Naim Karimov. Kino san’atimiz kashshofi

XX asr boshlarida o‘zbek xalqining ma’naviy-madaniy va ijtimoiy hayotida ro‘y bergan qutlug‘ voqealar to‘g‘risida so‘z borganda, yangi usuldagi maktab, zamonaviy badiiy adabiyot, matbuot va teatr san’atining paydo bo‘lgani to‘g‘risida iftixor tuyg‘ulari bilan so‘z yuritamizu, ammo foto va kino san’atlarini nima uchundir qariyb tilga olmay kelamiz. Holbuki, xuddi shu san’atlar bilan birga XX asrning ulug‘ mo‘jizasi – texnik taraqqiyot o‘zbek zaminiga kirib kelgan. Bu yil tug‘ilgan kuniga 125 yil to‘lgan birinchi o‘zbek kinooperatori Xudoybergan Devonov ana shu madaniy va texnik taraqqiyot davrining dastlabki qaldirg‘ochidir.
Xudoybergan Devonov 1878 yili, bir qaraganda, Milliy Uyg‘onish harakatining markazlaridan xiyla chetda – Xivada tug‘ilgan. Uning otasi Xorazm xonining yaqin kishilaridan biri — Qadam yasovulboshida mirza bo‘lib xizmat qilgan. Mirzaning Xiva shahri yaqinidagi Badirxon qishlog‘ida 6 gektar yeri, 4 ho‘kizi va 2 oti bo‘lgan. U o‘ziga qarashli yerlarni dehqonlarga ijaraga berib, ulardan kelgan foyda evaziga to‘kin-sochin turmush kechirgan.
Xudoybergan dastlab kiyim-kechak do‘konini ochib, savdo ishlari bilan shug‘ullana boshlaydi. Lekin yoshlik kezlaridanoq texnikaga qiziqqani bois, ko‘p o‘tmay savdo do‘konini tashlab, soatsozlik bilan mashg‘ul bo‘ladi. 1918 yili Xudoybergan otameros yerni dehqonlarga taqsimlab berib, ulardan kelgan foyda hisobiga yashashga urinadi.
1927 yili hali o‘n yoshga to‘lib ulgurmagan sovet davlati o‘ziga to‘q kishilarning rizq-nasibasiga chang solib, ular qo‘lidagi «ortiqcha» yer-suvni tortib ola boshlaydi. Xuddi shu yillari Xudoybergan ham ko‘ziga «ortiqcha» bo‘lib ko‘ringan mol-mulkini o‘z erki bilan sovet davlatiga in’om etadi.
X.Devonov keyinchalik ushbu xatti-harakatining sababini tushuntirib, bunday degan: «Agar men 1926—27 yillarda 15 yarim tanob keladigan yer-suvimni davlatga topshirmaganimda, meni o‘sha vaqtdayoq, albatta, quloq qilgan va butun xo‘jaligimni tortib olgan bo‘lardilar. Men shu holni e’tiborga olgan holda shunday qilishga majbur bo‘ldim».
Shubhasiz, Xudoybergan Xorazm xonligida biror mavqega ega bo‘lmagan, yersiz-suvsiz bir oilada dunyoga kelganida na texnikaga qiziqqan, na kino-foto san’atining O‘zbekistondagi birinchi namoyandasi o‘laroq ulg‘aygan bo‘lardi. U xon saroyiga yaqin kishining farzandi bo‘lgani uchun ham yoshligida XX asr texnikasining dastlabki samaralarini ko‘rib o‘sdi. Otasi tufayli Moskva va Peterburg safarida bo‘lib, u yerda «sinematograf jinnisi»ga aylandi-qoldi. Peterburgdan qaytishida esa O‘zbekistonga birinchilardan bo‘lib grammofon, fotoapparat va «Pate» rusumli kinoapparatni – foto va fonotexnikaning bu uch mo‘jizasini olib keldi.
Diniy fanatizm va bid’at avj olgan Xorazmda yangi san’atga poydevor qo‘yish oson kechmadi. Uni kofirlikda, shaytonning izmiga o‘tganlikda ayblovchi kimsalar oz bo‘lmadi. Ammo Xudoybergan har qanday qiyinchilik va do‘q-po‘pisalarga qaramay, o‘zi tanlagan yo‘ldan og‘madi. U Xivadagi me’moriy yodgorliklar, bozor manzaralari, bolalar hayoti lavhalarini lentalarga muhrlab, ularni ko‘cha va maydonlardagi o‘zi tashkil etgan «ochiq kinoteatr»larda namoyish etdi. Texnik taraqqiyotning g‘aroyib samarasi bo‘lgan kino san’ati qariyb o‘rta asrlar sharoitida yashayotgan Xorazm ahlini larzaga keltirdi. Bu ham ma’rifatni targ‘ib qilish, xalqda ma’rifatga nisbatan samimiy mehr-muhabbat uyg‘otish namunasi edi.
Taniqli kinoshunos Hamidulla Akbarovning taxminicha, X.Devonov bunday kinoseanslarni faqat Xorazm vohasida emas, balki asr tongida hatto Samarqandda ham o‘tkazgan. Agar olim taxmin etganidek, 1901 yil 18 mart kuni kech soat sakkizda Sherdor madrasasi hovlisida boshlangan va hatto N.P.Ostroumovni ham hayratga solgan kinoseansi X.Devonov nomi bilan bog‘liq bo‘lsa, demak, u mamlakatimizning boshqa shahar-qishloqlarida ham xalqni yangi va istiqbolli san’at bilan oshno etib borgan.
Xorazm xalq respublikasi tashkil topganidan keyin X.Devonov moliya noziri, taftish komissiyasi raisi va boshqa mas’ul lavozimlarda xalqqa xizmat qilib, yosh respublikadagi madaniy qurilishda faol qatnashdi. Uning sa’y-harakati bilan kinoteatrlar ochiladi, maktab, internat va bilim yurtlarida kino-foto to‘garaklari tashkil etiladi. U kinooperator va fotograf sifatida XX asrning 20-yillaridagi O‘zbekiston hayotining kinoyilnomasini yaratadi. Xorazmda yer-suv islohotining o‘tkazilishi bormi, dalalarga birinchi traktorning kirib kelishi bormi, xotin-qizlarning paranjini tashlashlari bormi, bular hammasi — X.Devonovning nazar-e’tiboridan chetda qolmaydi.
X.Devonovning 100 yilligi nishonlangan kunlarda «Xorezmskaya pravda» gazetasi bunday yozgan edi: «Uning qancha metr kinoplyonkaga surat olgani, qancha kishilarning fotosuratlarini yaratganini aniqlash amri mahol. Afsuski, biz uning hujjatli kinoda olib borgan ishi va izlanishlari to‘g‘risida faqat ba’zi bir parchalar asosidagina fikr yuritishimiz mumkin. Uning zamonaviy hayot manzaralari muhrlangan fotosuratlari taqdiri esa birmuncha yaxshiroq.
O‘zbekiston kinematografchilari o‘lkamiz tarixiga, o‘tgan va hozirgi asr boshlaridagi xorazmliklarning milliy turmush tarziga murojaat etganlarida, uning kinokadrlari, foto ishlaridan samarali foydalanib keldilar».
X.Devonov o‘tgan asrning 30-yillarida «Uzbekistanskaya pravda» gazetasining muxbiri sifatida Farg‘ona vodiysini aylanib chiqdi. Uning shu davrda olgan fotosuratlari respublika gazeta va jurnallarida muntazam ravishda bosilib turdi. H.Akbarov bergan ma’lumotga qaraganda, X.Devonov Toshkent kinostudiyasiga taklif etilib, undan studiyaning mahalliy kinomuxbiri bo‘lish so‘raldi. Kinostudiya X.Devonovga kinoapparatura va plyonka yuborib, hujjatli filmlar uchun mavzular berdi. X.Devonov Moskvadagi Qishloq xo‘jalik ko‘rgazmasi uchun «O‘rta Osiyoning me’moriy yodgorliklari», «Xiva va xivaliklar» kabi bir necha qisqametrajli filmlarni suratga oldi. Keyinchalik u «Sovkino»ning muxbiri sifatida Moskvaga «Sho‘r ko‘l», «Ishchi ayollar» singari syujet va lavhalarni yuborib turdi.
«Butunrossiya «Sovkino» fotokinematografiya jamiyati, — deb yozadi Hamidulla Akbarov, — Devonovga xronikali-hujjatli filmlarni suratga olishda qatnashishni taklif etgan. Devonovning Moskvaga yuborgan har bir syujeti tajribali kinematografchilarning malakali bahosini olgan. Rus san’atdosh birodarlar Devonov professional mahoratining oshishida unga yordam berganlar».
1935 yili Xudoybergan Devonov ijodiy faoliyatining 35 yilligi keng nishonlanadi. Uning O‘zbekistonda kino va foto san’atlari rivojiga qo‘shgan hissasi yuksak baholanadi. X.Devonov o‘sha yilning 18 avgustida «Inqilob quyoshi» gazetasida chop etilgan «Fotomuxbirlarni yetkazishga zo‘r ahamiyat beraylik» degan maqolasida Xorazmda fotografiyani rivojlantirishga qaratilgan bir-biridan muhim fikr va takliflarni o‘rtaga tashlaydi.
X.Devonov sovet davlati bilan murosai madora qilib yashashga, uning mustahkamlanishiga hissa qo‘shishga qanchalik harakat qilmasin, 1937 yilning qonli voqealari boshlangach, xorazmlik boshqa davlat va jamoat arboblari qatorida u ham qamoqqa olindi. O‘sha yilning 30 avgust kuni NKVD xodimlari birinchi o‘zbek kinooperatorini «sobiq xon nozirining o‘g‘li, Asfandiyor va Madraim xonlarning shaxsiy fotografi, inqilobdan keyin esa XXRning moliya noziri» sifatida hibsga olib, uning ham Yangi Urganch shahridagi, ham Xivadagi uylarida tintuv o‘tkazdilar. Tintuv paytida qo‘shotar miltiq bilan birga 300ga yaqin fotosurat, 120 varaqdan iborat yozishma, 17ta turli-tuman hujjat olib ketildi va ko‘p o‘tmay, kuydirib tashlandi.
Shu vaqtda uning oilasi 56 yoshli xotini Bekajon Otajonova, Xazorasp tuman xalq ta’limi bo‘limida fotograf bo‘lib xizmat qilayotgan 40 yashar o‘g‘li Masharif Xudoyberganov hamda Onajon va O‘g‘il ismli singillaridan iborat edi.
Mahbuslik anketasida yozilishicha, X.Devonov madrasada tahsil olgan va o‘rta ma’lumotga ega bo‘lgan.
X.Devonov 8 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan so‘roq paytida tergovchi savollariga javob berish asnosida tariximizning, Abdulla Qodiriy ifodasi bilan aytsak, «kirli» davrlari bo‘yicha muayyan ilmiy qimmatga molik quyidagi ma’lumotlarni bayon etgan:
Mahbusning shahodat berishicha, Xorazm xalq respublikasi endigina e’lon qilingan bo‘lishiga qaramay, uning sovet respublikalaridan biriga aylantirilayotganini ko‘rgan va bu holning fojiali oqibatlarga olib kelishi mumkinligini sezgan maorif noziri Mulla Bekjon Rahmonov 1921 — 1922 yillari Junaidxonga xat yozadi. Nozirlar kengashi raisi Aminov, Markaziy ijroiya komitet raisi Ota Maxsum Oxunov, harbiy nozir Mirkomil Mirsharopov va boshqa bir qancha hukumat a’zolari nomidan bitilgan bu xatda Junaidxondan Xorazmdagi sovet hokimiyatini ag‘darishda yordam berish so‘ralgan edi. Ammo bu xat GPU ayg‘oqchilari tomonidan qo‘lga tushirilib, uning barcha tashabbuskorlari qamoqqa olinadi yoki xizmat lavozimidan chetlashtiriladi. Bu yangi ma’lumot XXR rahbarlari, shu jumladan, harbiy nozir Mirkomil Mirsharopovning 1921 — 1922 yillardayoq sovet davlati mohiyatini anglab yetgani va o‘zbek xalqining tub manfaatlaridan kelib chiqqan holda tegishli choralar ko‘ra boshlaganidan dalolat beradi.
Xudoybergan Devonov shu vaqtda Xorazm xalq respublikasining moliya noziri lavozimidan ozod etilib, endigina yosh respublikaning Moskvadagi muxtor vakili qilib tayinlangan edi. Lekin Moskvaning XXRdagi vakili Bek X.Devonovning Moskvaga borishiga ruxsat bermaydi va u moliya noziri sifatida faoliyatini davom ettiradi.
1923 yili X.Devonov XXRning Moskvada ochilajak ko‘rgazmasini tashkil qilish bo‘yicha komissiya tarkibiga kiritiladi. 1923 yil 12 avgustda Moskvaga borib, dekabrning so‘nggi kunlarida ona diyoriga qaytadi. X.Devonov komissiya raisi Aminatdinov bilan birga Xonqaga yetib kelganida Xiva Junaidxon lashkarlari tomonidan qurshab olingan, binobarin, XXR sobiq rahbarlarining 1921 — 1922 yillardagi murojaati kechikib bo‘lsa-da, Junaidxon tomonidan e’tiborga olingan edi. X.Devonov vaziyatdagi mazkur o‘zgarish sababli Aminatdinov bilan birga To‘rtko‘lga yo‘l oladi. Ammo Junaidxon lashkarlari mag‘lubiyatga uchraydilar va X.Devonov Xivaga qaytadi. U o‘sha kunning ertasiga ChK tomonidan hibslanadi. To‘g‘ri, Xudoybergan hibsxonada bir kun yotgach, qo‘yib yuboriladi. Oradan ikki yoki uch oy o‘tgandan so‘ng u Madraim Devonov bilan birga yana qamaladi. Ma’lum bo‘lishicha, M.Devonov XXRning tashqi savdo noziri sifatida Moskvaga borgan kezlarida o‘zining xizmat vazifasidan foydalanib, Germaniyaga paxta sotish masalasida nemislarning Moskvadagi vakolatxonalaridan biri bilan shartnoma tuzgan ekan. M.Devonov sudda bu «ayb»ini bo‘yniga oladi va Moskvaning ruxsatisiz nemis vakolatxonasi bilan shartnoma tuzgani uchun otib tashlanadi.
1928 yili Karim Boltayev Toshkentda, Yer ishlari xalq komissarligida ishlayotgan edi. Xudoybergan Devonov shu yili Toshkentga fotoapparat sotib olish uchun keladi. Ammo puli yo‘qligi uchun K.Boltayevning huzuriga kirib, undan moddiy yordam so‘raydi, o‘zining Farg‘ona vodiysiga sayohat qilish va vodiyda sodir bo‘layotgan o‘zgarishlarni tasvirga tushirish niyatida ekanligini aytadi. Uning iltimosiga javoban K.Boltayev bunday deydi: «Siz xalq maorifi sohasida samarali ishladingiz, shuning uchun ham biz iltimosingizni inobatga olibgina qolmay, sizni o‘zimiz safarga yuboramiz».
K.Boltayev shu so‘zlarni aytishi bilanoq Xalq maorif komissarligidagi Jargin degan kimsaga qo‘ng‘iroq qiladi va unga X.Devonov uchun mablag‘ topish masalasini topshiradi.
Shu yerda so‘roqnomada keltirilgan ma’lumotlardan biroz chekinib, «Uzbekistanskaya pravda» gazetasining 1928 yil sonlarida e’lon qilingan fotosuratlarni bir esga olsak. X.Devonovning mazkur gazetada nashr etilgan Farg‘ona vodiysi hayotiga oid turkum suratlari uning kinooperator va fotograf sifatida yangi-yangi g‘oyalar bilan yashagani va o‘zi hamnafas bo‘lgan tarixiy davrning chin ma’nodagi fotoyilnomachisi bo‘lishga intilganini ko‘rsatadi.
X.Devonov bergan ma’lumotga qaraganda, Akmal Ikromov 1935 yoki 1936 yilning sentyabrida Urganch shahriga borgan va xorazmlik rahbarlar bilan birga shoira Zulfiyaning akasi Normat Isroilovning uyida mehmon bo‘lgan. Shu kuni toshkentlik mehmonni suratga olish uchun X.Devonov ham Normat Isroilov xonadoniga taklif etilgan. X.Devonov oliy mehmonni suratga olmoqchi bo‘lganida Akmal Ikromov dasturxon atrofida o‘tirgan xorazmlik rahbarlarga murojaat qilib, bunday degan: «Buni qaranglar-a, Devon ota ham keksayib qolipti. Unga nafaqa tayinlashni so‘rab okrug ijroiya komiteti nomidan xat tayyorlang va tezroq Toshkentga yuboring».
X.Devonov shu voqeadan keyin tegishli xat va hujjatlarni olib, Toshkentga keladi. A.Ikromov yo‘qligi tufayli Qurbon Bereginning huzuriga kiradi… Xullas, oradan roppa-rosa uch kun o‘tgandan keyin F.Xo‘jayev imzosi bilan X.Devonovga nafaqa belgilash to‘g‘risida qaror tayyor bo‘ladi va u oyiga 300 so‘mdan nafaqa olib yashay boshlaydi.
1881 yili Xivada tug‘ilgan Nazirqul Sholikorov 1937 yil 16 avgustda Xudoybergan Devonov to‘g‘risida ko‘rsatma berib, jumladan, quyidagi so‘zlarni aytgan:
«Xorazm inqilobidan keyin Xudoybergan Devonov moliya xalq komissari bo‘lib ishladi. Devonov o‘sha paytda o‘z oldiga mustaqil milliy respublikani barpo etish, barcha yevropaliklarni Xorazm vohasidan chiqarib yuborish vazifasini qo‘yib, Xorazm xalq respublikasining boshqa rahbarlari bilan birga sovet hokimiyatiga qarshi kurash olib bordi. Chunonchi, Devonov o‘zining aksilinqilobiy faoliyatini amalga oshirar ekan, 1923 yili boshqa rahbarlar bilan birga Junaidxon bilan aloqa o‘rnatdi. 1924 yil boshlarida Junaidxon hokimiyat tepasida o‘tirgan aksilinqilobiy tashkilot a’zolari bilan kelishib, Xivaga hujum qildi. Ammo o‘z vaqtida ko‘rilgan chora-tadbirlar sabab bo‘lib, Junaidxon Xivani bosib ololmadi, hokimiyat tepasida o‘tirgan barcha rahbarlar esa hibsga olinib, otib tashlandi. O‘sha paytda Xudoybergan Devonov ham ayblandi. U Junaidxonga fotograf bo‘lib xizmat qilgan, Junaidxonning talabi bilan ayrim sahnalarni suratga olgan».
Tergovchi Xudoybergan Devonovni aksilinqilobiy faoliyatda ayblash uchun bu so‘zlarni N.Sholikorovdan qiynoq ostida olgan bo‘lishi mumkin. Ammo agar so‘nggi ma’lumotni yuqorida keltirilgan faktlar bilan o‘zaro muqoyasa qilsak, uning haqiqatga biroz bo‘lsa-da yaqinligi ayon bo‘ladi.
N.Sholikorov 1920 yili Xivani qo‘riqlash guruhining boshlig‘i bo‘lib xizmat qilgan. U xizmat burchiga ko‘ra, XXRga xayrixoh bo‘lmagan yoki shubhali xatti-harakat bilan shug‘ullangan kishilarni kuzatib yurgan. Shunday kishilardan biri Zaki Validiy edi. U Validiyning Xorazmga kelishi haqida so‘zlab, bunday degan:
«Men uch kungacha (Xorazmga) kimning kelganini bilolmay yurdim. Yusupov (so‘z o‘sha paytda XXR hukumati boshlig‘i Polvonniyoz hoji Yusupov haqida bormoqda – N.K.) boshliq barcha xalq komissarlari uylariga ham kelmay, qayerdadir yig‘ilish o‘tkazayotgan edilar. Bu hol menda shubha uyg‘otdi. Xorazm bilan Buxoroning birlashgan holda kurash olib borishi uchun Xorazmga buxorolik vakillar kelishgan edi. Men muzokara olib borish uchun rais (to‘g‘rirog‘i, vakil – N.K.) etib tayinlandim. Romanov men bilan birga bo‘ldi. Mening yonimda o‘tirgan Mulla Bekjon oradan bir necha soat o‘tmay, kengashni ertaga qoldirishimni so‘radi va o‘zining bu iltimosini uyida mehmoni borligi, ketishi zarurligi bilan izohladi. Men rozi bo‘ldim va biz ikkimiz bir otga minib u bilan birga ketdik. Xudoybergan Devonovning uyiga yaqin qolganimizda u otdan tushib qoldi. Men uyimga kelganimdan so‘ng tog‘am Ollonazar Matjonovni (u o‘lgan) xalq komissarlarining uydami-yo‘qmi ekanliklarini tekshirish uchun yubordim. U militsiya bilan yurib, kechasi soat uchda Yusupovni tutib keltirdi, ammo men uni qo‘yib yubordim.
Ertalab Yusupovning oldiga borib, o‘tgan kecha qayerda bo‘lganini surishtirdim. U Rahmonov Bekjonning, Jumaniyoz xoji Polvonniyozovning, so‘nggi kechada esa Xudoybergan Devonovning uyida bo‘lganini aytdi. U yerda Zaki Validiy bilan birga Aydarov ham bo‘lgan. Yusupovning so‘zlariga qaraganda, ularga kiyim-bosh va pul berib, Buxoroga kuzatib qo‘yishgan ekan».
N.Sholikorovning bu so‘zlari X.Devonovning keyinchalik garchand sovet davlati bilan murosai madorada yashagan va ishlagan bo‘lsa-da, XX asrning 20-yillari boshlarida bu davlatga qarshi bo‘lgani, uning Xorazm aholisi va XXRning milliy manfaatlariga zid harakat etuvchi davlat, deb bilganidan dalolat beradi.
Xudoybergan Devonovning shogirdlaridan biri, 1905 yili Xivada tug‘ilgan va fotografiya bilan shug‘ullangan Madrasul Yusupov esa, 1937 yil 15 avgustda o‘tkazilgan so‘roqda bunday ma’lumotni bergan:
«Xudoybergan Devonov inqilobga qadar Said Abdullaxonning kumush va qog‘oz pullarni chiqarish bo‘yicha noziri bo‘lgan. Inqilobdan keyin Xorazm xalq respublikasining moliya ishlari bo‘yicha xalq komissari va taftish komissiyasi raisi bo‘lgan. Taxminan 1924 yildan shu vaqtga qadar Devonov suratkashlik qiladi. Men 1925 yildan 1930 yilgacha Devonovdan suratkashlikni o‘rganganman, binobarin, uni o‘z oldiga sovet hokimiyatini ag‘darib tashlash vazifasini qo‘ygan millatchi sifatida bilaman.
Men Devonovga shogird bo‘lgan 1925 yildan 1930 yilgacha bo‘lgan davrda Komiljon Devonov (hozir Toshkentda qayerdadir xizmat qiladi, yozuvchilar idorasida bo‘lsa kerak) va yana bir qancha kishilar muntazam ravishda yig‘ilishib turardi. Xudoybergan Devonov bu yig‘ilishlarda aksilinqilobiy millatchilik targ‘iboti bilan muntazam ravishda shug‘ullangan. Devonov, bunday der edi: «Biz sovet hokimiyatiga hamma narsamizni — yer-suvimizni ham, otlarimizni ham berdik, mana endi yolg‘iz o‘zimiz so‘ppayib qoldik…»
O‘sha davrda sovet davlatidan bunday shikoyat so‘zlarini faqat Xudoybergan Devonov emas, balki shu davlat tufayli xonavayron bo‘lgan minglab-o‘n minglab kishilar ham aytishgan. 1937 yili yigirma yoshga to‘lib, qaddi-qomatini tiklab olgan davlat endi ana shunday kishilarni bitta ham qoldirmay qirib tashlashga tayyor edi. U shu yovuz maqsadini amalga oshirish yo‘lida mahalliy aholidan, kishilardagi hasad, g‘ayirlik, xudbinlik, qo‘rqoqlik va sotqinlik singari salbiy xislatlardan ustalik bilan foydalandi.
1938 yil 5 oktyabrda Xudoybergan Devonovning jinoiy ishi yuzasidan chiqarilgan hukmda bunday dahshatli tuhmat so‘zlari bor:
«Devonov 1920 yildan «Milliy ittihod» aksilinqilobiy millatchilik tashkilotining a’zosi bo‘lgan, Xorazmda bosmachilik harakatini tashkil etishda faol qatnashgan, Angliya razvedkasi agenti – Turkmanistondagi bosmachilik harakati boshlig‘i Junaidxon bilan aloqa o‘rnatib, u bilan yaqin munosabatda bo‘lgan. Keyinchalik O‘zbekiston SSR hududlarida faoliyat ko‘rsatgan va o‘z oldiga O‘zbekistonni SSSRdan ajratib, Sovet hokimiyatini ag‘darish va burjua davlatini barpo etish maqsadini qo‘ygan aksilinqilobiy millatchilik, qo‘zg‘olonchilik, terrorchilik va qo‘poruvchilik-zararkunandachilik tashkiloti rahbari Xo‘jayev bilan aloqa o‘rnatgan. Devonov tashkilotning VKP(b) va Sovet hukumati rahbarlariga nisbatan kurashning terrorchilik metodini to‘la ma’qullagan. Yuqorida tilga olingan tashkilot rahbari Xo‘jayev Fayzullaning topshirig‘iga ko‘ra, Angliya razvedkasi uchun O‘zbekiston SSR tumanlari bo‘ylab josuslik materiallarini to‘plagan…»
Agar tarix hujjatlariga ishonsak, mash’um sud majlisi 1938 yil 5 oktyabr kuni ertalab soat 10dan 35 daqiqa o‘tganda boshlangan. Sudda ushbu aybnoma so‘zlari yozilgan hukm mahbusga o‘qib berilgan. Ammo yana bir hujjatga ko‘ra, birinchi o‘zbek kinooperatori va fotografi Xudoybergan Devonov o‘sha yilning 4 oktyabr kuni, ya’ni suddan bir kun avval Toshkentning Yunusobod dahasidagi qatlgohda otib tashlangan va unga shaxsan tegishli bo‘lgan mol-mulk davlat foydasiga musodara etilgan.
Oradan roppa-rosa yigirma yil o‘tgach, X.Devonov ishi qayta ko‘rila boshlandi. Shu vaqtda ushbu maqolada tilga olingan faqat bir kishi – Madrasul Yusupovgina barhayot edi. U NKVD xodimlarining savollariga javob berib, oldingi so‘roq paytida bayon etilgan ko‘rsatmalaridan voz kechgan va ularni o‘qimay turib imzolashga majbur bo‘lganini aytgan va Xudoybergan Devonov to‘g‘risida bunday so‘zlarni aytishni o‘zining vijdoniy burchi deb bilgan:
«Devonov inqilobga qadar Xorazm pulini bosib chiqaruvchi ustaxonaning boshlig‘i edi… Inqilobdan keyin Devonov Xorazm xalq respublikasining moliya xalq komissari bo‘ldi. Taxminan 1924 yoki 1925 yillari suratxona ochib, o‘sha vaqtdan boshlab hamma vaqt surat olish bilan mashg‘ul bo‘ldi. Uni suratkash sifatida qadrlashgan, negaki, u turli-tuman ko‘rgazmalar uyushtirib, ularda Xorazm viloyatining madaniyat, sanoat va qishloq xo‘jaligi sohalarida erishgan yutuqlarini aks ettirgan. Foydali mehnati uchun Devonovni bir necha marotaba mukofotlab, yubileyini o‘tkazishgan va hatto uni Moskvaga ko‘rgazma ishtirokchisi sifatida yuborishgan. Men uzoq vaqt u bilan birga ishlaganman, sirasini aytganda, suratkash sifatida uning shogirdi bo‘laman».
Bu yil o‘zbek kinopublitsistikasi va foto san’atining qaldirg‘ochi Xudoybergan Devonovning tug‘ilganiga 125 yil to‘ladi. Umid qilamizki, shu muborak sana munosabati bilan kinoshunoslarimiz yana Xudoybergan Devonov ijodiy faoliyatini o‘rganishga qaratilgan ishlarini davom ettiradilar. Qadimiy va navqiron Xorazm esa bu ajoyib farzandi xotirasini munosib bir shaklda e’zozlaydi.

Naim Karimov
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2003 yil 32-33-sonidan olindi.