Mikelanjelo: ‘‘Meni tushunmaydilar…’’

San’atdagi daholardan hisoblanmish Mikelanjelo Buonarotti o‘z dastxatini nafaqat Uyg‘onish davrida, balki butun insoniyat tarixida qoldirgan, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Italiyaning ikki yirik shahri – Rim va Florentsiyada hali-hamon uning nafasi barhayot…

Mikelanjelo 1475 yil 6 martda Toskanodagi Kapreze shaharchasida florentsiyalik dvoryan Lodoviko Buonarotti oilasida tavallud topdi. Ba’zi biograflarning yozishicha, uning bobokalonlari italyan graflari avlodidan bo‘lgan. Lekin otasi Lodovikoning topish-tutishi nochorlashgani sabab, Mikelanjeloni boshqa bir oila o‘z boquviga oladi. Hunarmand er-xotinlar qo‘lida tarbiya topgan bola o‘qish va yozishdan ham oldin loy qorish va mayda o‘yinchoqlar yasashni o‘rganadi. Ke­yinchalik do‘sti bo‘lmish san’atshunos Jorjo Vazariga: “Mening baxtim – toza, yumshoq, soz tuproqli yerda tug‘ilganim. San’atga bo‘lgan muhabbat menga asrab olgan onamning mehri orqali o‘tgan”, deb ko‘p bor ta’kidlagan. O‘g‘lining intilishlariga avvaliga qarshilik ko‘rsatgan, so‘ng ko‘nishga majbur bo‘lgan Lodoviko bolakayni mashhur rassom Domeniko Girlandayo ustaxonasiga shogirdlikka beradi.

Bir yil davomida Mikelanjelo ustaxonada san’at sir-asrorlarini o‘rgandi. So‘ng Florentsiya hokimi Lorentso Medichi tashabbusi bilan tashkil etilgan haykaltarosh Bertoldo di Jovanni ustaxonasida ta’lim­ni davom ettiradi. Hokim Mikelanjeloning qobiliyatiga tan berib, uni otalig‘iga oladi. Ikki yil davomida Buonarotti Medichining saroyida rassom lavozimida fa­oliyat yuritadi. Shu yillarda “Zina qoshidagi Madonna” va “Kentavrlar jangi” asarlarini yaratadi.

Mikelanjelo 1494-1495 yillarda Bolonyada yashab ijod qildi va o‘sha yillari Avliyo Dominik arkasi uchun haykaltaroshlik kompozitsiyalarini, Florentsiyaga qaytgandan so‘ng “Avliyo Yohannes” va “Uyqudagi Kupidon” asarlarini yaratdi. 1496 yili kardinal Rafael Rirario uning marmardan yasalgan “Kupidon”ini xarid qilib, o‘zini Rimga taklif qildi.

1501 yilda san’atkor Florentsiyaga qaytib kelib, ijodini davom ettiradi. O‘sha yillarda uning “David”, “O‘n ikki havoriy”, “Avliyo Matto”, “Madonna”, “Kashinedagi jang” kabi mashhur asarlari dunyoga keladi.

Uning mahorati va iqtidori rangtasvir asarlarida ham, plastikaga boy harakatlarda ham, o‘ta murakkab holatlarda ham yaqqol namoyon bo‘ladi. Mikelanjelo Florentsiyada “David” haykalini (Uyg‘onish davri san’atining nodir durdonasi) yaratgan. Bu asar asrlar davomida inson ideal qiyofasining mezoni sifatida e’tirof qilinib kelmoqda. Biroq ijodkor o‘zining kuchli his-tuyg‘u va ichki kechinmalarini aynan rangtasvirda, shakl va rang uyg‘unligida namoyon eta olgan. U Rim papasi Yuliy II ning buyurt­masiga binoan Sekstin kapellasi shiftini muqaddas Injil kitobidan hikoya qiluvchi rangtasvir kompozitsiyasi ila bezagan. Ushbu asarda 300 dan ortiq personaj mahorat bilan tasvirlangan. Muallifning xayolot dunyosi, g‘oyalari shu qadar murakkab va xilma-xilki, ko‘p bora o‘z ichki kechinmalariga qarshi chiqib, asarlarining baxridan o‘tgan paytlari ham bo‘lgan. O‘limidan oldin-ku juda ko‘plab qoralama rasmlarini yondirib yo‘q qilgan. Sababi, boy fantaziyasi va g‘oyalarini oddiy odamlar tushunib yetishga qiynaladi, deb o‘ylagan.

2007 yili Vatikan arxivlaridan birida Mikelanjeloning oxirgi ishlaridan namunalar – Avliyo Pyotr ibodatxonasi gumbazini bezash uchun tayyorlangan qoralama suratlar topildi. Uning asarlari boshqa bir necha muzey va arxivlardan ham topilgan. Ular va Mikelanjeloga tegishli boshqa ijod namunalari uning hozirgi kungacha g‘oyat go‘zal va takrorlanmas haykaltaroshlik hamda rangtasvir asarlari muallifi sifatida e’tirof etilishiga sabab bo‘ldi. Uning ko‘pchilikka noma’lum qirralaridan yana biri – Mikelanjelo ajoyib shoir ham edi. Shoirlik qobiliyati Mikelanjelo umrining so‘nggi yillarida namoyon bo‘ldi. Uning 300 dan ortiq she’rlari, sonetlari hozirgi kungacha saqlanib qolgan. Iste’dodli nemis yozuvchisi Vilgelm Lang Mikelanjeloning adabiy ijodi bo‘yicha izlanishlar olib borib, tadqiqot ham yaratgan.

1536 yilda Rimga kelgan 47 yoshli Markiza Vittoriya Kolonna 61 yoshli Mikelanjeloning chinakam muhabbatiga sazovor bo‘ladi. Rassom aksariyat vaqtini sevimli ayoli bilan o‘tkazar, unga atab otashin she’rlar yozar va uning go‘zal siymosini mo‘yqalamda tasvirlar edi. Biroq Vittoriya ko‘p o‘tmay buyuk san’atkorni yorug‘ olamda yolg‘iz qoldirib, hayotdan ko‘z yumadi. Sevimli ayolining o‘limidan Mikel­anjelo qattiq tushkunlikka tushadi.

Mikelanjelo va Vittoriyaning bir-biriga yozgan dardchil nomalarida bitilgan izhorlar nafaqat biografik dalil-isbot, balki cheksiz o‘y-xayol, o‘tkir aql, otashin muhabbatning jonli namunalari hamdir.

1564 yil 18 fevral kuni hayotdan ko‘z yumgan Mikelanjelo Florentsiyada dafn etiladi. “Bu dunyoni aynan hozir – kasbimni endi-endi hijjalab o‘rgana boshlaganimda tark etayotganimdan afsusdaman”, degan ekan buyuk musavvir o‘limi oldidan…

Shahnoza Qosimova tayyorladi

“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 3-son