Lutfi Zade: dunyoni o‘zgartirgan olim

Asli ozarboyjonlik matematik Lutfi Zade jahonda dovruq qozongan olimlardan biri sanaladi. Uning nomi Isaak Nyuton, Albert Eynshteyn, Ernest Rezerford, Blez Paskal kabi atoqli olimlar qatorida tilga olinadi. Qolaversa, unga tirikligidayoq o‘z nomi bilan atalgan ilmiy markaz ochish nasib etgan.   

Sun’iy intellekt sohasida ulkan kashfiyotlarga qo‘l urgan olim 1921 yil 4 fevralda Ozarboyjonning Boku shahrida tavallud topgan. Bolaligidayoq ilm-fanga muhabbat qo‘ygan.

1932 yili Sovet Ittifoqida Eron fuqarolari sanalgan ozarboyjonlar haqida rezolyutsiya qabul qilinadi. Bunga ko‘ra, ular Rossiya fuqaroligiga o‘tishi, aks holda, mamlakatni tark etishi lozim edi. Shu bois Lutfining otasi Rahim Aliaskarzade oilasi bilan Eronga ko‘chib boradi. Lutfi Zade Tehrondagi Amerika maktabda o‘qishni davom ettiradi. O‘sha kezlardanoq u Amerika ilm-fani, madaniyati xususida ma’lumot olib, tahsilni okeanortida davom ettirishga ahd qiladi. Maktabdan keyin o‘qishni Tehron universitetida davom ettiradi.  

1944 yili Lutfining bolalik orzusi ushalib, Amerikaga ko‘chib boradi. Dastlab nufuzli Massachusets texnika instituti magistraturasini, keyin Kolumbiya universiteti doktoranturasini tamomlaydi. Muvaffaqiyatli tarzda doktorlik dissertatsiyasini himoya qiladi.  Shu tariqa u birin-ketin matematikaning turli sohalarida ulkan kashfiyotlarga qo‘l uradi. Ilm-fandagi yutuqlari e’tirofi sifatida 1959 yildan Berkli universitetiga ishga taklif etiladi.

Lutfi Zade toq logika nazariyasining muallifidir. Mazkur nazariya matematikada o‘ziga xos inqilob deya e’tirof etilgan. Olimning ilmiy qarashlari nafaqat nazariy, katta amaliy ahamiyat kasb etdi. Dunyoning yetakchi kompaniya va firmalari Lutfi Zade nazariyalaridan unumli foydalandi. Masalan,  “Hitachi”, “Matsusita”, “Misubishi”, “Sharp”, “Nissan”, “Canon”, “Fuji”, “Toshiba”, “Daewoo”, “Goldstar”, “Samsung”, “Honda”, “General Motors”, “Motorola”, “Kodak” kabi yuzlab nomdor shirkatlar olimning ilmiy qarashlariga tayanib ulkan iqtisodiy muvaffaqiyatlarga erishdi. Uning nazariyasi asosida yaratilgan mahsulotlarga dunyo bo‘ylab 50 mingdan oshiq patent berildi.

Lutfi Zadening ilm-fandagi yutuqlari xalqaro miqyosda e’tirof etilgan. U dunyo davlatlarining Xonda (1989), Kampe de Fere (1992), Okava (1996), BBVA Foundation Frontiers of Knowledge Awards (2012) kabi mukofotlari, Richard Xemming (1992) Rufus Oldenburger (1993), IEEE (1995), Egleston (2007), Benjamin Franklin (2009) kabi medallari bilan taqdirlangan. Bir qator akademiyalarning a’zosi va faxriy a’zosi etib saylangan.  

Olimning yutuqlari o‘zi tug‘ilib o‘sgan Ozarboyjonda ham yuksak baholangan. Ilm-fan va millatlararo totuvlikka qo‘shgan hissasi uchun u Ozarboyjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev farmoniga ko‘ra “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangan.

Uzoq yillik tanaffusdan keyin Lutfi Zade 2008 yili kindik qoni to‘kilgan Ozarboyjonga keladi.

“Bokuni tark etganimdan 10 yashar bola edim. Hozirgi hayajonimni so‘z bilan ifodalash mushkul. Yaqin do‘stu qadrdonlarim davrasida ekanimdan g‘oyat shodman. Ozarboyjondagi so‘nggi o‘zgarishlarni ijobiy baholayman. Mamlakatda fan va madaniyatga katta e’tibor qaratilmoqda. Ozarboyjon olg‘a intilmoqda va uning kelajagi porloq”, degan edi olim OAVga bergan intervyusida.

95 yoshli Lutfi Zade ayni vaqtda  Berkli universiteti professori va  Soft Computing instituti direktori sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Shu bilan birga, u o‘z nomi bilan atalgan (Institute Zadeh – ZIFT) ilm dargohiga ham rahbarlik qiladi.

Sobir Salim