Metsamor atom stantsiyasi Yevropa uchun tahdid deb e’tirof etildi

Armanistonning Metsamor shahri yaqinida joylashgan atom elektr stantsiyasi Yevropa uchun tahdid sanaladi. Bu haqda Ozarboyjon Milliy Majlisi vitse-spikeri Ziyofat Asqarov Bokuda o‘tgan Yevropa Kengashi Parlament assambleyasida ma’lum qilgan.

“Armanistondagi Metsamor AESning ehtimoliy tahdidi ochiq muhokama etilishi kerak. Ushbu stantsiya eng xavfli inshoot bo‘lib, u sovet texnologiyalari asosida qurilgan. Stantsiyadagi har qanday nosozlik Yevropa uchun xatarli oqibatlarga olib kelishi mumkin. Boz ustiga, Armaniston seysmik faol mintaqada joylashgan”, – deydi Milliy Majlis vitse-spikeri Ziyofat Asqarov.

Ozarboyjon matbuotiga ko‘ra, Metsamor AES noqulay hududda – tog‘yonbag‘rida qurilgan. Favqulodda holatlar yuzaga kelganda esa bu qiyinchiliklar tug‘dirishi mumkin.

Rasmiy Boku ko‘p yillardan buyon mazkur AESni yopish tashabbusini ilgari surib kelmoqda. Qayd etilishicha, AES texnik jihatdan eskirgan va BMTning Xalqaro atom tadqiqotlari agentligi hisobotida ham xavfli inshoot sifatida tan olingan. Inshoot Janubiy Kavkaz hamda qo‘shni mintaqada yashovchi ko‘psonli aholiga ham tahdid ekani aytiladi.

Ozarboyjon tomoni mazkur AES Rossiyaning janubiy hududi uchun ham xatar tug‘dirishi, shu bois mazkur masalani Moskva ishtirokida ko‘rib chiqish lozim, deb hisoblaydi. Qolaversa, mazkur ekologik muammo BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar miqyosida muhokama etilishi lozim.

Avvalroq Turkiya tomoni ham AESning xatari xususida ogohlantirgan edi.

“Armanistondagi AES dunyodagi eng eskirgan inshootlardan sanaladi va bir qator xalqaro tashkilotlar, jumladan, MAGATE ko‘pdan buyon uni yopishni talab qilmoqda. Metsamor AES Turkiyaga ham jiddiy tahdid solmoqda”, – degan edi Turkiyaning 2009-2015 yillardagi energetika vaziri Taner Yildiz.

Sobiq vazirga ko‘ra, Turkiya chegarasidan 16 km masofada joylashgan stantsiya mamlakat uchun halokatli oqibatlar keltirishi mumkin.

Mintaqadagi yagona Metsamor AES 1976 yilda ishga tushirilgan. Armaniston tomoni, o‘z navbatida, AES xavfsiz ekanini aytib keladi.

C.Calim