Amudaryo Kaspiyga oqqanmi?

Darhaqiqat, Amudaryo Osiyoning, nafaqat Osiyoning, balki butun kurrai zaminning eng baland tog‘liklari – Himolaydan boshlanadi. Amu dastlab suv oladigan Vahjir darasi garchand Afg‘oniston hududiga kirsa-da, bu tor yo‘lak janubda – Hindiston, sharqda – Xitoy bilan tutashib turadi. Vahon vodiysining yuqori qismi yozin-qishin to‘nglab yotuvchi muzlik bilan qoplangan. Muzlikning quyi qismida esa Zar nomi bilan ataluvchi bir go‘zal, ammo mo‘jazgina ko‘l mavjud.

Amudaryoning ibtidosi xuddi ana shu ko‘ldir. O‘sha yerga yetib bora olsangiz, dengiz yuzasidan 4080 m. balandlikka ko‘tarilgan bo‘lasiz.

Vahjirdan quyiroq engandan so‘ng u Vahondaryo deb atala boshlaydi. Vahon vodiysi qadimda obod bo‘lgani boismi – ming yil muqaddam bitilgan, muallifi noma’lum «Hudud al-olam» asariga vodiy shu nom bilan kirgan. Ushbu kitobda Amudaryo Jayhun deya atalib, Vahon hududidan oqib chiqadi, deyiladi. Qizig‘i, shu hududdagi tog‘lar ming yil burun qandoq atalgan bo‘lsa, bizning davrimizda ham shunday tilga olinmoqda. Vaholanki, shuncha davr ichida ko‘pgina jug‘rofiy atamalar bir necha bor o‘zgargan. Xullas, Vahondaryo Pomir daryosi bilan qo‘shilib, Panj nomini oladi. Panjga esa o‘ng tomondan Gunt, Bartang, Yazg‘ulom, Vanch va Qizilsuv irmoqlari birlashib, yanada qudratli oqimga aylanadi. Keyin unga sersuv Vaxsh daryosi kelib qo‘shiladi va xuddi shu yerdan bu beboshvoq oqim Amudaryo deb nomlanadi.

Yuqorida sanab o‘tilgan har bir irmoqning yirik daryolarga teng kela oladigan chog‘i bor. Chunki ular sayyoramizdagi eng baland tog‘li o‘lkalardan boshlanishini aytib o‘tdik. Dunyo tomi deb bekorga aytishmagan – Pomir bu yerlarda nihoyatda ko‘kka havolanib ketadi. Hozir olimlar Fanlar akademiyasi deb atashayotgan tizma atrofida go‘yo ulkan tugundek bir necha yirik – Darvoz, Vanch, Yazg‘ulom, Tanimas tog‘larining boshi birikkan. Bu yerlarda saratonda ham qor yog‘adi. Va ularning erishga ulgura olmay qolgan qismi yil sayin muzliklarga aylana boradi. Natijada, eng yirik tog‘ muzligi hosil bo‘lgan. Uning qalin joyi 1000 m., uzunligi 77,8 km., kengligi 1500-3100 m., maydoni 907 kv.km. Bu- haliyam kichrayib, ancha yupqalashib qolgan holati. Darvoqe, O‘rta Osiyo tog‘larida muzliklar qisqarmoqda. Ba’zilari keyingi yuz yil davomida bir necha barobar kichrayib qolgan. Bu holat Fedchenko muzligini ham chetlab o‘tmagan. 1976 yilgi ekspeditsiiya davrida Vanch vohasida Xirsdara nomi bilan mashhur bo‘lgan, bot-bot harakatlanuvchi muzlikning qadimgi izlaridan to til qismiga yetgunimizcha, bir kun piyoda yurganimiz esimda… Ana ko‘rsatkich. Demak, qadimda bu ulkan muzlik hozirgidan ham katta bo‘lgan. Undan suv olayotgan Amudaryoning Vanch, Yazg‘ulom, Abduqahhor va hokazo irmoqlari ilgari yanada to‘lib oqqanini ko‘z o‘ngimizga keltirishimiz bilan tasavvurimiz yanada kengayishi tayin.

Tog‘ muzliklarini o‘z ko‘zi bilan ko‘rmagan kishiga uni harchand kelishtirib ta’riflamang, ishontirishingiz qiyin. Shunday bir jumboqli tabiat sinoati – bu muzliklar. Ularning yuqori qismi qattiq qor ko‘rinishida bo‘ladi. Sekin ­pastlasha borsangiz, na qor, na muz shaklida bo‘lgan qism boshlanadi. Muzliklarning quyi qismi til, muzliklar tili deb ataladi. Xuddi buzoq tilidek vodiy etagiga osilib tushib turadi. Hamma g‘aroyibotlar muzlikning xuddi ana shu til qismida joylashgan. Eng ko‘zga tashlanadigani – bu katta-kichik yoriqlardir. Darhaqiqat, muzlik harakatlanayotganda yoki sovuqlik oshib qisqarib, keyin esa kengayganida, tars-tars yorilib ketadi. Yoriqlar uzunasiga bir necha km. larga cho‘zilib, kengligi va chuqurligi bir necha m. ni tashkil etadi.

Muzliklarning chekka qismlarini yonbag‘irlardan yumalab tushgan tog‘ jinslari qoplab olgan. Kattaroq xarsanglarning tagiga quyosh tafti bormaydi – soya joyda muz erimasdan turaveradi. Atrofi quyoshga ro‘baro‘ qismlardagi qorlar eriydi, natijada xarsang ulkan pahlavonning telpagi kabi muzlik yuzasidan ko‘tarilib turadi. Aslida muz stollari ana shulardir. Kun sal iligan paytda mayda-chuyda shag‘al toshlar chuqur o‘yib kirib keta boshlaydi. Bu muzlik stakanlari nomi bilan mashhur shakllardir. Mana shu yaxlit muzlik badaniga shag‘al-tosh, xarsang, tuproq massalari aralash-quralash bo‘lib ketayotganligini bilmay qolasiz. Zero, muzlikning tarkibi yaxlit toza muzdan iborat emas. Garchand muz va tog‘ jinslari aralashmasi uning markazi tomon kamayib boraversa-da, muzlikning quyi tomon jipsligi natijasida aralashish jarayoni kuchayadi. Shuning uchun muzliklarning eng quyi qismi, ya’ni shu irmoqlarning suvi shiddat bilan turli tog‘ jinslarini aralash-quralash holda oqizib tushadi. Amudaryo suvining loyqaligi ana shundan. Buning ustiga, daryo o‘zanining nishabligi ham nihoyatda katta. Nil yoki Volga daryolarining nishabligidan ikki, ikki yarim barobar yuqori. Shuning evaziga suvi juda shitob bilan oqadi va ham yonlama, ham o‘zan eroziyasini – yuvilishini kuchaytirganligidan suv tarkibida loyqa miqdori ko‘p, har metr kub suvda 3,5 kg. loyqa bor.

Tabiatdagi muvozanatni ko‘rib, ba’zan hayron qoladi kishi. XX ­asrning 60-yillaridagi hisob-kitoblarga ko‘ra, Pomir tog‘idagi muzliklarda to‘plangan suv miqdori Orol dengizining suvi bilan teng kelib qolar ekan. Amudaryo boshlanishidan to quyilishiga qadar bo‘lgan masofa tabiat muvozanatini ushlab turuvchi rishtaga o‘xshaydi. Shu o‘lka tabiati Amusiz, Amu esa shu tabiatsiz yashay olmagani kabi, Amuning qirg‘og‘ida yashovchi barcha xalqlarning taqdirlari ham bir-birlari bilan chambarchas bog‘langan. Amu ularning har biri uchun bab-baravar hayot manbai bo‘lib kelyapti. Daryoning sharofatidan necha o‘lkalar bo‘ston bo‘ldi, qaysarligidan esa obod shaharlar, bog‘lar vayronaga aylandi.

Darhaqiqat, qaysarlik – Amuga xos. U hamisha o‘zi tusagan, boshi oqqan tomonga oqqan. Yunonlarning otaxon geografi Ptolomey Oks (Amu) Girkan (Kaspiy) dengiziga quyiladi, deb yozganiga 2000 yil bo‘lay deb qoldi. Biz bu qiziq ma’lumotni qadimgi olimlar yozib qoldirgan tarixdan ilg‘ab, suvning izidan uning bir vaqtlar qayoqqa, qanday oqqanligini taxmin qila olamiz. Dastavval arxeologlar, keyinroq esa geomorfologlar, Amu bir vaqtlar Kaspiy tomonga oqqanmi, agar oqqan bo‘lsa, qachon va nima uchun Orolga emas, Kaspiyga oqqan hamda oxirgi paytlar qay bir sabab tufayli Orolga quyila boshladi, degan savollarga javob izlab bosh qotirishdi. Ular to‘plagan dalillar – Qoraqum, O‘zboy o‘zani, Janadaryo bo‘ylab o‘tkazilgan tadqiqotlar, darhaqiqat, Amudaryo 4500-5000 yillar muqaddam Kaspiyga qarab oqqan, deya xulosa chiqarilishiga asos bo‘ladi. O‘sha payt­lari Amu shunchalar ulkan oqim bo‘lganki, Kopetdog‘ning shimoli-g‘arbiy yonbag‘irlaridan oqib tushuvchi Murg‘ob, Tajang kabi yirik daryolar ham Amuning irmoqlari qatorida ekan. Demak, Ptolomeyning gapida jon bor, uning xaritasi garchand ancha noaniq bo‘lsa-da, mantiqan to‘g‘ri, degan fikrdan ­boshqa to‘xtamga kela olmaymiz.

Sharqning buyuk allomalaridan bo‘lmish Xorazmiy ham Ptolomey fikrlariga tanqidiy yondashib, ancha mukammal xarita yasadi. Bu ilmiy hujjatda Balx daryosi, ya’ni Amudaryo suvi Xorazm ko‘li, ya’ni Orol dengiziga quyilayotgani tasvirlangan. Demak, bundan 1300-1400 yil muqaddam Amu yo‘nalishini keskin o‘zgartirgan va g‘arbga emas, shimoli-g‘arb tomon oqa boshlagan. Nima uchun? Ba’zi olimlarning fikricha, o‘sha paytlari Amu shunchalar ko‘p loyqa olib kela boshlabdiki, u tobora yig‘ilib, delta hosil bo‘lish jarayonida o‘zan ham loyqa bilan to‘lib, daryo o‘zanini o‘zgartirgan. Yana boshqa bir olimlarning fikricha, Yer shari goh sekin, goh tezroq aylanib turar ekan. Aylanish sal tezlashsa, oqim markazdan itaruvchi kuch ta’sirida shimolga, sal susaysa, g‘arbga tomon oqar ekan. Ularning aytishicha, Amuning goh Orolga, goh Kaspiy tomon oqishi bir necha bor qaytarilgan emish.

Bu sinoat qadimdan qiziq-qiziq rivoyatlarga mavzu bo‘lib kelgan. Rossiya imperatori Pyotr I ni bu juda o‘ylantirib qo‘ygan. U knyaz Cherkasskiyning yoniga necha yuz navkar qo‘shib, Osiyoga yuboradi. Bu harbiy ekspeditsiya Amu haqiqatdan ham Kaspiyga oqishi mumkinmi, mumkin bo‘lsa, shu ishni qanday amalga oshirish imkoniyatlari mavjud, degan muammoga javob topib kelishi kerak edi. Pyotr I Amuning Kaspiyga oquvchi ko‘hna o‘zaniga to‘g‘on solingan, o‘sha to‘g‘on buzib yuborilsa, daryo yana Kaspiy tomon ravona bo‘laveradi, deb o‘ylagan ekan. Uning tasavvuricha, Amu Kaspiyga oqa boshlasa, harbiy flot Volga bilan Kaspiyga yetib, keyin esa Amu bilan oppa-oson Xorazmga kirib boraverishi mumkin bo‘lar edi. Ammo bu ish amalga oshmay, Pyotr I ning orzusi abadiy armonga aylanib qoldi.

Amu Orol tomon oqish jarayonida turli-tuman qiliqlar ko‘rsatib turadi. U o‘zini goh o‘ngga, goh chapga tashlab, Jayhun telba, deb dovrug‘ qozongan. Kot kabi muazzam shaharni – nafaqat Xorazmning, balki butun Osiyoning yirik madaniy markazlaridan birini – Jayhunning telba to‘lqinlari yuvib kelgan. Bu mash’um voqea, Beruniyning guvohlik berishicha, XI asrning boshlarida sodir bo‘lgan. Har yilda o‘zan o‘nlab km. o‘ngga, yoki chapga surilaverganidan ne-ne obod qishloqlar, bog‘lar oqim girdobiga tushib yoki suvsizlikdan qaqrab, xarob bo‘lar edi. Amuning bu qilig‘ini xorazmliklar degish (dagish) deb atashadi.

Haqiqatan ham, Amuning injiqliklari son-sanoqsiz. Shulardan biri – suvning muzlash jarayoni bilan bog‘liq xususiyatlari, ya’ni chovish kelishi bilan bog‘liqdir. Qish tugab, erta bahorda chovish (daryoda muz palaxsalarining beto‘xtov oqishi, xorazmliklar sang yurdi, deydi) kelganda, daryoning tor jo­yida muz tiqilishi tufayli suv sathi 2-2,5 m. gacha ko‘tarilib ketishi kuzatiladi. Ana shunda tevarak-atrofni suv bosadi. Amudaryoning yuqori oqimi kamdan-kam hollardagina yoppasiga muzlaydi. Daryo janubdan shimol tomonga oqqanligi uchun ham qish paytlari quyi oqim tomon havo soviy boradi. Termiz yaqinida daryo suvi 3-4 kun muzlasa, Nukus atrofida 64 kun muzlab yotishi mumkin. Demak, suvning to‘satdan ko‘tarilib ketish xavfi daryoning quyi oqimida yuz beradi. U atrofga ozmuncha tashvish keltiradi, deysizmi?! 1969 yili qish nihoyatda sovuq kelganligi ko‘pchilikka ma’lum. O‘sha yili Chorjo‘yda, Xorazm viloyati, Qoraqal­pog‘iston Respublikasining ayrim tumanlarida muz tiqilishi ro‘y beradi. Suv ikkala qirg‘oq bo‘ylab ko‘tarila boshladi. Ko‘pgina aholi turar-joylari, qishloq, ovul, dala-bog‘lar suv ostida qoldi.

Amudaryo suvi yildan yilga kamayib bormoqda. Birinchidan, daryo suvidan ko‘plab kanallar suv olmoqda, bu, albatta, o‘z ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmaydi. Ikkinchidan, Amudaryoning talay irmoqlari daryoga quyila olmasdan tugab qolmoqda. Arxeologik ma’lumotlarga ko‘ra, Zarafshon besh ming yil muqaddam suvini Amuga quygan. XV asrning yirik olimlaridan Hofizi Abro‘ Zarafshon-Ko‘hak yog‘ingarchilik yillari to Amudaryogacha oqib borishini aytgan edi.

Amu suvi kanal-ariqlar orqali sug‘oriladigan dala, bog‘larga oqizilgani yangilik emas, bu ishni ota-bobolarimiz 3-4 ming yillar muqaddam ham uddalashgani haqida akademik Yahyo G‘ulomov yozgan. Ammo XX asrda bu ish haddan oshirib yuborilgani sababli, 1980 yillarga kelib, Amudaryoning quyi oqimida suv kamayib qoldi va Orol dengiziga yetib-etmay qolaverdi. 1990 yillarga kelib, Amudaryo sal bo‘lsa-da jonlanib, Orol dengiziga sekundiga 10 m3 atrofida suv quya boshladi.

Ammo keyingi yillar davomida dehqonlarimiz yerlarini sug‘orishda qiynalib qolishdi. Taqdirini uning suvi bilan bog‘lagan turli jondorlar, o‘simliklar olamining bioxilma-xilligi to‘g‘risida ham biron-bir ijobiy fikr aytish qiyin. Mutaxassislarning ta’kidlashlaricha, 60-70 yil burun Amu bo‘yidagi to‘qayzoru cho‘llarda yo‘lbarsdan tortib katta-kichik parrandayu-darrandalarning 141 turi yashagan; Amudaryoning faqat delta qismidagina 62400 gektar maydonda qamishzorlar mavjud bo‘lib, butun havza bo‘yicha 1,5 mingdan ortiq o‘t-o‘lanlar turini sanash mumkin bo‘lgan ekan.

Mana shunday iztirobli o‘y-fikr­lar iskanjasida yurar ekanman, o‘ngimda ham, tushimda ham Amudaryo bo‘lib qolgan bir damlar, 2008 yilning 24 noyabri edi. Tasodifan tillo topgan telbadek sevinib ketdim. Shu kuni Nizomiy nomidagi TDPUda anjuman bo‘layotgan edi. Bo‘lganda ham respublikamizning barcha burchaklaridan yig‘ilib kelgan geograflarning «Geografiya fanining dolzarb nazariy va amaliy masalalari» mavzusida ilmiy-amaliy konferentsiyasi ish boshlab yuborgandi. Navbatdagi so‘z professor P.Baratovga berildi-yu, uni butun vujudim bilan eshita boshladim. Ustozning o‘sha kungi ma’ruzasi xuddi dilimga tinimsiz og‘riq bo‘lib turgan Amudaryo xususida bo‘lib chiqdi. Aynan keltiraman.

– Mustaqillik yillarida mamlakatimizda ekologik holatni yaxshilash, Orol dengizi, demakki, Amudaryo, Sirdaryo kabi hayot ­nahrlari muhofazasi yo‘lida amalga oshirilgan muhim ishlar va biz, har birimiz ularning ijobiy samarasidan umidvormiz, – dedi u. Amudaryo havzasida gidrologik resurslar cheklangan bo‘lib, uni qat’iy tarzda nazorat qilish zarur bo‘ladi.

Professor P.Baratovning ma’lumotiga ko‘ra, g‘o‘zani sug‘orish talabi tuproq turiga qarab gektar boshiga 2000 m. kubdan 8000 m. kubgacha atrofida bo‘lishi lozim. Vaholanki, bu ko‘rsatkich 16-17 ming m. kubni tashkil etmoqda. Turkmaniston, Qozog‘iston, Tojikistonda hatto 20 ming m. kub atrofidadir. Turkmanistonning Qoraqum kanali zonasida esa eng ko‘p – 24 ming m. kub suv sarflanmoqda. Demak, suv nihoyatda isrof bo‘lmoqda. Irrigatsiya shaxobchalarining foydali ish koeffitsienti pastdir. Kanal, ariqlarda Amudaryodan olinayotgan suvning 40-41 foizi ekin dalalariga yetmasdanoq yerga shimilib ketmoqda. Ayniqsa, Amudaryodan suv olayotgan Qoraqum kanalida bu ko‘rsatkich 43 foizni tashkil etadi. Agar kanal, ariqlar betonlashtirilib yoki o‘zanga polietilen plyonkalar yotqizilsa, yiliga 10-11 km. kub suvni iqtisod qilib qolish mumkin ekan.

Yurtboshimiz tashabbusi bilan 2009 yil – «Qishloq farovonligi va taraqqiyoti yili» deb e’lon qilindi. Demak, bu yilning mas’uliyati nihoyatda ulkan. Shu ma’noda olimlarimiz mazkur yilda suv muammosiga bag‘ishlangan xalqaro konferentsiyaga yig‘ilishsa, aynan shu yo‘nalishda ishtirokchilar ma’ruzalari tinglanib, konferentsiya tavsiyalari qabul qilinsa, nur ustiga nur bo‘lar edi. Chunki necha ming yillardan buyon ichgali suv, yeyarga oziq bergan, vaqti kelganda, turli balo-qazolardan himoya qilgan Amudaryo bizning rizqu nasibamiz, faxrimiz, qolaversa, dardu hasratimizdir.

Asror Nizomov,
eologiya-mineralogiya fanlari nomzodi
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.