Mixli Safarov. Qomusiy daho (Leonardo da Vinchi)

http://n.ziyouz.com/images/leonardo.jpg

Ovrupada XIV-XVI asrlar ora­lig‘ida shijoatli bir sur’atda ro‘y bergan Uyg‘onish davrida (Renessans) ilmiy va badiiy tafakkurning bir guruh alp namoyandalari yetishib chiqdi. Italiyaning buyuk farzandi, zabardast alloma, tengsiz muhandis va musavvir Leonardo da Vinchi ana shunday nodir siymolardan biridir.

Leonardo da Vinchi 1452 yilning 15 aprelida Florentsiya shahar-davlatiga qarashli Vinchi shaharchasi­da 26 yoshli notarius Pero da Vinchi oilasida tug‘ildi. Leonardo bolaligidan ko‘rkam, qaddi-basti kelishgan, g‘oyatda xushsurat yigit bo‘lib o‘sadi. O‘sha davrining taniqli rassomi va haykaltaroshi, Leonardoning ilk murabbiysi Andrea Verokkio afsonaviy qahramon Dovudning haykalini ishlash jarayonida 17-18 yoshli Leonardoning tashqi ko‘rinishini asos qilib olgan.

Leonardo o‘z kundaliklarida o‘zini “kitob ko‘rmagan odam” deb aytadi. Uning kichik zamondoshi, taniqli rassom va tarixchi olim Jorjio Vazari o‘z davrining mashhur rassomlari, haykaltaroshlari va me’morlari hayotiga bag‘ishlangan kitobida (1550 y.) Leonardoni “o‘rmonda tarbiya ko‘rgan bolakay” deb, biroz kulgi bilan qalamga oladi. Darhaqiqat, Leonardo bolaligida biron bir maktabda o‘qimagan, ilk xat-savodini, sanashni va yozishni oilasida ya’ni, otasi Perodan o‘rganadi. U mustaqil ravishda shu qadar savod chiqara oldiki, otasi uning husnixatiga mahliyo bo‘lib, o‘zining barcha notariuslik hujjatlarini unga yozdirar edi. Buning ustiga, bolakay Leonardo o‘z-o‘zidan hayratomuz va ajabtovur suratlar chiza boshlaydi. Uning baliqchalar, chig‘anoqlar, daraxtlar aks etgan suratlari nihoyatda jonli va hayotiy ediki, otasi undan “Bularni o‘zing chizganmisan?” deb so‘raydi. Leonardo asta yelkasini uchiradi. Ota o‘g‘lining chizgan barcha suratlarini jamlab, u bilan birga to‘ppa-to‘g‘ri Florentsiyaga – Andrea Verokkioning ijodiy ustaxonasiga boradi. Bu yerda Leonardo olti yil davomida ijod bilan shug‘ullanadi va Florentsiyada taniqli rassom, haykaltarosh va muhandis-ixtirochi bo‘lib yetishadi. U bu dargohda Andrea Verokkio, Toskanelli, Luka Pacholi kabi Italiyaga mashhur metamatik, tabiatshunos, anatomiyachi olimlardan ko‘p narsa o‘rganadi. Xullas, “o‘rmonda o‘sgan bolakay” o‘z davrining yetuk bilim va malakaga ega bo‘lgan alp yigitlaridan biriga aylanadi.

Uning qobiliyati va iqtidoriga tan bergan ustozi Andrea Verokkio kunlarning birida “Cho‘qintirish” degan rangtasvir asarini yaratish paytida shogirdini hamkorlikka jalb etadi. Leonardo bu asarda bitta farishta va bir necha maysaning suratlarini chizadi, xolos. Ammo bu chizgilar shu qadar jonli va tabiiy chiqadiki, ular butun asarga nafislik va maftunkorlik bag‘ishlaydi. Andrea shogirdining iste’dodiga yana bir bor tan beradi va shundan keyin u musavvirlikdan butunlay voz kechib, haykaltarosh, zargar usta va muhandis bo‘lib qoladi.

Leonardo aynan shu ustaxonada ixtirochi sifatida taniladi. U bevosita odamlar mehnatini yengillashtiradigan, mehnat samarasini oshiradigan texnikaviy qurilmalar yaratishga astoydil bel bog‘laydi. Florentsiyada o‘sha paytda chit va satin matolarini to‘qish ommalashgan, ammo bu dastgohlar qo‘l mehnatini talab qilar edi. Leonardo sohadagi mehnat uskunalarini o‘rganib, yigirish, jun va paxta titish, to‘qish ishlarini bajaruvchi texnikaviy dastgohlar yaratadi. Ammo bu dastgohlar namuna, andoza sifatida qolib ketadi. O‘sha paytdagi davr Leonardo ixtirolarini keng ishlab chiqarish va amaliyotga joriy etish darajasida emasdi. Keyingi yillarda u nimalarni ixtiro qilmadi, deysiz? Yer haydash, yer burg‘ulash, metallurgiya pechlari, velosiped zanjirlari, shishasozlik, ko‘zoynak, o‘ziga xos tank, pulemyot, suv osti kemasi… 1972 yilda Parijda chiqadigan “Ekspress” gazetasi Leonardo o‘z davrida bug‘lanish va elektrotexnika qo‘llanilmasdan ishlatiladigan deyarli barcha mexanik qurilmalarni yaratishga ulgurganligi to‘g‘risida yozgan edi.

Boz ustiga, Leonardo o‘z davrining buyuk tabiatshunos, matematik olimi ham edi. 1882 yilda Ovrupada nashr etilgan fizika fani tarixiga doir bir yirik qomusiy kitobda: “U fizika fani sohasida nihoyatda keng va o‘tkir aql-idrokni namoyish eta oldi. Leonardoning qarashlari o‘z asridan bir necha yuz yillarga ilgarilab ketgan edi”, deyiladi. “Hayratlanarli jihati shundaki, – deb yozadi bizga zamondosh fan tarixchisi Irina Radunskaya, – tibbiyot sohasi mutaxassislari emas, balki aynan ana shu rassom (ya’ni Leonardo!) inson dumg‘azasidagi umurtqa suyaklarining miqdorini aniqlab bergan edi”. “Yuzta buyuk kashfiyot” nomli ilmiy-ommabop kitobda esa: “Uning (Leonardo da Vinchining) ilmiy qarashlarida hozirgi geologiya faniga poydevor bo‘lib xizmat qiladigan tadqiqot undalari (printsiplari) mavjud” degan xulosani uchratamiz.

U, ayniqsa, matematika fanini juda qadrlardi. Hatto u uchadigan qushlarni o‘zining qaydnomalarida “matematik qonuniyatlar asosida harakatlanadigan mavjudot” deb ta’riflagan edi.

Darvoqe, qushlarning tana va qanot tuzilishlari, ularning mitti a’zolari o‘rtasidagi o‘zaro mutanosiblikni chuqur o‘rgangan Leonardo tarixda birinchi bo‘lib uchish nazariyasini va uchish qurilmalarini yaratishga muvaffaq bo‘ldi. Hozirgi samolyotsoz konstruktorlar uning uchish nazariyasining mukammalligini yakdillik bilan e’tirof etmoqdalar.

Leonardoning kundaliklarida “geometriya – nuqta va chiziqlardan boshlanadi”, degan oddiy qoidadan tortib, arifmetika, geometriya, trigonometriyaga oid murakkab qoi­dalarning o‘ziga xos, “Leonardochasiga” bayon etilgan namunalari ko‘plab uchraydi. Ayniqsa, uning “Oltin kesishuv” nazariyasi me’morchilik va musavvirlik san’ati rivojiga samarali xizmat qilib kelmoqda va u “matematikaning oltin­ qoidalaridan biri” deb tan olingan. Leonardoning tasviriy san’atdagi “perspektiva” (istiqbol), “pro­portsiya”­ (mutanosib­lik) masalalariga oid nazariy qa­rashlari ham katta qimmatga ega.

Leonardo da Vinchining boshqa ko‘pgina ilm-fan sohalariga (masalan, botanika, fiziologiya, optika, astronomiya, ma’danshunoslikka) oid ilmiy-nazariy qarashlari ham bugun benihoya qadrlanib kelinmoqda. Uning muhandislik, me’morchilik, mexanikaga oid kundalik daftarlaridagi g‘oyalar, loyiha tarzida qolgan chizmalari XIX–XX asrda ko‘pgina ixtirolarga asos, turtki bo‘ldi. Leonardo – qomusiy daho edi. Tarixchi va madaniyatshunos olimlar gohida hazil ohangida: “Leonardoning ha­yotda shug‘ullangan sohalaridan ko‘ra shug‘ullanmagan sohalarini sanab ko‘rsatish osonroq” deyishadi. Modomiki, “daho” degan ta’rifni Leonardoga tadbiqan ishlatayotgan ekanmiz, shuni aytish kerakki, daholik uning tabiatida, hayotga oddiy qarashlarida aks etib turardi. Masalan, 1492 yilda sayyoh Kolumb o‘zi bilib-bilmay Amerika qit’asini kashf etdi. Ammo buning uchun o‘zi boshliq dengizchilar bilan Atlantika okeani orqali uchta kemada 70 kun yo‘l bosdi. Leonardo bu xabarni Italiyada turib eshitganida qirq yoshda edi. Tabiiyki, bu ulug‘ safarni o‘z davrida har kim har xil qabul qildi. Birovlar Kolumb jasoratiga qoyil qoldi, yangi qit’a to‘g‘risidagi bu xabar esa boshqalarni qattiq hayajonga soldi. Kolumb o‘sha qit’adan olib kelgan oltinlar birovlarning oromini ham o‘g‘irladi. Leonardo bu voqeani xotirjamgina eshitdi. O‘sha olis qit’aga 70 kun mobaynida ummonlar osha suzib borishdan ko‘ra, bir necha soatda uchib borish mumkinmasmikin, degan fikr uyg‘onadi unda. Va bu fikrni ro‘yobga chiqarish uchun u umrining qolgan chorak asrini sarfladi. Bunday fikr faqat o‘ta jur’atli va favqulodda tarzda fikr yuritadigan antiqa, ajabtovur odamlarda – daholarda uyg‘onishi mumkin. Leonardo tarixdagi ana shunday, taraqqiyotga kuch va qanot bag‘ishlaydigan kuchli va g‘aroyib shaxslardan biri edi.

Leonardo diniy-ilohiy tafakkurdan dunyoviy tafakkurga o‘tish davri bo‘lgan Uyg‘onish asrlarining dahosidir. U Ovrupa Uyg‘onishiga katta jo‘shqinlik bag‘ishladi. Tabiatshunoslik fanlarini rivojlantirdi. O‘rta asrlarga xos kitobiy bilim va aqidalardan – sxolastikadan yuz o‘girib, bevosita atrofdagi olamni, tabiatni va insonni chuqur tahlil va tadqiq etishga kirishdi. Tajriba, amaliyotni “murabbiylarning murabbiysi” deb bildi. Leonardo ilmda va ijodda nimaiki yutuqlarga erishgan bo‘lsa, bularning barchasini hayotdan va odamlarni o‘rganishdan topdi. Leonardo hayotiy tafakkurlarning cho‘qqilariga ko‘tarildi va realizmning buyuk ne’matlariga erishdi.

Ayniqsa, Leonardo da Vinchining musavvirligi realizmning nimalarga qodirligini katta kuch-qudrat ila namoyish etdi. Bir qarashda uning ko‘pgina asarlari diniy-ilohiy mavzular va diniy-ilohiy siymolarga bag‘ishlaganday bo‘lib tuyuladi. Uning Milan monastridagi “Maxfiy oqshom” (1495-1497) devormanzarasi chizgilarini o‘z zamondoshlari va hozirgi kunlardagi ixlosmandlari ko‘zlariga surtib tavof qilishlarini aytishadi. Uning madonnalarga ba­g‘ish­langan “Madonna Benua” (1478 y­),­ “Madonna Litta” (1470-1490 yillar), “Qoyadagi Madonna” rangtasvirlari ham isoviya dinining tabarruk kitoblaridagi rivoyatlar va siymolarga tayanadi. E’tiborlisi shundaki, bu diniy-ilohiy syujetlar va qahramonlarni Leonardo mutlaqo hayotiy, insoniy ruh va mazmun-ma’nolarda talqin etadi.

Masalan, diniy kitob (“I­n­jil”­)da bayon etilgan rivoyatlarga ko‘ra, kechki ovqat mahalida Iso Xristos stol atrofida o‘tirgan havoriylariga nihoyatda sovuq xabarni – o‘zini ulardan biri ayg‘oqchilarga sotib qo‘yganligini ma’lum qiladi. Bu xabar davrada o‘tirganlarni larzaga keltiradi. Havoriylar noqulay ahvollarga tushib qoladilar. Yosh Ioanning boshi bu afsuslanarli voqeadan egiladi. Qoni qaynoq, qovog‘i soliq Pyotrning qo‘li belidagi xanjarga yopishgan, u bunday xoinni chavaqlab tashlashga tayyor. Foma mash’um xabarga ishonib-ishonmay, olazarak o‘tiribdi. Yakov: “Bu yog‘i qanday bo‘ldi?” deganday qo‘llarini ikki tomonga yoygan – Iso Xristos o‘rtada xotirjam, so‘lg‘in, o‘ychan, madorsiz qo‘llarini stolga bosib o‘tiribdi. Sotqin Iuda esa… bezovta ruhda. Ular diniy-ilohiy siymolar. Lekin tasvirda har biri o‘ziga xos insoniy qiyofada gavdalantirilgan. Unda muhabbat va nafrat, sadoqat va xiyonat, oliyjanoblik va tubanlikning o‘zaro kurashidan iborat abadiy mavzular insoniy fazilatlar va qarashlarda o‘ziga xos tarzda namoyon bo‘lgan.

Leonardo da Vinchining madonnalari ham hayot tayanchi bo‘lmish onalarga xos sohir his-tuyg‘ularni o‘zida mujassam etgan.

Musavvirning mashhur asarlaridan biri “Jokonda” (1503 y) portret asaridir. Uni “Mona Liza” deb ham atashadi. Ammo bu atama san’at tarixida doimo bahsli bo‘lib kelyapti. Shunga qaramay, ushbu portret realis­tik tasviriy san’atning eng nodir asarlaridan biri sanaladi. Parijdagi Luvr muzeyi devorida ilinib turgan “Jokonda” portretidagi ayol bamisoli tirikdek, go‘yo sizga tikilib turganday…

Bunday jonli tasvirni ishlash tarixda kamdan-kam musavvir­larga nasib etgan. Uning ru­hi­yatidagi murakkablik kishini mu­lohazaga, mushohadaga, fikrlashga undaydi. Asarda hayotning barcha chi­­g‘iriqlarini, pastu balandini matonatli va oqilona yengib o‘tgan va idrok etgan ayol bilinar-bilinmas jilmayib turibdi. Bu nimtabassum harorati butun asarga yoyilib, unga nur bag‘ishlayotganday. Tasvirdagi mana shu bilinar-bilinmas, tutqich bermaydigan ruhiy bir ifoda ital­yan tilida “sfumato” deyilar ekan. Mana shu sfumato Leonardoning deyarli barcha asarlarida u yoki bu holatda ko‘zga tashlanib, ularga sehr bag‘ishlab turadi. Sfumato – san’atda Leonardoning kashfiyotidir.

Tarixda Leonardoning atigi 8 yoki 9 ta asari saqlanib qolgan, xolos. Ammo shu sanoqli asarlaridir Uyg‘onish davrining o‘lmas, abadiylikka yuz tutgan durdona asarlardir.

Biz yuqorida Leonardoni mohir musavvir sifatida e’tirof etdik. Zotan uning ko‘pchilik bilmaydigan yana bir qancha qirralari ham bor. U sozanda, xonanda, yozuvchi, shoir va me’mor ham edi. Uning sonetlari, teran ma’noli masallari bugungi kunda ham sevimlidir. U yaratgan nay sozi hozirda Italiya muzeylaridan birida saqlanadi. Yana bir musiqiy asbobi esa keyinchalik violonchel sozini yaratishga zamin bo‘ldi.

Leonardodan o‘z qo‘li bilan yozgan bironta kitob bizga meros bo‘lib qolmagan. Undan bor yo‘g‘i 7 ming sahifadan sal ko‘proq hajmdagi kundalik qo‘lyozmalar qolgan, xolos. Ular ham antiqa tarzda yozilgan bo‘lib, chapdan o‘ngga qarab o‘qiladi. Uning yozuvlarini ko‘zguga tutilsa, harflari o‘nglanadi. Shu boisdan, bu qo‘lyozmalarni o‘qish va ayniqsa, kitob holida nashr etish mutaxassislar uchun “igna bilan quduq qazishdek gap” bo‘lib keldi. Lekin, baribir, ular kitoblarga aylandi va Leonardoning ko‘p jildli kitoblari dunyo tillarida bir necha bor nashr etildi. Uning kundaliklari to‘g‘risida XVIII asr oxirida matnshunos bir olim ilmiy ma’ruza qiladi. Keyin Leonardo merosiga qiziqish kuchaydi. Ularni nashr etishga esa XX asrning ikkinchi yarmidan kirishildi. Bugun ana shu qo‘lyozmalar “Leonardo” degan buyuk qomusiy ilmiy va ijodiy olamni dunyoga tanitdi va undagi boyliklar hayratga soldi. Kundalik daftarlarning sahifalarida tabiat va qushlarga oid kuzatishlar, turli fanlarga oid ilmiy farazlar va xulosalar, tasviriy san’atga oid nazariy o‘ylar, turli muhandislik chizmalari, loyihalar, rasmlar, sonetlar, teran ma’noli masallar… Bu yetti ming sahifali qo‘lyozmalardagi qalamchizgi suratlarning o‘zi – alohida boy bir dunyo. Ular biologiyaga, geologiyaga, anatomiyaga, jo‘g‘rofiyaga va boshqa fanlarga oid. Shuningdek, betak­ror tabiiy lavhalar, qiyofalar, qiyofalarning ayrim qismlari, kelajakda yaratilishi niyat qilingan yirik asarlarning mitti eskiz holatdagi dastlabki qoralamalari… Bu qo‘l­yoz­malar hali ko‘p o‘rganiladi va ko‘p ma’naviy ozuq beradi. Leonardoning yangi va yangi qirralari ochilaveradi…

“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 4-son