Charli Chaplin: “Eng muhimi – inson…”

“Men uchun san’atda eng muhi­mi –­ insonni tasvirlash!”. “Haqiqat. Haqiqat! Haqiqat! Menga boshqa narsaning ahamiyati yo‘q”.

Ushbu so‘zlar hayot va ijodning mashaqqatli sinovlaridan g‘olibona o‘tgan va alal-oqibat XX asrda dunyoning eng mashhur va buyuk kishilaridan biriga aylangan Charli Chaplinning shiori edi.

Haqiqatan ham, dunyoning biron burchagi yo‘qki, uni tanimasalar. Dunyoning biron xalqi yo‘qki, uning asarlarini maroq bilan tomosha qilmagan bo‘lsalar. Dunyoning biron mamlakati yo‘qki, unga ehtirom bildirmasalar. Uning yirik-yirik, moviy va mungli ko‘zlarida shu qadar teran ma’no borki, bir marta ko‘rgan odam uning qalbida naqadar chuqur dard borligini va bu dard ko‘zlarining ich-ichiga singib ketganini darhol his etadi. U kulganda xuddi yig‘layotganga, yig‘layotganda xuddi tabassum qilayotganga o‘xshaydi.

Charli Chaplin 1889 yil 16 aprelda Londonda tavallud topdi. Otasi frantsuz millatiga mansub bo‘lgan, komik qo‘shiqlari bilan Angliya va AQShda nom qozongan san’atkor Charlz Chaplin (ota-bolaning ismi bir xil), onasi Xanna Chaplin (sahnada Lili Gerli) yarim irland, yarim ispan oilasida dunyoga kelgan insonlar edi. Onasi Xanna san’atga ixlosi baland bo‘lgani bois, opera truppasiga o‘qishga kiradi.Charlzga turmushga chiqanida uning avvalgi turmushidan uchta o‘g‘li bo‘lib, Chaplin to‘rtinchi o‘g‘il bo‘lib tug‘ildi. U 1894 yili besh yoshida ilk bor onasi bilan sahnaga chiqadi. Otasi Charlz ichkilikka mukkasidan ketib, o‘zini ham, oilasini ham kafangado qiladi. U 1901 yili Londondagi kasalxonalarning birida vafot etadi. Xanna Chaplin o‘ttiz yoshida to‘rt farzand bilan beva qoladi. Sharoit taqozosi tufayli u ikkita katta farzandini yetimxonaga topshirib, Sidney va Charlini o‘zi bilan olib qoladi. Charli bolaligi haqida xotiralarini eslar ekan, shunday deb yozadi: “Qashshoqlik va xastalik onamni abgor qildi. Bir kuni kechqurun Sidney akam bilan uyga kelsak, hech kim yo‘q. Kunduzi onam qo‘shnilarning eshigini birma-bir taqillatib chiqib, “qaranglar, men sizlarga sovg‘a olib keldim”, deb qo‘lidagi bir bo‘lak ko‘mirni ko‘rsatib chiqqan ekan. Sanitarlar kelib onamni jinnixonaga olib ketishibdi…”

Shu tariqa aka-ukalar ko‘chada qoladilar. Bu paytda Sidney to‘qqiz yoshda, Charli esa yetti yoshda edi… Oradan ma’lum bir muddat o‘tgach, onasi kasalxonadan chiqadi. Ammo ularning turmushi yaxshilanib qolmadi. Nochor ona o‘g‘li Charlining tsirkka kirib ishlashiga rozi bo‘ladi. Ammo bu ham uzoqqa cho‘zilmadi. Endi non topishning yana bir yo‘lini sinab ko‘rmoqchi bo‘ladilar. Bu ham bo‘lsa myuzik-xollda ishlash edi. Xullas, aka-ukalar shu sohada omadlarini sinab ko‘radilar. Myuzik-xoll ular uchun ham ishxona, ham maktabga aylanadi. Charli bu yerda raqsga tushar, qo‘shiq kuylar, nimaiki lozim bo‘lsa hammasini qoyillatib bajarishga harakat qilardi. O‘n olti yoshga to‘lgan akasi Sidney bu orada Amerikaga borib kelishga ham ulguradi va Fred Karnoning pantomima teatriga ishga kirib, tez orada komik ijrochilardan biriga aylanadi. So‘ng ukasini ham yoniga chaqiradi. Aka-uka Chaplinlar ana shu tariqa san’at olamiga kirib keladilar…

Charlidagi qobiliyat va iste’dodni payqagan teatr rahbariyati endi unga katta-katta rollarni taklif qila boshlaydi. Garchi u haftasiga atigi uch sterling maosh olsa ham, bolalikda kechirgan achchiq mashaqqatlarni unutmagandi. Shuning uchun ham u olgan maoshini tejab-tergab ishlatar, behudaga sarflamasdi. Ba’zi o‘rtoqlari uni “o‘taketgan ziqna” deb ham atashardi.

O‘sha kezlari Karnoning “Kulgi fabrikasi” pantomima teatri tomoshabinlar orasida kattagina shuhrat qozongan edi. Charli “Sirk”, “Boshqa eshik kaliti”, “London klubidagi kecha”, “Qamoqxona o‘ljasi” spektakl­larida bosh rollarni o‘ynaydi. U o‘zining o‘n ikki nafar hamkasblari bilan shaharma-shahar, qishloqma-qishloq gastrol safarlarida yurar, ko‘pincha sovuq tomoshaxonalarda sahnaga chiqishga, ba’zan och-nahor qolib ketishga ham to‘g‘ri kelardi…

1910 yili ilk bor Parijning kazo-kazolari tomosha ko‘radigan “Olimpiya”, “Sigal” kabi teatr sahnalarida rol ijro etish Charli Chaplinga nasib etadi. “London klubidagi kecha” spektaklida u piyonista rolini yuksak mahorat bilan ijro etadiki, tomoshabinlar uni uzoq olqishlaydilar. Yosh aktyorning birdan-bir orzusi kinoda o‘ynash edi. Nihoyat, 1914 yili u hayotida ilk marotaba kinokamera oldida ham o‘zini sinab ko‘radi. Bu – “Och qolmaslik uchun pul topish” deb nomlangan film edi. Charli bu filmda o‘z manfaati uchun hech narsadan tap tortmaydigan qallob rolini “kiftini keltirib” o‘ynaydi. Uning qo‘ng‘iz mo‘ylovi, lapanglab yurishi, qo‘lidagi hassa tayog‘i tomoshabinlarning kulgusiga sabab bo‘lib, uning nomini tezda mashhur qilib yuboradi. Shu yilning o‘zida u “Kistoun komediyalari”da o‘ttiz beshta rol ijro etadi. Shundan so‘ng “Esseney” kinostudiyasining rahbarlari Charlini haftasiga ming dollar maosh bilan ishlashga taklif qiladilar. Charlining asosiy maqsadi Angliyada qolib ketgan onasini yoniga olib kelish edi. Bu borada u Amerika ma’muriyatiga murojaat ham qiladi. Biroq hech qanday natija bo‘lmaydi.

“Esseney” kinostudiyasi Chaplinga juda katta imkoniyat eshiklarini ochadi. Ya’ni, unga o‘zi stsenariy yozib, o‘zi rejissyorlik qilish, o‘zi aktyor yollab, sahna bezaklarini o‘zi tanlash huquqini beradi. 1915 yili Charli o‘n to‘rtta filmni suratga oladi. Ayni shu paytlarda unga “Myuchuel” kompaniyasi xaridor bo‘ladi. Bundan xabar topgan “Esseney” Charlini saqlab qolish uchun ko‘p urinadi. Biroq “Myuchuel” Charli uchun hammasidan ortiqroq narsani taklif etadi. Bu – ijod erkinligi edi! Yangi kompaniya “Loun star” kinostudiyasini to‘laligicha uning ixtiyoriga topshiradi. Xullas, Charlining ijodiy ishiga endi hech kim aralashmaydigan bo‘ladi. Ijodkor uchun bundan-da ortiqroq baxt bo‘ladimi, axir? Charli bir yarim yil ichida o‘n ikkita film yaratadi. Bularning bari jahon kinosi tarixida qoladigan eng sara asarlar edi. U ekranga olib chiqqan qahramonlar hayotda kamsitilgan, omadi yurishmagan “kichkina inson”lar bo‘lib, ularning birdan-bir boyligi – qalbidagi mehr edi. U “Chempion”, “Immigrant”, “Miltiqlar yelkaga olinsin” singari filmlarida aynan ana shunday qahramonlar obrazlarini gavdalantiradi.

1921 yil avgust oyida Charli to‘satdan “Men Yevropaga ketaman” degan qarorga keladi. Uning bu qarori zamirida ikkita maqsad yotardi. Birinchisi – betob onasini Amerikaga olib kelish bo‘lsa, ikkinchisi “Bolakay” filmini Yevropada namoyish etish edi. Mashhur kishilarning aksariyatining shaxsiy hayoti kemtik bo‘lgan. Charlining hayoti ham bundan mustasno emasdi. Uning birinchi xotini Mildred Garris bilan ajralishi juda katta janjal-to‘polonga aylanadi. Janjal bosdi-bosdi bo‘ladi-yu, ammo san’atkorning asab tolalari taranglashib, ruhan toliqadi. Bir vaqtlar qoramol ortilgan kemada Amerikaga yo‘l olgan Charli bu safar “Olimpik” degan eng zamonaviy kemada Yevropaga qaytadi. Sohilda esa uni misli ko‘rilmagan olomon kutib oladi. U Yevropaliklar uchun shu darajada mashhur insonga aylangan ediki, kemadan tushishi bilan xaloyiq uni qurshab oladi. “Yashasin Charli! Charli!… Seni Xudo asrasin!”, degan hayqiriqlaru xitoblar yangraydi. Politsiyachilar uni bir amallab mashinaga o‘tqazadilar. “Rits” mehmonxonasida esa uni yana minglab odamlar kutib oladi. U olomonga guldastalar hadya etar, politsiyachilar esa “iltimos, mister Chap­lin, ularga gul otmang, ular gulingizni talashib bir-birlarini mayib qilib qo‘yadilar”, deb yalinishardi. Eng qizig‘i, unga minglab ayollar sevgi izhor qilib xatlar yozishar, yanada qiziqrog‘i, uch kun ichida Chaplinning 671 nafar “qarindosh”i paydo bo‘ladi. Ajabo! Buni qarangki, san’atkor bu qarindoshlarini umrida biron marta ham ko‘rmagan ekan. San’atkorga “Tillining qisqa muhabbati” (1914), “Bolakay” (1921 ), “Parijlik ayol” (1923), “Oltin vasvasasi” (1925), “Dengiz sohilidagi ayol” (1926), “Sirk” (1928), “Katta shahar chiroqlari” (1931), “Yangi davrlar” (1936), “Buyuk diktator” (1940) “Rampa chiroqlari”(1952), ­“Nyu Yorkdagi qirol” (1957) singari ko‘plab filmlari katta shuhrat keltiradi. Ayniqsa, “Katta shahar chiroqlari” asari ustida u uch yil mehnat qiladi va bor mablag‘ini sarflaydi. Bu filmda ham oddiy insonlarning mashaqqatli turmushi tasvirlangan bo‘lib, filmning syujeti quyidagicha: ishsiz bo‘lib qolgan yigit ko‘zi ojiz gul sotuvchi qizni sevib qoladi. Qiz betob bo‘lib qolganida yigit (Charli) ko‘cha supuradi, ringga chiqib boks ham tushadi. Xullas, nima qilsa ham pul topib sho‘rlik qizga yordam berishga harakat qiladi. Shu orada bir millioner mast holda o‘z joniga qasd qilayotganida Charli uni o‘limdan asrab qoladi…

Evropa sayohatidan qaytgan millioner yana g‘irt mast holatda Charliga ancha muncha pul beradi. Shu payt uyga o‘g‘rilar bostirib kirib, pulni o‘marayotganlarida Charli ularning qo‘lidan pullarni tortib oladi. Kayfi tarqagan millioner esa uni o‘g‘ri deb gumon qilib, politsiyaga xabar beradi. Charli qochib ketadi va bor pullarni ojiz qizga berib, ko‘zini operatsiya qildirishga undaydi. Biroq yigitni tutib olib qamoqqa tiqadilar. Oradan bir oy o‘tgach, yigit qamoqdan chiqib, qizni uchratib qoladi. Qiz endi butunlay sog‘ayib ketgan, gul do‘konida ishlar edi. Qiz Charlini tanib qoladi… Qiz uni millioner deb o‘ylagandi. Biroq ro‘parasida turgan bu tilanchisifat yigitni ko‘rib hayron qoladi. Shu soniyadagi Charlining nigohi, ko‘z qarashi har qanday bag‘ritosh tomoshabinning ham yuragini eritib yuborishi aniq. Charlining bu nigohida quvonch va alam, shodlik va iztirob, g‘urur va nochorlik hamma hammasi qo‘shilib, uyg‘unlashib ketgan edi… xullas filmning asosiy sahnalari ellik marta suratga olinadi. Bu jarayonda Chaplin o‘zini ham, qo‘l ostidagilarini ham ayamay ishlatadi. Nihoyat, san’atkor “Mavritaniya” kemasiga o‘tirib Yevropaga qarab yo‘l oladi. Angliya, Belgiya, Frantsiya, Avstriya va boshqa mamlkatlarda uni iliq kutib oladilar. So‘ng Chaplin Misr, Hindiston, Yaponiya va boshqa yurtlarga safar qilib, o‘zi yaratgan qahramonlarini dunyoga tanitishga musharraf bo‘ladi.

Uning 1940 yilda suratga olgan “Buyuk diktator” filmi birinchi marta Nyu Yorkda namoyish etiladi. Chaplin bu filmda Adolf Gitlerning qiyofasini shu qadar o‘xshatgan ediki, tomoshabin beixtiyor uning o‘zini ko‘rayotgandek bo‘lardi. Film­da Gitler qattiq hajv ostiga olinadi. Charli ijodda shuhrat qozongan, dunyoga tanilgan, minglab tomoshabinlarning mehr-muhabbatiga sazovor bo‘lgan buyuk iste’dod sohibi edi. Biroq uning shaxsiy hayoti ko‘ngildagidek kechmaydi. U hayoti davomida bir necha bor uylanadi. Umrining oxirigacha tinimsiz ijod qiladi. Buyuk san’atkor Shveytsariyaning Korse Syurveve qishlog‘ida istiqomat qila boshlagan paytlarida “Darbadar jentlmen”, “Nyu Yorkdagi qirol”, “Gongkonglik qirol” kabi filmlarni suratga oldi. U kech bo‘lsa-da, baxtli hayot kechirishga ham ulgurdi. U ellik to‘rt yoshida o‘n sakkiz yoshli Una O’Nilga uylanadi. Ular sakkiz farzandning ota-onasi bo‘ladilar. 1977 yili Charli Chaplin Rojdestvo bayrami tongida 90 yoshida vafot etadi. Ammo o‘limidan keyin ham uni tinch qo‘ymadilar. 1978 yilning mart oyida Charli Chaplinning qabri ochilib, mayit tobuti bilan o‘g‘irlab ketiladi. Bu haqda uning xotini Una O’Nilga xabar qiladilar. Oqila ayol ularga qarata shunday javob beradi: ‘‘Erim mening qalbimda yashaydi, uni hech kim o‘g‘irlab keta olmaydi’’.

Buyuk san’atkor ijodining tadqiqotchilaridan biri shunday degan edi: “Dunyoning hamma mamlakatlarida ko‘chada uchratib qolsa hamma taniydigan, hamma birdek minnatdorlik tuyg‘usi bilan xotirlab yuradigan bitta inson bor. Bu – Charli Chaplindir!..” Bu fikrga barcha san’atsevarlar ko‘shilsa kerak…

Matluba Temur qizi tayyorladi

“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 4-son