Matluba Temur qizi. Musiqa ilmining xazinaboni

Xotiralarning eng nozik tomoni – ular hamisha “o‘tgan zamon fe’lida” yoziladi. Shu sababdan ham o‘tganlarni yod etganda odatda zamondoshlarning xotiralariga, hujjatlarga va ular haqida yozilgan bitiklaru ma’lumotlarga suyaniladi.

Benazir iste’dod sohibi, bastakor, xonanda va sozanda, akademik Yunus Rajabiy haqida so‘z yuritganda ham huddi shunday.

1897 yilning 5 yanvari. Toshkentning Chaqar mahallasidagi bog‘bon Rajab ota hovlisida chaqaloq dunyoga keladi. Unga Yunus deb ism qo‘yishadi. Rajab ota asli bog‘bon bo‘lsa-da, juda serzavq, san’atni jon-dilidan xush ko‘radigan kishi edi. U o‘g‘lini yoshligidan turli yig‘inlarga, davralarga olib borar, jajji Yunus esa sozanda va xonandalar ijrosidagi diltortar kuy va qo‘shiqlarni maroq bilan tinglab, o‘rganishga harakat qilardi. Yunus Rajabiy dastlab akasi Rizqi Rajabiyga ergashib dutor sozida kuylar mashq qila boshlaydi. Keyinchalik esa andijonlik Mirzaqosim hofizdan Toshkent va Farg‘ona vodiysida aytiladigan maqom parchalarini tinglab o‘rganadi va dutor chalib ashula ayta boshlaydi. U sekin-asta Mulla To‘ychi Toshmuhammedov, Shorahim Shoumarov singari san’atkorlar nazariga tushadi. Ular ijro etgan maqom ashulalarini bor diqqat-e’tibori bilan o‘rganishga bel bog‘laydi. 1919 yilda u Toshkentda ochilgan xalq Konservatoriyasining milliy musiqa bo‘limiga kirib o‘qiydi va xalq musiqa merosi durdonalarini, ayniqsa, maqom yo‘llarini sozanda va xonandalarga o‘rgatishda ustozlar an’anasiga sodiq qoladi. 1923 yili Yunus Rajabiy akasi Rizqi Rajabiy, Imomjon Ikromov va Ismat changchi bilan birga Samarqand bilim yurtiga yuboriladi. Ular bu yerda Hoji Abdulaziz Abdurasulov bilan tanishadilar va to‘rt yil davomida ta’lim oladilar. Yunus Rajabiy bu to‘g‘rida o‘z xotiralarida shunday degandi: “Biz Samarqandda to‘rt yil turdik, soz chaldik, ashula va qo‘shiqlar aytdik. Hoji Abdulazizning ashula yo‘llarini o‘rgandik. Shashmaqom yo‘llari bilan shu yerda tanishdik. Xullas, Hoji Abdulaziz bizga ustoz bo‘lib qoldi”.

1924 yilda Hoji Abdulaziz Yunus Rajabiyni Buxoroga olib boradi va u yerli bilimdon ustozlar Ota Jalol, Usta Shodi Azizov, Qori Kamol, Qori Najm, Abdusaid Begijon singari taniqli maqom ustalari bilan tanishtiradi.

Maqom ashulalari, kuylari uning hayoti mazmuniga aylanadi. Endi u tunlari bilan mijja qoqmay, yodida saqlab qolgan xalq kuylarini oz-ozdan notaga sola boshlaydi. U bu kuylarni shunchaki ko‘r-ko‘rona notaga tushiravermas, har bir musiqa asarini qayta o‘zlashtirib, o‘zining ijrochilik va bastakorlik tajribasiga suyanib ish ko‘rardi. Akasi Rizqi Rajabiyning aytishicha, bastakor olti yuzga yaqin kuy, ashula va qo‘shiqlarni yoddan bilgan. 1937 yilda chop etilgan “O‘zbek xalq qo‘shiqlari”ning ikkala jildiga bastakorning turli janrlardagi notaga olgan xalq kuylari, ashula va qo‘shiqlari kiritildi. Uning repertuaridagi “Ushshoq”, “Talqini bayot”, “Bayot 1”, “Koshki”, “Girya 1”, “Chorgoh 1”, “Qalandar 1”, “Adoyi 1-II”, “Ko‘chabog‘i 1-II” kabi o‘nlab ashulalar xonanda tomonidan yuksak mahorat bilan ijro etilib, unga katta shuhrat keltirdi.

Shuningdek, “Eshvoy”, “Kurd”, “Qalandari”, “Shahnozi gulyor”, “Qaro ko‘zim”, “Dugohi Husayniy”, “Chorgoh”, “Miskin”, “Nasrulloyi” kabi maqom yo‘llaridagi ashulalar hamda u tiklagan “Subhidam”, “Yolg‘iz”, “Sayqal”, “Segoh”, “Dugoh” va boshqa o‘zbek xalq kuy va ashulalari tinglovchilar qalbini hamon hayajonga solib, yuraklarni to‘lqinlantirib kelmoqda. Hassos san’atkorning sa’y-harakatlari o‘laroq, 1939 yilda E.Romanovskaya va A.Akbarovlar tomonidan tuzilgan “O‘zbek xalq qo‘shiqlari” to‘plamiga u notaga olgan 29 ta ashula va xalq qo‘shiqlari kiritilgan. Bir zum ham ijod va izlanishdan to‘xtamagan san’atkor 1955-59 yillarda (A.Akbarov tahriri ostida) 5 jildlik “O‘zbek xalq musiqasi” to‘plamini nashr ettirdi. Unda mingga yaqin o‘zbek, tojik va uyg‘ur kuy ashulalari “Buxoro shashmaqomi” “Farg‘ona-Toshkent” maqom yo‘llari, katta ashula va o‘nlab bastakorlarning asarlari joy olgan. 1966-74 yillarda F.Karomatov tahriri ostidagi “Shashmaqom”ning 6 jildlik yangi nashri ham Yunus Rajabiyning uzoq yillik izlanishlari samarasidir. Bastakor musiqali drama teatrlari uchun ham bir qator opera va kuylar yaratdi. Masalan, Xurshidning “Farhod va Shirin” (1922-25), U.Ismoilovning “Rustam” (1933), A.Hidoyatovning “Avaz” (1935), Hamzaning “Xolisxon” (1940) spektakllariga xalq ashulalari asosida kuylar bastalagan bo‘lsa, keyinchalik S.Abdulla va Chustiyning “Qo‘chqor Turdiyev” (1942) B.Nadejdin bilan hamkorlikda A.Umariy va Uyg‘unning “Qasos” (1941), G.Mushel bilan hamkorlikda H.Olimjonning “Muqanna” (1943) singari bir qator dramalariga kuylar yozib, o‘zbek musiqali drama janrining shakllanishiga o‘z hissasini qo‘shdi.

Atoqli bastakor, akademik Yu.Rajabiy O‘zbekiston televideniyesi va radio eshittirish qo‘mitasi huzurida “Maqom” ansamblini tashkil etdi hamda badiiy rahbari sifatida uzoq yillar faoliyat ko‘rsatdi. Bugungi kunda bu ansambl uning muborak nomi bilan ataladi. Bundan tashqari Jizzax musiqali drama teatriga va Toshkent musiqa pedagogika bilim yurtiga, Toshkentdagi markaziy ko‘chalarning biriga hamda Toshkent metropoliteni bekatlaridan biriga uning nomi berilgan.

O‘zbek xalqining musiqasi va qo‘shiqchilik san’ati ravnaqiga qo‘shgan ulkan xizmatlari uchun bastakor 1958 yilda O‘zbekiston Xalq artisti unvoni, 1973 yilda Respublika Davlat mukofoti bilan taqdirlandi. 1966 yili O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining haqiqiy a’zosi etib saylandi. 2000 yilda esa u “Buyuk xizmatlari uchun” ordeniga sazovor bo‘ldi.

Darhaqiqat, dunyoda shunday insonlar borki, ular garchi oramizda yo‘q bo‘lsalar-da, ularning qilgan ezgu ishlari, o‘zlaridan qoldirgan boy madaniy va ma’naviy merosi bizga ular haqida so‘ylab turgandek tuyulaveradi. Insonning baxti ham, qadri ham ana shunda emasmikin…

“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 1-son