Hayratdan tug‘ilgan ijod (Vasiliy Surikov)

Krasnoyarsk o‘lkasidan chiqqan rassom deyilishi bilanoq, tasviriy san’at shaydolarining hayoliga Surikov keladi. U asarlarini mutlaq sof bo‘yoqlar uyg‘unligiga, tasvirlanayotgan hodisaning haqqoniyligiga, qahramonlarining ruhiy kechinmalariga e’tibor qaratgan holda yaratadi.

1848 yilning 24 yanvari, Krasnoyarsk… Tarix zarvaraqlariga bu sana rassomchilikka yeng shimarib kirib kelgan, sarafroz ijodi ila tanilgan Vasiliy Ivanovich Surikovning tavallud kuni sifatida muhrlandi. Bolaligidan tasviriy san’atga qiziqishi katta bo‘lgan Vasiliyning iste’dodini uning uyezd bilim yurtidagi o‘qituvchisi N.V.Grebnev sezadi. Muallim Vasiliy zimmasiga o‘tmishdagi rassomlarning ishlaridan namunalar ko‘chirish vazifasini qo‘yadi. Yulduzni benarvon uradigan bolakay o‘zining ilk murabbiyi haqida keyinchalik fahrlanib shunday deydi: “Grebnev menga rassomchilik sir-asrorlarini o‘rgatish jarayonida, erishgan natijalarimni ko‘rib, quvonchdan ko‘ziga yosh olgudek bo‘lardi”.

Tasviriy san’atga bo‘lgan mehr-muhabbat uni Sankt-Peterburgga yetaklaydi. Neva bo‘yidagi shahar Surikovning xotirasida 1869-1875 yillar davomida Peterburg Rassomlar Akademiyasida muallimi Chistyakovdan ta’lim-tarbiya olgani hamda maktabning eng yaxshi o‘quvchisi deya e’tirof etilgani bilan abadiy muhrlanib qoladi.

Ijodkor 1877 yildan boshlab Mos-kvada yashay boshlaydi va o‘z ijodini shu yerda davom ettiradi. U Moskvadagi hayotini shunday tasvirlaydi: “Men bu shaharga kelishim bilanoq, xuddi bir yukdan xalos etilgandek bo‘ldim. Lev Tolstoy ta’kidlaganidek, eski anduhlar ko‘tarildi… Shahardagi haykallar, maydonlar Sibir taassurotlarimni esga olib, bo‘yoqlarda aks ettirish imkonini berdi. Men haykallarga bamisoli tirik insonlarga qaragandek razm solardim va hatto ulardan so‘rar edim ham: “Ciz ko‘rgansiz, eshitgansiz, demak guvohsizlar!”. Ular o‘z xotiralarini so‘z bilan ifoda eta olmasdilar, xolos… ”

1878 yili Surikov Yelizaveta Avgustovna Sharega uylanadi. Keyinchalik ular ikki nafar shirintoy qiz – Olga va Yelenaning ota-onasi bo‘lish baxtiga musharraf bo‘lishadi. Shu davrda mo‘yqalam sohibi unga yanada shuhrat olib kelgan bir qancha kartinalarni yaratadi.

Surikov tarixiy rassomchilik bo‘yicha nihoyatda kuchli mutaxassis edi. 1881 yilda nihoyasiga yetkazilgan “O‘qchi askarlarni jazolash tongi” surati tezda san’at ahli e’tiboriga tushadi. Suratda Rossiya tarixida jiddiy, tub burilish yasagan voqealar, rus xalqining turli toifalariga mansub vakillarining o‘ziga xosligi zo‘r zavqu shavq bilan polotnoga tushirilgan bo‘lib, ijodkor ushbu suratning yaratilish tarixi haqida shunday degan: “ Men bu rasmni chizganimdan so‘ng har kuni tushimda jazolanganlarni ko‘rar edim. Atrofdan qonning hidi kelayotgandek bo‘lardi. Tunlari alahsirab chiqardim. Ko‘zimni ochishim bilan hammasi ortda qolardi – ming shukrki, hech qanday dahshat yo‘q edi. Bu qo‘rqinchu vahimalar aslo meni tark etmasdi. Vaholanki, men chizgan suratda na qon, na qirg‘in aks ettirilgan edi. Shundan so‘ng bir kuni Ilya Yefimovich Repin kelib suratga razm soldi-da, shunday dedi: “Nega bu yerda umuman jazolanayotgan yo‘q? Hech bo‘lmasa ulardan birontasini dorga osib qo‘ymaysizmi?..” Shundan so‘ng men uning taklifini sinab ko‘rmoqchi bo‘ldim va qo‘shimcha ravishda dorga osib qo‘yilgan o‘qchi askarni chizib qo‘ydim. Shu damda xonaga enaga kirib qoldi-yu suratni ko‘rib gup etib yiqildi…”

“Berezovadagi Menshikov” asari Surikovga nafaqat shuhrat, balki mo‘maygina daromad ham keltirdi. Shundan so‘ng Vasiliy Yevropaning Germaniya, Frantsiya, Italiya, Avstriya kabi davlatlarga sayohatga chiqadi.

Taqdir taqozosi bilan 1888 yilda Surikovning mehribon turmush o‘rtog‘i olamdan o‘tadi. Tushkun kayfiyat va ruhiy iztiroblar ichida qolgan ijodkorning rassomchilikka bo‘lgan ixlosi qaytadi. Shundan so‘ng, 1889 yili farzandlari bilan ona shahri Krasnoyarskka yo‘l oladi. Bolalikning sho‘xliklari yodiga tushadimi, kindik qoni to‘kilgan zaminning qaynoq tafti ta’sir qiladimi, harqalay, ijodkor yana san’atga qaytadi. U yerda “Qorli shaharchani ishg‘ol etish” nomli kartinasini yaratadi Olqishlarga sazovor bo‘lgan bu asar 1900 yilda faranglar poytaxti Parijdagi ko‘rgazmaga qo‘yilib, o‘z muallifini medal bilan taqdirlaydi.

Ijodkor o‘zining so‘nggi yirik asarlaridan biri bo‘lgan “Stepan Razin” ustida bir necha yil davomida ishlaydi. Uning birdan bir maqsadi isyonkor qahramonning kuchli ruhiy holatini yoritib berish edi.

Ijod ahli mashhurlikka qadam qo‘ydimi, bas, tanqidga ham bardosh berishi kerak. Tanqidchilar Surikovni tasvirlaridagi zichlik, izchillikning yetishmasligida ayblashardi hatto, uning asarlarini “Kimxob gilam” deya atashardi. San’at asarini qandaydir gilamga qiyoslash tubanlikdan o‘zga narsa emas. Nachora, har yomonning ham bir yaxshisi bor…

1910 yili Krasnoyarskda Surikov hamda L.A.Chernishev himmati bilan tasviriy maktab bunyod etiladi. Ta’lim dargohi uchun o‘quv qurollarini Surikovning o‘zi Peterburgdan yuborar edi.

“Men g‘oyib bo‘lyapman” – mohir mo‘yqalam sohibi Vasiliy Ivanovich Surikovning hayoti shu so‘zlar bilan o‘z poyoniga yetdi. 1916 yil 19 martda rassomning yuragi urishdan to‘xtadi. Uni Moskvadagi Vagandov qabristoniga dafn etilgan umr yo‘ldoshining yoniga tuproqqa qo‘ydilar. Bunga qadar u qirq yil davomida o‘zining buyuk asarlari ila barchani hayratga solgan edi. Ijodkorning “Boyar ayol Morozova”, “O‘qchi askarlarni jazolash tongi”, “Suvorovning Alp tog‘laridan o‘tishi” kabi uning yana boshqa bir qator suratlari rus rassomlik san’atida alohida o‘rniga ega.

1959 yili rejissyor Anatoliy Rыbakov tomonidan uning hayoti va ijodi haqida hikoya qiluvchi film olindi. Merkuriydagi karterlardan biri ham Surikov nomi bilan atalgan.

Gulhayo Abdug‘afforova tayyorladi

“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 1-son