Hamidulla Akbarov. Adib tafakkuri, aktyor talqini (yozuvchi va ijrochi hamkorligi masalalari)

http://n.ziyouz.com/images/uzbekkino.jpg

Ijrochilik san’ati hamda yozuvchi faoliyati bir-biriga o‘xshash ko‘rinadi. Aktyor ham, adib ham qahramonini, u istiqomat qiladigan mediamuhitni tasavvur etadi, personajning har bir daqiqadagi hayotini hamda unga jo‘r bo‘ladigan jismoniy harakatini “kuzatib boradi”, o‘ylari hamda talaffuz etayotgan so‘zlari biri ikkinchisini ifodalashini yoxud ular bir-biriga zid bo‘lishi sabablarini ifoda etadi. Ifoda vositalari farq qiladi: biri, yozilgan so‘z bilan, ikkinchisi, aytiladigan so‘z, ruhiy holat taqozosi bilan qo‘llaniladigan xatti-harakat, imo-ishora, ichki kechinmalarni ta’riflashga yordam beradigan lirik-psixologik portretlar ko‘magida badiiy-estetik vazifalarni bajaradi. Rang, musiqa sadolarini ifodalash, mizansahnani qurish, qahramonni turli makonda va zamonda ta’riflash imkoniyatlaridan foydalanadigan, hatto qahramonning hid sezish qobiliyatini hisobga oladigan adib yagona quroli – badiiy so‘zni kommunikatsiya hamda estetik vazifalarni bajarishga qaratadi. Bu qurol – qudratli. Ta’sir kuchi beqiyos. G‘oyaning verbal ifodasini ta’minlashda taqribiylik emas, muayyanlik talablari ustun turadi. Shu bois bastakor yozayotgan musiqalari badiiy so‘z kabi aniq bo‘lishini, tarona muallifining fikri-zikri, hayajoni, ezgu niyatini aniq ifodalaydigan yozilgan so‘zdek “nishonga tegishini” orzu qiladi. Yozuvchi esa tanlagan, oq qog‘ozga naql etgan so‘z, iboralar musiqadek tinglovchiga bevosita ta’sir etishini, yurakka darhol oziq berishini orzu qiladi. Aktyor o‘z faoliyatida adib tasavvuridagi tasvirdan kelib chiqadi. Lekin pesa yoki stsenariyning o‘zgarib boradigan ko‘rinishlaridan yoxud mashhur kitobdan ilhom oladigan aktyor tasavvurida personaj originaldan birmuncha farq qilishi mumkin. Bunday mulohazani kitobxonning badiiy tasavvuri haqida ham aytishi mumkin. Har bir mushtariyning o‘z Kumushi, Otabegi, Anvar va Ra’nosi bor. Ular tub mohiyati bilan Qodiriy yaratgan personajlarga yaqin bo‘lsa-da, kitobdagidan birmuncha farq qilishi mutolaa qilayotganlarning yoshi, estetik tayyorgarligi, “personajlarga bo‘lgan munosabati”, adabiyot mahsulotini qabul qilish psixologiyasiga bog‘liq.

Aktyor – muallif – rejissyor muloqotida dramatik holatlar ro‘y berishining sabablaridan biri shundamikan? Oydin Norboyeva “Vijdon amri bilan” filmida bosh qahramon – qishloqda yashaydigan o‘zbek ayoli zamonaviy modaga binoan tikilgan oppoq paltoda yurishi ko‘rkam ko‘rinsa-da, o‘sha davr qishloq hayotiga zid, deb bilgan. Bunday tantanali, barchani diqqatini tortadigan libos, adabiy stsenariyda, rejissyor eksplikatsiyasida qayd etilishiga qaramay, aktrisa rozi bo‘lmagan. Uning tasavvuridagi o‘zbek qizi arxitektor bo‘lsa-da, qishlog‘ida o‘zgacha kiyimda yurishini tasavvur etgan.[1] Rahim Pirmuhamedov “Ulug‘bek yulduzi” filmida oshpaz rolini o‘ynashi damlarida stsenariy matniga o‘zgartirish kiritishni taklif etgan. Rejissyor Latif Fayziyev: “Ulug‘bek va Xo‘ja Ahror o‘rtasida bahs ketayotgan damda siz kadrga kirib kelasiz-da, shoh va olimga murojaat etib so‘z aytasiz”, deb talab etdi. Men e’tiroz bildirdim. Ikki buyuk allomani suhbati, munozarasiga oddiy oshpaz favqulodda suqilib kirishini tasavvur etasizmi, deb hayron bo‘ldim. Bilishimcha, rejissyor shu yo‘l bilan bahsni bo‘lmoqchi, tugatmoqchi bo‘lgan. Stsenariyni o‘qiganimda, bu vaziyatni o‘zgacha tasavvur etgan edim. Rejissyorni ko‘ndirish oson bo‘lmadi.[2]

Keyinchalik o‘zi ham stsenariy yozgan va uni rejissyor hamda bosh rol ijrochisi sifatida ekranga olib chiqmoqchi bo‘lgan[3] aktyor kinoda yaratgan deyarli barcha obrazlarini adib sifatida to‘ldirgan, so‘ngra ijro etgan. Zarur bo‘lganda stsenariy mualliflari emas, kinematografik ijoddan yiroq bo‘lgan yozuvchilarga murojaat etib matnni to‘ldirgan, talqin yo‘llarini boyitgan. Aktyor o‘sha damlarni eslab ayrim tafsilotlarni aytgan edi: “Abulxayr obrazi “Abu Ali ibn Sino” filmining bosh qahramoniga qarshi qo‘yilgan edi. Bu zo‘raki tabib zo‘raki “duo” o‘qib bemorni davolamoqchi bo‘lishi, dard og‘irlashuvi, fojiaga sabab bo‘lishini ko‘rsatish S.Ulug‘zodaning stsenariysida aytib o‘tilgan edi. Kinoda, bilasiz, voqea tafsilotlari hamda ularga bo‘lgan munosabatlar ko‘rsatilishi, eshittirilishi talab etiladi. Bu epizodda duo qanday o‘qilishi, uni matni mazmuni, jumlalar tuzilishi, qanday “sehrli” so‘zlarga urg‘u berilishi ta’riflanmagan. Tabib qanday libosda bo‘lishi, harakatida ma’no bo‘lmasligi, portretda sun’iylik, shubha alomatlari ko‘zga tashlanishini ko‘rsatishim lozimligini angladim, shu yo‘lda izlanish davom etdi. Lekin harakatimni to‘ldiradigan, talaffuzda jaranglab turadigan, aslida esa birorta ma’noga ega bo‘lmagan, biri ikkinchisi bilan bog‘lanmaydigan so‘zlarni ko‘p izladim. Bir-ikki so‘z (masalan, “zarbulbul…”) topdim, xolos. Shunda G‘afur G‘ulomning Arpapoyadagi uyiga bordim. Dardimni aytdim. Birgalashib tushunib bo‘lmaydigan, lekin jarangdor so‘zlar yig‘indisini arab alifbosiga binoan qog‘ozga tushirdik. Minnatdorchilik bildirib, o‘sha adabiyot, til qonuniyatlariga mutlaqo javob bermaydigan, lekin zo‘raki tabibga ta’rif beradigan dabdabali so‘zlar, jimjimali jumlalarni yodlashga kirishdim. Ertasiga, suratga olish maydonchasida grimdan oldin rejissyor K.Yormatovga yodaki aytib bergan tuturiqsiz so‘zlar ma’qul bo‘ldi. Aytish ohangi kulgi uyg‘otdi. Rejissyor to‘la erkinlik berdi. Tasmani ayamadi. Bemor atrofida aylangan holda uni davolagandek bo‘ldim-da, menga – zo‘raki tabibga atalgan qo‘zichoqni yetaklagancha xonadonni tark etdim… Voqeani kulgili davomini eshiting. Shu – “Abu Ali ibn Sino” filmini Moskvada rus tiliga dublyaj qilmoqchi bo‘lishganida, haligi “matnni” hech tushuna olmay, uning ma’nosini anglay olmay menga telegramma berishdi. Voqeadan voqif bo‘lgan hamkasblarim o‘sha epizoddagi birorta so‘zni o‘zgartirmasdan, aniqrog‘i, uni tarjima qila olmasdan aynan qoldirishdan boshqa iloj topa olmadilar. Endi asarning o‘zbek tilidagi nusxasida ham, rus tilidagi nusxasida ham mening ovozim, G‘afur aka bilan topgan, “ixtiro” qilgan so‘zlar yangrab turadi”.[4]

Ijodini teatrda, sahna dramaturgiyasini o‘zlashtirishdan boshlagan bu aktyor kinoga kelganida, aksariyat holda uning yonida katta adabiyotda tajriba orttirgan Sobir Abdulla va Uyg‘un, Izzat Sultonov va Viktor Shklovskiy, Maqsud Shayxzoda va Lola Sayfulina bo‘lgan. Abdulla Qodiriyning “O‘tgan kunlar” romanini ekranlashtirish davrida yozuvchidan psixologik holatlarni ijro vositalari ila ko‘rsatishni o‘rgangan. “Nasriddin sarguzashtlari”, “Nasriddin Buxoroda” komediyalari stsenariylari yozilishi, obrazlari ustida ishlashi jarayonida faol ishtirok etgan R.Pirmuhamedov bu filmlardan keyin yoqimli yumorga, o‘tkir satiralarga boy bo‘lgan kino tasmalarida (“Farg‘ona qizi”, “Mahallada duv-duv gap”, “Ikki dil dostoni”, “Ulug‘bek yulduzi” kabi turli janrlarda yaratilgan asarlarni eslang) hajviy rollar ustasi sifatida ham shuhrat qozongan. Ijro texnikasini mutassil takomillashtirib borgan, rol tanlashda hamisha talabchan bo‘lgan bu aktyor yaratmoqchi bo‘lgan obrazi, avvalo, adabiy jihatdan puxta yozilishini talab etgan. Bu xususiyatni, bunday talab qo‘yilishini bir qator boshqa aktyorlar faoliyatida ham ko‘ramiz. Rahim akaning ulardan farqi shundaki, u stsenariy muallifi bilangina emas, umuman, katta adabiyotga, uning yirik vakillari ijodiga hamisha mehr qo‘yib kelgan. Kuzatish, mutolaa qilish bilan cheklanmagan. Katta kino xizmatida bo‘lmagan, lekin nazm va nasr sirlarini o‘zlashtirganlar bilan uzviy aloqada bo‘lishga intilgan. Yana bir xususiyat – rol ustida aktyor sifatidagina emas, ma’lum jihatdan adib, qalam tebratish qobiliyatiga ega bo‘lgan shaxs sifatida ham qunt bilan ishlagan. Stsenariyda yozilgan matnni aynan o‘zlashtirmagan. Kino texnikasi, ayniqsa, yirik plani, qahramonning zamir fikrlarini ham ifoda eta olishini nazarda tutib ishlagan bu aktyor talaffuz etiladigan so‘z, ibora, jumlalar ustida jiddiy ter to‘kkan. U tahrir qilgan, o‘zgartirish kiritgan rollar epizodik ko‘rinishga ega bo‘lganida ham tomoshabin yodida qolganini “Alisher Navoiy”dagi oshpaz Abdulmalik, kinoteatrning poraxo‘r nazoratchisi (“Sen yetim emassan”) misolida ham ko‘rish mumkin.[5]

Rahim akaning xonadonlarida, tomoshabinlar huzurida, studiyada birga bo‘lib, ba’zan qizg‘in suhbat qurib, ba’zan kundalik tashvishlari bilan tanishib, ayniqsa, jo‘shqin faoliyatning yangi qirralarini kashf qilib bir fikrga kelardim: u kishida kinodagi ijodni adabiyot bilan bog‘lagan san’atkor evolyutsiyasi ko‘zga tashlanar ekan.

Aktyor Pirmuhamedov rollarni adabiy jihatdan qiyomiga yetkazish bilan birga, o‘zi ham stsenariy yozdi. Adiblar uning doimiy suhbatdoshi, hamrohi, vaqti kelganida, ustozi ham bo‘ldi. Bu jarayon uning badiiy bisoti boyishiga, tasavvuriga erk berib virtual tarzda mizansahnalar, mizankadrlar tuzishga, kadrlarni o‘zaro ulashga, xayolidagi partnyor (sherik aktyor) bilan muloqotda bo‘lishida muhim rol o‘ynadi. Rahim aka bilan so‘nggi uchrashuvlardan birida to‘shakda yotgan holda qurigan lablarini zo‘r-bazo‘r qimirlatib aytgan so‘zlari hali ham qulog‘imda jaranglab turgandek. “Bahorni orziqib kutyapman. Sog‘ayib ketsam, yotgan joyimda tayyorlab qo‘ygan rollarimni o‘ynarmidim!? Qanday odim tashlayman, nigohimda qanday holat aks etishi kerak? Qayerda pauza bo‘ladi-yu, unda qanday yuk bo‘ladi? Jumlada qaysi so‘zga urg‘u beraman? So‘zimni qanday harakat bilan tasdiqlab turaman? Partnyorga qanday nigoh tashlayman? Muloqot damlari qanday o‘tadi? Shunchaki yengil gap bilanmi yoki kayfiyat o‘zgarib, vaziyat keskinlashib boradimi – bularning barchasini kadrma-kadr o‘ylab qo‘ydim. O‘ylagan kadrlarim suratga olinsa, montaj qilinsa, qayta yozilgan so‘z, ataylab bastalangan musiqa bilan boyitilsa” – deb shirin niyatlarini aytgan edilar.

Bu qayg‘uli damlarni eslaganimda, ko‘zimda yosh aylanadi, usta san’atkorga mehrim ortadi. Ayni holda, o‘sha armonli kunlarda ham aktyor harakat, ko‘z ilg‘aydigan ko‘rinishlar, quloq eshitadigan ovoz vositalar bilan emas, adib ustaxonasida hukm suradigan ilhombaxsh muhitda mushohada qilganidan voqif bo‘lganimdan mamnun bo‘laman. Aktyor qaysi rollarni nazarda tutib asta so‘zlaganini, qaysi aktyorlarni partnyor sifatida tasavvur etganini, xayolidagi mizankadrning mazmuni (ehtimol, falsafasi) nimada ekanligini aytmagan edilar. Kamina ham betob suhbatdoshini toliqtirib qo‘yishni istamay savol berishdan o‘zini tiyib turgan damlar edi. Lekin kamera oldida shiddatli damlarni boshidan kechirgan aktyor bu gal ehtirosli so‘z, keskin harakat, o‘tkir nigoh bilan emas, mayin ohangda ijod qaynagan kunlarni sog‘inganini, to‘shakka ipsiz bog‘lanib qolganidan ham xayolan o‘z qahramonlarini – hali gavdalantirmagan qahramonlarini tasavvur etib, hozircha ko‘z ilg‘amas kadrlarda tasvirlashga uringanini adib ijodi, uning ustaxonasida hukm suradigan muhit bilan qiyos qildim. Aktyor ijod etgan muhit yozuvchi ijod etadigan muhitni aynan eslatdi. Tafovut shundaki, adib tasavvuridagi tasvirni, ovozni, hatto hidni o‘z psixologiyasidan, personajlarga bo‘lgan munosabatidan kelib chiqib qog‘ozda ifodalaydi. Uni o‘qigan sub’ekt o‘z psixologiyasidan, estetik tayyorgarligidan, so‘z ila ta’riflangan qahramonning o‘ylari, niyatlari, ichki dunyosiga bo‘lgan munosabatidan kelib chiqib tasavvurida tasvir yaratadi. Ta’kidlash joiz: bu ikki jarayon – yozish jarayoni va shu asnoda paydo bo‘lgan mahsulotni qabul qilish jarayoni bir-biridan farq qilganidek, ikki tasvir – kitobdagi va kitobxon tasavvuridagi tasvir ham biri ikkinchisidan farq qilishi mumkin. Aktyor o‘z tasavvuridagi tasvirni – holatni, qahramon nigohi ila ta’riflangan manzarani, ruhiy kechinmalarni aynan gavdalantiradi, binobarin, tomoshabin, tinglovchi ham mazkur ko‘rinishni shakllanib bo‘lgan holda ko‘radi, aynan shu holda qabul qiladi. Faqat qahramon tasavvuridan o‘tgan va ekranda ko‘rsatilgan majoziy ifodalar bundan istisno.

Bo‘lib o‘tgan va saboq olsa arziydigan bir voqea tafsilotlarini Rahim Pirmuhamedov va nasr ustasi Mirzakalon Ismoiliy ta’rifida tinglaganman. Mavzuga aloqador bir voqeaning tafsilotlarini – aktyor Rahim Pirmuhamedov hamda adib Mirzakalon Ismoiliydan eshitganman. Hikoyanavisning biri, afsus-nadomat bilan, ikkinchisi, zavq-shavq bilan mushohada qilgan, goh hayratomuz bir holatda, goh go‘yo orzu qanotida parvoz qilayotgan, ijod nashidasiga to‘lib-toshgan damlardan bahramand bo‘layotgan shaxs sifatida mulohaza qilgan edi.

Tomoshabinlar bilan bo‘ladigan uchrashuvlarda Rahim akaga ko‘p hamroh bo‘lganman. Bir gal Toshkent viloyatidagi qishloqning taklifi bilan yo‘lga tushdik. Aktyorlar, rejissyorlar yig‘ilgunga qadar ancha vaqt o‘tgan, buning ustiga, kinostudiyaning bizga ajratilgan avtobusi kechikib kelgani bois jazirama issiqda barcha toliqqan, tamaddi qilishni istab qolgan vaqt edi. Shunda oldingi o‘rindiqdan joy olgan Rahim aka xaltachalaridan olma, tuxum, buterbrod chiqazdilar-da “olinglar, olinglar!” deb o‘zlarini mehmon qila boshladilar. Atrofga sukut tushdi. Vaziyatni yumshatmoqchi bo‘lib hazil tariqasida savol berdim: “Nonushtangizni olib yurasizmi? “Mahallada duv-duv gap” filmidagi qahramoningiz Arslon mechkayni esladim, Rahim aka”. Suhbatdoshim savolimni kutib turgandek darhol javob berdilar:

– Ozgina sabr qiling. Bizni mehmon qilishadi. Sizning oldingizga bir kosa, meni oldimga qatorlashtirib uch-to‘rt kosa ovqat qo‘yishadi. Ketidan sizga bir six, menga to‘rt-besh qo‘shaloq kabob berishadi. Aslida, men parhez taomdaman. Ikki burda non, yong‘oqmi, mayizmi, bir tishlam go‘shtmi olib uchrashuvlarga ketaman, – deb Rahim aka buterbrodga ishora qildilar. Termosdan choy quydilar. Meni ham siyladilar. Quyib bergan choylari juda xushbo‘y, tiniq ko‘k rangda ekanligini maqtagan edim, mezbon Xitoyning “95” raqami bilan chiqadigan ko‘k choyini maqtovini keltirdilar. “O‘zi mazali. Qon bosimini pasaytiradi. Faqat shu choyni istaymanu, ko‘p izlayman. Uydagilar topib berishadi. Baraka topishsin. Ulardan rozi, minnatdorman. “Farg‘ona tong otguncha” romanini yozgan zo‘r yozuvchi Mirzakalon Ismoiliyning uylariga borganimda ham shu ko‘k choy haqida gap ketgan edi. Darvoqe, siz ko‘rsatuv olib borasiz, kitob yozasiz – bo‘lib o‘tgan voqeani aytib beray, mendan keyin aytib yurasiz. Rol kutib, stsenariy izlab, rejissyorlar bilan dahanaki jang qilib yurganimni bilib qo‘ying. Boshqalarga ham ma’lum eting. Aktyorning hayoti faqat bayramlardan, ijodiy uchrashuvlardan, o‘yin-kulgidan iborat emas. Ayniqsa, hozirgi rejissyorlardan hayronman. Aktyor nimalarga qodirligini bilmay “sinab ko‘rishni” odat qilishgan. Meni nega sinashadi?! Nabi G‘aniyev: “Mana bu rol sizniki, tayyorgarligingizni ko‘ravering”, derdi. Tamom. Komil ishonch bilan o‘zimni ham tayyorlardim, rolga ajratilgan matnni ham. Xunobim chiqib, o‘zim stsenariy yozishga kirishdim. O‘zim bosh rolni o‘ynab, o‘zim rejissyorlik qilmoqchi bo‘ldim. Uyimizga yana bir kelganingizda o‘sha stsenariyni ko‘rsataman. Bir nusxasini sizga sovg‘a qilaman. Evaziga yozilgan risolangizni tezroq chop etib, hadya etarsiz (H.A.: shunday bo‘ldi ham).

Stsenariyni hali-hanuz film qilolmayman: ruxsat berishmaydi. Bilasiz, ruxsatni Moskva beradi. Ko‘proq bermaydi. O‘zlarini doimiy avtorlari bor. O‘shalar ko‘rsatma olib, yurtimizga oz fursatga kelib stsenariy “yasab”, katta pul olib ketishadi. Men xurjun ko‘tarib Moskvaga bormayman, ijozat so‘ramayman. Iltimos ham qilmayman”, – deb Rahim aka biroz sukut saqladilar. G‘azabnok bir holatni yengmoq istagi bo‘lsa kerak, avtobus oynasi ortidan birin-ketin o‘tayotgan manzaraga qarab qoldilar. “Qarang, mana bu bog‘u rog‘larni, hayqirib oqayotgan zilol suv, sarvqomat teraklarni. Bilasizmi, hamisha balandlikka intiladigan bu daraxt barglarini juda-juda ayab, asta yerga to‘kadi. Zaminga to‘shak solinishini istaydi. Bahor kelib, avjiga chiqib, kunlar qizish arafasida ham sarg‘aya boshlagan barglarini to‘kmay yuksaklikdagi shox-shabbalarida, pastroqdagi yangi nish urgan navdalarida saqlab turadi. “Qor yog‘sa edi, zaminni qoplasa edi. Ko‘rpadek yumshoq yerga barglarimni to‘kar edim”, deb kutib turadi. Dehqonlar terakni yaltirab turadigan barglariga xavotirlanib nazar tashlashlariga sabab shu. Ekkan ekinini sovuq urib ketishidan xavfsiraydilar-da. Bunday o‘lkani bir zum bo‘lsa ham tark etgim kelmaydi…”

Gapni Mirza akaga (M.Ismoiliyga yaqinlari shunday murojaat etishlarini eshitgan edim) burmoqchi bo‘ldim: Rahim aka “Tohir va Zuhra” filmiga birinchi maqtov so‘zlarini Mirza aka aytganlarini bilasizmi?

– Bu yozuvchini urushning dastlabki kunlari Shayxontohurdagi studiyada bir-ikki ko‘rgan edim. U N.G‘aniyev rejissyorlik qilgan “Biz yengamiz” filmi stsenariysini bir sherik avtor bilan birga yozganini bilaman. Keyin ko‘rinmay qoldi. Frontga jo‘natilgan, deb eshitdim. Jangu jadaldan omon qaytganidan xursandman, – javob berdi uzoq yo‘lda biroz toliqqan hamrohim. U bexabar qolgan voqeani tafsilotlarini keltirmay aytib berdim.

– Siz qatnashgan “Tohir va Zuhra”ni Mirza aka Berlinda 1945 yilda ko‘rganlar. Vayron bo‘lgan shahardagi shikast yetmagan bir kinoteatr binosida filmni ko‘rib, hayratga kelib, tomoshabinlarga “Nabi G‘anizoda meni do‘stim, Yulduzxonni ham bilaman – Muhiddin Qoriyoqubovning jiyani, Sobir Abdullani ham – u mening hamkasbim, yurtimizni, uning ko‘rkam, qobiliyati zo‘r kishilarini, bilib qo‘yinglar!” – deb xitob qilgan. Ko‘pchilik uning yurti yaratgan asarni olqishlagan.

– Yaxshi aytdingiz. Eshitmagan edim. Uch-to‘rt yil bo‘ldi uylariga borgan edim. Shunda ham aytmabdilar-da. Buni qarang-a, yozuvchi shunday voqeani ko‘rgan, o‘zi ishtirok etgan bo‘lsa-da, taassurotini yozmasa…

– Yozganlar.

– Qayerda? Nega bilmayman!

– Shaxsiy maktubda.

– Mahbubalariga yo‘llaganlarmi ishq daftari sahifalarini?!

– Yo‘q. Hamkasb do‘stlariga – Sobir Abdullaga.

– Olmadingizmi o‘sha xatni? Siz kitob yozasiz-ku, kino haqida.

– Xonadonlariga bordim. “Qozog‘iston” kinoteatrining ro‘parasida, katta ko‘chaning narigi betida ekan uylari. Mirza aka Berlindan xat yo‘llagani, uni mazmuni haqida so‘zlab berdilar. Shaxsiy arxivlaridan biroz izladilar. Keyin topib beraman, deb men bilan uydan chiqdilar. Yo‘lda biroz gaplashdik. Shunda “Tohir va Zuhra” stsenariysini yozilishi jarayonini yozib bering, deb iltimos qildim. Ko‘ndilar. Va’dalarini bajardilar ham. Xotira sahifalarining bir nusxasi menda saqlanadi.

Suhbatimiz shu yerga yetib kelganida, bir tomonda qovun poliz, ikkinchi tomonda bir ariq suv oqayotgan fayzli shiypon yonida avtobus to‘xtadi. Shiyponga qishloq ahli yig‘ilgan. Avtobusni o‘rab olishdi. Bizni, ayniqsa, mashhur va barchaga manzur aktyor Rahim akani olomon ichidan avaylab ichkariga olib kirdilar. Kichkinagina, iliqqina bir xona shinam yasatilgan. Devorlarga plakatlar, shiorlar yopishtirilgan. Meva, asal, jiyda, turshak, shirmoyi nonga to‘la stol atrofida fotiha o‘qildi. Rahim aka menga murojaat qilib: choyni siz quying, gap bor, deb qo‘ydilar. Achchiqqina damlangan choyni jajjigina piyolani tagida quyib berdim.

– Qaytaring, – norozi bo‘lib piyolani qaytarib berdilar. Qaytardim-da, darhol choyni haligi piyolaga quyib berdim. Olmadilar:

– Choyingiz loy bo‘ldi. Yana qaytaring. Biroz sabr qiling. Tinsin. Keyin quyasiz.

Shunday qildim. Qaytarib, biroz sabr qilib quydim. Yana olmadilar.

– Endi choy bo‘ldi. May bo‘lishi uchun yana bir karra qaytaring. Piyolani baland ko‘tarib qaytaring! Choy ko‘piradi. So‘ngra choynakning qopqog‘ini yopib qirq-qirq beshgacha sanang-da, asta engashtirib piyolalarga may quying!

Shunday qildim. Rahim aka choyni xo‘plab gapni qolgan joyidan boshlagan edilar xizmatdagi dastyorlar sho‘rvaga liq to‘la to‘rt kosani Rahim akaning oldilariga qo‘ydilar. Ketma-ket chamasi o‘n six kabob, to‘rtta issiq kulcha, to‘rt xurmachada qatiq ola keldilar. Kamina ham chetda qolmadi: “Mahallada duv-duv gap”dagidek yarim kosa sho‘rva, bitta kabob, yarimta kulcha, lekin katta sopol choynakda choy keltirdilar. Bunday manzarani Rahim aka, chamasi, ko‘p ko‘rganlar. E’tiroz ham bildirmadilar. Hayron ham bo‘lmadilar. Qahqaha urib kuldilar, yonlaridagi buterbrodni yog‘li sho‘rva xushbo‘y, ishtahani ochadigan hid taratib turgan kaboblar yoniga qo‘ydilar-da, menga qarab:

– Hali nima degan edim, ko‘rdingizmi? Mechkay emasman. Kamovqatman, parhezdaman desam, hech kim ishonmaydi. Aksincha, hazillashib “Ovqatdan keyin biroz tin olishingizni bilamiz. Joy tayyorlab qo‘yganmiz”, deb haligi “Mahallada duv-duv gap”da meni anhor bo‘yida yelpinib yotishimni, xurrak otib uxlashimni eslatishadi.

Xullas, choy ichildi. Qo‘sha-qo‘sha kosalar to‘laligicha qoldi. Kaboblar sovudi. Biz anhor bo‘yidagi ko‘rpacha solingan supachaga choynak, piyolani ko‘tarib bordik. Oqar suv salqini, saf tortgan baqa teraklarning yaltiroq barglari bir maromda tebranib shitirlashi lirik kayfiyat uyg‘otar, suhbat mazmunini ham belgilagandek bo‘lardi.

– Sizga ma’qul bo‘lgan haligi ko‘k choyni Mirza akani uylarida ichib yoqtirib qolganman. Tashrifimdan maqsad, men qiziqib o‘qiydigan roman – “Farg‘ona tong otguncha”ni yozgan ijodkorni kinoga tortish, stsenariy yozdirib uni ekranga olib chiqish edi. Aslida, rejissyorda ham, aktyorda ham qalam tebratish qobiliyati bo‘lishi kerak. Siz biladigan Nabi G‘anizoda kinodan oldin adabiyotga, rassomchilikka qiziqqan. Hikoyanavis, musavvir bo‘lib tanilgan ham. Pesalar, hikoyalar yozgan, rasm chizgan, o‘sha 20-yillari modaga kirib qolgan har xil yo‘nalishlarga qiziqib uyini kvadrat, kub, murakkab chiziqlardan iborat rasmlar, hatto polotnolar bilan to‘ldirib tashlaganida otasi Abdug‘ani otaning g‘azabiga uchragan, Maskovga qochib ketgan. O‘sha yoshlik chog‘lari ham yozishga, ham chizishga o‘rgangani kinodagi ijodi mazmunli, foydali bo‘lishida omil bo‘lgan, deb o‘ylayman. O‘zi stsenariy yozgan, o‘zgalarning asarlarini kinoga moslagan. Stsenariylarni kim yozishidan qat’i nazar, hamisha to‘ldirib borgan. Shu bois Nabijon bilan bir stsenariy va film ustida ishlagan va katta roman yozib zabardast adib sifatida tanilgan Mirzakalon Ismoiliyni kinoga qayta tortish istagi meni o‘sha mo‘tabar xonadonga boshlagan edi. To‘g‘risini aytsam, o‘zimni ham niyatim shunday adib, yaxshi odam bilan ishlab durustgina film qoldirish edi… Bajonidil qabul qildilar. Eski qadrdonlardek kutib oldilar. Ko‘rishmaganimizga chorak asr bo‘lgan edi.

Fotiha o‘qilib, bir piyola choydan keyin muddaoni aytdim:

– Stsenariy yozib bering. Mavzu o‘zingizdan. Mazmun, menga qolsa, turli ko‘rinishda, turli yoshda, rang-barang libosda paydo bo‘ladigan bir personajning qilmishlari, sarguzashtlari bilan bog‘liq bo‘lsa. Ochig‘ini aytay: bu rollarni o‘zim – bir o‘zim o‘ynayman. Filmning rejissyori ham o‘zim bo‘laman, – deb taklifimni aytdim. Mirza aka o‘ylanib qoldilar. Gapimni bo‘lmadilar. Sovib qolgan choyni xo‘plab ishonch bildirganim uchun tashakkur aytdilar. So‘ngra kitob javonidan romanni “Farg‘ona tong otguncha” kitobining birinchi nashrini qo‘lga olib, sahifalarini varaqlab:

– Aktyorlik iste’dodingizga qoyil qolib kelaman. O‘ylashimcha, siz rejissyorlik ham qila olasiz. Mualliflik ham. Ayniqsa, mendek kinoni bilmaydiganlar sizdan ko‘p foydalanadi. Siz tilga olgan “Biz yengamiz” stsenariysini ham kino vakili Smirnova bilan birga yozganmiz. Asarimiz filmga zamin bo‘lgandir. Lekin Nabi G‘aniyevning rejissyorligi, Lutfixonim Sarimsoqova, Lutfulla Nazrullayev, Nurxon Eshmuhamedovning aktyorlik mahorati bilan birga ularning takliflari, tuzatishlari bizga qo‘l kelganini hamisha minnatdorchilik bilan tilga olaman. Shunday ekan, adabiy asarga kinoni nazarda tutib o‘zgartish kiritishga qodir ekansiz, mana bu romanni filmingizga asos qilib olsangiz bo‘lmaydimi, – deb “Farg‘ona tong otguncha”ni menga uzatdilar. Ikki qo‘llab oldim.

– Romaningiz – mehrimni qozongan. Unga qayta-qayta murojaat etaman. Lekin uni o‘qish uchun yozgansiz. Ko‘rsatish, ekranda ifodalash uchun emas. Vaqti kelib u ko‘pseriyalik filmga aylanar. Stsenariyni, filmni Maskov qabul qilishi (yoki qabul qilmasligi) muammo bo‘lib turishi, hatto aktyorlarni tanlash, tasdiqlash masalasi o‘sha yerga bog‘liq bo‘lib qolgani g‘ayritabiiy emasmi?! – deb gapni ochig‘ini aytdim-da, taklifimni yana bir bor takrorladim.

– Menga atab, meni rejissyor va bosh rol ijrochisi deb bilib, kinostsenariy yozing. Meni ishtirokim zarur bo‘lsa, ayting. Sherik avtor sifatida emas, filmning bo‘lajak rejissyori sifatida takliflarimni aytaman.

Ikki choynak choy ichildi. Yig‘ilgan gaplar aytildi. Tashviqotchilik faoliyatim bekor ketmadi, shekilli, adibni rozi qildim. Stsenariy yozishga undadim. Muddat aniq belgilanmadi. Ish jadal suratda olib borilishiga kelishildi.

Adib va’dasining ustidan chiqdi. “Devonai rostgo‘y” deb atalgan stsenariyda bir aktyor – R.Pirmuhamedov bir necha rolni o‘ynashi nazarda tutildi. Stsenariyda xas­talikning yengil ko‘rinishini sezgan bir kimsa tabibga najot izlab boradi. Tabib giyohlarini berib betob bo‘la boshlagan shaxsga yana bir tabibga (goh Chig‘atoydagi, goh Samarqand darvozadagi v.h.) uchrashishni maslahat beradi. Bemor har gal o‘zini turlicha tutishi, tabiblarning rollarini bir aktyor (R.Pirmuhamedov) o‘ynashi hisobga olinib yozilgani o‘z-o‘zidan ma’lum. Stsenariy o‘sha davr estetikasi, ustun turgan fikr­lar, tushunchalar hisobga olinib yozildi. Ayniqsa, stsenariy qahqaha darg‘asi rejissyor sifatida ekranda ifoda etilishi va barcha markaziy rollarni shu san’atkor ijro etishi nazarda tutilib yozildi. Lekin hayot ziddiyatlarini qarangki, asar bitilishiga sababchi bo‘lgan, tashabbuskor san’atkor og‘ir betob bo‘lib qolgan kunlar edi.

Aktyor va adib o‘rtasida o‘zaro munosabatlarning dastlabki pallasidan voqif bo‘lgan, Rahim Pirmuhamedovning armonlarini bilgan holda Mirzakalon Ismoiliyning huzurlariga otlanganimda, ko‘pchilik qatori men ham ardoqlagan, maroqli suhbatlaridan bahramand bo‘lgan aktyor ijodiy rejalarga to‘lib-toshgan damda bandalikni bajo keltirgan edi.

Mirza akaning uyi Konservatoriyaning eski binosi qarshisidagi ko‘pqavatli binoda edi. Bir necha bor yo‘qlaganimda eshik ochiq, mezbon yuzida tabassum, mehrli nigohni ko‘rib ko‘nglim ko‘tarilgan edi. Ruhan to‘lqinlanib, ma’naviy oziq olib qaytgan chog‘larim bo‘lgan. Har bir masalaga keng qarashlari, ko‘rgan, bilgan voqealaridan chuqur xulosa qilib so‘zlashlari, har kimdan biror fazilat izlab, topib mushohada qilishlari yodda qolgan. Mirza aka madaniyat sohasini kamsitmagan, inkor etmagan holda, hozirgi til bilan aytganda, kommunikativ va estetik xizmatini asrlar davomida bajarib kelayotgan adabiyotning imkoniyatlarini qayd etgan edilar:

– Rahim Pirmuhamedovni kinostudiya hovlisida bir-ikki ko‘rgan, lekin “salom-alikdan” nariga o‘tmagan, filmlarda aktyorning rang-barang rollaridan zavqlanib yurardim. Kunlardan bir kuni uyimizga tashrif buyurganlarida shoshib qoldim. Qayerga o‘tkazishni bilmay, qayta-qayta ko‘rishib, tashrifdan boshim osmonga yetganini aytib oilam bilan tanishtirib bo‘lishim bilan jiddiy gapga o‘tdilar. Aktyor-da, bir holatdan ikkinchisiga darhol o‘tdi-qo‘ydi. Men esa hajv ustasi kulbamizga favqulodda kelib ijod va u bilan bog‘liq tashkiliy, hatto moliyaviy masalalarni ko‘targanidan darhol o‘zimga kelolmadim, – deb maroqli damlarni esladilar Mirzakalon Ismoiliy. Savol berdim:

– Siz bilan muzokara olib borishga kinostudiyadan vakolat olganmidilar?

– Bu haqda o‘zlari lom-lim demadilar. Men ham so‘ramadim. Menga buni qizig‘i yo‘q edi. Muhimi, uyimga men hurmat qiladigan san’atkor kelib, ishonchini bildirib, men hali yozmagan stsenariyni film qilmoqchi bo‘lgani.

– Demak, bir aktyorni “buyurtmasi”ga binoan to‘liq metrajli filmning adabiy poydevorini yaratib berishga rozi bo‘lgansiz. Masalani moliyaviy tomoni ham ancha murakkab. Ko‘p “stsenariynavislar” studiyaga asar yozib berishni va’da qilishadi, “zayavka” degan bir-ikki varaqdan iborat qog‘ozga asar mazmunini yozib berishadi-da, katta pulni olib ketishadi. Ko‘pincha stsenariy ham kelmaydi, pul ham qaytarilmaydi. Siz bo‘lsa, o‘zgacha yo‘l tutibsiz. Ibratli ish qilibsiz-ku, studiya buni qadriga yetmapti. Stsenariy yozilgan-u, film suratga olinmayotganidan xabardorman.

– Nabi G‘aniyev ijodini puxta o‘rganibsiz. Yozgan asaringizni qo‘lyozma holda o‘qib chiqdim. Nabijon ham shunday qilgan. Studiya hatto mukofot berganida, “men bunga munosib ish qilmadim”, deganini bilaman. Yana bir muhim sabab bor. Uyimizga kelgan mehmon, aktyor R.Pirmuhamedov talantli odam edi. U rol ijro etib emas, qahramonlari hayot tarzini qabul qilgan kishi sifatida namoyon bo‘lgan. Qahramonlari kabi quvongan, tashvishli kunlarini boshidan kechirgan, sevgan-sevilgan, hazil-mutoyiba qilgan. U, siz aytgandek, buyurtma berib so‘zlayotganidayoq bo‘lajak stsenariy qahramonini ko‘rayotgandek bo‘ldim. Yozuvchiga shu kerak-da. Qahramonini ko‘rib tursa, uni portretidan nusxa olsa, yurish-turishini ko‘rib, uning o‘ylari haqida fikrlash imkoni bo‘lsa… Bu jarayon yozish, syujet rivojini ta’minlash, tasvir yaratish, dialog qurish yoxud muallif so‘ziga urg‘u berishga yordam beradi. Ayniqsa, men ishongan aktyor “bir necha rolni o‘zim o‘ynayman, rejissyorlik qilaman”, deganida yoziladigan obrazlar bir-biridan farq qilishi bilan birga, biri ikkinchisiga o‘xshab turishini ham ta’kidlashni taqozo etdi. Stsenariyni o‘qib ko‘ring. Sezarsiz bu o‘xshashliklarni, tafovutlarni, bu so‘zlardan keyin hali hech kim o‘qimagan, Rahim Pirmuhamedovdek iste’dod sohibi orzu qilgan stsenariyni Mirza aka menga berdilar. O‘rnimdan turib ikki qo‘lim bilan qabul qildim. O‘qib chiqib o‘zbek va rus matbuotida, televideniyening ikki tildagi ko‘rsatuvlarida ijobiy fikrimni aytdim. Mirza aka esa o‘sha kuni hikoyasini avvalgidek shijoat bilan davom ettira olmadi. Ma’yus kayfiyatni yengolmadi:

– Stsenariy bitganida uning tashabbuskori, uni orziqib kutgan shaxs o‘qiy olmadi. Armonda ketdi. Mehnatim zoye ketganiga achinmayman. Rahimjonning orzusi ushalmaganidan fig‘onim osmonga ko‘tariladi… Chamamda, aktyor rollarini yayrab o‘ynardi. Stsenariy yozishimda undan haqiqatda nusxa olgandim. Uning ijrosini ko‘rib turgandek, kulib aytayotgan, lekin chuqur ma’noli so‘zlarini eshitgandek bo‘lgan edim.

– Boshqa biror aktyor bu rollarni ijro eta olarmikin?! – so‘radim muallifdan.

– Ko‘p o‘yladim. Pirmuhamedovni tengi yo‘q edi. Nabi Rahim o‘ynay olarmikan, deb o‘ylab qolaman. Unga obrazlar talqini topshirilsa, stsenariy ham o‘zgarishi, rollar ta’rifini o‘zgacha qilish kerakmikan…

Andishali adib va sermahsul, sertashvish aktyor hamkorligi birgina stsenariy vujudga kelishi bilan yakunlandi desak, samimiy, ijodiy munosabatlarning qadriga yetmagan bo‘larmiz. Zero, muloqot damlari san’atning ikki turi o‘rtasida rishtalar paydo bo‘lishi va tobora mukammallashib borib badiiy mahsulot berishi ko‘p kuzatilgan. Muayyan shaxslarning o‘zaro aloqalari, bahslardan holi bo‘lmagan muloqot damlari, biri ikkinchisidan o‘rganishi samara bergan. Ikki san’atkor o‘z sohasini mukammal o‘zlashtirgan, badiiy tajriba orttirgan holda o‘zaro muloqotda bo‘lishga, hamkorlikda ijod etishga ehtiyoj sezishi integratsion jarayonning muayyan ko‘rinishlaridan biri sifatida qabul qilinishi, ilmiy tadqiqotlarda, ocherklarda yoritilishini audiovizual madaniyat rivoj topishi, biz qalamga olgan sinkretizmning yangi – ovozli tasvirga, majoziy ifodalarga, elektron montaj ko‘magida yaratilayotgan murakkab kompozitsiyalarga boy estetik shakllari paydo bo‘layotgan davr taqozo etmoqda. Bu kabi talablar darajasida ijod etish faqat ijod jarayoni bilangina emas, tashkiliy, ta’lim, umumestetik masalalarni hal etish bilan bog‘liq ekanligini qalam sohiblari birinchilar qatori sezib badiiy, publitsistik asarlarida, portretlar yaratishlarida teran fikrlarni bildirganlar.

“Sharq yulduzi” jurnali, 2014 yil, 3-son

—————————-

[1] Aktrisa Oydin Norboyeva bilan 1972 yil 24 fevralda bo‘lgan suhbatdan. Suhbat matni muallifda saqlanadi.

[2] Aktyor Rahim Pirmuhamedov bilan bo‘lgan suhbatdan. Mazkur epizod Rahim akaning taklifi bilan quyidagicha suratga olingan va filmga kiritilgan. Ikki tarixiy shaxs munozarasini oshpaz favqulodda paydo bo‘lishi, luqma tashlashi bilan buzmaydi. Fikrlar, g‘azabnok chehralar to‘qnashayotgan damlarda paydo bo‘lgan kadr ortida oshpazning aksirishi eshitilib qoladi, bahslashayotgan emas, bir dam sukut saqlashni afzal ko‘rganlar yalt etib shovqin kelgan tomonga qaraydilar, shunda oshpaz uzr so‘raydi…

[3] Aktyor R.Pirmuhamedov yozgan stsenariy (“Kurash”) ning bir nusxasi bizda saqlanadi.

[4] Rahim Pirmuhamedov bilan bo‘lgan suhbatdan. Suhbat matni muallifda saqlanadi.

[5] Bir gal aktyordan “Siz ham shahar kinoteatriga borib filmlarni ko‘rasizmi?” deb so‘raganimda javob olgan edim: “Yaqinda kelinoyingiz bilan “Sen yetim emassan”ni ko‘rishga borgan edik. Meni qahramonim yosh boladan pora olib tomosha zaliga qo‘yib yuborganini ko‘rgan bir tomoshabin sha’nimga tegadigan gaplarni aytdi. Umr hamrohim “Ertayu kech studiyada, shahar kezib yurasiz. Oqibat shumi, sha’ningizga aytilgan gapni eshitingizmi? – deb meni koyigandek bo‘ldi. Aslida, o‘sha achchiq so‘zlar meni sha’nimga emas, poraxo‘rchi sha’niga aytilgan edi” deb javob berilgan edi.