Buyuk faylasuflar turkumidan: Jan Pol Sartr

Sartrning ijodida adabiy ijod va san’atga katta o‘rin ajratilgan. U o‘zining «Adabiyot nima?» risolasida zamonaviy jamiyatdagi san’atkor mavqei haqida fikr yuritib, «Nimani yozish kerak?» degan savolni o‘rtaga tashlaydi. «Nosir yozadi – bu aniq, shoir ham yozadi, – deydi Sartr. – Biroq bu ikki xil yozish jarayonida umumiy narsa-faqat harf suratini chizayotgan qo‘llar harakati.

Boshqa jihatdan ular olami bir-biriga aloqasiz, biriga yaraydigan narsa ikkinchisiga yaramaydi. O‘z tabiatiga ko‘ra nasr o‘ta amaliy; men nosirni so‘zlardan foydalanadigan odam deb atashni jon deb istardim. Yozuvchi, bu — gapdon; u anglatadi, isbotlaydi, ishontiradi, ishora qiladi… nosir aynan hech narsa gapirmaslik uchun gapiradi. Nasr san’ati nutqda namoyon bo‘ladi, uning predmeti, tabiiyki, ma’nolilik, ya’ni, so‘z ibtidodagi ob’ekt emas, balki ob’ektning belgilari hisoblanadi». She’riyat esa boshqa gap. Sartr shoirlarning so‘z qo‘llashi haqida bunday deydi: «Shoirlar — so‘zdan foydalanishni inkor etuvchi odamlar… Shoirlar uchun so‘zlar — yerda o‘t-o‘lan va daraxt singari o‘sadigan tabiiy narsalar». Nasr reallik bilan, she’riyat — tasavvur bilan bog‘liq.

Nasrda ijod ongli ixtiyor, mas’uliyat va muallifning axloqi bilan shartlanadi, she’riyatda esa ijod — muallifning anglab yetmagan dunyosi, anglab yetmagan tajribasi mahsuli: «Nosir o‘z suratini chizgan bir paytda, — deydi Sartr, — she’riyat inson haqida afsona yaratadi».Badiiy asarni o‘qish, tinglash, ko‘rish, idrok etish va ijodning omuxtaligi(sintez)dan iborat. Bu omuxtalik sub’ekt va ob’ekt ma’nosini belgilab, ayni paytda ularning olam bilan munosabatini boyitadi. Idrok etish va ijodning omuxtaligini Sartr quyidagicha muayyanlashtiradi: «Har bir adabiy asar — da’vat. Yozish o‘quvchini chorlash… Yozuvchi shu tarzda o‘quvchini erkinlikka chaqiradi, chunki bu erkinlik yozuvchi asarining yaratilishida ishtirok etadi». Ijod jarayoni asarning notugal va mavhum tarzda yaratilishidir. Shu bois, san’atni idrok etuvchi tomonidan ham ijodkorlik talab etiladi.Yozuvchi, ijodkor kabi, umuman, hamma narsa haqida so‘zlashi kerak, shuningdek, sub’ektiv va ob’ektiv dunyo haqida ham. Inson hayotidagi hech qanday muammolar uning uchun qorong‘u yoki begona bo‘lishi mumkin emas. Insoniyat hamda inson dunyosiga tegishli hamma narsa yozuvchi va ijodkorning ijodiy qarashlari sohasiga tegishlidir.

Sartr so‘zning kuch-qudratini ta’kidlar ekan, so‘z — faoliyat bilan teng kuchga ega deb hisoblaydi. «So‘zlamoq — bu harakat qilmoqlikdir», — deydi adib.
Bunda yozuvchi shuni aytmoqchiki, adabiy ish juda muhim va o‘ta mas’uliyatlidir. Eng avvalo u yozuvchining mas’uliyatini nazarda tutmoqda.

Yozuvchining qalami — bu kuchli qurol, uning yordamida ko‘p narsani o‘zgartirish mumkin. Qo‘liga qalam olgan yozuvchi o‘zining yozgan barcha asarlari uchun shaxsiy mas’uliyatni his qilishi lozim, chunki uning faoliyati odamlarning hayoti, muammolari, harakatlari hamda qiziqishlari bilan bog‘liq. Biroq Sartrning aytishicha, adabiyot yozuvchi kabi kitobxonga ham mas’uliyat yuklaydi: axir insonning harakati «bir paytning o‘zida ham omad, ham omadsizlikdan iborat», ya’ni ko‘p hollarda asosan bir odam boshqa bir odamning harakatiga tobe bo‘ladi; shu tarzda yozuvchining asari kitobxonga qarata yoziladi, yozuvchining faoliyati kitobxonga bog‘liq…

Boshqacha qilib aytganda, adabiyot — bu faoliyat, u vaziyatni keyinchalik uni o‘zgartirish uchun ochadi. Adabiyot va san’at — murakkab hodisa: «Biri uchun qochoqlik, boshqa birisi uchun esa — zabt etish vositasi». Adabiyot va san’atning mohiyatini tushunmoq uchun yozuvchi va san’atkorni harakatga keltiruvchi sabablarni yuzaga chiqarmoq lozim.

Asl san’at asari Sartrning fikriga ko‘ra, ijodkor va san’atni idrok etuvchi kishining harakati bilan yuzaga keladi; o‘zga odamlar uchun yaratiladi, o‘zga odamlar uchun mavjud bo‘lish imkoniga ega. Harakatga keltiruvchi sabablarni yuzaga chiqarmoq lozim. «Badiiy san’atning asosiy sabablaridan biri bu dunyoga nisbatan o‘zining kerakligini his qilish talabi hisoblanadi». Bu his insonda tasodifan hamda sirtqi ta’sir natijasida emas, balki ichki ehtiyoj natijasida vujudga kelgan. Aslida esa bu yerda jamiyatning o‘zi hamda uning qiziqishlarining yashirin kuchlari harakat qiladi. Yozuvchi va san’atkor esa har doim ham ularning qiziqishlari va genezisini tan olmaydilar. Ko‘pgina hollarda ularga tuyulishicha, butun ijodi o‘z hoxish-irodasi, sub’ektivligi, ilhomlanishi, kayfiyati hamda ularning o‘z tabiatining ichidan keladi. Sartr ijod uchun ijtimoiylik muhim ahamiyatga ega ekanini tan oladi.

Sartr san’at boshqa insonlar uchun mavjud deb ta’kidlaydi. «Ijod, bor-yo‘g‘i asarning yaratilish jarayonidagi chala va abstrakt holat; agarda muallifning yakka o‘zi mavjud bo‘lganida edi, u o‘zi xohlaganicha yozgan bo‘lar edi… San’at faqatgina o‘zgalar uchun hamda o‘zgalar sharofati bilan mavjuddir». San’at asari o‘z asl tushunchasida, san’atni idrok qiluvchi (kitobxon, tomoshabin, tinglovchi), ijodkor hamda insonning harakati tufayli yaratiladi. Mutolaa, tinglamoqlik, badiiy asarlarni ko‘zdan kechirish idrok va ijodning tahlilidir. Ushbu tahlil nafaqat sub’ekt va ob’ektning ahamiyatini belgilaydi, balki bir vaqtning o‘zida ularning dunyoga bo‘lgan munosabatlarini boyitadi.

Mazkur tahlil maqsad sari intilish va faollik xarakteriga ega: u erkinlikni yaratuvchi, shuningdek, san’atni idrok etuvchi odamlar kabi aniq maqsadni ko‘zlaydi. Shu sababli Sartr, go‘yo ob’ekt erkin tasavvur o‘yini va ko‘rinishdan iborat ekanligini ta’kidlovchi «so‘nggi maqsad maqsadsizdir» degan kantcha iborani tanqid ostiga oladi. Sartr idrok va ijod borasidagi tahlilini konkretlashtirar ekan, shunday deydi, «har qanday badiiy asar chaqiriqdir. Yozmoqlik — bu kitobxonni nimagadir da’vat etmoq… Shu tarzda yozuvchi kitobxonni erkinlikka da’vat etadi, chunki u (erkin) asarni yaratishda qatnashadi».

Aslini olganda, ijod va idrok tahlili chuqur dialektik xarakterga ega — san’atni idrok etuvchi inson va ijodkor orasida murakkab, chuqur va o‘ta nozik o‘zaro munosabatlar mavjud. Ana shu murakkab va chuqur dialektikani Kant hisobga olmagan, deb ta’kidlaydi Sartr. «Kant formulasi har bir surat, har bir haykal, har bir kitobda yangraydigan chaqiriqni hisobga olmagan… San’at asari bebaho deb hisoblanadi, chunki uning o‘zi chaqiriqdir».

Ijod san’atni idrok etadigan inson tomonidan ijodiy hamkorlik talab qiladi. «O‘qimoqlik bu induktsiya, interpolyatsiya va ekstrapolyatsiyadir, aynan shular muallifning ixtiyor erkinligida jamlangan… Lazzatli kuch bizni birinchi sahifadan, to oxirgi sahifagacha ushlab turib, bizga hamroh bo‘ladi». Sartr o‘qimoqlikni ham o‘ziga xos kitobxonning ijodiy hamkorlik akti deb biladi, u unga o‘zining ehtiroslari, hislari, xavotirlarini, qisqasi o‘z ijodiy qobiliyatlarini beradi.

Oxir-oqibat o‘qimoqlik, Sartrga ko‘ra, yozuvchi va kitobxon o‘rtasidagi o‘ziga xos birinchi o‘rinda bajariladigan shartnomadir.
Adabiyot yozuvchi bilan kitobxonning erkin hamkorligisiz mavjud emas; tabiiyki, adabiyotning funktsiyasi ushbu erkinlikni himoya qilish va taraqqiy ettirishdan iboratdir. Shunday ekan, adabiyotning taraqqiy etish sharti erkinlikning maqsadi bo‘lib qoladi, ya’ni: «Inson erkinligini maqsad qilib qo‘yuvchi — erkinlik».

Shuni ta’kidlash joizki, Sartning erkinlik haqidagi qonuni avvalo boshqa odamlarning erkinligiga qaratilgan. Zero, «Yozmoqlik — bu yozish bilan bir vaqtning o‘zida dunyoni ochmoq hamda uni kitobxonning himmatiga havola etmoqdir…»

Sartr tushunchasidagi adabiyot axloqiy hamda ma’naviy tamoyillarga tayangan holda, butun jamiyatning ma’naviy hayotini o‘zida mujassam etadi.
Nasihatlar girdobida qotib qolgan rasmiy axloqdan farqli o‘laroq, adabiyot va san’at individ va jamiyat ongida doimo yangilanib turadigan axloqni namoyon qiladi. Bunday adabiyot jamiyatning oliyhimmatligi yoki oliyjanob axloqiga shuningdek, sub’ektning erkinligini o‘zgalar erkinligiga aylantirishga xizmat qiladi.

Albatta, sartrchilik tushunchasidagi nasr bilan she’riyat orasidagi farqni anglay bilish kerak. Agarda uning tushunchasidagi nasr erkinlik, da’vat, mas’uliyatlilik singari kategoriyalar bilan bog‘liq bo‘lsa, unda she’riyatning onglanmaganlik, mif dunyosi, afsonaviy va haqiqatdan yiroq, sirli metafizikaga moyilligi bor.

Agarda nasr haqiqatga aralashishga va unga ta’sir o‘tkazishga intilsa, she’riyat haqiqatdan nari yuradi, biroq uning qiziqmasligi oxir-oqibatda qandaydir qiziqishni va qadriyatni keltirib chiqaradi. Qadriyat agar bevosita haqiqat va go‘zallik bilan bog‘liq bo‘lsa yoki o‘z-o‘ziga xush kelsa, u holda u ezgulik deb hisoblanishi mumkin.

Shuni aytish lozimki, yozuvchi va shoir o‘rtsada farq bor: agar yozuvchi real va konkret dunyoda, erkinlik dunyosida yashasa, shoir aksincha, jamiyat va reallikdan voz kechib, noreallikdan kelib chiqqan holda, o‘zining individual xayoliy dunyosini butunligicha qoplab oladi. Ana shunda biz, nasr ijtimoiy axloqni, she’riyat esa individual axloqni tashkil etadi, deya aytishimiz mumkin.

Sartrning fikriga ko‘ra, har qanday yozuvchi yoki ijodkor shu darajada «universal»ki, u o‘z asarlarida nafaqat o‘zining individualligini, balki eng avvalo o‘z shaxsini, o‘zi yashayotgan hamda faoliyat ko‘rsatayotgan jamiyatni ifodalaydi. Xuddi shu tarzda adabiyot va san’at asarlari ham «universal»dir — ular o‘zining tub mohiyatigacha universal bo‘lishga intiladi. «Erkinlik» mezoniy tushunchasiga kelsak, bunda san’at asari kitobxon, muxlis va tinglovchining erkinligiga «murojaatnoma» (chaqiriq) bo‘lib, o‘zining bosh maqsadi va bosh syujetini oldindan aniqlaydi: bu — erkinlikdir, tashabbuskor erkinlik, mustaqil va o‘zicha shakllangan erkinlik.

Sartr ijodining ilk davrlaridayoq adabiyot muammolarini butun jamiyat ijtimoiy muammolari deb tushungan, zero uning uchun san’at, tarix insondan ajralmasdir. Binobarin, adabiyot va san’atni savolga tutish — bu insonning o‘zini savolga tutish demakdir. Ana shuning uchun ham adabiyot va san’at Sartr uchun aloqa yo‘lining eng universal shakli bo‘lib qoldi; adabiyot va san’at asarlari esa nafaqat yozuvchi yoki ijodkor tomonidan yaratiladi, balki ozmi-ko‘pmi ushbu asarlarni idrok qiluvchilar uchun yaratiladi. Sartr so‘z yordamida o‘zi yashayotgan jamiyatni o‘zgartirishga harakat qildi, shu bilan birga o‘zini va o‘zgalarni qutqarmoqchi bo‘ldi. U xiralashgan nazarni hamda o‘zib ketishni erkinlik deb tushundi. Biroq bir muddat vaqt o‘tgandan so‘ng uzoq yillar davomida u barpo etayotgan bino xuddi qumdan yasalgan uy kabi sochilib ketdi, sarobga aylandi va u o‘z-o‘zini aldash bilan shug‘ullanib kelganligini anglab yetdi. Iste’dod va taqdirni o‘zgartirib bo‘lmas edi, faqat birgina yo‘l hammasini yana qaytadan, boshqatdan boshlamoq kerak: yozish, yozish va yana yozish, yozganda ham sarobni reallik, reallikni esa sarob deb qabul qilmaslik, insonning rizqi nasibasi va taqdiri na Ilohga, na shaytonga bog‘liq emasligi, balki insonga bog‘liq ekanligi haqida o‘z-o‘ziga doimo hisobot berib turishi — yozishning asl maqsadidir. Inson esa doimo insoniyligicha qolishi lozim.

Anvar Sherov,
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.

Sartr Jan Pol (1905-1980) fransuz adibi, faylasuf, yozuvchi, tanqidchi, dramaturg va essechi. Parijdagi Oliy maktabni bitirgach, Gavrdagi litseylardan birida falsafa fani o‘qituvchisi sifatida o‘z faoliyatini boshlaydi. 1933-34 yillarda Berlinda yashab, olmon falsafasi bilan yaqindan tanishadi. Uning ilk falsafiy asarlari «Tasavvur» (1936), «Hayajonlar nazariyasiga chizgilar» (1936) dir. Keyinchalik Sartr o‘zining fundamental asari bo‘lmish «Borliq va yo‘qlik»ni yozdi. «Fenomenologik ontologiya ocherki»da (1943) ekzistentsiyachilik (lotincha exsistentia «mavjudlik» so‘zidan olingan) g‘oyalarini ilgari surdi. Sartr «dahriy ekzistentsiyachilik» haqida o‘zining mashhur «Ekzistentsiyachilik – insonparvarlik degani» asarini yozadi. Asarga faylasufning «Borliq va yo‘qlik» risolasida ilgari surilgan fikrlar asos qilib olingan edi. Va nihoyat Sartr o‘zining fundamental asari hisoblanmish «Dialektik aqlning tanqidi»ni (1960) yozdi.