Rahimjon Hakimov. Davlatimiz ramzlari — shijoat va g‘urur manbai

http://n.ziyouz.com/images/uzflag.jpgMustaqil O‘zbekistonning davlat ramzlari xalqimizning shon-sharafi, tarixiy xotirasi va intilishlarini o‘zida mujassam etib, shu azim yurtda yashovchi har bir fuqaroga g‘urur, iftixor bag‘ishlaydi. Davlatimiz rahbari Islom Karimov qayd etganidek, “Biz ozod O‘zbekiston fuqarolari uchun mustaqillikning muqaddas ramzlari — Davlat gerbi, Davlat bayrog‘i, Davlat madhiyasi azizdir. Ular ma’naviyatning eng muhim timsollari hamdir. Ular ona Vatan — O‘zbekiston Respublikasiga iftixor va cheksiz hurmat tuyg‘usini tarbiyalaydi”.

Shu bois, bayrog‘imiz yoki gerbimizga nazar sol­ganimizda yoki madhiyamiz yangraganda biz ruhan jo‘shqinlikni, azmu shijoatimiz oshganini, qalbimizda g‘urur va buyuk istiqbolga ishonch tuyg‘usining kuchayganini his etamiz.

Milliy ramzlarimizga bo‘lgan hurmat-e’tiborni saqlash, ular to‘g‘risidagi qonunlarni mukammallashtirish davr talabidir. Shu maqsadda Oliy Majlis Senatining o‘tgan yil 3-4 dekabrda bo‘lib o‘tgan to‘rtinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining davlat ramzlari haqidagi ayrim qonun hujjatlariga va O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun qabul qilindi. 2010 yil 25 dekabrdan kuchga kirgan mazkur qonun mustaqil davlatchiligimizning muhim huquqiy asosi bo‘lgan davlat ramzlari to‘g‘risidagi qonunlarni ilg‘or xalqaro tajribaga moslashtirish, bugungi voqelik talablaridan kelib chiqib, ularni yanada takomillashtirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Mazkur qonunga muvofiq “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi Qonunning Davlat bayrog‘ini ko‘tarishga oid qoidalarni belgilovchi 5-moddasi hamda “O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi to‘g‘risida”gi Qonunning Davlat gerbi tasvirini aks ettirishga oid 4-moddasi yangi tahrirda bayon etildi. Ularda Davlat bayrog‘ini doimiy ravishda, bayram, saylov yoki referendum kunlarida, sport maydonlarida va boshqa joylarda ko‘tarish, shuningdek, Davlat gerbini davlat organlari binolarida, xizmat xonalarida, qonun hujjatlari blankalarida, davlat organlari va tashkilotlarning muhrlari va hujjat blankalarida, boshqa ob’ekt va predmetlarda aks ettirish holatlari kengaytirildi va aniqlashtirildi.

Ma’lumki, davlatimiz bayrog‘ida qo‘llanilgan ranglarning har birida o‘ziga xos mazmun va ahamiyat mujassam. Xususan, undagi oq rang tinchlik va poklik timsolidir. “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi Qonunga ana shu rang­ga tegishli tavsiflarni kuchaytirish maqsadida bir qator qo‘shimchalar kiritildi. Xususan, qonunning 3 va 4-moddalaridagi “Yangi oy va yulduzlarning” so‘zlari “Oq rangli yangi oy va o‘n ikkita oq rangli besh qirrali yulduzlarning” so‘zlari bilan, “Yangi oy” so‘zi “Oq rangli yangi oy” so‘zi bilan, “yulduzlar” so‘zi “o‘n ikkita oq rangli besh qirrali yulduzlar” so‘zlari bilan almashtirildi.

Shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi Qonunga yangi 51-modda kiritilib, Davlat bayrog‘i tasviri tushirilgan belgilardan foydalanish tartibi mus­tahkamlandi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Fuqaro havo kemalari davlat reestri yoki O‘zbekis­ton Respublikasi Davlat havo kemalari davlat reestriga kiritilgan havo kemalariga, shu bilan birga, Aviatsiya ma’muriyati hisobida turuvchi eksperimental havo kemalariga, qonun hujjatlarida belgilangan hollarda avtomototransport vositalari va ular tirkamalarining davlat ro‘yxatidan o‘tkazish raqam belgilariga, O‘zbekiston Respublikasining asosiy chegara belgisiga Davlat bayrog‘i tasvirini ifodalovchi belgilar qo‘yilishi haqidagi qoidalar aks ettirildi. Ayni paytda, Davlat bayrog‘ining tasviri tushirilgan belgilardan O‘zbekiston Respublikasiga tegishlilikni belgilash maqsadida predmetlarda, o‘quv-tarbiya jarayonida, shuningdek, davlat mukofotlarining elementi sifatida foydalanish mumkinligi nazarda tutildi. Aynan shunday qoida “O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi to‘g‘risida”gi Qonunning yangi tahrirda bayon etilgan 4-moddasida — O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviridan foydalanishga nisbatan ham belgilandi.

Bundan tashqari, “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi Qonunga yana bir yangi, 52-modda kiritilib, unda O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i elementlarini nodavlat tashkilotlar hujjatlarining rekvizitlari yoki reklama materiallariga kiritilishiga yo‘l qo‘yilmasligi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining tasviri tushirilgan belgilardan ishlab chiqarilayotgan yoki realizatsiya qilinayotgan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) o‘tkazish uchun tijorat maqsadlarida foydalanish man etilishi, qolaversa, nodavlat notijorat tashkilotlarning ramzlari O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘iga o‘xshash bo‘lishi mumkin emasligi haqidagi qoidalar belgilandi. Bu qoidalar “O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi to‘g‘risida”gi Qonunning 51-moddasida ham aks ettirildi.

Davlat ramzlari haqidagi qonunlarni takomillashtirish zaruratiga ko‘ra “O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi Qonunga ham tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Xususan, ushbu qonunning O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi ijro etilishini nazarda tutuvchi 3-moddasi yangi tahrirda bayon etildi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish chog‘ida — u qasamyod qabul qilganidan so‘ng; Oliy Majlis Qonunchilik palatasi sessiyalarining va Senat yalpi majlislarining ochilishi hamda yopilishi chog‘ida; umummilliy bayramlarga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilishlar va majlislarning ochilishi chog‘ida; davlat televideniye va radioyeshittirish kompaniyalari tomonidan har kuni — ko‘rsatuv va eshittirishlar boshlanishidan avval va tugaganidan so‘ng, kechayu kunduz ko‘rsatuv va eshittirishlar olib borilganida — soat 6 da va soat 24 da, yangi yil kechasida — soat 24 da; respublika hayotidagi muhim tarixiy voqealarni nishonlash yuzasidan, atoqli siyosiy, davlat, harbiy arboblar, xalq qahramonlari, fan, adabiyot va san’at arboblari sharafiga o‘rnatilgan haykallar, shuningdek, monumentlar, yodgorliklar va bosh­qa inshootlarning ochilishi chog‘ida; davlat organlari, boshqa tashkilotlar tomonidan o‘tkaziladigan marosimlar va boshqa tantanali tadbirlar vaqtida Davlat bayrog‘ini ko‘tarish chog‘ida; rasmiy safar bilan yurtimizga tashrif buyurgan xorijiy davlatlar davlat va hukumat boshliqlarini kutib olish va kuzatish chog‘ida — tegishli xorijiy davlatning davlat madhiyasi ijro qilib bo‘linganidan keyin; harbiy marosimlarni o‘tkazish vaqtida — O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining umumharbiy ustavlariga muvofiq; umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalarida — yangi o‘quv yili boshlanishi va o‘quv yili tugashi marosimlari chog‘ida; sport maydonlarida — O‘zbekiston Respublikasi chempionatlarini, milliy terma komandalar ishtirokida xalqaro sport musobaqalarini o‘tkazish vaqtida hamda xalqaro musobaqalarning Milliy terma komandalar vakillari bo‘lgan g‘oliblarini mukofotlash marosimlarini o‘tkazish vaqtida ijro etiladi.

Qonunning 7-moddasiga kiritilgan o‘zgartish ham alohida e’tiborga molik. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi ko‘pchilik huzurida ijro etilganda, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, hozir bo‘lgan kishilar madhiyani tik turib va o‘ng qo‘l kaftini ko‘krakning chap tomoniga qo‘yib, harbiy va davlatning bosh­qa xizmatidagi maxsus kiyimdagi shaxslar esa qo‘lini bosh kiyimiga qo‘yib tinglaydi. Basharti, O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining ijro etilishi O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining ko‘tarilishi bilan birgalikda amalga oshirilsa, hozir bo‘lgan kishilar unga yuzi bilan buriladi.

O‘zbekiston Respublikasining davlat ramzlariga nisbatan hurmat-ehtiromni kuchaytirish, ularni asrash va e’zozlash maqsadida qonunga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga yangi 2031-modda kiritilgani ham muhim amaliy ahamiyatga ega. Mazkur moddaga ko‘ra, davlat ramz­lari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi.

Xulosa qilib aytganda, “O‘zbekiston Respublikasining davlat ramzlari haqidagi ayrim qonun hujjatlariga va O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonun davlatimiz ramzlaridan foydalanish mas’uliyatini oshirish, ularni yanada qadrlash va ulug‘lash barobarida mustaqil davlatchiligimizning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Rahimjon Hakimov,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti guruh rahbari, yuridik fanlar nomzod

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2011).