Usta Mo‘minni kim tanimaydi? (G‘ani A’zamov)

O‘tgan XX asrning o‘ttizinchi yillari, sobiq sho‘rolar mamlakatida yangi alifboga o‘tish, aniqrog‘i savodizlikni tugatish ishlari avjiga mingan paytlar edi. Shu sabab, barcha korxonalaru muassasalar, hatto teatrlarga ham shu dolzarb vazifa yuklatilgandi. Ayni o‘sha kezlari maorif bo‘limidan yosh o‘qituvchi G‘ani A’zamov hozirgi Milliy teatrga yuboriladi va dars o‘tishni boshlaydi. O‘zi yoshgina yigit, “o‘quvchilar”i esa Mannon Uyg‘ur, Yetim Bobojonov, Shukur Burxonov, Obid Jalilov, Nabi Rahimov… Aytishlaricha, teatr xodimlari spektakldan keyin yo bo‘sh paytlarda dars o‘tishar ekan. Ana shunday kunlarning birida qaysidir komediya o‘ynalayotgan vaqtda muallim G‘ani A’zamov papkasini qo‘ltiqlab, parda orqasida spektaklni tomosha qilib turgan ekan. Nima ham bo‘libdi-yu, teatr aktyori mashhur kulgi ustasi Hoji Siddiq unga sezdirmay orqa tomoniga o‘tibdi-da, itarib sahnaga chiqarib yuboribdi. Buni kutmagan G‘ani A’zamov rangi doka bo‘lib ketgan, dag‘-dag‘ titrar, hadeb “Voy-dod! Bu qanaqasi?” deya qichqirarmish. Shunda Hoji Siddiq G‘ani A’zamovni sahna ortiga sudrab olib kirib, “Mana, dom­lamiz ham artist bo‘ldilar. Allohu akbar!” deb fotiha o‘qib yuborgan ekan. Tasodif bilan sahnaga chiqib qolgan muallim teatr “og‘u”si bilan bir umr “zaharlanib” qolgan bari hayotini san’atga bag‘ishladi.

G‘ani A’zamov deganda, tomoshabin ko‘z o‘ngiga 60-yillarning oxiri 70-yillarning boshida sahna yuzini ko‘rgan “Oltin devor” asarining (Erkin Vohidov) bosh qahramoni Usta Mo‘min obrazi keladi. Mazkur komediya o‘zbek milliy akademik drama teatrida qariyb qirq yil sahnadan tushmay keldi. Komediyaning bunday uzoq umr ko‘rishi unda chinakam milliy xarakterlar yaratilganligida, ayniqsa, Usta Mo‘min obrazida yaqqol isbotini topadi. Qizig‘i shundaki, bu asarni atoqli rejissyor Toshxo‘ja Xo‘jayev sahnalashtirayotgan paytda bu rolni G‘ani A’zamov qiyofasida ko‘ra bilgan ekan. O‘shanda oltmishga kirgan O‘zbekiston xalq artisti G‘ani A’zamov tabarruk to‘qson yoshigacha bu rolni qiyomiga yetkazib ijro etib keldi.

Toshkent shahrida tug‘ilib voya­ga yetgan bo‘lg‘usi san’atkorning ijodiy faoliyatiga bir qur ko‘z tashlasak, uning teatr san’atida qator rollar o‘ynaganiga guvoh bo‘lamiz va har bir rolda aktyorning yangicha mahoratiyu qirralarini kashf etamiz. “Boy ila xizmatchi”da Domla imom, “Alisher Navoiy”da Munajjim, “Chin muhabbat”da Arslonsher, “Tog‘a-jiyanlar”da Soqi Sumbat, “Qutlug‘ qon”da Qambar, “So‘nggi nusxalar”da Yusuf, “Qonli sarob”da Omonyor ko‘knori, “Revizor”da Bobchinskiy va hokazo. Teatr sahnasida ijro etgan boshqa ko‘plab rollaridan tashqari u badiiy kinoda ham talaygina obrazlar yaratgan. Jumladan, “Maftuningman”da Sartarosh, “Ikki dil dostoni”da Qora shoh, “Suyunchi”da Xolmat, “Temir xotin”da serhunar choyxonachi, “Yor-yor”da militsioner singari obrazlari xalqimizga yaxshi tanish.

Ayniqsa, yuqorida tilga olganimiz, “Oltin devor” asaridagi Usta Mo‘min obrazi unga katta shuhrat keltirdi.

Asar muallifi Erkin Vohidov kitobxonlar bilan bo‘lgan suhbatlarning birida bu asarning yaratilish tarixi haqida so‘zlab pesada yozilmagan ba’zi iboralar sahnalashtirish jarayonida topilganini eslagan edi. Masalan, Usta Mo‘minga tabib chaqiriladigan sahna bor. Tabibning Usta Mo‘minga qarata “bedananing tuxumidek kallang bor. Shundan nima aql chiqardi?” – deydigan gapi ham sahnada topilgan. Bu gap G‘ani akaning kichkinagina boshiga ishora tarzida qo‘llangan. Yoxud uning xotini “Voy-dod, arslonimdan ayrilib qoldim”, deb dod soladi. Qahramon Usta Mo‘min esa aslida chumchuqdek odam. Yana bir kulgili sahna borki, bu sahnani ko‘rgan tomoshabin kulmasdan turolmaydi. Usta Mo‘min (G‘ani A’zamov) oltin solingan xaltani hali samovarning tagidagi g‘isht orasiga berkitadi, hali osig‘liq turgan suratning orqasiga yashiradi, hali xontaxtadagi dasturxon tagiga qo‘yib, yana uning o‘zi “he, do‘ppaymay o‘l”, deb qo‘shib ham qo‘yadi. Mana shunday kulgili holat va vaziyatlar sahnaning o‘zida “improvizatsiya” usulida topilgan bo‘lib, spektaklning yanada jozibali chiqishiga zamin hozirlagan.

Tabiatan sodda, go‘l Usta Mo‘min oltin ta’sirida o‘z halovatini, tinchini yo‘qotadi. Uning xatti-harakatlarida, qiliqlarida o‘zgarish sodir bo‘ladi. Ana shunday xatti-harakatlar, qiliqlar ham aktyor ijrosida nihoyatda jonli va tabiiy chiqqan. Aytishlaricha, tomosha ishonarli chiqishi uchun G‘ani aka bir necha bor ruhiy kasallar shifoxonasiga ham borib, u yerdagi bemorlarni kuzatgan ekan. Sahnada G‘ani A’zamov qanchalar sodda va ko‘ngilchan bo‘lmasin, hayotda o‘ziga yarasha injiq, biroz qaysar, ammo nihoyatda to‘g‘riso‘z va halol inson bo‘lgan.

Matluba Mahkamova tayyorladi

“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 5-son