rta yer dengizigacha, Shimoliy Muz okeanidan Tibet va Himolay tog‘larigacha, Anatoliyadan Shimoliy Hindistongacha bo‘lgan ulkan hududni o‘z ichiga oladi.

Turon hududida yashagan prototurk xalqlar kuchli bir hukmdorga ehtiyoj sezgan. Tarixiy manbalarda turlicha nomlar bilan atalgan, biroq turk tilining turli lahjalarida gap­lashgan chorvador aholi, ya’ni ko‘hna turk qavmlari yagona davlat va kuchli dohiyga muhtoj bo‘lgan. Aynan ko‘chmanchi chorvador aholi o‘rtasida Alp Er To‘nga, o‘troq dehqonchilik vohalari aholisi o‘rtasida Afrosiyob nomi bilan mashhur bo‘lgan shaxs ana shunday mustaqil Turon davlatiga asos soldi va uning birinchi qooni (xoqoni) bo‘ldi.

O‘z fikrlarimizni turklar (turkiylar) haqidagi ayrim mulohazalar bilan davom ettiramiz hamda turk etnosi va etnonimining o‘rta asrlardagi tarixi hamda uning ba’zi jihatlarini ko‘rsatishga harakat qilamiz.

Turklar yoki turkiylar jahondagi eng qadimgi va yirik etnoslardan biri bo‘lgan. So‘nggi davrda jahon olimlari, jumladan, o‘zbek olimlari tomonidan amalga oshirilgan tadqiqotlar natijasida va qadimgi Xitoy manbalariga ko‘ra, turk atamasi bundan taxminan 4000 yil muqaddam rasmsimon iyerogliflar bilan yozilgan bitik­larda tiyek va tiauk shaklida uchraydi. Turk so‘zi kuchli, mustahkam, baquvvat, barkamol, odillik kabi ma’nolarni anglatadi, degan fikrlar mavjud. Tarixchi olim Abdulahad Xo‘jayevning yozishicha, qadimgi Xitoy manbalarida turklar qiyofasi chuqur ko‘zli, qirra burunli, basavlat va sersoch, deb ko‘rsatiladi.

Bir necha ming yilliklar davomida turkiy qabilalar ko‘p marta birlashgan va parchalanganligi tufayli ularnig qabilaviy tarkibi ham o‘zgarib turgan.[19]

Mil.av. III asrdan to milodiy III asrgacha bo‘lgan davrda turklar Ulug‘ Xunn xoqonligi tarkibida bo‘lganligi sababli Xitoy manbalarida ular shyunnu, xunnu deb ham atalgan. Mazkur xoqonlik yemirilgandan keyingi 3000 yilga yaqin vaqt davomida xitoylar turklarni tiyekle (zamonaviy tilda tele) deb atashgan.

Milodiy VI asr o‘rtalarida turklarda bo‘lgan Ashina avlodi kuchayib, Buyuk Turk xoqonligini barpo etgan. Xitoy manbalariga ko‘ra, xoqonlik tugatilgandan keyin tilga olinadigan turkiy qabilalar 58 ta nom bilan ajratilgan. Shulardan 22 tasi esa uyg‘urlar (ittifoqchilar), deb nomlangan. Uyg‘ur xoqonligi IX asr o‘rtalarida tugatilgandan so‘ng turklarning katta bir qismi Oltoy va Sharqiy Turkiston hududidan Movarounnahrga ko‘chib o‘tgan. Turkiya olimlari asarlarida turk qabilasi ko‘kturk, deb ham ataladi. Tadqiqotlarga ko‘ra, ko‘kturk so‘zi Tangriga, ya’ni osmonga (ko‘kka) ishongan turklar, balandlik turklari, ko‘k bo‘ri totemi bo‘lgan turklar kabi ma’nolarni anglatgan. Turkiston mintaqasi hududida Turk nomi toponim, etnonim, gidronim sifatida ko‘plab uchraydi. Bundan tashqari, Yer yuzida o‘zagi Tur va Turk bo‘lgan juda ko‘plab shaharlar, viloyatlar, daryolar, tog‘lar, urug‘lar, xalqlar hamda hayvon, she’r, musiqa, kuy, dori, harbiy usul nomlari mavjud.

Turk etnonimi tor ma’noda o‘zbeklar (o‘zbek xalqi) tarkibidagi etnik guruhlardan birini anglatadi. U 92 bovli o‘zbek qavm (urug‘)laridan birining nomi. Turklar to‘rt yirik qabila (turk, musobozori, kaltatoy va barlos)dan iborat bo‘lgan. Ular VI-XVI asrlarda ming yildan ortiq vaqt davomida hozirgi O‘zbekiston hududiga kelib joylashgan. Qadimgi va o‘rta asrlardagi turkiy qabilalarning qoldiqlaridan turk etnik guruhi tarkib topgan. Turklar tarkibiga turklashgan mo‘g‘ul qabilalarining ayrim guruhlari ham kirgan. Ular, asosan, chorvachilik va qisman dehqonchilik bilan shug‘ullangan. Turklarning ko‘pchiligi XX asr boshlarida tog‘lardan vohalarga ko‘chib tushganlar. Ular bu paytda Buxoro amirligi hududi, Farg‘ona vodiysi, Samarqand viloyati va Toshkent vohasida yashaganlar.

 

Alp Er To‘nga – Turkiy xalqlar bobokaloni

Alp Er To‘nga taniqli harbiy sarkarda va mashhur davlat arbobi bo‘lib, u turkiy xalqlar bobokaloni hisoblanadi. Turkiy manbalarda u Alp Er To‘nga va To‘nga Alp Er, forsiy manbalarda Afrosiyob nomi bilan tilga olingan. Demak, Alp Er To‘nga va Afrosiyob, aslida, bitta shaxsning turkiy va forsiy nomlari bo‘lib, u Turon davlatining asoschisidir.

Turkshunoslik ilmining asoschisi bo‘lgan mashhur olim Mahmud Koshg‘ariy o‘zining “Devonu lug‘otit turk” (1071-1072) kitobida Alp so‘zini quyidagicha izohlaydi: “Alp – botir, qahramon”. So‘ngra kitobda Alp Er To‘nga haqidagi mashhur marsiya keladi.[20]

To‘nga (tonga) so‘zi esa devonda quyidagicha izohlanadi: “Tona – yo‘lbars jinsidan bo‘lgan bir xil hayvon. U filning kushandasidir. Bu so‘zning asosiy ma’nosi shudir. Lekin bu so‘z turklarda ma’nosi o‘zgargan holda qo‘llanadi. Bu so‘z, ko‘pincha, odamlarga laqab o‘rnida ishlatiladi. Chunonchi, Tonaxon, Tona tegin va shuning kabilar.

Turklarning ulug‘ xoni Afrosiyobni Tona Alp Er, deb atar edilar. Yo‘lbars kabi kuchli bahodir odam, demakdir”.[21]

Demak, Alp Er To‘nga so‘zining lug‘aviy ma’nosi “Yo‘lbars kabi kuchli odam, botir va qahramon er” demakdir. Turkiy xalqlarda botir sarkardalar va podshohlar nomiga, odatda, Alp so‘zi qo‘shib ishlatilgan. Alp Er To‘nga bu nomni o‘ziga ism qilib olgan dastlabki inson, turkiy xalqlarning ilk xoqoni (xoni) hisoblanadi. Keyinchalik o‘zbek xalq eposida 90 alp bo‘lganligi, so‘nggi alp Alpomish ekanligi kuylangan.

Alp Er To‘nganing forsiy manbalarda o‘z nomi bilan tilga olinmay, balki Afrosiyob, deb atalishiga nima sabab bo‘lgan? Afrosiyob ikki so‘z: afro va siyob so‘zlaridan tashkil topgan. “Afros” so‘zi arabcha bo‘lib, ot ma’nosini bildiradi. Eron afsonalari va yozma adabiyotidagi qahramonlar nomiga azaldan ot (asp) so‘zi qo‘shib ishlatilgan. Masalan, “Shohnoma”da Gushtasp, Arjasp, Luhrasp kabi ko‘plab nomlar uchraydi. Siyob esa siyoh ob, ya’ni qora suv, demakdir. Xullas, Afrosiyob forschada qora ot, qora otliq ma’nolarini beradi. Qora so‘zi faqat rang (sifat) ma’nosida qo‘llanmay, bu tushunchaning turkiy xalqlarda kuchli, bahodir kabi ma’nolari ham mavjudligini alohida ta’kidlab o‘tish lozim. (Bu o‘rinda keyinchalik tashkil topgan turkiy sulola – Qoraxoniylar davlatining nomlanishi bevosita shu so‘zning keyingi ma’nosidan olinganligini alohida ta’kidlab o‘tish lozim. Hatto Turkiston tarixida Qoraxitoylar davlati bo‘lganligi ham ma’lum.) Biroq forslar Afrosiyobni yovuzlik va dahshatning timsoliga aylantirganlar. Tojik qomuslarida esa Afrosiyob so‘zi qo‘rqinch va dahshat soluvchi ma’nosida izohlanadi.

Alp Er To‘nganing bolalik va yoshlik yillari to‘g‘risidagi ma’lumotlar kam saqlanib qolgan. Uning ajdodlari va kelib chiqishi to‘g‘risida turli-tuman mulohazalar bor. Biroq Alp Er To‘nga turkiy qavmga mansub bo‘lganligi inkor etib bo‘lmaydigan haqiqat hisoblanadi.

Qomusiy olim va buyuk mutafakkir Abu Rayhon Beruniy (973-1048) o‘zining mashhur “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” (1000 yilda yozilgan) asarida quyidagicha ta’kidlaydi: “Afrosiyob ibn Bumanj ibn Iynat ibn Rishman ibn Turk ibn Zabanasp ibn Arshasp ibn Tuj. Nihoyat, Manuchehr Afrosiyobdan podshohlikni (tortib) olib, uni (Erondan) haydadi. Keyin ikkovi mashhur bir otishma tufayli yarashdilar”.[22]

Beruniy boshqa bir o‘rinda “Avesto” kitobiga tayanib, Kayumarsdan boshlangan peshdodiy podshohlarning ismlari keltirilgan joyda Afrosiyob Eronda 12 yil podshohlik qilganligini aytib o‘tadi.[23]

Turkiy shoir va davlat arbobi Yusuf Xos Hojib “Qutadg‘u bilig” dostonida Mahmud Koshg‘ariy kabi To‘nga Alp Er faoliyatiga yuqori baho beradi. “Turkiy Shohnoma” nomi bilan shuhrat qozongan bu asarda Alp Er To‘nga faoliyati quyidagicha madh etiladi va ta’riflanadi:

“Nazar solib qarasang, turk beklari, turk beklarining eng yaxshilari, ular orasida eng nomi mashhuri va baxti kulib boqqani To‘nga Alp Er nomli bek edi.

Mushohadasi keng, san’at – hunarlari behisob ko‘p, bilimli, zakovatli sara odam o‘sha edi.

Tojiklar uni Afrosiyob deb ataydilar, u talay ellarni o‘z tasarrufiga olgan edi.

Tojiklar u haqda kitobda yozib qoldirganlar, bo‘lmasa, u haqda kim nimani ham bilardi”.[24]

Xullas, bu o‘rinda Yusuf Xos Hojib tomonidan Alp Er To‘nga faqat zo‘r jangchi hamda sarkarda va qo‘mondon sifatida ulug‘lanmasdan, balki buyuk davlat arbobi, mamlakat va davlat boshqaruvining katta tashkilotchisi sifatida namoyon bo‘ladi.

Buyuk o‘zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy (1441-1501) esa Beruniydan 500 yil keyin o‘zining “Tarixi muluki Ajam” asarida Alp Er To‘ngaga sal boshqacharoq baho beradi: “Afrosiyob. Oni ba’zi debdurlarkim, Pushang binni Tur binni Faridun o‘g‘lidur. Va ba’zi aning nisbati Kayumarsg‘a yetkurubdurlar. Ammo burung‘i durustroqdur. Chun Navdarni (Manuchehrning o‘g‘li bo‘lgan Eron shohi – Q.R.) o‘lturdi, Eron mulkini andoq buzdiki, oz yerda ma’murluq qoldi… Afrosiyob podshohligi o‘n ikki yil erdi”.[25]

Bugungi kunda O‘zbekistonda ko‘plab tarixchi olimlarimiz (arxeologlar, manbashunoslar, sharqshunoslar, etnologlar va b.) Alp Er To‘ngani tarixiy shaxs sifatida tan olgilari kelmaydi. Aslida, masalaning ildizi rus sharqshunoslari V.V.Grigorev (1816-1881) va V.V.Bartold (1869-1930) asarlariga borib taqaladi.

V.V.Bartoldning yozishicha, “Qoraxoniylar Eron ta’siri ostida qolganlari uchun o‘zlarini afsonaviy Turon podshohiga nisbat berib, otini Afrosiyob, deb yuritadilar. Holbuki, bu termin tamoman turkcha emasdir”. Tarixdan ma’lumki, rus sharqshunoslari o‘z faoliyatlari bilan Rossiya imperiyasining bosqinchilik va mustamlakachilik siyosatini amalga oshirishda o‘z hukumatlariga muayyan darajada xizmat qilishgan.

Sharqshunos olim Ashraf Ahmedovning yozishicha, “Bartold O‘rta Osiyo xalqlari tarixi, etnografiyasi va psixologiyasini chuqur o‘rgangan olim bo‘lsa-da, Turkiston xalqi madaniyatini ob’ektiv va haqqoniy baholay olmadi, ma’lum darajada uni kamsitdi… Chunki Bartold chor Rossiyasi mustamlakachiligining ideologi edi, u yevropaliklarning osiyoliklardan ustunligi g‘oyasini olg‘a surdi va shu ustunlikni ilmiy va mafkuraviy jihatdan asoslashga xizmat qildi”.[26]

Aynan V.V.Bartold va boshqa Rossiya sharqshunoslari ta’sirida sovet tarixi fanida XX asrga kelib Alp Er To‘nga tarixiy shaxs maqomidan mahrum qilindi. Kommunistik mafkura buning uchun barcha vositalarni ishga soldi. Turon davlati va Afrosiyob haqidagi fikrlar esa safsataga chiqarildi. Afsuski, bu mafkuraning bunday og‘ir ta’siridan bugungi kunda ham ko‘plab mashhur o‘zbek olimlari (ular safida hatto akademiklar ham bor) qutila olishmayapti. Bu o‘rinda tojikistonlik olimlar to‘g‘risida hatto gapirib o‘tirishning ham hojati yo‘q. Biroq bundan 53 yil muqaddam nashr etilgan Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk” asari 1-jildiga ilova qilingan izohlarda ikki betlik ixcham “Afrosiyob” maqolasi mavjud. Maqola muallifi mashhur tilshunos olim, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Solih Mutallibov (1900-1979) tarixiy asarlarda Afrosiyob to‘g‘risidagi fikrlar benihoya ko‘pligini ta’kidlab, devondagi ma’lumotlar Afrosiyobning tarixiy shaxs ekanligini tasdiqlaydi, degan to‘g‘ri va dadil xulosaga keladi. U “Afrosiyob – afsonaviy shaxs” deb hukm chiqargan rus sharqshunoslari V.V.Grigorev va akademik V.V.Bartold fikrlarini o‘z izohida keskin tanqid qiladi. Ushbu o‘rinda jasur tilshunos olimimiz S.Mutallibovning bu maqolada ko‘rsatib o‘tgan Afrosiyob haqidagi ayrim fikrlarini keltirib o‘tamiz:

 

Afrosiyob

Mahmud Koshg‘ariy devonida Afrosiyobni Alp Erto‘nga deb ko‘rsatsa, “Qutadg‘u bilig” avtori Yusuf Xos Hojib Afrosiyob deb ko‘rsatadi…

“Ravzatus safo”, “Tarixi muluki Ajam”da Afrosiyob to‘g‘risida juda ko‘p ma’lumotlar bor. Bularda u g‘oyat zolim podshoh sifatida tasvirlanadi. “Shohnoma”da uning Zol va Rustamlar bilan kurashi anchagina joyni ishg‘ol qiladi. Navoiy Afrosiyob to‘g‘risida ikki bayt yozish bilan cheklanadi…

Xulosa: tarixiy asarlarda Afrosiyob to‘g‘risida ma’lumotlar benihoyat ko‘pdir…

Devondagi ma’lumotlar Afrosiyobning tarixiy shaxs ekanligini tasdiqlaydi.

Afrosiyob Afridun yoki Faridunning Tur ismli o‘g‘lining nabirasi Eshang yoki Xushangning o‘g‘lidir. Manuchehr yengilgach, Manuchehr o‘g‘li Navzar dadasining o‘chini olish maqsadida Afrosiyobga qarshi jang qilib, yengiladi. Afrosiyob Navzarga qarshi maxsus hozirlik bilan jang boshlaydi. Navzarni halok qiladi va butun Eronni qo‘lda tutadi, qattiq zulm ostida hukm yurgizadi.

Afrosiyobning markaziy shahri Koshg‘ar edi. Havosi yaxshi bo‘lgani uchun u doim shu yerda yashar edi. Buxtunnasr o‘g‘li Batzanni shu qizi bilan yashirin aloqada bo‘lgani uchun Jaruq degan shaharga qamagan edi. Ba’zilar bu shaharlarni Afrosiyobning Marviy Shohijahon degan o‘g‘li bino qilgan deyishadi. Afrosiyobning Barsag‘on shahrini shu bino qilgan edi. Mahmud Koshg‘ariyning bobosi shu shaharda yashagan. Yungu vodiysi Afrosiyob o‘g‘li qurdirgan Bormon shahriga oqadi. Tarim so‘zi Afrosiyob avlodidan bo‘lgan xotinlargagina qo‘llaniladi. Qotun so‘zi Afrosiyobning qizlaridan bo‘lganlarning nomidir. Devonda Afrosiyob tarjimai holiga oid bu ma’lumotlardan boshqa Afrosiyobga oid to‘rtliklar ham anchagina bor. Lekin ular devonning har yerida, har qaysi jildda chochiqdir. Parchalar Afrosiyobni mohir jangovar sifatida ta’riflaydi. Janglardagi qahramonligi, dushmanlarga zarba berishdagi mahorati, bahodirligi ta’riflanadi va uning o‘limiga afsus bayon qilinadi.

Mashhur “Qutadg‘u bilig” avtori Yusuf Xos Hojib boshqa bir yerda Afrosiyobni yolg‘iz qahramongina emas, davlat idorasiga mahoratli bilimdon tarzida sifatlaydi. XI asrning ushbu tadqiqotchi olimlari Mahmud Koshg‘ariy va Yusuf Xos Hojiblarning Afrosiyob haqidagi ma’lumotlari, shubhasiz, ishonchlidir”.[27]

Bu o‘rinda S.Mutallibov devon materiallari asosida Afrosiyobni tarixiy shaxs sifatida ko‘rsatadi va baholaydi. Olimning sovet davrida aytgan bu fikrlariga devonning birinchi jildi chiqqandan keyin ayrim e’tirozlar bo‘lganligi uchun u Mahmud Koshg‘ariy kitobining ikkinchi jildi oxirida maxsus keltirilgan “Tot” nomli izohda yana Alp Er To‘nga tarixiy shaxs ekanligini o‘ta halimlik, biroq qat’iyat bilan quyidagicha ko‘rsatadi:

“Afrosiyobni Bartold kabi mo‘tabar olimlar afsonaviy shaxs, deb ko‘rsatganlar. Shuning uchun bu fikr ko‘pchilikka singgib ketgan edi. Mahmud Koshg‘ariyning bu haqdagi ma’lumotlari tamoman bu qarashga zid bo‘lib chiqdi. Shuning uchun biz bu haqda I tomda “Devon”dagi ma’lumotlar asosida izoh berdik (q. “Devon” tarjimasi, I tom, 493-bet).

Lekin ayrim olimlar hanuz Afrosiyob haqida shubhalanadilar. Hatto ba’zilar uni maxsus joy nomi degan mulohazalar yuritadilar. Shuning uchun biz o‘z mulohazamizni quvvatlab, bu haqda yana kichik izohni muvofiq topdik.

Ilgari tadqiqotlar – akad. Bartold, V.V.Grigorevlar Afrosiyobni afsonaviy nom degan da’volarida ular bu so‘zni turkiy emasligiga asoslanganlar. Darhaqiqat, bu so‘z forscha so‘zdir. Shuning uchun buni turkiy xalqlar qahramoni, deb ko‘rsatish olimlarning afsonaviy nom degan qarashlarini quvvatlaydi. Ammo “Qutadg‘u bilig” avtorining ma’lumotiga ko‘ra, bu qahramonning asl nomi Tunga alp er edi. Tojiklar buni “Afrosiyob” deb atar edilar:

Bu turk beklarining oti belguluk,
Tunga alp er erdi quti belguluk.
Tojiklar atar oni Afrosiyob,
Bu Afrosiyob aldi ellar talab.

“Devon”da ham xuddi shu mazmun saqlangan. Mahmud Koshg‘ariy “Tunga alp er yoki Alp er tunga” degan nom zikr qilingan yerda, bu – Afrosiyob deb izohlaydi.

Demak, mo‘tabar olimlarimiz akademik Bartold va Grigorevlarning “Qutadg‘u bilig”dagi bu faktdan xabarsizliklari ularni adashtirgan. Demak, Afrosiyob mashhur Bahodir Alp er tungaga forslar tomonidan berilgan nomdir. U tarixiy shaxs­dir. “Devon”da u haqidagi qasidadan bir qancha parchalar berilgan.

Afrosiyobni yanglish tushunish bir xalq tarixiga doir voqealarni ikkinchi bir xalqqa nisbat berishga eltuvchi qo‘pol xatodir”.

 

Alp Er To‘nga – Turon davlatining asoschisi

Alp Er To‘nga miloddan avvalgi VIII asrning oxirida Turon hududida sak-iksitlar yoki skiflar (turkiy qavmlar)ning dastlabki davlatini tashkil qiladi. Bu davlat Yevropa tadqiqotchilari tomonidan keyinchalik prototurk (ko‘hna turklar) davlati deb nomlangan. Aslini olganda, Alp Er To‘nga Turon davlatiga asos solgan mashhur turkiy xoqon hisoblanadi. U Turon dashtlarida (Osiyo va Yevropa qit’alarida) yashagan o‘nlab turkiy urug‘ va qabilalarni yagona davlat ostiga birlashtirdi va mazkur davlatni 28 yil davomida boshqargan.

Turon davlatining dastlabki poytaxti qaysi shahar bo‘lganligi o‘sha davr manbalarida aniq ko‘rsatilmagan. Mahmud Koshg‘ariyning fikricha, Koshg‘ar Alp Er To‘nganing markaziy shahri bo‘lgan. Turkiy xalqlar, asosan, chorvador bo‘lganligi uchun ular yozda yozloq (yaylov)larda yashab, qishda qishliq (qishloq)lar va shaharlarda istiqomat qilishgan. Ular o‘sha paytda o‘troq hayotga nisbatan ko‘proq ko‘chmanchilik hayot tarziga moslashgan edilar. Shuning uchun Turon davlatining bitta emas, bir nechta bosh kentlari va markaziy shaharlari bo‘lgan, deb aytish uchun qo‘limizda asoslar yetarli.

Alp Er To‘nga Turon pasttekisligida yashagan barcha turkiy qavmlarni birlashtirish uchun tinimsiz kurashgan. U Sharqda uyg‘urlarga qarshi jang qilgan, Irtish daryosi bo‘ylariga qo‘shin tortib borib, basmil qavmini bo‘ysundirgan, Turondagi barcha turkiy xalqlarni bir davlat qilib birlashtirgan.

Alp Er To‘nganing farzandlari ham xuddi otasidek Turonda ko‘plab shahar va qishloqlarga asos solgan. Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk” asari ma’lumotlariga qaraganda, Alp Er To‘nganing Qoz ismli qizi bo‘lgan va u hozirgi Eron hududidagi Qazvin va Qum shaharlarini barpo qilgan. Turkiylarning chegara shahri bo‘lgan Qazvin shahrida malika Qoz g‘oz o‘ynar edi. Shahar nomi Qazvin – Qoz so‘zining qisqargan shakli bo‘lib, shahar o‘zining bunyodkori bo‘lgan xoqon qizi malika Qoz nomiga qo‘yilgan va u Qoz shahri ma’nosini ham anglatadi. Shahar nomining ikkinchi ma’nosi Qiz shahrini bildirgan. Qum shahri atroflarida esa malika Qoz ov qilish bilan shug‘ullangan. Bu shahar qumli yerda qurilganligi uchun shu turkiy nom bilan atalgan va xoqon oilasining ov qiladigan asosiy makoni bo‘lgan. Shuningdek, Ili vodiysi (Sharqiy Turkiston)ga oquvchi katta suvning Qoz suvi deb atalish sababi ham u yerda malika Qoz daryo suvi qirg‘og‘iga yirik qal’a qurganligi uchundir.

“Devoni lug‘otit turk”da yozilishicha, Tarim so‘zi Alp Er To‘nga avlodidan bo‘lgan xotinlarga nisbatan qo‘llanilgan. Qotun so‘zi Alp Er To‘nganing qizlaridan bo‘lganlarning nomidir.

Mahmud Koshg‘ariyning ma’lumotlariga qaraganda, Alp Er To‘nganing Baqan va Barsag‘on degan ikki o‘g‘li bo‘lib, ular Farg‘ona vodiysida hukmronlik qilishgan. Barsag‘on bu hududda Barsag‘on va Bormon shaharlarini kurdirgan. Ba’zi tadqiqotlarda keltirilishicha, Marv shahrini ham Alp Er To‘nganing boshqa o‘g‘li – Marviy Shohijon qurdirgan. O‘rta asrlar davriga oid tarixiy manbalarda Marv shahri ulug‘lanib, Marvi shohi jahon (Marv – jahonning shoh shahri) deb bejiz madh etilmagan. Mahmud Koshg‘ariyning fikricha esa, Marvni Alp Er To‘nganing o‘zi bino qilgan. Koshg‘ariy devoniga suyanib, ayrim tadqiqotchilar chiqargan xulosaga ko‘ra, Alp Er To‘nganing markaziy shahri Koshg‘ar bo‘lgan. Biroq Mahmud Koshg‘ariydan oldin yashab o‘tgan Narshaxiyning fikrlariga ko‘ra, Buxoro shahri Alp Er To‘nga davlatining poytaxti bo‘lgan.

Alp Er To‘nga Turonda mustahkamlanib olgach, tur(k)lar yurtiga doim tajovuz qilib turadigan Eronga qarshi kurash boshladi. Buyuk sarkarda o‘z dushmanlari va itoat etmagan qabilalarga nisbatan shafqatsiz hukmdor, biroq do‘stlari va o‘z fuqarosiga nisbatan saxiy va mard xoqon edi. Alp Er To‘nga ayyorlikni bilmaydigan to‘g‘ri so‘zli sarkarda, sodda va ishonuvchan turk alpi bo‘lgan. U katta qo‘shin bilan Eron ustiga harbiy yurish qiladi va Eronni zabt etib, bu yerda 12 yil podshohlik qilgan. So‘ngra Alp Er To‘nga bilan eronliklar o‘rtasida sulh tuzilgan. Ba’zi manbalarda yozilishicha, Eron bilan Turon o‘rtasidagi chegara Jayxun (Amudaryo) bo‘ylab belgilangan. Aslida, Amudaryo orqali tarixiy Xuroson va Movarounnahr hududlari o‘zaro ajratilgan. Bu holatni mashhur alloma Abu Rayhon Beruniy o‘zining “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarida quyidagicha tasvirlaydi:

“Afrosiyob Eronshahrni bosib olib, Tabaristonda Minuchehrni qamal qilgach, Minuchehr undan bir iltimos qildi. Afrosiyob uning iltimosini qabul etdi va Eronshahrdan bir o‘q otimi kvadrat joyni o‘ziga qaytaradigan bo‘ldi…”.[28]

Beruniy oradan qariyb 40 yil o‘tgach yozilgan o‘zining boshqa bir asari – “Qonuni Mas’udiy” (1037)da bu fikrni shunday davom ettirgan: “Orishning Manuchehr bilan Afrosiyob orasida sulh qilish uchun o‘q otishi ham shu kunga to‘g‘ri kelgan. Bu sulhga ko‘ra, o‘q borib yetgan joy Manuchehrniki bo‘lar emish. Aytishlaricha, u Ro‘yon tog‘idan otgan, uzoqqa otilgan shu o‘q Farg‘ona va Tabariston orasiga tushgan”.[29]

Alp Er To‘nga bilan sulh tuzilgach, o‘z mustaqilligini qayta tiklagan eronliklar sulh tuzilgan Tir Moh (o‘q otilgan oy)ning o‘n uchinchi kuni – ro‘zi tir (o‘q otilgan kun)ni, hayit sifatida katta bayram qilib, har yili an’anaviy ravishda nishonlab kelganlar. Bu haqda ham Beruniy o‘zining har ikkala kitobida keltirib o‘tgan.

 

Avesto, Alp Er To‘nga va Buxoro

Alp Er To‘nga miloddan avvalgi VIII asrda Buxoro yaqinida Romitan shahriga asos solgan. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, Buxoro hisori (shaharning qadimgi qismi)ni ham u barpo etgan. Bu haqda mashhur tarixchi olim Abu Bakr Muhammad ibn Ja’far Narshaxiy (899-959) o‘zining “Buxoro tarixi” kitobida quyidagicha fikr bildiradi:

“Romtin (Romitan). Bu katta bir kuhandizga ega va mustahkam bir qishloq bo‘lib, Buxorodan qadimiyroqdir. Ba’zi kitoblarda bu qishloqni Buxoro deb ataganlar. Bu qishloq qadim vaqtlarda podshohlarning turar joylari bo‘lgan, [keyinroq esa] Buxoro shahari bino bo‘lgandan keyin, podshohlar qish faslidagina bu qishloqda turadigan bo‘ldilar… Bu qishloqni Afrosiyob bino qilgan. Afrosiyob har vaqt viloyatga kelganida shu qishloqdan boshqa joyda turmagan”.[30]

“Buxoro tarixi” asarining Yangi Buxoro (Kogon)da 1904 yil Mullo Sulton tomonidan nashr qilingan nusxasida Alp Er To‘nga (Afrosiyob)ning qizi va Romitan bilan bog‘liq quyidagi naql keltiriladi: “Aytadilarki, Afrosiyobning bir qizi bo‘lib, uning doimo boshi og‘rir edi. Romtinga kelib turib qolganidan keyin bu yerning havosi muvofiq kelib darddan xalos bo‘ldi va bu joyga “Oromi tan” – “Tan oromi” deb nom qo‘ydi. Oddiy xalq esa buni “Romtin” deganlar”.[31]

Alp Er To‘nga qurdirgan ko‘hna Romitan shahri hozirgi Buxorodan taxminan 20 km uzoqlikda bo‘lib, u vohaning go‘zal va xushmanzara yerida joylashgan. Bu yerda Alp Er To‘nga bilan birgalikda uning kattakon xonadoni, saroy amaldorlari, beklari va sarkardalari ham istiqomat qilgan. Biroq Romitan toponimini faqat xoqon qizining bosh og‘rig‘i kasalligiga davo topishi bilan bog‘liq hodisaga asoslab qo‘yish ham unchalik to‘g‘ri emas. Shuningdek, Afrosiyob qurdirgan Romitan shahrining jug‘rofiy o‘rni hozirgi Romitan tumanining ma’muriy markazi Romitan shahridan boshqa joyda bo‘lib, u xalq o‘rtasida Qo‘rg‘on (Romitan qo‘rg‘oni) nomi bilan mashhur. Bundan tashqari, Romushtepa xarobalari Jondor tumani hududida joylashgan.

“Avesto” matni ustida olib borilgan so‘nggi tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, Romtin va Romush (hozirgi Romitan) shaharlarining nomi zardo‘shtiylik dinining ilohlaridan biri – yaxshi yaylovlar baxsh etuvchi buyuk iloh Rom nomidan olingan. Shu narsa xarakterliki, iloh Rom nomi ham orom – osudalik ma’nolarini anglatadi. Rom havo ilohi ham hisoblangan. Zardushtiylik dinining muqaddas kitobi “Avesto”da bu ilohning nomi Rom, Roma, Roman shakllarida keladi. Zardushtiylarning e’tiqodlariga ko‘ra, oyning yigirma birinchi kunini qo‘riqlash iloh Romning zimmasida bo‘lgan. “Avesto”da o‘n birinchi “Rom yasht” bu ilohga bag‘ishlangan maxsus hamdu sanolardan iborat. “Avesto”da Rom ilohi yaxshi yaylovlar sohibi sifati bilan ta’riflanadi va iloh Mehr bilan yonma-yon qo‘yiladi:

“Rayumand va farrihmand Ahura Mazda, Amshosipandlar, keng yaylovli Mehr, yaxshi yaylovlar baxsh etuvchi Rom…

Madh etaman ming quloqli, ming ko‘zli, keng yaylovli Mehr, u buyuk iloh – yaxshi yaylovlar baxsh etguvchi Romni!”[32]

Xullas, yaxshi yaylovlar sohibi sifatida ulug‘langan buyuk iloh Romning nomi Alp Er To‘nga va uning nevarasi qurdirgan Romtin va Romush shaharlariga qo‘yilgan. Romitan yaylovlarida ming yillar davomida dunyoga mashhur Buxoro qorako‘l qo‘ylari boqilgan. Hozirgi vaqtda ham Romitan tumani hududi bepoyon Qizilqumning eng yaxshi yaylovlari hisoblanadi. Bundan tashqari, Romitan atamasi turkiy mitan urug‘i nomidan kelib chiqqan, degan taxminlar ham mavjud.

Tarixiy manbalarda keltirilishicha, Eron shohi Kaykovusning o‘g‘li Siyovush otasi bilan arazlashib qolgach, Turon xoqoni Alp Er To‘nga huzuriga keladi. Alp Er To‘nga (Afrosiyob) uni yaxshi kutib olgan. Mahmud Koshg‘ariyning yozishicha, xoqon o‘z qizi malika Qozni Siyovushga xotinlikka beradi. U hatto barcha mulkini kuyoviga topshiradi. Biroq fors adabiy manbalarida, xususan, fors-tojik shoiri Firdavsiy o‘zining mashhur “Shohnoma” asarida Franghrasyan (Afrosiyob) Siyovushni dastlab yaxshi kutib olganligi, unga qizi Farangisni berganligi va so‘ngra makkorlik bilan uni o‘ldirganligi bir tomonlama yoritilgan. Bu voqealar tarixchi olim Narshaxiy tomonidan 943 yili yozilgan “Buxoro tarixi” kitobining “Buxoro Arkining bino etilishi haqida” nomli 8-faslida quyidagicha tasvirlangan:

“Abu-l Hasan Nishopuriyning “Xazoin ul-ulum”da aytishicha, Buxoro kuhandizining, ya’ni Buxoro Arki hisorining bino etilishiga mana shu (voqea) sabab bo‘lgan: Siyovush ibn Kaykovus o‘z otasidan qochib Jayxun daryosidan o‘tib Afrosiyobning oldiga keldi. Afrosiyob uni yaxshi qabul etdi va o‘z qizini unga xotinlikka berib, aytishlaricha, barcha mulkini ham unga topshirdi. Bu viloyat o‘ziga vaqtincha berib qo‘yilgan joy ekanligi tufayli, Siyovush bu yerda o‘zidan bir yodgorlik qoldirishni istadi… (Kimlardir) [Asarning Buxoro nusxasida qo‘shilgan: Afrosiyobning birodari Karshyuz] u bilan Afrosiyob o‘rtasida yomon gap yurgizdi va (natijada) Afrosiyob uni o‘ldirdi hamda ana shu Hisorda sharqiy darvozadan kiraverishingda “Darvozayi G‘uriyon” (ba’zi manbalarda: “Darvozayi Guriyon” – Q.R.) deb atalgan Somonfurushlar darvozasining ichkarisiga dafn etdilar. Shu sababli Buxoro otashparastlari o‘sha joyni aziz tutadilar (asarning Buxoro nusxasida qo‘shimcha bor: uning qabrini Siyovush vali mozori deydilar) va unga atab har bir erkak kishi har yili Navro‘z kuni quyosh chiqishidan oldin o‘sha joyga bittadan xo‘roz so‘yadi. Buxoro aholisining Siyovushning o‘ldirilishiga bag‘ishlab aytgan marsiyalari bo‘lib, u barcha viloyatlarga mashhurdir. Kuychilar unga moslab kuy tuzganlar va qo‘shiq qilib aytadilar. Qo‘shiqchilar uni “otashparastlar yig‘isi” deydilar. Bu gaplar bo‘lganiga hozir uch ming yildan ortiqroq vaqt o‘tdi”.[33]

Narshaxiy o‘z asarining boshqa bir o‘rnida Siyovush o‘limiga atab buxoroliklar to‘qigan qo‘shiqlar to‘g‘risida yana quyidagicha yozib ketgan: “Buxoro aholisi Siyovushning o‘ldirilishi to‘g‘risida ajoyib ashulalar to‘qiganlar; kuychilar bu qo‘shiqlarni “Kini Siyovush” – “Siyovush jangi” deb ataydilar”.[34]

Shunday qilib, Alp Er To‘nga tomonidan ilk marta Buxoro shahri va hisoriga asos solingan. Buxoro shahriga Siyovush asos solmagan. Biz yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, Narshaxiy o‘z asarining boshqa bir o‘rnida Buxoro hisorini Alp Er To‘nga bino qilgan, degan qat’iy fikrni keltirib o‘tadi va Afrosiyobni bunyodkor xon sifatida ko‘rsatadi. Narshaxiy o‘z asarini 943 yilda yozganligini e’tiborga oladigan bo‘lsak, bu voqealarga hozir to‘rt ming yildan oshadi.

Narshaxiy o‘z asarida Abul Hasan Nishopuriydan keltirgan bu tarixiy dalillardan ko‘rinib turibdiki, Alp Er To‘nga (Afrosiyob) bunyodkor podshoh bo‘lgan. Qadimgi Romitan va Buxoro qal’alarini u qurdirgan. Bu viloyatga kelganida o‘zi asos solgan va podshohlarning doimiy qarorgohi bo‘lgan Romitanda turgan. Narshaxiy, Tabariy, Nishopuriy kabi mo‘tabar Sharq tarixchilarining bu fikrlarini ulardan taxminan 100-150 yil keyin yashab o‘tgan buyuk vatandoshlarimiz Beruniy, Mahmud Koshg‘ariy, Yusuf Xos Hojib ham o‘z asarlarida tasdiqlashadi. Biroq ko‘pchilik forsiy manbalarda tarixiy shaxs bo‘lgan Alp Er To‘nga haqida asossiz uydirmalar keltirilgan va salbiy fikrlar bildirilgan. Narshaxiy o‘z asarida Alp Er To‘nga haqida fikr bildirgan ikki tomonga o‘zining xolis munosabatini ko‘rsatish uchun ayrim forsiy manbalar haqida aniq qilib quyidagi so‘zlarni keltirib o‘tadi: “Forsiylarning kitoblarida aytilishicha, Afrosiyob ikki ming yil yashagan. U jodugar bo‘lib, Nuh podshohning bolalaridandir. U o‘zining Siyovush nomli kuyovini o‘ldirgan…”[35]

Bizningcha, forsiylarning kitoblarida keltirilgan Afrosiyob haqidagi bunday uydirma fikrlar hech qanday izoh va sharhga muhtoj emas. Biroq bu o‘rindan shuni ta’kidlash lozimki, ilk o‘rta asrlarda turk davlatchiligi (Turon) bilan fors davlatchiligi (Eron) o‘rtasidagi harbiy va siyosiy muxoliflik Alp Er To‘nga – Afrosiyobga nisbatan bo‘lgan munosabat turkiy tilli manbalarda ijobiy, forsiyzabon manbalarda esa salbiy bo‘lishiga sabab bo‘lgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov o‘zining “Tarixiy xotirasiz kelajak yo‘q” asarida tarixchi olimlar oldiga o‘zbek xalqining uzoq o‘tmishi va boy tarixini yoritish vazifasini 1998 yildayoq quyidagicha qo‘ygan edi:

“Tarix sohasida mehnat qilayotgan olim, mutaxassislarga murojaat qilmoqchiman: sizlar millatimizning haqqoniy tarixini yaratib bering, toki u xalqimizga ma’naviy kuch-qudrat baxsh etsin, g‘ururini uyg‘otsin. Biz yurtimizni yangi bosqichga, yangi yuksak marraga olib chiqmoqchi ekanmiz, bunda bizga yorug‘ g‘oya kerak. Bu g‘oyaning zamirida xalqimizning o‘zligini anglash yotadi. Haqqoniy tarixni bilmasdan turib esa o‘zlikni anglash mumkin emas”.

Prezidentimiz I.Karimov tomonidan tarixchilar oldiga vazifa qilib qo‘yilgan mazkur topshiriq ko‘p yillik ilmiy izlanishlar natijasida bugun muayyan ma’noda bajarilganligini aytish uchun o‘zimda jur’at sezaman. O‘zbek xalqining qadim o‘tmishi va buyuk davlatchilik tarixining sarchashmasida turgan Turon davlatiga bundan taxminan 2700 yil muqaddam aynan Alp Er To‘nga (Afrosiyob) tomonidan asos solingan. Turon davlatining dastlabki boshkentlarining asoschisi ham Alp Er To‘nga hisoblanadi. Shuningdek, bu boshkent hozirgi Buxoro shahri edi.

Xullas, Alp Er To‘nga hayotida Buxoro shahri muhim o‘rin tutadi. Bu holatni quyidagi jiddiy sabablar bilan izohlash mumkin:

Birinchidan, Buxoro shahri Turon davlatining ilk poytaxti bo‘lgan. Buxoro qulay jug‘rofiy o‘rin – Turon mintaqasining markaziy qismida joylashgan. Qizilqum va Qoraqum sahrolarini o‘zaro ajratib turuvchi o‘troq dehqonchilik vohasi bilan ko‘chmanchilar – turkiy chorvador qavmlar yashagan ulkan dashtni o‘zaro bog‘laydigan chorrahaning markaziy qismida Buxoro shahriga turkiy xalqlar tomonidan asos solingan. Buxoro vohasining shimolidagi Vardona qishlog‘i haqida fikr yuritgan Narshaxiy bejiz quyidagi fikrlarni yozmagan edi: “U Turkistonning chegarasida joylashgan”.

Ikkinchidan, Alp Er To‘nga tug‘ilgan joy haqida tarixiy ma’lumotlar saqlanib qolmagan. Biroq u Turon tekisligidagi ulkan dasht yoxud unga chegaradosh vohada voyaga yetib, kamol topganligi hamda barcha turkiy qavmlarni birlashtirib, mustaqil Turon davlatiga asos solganligi – tarixiy haqiqat. Mintaqadagi eng ko‘hna shahar Buxoro ekanligi esa jahon olimlari tomonidan e’tirof etilar ekan, o‘z-o‘zidan bu shaharga Alp Er To‘nga tomonidan asos solinganligi oydinlashadi. Xullas, Buxoro shahrining aniq yoshini aniqlash uchun ham Alp Er To‘nga yashagan davrni asos qilib olish lozim bo‘ladi. Buxoroning bunyodkori Alp Er To‘nga bo‘lar ekan, demak, Buxoro vohasidagi shaharsozlik madaniyati va tarixini ham Alp Er To‘ngadan boshlash kerak. Hozirgacha buxoroliklar o‘rtasida turli davralarda Alp Er To‘nga to‘g‘risida turfa naqllar yurishi, Narshaxiy ma’lumotlari bilan bu mulohazalar bir-birini o‘zaro to‘ldirishi bejiz emas.

Uchinchidan, Alp Er To‘nga va uning farzandlari Buxoro shahri va unga yondosh hududlardagi shahar va qishloqlar taraqqiyotiga katta e’tibor qaratishgan. Alp Er To‘nganing Buxorodan tashqari Romitan shahriga asos solishi, Alp Er To‘nganing qizi bilan Romitan haqidagi naqllar faqat kitoblardan kitoblarga ko‘chib o‘tuvchi rivoyat bo‘lmay, balki unda olis tariximizning bizga ayon bo‘lmagan siru sinoatlari o‘z aksini topgan.

To‘rtinchidan, Alp Er To‘nga olis Midiyada dushman qo‘lida makkorlik bilan o‘ldirilgach, vasiyatiga binoan uning jasadi aynan Buxoro shahriga olib kelinib, Ma’bad darvozasi oldidagi katta tepalik ustida dafn etilgan. Agar Buxoro shahri o‘sha paytda Turon davlatining boshkenti bo‘lmaganida Alp Er To‘nga bu yerda dafn etilmas edi. 1997 yil 19 oktyabrda Buxoro shahrida bo‘lgan yubiley tantanalarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov ham Alp Er To‘nga Buxoro shahrida dafn etilganligini ta’kidlab o‘tadi.

 

Alp Er To‘nganing halokati

Turon bilan Eron o‘rtasidagi qarama-qarshiliklarning yangi bosqichida Eronda hokimiyatni qo‘lga kiritgan Siyovushning o‘g‘li Kayxusrav Turonga bostirib kiradi. Bu voqea taxminan mil. av. 630 yili sodir bo‘lgan. Turon xoqoni Alp Er To‘nga bilan kuyovi Siyovushning o‘g‘li Kayxusrav o‘rtasida shiddatli janglar kechgan. Xususan, Romitan atrofida qattiq janglar bo‘lib, bu yerda ikki yil turgan Kayxusrav Romitan hisori ro‘parasida Romush qishlog‘ini qurgan. Keyinchalik o‘rtada sulh tuzilgan. Ma’lum muddatdan keyin jang harakatlari yana qaytadan boshlangan. Har ikki tomon o‘rtasida qaqshatqich janglar Turon va Eron sarhadlarida bir necha marta bo‘lib o‘tadi. Tarixiy ma’lumotlarda keltirilishicha, Alp Er To‘nga qo‘mondonlik qilgan ana shunday janglarning oxirgisi mil.av. 626 yilning kech kuzida Midiya (hozirgi Ozarboyjon va Eron hududining bir qismida bo‘lgan qadimgi davlat)da bo‘lib o‘tgan. Bu jang turonliklarning g‘alabasi bilan tugaydi. Jangdan keyin sulh tuzilib, mag‘lublar g‘oliblar sharafiga katta ziyofat beradi.

Biroq Eron shohi Kayxusrav Alp Er To‘ngani ziyofat paytida mayga zahar qo‘shib berib o‘ldiradi. Turon xoqoni Alp Er To‘nga ishonuvchanligi va soddadilligi uchun eroniylarning makr va hiylasidan qurbon bo‘ldi. Xoqonning uxlab yotgan lashkarboshilari xam tig‘dan o‘tkazilgan. Alp Er To‘nganing o‘limi Eronda tur(k)lar yoki saklardan qutilish kuni sifatida katta tantana qilingan. Xullas, Alp Er To‘nga va uning lashkarboshilari eronliklar tomonidan xoinlarcha o‘ldirilgach, xoqon qo‘shinining tirik qolgan qismi Midiya, Anatoliya, Eron, Turon hududlariga tarqalib ketgan. Ularning bir qismi Sharqiy Anatoliyaning tog‘li joylariga qochib qutildilar. U zamonlarda bu yerlarga kelib o‘rnashgan sak turklari qarluq, g‘ur, bijanoq (pecheneg) urug‘lari edi.[36]

Alp Er To‘nganing jasadi uning sodiq beklari va yigitlari tomonidan Buxoroga olib kelingan va shahardagi Ma’bad darvozasi yonidagi tepalikda dafn etilgan. Narshaxiy o‘z asarida bu voqealarni quyidagicha tasvirlaydi: “Siyovushning Kayxusrav nomli o‘g‘li bo‘lib, u otasining qonini talab qilib ko‘p lashkar bilan bu viloyatga kelganida Afrosiyob shu Romtin qishlog‘ini hisor qilib turgan… Kayxusrav ikki yildan keyin Afrosiyobni tutib o‘ldirdi. Afrosiyobning go‘ri Buxoroda Ma’bad darvozasida rahmatli Xoja imom Abu Hafs Kabir tepaligiga tutashgan katta tepalik ustidadir”.[37]

Narshaxiy Alp Er To‘nga bilan bog‘liq voqealarni o‘z kitobida tasvirlar ekan, u aniq bir sanani keltirmaydi. Alp Er To‘nga (Afrosiyob) shaxsi bilan bog‘liq voqealar tasvirida tarixchi tomonidan bir necha marta ushbu voqealarga uch ming yildan oshgan, degan bir xil javob keltiriladi, xolos. Narshaxiy yashab o‘tgan paytdan esa hozirgacha ming yildan ortiq vaqt o‘tdi…

Alp Er To‘nga Buxoroda dafn etilgan joy tarixiy manbalarda uzuq-yuluq ko‘rsatilsa-da, u vaqt sinoviga bardosh berdi va xalq xotirasida abadiy qoldi. Oradan asrlar va ming yillar bir-birini quvlab kechdi. Sharqning eng ko‘hna shaharlaridan biri Buxoro bir necha marta turli yog‘iylar qo‘liga o‘tdi. Shaharning muqaddas joylari otlar tuyog‘i ostida toptaldi, mozorlar buzib tashlandi. Avlodlar almashinuvi bilan qadriyatlar ham o‘zgarib turdi. Xalqimizning diniy e’tiqodlari va urf-odatlari ham almashdi. Tarixiy nomlar va shonlar o‘zgardi. Biroq Buxoroda Alp Er To‘nga haqidagi xotiralar tirik tarix sifatida otadan bolaga, o‘g‘ildan nevaraga o‘tib, u bugungi kunga ham yetib keldi. Bu xotiralarda Alp Er To‘nga o‘zbek xalqining eng qadimgi milliy qahramoni ekanligi va u Buxoroda dafn etilganligi keltiriladi. Alp Er To‘nga haqidagi xalq qo‘shiqlari hamon xos davralarda o‘zgacha yangraydi.

Buxoroga islom dini kirib kelgandan keyin buyuk fiqhshunos olim, hanafiya mazhabining Movarounnahrdagi asoschisi, Imom Buxoriyning katta zamondoshi va ustozi Abu Hafs Kabir Buxoriy (767-832) faoliyati tufayli Buxoro “qubbatul islom”, ya’ni islom dinining gumbazi, deb atalgan. Narshaxiyning yozishicha, Kabir Buxoriy vafot etganda Afrosiyobning go‘ri bo‘lgan katta tepalik va Ma’bad darvozasi (bu nomga bir e’tibor qarating-a!) atrofiga tutashgan boshqa tepalik ustida dafn qilingan. O‘rta asrlarda bu joy Kabir Buxoriy maqbarasi mavjudligi bois butun islom olamining muqaddas ziyoratgohi sanalgan. Buxoroyi sharifdan bu tepalikka olib boruvchi yo‘l Haqroh – Haq yo‘li, unga kiruvchi darvoza Dari Haqroh – Haq yo‘li darvozasi deb e’zozlangan.

1949 yilda ona shahriga so‘nggi bor tashrif buyurgan mashhur yozuvchi Sadriddin Ayniy (1878-1954) tarixiy qo‘lyozmalar asosida Buxoroda dafn etilgan Afrosiyob, Abu Hafs Kabir Buxoriy, Rudakiy va boshqa ulug‘ zotlarning mozorlari o‘rnini aniqlagan ekan. Biroq Ayniyning vafoti bilan bu tarixiy joylarning u aniqlagan o‘rni yana unutildi…

Xayriyatki, 1991 yildan boshlagan mustaqillik nasimi Buxoroda ham shahar qiyofasi va muqaddas qadamjolarga e’tiborni tubdan o‘zgartirdi. Afrosiyob va Kabir Buxoriy kabi ulug‘ zotlar dafn etilgan Hazrati Imom qabristoni XXI asr boshlarida qayta obodonlashtirildi hamda ko‘hna Buxoroda tarixiy adolatni tiklash va qaror toptirish jarayoni boshlandi. Shaharning markaziy ko‘chalaridan biriga Afrosiyob nomi berildi. Xullas, Afrosiyob yana Buxoroga va O‘zbekistonga qayta boshladi…

Davlatimiz rahbari Islom Karimovning “Eng qadimgi milliy qahramonlarimizdan bo‘lmish Alp Er To‘nga (Afrosiyob)” degan so‘zlari orqali tarixchilar oldiga Turon davlati va uning dastlabki hukmdori haqida tarixiy haqiqatni qaror topdirish vazifasini qo‘ygan edi. Bu dasturiy vazifalar yechimi quyidagi xulosalarga olib keldi:

Birinchidan, Alp Er To‘nga (Afrosiyob) tarixiy shaxs, buning ustiga u eng qadimgi milliy qahramonlarimizdan biri. Alp Er To‘nga Turon davlatining dastlabki xoqoni hisoblanadi.

Ikkinchidan, Alp Er To‘nga Buxoroda dafn etilgan. Buxoroning barpo etilishi Alp Er To‘nga tarixi bilan chambarchas bog‘liq. Buxoroning asrlar va ming yillar qa’rida qolib ketgan sir-sinoatlarini ochish, qadim tarixini yoritish ayni paytda Alp Er To‘nga shaxsiyatini o‘rganish ham demakdir.

Uchinchidan, Buxoro nafaqat hozirgi O‘zbekiston hududida, balki butun Sharq mintaqasida mo‘tabar markaz bo‘lganligi bu shaharning juda qadimiyligi va ko‘hnaligidan dalolat beradi. Buxoro – Turon davlatining dastlabki boshkenti, Alp Er To‘nga ning markaziy shahri bo‘lgan. Shuning uchun ham buyuk xoqonning vasiyatiga binoan, u aynan o‘zi asos solgan Buxoro tuprog‘ida mangu qo‘nim topgan.

Xullas, Alp Er To‘nganing o‘limi Turon davlati va turkiy xalqlar uchun katta yo‘qotish bo‘ldi. Biroq saklar va boshqa turkiy qavmlar o‘z davlatchiliklarini Eron va Midiyaga qarshi qaqshatqich kurashda saqlab qola oldilar. Alp Er To‘nga vafotidan keyin sak-iskitlar davlati bo‘lgan Turonni uning o‘g‘li (Alisher Navoiyning yozishicha, Arjasb) boshqaradi. Bu haqda mashhur yunon tarixchisi Gerodot ham o‘z asarida muhim ma’lumotlarni keltiradi.

Alp Er To‘ngani o‘z turkiy nomi bilan atash – tiklanishi lozim bo‘lgan tarixiy haqiqatning yana bir muhim nuqtasidir. Chunki “Afrosiyob” – o‘zga xalq tomonidan unga berilgan nom hisoblanadi. Tarixning sir-sinoati shundaki, u ko‘proq Afrosiyob nomi bilan mashhur bo‘lgan.

“Sharq yulduzi” jurnali, 2013 yil, 4-son.

——————–

[1] Qarang: Gumilyov L.N. Drevniye tyurki. –M.: Nauka, 1967. – S. 15-41.

[2]Asqarov A. O‘zbek xalqining etnogenezi va etnik tarixi (O‘quv qo‘llanma). –T.: Universitet, 2007. 198-b.

[3] Gumilyov L. Xunnu. Xunnы v Kitaye. –M.: Ayris-press, 2003. –S. 28.

[4] Qarang: Asqarov A. O‘zbek xalqining etnogenezi va etnik tarixi… 200-201-betlar.

[5] Qarang: Asqarov A. O‘zbek xalqining etnogenezi va etnik tarixi… 203-204-betlar.

[6] Asqarov A. O‘zbek xalqining etnogenezi va etnik tarixi. 207-bet.

[7] Avesto: “Videvdot” kitobi. O‘zbek tiliga M.Ishoqovning ilmiy-izohli tarjimasi. –T.: ToshDShI nashriyoti, 2007. 10-bet.

[8] Asqarov A. O‘zbek xalqining etnogenezi va etnik tarixi. 208-bet.

[9]Asqarov A. O‘zbek xalqining etnogenezi va etnik tarixi. 209-210-betlar.

[10] Baykal, aslida, turkcha so‘z bo‘lib, u Boy ko‘l ma’nosini anglatadi.            

[11] Asqarov A. O‘zbek xalqining etnogenezi va etnik tarixi. 211-bet.

[12] Tur //O‘zbekiston milliy entsiklopediyasi. 8-jild… 632-bet.

[13] Firdavsiy. Shohnoma (Birinchi kitob). Forsiydan Sh.Shomuhammedov tarjimasi. –T.: G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, 1975. 129-132-betlar.

[14] Qarang: Qur’oni karim ma’nolarining tarjimasi. Arab tilidan tarjimon va izohlar muallifi Abdulaziz Mansur. –T.: Toshkent islom universiteti nashriyoti, 2001. 570-571-betlar.

[15] Abulg‘oziy. Shajarayi turk. Nashrga tayyorlovchi Q.Munirov, Q.Mahmudov. –T.: Cho‘lpon, 1992. 15-bet.

[16] Mirzo Ulug‘bek. To‘rt ulus tarixi. Fors tilidan B.Ahmedov, N.Norqulov va M.Hasaniy tarjimasi. –T.: Cho‘lpon, 1994. 34-bet..

[17] Mirzo Ulug‘bek. To‘rt ulus tarixi. 36-39-betlar.

[18] Mirzo Ulug‘bek. To‘rt ulus tarixi. 36-37-betlar.

[19] Xo‘jayev A. Turk //O‘zbekiston milliy entsiklopediyasi. 8-jild… 640-bet.

[20] Qarang: Mahmud Koshg‘ariy. Devonu lug‘otit turk. Uch tomlik. 1-tom. S.M.Mutallibov tarjimasi. –T.: O‘zSSR FA nashriyoti, 1960. 77-bet.

[21] Mahmud Koshg‘ariy. Devonu lug‘otit turk 3-tom. 379-bet.

[22] Abu Rayhon Beruniy. Tanlangan asarlar. 1-tom. Arabchadan A.Rasulov tarjimasi. – T.: Fan. 1968. 131-bet.

[23] Beruniy. Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar… 133-bet.

[24] Yusuf Xos Hojib. Qutadg‘u bilig //Qadimiy hikmatlar. Tuzuvchi: N.Rahmonov. –T.: G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, 1987. 100-bet.

[25] Alisher Navoiy. Tarixi muluki Ajam // MAT. Yigirma tomlik., 16-tom. – T.: Fan, 2000., 203-204-betlar.

[26] Ahmedov A. Bartold V.V. //O‘zbekiston milliy entsiklopediyasi. 1-jild. 641-642-betlar.

[27] Qarang: Mahmud Koshg‘ariy. Devonu lug‘otit turk. I tom. 493-494-betlar (Afrosiyob izohidan).

[28] Abu Rayhon Beruniy. Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar. 259-bet.

[29] Abu Rayhon Beruniy. Tanlangan asarlar. 5-tom. 1-kitob. Qonuni Mas’udiy. Arabchadan A.Rasulov tarjimasi. – T.: Fan, 1973. 209-bet.

[30] Narshaxiy. Buxoro tarixi. Fors-tojik tilidan A.Rasulov tarjimasi. – T.: Fan, 1966. 23-bet.

[31] Narshaxiy. Buxoro tarixi… 96-bet (28-izoh).

[32] Avesto. Tarixiy-adabiy yodgorlik. O‘zbek tiliga Asqar Maxkam tarjimasi. – T.: Sharq, 2001. 34-35-betlar.

[33] Narshaxiy. Buxoro tarixi. 28-bet.

[34] Narshaxiy. Buxoro tarixi. 23-24-betlar.

[35] Narshaxiy. Buxoro tarixi. 23-bet.

[36] Nasimxon Rahmon. Turk xoqonligi. –T.: Abdulla Qodiriy nomidagi Xalq merosi nashriyoti, 1993. 4-bet.

[37] Narshaxiy. Buxoro tarixi. 23-bet.