Narzulla Jo‘rayev. O‘zlikni anglash falsafasi

Turli mutaxassislar “Hokimiyat” atamasini turlicha talqin etishadi. Masalan, tabiatshunoslar insonning tabiat ustidan hukmronligini, iqtisodchilar xo‘jalik hokimiyatini, uning boshqaruvini, faylasuflar jamiyat ob’ektiv qonuniyatlarini, huquqshunoslar davlat hokimiyatini, pedagoglar ota-onaning farzand ustidan hukmronligini, siyosatshunoslar siyosiy hokimiyatni, ruhshunoslar esa insonning o‘zi ustidan o‘zi hukmronligini hokimiyat deb tushunishadi[1]. Albatta, ushbu fikrlar o‘z yo‘nalishidagi fan doirasida ilmiy asoslangan. Biroq, nazarimizda, ruhshunoslarning fikrida katta mantiq, ma’naviy asos bor. Inson o‘ziga o‘zi hokim bo‘lmog‘i kerak. U o‘zini o‘zi rivojlantirishi, takomillashtirishi, o‘zini o‘zi boshqarib, yo‘naltirib turmog‘i lozim. Ayni paytda amalga oshirgan yaxshi ishlaridan, ezguliklaridan o‘zini o‘zi rag‘batlantirib, xatolari, adashish va nuqsonlari uchun o‘zini o‘zi koyiy bilmog‘i lozim. Buning uchun unga katta qalb, kuchli iroda va qudratli ruh kerak bo‘ladi.

Nitshe falsafasida hokimiyat tushunchasi o‘ziga xos tarzda ustuvorlik qiladi. Undagi A’lo odam obrazi – kuchli shaxs timsoli, u ta’sir o‘tkazuvchi, bo‘ysundiruvchi va safarbar etuvchi kuch. Nitshe hayot tushunchasini sharhlar ekan, daraxt va o‘simliklarni misol keltiradi va “O‘rmonning dastlabki daraxtlari nima uchun bir-birlari bilan kurashadilar… Hokimiyat uchun!” deydi. Unda “iroda va kuch uyg‘unligidagi hayot mohiyati”ni ko‘radi[2].

Nitshe insonda hukmronlik irodasi, ya’ni, eng avvalo, o‘zini o‘zi boshqara oladigan qudrat zarurligini ta’kidlaydi. Shuning uchun ham u “Dunyoni boshqarishdan oldin, o‘z-o‘zini boshqarish lozim”, deydi[3].

“Men o‘limga tik boqib, umr kechirishdan o‘zgacha yashashni bilmaydiganlarni sevaman. Zotan, ular ko‘prikdan o‘tib boradi.

Men shundaylarni sevamanki, ular halok bo‘lish va mahkumlik uchun yulduzlar ortidan asos izlamaydi, aksincha, zamin qachonlardir A’lo odam zaminiga aylanmog‘i uchun o‘zlarini yerga qurbon qiladi.

Men shunday odamni sevamanki, u bilish uchun yashaydi va qachondir yer yuzida A’lo odam yashamog‘i uchun bilishni istaydi. Zotan, u shu tarzda o‘z halokatini istaydi.

Men shunday odamni sevamanki, u A’lo odamga makon qurmoq uchun zahmat chekadi, ixtirolar qiladi va uning kelmog‘i uchun yer, maxluqot va nabototni hozirlab qo‘yadi. Zotan, shu tarzda o‘z halokatini istaydi.

Men shunday odamni sevamanki, u o‘z yaxshiligini sevadi. Zotan, yaxshilik – halokatning irodasi va o‘zga sohillar istagining o‘qidir.

Men shunday odamni sevamanki, u o‘zi uchun bir qatra ruh asramaydi, lekin o‘zi butunlay yaxshilikning ruhi bo‘lmoqqa intiladi. Zotan, u xuddi mana shu ruh singari ko‘prikdan o‘tib boradi.

Men shunday odamni sevamanki, u yaxshiligidan intilish va toleini yasaydi. Zotan, u xuddi mana shunday – o‘z yaxshiligi uchun yashashni istaydi va boshqacha umr kechirishni bilmaydi”[4].

Darhaqiqat, o‘limga tik qarab yashaydigan odam yuksak iroda sohibi, ulkan ma’naviyat va sog‘lom ruh egasi. Bunday odamlar zaminni obod qilish, odamning iroda va ruh ozodligi istagi bilan yashaydiganlar. Ana shundaylar tufayli insoniyat A’lo odamga aylanadi. Jamiyat yetuk shaxslar jamoasi maqomiga ega bo‘ladi. Ezgulik yo‘lini tanlaganlar, yaratuvchilik tuyg‘usi bilan yashaydiganlar Zaminni obod qilishadi, A’lo odamlar uchun hayot mazmunini boyitadilar. Ular insonning baxtli turmushi uchun, “Zamin qachonlardir A’lo odam zaminiga aylanmog‘i uchun o‘zlarini yerga qurbon qiladilar”. Xuddi To‘maris, Spitamen, Jaloliddin Manguberdi, Qurbonjon Dodxoh singari.

Zardusht: “Yaxshilik – halokatning irodasi va o‘zga sohillar istagining o‘qidir”, – deydi. O‘zga sohillar, bu – begona ruhiyat, begona qarashlar, manfur maqsadlar, olchoq va sotqinlar sohili. Zardusht ulardan nafratlanadi, Nitshe iztirob chekadi. Aksincha, ularning har ikkovi ham yaxshilikka intilib, ezgulik bilan yashaydigan, o‘z toleini va istiqbolini yarata biladigan g‘ayratli, shijoatli, jasoratli odamlarni sevadi, ularni alqaydi va sharaflaydi.

Hokimiyatga intilish tuyg‘usi, bu – iroda timsoli. Har bir kishi o‘z hayotini o‘zi yo‘lga qo‘ymog‘i kerak, o‘z taqdirini o‘zi yaratmog‘i lozim. Har bir kishi, jumladan, Zardushtning o‘zi ham o‘z ustidan o‘zi hukmronlik qilish istagi bilan yashaydi. Natijada bu tuyg‘u borgan sayin kuchayib, shakllanib, mustahkamlanaveradi. O‘z-o‘zidan iroda va ruh takomilga yetib, insonning o‘zini kamolotga yetkazadi. Boshqacha qilib aytganda, iroda va ruhning ozod va erkinligi ilohiylikning inson qiyofasida tajalli qilishining o‘zginasidir.

Nitshe qarashlarida ham, Zardusht g‘oyalarida ham metin iroda va jo‘shqin ruh sohibi “Ko‘prikdan o‘tib boruvchi”lardir. Ko‘prik nima? Ko‘prik bu inson bilan Alloh, zamin bilan koinot, insoniyat bilan ilohiyot o‘rtasidagi masofa! Faqat ruhan sog‘lom, ma’naviy yetuk, irodasi baquvvat insongina ana shu mahobatli, zalvorli masofani bosib o‘tishi mumkin.

Ong – insonning o‘zini anglash vositasi. Uning hayotdagi o‘rni, jamiyatdagi mavqei, buguni va istiqboli haqidagi tasavvurlarining shakllanishiga xizmat qiladigan manba. Ongi zaif odamda ayni yuqoridagi imkoniyatlar bo‘lmaydi. Chunki u o‘zining oliy mavjudot sifatidagi darajasini anglamaydi. Inson buyuk ne’mat, oliy qadriyat ekanligini tushunmaydi. Inson qiyofasidagi jonzotga aylanadi, xolos.

Nitshe qadim-qadim zamonlarda yuz bergan hind, yapon, arab mamlakatlaridagi buyuk siljishlar, shuningdek, brahmanlar, yapon samuraylari, arab mamlakatlaridagi saidlar singari yuksak takomilga ega bo‘lgan kishilik jamiyatlari haqida fikr yuritar ekan, o‘z davrining tubanliklaridan zorlanadi: “…inson ruhiyati maydalashib ketdi, insoniyat taraqqiyoti hozirgi davrda yuqoriga qarab emas, balki pastga qarab ketmoqda. Moddiy manfaatlar, hayvoniy instinktlar, ayniqsa, taqlid qilish instinkti bizning jamiyatimiz insonlariga xos xususiyatga aylanib bormoqda. Taqlid qilish maymunlarda juda yaxshi namoyon bo‘ladi. Maymundagi aynan shu xislatning o‘zi insonlar maymunlarga o‘xshab ketayotganini isbotlaydi”[5].

Insonning maydalashib borishi uning uchun fojianing fojiasi. Ayni ana shunday holatda kishi ezma, maydakash, har qanday xatti-harakatdan kir qidiradigan odamga aylanadi. Undaylarda buyuk maqsad, kelajakka dadil qarash, ulug‘ orzularga intilish tuyg‘usi bo‘lmaydi. Agar bunday kayfiyat yalpi odamlar ruhiyatini egallasa, jamiyatning inqirozi yuzaga keladi.

Zardusht – olamni, odamni asraguvchi obraz. U – adolat, haqiqat, mehr-shafqat, muruvvat timsoli. Nitshe o‘z davrida xudbinlik, manfaatparastlik, xiyonat, sotqinlik va munofiqlik illatlari urchib borayotganidan iztirob chekadi, Zardushtdan najot istaydi. Zotan, Zardusht insonning g‘oyat pokiza va jozibador qalbi, qudratli irodasi va bezavol ruhidir. “Ular Zardusht tirikmi, yo‘qmi – bilishni istaydi. Chindan ham, men hali tirikmanmi o‘zi? Vahshiylardan ko‘ra odamlar orasida bo‘lish xatarliroq ekan. Zardusht xatarli yo‘llardan yuradi. Mayliga! Meni mening maxluqlarim yo‘llab borsinlar!” Zardusht shunday deb o‘rmonda uchragan pirning so‘zlarini esladi, xo‘rsindi va diliga bunday dedi: “Koshkiydi, men donoroq bo‘lsam! Men xuddi o‘zimning morim kabi sal donoroq bo‘lganimda edi!.. Lekin men aql bovar qilmas ishga qo‘l urishni istamayman. G‘ururim mudom donoligim bilan meni tark etsa bormi (oh, u uchib ketishni sevadi), ana unda mayliga, mening g‘ururim, mening telbaligim bilan birga uchib ketsin!”.

“Vahshiylardan ko‘ra odamlar orasida bo‘lish xatarli…” Naqadar keskin hukm! Demak, inson tabiatiga ko‘ra darrandadan ko‘ra darrandaroq. Chunki u vahshiylikni boshqa jonzotlarga o‘xshab instinkt bilan emas, aql bilan, aynan aql bilan qiladi. Barcha yovuzliklar, sotqinlik, munofiqlik, g‘iybat va fisqu fujur uning aql-zakosi bilan yuzaga keladi…

Hayotda ezgulik hukmron bo‘lishi lozim. Bu insoniyatning bir necha ming yillik orzusi va armoni. Bundan keyin ham shunday bo‘ladi. Chunki inson hech qachon mukammal bo‘lolmaydi. Ideal inson hech qachon bo‘lmagan va bo‘lmaydi ham. Demak, yakka-yakka nuqsonli odamlardan tarkib topgan jamiyat ham ideal bo‘lolmaydi. Biroq unga intilish hammavaqt, hammaning, hammamizning burchimiz. Ana shunday sof insoniy qoidadan kelib chiqib Zardusht: “Zotan, birodarlarim, eng yaxshi narsalar hokim bo‘lmog‘i kerak, eng yaxshi narsalar hokim bo‘lishni ham istaydi! Qayerdaki, ta’lim shundan o‘zgacha bo‘lsa, demak, u yerda – eng yaxshi narsa yo‘q”[6], – deydi.

Ozod va erkin ruh yuksaklikka, osmonu falakka ko‘tariladi. Hayot, tiriklik, ezgulik va yovuzlik mushtarak bo‘lgan, yaxshilik va yomonlik, muhabbat va nafrat uyg‘unlashgan, ba’zan u tomon, ba’zan bu tomon g‘olib bo‘lgan dunyo. Odam jisman o‘lgach, bu g‘addor dunyoning barcha g‘addorligidan ozod bo‘lgan ruh, Nitshe iborasi bilan aytganda, “Ezgulik va yovuzlikning narigi tomoni”ga – mutlaq Adolat olamiga o‘tadi.

Nitshe o‘z zamoni badkirdorligi, axloqsizlik va ma’naviy tanazzulning zamondoshlari qalbi va ruhiyati orqali tobora chuqurlashib borayotganini, “odamlarning iflos nafasidan” siqilib ketayotganini aytadi. Zamondoshlarining eng katta va asosiy xatosi bu – irodasizlik, qat’iyatsizlik. Ma’naviy tanazzulning sababi ularda oydin o‘y-xayol, nurafshon taxayyul, yorqin fikrat va keng tafakkurning yo‘qligida deb biladi. Uning nazarida odamlarning ongi tobora pasayib, tasavvurlari xiralashib, ma’rifatdan uzoqlashmoqda. Jaholat, xurofot ularni o‘rab-chirmab olmoqda. “Sizlar borgan sari pasayib ketyapsizlar, demak, sizlar pastkash odamsizlar! Sizlar parchalanib ketmoqdasizlar, eh, qulaylikni yaxshi ko‘rgan odamlar!” deydi Zardusht nomidan Nitshe.

Darhaqiqat, qulaylik nima? Yashash uchun eng maqbul sharoit nimadan iborat? Inson fenomeni nuqtai nazaridan bu savollarga javob izlash unchalik qiyin emas. Eng katta qulaylik, bu – fikrlamay yashash, befarq va tanbal bo‘lish! Kuni o‘tayotganiga xursand bo‘lib, aqlni ishlatib yashashdan ko‘ra, uni ishlatmasdan, mehnat qilishdan ko‘ra jon koyitmasdan nimalargadir erishishni ba’zi odamlar eng qulay sharoit deb bilishadi.

Buyuk faylasuf “Zardusht tavallosi”dan so‘ng “Ezgulik va yovuzlikning narigi tomonida” kitobini yozadi. Unda mazkur fikrlarini yanada chuqurlashtirib, odamlarning naqadar pastkashlashib, inqiroz holatiga kelib qolganini iztirob bilan tasvirlaydi. Uning fikricha, odamlar mexanik yashashga ko‘nikib qolishgan. Ular nima uchun yashayotganini, kelajagi qanday bo‘lishini anglashmaydi, tushunishmaydi va hatto tushunishni xayoliga ham keltirishmaydi. Ana shundaylarni ko‘rib, ularga qarata: “Men sizlarga chindan aytaman, men odamlar orasida singan jihozlar orasida yurgandek bo‘laman. Ular menga xuddi jang maydonida parchalanib-titilib ketgan buyumlardek tuyuladi”[7], deydi. Bu odamlar Tangrini yo‘qotgan, e’tiqodidan ayrilgan, qalbi huvillagan, ruhiyati parishon odamlar. Ularning eng katta fojiasi shundaki, ushbu yo‘qotgan ne’matlari haqida o‘ylashmaydi, hatto yo‘qotganini bilishmaydi ham. Yuksak maqsadlaridan, oydin orzularidan, hayot ishqidan, turmush zavqidan ayrilgan. Nitshe nazarida ular ayni Oliy odam sari intilishga ehtiyoj sezmog‘i kerak. Insonga aylanib oliy xilqat tomon yo‘l tutishlarini, uyg‘onishlarini, harakatga kelishlarini istaydi.

Nitshe inson haqida fikr yuritar ekan, ojiz, notavon odamlarni maymunga o‘xshatadi. Chunki bunday odamlarda aql kuchi, intellektual salohiyat yuqori bo‘lmaydi. O‘zini o‘zi yo‘naltirib, aqliy salohiyatini ezgu maqsadi sari safarbar etolmaydi. Bunday odamlar maymunga o‘xshab taqlidchilik bilan yashaydi, o‘zgalardan andoza olib, o‘zgalarning yo‘rig‘ida yuradi.

Maymunda ijodkorlik ruhi yo‘q. Irodasi sust, ruhiyati kuchsiz insonda ham ijodkorlik tuyg‘usi bo‘lmaydi. Ayni qat’iy iroda va ijodkorlik ruhi zaiflashgan inson tubanlashib boradi. Shuning uchun atrofimizga nazar solsak, irodasi bo‘sh odamlarning ayrimlari ichkilikka, giyohvandlikka berilib ketishsa, ayrimlari sotqinlik, munofiqlik, tobelik kayfiyati bilan yashayotganini ko‘ramiz. Nitshe tasavvurida ayni kuchli irodagina insonni rivojlantiradi, asraydi, qadriyatga aylantiradi. Agar har bir insonda ana shu tuyg‘u yetarli darajada bo‘lsa, tashqi muhit, kishilik jamiyati barkamol, inson hayoti farovon va shukuhli bo‘ladi.

Nitshe tasavvuridagi A’lo odam kuchli, irodali, buyuk maqsadlar sari intiladigan, hayotni yurak-yuragidan his qiladigan va sevadigan, unga katta muhabbat bilan qaraydigan insondir. Uning nazarida haqiqiy inson bu eng avvalo katta ijodiy ruh bilan yashaydigan, o‘zining hayotiga yangilik kirita oladigan, uning mazmunini boyitib boradigan va eng muhimi ayni ana shu yaratuvchilik iqtidoridan quvona oladigan odamdir. Boshqacha qilib aytganda, u o‘zini o‘zi kashf etib, o‘zini o‘zi takomillashtirib, o‘zidan Shaxs yarata oladigan insondir.

Nitshe bir joyda “Erkak bo‘l va men kabi bo‘lishga intilma, shaxs bo‘lishga intil”, deydi. Boshqa bir joyda esa “O‘zing tanlagan kasbingga har doim intilishing kerak. Buning uchun sen, avvalambor, o‘z-o‘zingga ustoz va ijodkor bo‘lishing shart”, degan g‘oyani ilgari suradi. Darhaqiqat, Nitshe ham o‘zi yashagan jamiyatning mahsuli. Jamiyatda neki fazilatu nuqson bo‘lsa, ulardan Nitshe ham mustasno emas. Shuning uchun odamlarning o‘ziga o‘xshashiga da’vat qilmaydi. O‘zidan ham yuksakroq, o‘zidan ham buyukroq Shaxsga aylanishga chaqiradi. Bu da’vat insonning o‘zini o‘zi kashf etib, takomillashgani sari jamiyatning har qanday axloqiy, ma’naviy taqiqlaridan qat’i nazar, o‘zini o‘zi himoya qilib, o‘zini o‘zi asrab, intellektual salohiyatini, aqliy imkoniyatlarini boyitib, zako quvvati orqali o‘z axloqiy va ma’naviy xazinasini yarata olishga rag‘batlantiradi. Shaxsga aylangan inson yaxshilik va yomonlikni, ezgulik va yovuzlikni ajrata bilishning o‘zi kamlik qiladi. U bu munosabatni fe’l-atvorga, xatti-harakatga, real voqelikka aylantirmog‘i lozim. Boshqacha qilib aytganda, yaxshilikni, ezgulikni butun imkoniyati bilan himoya qilib, yomonlik va yovuzlikka qarshi kurasha oladigan ma’naviy qudratga, ma’rifiy kuchga, yuksak aql va buyuk irodaga ega Inson bo‘lmoq kerak.

Haqiqiy inson, Nitshe tasavvuricha, kuchli sevgi, katta muhabbat bilan yashaydigan, hayotdan faqat yaxshilik izlaydigan, barcha voqea va hodisalarning, turli-tuman munosabatlarning yaxshi tomonini ko‘radigan inson. Ana shunday fazilatli odam atrofidagilarga quyosh kabi hayotbaxsh nur sochadi, ularning cheksiz taxayyuliga, orzu-umidlariga oydinlik baxsh etadi. Nitshening to‘laqonli shaxsi eng avvalo o‘zini hurmat qiladigan, kuchli, mard va eng muhimi, rostgo‘y inson. Uning fikricha, “Qancha haqiqat yukini ruhan ko‘tara olsa, haqiqatni butun ko‘lami bilan bilishga qurbi yetsa, u shunchalik ulug‘lanadi”. Buning uchun inson o‘ziga o‘zi qattiqqo‘l va yuksak irodali bo‘lmog‘i kerak.

Nitshening ishonchi komilki, insonning rivojlanishi chegaralangan. Uning biologik, fiziologik va intellektual imkoniyatlari cheklangan. Demak, har bir kishi o‘z tabiiy-jismoniy va ma’naviy-ruhiy imkoniyati doirasida kamolotga erishadi. Ana shu cheklangan chegaradan chiqa olmaslik insonga xos hodisa. Insonning sekin harakati, charchoqlik hissi, qiyinchilik duch kelganda to‘siqlarni yenga olmay ortga qaytishi, ma’lum bir qobiq doirasida aylanib qolishi bo‘ysunish instinktining mavjudligidan.

Nitshe Yevropada insonning shunchaki to‘da shakliga kelib qolganligidan va o‘zini insoniyatning yagona, ulug‘vor, bebaho turiga daxldorligini unutayozganidan iztirob chekadi. Biroq uning ushbu to‘daning buyuk kelajakka intilish hissini uyg‘otayotgani shikasta qalbiga tasalli beradi. Ayni ana shu turga foydasi tegadigan afzalliklarni sanab o‘tadi. Bularga jamiyat ruhi, ijtimoiy kayfiyat, beg‘arazlik va bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat va hamdardlik kabi qator omillarni kiritadi. Ulardan eng baland va yuqori turadigani – mustaqil fikr, ozod va erkin tafakkur, ishonch va iroda. Ayni paytda fikrlarning mavhumligi, tafakkurning tumanlashishi, o‘rtachalik, hamma narsaga moslashish kayfiyatining hali-hamon mavjudligi uni bezovta qiladi.

Ulug‘ alloma qalb va tuyg‘u orqali hayot falsafasini yaratadi. Umuman olganda, Nitshe jahon falsafiy tafakkuriga hayot falsafasi tushunchasini olib kirgan va uning ilmiy-nazariy asoslarini yaratgan. Nitshe hayot falsafasini tushunishda san’atning roli va mavqei baland, deydi. Shuning uchun u estetik tafakkur, olamni badiiy-estetik o‘rganish, insonning intuitiv imkoniyatlari hayotni anglash tayanchi ekanini alohida ta’kidlaydi.

Nitshe insonni “o‘z qobig‘iga kirib o‘tirgan shilliqqurt”ga o‘xshatadi. Ularning qalblari ham, tanlari ham, hatto yashaydigan uylari ham maydalashib ketgan. Ular o‘z qobiqlaridan boshlarini chiqarishga qo‘rqadi, yangi esgan shabadadan nafas olgisi kelmaydi. Bu esgan shabada yangilik shabadasidir. Umidlar shabadasidir. O‘zgartirishlar shabadasidir”[8], – deydi.

Nitshe ana shu tarzda inson o‘zini o‘zi takomillashtirib borishga, rivojlantirishga, komil insonga aylanishga qodirmi, – degan g‘oyatda og‘ir savolni o‘rtaga tashlaydi. Chunki bunday sifat o‘zgarishi uchun har qanday inson o‘zini o‘zi rivojlantirish, kamolotga erishish quvvatiga ega bo‘lmog‘i kerak. Bunday qudrat esa hammada ham mavjud emas. Insondan o‘zini poklashi, iroda va ruh sog‘lomligiga erishishi, kuchli ichki ishtiyoq bilan kamolot sari intilishi taqozo etiladi. Ana shu ulkan ma’naviy-ruhiy qudrat orqali inson jonzotlar orasida o‘zini noyob gavharga, oliy qadriyatga aylantirmog‘i mumkin bo‘ladi.

Nitshe insonning o‘zini o‘zi uyg‘otishi, o‘zini o‘zi anglashi va o‘z xatti-harakatlarini doimiy ravishda nazorat qilib, uni ezguliklar tomon burish uchun katta qalb kerakligini ta’kidlaydi va qalb “eng oliy hakamdir, Xudo ovozidir”, deydi. Bu bilan Nitshe inson axloqiy-ma’naviy me’yorlarining bosh o‘lchovi, asosiy manbai qalb ekanligini ta’kidlaydi.

Nitshe Zardusht timsolida erkin va ozod insonni ko‘radi. Zardushtning ustunligi shundaki, u borliq ustidan hukmronlik qilish bilan birga o‘zining ustidan ham hukmdorlik qiladi, o‘zini o‘zi boshqaradi, nazorat qiladi, baholaydi, nuqsonlaridan afsus-nadomat chekadi. Ana shu jihatlari bilan Zardushtning o‘zi tom ma’nodagi yuksak axloq timsoliga aylanadi.

Inson tabiati shunday: u barcha ezguliklarni ham, yomonliklarni ham o‘ziga o‘zi yaratadi. Bu bevosita uning hissiyoti, intellektual salohiyati va ruhiy darajasi bilan bog‘liq. Lekin eng barkamol inson ham o‘zi yaratgan muammolar girdobida yashaydi. Bu har bir kishining ichki olami ma’naviy va ruhiy temperamenti bilan bog‘liq. Tashqi ta’sir esa boshqa masala. U atrof-muhit, jamiyat va jamoa, alohida odamlar munosabatidan kelib chiqadigan muammo hisoblanadi.

Insonni buyuk maqsad buyuklik sari yetaklaydi. Qanchalik katta maqsad bilan yashasang, shunchalik ulug‘vor ishlarni amalga oshirishga intilasan. Maqsad qalbdagi hokimiyat tuyg‘usini jonlantiradi, rivojlantiradi. Inson o‘zini o‘zi boshqarish, yo‘naltirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Illatlarni kamaytirib, fazilatlarni kuchaytirishda ichki “buyruq”, qat’iy iroda quvvatini namoyon etadi.

Maqsadsiz odamning hayoti mazmunsiz, zerikarli. Orzusiz, umidsiz odam o‘z istiqbolini ko‘rolmaydi. U mo‘rt, yiqilsa turolmaydigan bedavo jonzot. “Oliy odam” ana shunday bedavolikdan, mazmunsiz va zerikarli hayotdan yuqorida turadigan, inson hissiyoti, tahayyuli va tasavvuridan baland (“sverxchuvstva”) xilqat. Uning hissiyoti va xayoloti o‘ta pok, nur yanglig‘ be­zavol, bu dunyoning barcha ne’matlaridan mutlaqo voz kechgan, nurga yo‘g‘rilgan ma’vo.

Umuman olganda inson degan jonzotning qaysi jihatlarini, nimasini qadrlash mumkin? Uning boshqa jonzotlardan yuqori turuvchi tomoni nimada? Albatta, ong, hissiyot, tuyg‘u, aql-zakovat egasi sifatida o‘z hayotining o‘tkinchiligini va o‘lim muqarrarligini anglashida. Inson bilan bog‘liq bo‘lgan barcha o‘lchovlar, mezonlar, qadriyatlar, yutuqlar va tanazzullar umr deb atalgan muddat oralig‘ida belgilanadi va baholanadi. Katta qalb va kuchli ruhiy qudratga ega bo‘lgan ma’naviy yuksak odam uchun o‘lim fojia emas, balki saodatdir. Chunki bunday odam o‘z hayotining ibtidosidan intihosigacha qandaydir ezguliklar qilgan, yaratgan, bunyod etgan, o‘zidan nimalarnidir meros qilib qoldirayotgan odamdir.

Hayotga intilish, yashash uchun kurash instinkti nafaqat odamda, balki barcha jonzotlarda bor. Eng mayda hasharotlarda ham, parrandayu darrandalarda ham o‘lim vahmi, qo‘rqinch va hadik, o‘limdan o‘zini olib qochish, undan himoya qilish sezgisi mavjud. Ular o‘zining bamaylixotir yurishiga zarracha xalaqitni, eng kichkina tahdidni o‘limdan xabar sifatida qabul qilishadi. Insonda esa bu holat birmuncha boshqacha. Bunda aql-zako, tafakkur o‘z kuchini ko‘rsatadi. Biroq aql qanchalik kuchli bo‘lsa-da, eng aqlli inson ham o‘lim oldidan birmuncha talvasaga tushadi.

Ko‘pdan-ko‘p allomalar, jumladan, Aflotun, Ibn Sino, Aziziddin Nasafiy, Alisher Navoiy va boshqalar o‘z qarashlari doirasida o‘lim tushunchasining ancha chuqur va keng qamrovli ta’riflarini yaratdilar. Shuningdek, dunyoviy dinlar, jumladan, islom ham hayotni tanada vaqtincha o‘rnashgan ruh deb qaraydi. Albatta, bunday yondashuvda o‘limdan so‘ng jon tanadan chiqqach, ruh sifatida mangulikka daxldor bo‘ladigan aylanma harakatini davom ettiradi. Navbatdagi doiraviy hayotni boshlaydi. Jism esa yo‘qoladi. Aniqrog‘i, boshqa narsaga aylanadi.

Epikur o‘lim oldidagi qo‘rquvning ma’nosizligini aniq xulosalarda bayon etadi: “O‘lim biz uchun hech narsa emas, zero, hozircha tirik ekanmiz, o‘lim yo‘q, u mavjud bo‘lgan vaqtda esa biz yo‘qmiz”[9]. Bu real voqelik va yuksak optimistik ruh bilan sug‘orilgan g‘oya. Inson ana shunday fikr bilan yashasagina, buyuk kashfiyotlar qilishga qodir bo‘ladi. Zotan, o‘limdan ustun turuvchi iroda, uning tahdididan g‘olib bo‘lgan aql insonni ulug‘laydi, sharaflaydi.

Haydeggerning ekzistentsionalizmida insonning mavjudligi, uning hayotining oxiri muqarrar o‘lim bilan yakunlanishi g‘oyasi ustuvorlik qiladi. Darhaqiqat, o‘lim insonning o‘z tirikligini anglash omili va, albatta, har qanday insonda o‘lim oldida qo‘rquv hissi, seskanish tuyg‘usi mavjud. U o‘zini vaqti-vaqtida namoyon etib turadi. Faqat bu qo‘rquv, hadik va seskanish hissi har kimda har xil. Ruhan zaif odam uni kuchli dramatizm, fojiaviy hodisa, intellektual kuchli, ma’naviy yetuk odam esa tabiiy holat sifatida qabul qiladi. Chunki uning ruhiyatida katta aqlga tayangan yuksak optimizm hukmron bo‘ladi.

Aslini olganda insonning mavjudligi oldida o‘lim haqidagi qo‘rquv hech narsa emas. Chunki inson kuchli ma’naviy qudratga, katta ruh va mustahkam irodaga ega bo‘lgach, bunday hadik tuyg‘ularini yengadi, qo‘rquv to‘sig‘idan osongina sakrab o‘tadi. Boshqacha qilib aytganda, insonning mavjudligi, uning dunyoga kelishining, bu yorug‘ olamdagi ilk nafasining o‘ziyoq o‘limning muqaddimasi hisoblanadi. U hayoti davomida asta-sekinlik bilan unga yaqinlashib boraveradi. Oxir-oqibatda yakuniy nuqtaga yetadi.

Rilke fikriga ko‘ra, inson avval boshdan hayotligining o‘zi bilan o‘zini o‘zi o‘lim qo‘rquvidan ozod qilishga, undan baland turishga qodir bo‘lmog‘i lozim. Ana shunda u muqarrar fanoni ham qadriyat deb tushunadi va o‘zini o‘zi shaxsga aylantiradi. Bu, Nitshe iborasi bilan aytganda, Oliy odam timsoli edi.

Yana shuni alohida ta’kidlash lozimki, faqat o‘lim tuyg‘usi tufayli inson o‘zining mavjudligini, tirikligini, hayotini to‘kis va bir butun his etadi, anglaydi. Bu oliy haqiqatni qadriyat darajasiga ko‘tara oladi. Buyuk faylasuf Sartr ushbu nuqtai nazarni “romantik-idealistik” qarash sifatida rad etadi. “Biz o‘z vazifamizni ado etishdan ko‘ra ertaroq o‘lib ketamiz, aksincha o‘limdan va o‘z-o‘zimizdan ortiq yashay olmaymiz. O‘lim mening imkoniyatim hisoblanmaydi, mening dunyoda bundan keyin ham mavjudligimga chek qo‘yadigan, har qanday vaqtda yo‘q bo‘lib ketish imkoniyatim, boshqa imkoniyatlarimning hech nimaga arzimas bo‘lib qolishi… va hokazo”[10], – deydi. Albatta, bu tabiiy hol. Insonning hayotiy orzulari katta, umidlari cheksiz, u hayotdan hech qachon qoniqmaydi va to‘ymaydi. O‘lim esa haq. Romantik-idealistik kayfiyat insonga xos hodisa. Zotan, bu tirik jon tizginsiz taxayyul, tasavvur va tafakkur oqimida yashaydi.

Ana shu tarzda inson hayotining avvali va oxiri, ibtidosi va intihosi oralig‘idagi masofa, vaqt umr deb ataladi. Umrning qanday o‘tishi esa har kimning o‘z qo‘lida, o‘z ixtiyorida. Uni har kim o‘z aqli, ma’naviy-axloqiy darajasi doirasida quradi, yo‘lga qo‘yadi. O‘lim bilan yakunlanadigan umrning mazmuni ham, mohiyati ham, jamiyatdagi qadru qimmati ham bevosita aqlning darajasi bilan baholanadi.

Ma’rifatli, katta qalb, baland ruh bilan yashaydigan odam uchun o‘lim dahshat, qo‘rquv yoki hadik emas, aksincha ulug‘ saodat. Chunki moddiy olam bilan vidolashadi, fano dunyosidan baqo saltanatiga o‘tadi. U balki Alloh muruvvati bilan jannatning g‘oyat safoli imkoniyatidan bahramand bo‘lar. Balki do‘zaxning tub-tubiga tushib abadiy azobga, mangu shafqatsiz qiynoqqa duchor bo‘lar. Lekin har qanday sharoitda ham – barcha rohatu farog‘at ham, azob va qiynoq ham Alloh amri bilan berilganligi uchun buyuk saodatdir! Chunki ma’naviy yuksak, mutlaq barkamol insonning joyi, albatta, jannat. Biroq qaysidir gunohi uchun do‘zaxga tushganini odam Oliy Haqiqat hukmi bo‘lganligi uchun ham munosib va saodat deb tushunadigan ma’naviy qudratga ega bo‘lmog‘i lozim.

Baytning ikkinchi satrida esa konkret hayot, real voqelik nazarda tutilmoqda. Kimningdir o‘limi kim uchundir shodlik, quvonch, baxtiyorlik imkoniyati. Bu endi ma’naviy nochor, ruhiyati kemtik, qalbi so‘qir odam timsoli.

Faqat yashash uchun, xususan, yaxshi yashash uchun yashaydiganlar ham bor. Bundaylarga qay yo‘sinda, qanday yo‘llar bilan bekamu ko‘st yashayotganining ahamiyati yo‘q. Buguni tinch, osuda, tashvishsiz, eng muhimi, bexavotir o‘tsa bo‘ldi. Vaqtini xushchaqchaqlik bilan o‘tkazish u uchun bayram. Vaholanki, hayotida bundan boshqa mazmun yo‘q. Undaylar yaxshi yashaydi, biroq qadriyatga aylanolmaydi. Inson sifatida mayda, ojizligicha qolaveradi. Jamiyat tomonidan e’tirof etilmaydi. Uning umri o‘zining qobig‘ida mazmunsiz va rangsiz holatda o‘tib ketaveradi.

Nitshe: “Bizning qadriyatimiz bizning mavjudligimizda emas, bizning kim bo‘la olganimizda”[11], – deydi. Darhaqiqat, butun borliq mavjudlik timsoli. Jumladan, odam bu moddiy borliqning bittasigina, xolos. U tug‘ildi, demak, mavjud, demak, yashayapti. Endi hamma gap qanday yashashda! Hayotning mazmuni insonning o‘z mazmunini, mohiyatini qay darajada anglayotganida. Vaholanki, faqat anglashning o‘zi kamlik qiladi. Inson o‘zini qay darajada anglasa, yashash maqsadi va mohiyatini qanchalik tushunsa, uni ro‘yobga chiqarish uchun ham shunchalik katta ishtiyoq va iroda bilan kurashishi kerak bo‘ladi. Ana shu ichki ishtiyoq va ezgu maqsadlarni ro‘yobga chiqarishga qaratilgan amaldagi faoliyat – o‘ziga o‘zi hokimlik hissi “Oliy odam” sari olib boradigan imkoniyat hisoblanadi. “Oliy odam”ga aylanish esa “Insonga xos, faqat insongagina xos”[12] ko‘pdan-ko‘p jihatlardan – manfaatlardan va nafs xurujidan batamom xalos bo‘lishni, moddiylikdan ruhiy sarhadlarga o‘tishni taqozo etadi. Bu esa xayolga, hatto, tasavvurga ham sig‘maydigan, “Ezgulik va yovuzlikning narigi tomonida”[13] yuz beradigan hodisa. Unga faqat intilish mumkin, xolos.

Jahon adabiyoti, 2015 yil, 6-son

[1] Qarang: Maltsev V.A. Osnovы politologii. – M.: ITRK. RSPP, 1997. str.-224.

[2] Qarang: Spirkin A.G. Filosofiya. – M.: Gardariki, 2007. str.-165.

[3] Rumyantseva T.G. Fridrix Nitsshe. Mыsliteli XX stoletiya. – Minsk: Knijniy dom, 2008. str.-137.

[4] Qarang: Yangi va eng yangi davr G‘arbiy Yevropa falsafasi. – T.: Sharq, 2002. 198-bet.

[5] Spirkin A.G. Filosofiya. Gardariki. – M.: 2007. str.-166.

[6] Nitshe F. Zardusht tavallosi. – T.: Yangi asr avlodi, 2007. 208-bet.

[7] Nitshe F. Zardusht tavallosi. – T.: Yangi asr avlodi, 2007.189-bet.

[8] G‘arb falsafasi. – T.: Sharq, 2004. 550-bet.

[9] Qarang. Filosofskiy entsiklopedicheskiy slovar. – M.: Infra-M, 1997.

[10] O‘sha manba.

[11] Spirbekk G., Gile N. Falsafa tarixi. – T.: Sharq, 2002. 543-bet. Nitshening shu nomli asarlariga ishora.

[12] Nitshening shu nomli asariga ishora.

[13] Nitshening shu nomli asariga ishora.