Iqlim: u qaysi tomonga o‘zgaradi?

Qadimgi Mesopotamiya afsonalaridan birida quyosh uyidagi farzandlarini boqolmay ko‘chaga chiqarib yuborishi, sho‘x quyoshchalar yerning qo‘lidagi nonini zo‘ravonlik bilan tortib olishi haqida hikoya qilingan. Bechora yer afsona oxirida, issiqlikning haddan ortiqligidan qop-qora kulga aylanadi.

Bu afsona uchinchi mingyillikning boshida ingliz sinoptiklari tomonidan tez-tez eslanadigan bo‘lib qoldi. Quyosh farzandlari yerdan non olayotganini bilmadigu ammo so‘nggi o‘n besh yilda rostdan ham havo harorati 5-6,5 darajaga ko‘tarildi. Buni meteorologlarning kuzatishlari ham isbotlab turibdi. Albatta, havo isishining inson organizmi uchun salbiy jihatlari ko‘p. Biroq har yomonning bir yaxshisi bor, deganlaridek, issiq havoning ham odam sog‘lig‘i uchun foydali jihatlari bor ekan.

Yapon va nemis olimlarining birgalikda bir necha yil olib borgan kuzatishlari va tadqiqotlaridan kelib chiqqan xulosa, bu. Quyosh nuri ostida ko‘p yurgan odam yurak, o‘pka, jigar va buyrak kasalligi bilan og‘rimaydi. Miya faoliyatida chap yarimshar muhim o‘rin tutib, gumanitar va aniq fanlar birdek yaxshi o‘zlashtiriladi. Olimlar qariyb 20 yillik tadqiqotlari hali o‘ta mukammal emasligini tan olishadi. Chunki issiq iqlim sharoitida irsiyat tushunchasi qay darajada faol bo‘lishini bilmasdan turib, yuqorida keltirilgan dalillarni «o‘ta aniq» deb bo‘lmaydi. Bu tushunchani o‘rganish uchun tadqiqot ikki asr oldin boshlangan bo‘lishi kerak edi.

Kanadalik tabiatshunoslar ingliz hamkasblariga mutlaqo qarama-qarshi fikr bildiradilar. Tabiatning so‘nggi yillarda keskin isib ketishi yangi muzlik davrining alomati bo‘lishi mumkin, deydi ular. Haqiqatdan ham ketma-ket yozning issiq kelishi, qattiq sovuqli qishdan darak berishini hamma biladi. Bunday isishlaru sovushlar insoniyat tarixida doim ham kuzatilganku, dersiz. Ammo XX asrda texnikada erishilgan yutuqlar, kosmosni o‘rganish, kimyoviy zavodlar va boshqalardan chiquvchi chiqindilardan tabiatdagi muqobillik keskin o‘zgardi. Bu o‘zgarish XXI asr odamlari uchun kulfatlar olib kelishi ham mumkin. Ammo har qanday masalaning yechimi bor.

Sovuq iqlimda, hatto olti oylab quyosh chiqmaydigan yerlarda inson yashashi, tirikchilik qilib, tadqiqotlar o‘tkazishini ham bilamiz. Demak, muzliklar davri tsivilizatsiyaga salbiy ta’sir ko‘rsatib, odamni «Qizil kitob» ga kiritib qo‘yadi, degan fikr ham noto‘g‘ri. Vashington universiteti olimlari Alyaskada muzdan yonilg‘i sifatida foydalanish mumkinligini isbotlashganiga qariyb yigirma yil bo‘lyapti. «Olov bilan tirik ikki oyoqlilar» aysberg ustida qo‘llarini olovda isitishlari kelgusi ikki yuz yilda tabiiy holga aylanishi mumkin. Bundan tash-qari, hamma narsaga moslashuvchi inson tanasi sovuqda ham o‘zining yangi qirralarini namoyon qiladi. Buni Shimoliy qutbga yaqin yashovchi xalq-larni kuzatib, ular haqida yetmishga yaqin risolalar chop etgan Korvell Sountag (daniyalik etnograf va biolog olim) qaydlaridan ham bilish mumkin. Uning aytishicha, inson sovuq sharoitda bir asr va undan ko‘proq yashashi, eng muhimi — tetikligini umrining oxirigacha saqlab qolishi mumkin.

Sovqotgan miya o‘z faoliyatida muqobillikni tutib, fikrlash jarayoni tabiiy fanlarga uyg‘unlashgan holda yuz beradi. Ya’ni, eskimoslar ayniyat qonunlari va Mendeleev davriy jadvalini yaxshi o‘zlashtira oladilar. Yurak va buyrak sovuq iqlimda doimiy xavf ostida bo‘lishi mumkin. Ammo hamma narsaning yechimini topa olgan odamzodga o‘z a’zolarini issiq saqlashi lozimligini uqtirish shart emas.

Yodingizda bo‘lsa, amerikalik olimlar «inson tanasini muzlatib, kelajakdagi o‘zgarishlarning guvohi bo‘lishlari uchun sharoit yaratishlari» haqidagi gaplar, o‘tgan asr-ning 60-yillaridayoq paydo bo‘lgan edi. Nega muzlatilgan tanalar o‘z holatini uzoqroq saqlab qoladi? Olimlar buni sovuq sharoitda tananing molekulyar sustlashishi bilan izohlashadi. Uzoq yashash, sekin fikrlashning sababi ham shunda.

Kelajakda bizni tabiatning qanday mo‘jizalari kutayotgani haqida aniq fikr haligacha bildirilmadi. Olimlarning bashoratlaridan kelgusida havo harorati isib ketadi, degan xulosaga kelish mumkinmi? Bu haqida Lomonosov universiteti olimi Aleksandr Buykov shunday deydi: «Global muammolarning ko‘payishi ularning insoniyat taraqqiyotiga ko‘proq ta’sir qilayotgani, omma o‘rtasida vahima uyg‘otishi va har kim o‘zicha yechim qidirishi doim ham bo‘lgan. Masalan, Chingizxon va Usmonli turklar g‘arbiy Yevropa uchun uzoq vaqt oxir zamon elchilari bo‘lib ko‘ringanlar. XVII asr oxiridagi 10 yillik qurg‘oqchilik avstraliyalik aborigenlarni vahimaga solib, o‘z jonlariga ommaviy qasd qilishlariga sabab bo‘lgan. Yadro quroli XX asrning 50-yillarida dunyo xalqlari uchun intiho nuqtasi bo‘lib tuyulgan. Ko‘rib turibsiz-ki, muammolar doimo xalqlar osoyishtaligiga soya tashlab keladi. Vaqt o‘tishi bilan bu odatiy holga aylandi. Menimcha, bu to‘g‘ri vaziyat».

Sunami, zilzila, yong‘in, vulqon otilishlari kabi tabiiy ofatlar oqibatida dunyoda o‘rta hisobda har hafta 14 kishi halok bo‘ladi. Tabiatning bunday shafqatsiz injiqliklarini qo‘l-qovushtirib, jim kuzatish adolatsizlikdek, go‘yo. Ammo inson o‘z ojizliklari bilan ham inson-da! U aqli yetmaydigan narsani sukut saqlab kuzatadi. Hayratlanarlisi, odam issiqda ham, sovuqda ham hayot kechiraveradi. Shunday ekan, tabiatdagi holatlar uning hayotiga uyushtirilgan suiqasd deyish kulgili bo‘lardi. Baribir «O‘t balosidan, suv balosidan o‘zi asrasin».

Shahobiddin MUSAEV