Leonardo da Vinchi. Buyuk olim, injener va rassom

Jahon madaniyati tarixida ham ulug‘ olim, ham buyuk rassom, ham beqiyos konstruktor mutafakkir Leonardo da Vinchi hisoblanadi. U 1452 yili Italiyaning Vinchi shahrida tug‘ilib, Ovrupodagi Uyg‘onish davrining zabardast namoyondasi bo‘lib yetishgan. Leonardoni Italiya fanining otasi deb hisoblaydilar. U qoldirgan meros hozirgi zamon jahon madaniyati uchun ham barakali xizmat qilmoqda.
Leonardo da Vinchi ijod qilgan davr biz uchun ham qiziqarli. Uyg‘onish davrining boshlarida, ya’ni XII asrda al-Xorazmiy, al-Farg‘oniy, Ibn Sino va boshqa olimlarimizning ilmiy asarlari lotin tiliga tarjima qilinib, nashrdan chiqqan va Ovrupo olimlarining dasturulamali bo‘lib qolgan edi. Shu bilan birga, qadimgi yunon faylasuflarining asosiy kitoblari ham lotinchaga tarjima etila boshlagan edi. Leonardo da Vinchigacha o‘tgan Leonardo Piza, Robert Chester, Rojer Bekon, Dantening xizmatlari tahsinga sazovordir.
Leonardoning zamondoshlari — Berengaris, Nemomariy, Sakrobosko, Tartalya ham bu ishni davom ettirdilar. Ayniqsa, Regiomantan al-Farg‘oniyning asosiy kitobi — «Astronomiya asoslari»ning Ovrupo universitetlarida bir necha asr darslik bo‘lib qolishiga sabab bo‘lgan. Leonardo da Vinchining bevosita davomchilaridan deb Xristofor Kolumb va Fransis Bekonni ko‘rsatish mumkin. Ulardan keyin — Kopernik, Galiley, Kepler, Nyutonni aytish mumkin.
Ijod uslubi. Ma’lumki, odatda olimlar, ijodkorlar ozmi-ko‘pmi vaqtlarini ilgari o‘tgan mutafakkirlar kitoblaridan foydalanishga sarf etadilar. Biroq, ilmiy xodim o‘z vaqtini faqat kitob o‘qish bilan (ijodsiz) o‘tkazsa, ishining unumi bo‘lmaydi va, aksincha, kitob-jurnal o‘qimay, faqat ijod qilaman desa ham xuddi shunday bo‘ladi. Tajriba ko‘rsatadiki, oqilona yo‘l — ham o‘qishda, ham yaratishda vaqtdan unumli foydalanishdan iborat. Leonardo da Vinchi esa vaqtining juda ko‘pini yaratishga, kashf etishga, ijodga, juda kamini — o‘qishga sarflagan ekan. Bu bilan u boshqalardan yaqqol ajralib turgan. Olimning bu uslubi boshqa olimlarga to‘g‘ri kelmasligi mumkin. Nega Sizning ish uslubingiz shunday, deb zamondoshlari so‘rashganda, u javob bergan ekan: mening ustozim, maslahatgo‘yim, bilish va tasvirlash manbaim tabiatning o‘zidir. Shu o‘rinda aytish joizki, Leonardo da Vinchi asosan Ibn Sinoning «Al-Qonun» nomli asaridan tashkil topgan Mondino da Lutstsining italyan tilida 1326 yili nashr etilgan kitobini ko‘p o‘qigan va undan unumli foydalangan. Bu haqda Gabriel Seayl gapirib, Ibn Sinoning «Al-Qonun»i Italiyada klassik qo‘llanma bo‘lganligini uqtirib o‘tadi.
Ilm-fan haqida Leonardo quyidagi iboralarni qayta-qayta gapirgan: «Biror kimni yaxshi ko‘rish yoki yomon ko‘rish uchun avvalo uni bilish kerak», «Oldin fanni bil, so‘ng amalga o‘tki, amaldan yana fan kelib chiqadi», «Fan — general, amaliyot — askarlardir», «Fansiz amaliyot — rulsiz va kompassiz kema haydovchi», «Oldin tafakkur, keyin tasavvur»…
Leonardo fanlar ichida matematikaga ayniqsa ko‘p e’tibor bergan. U 120 ilmiy asar yozib qoldirgan bo‘lib, bunday degan: «Matematikani bilmaydiganlar mening kitoblarimni o‘qishga kirishmasinlar», «Inson yaratgan tadqiqot, agar u matematika usuli bilan isbotlangan bo‘lmasa, haqiqat bo‘lmaydi». Uning o‘zi matematik sifatida kvadratura muammolari sohasida qimmatli natijalarga erishgan. Maxsus tsirkul, parabolik oynani yasash usuli va boshqa matematik asboblar yaratgan. Leonardo ¬¬«pi» sonini, ya’ni aylana uzunligining o‘z diametriga nisbatini 22/7 deb qabul qilgan — bu yaxshi. Lekin Leonardo da Vinchi tug‘ilishidan uch yil ilgari vafot etgan Ulug‘bekda u son yanada aniqroq edi, ya’ni 3,141 592 653 589 279 32.
Leonardo mexanika ilmini matematikaning davomi va texnikaning asosi deb hisoblagan. U shunday degan: «Mexanika — matematikaning jannatidir». U Aristotel «Fizika»sidagi mexanika qoidalarining har xil matematik ifodalarini yaratadi. Abadiy harakat yo‘q, chunki abadiy kuch yo‘q, ammo abadiy muvozanat bor, deydi u. Olim impuls tushunchasini muhim deb hisobladi. Eslatib o‘tamiz: bu tushunchani fanga birinchi bo‘lib kiritgan olim Ibn Sinodir. Hozirgi fan va texnikada harakat miqdorining o‘zgarishi qonuni shu tushuncha bilan bog‘liq. Ma’lumki, inertsiya qonunini Galiley va Nyuton kashf etgan. Ulargacha Leonardo sal soddaroq qilib ifodalagan: har qanday harakatdagi jism undagi impuls tamom bo‘lguncha harakatlanaveradi.
Texnika. Bu sohada mashhur ixtirochi, injener, konstruktor Leonardo ta’biricha, ixtirochi tabiatda uchramaydigan, lekin bo‘lishi mumkin bo‘lgan narsalarni yaratadi, konstruktsiya tuzadi. Buning uchun yuksak injenerlik mahorati talab etiladi. Kashfiyot xayolsiz bo‘lmaydi. Xayol esa, imkoniyatsizlikni ham, yetishib bo‘lmaydigan narsalarni ham o‘z ichiga oladi. U yigiruv, duradgorlik va boshqa turli-tuman mashinalarni bunyod qildi. Ko‘priklar, kanallar nazariyasini yaratdi. Bug‘ dvigatellari teplotexnikasiga asos soldi. Suv osti va suv ustida suzish moslamalarini kashf etdi.
Aviatsiya sohasida dastlabki nazariy va amaliy ishlar ro‘yobga chiqdi. Buning uchun ko‘rshapalak, burgut va boshqa qushlar hamda baliqlarning aerogidromexanikasini o‘rgandi. Ularning og‘irligi, og‘irlik markazi, sathi, burilish va uchish burchagi, shamol tezligi birgalikda tadqiq qilindi. Leonardo nega faqat qush uchadiyu, odam uchmaydi, deb parashyut haqidagi ilmiy mulohazalarni aytdi. Bu joyda eslatib o‘tish joiz deb hisoblaymanki, qush bo‘lib uchaman, deb amalda harakat etmoqchi bo‘lganlar: bundan ming yil ilgari yashagan olimimiz Javhariy va 1787 yili Lenorman degan ixtirochi. Faqat bizning zamonamizdagina bundan ellik yil ilgari mashhur olimimiz Xalil Ahmedovich Rahmatullin parashyutning matematik-aerodinamik nazariyasini kashf etishga muyassar bo‘ldi.
Meditsina muammolari ham Leonardo da Vinchi e’tiborini o‘ziga tortdi. U odam organlariga mashinaning qismlari, deb qaradi. Yurak, o‘pka, nerv; vena, arteriya qon tomirlari, teri, suyaklarning tuzilishi va vazifalarini fizika, kimyo, matematika, rassomlik jihatlaridan tahlil qildi. Ovqat hazm etish, nafas olish va ichak sistemalaridagi jarayonlarni harakat yo‘sinida tushuntirib berdi. Ayniqsa, ko‘zning sog‘ligiga ko‘p e’tibor qaratdi. Uning e’tirof etishicha, ko‘z — jonning derazasidir.
Tabiat — olimning ham, injeneru tabibning ham, san’atkoru rassomning ham asosiy muallimi va murabbiysidir, deydi Leonardo. Uningcha, tabiat ziddiy, ba’zilarga — ona, boshqalarga — o‘gay ona. Tabiatning ijobiy fazilatlaridan biri shuki, agar bir daraxtning bir joyidagi po‘stlog‘ini shilib olsangiz, ya’ni daraxtga jabr qilsangiz, u o‘zining qo‘rqutdagi oziqasini darrov o‘sha yerga yuboradi va uni «azob»dan saqlab qoladi. Leonardo fikricha, Nuh payg‘ambar zamonida, ya’ni Beruniy hisobicha — bundan besh ming yil ilgari, to‘fon bo‘lganida quruqlik dengizga, dengiz quruqlikka aylangan. Bunga dalil sifatida Iskandariya shahrida quduq qazishayotganda yerning tagidan katta kema chiqib qolgani aytiladi Leonardo asarlarida.
Rassomlik. Leonardoning ikki qanoti bo‘lgan: biri — olimlik, ikkinchisi — rassomlik. Ikkalovining ham asosi — tabiat. Fanni san’atga majburan tatbiq etish emas, balki uni san’at uchun qurol sifatida ishlatish kerakligini uqtirib o‘tgan u. Leonardo uchun san’atning o‘zi fan, fanning o‘zi san’at bo‘lgan. Ularning ikkalovi — tabiatga taqlid va ijod, sezish va tafakkurdir. Nur va soya rassomlikda muhim vositalardandir. Ularning fizikaviy xususiyatlarini tekshirgan Leonardo rassomlikda yorug‘lik va soya munosabatlari nazariyasini yaratgan. Fizik ko‘rayotgan nur shu lahzaning o‘zida yo‘q bo‘ladi, rassom ko‘rayotgan yorug‘lik esa abadiy saqlanib qoladi rasm¬larda. San’atdagi she’rdan rasmni ajratsak, deydi Leonardo, ikkalovining mavjudlik sharoitlari har xil. Shuningdek, rasmning musiqaga qaraganda umri uzoqroq. Mashinalarnigina emas, odam ichki a’zolarini ham qoyilmaqom qilib rasmga tushirgan olimu rassom mana shu Leonardo da Vinchidir. Uning fikricha, rassomlik geometriyadan kelib chiqqan emas, balki, aksincha, geometriya rassomlik mahsulidir. Umuman, abstraktlik konkretlikdan hosil bo‘ladi, deb umumiy qoidaga keladi Leonardo. U yaratgan tasviriy san’at asarlari jahon muzeylarida saqlanib kelmoqda va odamlar asrlar bo‘yi ulardan zavq olmoqdalar. Bu rasmlar: «Mona Liza»(«Jokonda»), «Madonna Litta», «Gul tutgan Madonna», «Vahiy», «G‘ordagi Madonna», «Maxfiy kechalar», «Avliyo Anna Mariyam va go‘dak Iso», «Ioann Krestitel»…
Leonardo arxitekturani mohir rassom va geometr sifatida ancha rivojlantirgan.
Leonardo da Vinchi mana shunday ko‘pqirrali genial ijodkorlardan bo‘lgan. Uning ilmiy va tasviriy asarlari hanuz bizlarning qalbimizni, ko‘zlarimizni quvontirib kelmoqda.

Omonulla FAYZULLAEV,
professor

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2003 yil 4-5-sonidan olingan.