Buyuk ixtirochilar: Tomas Edison – eng omadli kashfiyotchi

Huzur bilan tinglayotgan musiqangiz sizgacha qanday yetib kelishi haqida hech qiziqib ko‘rganmisiz? Aniqrog‘i, musiqani yozib oluvchi asbobning asoschisi kim ekanini bilasizmi? Unda bilib oling: bu — amerikalik ixtirochi Tomas Edison bo‘lib, 1877 yilda u fonograf (ya’ni ovoz yozib oluvchi asbob)ni yaratdi. Mutaxassislarning fikricha, bugun AQSh yalpi ichki mahsulotining 16 foizi aynan Edison kashfiyotlari tufayli ishlab chiqarilayotgan mahsulotlardir. Bunga yorqin misol tariqasida dunyodagi eng katta elektrotexnika kompaniyasi General Elektricni eslash kifoya.

Qush nega uchadi?

Tomas Alva Edison 1847 yilning 11 fevralida Amerikaning Ogayo shtatidagi Milan nomli kichik shaharchada dunyoga keldi. Tomas boshqalarga o‘xshamasdi. O‘ta qiziquvchanligi bois u barcha ehtiyotkorliklarni bir chetga surib qo‘yar va oqibatda bolakay juda ko‘p pand yerdi. Bir kuni odatdagidek, o‘z tajribalari ustida bosh qotirayotgan Tomas ishga berilib ketganidan daladagi quturgan hayvon hujum qilgandagina xayoli bo‘lindi. Uning qushlar haqidagi xulosasi esa juda qiziq. Jajji kashfiyotchi qushlar tuproqqa aralashgan chuvalchang bilan oziqlangani uchun ham parvoz qiladi degan fikrga keldi. Miyasiga o‘rnashib olgan bu to‘xtamga oydinlik kiritish maqsadida Tomas ovqat, chuvalchang va suvdan aralashma tayyorlab, uni qo‘shnisining qiziga yedirib ko‘radi. Bo‘tqani tanovul qilgan qizaloq kasallanib qolgach, Edison jazolanadi.

Yomon o‘quvchi

Edison 7 yoshga kirganda Milanda turmush og‘irlashdi. Ular qo‘shni Michigan shtatidagi Port-Guron shahriga ko‘chib kelishdi. Bu yerda Tomasni maktabga berishadi, lekin u maktabda atigi 2 oy tahsil oladi, xolos. Chunki bo‘lajak kashfiyotchi mashg‘ulotlarda juda parishon holda o‘tirardi va ko‘pincha o‘qituvchilarning savollariga javob qaytarolmasdi. Buning uchun o‘qituvchisi uni kaltaklar, tengqurlari oldida qattiq uyaltirardi.

—Bir kuni, — deya eslaydi Edison, — o‘qituvchim bir odamga meni yomonlayotganini eshitib qoldim. Uning aytishicha, men befahm, tentak emishman, meni maktabda olib qolishdan hech qanday naf chiqmasmish. Bu gap sabr kosamni to‘ldirdi. Men yig‘lab bor gapni onamga aytib berdim. G‘azablangan onam o‘shanda o‘qituvchim bilan rosa janjallashgan va o‘g‘lining undan ko‘ra fahmliroq ekanini aytgandi. Shundan so‘ng Tomasga onasi ta’lim bera boshladi.

10 yoshida Edison kitob o‘qishga mukkasidan ketdi. Chembersning «Entsiklopediya», Yumaning «Angliya tarixi» kitobini, Dobinning «Islohotlar tarixi», Gibbonning «Rim imperiyasining inqirozi» kabi asarlarini o‘qib chiqdi. 9 yoshida u R.Parkerning «Tabiat falsafasi» kitobini o‘qib chiqqach, uylarining tomorqasidan chiqqan sabzavotlarni pullab, o‘zi uchun ximiya laboratoriyasini ochgandi. Bu yerda Tomas doimiy tajribalarini o‘tkazardi. Yoshlikdagi «sinov»larning birida u g‘ozning tuxumini o‘zi ochmoqchi ham bo‘lgandi.

Uning bolaligi haqida eslab, otasi: «Tomas bolalar o‘yini degan narsani bilmas, uning ovunchog‘i tutunli mashinalar va mexanik asbob-uskunalar edi» degandi. Edisonni 12 yoshida Detroyt nomidagi kutubxonaga a’zo qilib olishdi. U o‘z oldiga kutubxonadagi barcha kitoblarni o‘qib chiqish maqsadini qo‘ydi. Va bu reja to‘liq amalga oshdi ham.

“Times”ga tenglashgan nashr

Edison 14 yoshga kirganida o‘zi pul jamg‘arib, “The Grand Trunk Herald” (Asosiy magistral axborot) nomli gazeta nashr eta boshladi. Axborotnomada jang maydonidagi tafsilotlar (ayni o‘sha paytda Amerikada fuqarolar urushi bo‘layotgandi), ishchilar hayotidagi muammolar yoritilardi. Tomas gazetada bir paytning o‘zida muallif, harf teruvchi, noshir va sotuvchi edi. Tez orada gazetaning adadi 400 nusxaga yetib, o‘sha davrning nufuzli nashri “Times”ga tenglashib oldi. Lekin o‘z ixtirolarisiz yasholmaydigan yigitcha nashrni tayyorlovchi dastgoh turgan vagonchasida tajriba ham o‘tkazardi. Nima bo‘ldi-yu, vagon portlab, dastgohga putur yetkazdi. Tomasni esa haydab solishdi. Shu tariqa “The Grand Trunk Herald”ning faoliyatiga chek qo‘yildi.

Endi Tomas qo‘shnisi Jeyms Vard bilan uylari o‘rtasiga telegraf aloqasini o‘rnatdi. Havaskor sifatida tajriba o‘tkazib yurgan Edison baxtli tasodif tufayli ishlarini birmuncha o‘nglab oldi.

Unga omad keltirgan tasodif bir bola tufayli bo‘lib, Tomas uni poezd tagida qolib ketishiga bir bahya qolganda qutqarib qolgandi. Qarangki, bolaning otasi Port-Guron yaqinidagi «Mont Klemens» stantsiyasining boshlig‘i ekan. Minnatdorchilik ma’nosida u Tomasga telegraf ishlarida yordam berdi. Bu $25 oylik va tungi navbatchilik uchun qo‘shimcha haq to‘lanadigan, Edison hayotidagi birinchi jiddiy kasb edi.

Birinchi ixtiro

O‘sha vaqtlarda telegraf aloqaning yangi ko‘rinishi bo‘lib, soha bilimdonlari qadrlanardi. Tez orada Edison Kanadadagi shaharga ko‘chib o‘tdi. U yerda Tomas tungi navbatchilikda ishlardi. Xodimining hushyorligiga ishonch hosil qilish uchun boshliq Tomasdan har yarim soatda telegraf orqali shartli belgilar jo‘natib turishini talab qiladi. Kashfiyotchi buning ham yo‘lini topdi: apparatga aylanuvchi tsilindr va ruchkani o‘rnatib, bemalol uyquga ketaverdi. Stantsiya qorovuli bu moslamani vaqtida aylantirib tursa kifoya edi. Ammo farovon hayot uzoqqa cho‘zilmadi. Bir kuni Tomasning stantsiya boshqarmasiga kechikib keluvchi poezd haqida xabar berish yodidan ko‘tarildi. Bu mas’uliyatsizlik oqibatida poezdlar to‘qnashib ketishiga oz qolgandi. Xayolparast yigitga jinoiy ish ochilishini aytib, do‘q urishdi va uni janjalu to‘polonlar ostida haydashdi.

Edison telegraf ishiga 6 yil vaqt sarfladi. 22 yoshni qarshilagan Tomas bu kasb uning uchun emasligini tushundi. U faqat bir narsani — yangilik yaratish va odamlarga foydasi tegadigan ixtirolarni tezroq tatbiq etishni istardi. Shunday qilib u telegrafning yangicha ko‘rinishini yaratdi. U ham bo‘lsa, birja hisobotlari uchun dastgoh edi. Yangi telegraf Tomasga $40 ming sof daromad keltirdi. O‘z omadidan ruhlangan Edison xizmatdoshi Poup bilan birga darhol birja telegraflarini ishlab chiqaruvchi “Pope, Edison & Co.” deb nomlangan firmaga asos soldi. Tez orada “Western Union” (AQShdagi kattagina telegraf kompaniyasi) ular bilan besh yillik shartnoma tuzdi. Bir yildan so‘ng Edison juda “sezgir”, mikrofonli, ko‘mir bilan ishlovchi telefonni yaratdi.

1873 yili Edison o‘z xodimlaridan biriga uylandi. Ularning bir joyda ishlashi – oila mustahkamligini ta’minlardi. Chunki Tomasning o‘z tajribaxonasida haftalab qolib ketadigan odati bor edi. U farzandlarini hazillashib, Dot va Dash (Morze alifbosidagi belgilar — nuqta va chiziq) deb chaqirardi.

1875 yilga kelib esa u yanada yangicha qulayliklarga ega bo‘lgan telegraf turini kashf qildi. Yangi apparat bir tizimda ikkitadan to‘rttagacha bo‘lgan xabarlarni uzata olardi. “Western Union” kompaniyasi o‘zining yillik hisobotlaridan birida Edison haqida shunday deydi: “Uning ixtirolari bizga yiliga yarim million dollarni tejab qolish imkonini berdi”. 1878 yilda Nyu-Yorkni elektrlashtirish loyihasini amalga oshirish uchun u Edison Electric Light kompaniyasiga asos soldi. Bu kompaniyada tokni yetkazib beruvchi mashinadan tortib to lampochka va rozetkalargacha yaratilgan. 1892 yil 15 aprelda u hozirgi mashhur General Electricka aylantirilgan.

Umrining oxiriga kelib Tomas AQShdagi 1093 ta, boshqa mamlakatlardagi 3000 ga yaqin patentga egalik qilardi. U hatto sobiq Ittifoq Fanlar Akademiyasining chet ellik a’zosi ham edi.

Tomas Edison 1931 yilning 18 oktyabrida 84 yoshida vafot etdi. O‘z umrini o‘limidan bir necha yil avval sarhisob qilgan Edison intervyularidan birida shunday degandi: “Men hayotimdan aslo xafa emasman. Chunki umrim davomida qo‘limdan kelgan barcha imkoniyatlardan foydalana oldim, deb o‘ylayman”. Darhaqiqat, u yuksak iste’dodiga qaramay, o‘z ixtirolarining rohatini ko‘ra olmagan minglab buyuk kashfiyotchilardan farqli o‘laroq, insoniyatning eng omadli ixtirochisiga aylandi

Hayotidagi asosiy tamoyillar

«Amaliyotda qo‘llash mumkin bo‘lmagan narsani ixtiro qilishning keragi yo‘q», «Agar insonda xohish va kuch bo‘lsa, kun ham, tun ham, umuman har qanday vaqt va vaziyat uning qo‘l ostidadir».

Qiziqarli faktlar:

• Bugun Tomas Edison ixtirolarining tasviri tushirilgan qo‘lyozmalar narxi 3000-5000 dollarga teng.

• Zamonaviy ruhshunoslar fikricha, Edisonning maktab bilan bog‘liq muammolari miyaning o‘ta faolligi tufayli yuzaga keladigan «diqqat yetishmovchiligi sindromi» deb ataluvchi kasallikka borib taqaladi. Tadqiqotlarga qaraganda, uning onasi o‘g‘liga nisbatan to‘g‘ri tarbiya usulini qo‘llagan. Va aynan shu tarbiya yordamida Tomas o‘zining nimalarga qodirligini namoyon qila olgan. «Mening barcha yutuqlarim sababchisi onamdir. U meni tushunar, o‘z orzu-havaslarim yo‘lidan borishimga imkon yaratgandi», degan edi kashfiyotchi.

• Bir kuni Edisonning xayoliga gapiruvchi qo‘g‘irchoq yaratish fikri keldi. Yangi tuzilmaning asosini fonograf tashkil etardi. Lekin fonografning kichikligi tufayli ovoz juda xunuk bo‘lgan. Bundan tashqari, dastlab qo‘g‘irchoq 10-15 martadan ko‘p «gapirolmasdi». Va nihoyat, qo‘g‘irchoq juda qimmat baholandi: do‘konlarda u 25 dollar turar (o‘sha vaqtda bu miqdor AQShdagi o‘rtacha oylik ish haqi hisoblanar)di. Edisonning kompaniyasi 3 ming atrofida qo‘g‘irchoq ishlab chiqardi, ulardan faqat 500 tasigina sotilgan xolos. Ular ham keyinroq qo‘g‘irchoqlarni qaytarib berishgan.

Muborak OXUNOVA