Muso Mamadazimov. Ulug‘bek merosi jahon olimlari nigohida

http://n.ziyouz.com/images/mirzo_ulugbek.jpg

Bundan besh yarim asr muqaddam azim shahar – Samarqand etagida Ulug‘bek va uning maktabi tomonidan ishga tushirilgan rasadxonadan Koinot qa’riga tashlangan nazar faqat Sharqdagina emas, balki jahon fani, madaniyatining “ochilmagan qo‘rig‘i”ni ochish – Koinotni o‘rganishga qo‘yilgan buyuk bir qadam bo‘ldi. Shu ilk qadam sabab bo‘lib, Yevropada birin- ketin yirik, yaxshi jihozlangan rasadxonalar ishga tusha boshladi. Polshada Olam tuzilishining geliotsentrik nazariyasi (N.Kopernik tomonidan), Milanda (Italiya) Koinotning cheksizligi va unda quyosh tizimi – oddiy bir yulduzning yo‘ldoshlari bilan tashkil etgan tizimi ekanligi g‘oyasi (Jordano Bruno tomonidan), Germaniyada osmon jismlarining harakat qonunlarini ifodalovchi – osmon mexanikasi (I.Kepler tomonidan), Angliyada osmon jismlarining massalarini hisoblash usuli (I.Nyuton tomonidan) kabi muhim kashfiyotlar “daryosi”ning vujudga kelishida Samar-qand astronomlari “ko‘zini ochgan buloq” dastlabki irmoq bo‘ldi. Quyosh, Oy va sayyoralarning harakatlarini o‘rganish bo‘yicha Ulug‘bek maktabi qo‘ygan poydevor – nazariy astronomiya deyiluvchi maxsus fanning shakllanishida o‘zining ulkan hissasini qo‘shdi. Shu bois ham Ulug‘bek astronomik maktabi tarixi, buyuk olimimiz merosi necha asrlardan buyon dunyo ilm ahlini qiziqtirib kelmoqda.

Garchi tarixiy manbalarda Samarqand rasadxonasiga tegishli ma’lumotlar juda kam aks etgan bo‘lsa-da, biroq Ulug‘bek va uning maktabi olimlarining astronomiya va matematika sohasi bo‘yicha qilgan ishlari tavsif qilingan tarixiy manbalar yetarli. Bunda ayniqsa, Ali Qushchining xizmati katta bo‘lgan deb taxmin qilinadi. U umrining so‘nggi yillarini Istanbulda o‘tkazib, u yerda dastlab mudarrislik, so‘ngra muqaddas “Aya Sofiya” masjidiga qarashli madrasaning boshlig‘i bo‘lib ishlagan. Ali Qushchi o‘z xizmatidan bo‘sh vaqtlarida Samar-qanddan keltirgan qo‘lyozmalarning ro‘yxatini tuzishga ko‘p vaqt ajratganligi tarixiy manbalardan ma’lum. Turli tillarda yozilgan bu ro‘yxat Hindiston, Yaqin Sharq va Yevropada keng tarqalgan. Bunday ro‘yxat keyinchalik G‘arbiy Yevropaning mashhur Oksford universitetining kutubxonasidan ham topilganligi fikrimizga dalil bo‘la oladi.

Evropada birinchi bo‘lib, “Ulug‘bek ziji”ni tadqiq etgan olim Oksford universitetining professori Jon Grivs (1602-1652) bo‘ldi. Sharq xalqlari tillarini yaxshi o‘rgangan bu olim Kopernik, Regiomontan, Tixo Brage, Kepler asarlarini o‘rganish bilan birga yunon, fors va arab astronomlarining anchagina asarlarini ham tadqiq qilgan.

Jon Grivs Oksford universitetiga ishga kirgunga qadar yunon, arab va fors xalqlari ilm-fani va madaniyati bilan qiziqib, ko‘pgina Sharq mamlakatlarida, jumladan, Istanbulda bo‘lib, talay qo‘lyozmalarni to‘plagan. Bular ichida “Ulug‘bek ziji”ning xam nusxasi bo‘lgan deb taxmin qilinadi.

Jon Grivs “Ulug‘bek ziji”da keltirilgan 98 yulduz haqidagi ma’lumotlarni va Samarqand rasadxonasida qilingan ishlarning bir qismini o‘z ichiga olgan maqolani tayyorladi. Olimning bu ishi 1648 yilda Bayn-bridj tomonidan nashr qilindi. Oradan ikki yil o‘tgach, to‘rt qismdan iborat “Ulug‘bek ziji” muqaddimasining birinchi qismi xronologiya, geografik jadvallar bilan ikkinchi marta nashr etildi. Xronologiya turli Sharq xalqlari tomonidan qo‘llaniladigan taqvimlar haqida ma’lumot beradigan bo‘lim edi.

Shundan 15 yil o‘tgach, ya’ni 1665 yili Oksforddagi Bodleyan kutubxonasining xodimi, sharqshunos va tarjimon olim Tomas Xayd (1636 – 1703) 1018 yulduz haqidagi ma’lumotlar jamlangan “Ulug‘bek ziji”ning to‘la jadvalini lotin va fors tillarida bosmaga tayyorlab, “Ulug‘bek kuzatishlari bo‘yicha qo‘zg‘almas yulduzlarning (astronomik) kenglik va uzunlik jadvallari” degan nom bilan nashr qildirdi. Yulduzlarning bu jadvalining ikkinchi nashri Grigori Sharp tomonidan tayyorlangan T.Xayd asarlari to‘plamining ikkinchi jildida 1767 yili chop etildi. T.Xayd mazkur kitobning so‘zboshisida, “Ulug‘bek ziji”dagi “Qo‘zg‘almas yulduzlarning to‘la jalvali” bo‘limining Angliyada uchratgan uchta forscha qo‘lyozmasini o‘zaro taqqoslaganini ma’lum qiladi. Ulardan biri Sharq qo‘lyozma va kitoblarini yig‘uvchi ingliz sharqshunos olimi E.Pokonning (1604–1691) shaxsiy kollektsiyasiga, ikkinchisi Avliyo Jon kollejining kutubxonasiga va uchinchisi Savilianing kollejiga tegishli bo‘lib, Oksford universitetining matematika kafedrasida saqlanayotganini aytadi. 1843 yilda Londonda F.Beyli Ulug‘bek jadvalini Ptolemey, Tixo Brage, Galiley va Yan Geveliylarning jadvallari bilan qo‘shib, bosmadan chiqardi.

“Ulug‘bek ziji”da keltirilgan jadvallarning J.Grivs va T.Xaydlar tomonidan XVII – XVIII asrlarda nashr qilinishi, Yevropa astronomlari uchun katta voqea bo‘ldi. Chunki bu davrda yuqori aniqlikdagi yulduzlar jadvaliga astronomlarning ehtiyoji juda katta edi. Jadvallarni o‘rganish, ular Samarqand rasadxonasida bevosita kuzatishlar asosida tuzilganligini isbotladi. Jadvallar muallifining ko‘rsatishicha, rasadxonaning geografik kenglamasi 39o 37′ 23″ ga, uzunlamasi esa 98o 16′ ga teng edi. Binobarin, bu Ulug‘bek rasadxonasining geografik o‘rni ekanligidan darak berardi.

“Ulug‘bek ziji” so‘zboshisining lotin tiliga tarjimasi, Pyotr I zamonida, 1732 yilda Rossiya tashqi ishlar Kollegiyasiga ishga taklif etilgan yosh nemis olimi G.Ya.Ker tomonidan amalga oshirildi. Kerni “Ziji Ko‘ragoniy”ning so‘zboshisini tarjima qilishga, Pyotr I ning taklifiga ko‘ra, Peterburg Fanlar akademiyasiga 1725 yilda Parij observatoriyasidan ishga kelgan astronom Jozef Nikola Delil undagan edi. 1717 yili Pyotr I Parijda bo‘lib, qirol astronomi Giyom Delil bilan suhbati chog‘ida, Rossiyada navigatsiya ishlari uchun zarur bo‘lgan astronomiya, geografiya va geodeziya bilan bog‘liq amaliy ishlarni yo‘lga qo‘yishga yordam so‘rab, uning ukasi Jozef Delilni taklif etgan edi. J.Delil bu taklifga ko‘nib, kelishdan oldin Rossiyada astronomiyani rivojlantirish bo‘yicha maxsus dastur tayyorlagan edi. U o‘z dasturida: Rossiyada astronomik rasadxona qurish, yirik shaharlarning geografik koordinatalarini aniqlash, shuningdek, dunyo astronomiyasining tarixini yozish kabi ishlarni rejalashtiradi. Bunday katta ishning asosiy qismi Sharq astronomiyasiga tegishli bo‘lishini yaxshi anglagan Delil bunday ishda unga hamkorlik qilish uchun fors va arab tillarini yaxshi o‘rgangan talantli sharqshunos G.Ya.Ker va ko‘pdan buyon Peterburgga kelib yashayotgan gruzin shohi Vaxtang VI (1675–1737) ni taklif etdi. G.Ya.Ker Rossiyaga ishga taklif etilgunga qadar Germaniyada arab xufiya xatlarining “mag‘zini chaqish“ bo‘yicha katta yutuqlarga erishib, ko‘pchilikka tanilgan edi.

Vaxtang VI va uning o‘g‘illari Bakar va Vaxushta fors tilini yaxshi bilib, Peterburgga kelgunga qadar o‘z kotibi M.Kavkasidze bilan birga “Ulug‘bekning astronomik jadvallari”ni forschadan gruzin tiliga tarjimasini boshlashgan edi. Keyinchalik bu tarjima J.Delil rahbarligida Peterburg Fanlar akademiyasida nihoyasiga yetkazildi.

Rossiyaga ishga kelgan G.Ya.Kerni Delil dastlab geografiya departamentining ishlariga jalb etdi, so‘ngra uni “Ziji Ko‘ragoniy” so‘zboshisining tarjimasi bilan shug‘ullanishga undadi. Kerning “Ulug‘bek ziji” so‘zboshisini forschadan lotinchaga tarjima qilganligi, Peterburg Fanlar akademiyasi arxividan topilgan va 1739 yil 25 iyunda o‘tgan majlis protokolidan ma’lum bo‘ldi.

Xususan, bu majlisda J.Delil “Ulug‘bek astronomik jadvallarining forscha qo‘lyozmasi haqida” degan mavzuda ma’ruza qilgan. Sobiq Ittifoq Fanlar akademiyasi Leningrad bo‘limi xodimining guvohlik berishicha, nashrga tayyorlangan bu maqola Akademiya arxivining Sankt-Peterburg bo‘limida hozirgacha saqlanadi. Eslatilgan majlisda, shuningdek, G. Ya. Ker ham ma’ruza qilgan, u haqda majlis bayonnomasi shularni ma’lum qiladi: “Janob Ker fors tilidan lotin tiliga o‘zi tarjima qilgan “Ulug‘bek jadvallari” ning so‘zboshisi haqida ma’lumot berdi. Akademiyada o‘z tarjimasi haqida ma’ruza qilgandan keyin G.Ya. Ker ishni o‘zi bilan olib ketdi”. Sobiq SSSR Fanlar akademiyasida saqlanadigan Delilning arxividan G.Ya. Ker bajargan tarjimaning nusxasini topib bo‘lmadi. Parij observatoriyasi kutubxonasining arxivida 1895 yilda G. Bigurdan tomonidan tuzilgan qo‘lyozmalarning ro‘yxati topilib, unda “V5. 17” shifri ostida “Ulug‘bek astronomik jadvallari: fors tilida va tarjimasi (lotin tilida) bilan ” degan nom bilan qo‘lyozma uchraydi. Bundan xabar topgan leningradlik sharqshunos olimlar bu G.Ya. Kerga tegishli qo‘lyozma bo‘lib, u Parij observatoriyasining arxiviga J.N.Delil tomonidan topshirilgan bo‘lsa kerak deb taxmin qilishadi. Darvoqe, shunday bo‘lib chiqdi. 1975 yilda leningradlik sharqshunos olimlarning iltimosiga ko‘ra, mazkur qo‘lyozmaning mikrofilmi Edinburg universitetining professori E.G.Forbs tomonidan J.Delilning Parijdagi eslatilgan kutubxona arxividan olinib, leningradlik olimlarga yuborildi. Unda Kerning kirish so‘zi bilan birga “Ulug‘bek ziji”ning ko‘chirilgan forscha nusxasi va to‘la bo‘lmagan lotin hamda frantsuz tilidagi tarjimasi qayd qilingan edi. “Ulug‘bek ziji”ning forscha nusxasi, Vaxtang VI ga tegishli Gruziya Fanlar akademiyasi qo‘lyozmalar institutida 621-son bilan saqlanayotgan “Ulug‘bek ziji” ning forscha nusxasi bilan solishtirganda, Ker “Ziji”ning aynan shu nusxasidan ko‘chirganligi va so‘ngra undan tarjima qilganligi aniqlandi. “Ulug‘bek ziji” sobiq Ittifoq xalqlaridan birortasining ham tilida hali chop etilmaganini e’tiborga olib, leningradlik sharqshunos olim N.I.Nevskaya 1979 yilda “Russkiy perevod predisloviya k Zidju Ulugbeka” nomi bilan uni rus tilida chop ettirdi (“Razvitiye metodov Astronomicheskix issledovaniy”, vыp. 8, M-L., 1979, str. 100).

Ulug‘bek maktabining merosi bilan shug‘ullanib, uni tarjima qilgan boshqa bir mutaxassis, frantsuz sharq-shunos olimi L.A.Sediyodir. Sediyo tomonidan “Ulug‘bekning astronomik jadvallari” frantsuz tilida 1839 yilda nashr qilindi.

Nihoyat, Samarqand rasadxonasi yulduzlarining jadvali E.Nobl tomonidan atroflicha o‘rganildi. Olimning ma’lum qilishicha, mazkur jadvalda astronomik uzunlamasi aniqlangan yulduzlar 900 ga yaqin bo‘lib, shulardan astronomik kenglamasi aniqlangani 878 ta edi, qolgan yulduzlarning koordinatalari Ray (Eron) da tug‘ilib o‘sgan mashhur Abdurahmon ibn Umar as-So‘fiyning (X –XI asrlar) yulduzlar jadvalida keltirilgan yulduzlarning uzunlamalariga tuzatish yordamida aniqlangan. “Ulug‘bek ziji ”da yulduzlarning koordinatalari, eslatilganidek, hijriy yil hisobi bo‘yicha 841 yilning boshiga nisbatan (yulduzlarning o‘rtacha koordinatalari aniqlangan yilning boshi mazkur yulduzlar jadvali uchun tengkunlik deb yuritiladi) aniqlangan bo‘lib, milodiy yil hisobida 1437 yilning o‘rtalariga to‘g‘ri keladi.

Ulug‘bek va uning “Zij”iga aloqador boshqa bir tarixiy manba mashhur polyak astronomi Yan Geveliyning (1611–1687) “Yulduzlar osmonining atlasi”dir. Mazkur atlas olimning vafotidan uch yil keyin u bilan birga astronomik tadqiqotlarni olib borgan uning xotini Eljbeta (1647–1693) tomonidan Polshaning Gdansk shahrida bosmadan chiqarildi. Bu asarning sobiq Ittifoqda uchta nusxasi bo‘lib, ulardan biri Toshkent observatoriyasining kutubxonasidan joy olgan.

Bu atlasda yulduz turkumlarining xaritalaridan tashqari ikki varaqda berilgan allegorik rasmlarda o‘rta asr-ning mashhur astronomlari qatorida Ulug‘bekning ham tasviri keltirilgan. Ulardan birida Ulug‘bek osmon xudosi Uraniya raislik qilayotgan majlisda davra stoli atrofida Uraniyaning “o‘ng qo‘li”bo‘lib o‘tiribdi. Shuningdek, bu davradan tarixda yulduzlar jadvalini tuzish bilan shug‘ullangan va astronomiyaning boshqa sohalaridagi xizmatlari bilan tarixda chuqur iz qoldirgan olimlar – mash-hur aleksandriyalik astronom Ptolemey (II-asr), Italiyalik Jan Batist Richchioli (XVII asr), daniyalik astronom Tixo Brage (XVI asr), polyak astronomi Yan Geveliy (XVII asr), Vilgelm IV (XVI asr)lar joy olgan edi. Ikkinchi Gravyurada Uraniyaning atrofini o‘rab turgan 10 ta mashhur astronomlar huzuriga Yan Geveliy o‘zining yulduzlar jadvalini taqdim etish uchun tashrif buyurgan holati tasvirlangan. Bular: Timoxaris (eramizdan oldin III asr), Aleksandriya maktabining mashhur astronomi, Gipparx (eramizdan oldin II asr), birinchi bo‘lib yulduzlar jadvalini tuzgan yunon astronomi Ptolemiy (II asr), mashhur arab astronomi Al-Battoniy (IX–Xasr), Nyurenbergda rasadxona qurib, Nyurenberg astronomiya maktabiga asos solgan taniqli astronom Valter (XV asr), Vena universitetining professori, shogirdi Valter bilan Nyurenbergda observatoriya qurib, uni zamonaviy astronomik asbob-uskunalar bilan jihozlab, maxsus yulduzlar jadvalini tuzgan Regiomontan (XV asr), buyuk polyak astronomi, geliotsentrik sistemaning asoschisi Kopernik (XV–XVI asr), mashhur daniyalik astronom Tixo Brage (XVI asr), Ulug‘bek (XV asr), Yevropada birinchi yulduzlar katalogini tuzganlardan Vilgelm IV (XVI asr)lar edi.

Yan Geveliydan so‘ng Ulug‘bek jadvali Yevropa va Amerikada bir necha marta bostirildi. Jumladan, mashhur Grinvich (Angliya) rasadxonasining qirol astronomi D.Flemstid (1646-1719) ham o‘zining “Osmon tarixi” asariga qo‘shib mazkur Ulug‘bek jadvalini Ptolemey, Tixo Brage, Vilgelm IV va Geveliy kataloglari bilan birga 1725 yilda nashr ettirdi. Bu asar sobiq Ittifoq Fanlar akademiyasining kutubxonasida hozirgacha avaylab saqlab kelinmoqda.

Ilmi nujum borasidagi dunyo olimlarining sardori, vatanimizning faxru iftixori bo‘lgan buyuk alloma Mirzo Ulug‘bekning merosini o‘rganish, asarlarini tadqiq etish hali-hamon davom etmoqda.

Zero, olamni o‘rganish, uning sir-asrorlaridan voqif bo‘lish, insonning Yer yuziga kelishdan maqsadini aniqlab berishdek muhim bu ilm odamzod mavjud ekan abadul-abad davom etaveradi. U insonni cheksiz Koinotning bir zarrasi va milliardlab yillar davom etgan uning evolyutsiyasining mahsuli ekanligini, shuningdek, u yashagan umr Koinotning yoshi oldida atigi bir daqiqa ekanligini, har bir insonning “bir zumlik” hayotga kelishi mo‘jizaviy bir holligini anglatib turadi va bu “bir zumlik” umrni bag‘ishlab, buyuk maqsadlarga bag‘ishlab yashashga da’vat etib turadi.

Bu esa, o‘z navbatida, insonni o‘z hayotini, boshqalar taqdiri va shaxsini qadrlashga, tabiatning nodir in’omi – hayotga yengil-elpi qaramaslikka, buyuk ezgu maqsadlarni ko‘zlab ish tutishga, o‘z ijobiy faoliyati bilan uning mazmunini boyitishga, sermazmun qilishga undaydi.

Kishilarda ana shunday umuminsoniy qadriyatlarni yaratadigan dunyoqarashni shakllantirishda o‘zining ulkan hissasini qo‘shayotgan ilmu-nujum bizga ota-bobolarimizdan meros fan hisoblanadi. Bu esa, yoshlar oldiga bunday durdona merosni avaylab-asrash va uni ko‘paytirishdek ulug‘ ishlarga bel bog‘lab kirishish vazifasini qo‘yadi.

Muso Mamadazimov, professor

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2009 yil, 9-son.