Qudrat Do‘stmuhammad. Umr lahzalari (akademik Vosil Qobulovning “Kundaliklar”i haqida)

Vosil aka “Kibernetika”ga rahbarlikni 1992 yili yoshlar qo‘liga topshirganlaridan keyin, bir muncha vaqt o‘tib, har haftaning chorshanbasida norasmiy “ochiq eshiklar” kuni o‘tkazadigan bo‘ldilar. Ya’ni kimning qanday gapi, qanday muammosi bo‘lsa, uchrashib, maslahatlar olib ketardi. Men bu vaqtlar oliy o‘quv yurtlaridan birida ishlab yurgan bo‘lsam ham (“Kibernetika”da 1965-75 yillari aspirant, kichik – katta – yetakchi ilmiy xodim bo‘lib ishladim), 1998 yilda “ochiq eshiklar”ni ko‘rgani bordim. Bu, menga bir bayramdek tuyulgan: ilgari birga ishlagan tanish-bilishlar, hamkasabalar bir-birini topishib, xotirlashadigan, ilmiy ishlardan gaplashadigan kun ekan. Yarim yildan ortiqroq, kanda qilmay, kelib yurdim. Kibernetika muzeyi tashkil qilish ishlariga ko‘maklashdim. Shunda, Vosil aka har kungi ishlarini yozib yurishlarini bilib qoldim. Qulay fursat topib, “Kundalik daftar tutar ekansiz, o‘qiylik”, – dedim. “Nima qilasan?” – dedilar. Ustozning “san”lab gapirishlarida suhbatdoshga nisbatan mehr balqib turar edi. “Matbuotda chiqmay qo‘ydingiz, dil so‘zlaringiz, o‘gitlaringiz yig‘ilib qolgandur?” – dedim.

Keyingi chorshanbada borganimda, Vosil aka bir to‘p qalin daftarni stol ustiga tashladilar va: “Sanga ishondim. Bularni qaytarganingdan keyin, boshqalarini beraman”, – dedilar.

Aytganlaridek bo‘ldi: jami o‘ttizta (!) qalin-qalin daftar – “Kundaliklar”ni o‘qib-o‘rganib chiqish, ko‘chirmalar qilish menga nasib qildi.

Kundalik yozish odamdan shunga yarasha faollik talab etadi – uning hayoti qiziqarli, betakror, ko‘pqirrali bo‘lishi, turli mavqedagi odamlar va katta hududlarni qamrab olgan, favqulodda holatlar va vaziyatlarga boy, intilishlarida salmoqli natijalarga erishgan bo‘lishi lozim. Aytaylik, bularning hammasi mavjud, yana istak ham bor. Lekin shularning o‘zi bilan kundalik yozilavermaydi, yana matonat va iroda degan omillar ham bo‘lishi kerak. Qanday ruhiy yoki jismoniy holatda bo‘lmagin, voqea va hodisalar sening foydanggami yoki zararingga, qilgan ishing to‘g‘rimi yoki noto‘g‘ri, yutuqmi yoki kamchilik, bulardan qat’iy nazar, o‘zingga nisbatan shafqatsiz bo‘lib, bor haqiqatni yozib borish, katta matonat, mustahkam iroda talab etadigan ish.

O‘zbekistonda kibernetika fanini amaliyotga qo‘llashni boshlab bergan, ilmini rivojlantirgan zot – akademik Vosil Qobulov o‘ttiz sakkiz yil davomida, sutkaning yigirma to‘rt soati kamlik qilganda ham, ta’til va bayram kunlarida ham, xullas, Alloh bergan kun bor-ki, kanda qilmay yozib kelayotgan kundaliklarini o‘qigan odam qoyil qolmay iloji yo‘q.

Tabiatan kamgap Vosil aka “Kundaliklar”ni ham shunday “uslubda” yozganlar. Masalan, ba’zi kunlari: “Uydaman. Al-Xorazmiy” deb yozganlar, xolos. Demak, kuni bilan uyda o‘tirib, Xorazmiyning ilmiy merosini o‘rganish va bu mavzuda kitob yozish bilan band bo‘lganlar.

Dastxat nasta’liq bilan yozilgan arab yozuviga o‘xshaydi: harflar bir-biriga mingashib ketgan (fikrlar oqimi qo‘lni shoshirib qo‘yadi, shekilli?), so‘zlarning qo‘shimchalari kamdan-kam bitilgan, ba’zan, gapning egasi boru, kesimi yo‘q, lekin mantiqan topib olsa bo‘ladi.

Dastlabki xotiralar EHMlarni o‘rnatish va ishlatish haqidagi muhim faktlardan iborat bo‘lsa, keyinchalik keng ko‘lamdagi mulohazalar aytila boshlagan. Falsafiy mushohadalar ham uchraydi, lekin “falsafa so‘qish” yo‘q. Yozish mahoratlari ham asta-sekin charxlana borgani ko‘zga tashlanadi. Bu, ayniqsa, Matyoqub Qo‘shjonovning kitoblarini o‘qigach, muallifga yozgan maktublarida yaqqol ko‘rinadi. (Maktublar “Yozuvchi” gazetasining

1999 yil, 24 fevral sonida bosilgan). Oddiy so‘zlar juda o‘rniga qo‘yib ishlatilgan, aytish mumkinki, badiiy mahoratga doxil satrlar ham talaygina.

Vosil aka o‘qishga juda o‘ch ekanlarini, gazeta, jurnal hamda, qaysi mavzuda bo‘lishidan qat’iy nazar, qo‘llariga tushgan kitobni o‘qimaguncha, qo‘ymasliklarini biz – shogirdlari bilar edik. Shuning uchun chorshanba kuni, ishxonaga kelishlaridan oldin, o‘zimizning yangi chiqqan maqolalarimiz yo kitoblarimiz bormi yoki umuman, e’tiborga loyiq kitoblar bormi, stollari ustiga tashlab qo‘yardik. Yakkama-yakka suhbatlarni boshlashlaridan oldin ularga bir-bir ko‘z yugurtirib chiqar edilar. Sakson yoshga yaqinlashib qolgan bo‘lsalar-da, ko‘zoynak taqmasdan o‘qirdilar. Faqat uzoqni ko‘rish uchun oynak taqar edilar.

O‘qishga o‘ch ekanliklari “Kundaliklar”da ham aks etgan: bolalar yozuvchisidan tortib, kvant mexanikasining yirik namoyandasigacha qalamga olinadi. Yaxshi bir asar o‘qigan bo‘lsalar, o‘zlari ham shunaqa kitob yozish istagini bildirib ketadilar. Shuning uchun ham bir vaqtning o‘zida bir nechta kitob yozish bilan band bo‘lib yuradilar. Ilmiy maqolalar yozish bu hisobga kirmaydi.

Qobulovning o‘ttiz besh yil rahbarlik faoliyatida yorug‘ kunlar ham, qorong‘u kunlar ham bo‘ldi. Bir vaqtlar uch ming xodim ishlagan “Kibernetika” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasidagi shuncha fe’l-atvorga, bundan bir necha marta ko‘p taqdirga javobgar bo‘lganlar. Xodimlar orasidan ustozga nisbatan nonko‘rlik qilganlar ham, “siyosiy muxolifat” bo‘laman, deb asabni buzganlar ham chiqdi. Hammasi “Kundaliklar”da ehtiroslarsiz qayd etilgan.

Vosil Qobulov nafaqat fan va texnikani rivojlantirishga hissa qo‘shayotgan olim, balki, ko‘proq, oddiy bir inson, jonkuyar fuqaro sifatida ham ko‘z o‘ngimizda gavdalanadilar. Masalan, ruhan iztirob chekib turgan yoki sog‘lig‘i yomonlashib, joni og‘riyotgan odam, birdan o‘zini unutib, el-yurt g‘amiga tushsa, “Endi nima bo‘ladi?” deya tashvish torta boshlasa, bu nimalardandir darak bermaydimi? Allaqachon qarilik gashtini surish imkoniyatlariga ega bo‘lgan odam, dunyo tashvishlari bilan babbaravar yashab o‘tdilar.

“Kundaliklar”da ijtimoiy hayotdagi muhim voqealar haqida qisqa-qisqa o‘y-fikrlar yozib ketilgan. Kibernetika fani haqidagi armonlari tez-tez qog‘ozga tushgan.

Ma’lumki, bozor munosabatlariga o‘tish davrining muammolari tufayli, Vosil Qobulov orzu qilgan yoppasiga modellashtirish va algoritmlashtirish g‘oyasi kun tartibidan orqaga surildi. “Kundaliklar”da bu haqda ustozning armonlari, yosh olimlardan “gina”lari o‘rin olgan. Shu o‘rinda model va algoritm haqida biroz izoh berish foydadan holi emas.

Kibernetika, deganda odamlar elektron hisoblash mashinalari, ya’ni kompyuterlarni tushunishadi. Bu, qisman to‘g‘ri, lekin kibernetikaning qamrovi ancha keng va chuqur. U boshqarish haqidagi fan bo‘lib, hisoblash mashinalari unga xizmat qiladigan vosita, xolos.

Kibernetikaning, fan sifatidagi eng muhim xususiyati shuki, u moddiy dunyo bilan ilohiyotning umumiy nuqtasi bo‘lgan axborotga va ular ustida bo‘ladigan amallarga tayanadi.

“Kibernetika” qadimgi yunon tilida “darg‘a”, “boshqaruvchi” degan ma’nolarni anglatadi. “Gubernator” ham shu so‘z asosida yuzaga kelgan. Yunon va slavyan tillaridagi “angel” (farishta) so‘zi qadimda “axborot” ma’nosini bergan. Beixtiyor, “Kibernetika – ilohiy fanmikan?” degan xayolga borasan, kishi.

Chindan ham, kibernetika fanini chuqur mushohada qilsak, shu narsa ayon bo‘ladiki, har qanday jism biz bilgan-bilmagan axborot majmuasidan iborat ekan. Shu axborotni mukammal bilsak va hisoblash mashinasi ichiga joylasak, jismning o‘ziga murojaat qilish zarurati qolmas ekan! Jismning u yoki bu vaziyatlardagi holati, xatti-harakatini axborot orasida bo‘layotgan o‘zgarishlardan bilib olaveramiz. Boshqacha aytganda, jismni kompyuter ichida modellashtirgan bo‘lamiz.

Bu gaplar biroz bo‘rttirish va xayollarga moyil bo‘lsa-da, ilmiy mantiqqa xilof emas. Shuning uchun ham kibernetika fani -moddiylikdan ilohiyotga eltadigan ko‘prik desak, xato bo‘lmaydi.

Chekinishlardan xoli qaraganda, kibernetikani keng ma’nodagi boshqarish, deb tushunish lozim. Boshqaruv hammayoqda bor jarayon: tirik organizm o‘zini o‘zi boshqaradi, operator mashina va dastgohlarni, direktor – korxonani, rahbar – katta-kichik tashkilotlarni, hududni, mamlakatni boshqaradi. Hamma boshqaruv bir tartibda kechadi: axborot yig‘iladi, saqlanadi, qayta ishlanadi, uzatiladi, qaror qabul qilinadi va buyruq beriladi. Boshqarish jarayonida bunday amallarni minglab-millionlab marta takrorlashga to‘g‘ri kelishi mumkin. Shuning uchun xotira hajmi juda katta va tez ishlaydigan kompyuterlar kerak. Bundan tashqari, boshqariladigan ob’ektning matematik modelini ishlab chiqish va boshqaruv jarayonini algoritmlash – kompyuter bajara oladigan holatga keltirish zarur. Vosil Qobulov amaliyotga tatbiq qilish uchun intilgan g‘oyalarning eng sodda bayoni shu!

Yuzaki qaraganda, bu g‘oyalar amalga oshmasdan yo‘qlikka sho‘ng‘igandek tuyuladi. Unday emas. Hozirgi vaqtda kattayu kichik korxonayu tashkilotlarning hammasida kompyuterlar bor, malakali mutaxassislar bor. Bunday darajaga yetishishda “Kibernetika” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasining ham hissasi bor. Axir, 60-yillarda ishlab chiqarishga oid masalarini EHMda hisoblash olishni istagan korxonalarning mutaxassislari “Kibernetika”ga kelishar edi. Yoki, o‘ziga EHM sotib olmoqchi bo‘lgan korxona, tashkilotlar maslahat va yordam olish uchun yakkayu yagona manzil – “Kibernetika”ga murojaat etar edilar. Vosil Qobulovning shogirdlari borib, EHMlarni o‘rnatib, ishga tushirishda yordam berar, o‘zlari ham o‘sha yoqlarda qolib ketishar edi. Shu tarzda “Kibernetika”da yetishib chiqayotgan olimlar, mutaxassislar har tarafga “uchirma” bo‘lib ketardilar. Hozirgi kunlarda ham qaysi korxona yo tashkilotga bormang, “Kibernetika”ning “tegirmoni”dan chiqqan olimlarni, mutaxassislarni uchratish mumkin.

Vosil aka bilan uchrashuvga borib yurib, ustoz haqida uchta maqola yozdim. Bittasi “Yozuvchi” gazetasida, yana biri – o‘quvchilarning “Gulxan ” jurnalida bosildi (2001 y., 11-12 son), uchinchisi (aslida – birinchisi!), 1999 yilning aprelida tayyorlangan maqolaga ustoz rozilik bermadilar: shaxsiyatlari haqida ko‘p gapirilishini hushlamas edilar. “Falon jurnalning bosh muharriri bilan kelishib qo‘ygan edim”, – desam, “Man o‘tgandan keyin chiqararsan”, – deb yupatdilar.

Mana, o‘sha vaqt keldi, shekilli. Ustozni Alloh rahmat qilsin! Siz yuqorida o‘qiganlaringiz o‘sha, ortga surilgan maqolaning bosh qismi bo‘lib, hozirgi kunga moslashtirildi, xolos. Quyida ustozning kundalik daftarlaridan ko‘chirib, o‘sha maqolaga ilova qilingan so‘zlaridan ba’zilarini o‘qiysiz.

* * *

“Chiziqli programmalash ustida ishlamoqdaman. Bu yo‘nalishda yuzlab tenglamalar isbot qilingan, lekin aniq raqamlarga kelganda, ularning ikki pullik foydasi yo‘q.

“Matematika” deb yurgan ekanmiz, amaldagi hisob-kitoblarga o‘tganda, boshqa fan ijod qilishga to‘g‘ri keladi”.

(1992 y., 21 mart)

* * *

“Shogirdlar xonamga kirib kelishdi. Yangi rahbar oldida bo‘lishganini, u kishi olifta gaplar qilganini aytishdi. Men ularga H.Abdullayev bilan Sharof Rashidovdan eshitganimni aytdim: “Informatika sohasi yerliklar qo‘liga o‘tishi kerak emas. Kim shunga harakat qilsa, umri qamoqlarda o‘tib ketishi mumkin”. Buning alomatlarini men 1969- va 1985-86 yillarda o‘z hayotimda ko‘rdim. Yangi rahbarni yo‘lga solsa bo‘lar…”

(1993 y., 9 yanvar)

* * *

“Davlat nazorati boshlig‘i M.Mirqosimov xonasiga kirdim. Shaxsiy kompyuter qo‘ygan, axborotlarni kiritgan, ishlashni o‘rgangan. Qilayotgan ishlarini menga bir yarim soat gapirib berdi. O‘z oldiga ikki xil: “Axborotlar oboroti” va “Optimallashtirish”

masalalarini qo‘ygan.

O‘ttiz yillik ishimda EHMga bunday munosabatda bo‘lgan rahbarni birinchi marta ko‘rishim”.

(1993 y., 18 yanvar)

* * *

“Men odamlar bilan quchoqlashib ko‘rishar emishman. Bu mening obro‘yimga to‘g‘gi kelmas emish.

Javobi: men emas, men bilan shunday ko‘rishadilar”.

(1993 y., 3 iyun)

* * *

“Ertalab soat o‘nda to‘qimachilik institutiga olib borishdi. Seminar. Alisher degan yigit doktorlik dissertatsiyasini doklad qildi. Hayratda qoldim: Biznig paxta tozalash sanoatimiz dunyo standartlaridan shunchalik orqada qolib ketgan ekanki, oqibatda milliardlab pul yo‘qotayotgan ekanmiz!

Revolyayutsiya qilish kerak! Shu dissertatsiya nazariy asos bo‘lishi mumkin”.

(1994 y., 24 may)

* * *

“Musayevning so‘zlaridan: “1956 yili Fan va texnika davlat komiteti raisligiga M.Nabiyev mo‘ljallangan. Nomzod ertaga e’lon qilinadi, deb turganimizda Nabiyev, men raislik qilolmayman, deb, M.O‘rozboyevni tavsiya etdilar. O‘rozboyevning uyida telefon yo‘q, toptirib keldik. U kishi, foydam tegsa, ishlayveraman, dedilar.

Ikki yildan keyin M.O‘rozboyev O‘zbekistonda tub aholidan injenerlar kam, deb, ularni ko‘paytirish choralarini taklif etdilar. Markazqo‘m maxsus qaror qabul qilib, texnika oliy o‘quv yurtlarida tub aholidan talabalar soni 75 foizga yetkaziladigan bo‘ldi, viloyatlardan olinadigan talabalar miqdori belgilandi.

Bular, O‘rozboyevning mustaqillik orzusi, shu yo‘lda mahalliy kadrlar tayyorlash rejasi edi. Afsuski, shu ishlardan keyin M.T.O‘rozboyev millatchi degan nom oldi…

O‘rozboyev sotsializmning ham, kapitalizmning ham yaxshi tomonlari bor, ulardan foydalanish kerak, der edilar. U kishining rektorlik davrida politexnika institutidagi talabalar soni 45 mingga, tub aholi farzandlari 90 foizga yetdi, tub aholi qizlarini ham injenerlikka o‘qishga jalb qilindi”.

(1996 y., 22 may)

 Yapon olim Atsuko Yoshizava akademik Vosil Qobulov xonadonida

* * *

“Navoiy tog‘-metallurgiya kombinati AQSh, Angliya, Yaponiya bilan birga ishlamoqda. Ukrainadan “Paton instituti” xodimlari kelib ketgan, Belorusiya olimlari o‘z patentlari bilan ish ko‘rmoqdalar. “Moskva” shu yerda, dollar yetadi! O‘zbekiston Fanlar akademiyasi qayerda ekan? Biz, kibernetiklar ketib bo‘lganmiz, yadro fizikasi institutining laboratoriyasi berkilgan.

O‘zbekistonda olimlar yo‘qmidi?”

(1997 y., 9 yanvar)

* * *

“Hali ham boshga tashvishlar orttirib yurganimga hayron bo‘lib qolaman: Navoiy tog‘-metallurgiya kombinati, Toshkent viloyati tabiatni muxofaza qilish qo‘mitasi, “Ulug‘bek”dagi maktabga kompyuter olib berish, laboratoriya muammolari, kasalxonaga yotish…”

(1997 y., 22 may)

* * *

“Dam olish uyi. “Al-Xorazmiy” oxiriga yetib qoldi. Institut bosh muhandisi Erkin Hoshimov bir ixtirochi bilan kelib qoldi. Mamanazarov ekan. 10-15 yildan beri elektr zanjiridan iborat “Perputiiuum mobile” bilan band ekan. Hozir hech qayerda ishlamaydi. O‘zbek xalqi uchun jonini fido qilmoqchi, uyini sotib bo‘lsa ham shu ishga kerak “Uskoritel chastotы toka” degan narsani Moskvadan olib kelishga tayyor. Ko‘p joylarga borgan: GKNT, Vazirlar mahkamasi, Jahon fondi va h.k. Ular ixtironi ko‘rsatishni talab qilganlar. Bu odam: “Ixtironi qo‘limdan olib, o‘zimni biryoqlik qilib yuborishlari mumkin”, – deb ishni hech kimga ko‘rsatmagan. Nazariy hisoblar qilib, model tuzish, EHMga kiritish haqida o‘ylab ko‘rmagan. Sxemani chizib ko‘rsatdi.

Maslahat bunday bo‘ldi:

1) ishga kirib, oddiy hayotni boshlash kerak;

2) ixtironi aql bilan oldinga surish kerak, balandparvoz gaplarga hojat yo‘q;

3) nazariy ishlarni boshlab yuborish kerak.

“Abadiy dvigatel” amalga oshmaydigan narsa, lekin foydali ishi yuqori bo‘lgan mexanizmni ixtiro qilish mumkin”.

(1997 y., 2 avgust)

* * *

“Kechki payt dam olish zonamizga o‘rmon ho‘jaligi uchastka boshlig‘i Jumanazar keldilar. Quchoqlashib ko‘rishdik. Ikki soatcha gaplashib o‘tirdik. Moyana olmaymiz, deydilar. Bir qop un falon pul! Bozorda dehqonga yo‘l yo‘q. Korxona ochaman, degan odamning yo‘lida soliqchilar poylab yotishibdi. Chorva ham og‘ir. Yaylovga bir bosh mol uchun 150 so‘m to‘lash kerak, qishda yem yo‘q. Tog‘lardagi archalarni o‘tinga kesib ketishayapti. Maktab chatoq! Domlalar qolmadi, bori ham piyonista, obro‘si yo‘q… Xullas, hasratlarning adog‘i yo‘q”.

(1998 y., 13 iyul)

Qudrat Do‘stmuhammad tayyorladi.