Qudrat Do‘stmuhammad. Vafo va… oliy topshiriq

(bir she’r ta’sirida)

Erkin aka Vohidov keyingi yillarda yozgan she’rlardan biri yig‘latdi. Mana, siz ham bir o‘qib ko‘ring (yig‘lash shart emas).

VAFO

 Qabristonda kecha yoqqan qor
 Mildir-mildir erib yotibdi.
 Go‘r ustida bir it ingrab zor,
 Loyga bag‘rin berib yotibdi.

 Kecha tobut ko‘tarilgan dam
 U beorom yugurgan-elgan.
 Quvsalar ham, tosh otsalar ham
 El ortidan mozorga kelgan.

 Otasidan ayrilsa agar
 Buncha kuymas odam bolasi.
 Yolg‘on edi kecha yig‘ilar,
 Rost edi shu itning nolasi.

 Sovuq tunda qotib, diydirab,
 Qabrga u qo‘yib yotdi bosh.
 Erigan qor kabi mildirab
 Ko‘zlaridan tinmay oqdi yosh…

 Biz insonmiz, sohibi dunyo,
 Qudratlimiz, mag‘rurmiz, to‘qmiz.
 Sadoqatda, mehrda ammo
 Shu bechora bir itcha yo‘qmiz.

Yig‘lagan ko‘ngilda qandaydir jarayon va o‘zgarishlar bo‘lishi muqarrar. Shunday jarayon meni, she’r mazmunini shakllar va ranglar yordamida tasvirlashga undadi.

She’rni o‘qib bo‘lganimda, Allohning ba’zi kalomlari mazmuni yodimga tushdi. Masalan, “Odiyot” (chopuvchilar) surasida otlar nazarda tutiladi.

Bu jonivor, egasi bergan bir tutam g‘iyoh yoki bir hovuch donning minnatdorchiligi uchun tunmi, kunmi – qachon bo‘lmasin, o‘zini o‘tga ham, suvga ham, tig‘ga ham uraveradi. “Hoy, insofing bormi, bir pas dam olay” yoki “Men ham senga o‘xshagan bir maxluqman, o‘z hayotimni saqlashga haqqim bormi, yo‘qmi?” demaydi. Harsillab, tuyoqlari tagidan o‘t chaqnatib, chang-to‘zonga ko‘milib, yeldek uchadi va egasining dushmanlari orasini yorib kiradi. Bularning bari egasi bergan yemishlarni oqlash uchun.

Surada Alloh, ana shu otlar bilan qasam icha turib aytadiki, inson Robbisi bergan dunyo-dunyo ne’matlarga noshukur va, buni o‘zi bilib turib ham, noshukurligini tashlamaydi, mol-dunyoga hirsini jilovlamaydi. Qur’oni Karimning qator suralarida insonning boshqa qusurlari ham ko‘rsatilib, shoshqaloq, zolim, ko‘rnamak, fosiq kabi sifatlar tilga olingan.

Alloh insonni ataylab qusurli qilib yaratgan va qusurlarini yo‘qotishni topshiriq sifatida bergan ko‘rinadi. Bu hikmatni Qur’oni Karimning ko‘p oyatlaridan sezish mumkin. Masalan, “Zoriyot” surasining 56-oyatida “Men jinlar va insonlarni faqat O‘zimga ibodat qilishlari uchungina yaratdim” deya marhamat qiladi Alloh (shayx Abdulaziz Mansur tarjimasi).

Oyatni insoniy qusurlar bilan tahlil qilsak, Alloh xudbinlik qilayotganga o‘xshaydi (astag‘firulloh!). Yo‘q, Alloh bandasining ibodatlariga muhtoj emas! Ibodat bandaning o‘zi uchun, berilgan hayoti davomida qusurlarini asta-sekin yo‘qotib poklanishi va poklangan holda O‘ziga qaytishi uchun kerak. Alloh insonga bergan topshiriq shundan iborat, nazarimda, va insonning yashashdan maqsadi, asosan, shunga qaratilishi lozim.

Erkin akaning “Vafo” deb atalgan she’rlari meni ana shunday xayollar ummoniga tashladi. Alloh Erkin akaning umrlariga, ijodlariga baraka berishini tilab duo qilaman.

Kartinani she’rning nomi bilan, “Vafo” deb atadim, o‘lchamlari 30x46 santimetr, matoga moybo‘yoq bilan ishlangan.

Qudrat DO‘STMUHAMMAD

Iyun, 2015 y.