22 bolali o‘zbek oilasini bilasizmi?

Samadovlar oilasi – insonparvarlikning yuksak namunasini ko‘rsatgan oila. 2-jahon urushi davrida turli millatning qarovsiz qolgan bolalarini farzandlikka olib, ta’lim-tarbiya bergan.

Oila boshlig‘i Hamid Samadov (1910 yili Kattaqo‘rg‘on shahrida tug‘ilgan, 2002 yili vafot etgan) 2-jahon urushida armiya safida aloqachi, pulemyotchi bo‘lib xizmat qilgan. Stalingrad, Dnepr bo‘ylaridagi janglarda ishtirok etgan. 1944 fevralda janglardan birida yaralanib, nogiron bo‘lib uyga qaytgan. Urushdagi jasorati uchun orden va medallar bilan mukofotlangan.

Hamid Samadov urush tufayli boshpanasiz qolgan yetim bolalarga homiylik qilgan. Hali uylanmagan bo‘lishiga qaramay, u 13 bolani farzandlikka olgan. Bular turli millat bolalaridir: Qo‘chqor — turkman, Nurmuhammad — tojik, Donat, Ivan, Liza — rus, Jenya — belorus, Kerim — tatar, Arslon, Rashid, Nurali, Karim, Murod — o‘zbek, Sunnat — millati noma’lum.

Bolalarni tarbiyalashda Hamidga uning ota-onasi — usta Samad buva va Mang‘it momo ko‘maklashgan. U uylangach (1945), turmush o‘rtog‘i Sanobar yetim bolalarni o‘z bolalaridek parvarish qilgan. 1946 yili Samadovlar oilasi qarindoshlaridan birida yetim qolgan 3 bolani ham o‘z bag‘riga olgan. Sanobar ham 6 farzand ko‘rgan. Oilada 22 bola kamol topib, mustaqil hayotga yo‘l olgan.

Samadovlar oilasi toshkentlik Shomahmudovlar oilasi kabi insonparvarlikning yuksak namunasini ko‘rsatgan baynalmilal oila sifatida qadrlanadi.